Iqtisodiyot
“AQSh bilan energetik loyihalar qiymati 3-4 mlrd dollarga boryapti” – energetika vaziri
Nyu-Yorkdagi uchrashuvlar chog‘ida tilga olingan mavzulardan biri – energetika. Vazir Jo‘rabek Mirzamahmudovga ko‘ra, AQShning moliyaviy salohiyati va texnologik imkoniyatlarini rad etib bo‘lmaydi va bu davlat bilan energetikada faol ishlash kerak. Hozir ustida ish ketayotgan loyihalar umumiy qiymati 3-4 mlrd dollarga boradi, deydi u.
Prezident safari davomida Air producs kompaniyasi bosh ijrochi direktori Eduardo Menezesni ham qabul qildi.
Air producs sanoat gazlarini ishlab chiqarish va yetkazib berishga ixtisoslashgan. Kompaniyaning bozor kapitallashuvi 63 milliard AQSh dollaridan ortiq. Har yili dunyoning 50 dan ortiq mamlakatida 200 million tonna sanoat gazlarini ishlab chiqaradi hamda 750 ga yaqin ishlab chiqarish obektlarini boshqaradi.
Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, ayni paytda kompaniyaning O‘zbekistonga investitsiyalari 1 milliard dollardan oshgan. GTL zavodida sanoat gazlarini qayta ishlash, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida vodorod, «Navoiyzot»da suyuq karbonat angidrid ishlab chiqarish kabi loyihalar amalga oshirilgan.
Energetika vaziriga ko‘ra, prezident bilan uchrashuvda kompaniya yana investitsiya kiritishini e’lon qilgan.
“Mana hozirgina bo‘lib o‘tgan Air producs kompaniyasi bilan uchrashuvda yangi investitsiyalar kiritishga tayyorligini, yangi yo‘nalishlar izlayotganligini, turli yo‘nalishlarda diversifikatsiya qilishga tayyorligini bildirdi. Masalan, shuningdek, biz gaz-transport tizimida yoki o‘sha neft-gaz kompaniyalari qazib chiqarayotgan gazini hozirgi kundagi mavjud kompressor stansiyalar, siquv kompressor stansiyalaridagi gaz asosida ishlovchi agregatlarni elektrga almashtirish va elektr dvigatellar o‘rnatish bo‘yicha ham yirik kelishuvlarga erishdik va bunga Amerikaning «Eximbank»i moliyalashtirishga juda katta qiziqish bildiryapti.
Bundan tashqari, burg‘ilashda Schlumberger, Baker Hugsles kompaniyalarining yangi texnologiyalari, tajribalari, boshqaruv metodikasini qo‘llash bo‘yicha ham kelishuv imzoladik. Hamda Gulf kompaniyasi bilan birgalikda 100 million dollar atrofida O‘zbekiston bo‘ylab alohida yoqilg‘i quyish shoxobchalarini qurish bo‘yicha ham O‘zbekneftgaz memorandum imzoladi”, deydi vazir.
Mirzamahmudovning qo‘shimcha qilishicha, AQSh kompaniyalari bilan jami loyihalar qiymati 3-4 mlrd dollarga borgan.
“Aniq raqamlarga keladigan bo‘lsak, mana birgina kompressor stansiyalarning o‘zidagi agregatlarni almashtirish, bu ikki-uch yillik dastur, kamida 800 million dollarga baholanyapti. Va hozirgi kunda o‘sha Pan-Asia degan kompaniya bu ishlarni muvofiqlashtiradi va uning ma’lumotiga ko‘ra, Eximbank tomonidan 852 million dollar ushbu yo‘nalishga kredit liniyasini ochishga tayyorligi bildirildi. Bu faqatgina bitta yo‘nalish.
Agar barchasini olganda, albatta, yangi loyihalar, bu mana Air producs bilan bo‘ladigan loyiha, bu ko‘mirni gazifikatsiya, sintez-gaz olib, undan ammiak, metanol, boshqa qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar olish bo‘yicha loyihalarni inobatga olsak, 3-4 milliard dollar atrofidagi yangi, yaqin kelajakdagi istiqbolli loyihalar deb baholasa bo‘ladi”, deydi u.
