Iqtisodiyot
AQSh Ukraina va Erondagi urushlar tufayli dunyodagi eng yirik neft eksportchisiga aylandi
May oyida Amerika eksporti kuniga taxminan 10,5 million barrelga yetdi, Rossiya esa taxminan 7 million, Saudiya Arabistoni esa 5,9 million barrel yetkazib berdi.
Foto: REUTERS/Brendan McDermid
Amerika Qo‘shma Shtatlari neft va neft mahsulotlari eksporti hajmi bo‘yicha an’anaviy yetakchilar – Saudiya Arabistoni va Rossiyani ortda qoldirib, dunyoda birinchi o‘ringa chiqdi. Reuters xabariga ko‘ra, may oyida Amerika eksporti kuniga taxminan 10,5 million barrelga yetgan, Rossiya esa taxminan 7 million, Saudiya Arabistoni esa 5,9 million barrel yetkazib bergan. Shunday qilib, AQSh ketma-ket uchinchi oy yetakchilikni saqlab qoldi. Taqqoslash uchun: 2025 yilda Saudiya Arabistoni kuniga 8,1 million barrel, AQSh – 6,6 million, Rossiya – 5,8 million barrel eksport qilgan edi.
Keskin o‘sish birdaniga ikki omil bilan izohlanadi. Birinchidan, AQShning Eron bilan urushi amalda Ho‘rmuz bo‘g‘ozini falaj qilib qo‘ydi va Saudiya neftini yetkazib berishni to‘xtatdi. Ikkinchidan, Rossiya eksporti Ukraina hujumlari va Ukrainaga bostirib kirishdan keyin kiritilgan G‘arb sanksiyalari bosimi ostida qisqarmoqda.
«Vashington Eron bilan urushdan oldin hatto mavjudligidan bexabar bo‘lgan yangi vositaga ega bo‘ldi – energiya eksporti», dedi Kpler kompaniyasi siyosat bo‘limi rahbari Mishel Bruxard.
AQShning yetakchilikka chiqishi o‘nlab yillar davomida Yaqin Sharq neftiga qaram bo‘lgan va 1973 yildagi neft embargosidan jiddiy zarar ko‘rgan mamlakat uchun keskin burilish yasadi. Vaziyat 2010 yildan keyin, slanets konlarida qazib olish keskin oshganidan keyin o‘zgara boshladi. 2015 yilda Vashington neft eksportiga qo‘yilgan 40 yillik taqiqni bekor qildi va atigi o‘n yil ichida mamlakat eng yirik eksportchiga aylandi, bu esa skeptiklarning bu yuksalishning qisqa muddatli bo‘lishi haqidagi bashoratlarini rad etdi.
Ta’kidlanishicha, Osiyo ham Amerika neftiga tezda qayta yo‘naltirilmoqda: may oyida bu mintaqa AQSh eksportining taxminan 46 foizini tashkil etdi, bir yil avval esa bu ko‘rsatkich 37 foizni tashkil etgan edi. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, Vashington pozitsiyalarining mustahkamlanishi OPeKning «narx hokimiyati»ni zaiflashtirishi mumkin.
Iqtisodiyot
Fond birjasi va birjadan tashqari savdo tashkilotchilari uchun litsenziyalash tartibi belgilandi
O‘zbekistonda fond birjasi va qimmatli qog‘ozlarning birjadan tashqari savdosi tashkilotchisi sifatidagi professional faoliyatni litsenziyalash tartibi rasman belgilandi. Adliya vazirligi tomonidan mazkur yo‘nalishdagi nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Hujjatga ko‘ra, fond birjasi yoki birjadan tashqari savdo tashkilotchisi sifatida faoliyat yuritishni istagan yuridik shaxslarga litsenziya cheklanmagan muddatga beriladi. Bu kapital bozorining institutsional ishtirokchilari uchun uzoq muddatli faoliyat yuritish imkoniyatini yaratadi.
Nizomda litsenziya talabgorlari uchun bir qator shartlar belgilangan. Jumladan, ustav fondi bazaviy hisoblash miqdorining 5 800 baravari miqdorida pul mablag‘i ko‘rinishida shakllantirilishi lozim. Shuningdek, ustav kapitalidagi ulushlarni realizatsiya qilish va rahbariyat tarkibidagi o‘zgarishlar litsenziyalovchi organ bilan kelishilishi talab etiladi.
Yangi tartibda bozor ishtirokchilari faoliyatining ayrim jihatlari ham aniq belgilab berilgan. Xususan, birja tovarlariga talab va taklif nisbati asosida kotirovka amalga oshirilishi shart qilib belgilangan.