Iqtisodiyot
Ro‘yxatga olish natijasida O‘zbekiston aholisi soni 39 milliondan oshiq ekani ma’lum bo‘ldi
O‘zbekistonda mustaqillik yillarida ilk marta o‘tkazilgan aholini ro‘yxatga olish natijalariga ko‘ra, mamlakat aholisi allaqachon 39 milliondan oshiq ekani ma’lum bo‘ldi.
Ro‘yxatga olishning dastlabki natijalari O‘zbekiston aholisi soni 39 047 321 nafar ekanini ko‘rsatdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi raisi Behzod Hamroyev ma’lum qildi.
Ro‘yxatga olish natijasidagi aholi soni rasmiy statistikadan 810,6 ming nafarga farq qilmoqda.
Aholi soni 1989 yildagi ro‘yxatga olish natijalariga nisbatan 2 barobarga oshgan.
Ro‘yxatga olishda aholining 97,3 foizi qamrab olindi
Qayd etilishicha, aholini ro‘yxatga olishda umumiy aholining 97,3 foizi ro‘yxatga olingan.
Aholining 2,7 foizi esa turli sabablarga ko‘ra ro‘yxatga olish jarayonlarida ishtirok etmagan.
Ta’kidlanishicha, mazkur ko‘rsatkich xalqaro me’yorlar bo‘yicha normal holat hisoblanadi. Ayrim davlatlar tajribasida ro‘yxatga olish jarayonida qamrab olinmagan aholi ulushi 10 foiz va undan yuqori bo‘lgan holatlar ham kuzatilgan.
Eslatib o‘tamiz, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish 2026 yil yanvar-fevral oylarida bo‘lib o‘tgan edi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonga besh oyda 203 ta davlatdan sayyohlar tashrif buyurdi
2026 yilning yanvar-may oylarida jami 5 351 868 nafar chet el fuqarolari turistik maqsadlarda O‘zbekistonga tashrif buyurgan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Mazkur davrda O‘zbekistonga jami 203 ta davlatdan turistlar tashrifi qayd etilgan.
Shundan:
erkaklar – 2 974 327 nafar;
ayollar – 2 377 541 nafar.
Ularning yosh bo‘yicha taqsimoti quyidagicha:
0-18 yosh – 584 171 nafar;
19-30 yosh – 892 166 nafar;
31-55 yosh – 2 791 843 nafar;
56 yosh va undan kattalar – 1 083 688 nafar.
Iqtisodiyot
Surxondaryo viloyati soliq boshqarmasiga yangi boshliq tayinlandi
Akmal Valiyev Surxondaryo viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Akmal Hamzayevich Valiyev 1975-yilda Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida tug‘ilgan. 1998-yilda Samarqand davlat universitetini tamomlagan, mutaxassisligi — iqtisodiyot va ishlab chiqarishni boshqarish. U soliq xizmatining 2-darajali maslahatchisi maxsus unvoniga ega.
Uzoq yillar Samarqand viloyati soliq organlarida turli mas’ul lavozimlarda mehnat qilgan. Tayinlovga qadar 2024-yildan Samarqand viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritib kelgan, deyiladi xabarda.
Iqtisodiyot
«Volkswagen» 100 ming ish o‘rnini qisqartirishni rejalashtirmoqda
«Volkswagen» Germaniyadagi to‘rtta ishlab chiqarish maydonini yopish va umumiy ish o‘rinlari qisqarishini 100 ming nafargacha yetkazish masalasini muhokama qilmoqda. «Reuters» manbalariga ko‘ra, ushbu rejalar 9-iyul kuni bo‘lib o‘tadigan kuzatuv kengashi yig‘ilishida ko‘rib chiqiladi.
Manbalarning aytishicha, Gannover, Svikkau, Emden zavodlari hamda «Audi»ning Nekkarzulmdagi korxonasi yopilishi mumkin. Bu qaror 45 mingdan ortiq ish o‘rniga xavf tug‘diradi. Agar reja amalga oshsa, 2024-yil oxirida kasaba uyushmalari bilan kelishilgan 50 ming ish o‘rni qisqartirilishiga yana qo‘shimcha qisqartirishlar qo‘shiladi.