Litsenziyalovchi organ sifatida Istiqbolli loyihalar milliy agentligi belgilangan. Nizomga muvofiq, litsenziya olish uchun taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqish hamda litsenziyani qayta rasmiylashtirish jarayonlari uchun yig‘im undirilmaydi.
Litsenziya berish yoki rad etish to‘g‘risidagi qaror ariza qabul qilingan kundan boshlab 20 ish kuni ichida qabul qilinadi. Bu bozor ishtirokchilari uchun jarayonlarning aniq muddatlarda amalga oshirilishini ta’minlaydi.
Nizom litsenziyalash jarayonini raqamlashtirishga ham e’tibor qaratgan. Endi litsenziya elektron shaklda, QR-kod bilan rasmiylashtiriladi va litsenziyalovchi organning rasmiy veb-saytida joylashtiriladi.
Iqtisodiyot
Toshkent–Andijon va Toshkent–Termiz yo‘nalishlarida yuqori tezlikdagi poyezdlar qatnovi reja qilinmoqda
Buning uchun Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyasidan 8 ta yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlar xarid qilinishi mumkin. Tomonlar texnik shartlarni yakuniy kelishish ustida ishlamoqda.
Foto: Transport vazirligi
10 iyun kuni Koreya Respublikasida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ bosh muhandisi Sharofiddin Qodirov, Transport vazirligi bo‘lim boshlig‘i Anvar Dushayev va Hyundai Rotem kompaniyasi prezidenti Li Yong Baye o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ uchun ishlab chiqarilayotgan “Jaloliddin Manguberdi” yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlarini yetkazib berish loyihasining belgilangan muddatlarda amalga oshirilishi yuzasidan ma’lumot almashildi.
Shuningdek, Toshkent–Andijon va Toshkent–Termiz yo‘nalishlarida yuqori tezlikdagi poyezdlar harakatini tashkil etish maqsadida 8 ta zamonaviy yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlarni yetkazib berish loyihasi yuzasidan texnik shartlarni yakuniy kelishish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.
Vazirlik xabariga ko‘ra, uchrashuv yakunida tomonlar qo‘shma loyihalarni samarali amalga oshirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettirishga kelishib olgan.
Foto: Transport vazirligi
Poytaxtdan Andijon va Termizga yuqori tezlikdagi poyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yish loyihasi haqida iyun oyi boshida transport vaziri Ilhom Mahkamov parlamentdagi chiqishida aytib o‘tgandi.
“Hozirgi Toshkent–Andijon hamda Toshkent–Termiz yo‘nalishlaridagi temiryo‘l liniyalarini qayta modernizatsiya qilish va bu yo‘nalishlarga Hyundai Rotem kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan sakkizta tezyurar elektropoyezdlarni qatnovga yo‘lga qo‘yish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Toshkent–Andijon va Toshkent–Termiz yo‘nalishlari tog‘li hududlardan iborat bo‘lgani uchun, perevallardan harakatlanadigan maxsus agregat tarkiblari olib kelinadi”, – degandi vazir.
Eslatib o‘tamiz, Hyundai Rotem va “O‘zbekiston temir yo‘llari” o‘rtasida 2024 yilda imzolangan shartnomaga asosan, koreys kompaniyasi 6 ta “Jaloliddin Manguberdi” poyezdlari (jami 42 ta vagon)ni yetkazib berishi va ularga texnik xizmat ko‘rsatishiga kelishilgan. 2026 yilning o‘tgan davrida bu poyezdlardan ikkitasi keltirilib, Toshkent–Xiva yo‘nalishida sinov tariqasida qatnay boshladi.
Mazkur 6 ta tarkibga doir kelishuvning umumiy qiymati 220,03 mln yevroga baholangan. Buning uchun Koreya Eksimbanki 185,18 mln yevro ekvivalentidagi qarz mablag‘ini koreya vonida 40 yil muddatga, shu jumladan 10 yillik imtiyozli davr bilan ajratishiga kelishilgan.
Iqtisodiyot
Afg‘oniston–Pokiston mojarosiga qaramay, Kobul koridorini qurish loyihasi davom etmoqda
Yaqin vaqt ichida O‘zbekiston, Pokiston va Afg‘oniston mutaxassislari “Termiz–Naybobod–Maydanshahr–Logar–Xarlachi” temiryo‘li loyihasining texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorlash uchun qo‘shma dala ekspeditsiyasini boshlaydi.
Foto: Transport vazirligi matbuot xizmati
O‘zbekiston Janubiy Osiyo yo‘nalishidagi transport va tranzit tashuvlarida o‘zining raqobat ustunligini saqlab qolmoqda. Bunga qo‘shni Afg‘oniston temir yo‘l tarmog‘ini kengaytirish hamda mamlakatni mintaqalararo bog‘liqlik loyihalariga jalb etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar katta hissa qo‘shmoqda.
Yaqinda Balx viloyatida Afg‘onistonni Markaziy Osiyo bilan bog‘laydigan eng muhim savdo arteriyalaridan biri bo‘lgan “Hayraton–Mozori Sharif” temir yo‘lining yakuniy beshinchi uchastkasi faoliyati qayta tiklandi. O‘zbekiston tomoni ko‘magida Naybobod stansiyasidan Mozori Sharifgacha bo‘lgan temiryo‘l qismi to‘liq ishchi holatga keltirildi. Mazkur yo‘nalishdagi quruqlik porti bir vaqtning o‘zida 50 tagacha vagonga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega.
2011 yildan buyon “Hayraton–Mozori Sharif” yo‘nalishi orqali 50 million tonnadan ortiq yuk tashilgan bo‘lib, shundan qariyb yarmi so‘nggi bir necha yil hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu esa O‘zbekiston–Afg‘oniston chegarasi orqali xalqaro yuk tashishuvlariga talab ortib borayotganini ko‘rsatadi. Natijada Toshkent va Kobul transchegaraviy logistika samaradorligini oshirish bo‘yicha amaliy hamkorlikni kuchaytirmoqda. Asosiy e’tibor yuklar harakatini soddalashtirish va tezlashtirishga qaratilgan infratuzilmaviy islohotlarga qaratilgan.
2026 yil aprel oyida o‘zbekistonlik mutaxassislar Naybobod temiryo‘l stansiyasida 1000 metr uzunlikdagi qo‘shimcha kirish yo‘lini qurishni yakunladi. Bu yuk poyezdlarini ko‘proq qabul qilish, ularning turib qolish vaqtini qisqartirish hisobiga tirbandliklarning oldini olish imkonini beradi. Keyingi bosqichda uzunligi 1650 metr bo‘lgan yana bir qo‘shimcha temiryo‘l liniyasi va bir nechta zamonaviy omborlar qurilishi rejalashtirilgan.
Mazkur infratuzilmaviy kengayishlar “Termiz–Naybobod–Maydanshahr–Logar–Xarlachi” yo‘nalishi bo‘yicha Transafg‘on temiryo‘li qurilishi loyihasi bilan uzviy bog‘liq. Kobul koridori deb ataluvchi ushbu loyiha Qozog‘iston, O‘zbekiston va Afg‘oniston orqali o‘tuvchi muqobil “Shimol–Janub” transport o‘qini yaratish uchun asos bo‘lmoqda. U Yevropa, Markaziy Osiyo, Sharqiy va Janubiy Osiyo bozorlarini dengiz savdo yo‘llarini chetlab o‘tgan holda eng qisqa quruqlik marshruti orqali bog‘laydi. Transafg‘on magistrali ishga tushganidan keyingi dastlabki o‘n yil davomida yiliga 22 million tonnagacha yuk tashilishi, keyinchalik esa bu ko‘rsatkich 34 million tonnagacha yetishi kutilmoqda.
2023 yildan buyon uzunligi 5532 kilometr bo‘lgan “Belarus–Rossiya–Qozog‘iston–O‘zbekiston–Afg‘oniston–Pokiston” multimodal koridori shakllanmoqda. Ushbu logistika zanjiri orqali yuklarni Janubiy Osiyoga 20 kun ichida, ya’ni dengiz yo‘llariga nisbatan uch baravar tez yetkazish mumkin bo‘ladi. Uni kelajakda Yevropa va Hindiston tomon kengaytirish istiqboli mavjud. Transafg‘on temir yo‘li ishga tushgach, yangi koridor monomodal holatga kelibgina qolmay, bir baqtning o‘zida Eron orqali o‘tuvchi amaldagi “Shimol–Janub” xalqaro transport koridoriga qaraganda ancha qisqa yo‘lga aylanadi.
Kobul va Islomobod o‘rtasidagi chegaraviy mojaro kuchayib borayotganiga qaramay, Nayboboddan Xarlachigacha bo‘lgan temiryo‘l liniyasi qurilishi izchil davom etmoqda. 2025 yil 17 iyuldagi uch tomonlama hukumatlararo kelishuvga muvofiq, O‘zbekiston, Pokiston va Afg‘oniston bir necha oy davom etadigan dala ekspeditsiyasiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Muhandislik tadqiqotlari natijalari loyiha texnik-iqtisodiy asoslarining muhim parametrlarini aniqlash imkonini beradi.
Shu bilan birga, Toshkent Markaziy Osiyo va Afg‘oniston orqali o‘tuvchi janubiy tranzit yo‘nalishining jozibadorligini oshirish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ilgari surmoqda.
Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan MDH davlatlari Temiryo‘l transporti kengashining navbatdagi yig‘ilishida Boltiqbo‘yi mamlakatlari, Belarus, Rossiya va Qozog‘istonning g‘arbiy hududlaridan O‘zbekistonga hamda undan keyingi davlatlarga qatnaydigan yuk va konteyner poyezdlarini shakllantirish bo‘yicha amaldagi xalqaro rejalarni o‘zgartirish taklif qilindi.
Hozirda yuk poyezdlarining asosiy qismi O‘zbekistonga “Sariag‘ash–Keles” chegara o‘tish punkti orqali kirib keladi. Bu uchastka kuniga qariyb 40 juft poyezdni qabul qilib oladi, shu bois MDHdagi eng intensiv chegara nuqtasiga aylangan. Afg‘onistonga Eron va Pokiston yo‘nalishlaridan savdo logistikaning cheklanishi shimoldan kelayotgan yuk oqimini oshirmoqda. Bu esa Toshkent temir yo‘l tuguni, qolaversa Samarqand, Buxoro hamda Qarshi yo‘nalishlariga qo‘shimcha yuklama beradi. Mazkur yo‘nalishlar mamlakat aholisining o‘sishi va turizmning rivojlanishi hisobiga yo‘lovchi tashish segmentida ham yuqori talabga ega.
Kelgusida bungay holat Janubiy Osiyoga eksport yuklarini O‘zbekiston hududi va Kobul koridori orqali tashishda qo‘shimcha xarajatlar hamda vaqt yo‘qotishlariga olib kelishi mumkin. Muammoni Qozog‘istondan O‘zbekistonga kirayotgan tranzit yuk oqimini Qoraqalpog‘istondagi “Oazis” davlatlararo temir yo‘l tutashuv punktiga yo‘naltirish orqali hal qilsa bo‘ladi.
Natijada, bir tomondan, “Sariag‘ash” chegara stansiyasiga yuklama kamayadi va “Toshkent–Samarqand”, “Toshkent–Buxoro” hamda “Toshkent–Qarshi” elektrlashtirilgan temir yo‘llarini ichki yo‘lovchi tashuvlari uchun bo‘shatiladi. Ikkinchi tomondan esa, Boltiqbo‘yi davlatlari, Belarus, Ukraina va Rossiyadan O‘zbekistonga va u orqali Afg‘oniston, Turkmaniston va Tojikistonga olib boradigan temir yo‘l masofasini 163 kilometrga qisqartirish imkoni yuzaga keladi.
Nargiza Umarova,
JIDU qoshidagi
Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti
Strategik bog‘liqlik markazi rahbari
Iqtisodiyot
Dollar kursi yana ko‘tarilib bormoqda
Markaziy bank 2026-yil 11-iyundan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 18,81 so‘mga oshib, 12 054,03 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 16,93 so‘mga oshdi va 13 932,05 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 16 149,99 so‘m bo‘ldi (+37,24).
Rossiya rubli 167,05 so‘m etib belgilandi (-0,9).
Iqtisodiyot
Kredit reytinglarining yaxshilanishi O‘zbekistonga nima beradi?
Iyun oyining boshida Fitch xalqaro agentligi O‘zbekistonning uzoq muddatli suveren kredit reytingi bo‘yicha prognozini “barqaror”dan “ijobiy”ga o‘zgartirdi va reytingni “BB” darajasida tasdiqladi. O‘tgan yilning oxirida Moody’s va S&P ham mamlakatning uzoq muddatli kredit reytingiga ijobiy o‘zgartirishlar kiritgandi. O‘z-o‘zidan savol tug‘ilishi mumkin, bu mamlakatga nima beradi?
Kredit reytingi deganda davlat yoki kompaniyaning qarz olish qobiliyati hamda olingan qarzni o‘z vaqtida qaytarish ehtimolining bahosi tushuniladi. Dunyoning eng yirik uch reyting agentligi – Fitch, Moody’s va S&P mamlakatlarning moliyaviy ishonchliligini harflar kombinatsiyasidan iborat shkala orqali baholaydi. Uzoq muddatli kredit reytinglari yaxshilanishi bir qator omillar sababli muhim hisoblanadi.
Birinchidan, xalqaro moliya bozorlarida qarz olish yengillashadi. Yuqori reyting – investorlar va kreditorlar nazarida kamroq xavfni anglatadi. Demak, hukumat yoki o‘zbek korxonalari tashqi bozorlardan qarz olganda foiz stavkalari pasayishi mumkin, chunki investorlardan talab qilinadigan tavakkalchilik mukofoti kamayadi. Bu esa o‘z navbatida davlat uchun ham, xususiy sektor uchun ham moliyaviy xarajatlarni kamaytiradi. Masalan, hukumat yangi infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish yoki eski qarzlarni qayta moliyalashtirishda endi pastroq foizli qarz olishi mumkin – bu budjet mablag‘larini tejaydi yoki boshqa zarur sohalarga yo‘naltirishga imkon yaratadi.
Ikkinchidan, reytingning oshishi xorijiy investorlar ishonchi ortishiga xizmat qiladi. Reyting agentliklarining ijobiy bahosi xalqaro biznes hamjamiyatiga O‘zbekiston iqtisodiyoti barqaror va ishonchli ekanligi haqida signal beradi. Natijada, mamlakatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar oqimi ko‘payishi mumkin. Yuqori reytingli davlatlar ko‘pincha ko‘proq investorlarni jalb qiladi, chunki xorijiy kompaniyalar bunday mamlakatlarda loyihalar boshlash yoki ishlab chiqarish quvvatlarini joylashtirishda o‘zlarini xotirjamroq his qiladi. O‘zbekistonga ko‘proq sarmoya kirsa, yangi korxonalar ochiladi, texnologiyalar kirib keladi va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi. Bu bevosita aholi farovonligiga ijobiy ta’sir etadi.
Uchinchidan, bu o‘zgarishlar O‘zbekistonning xalqaro moliyaviy imijini yaxshilaydi. Yaxshi reyting – bu davlatning global maydondagi moliyaviy obro‘yini ko‘rsatuvchi indikator. Ko‘plab xalqaro moliya institutlari faqat ma’lum bir reytingdan yuqori bo‘lgan davlatlarning obligatsiyalariga yoki loyihalariga sarmoya kiritadi. Reyting ko‘tarilgani sari, O‘zbekiston bunday investitsion fondlar va institutlar uchun ham ko‘rib chiqilishi mumkin bo‘lgan davlatlar ro‘yxatiga kirib boradi. Bundan tashqari, Xalqaro valuta jamg‘armasi, Jahon banki kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik olib borishda ham mamlakatning reytingi muhim ahamiyatga ega. Yuqori reyting moliyaviy intizom va islohotlarning tan olinishi belgisi sifatida ko‘riladi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, kredit reytingining oshishi oddiy o‘zbekistonliklar hayotida birdaniga sezilarli o‘zgarish yasamaydi, balki uzoq muddatli istiqbolda imkoniyatlar yaratadi. Masalan, reyting yaxshilangani bilan ertasi kuniyoq narxlar tushib ketmaydi yoki ish haqlari oshmaydi. Biroq bu baholar ortidagi moliyaviy barqarorlik iqtisodiyotga bosqichma-bosqich ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Davlat moliyasining mustahkamligi va investorlar ishonchining ortishi makroiqtisodiy barqarorlikni kuchaytiradi: inflatsiya bosimini pasaytirishga yordam beradi, milliy valutaning barqarorroq bo‘lishiga ko‘maklashadi va iqtisodiy inqirozlarga chidamlilikni oshiradi. Yakunda esa bu omillar aholi farovonligining oshishi uchun sharoit yaratadi.
-
Mahalliy5 days ago
Media haftalik yangi ufqlarni ochmoqda
-
Mahalliy5 days ago
So‘z mulkining so‘nmas chirog‘i Ibrohim G‘afurov vafot etdi
-
Iqtisodiyot3 days ago«Gazprom» O‘zbekistonga eksportni 15 foizga oshirganini ma’lum qildi
-
Jamiyat4 days agoOlti yildan buyon qidiruvda bo‘lgan o‘zbekistonlik ayol Turkiyada ushlandi
-
Dunyodan4 days ago
Aktyor Jeyms Handi qotillik qurboniga aylandi
-
Jamiyat4 days ago
Tadbirkorlar sayyohlar uchun sug‘urta xizmatlarini soddalashtirishni taklif qildilar
-
Jamiyat4 days agoYetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar oromgohlarda bepul dam oladi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekiston hududlarida 1 kg palov tayyorlash qanchaga tushishi ma’lum qilindi