Kompaniya bosh direktori Oliver Blyume ushbu takliflarni haftaning boshida yuqori rahbariyatga taqdim etgan. Uning maqsadi boshqaruv jamoasini chuqur islohotlar atrofida birlashtirishdan iborat. Biroq rejalar kasaba uyushmalari va kompaniyaning ikkinchi yirik aksiyadori hisoblangan Quyi Saksoniya hukumati qarshiligiga uchrashi kutilmoqda.
«Manager Magazin» xabariga ko‘ra, kompaniya kelasi besh yillik investitsiya dasturini taxminan 15 foizga qisqartirib, uni 130 milliard yevrodan sal ko‘proq miqdorda belgilashni ham rejalashtirmoqda.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Oliver Blyume va moliya direktori Arno Antlits «Volkswagen»ning asosiy brendi hamda ehtiyot qismlar biznesini alohida tuzilmalarga ajratish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda.
Kompaniya rasmiy vakili maxfiy hujjatlarga izoh berishdan bosh tortdi. Shu bilan birga, u «butun guruh, barcha brendlar va shuba korxonalar chuqur o‘zgarishlardan o‘tishi shart», deya ta’kidladi. «Volkswagen» ishchilar kengashi va «IG Metall» kasaba uyushmasi esa bunday rejalarga qarshi keskin kurashishini ma’lum qildi.
«Volkswagen» so‘nggi yillarda import bojlari, elektromobillarga o‘tish xarajatlari hamda xitoylik ishlab chiqaruvchilarning kuchayib borayotgan raqobati bosimi ostida qolmoqda.
«AlixPartners» ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoyda xorijiy avtomobil ishlab chiqaruvchilarning bozor ulushi 2020-yildagi 57 foizdan 2025-yilda 32 foizgacha qisqargan. «Volkswagen» esa 2024-yilda mamlakatdagi yetakchilikni «BYD»ga boy bergan va 2025-yilda uchinchi o‘ringa tushib qolgan.
Iqtisodiyot
Jahon banki bilan uzoq muddatli Mamlakat dasturi ishlab chiqiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 iyun kuni Jahon banki ta’sischi davlatlarining “Shveytsariya guruhi” yig‘ilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizda bo‘lib turgan bankning Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti Antonella Bassani boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Jahon banki guruhi bilan strategik hamkorlikni O‘zbekistonda olib borilayotgan tarkibiy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha keng miqyosda rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
So‘nggi yillarda ushbu nufuzli xalqaro moliyaviy institut bilan ikki tomonlama aloqalar va konstruktiv sheriklik misli ko‘rilmagan darajaga ko‘tarilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
O‘tgan yil sentabr oyida Nyu-York shahrida Jahon banki prezidenti bilan erishilgan oliy darajadagi kelishuvlar izchil amalga oshirilmoqda.
Qo‘shma loyihalar portfeli 15 milliard dollardan oshdi. Toshkent shahrida Jahon bankining mintaqaviy ofisi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Moliyalashtirishning yangi mexanizmlari samarali joriy etilmoqda.
Joriy yilda bo‘lib o‘tadigan Jahon banki oliy rahbariyatining tashriflari va qo‘shma tadbirlarga puxta tayyorgarlik ko‘rish muhimligi ta’kidlandi.
Ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning eng asosiy yo‘nalishlarini qamrab oluvchi yangi uzoq muddatli Mamlakat dasturini ishlab chiqish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.
Kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlarini amalga oshirish, davlat korxonalarini xususiylashtirish bo‘yicha qo‘shma dasturlarni ilgari surish hamda iqtisodiyot tarmoqlariga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishda Jahon banki guruhining moliyaviy vositalaridan foydalanishni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Suv xo‘jaligi sohasini moliyalashtirish, inson kapitalini rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilashga ko‘maklashish masalalarida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ham ustuvor vazifalardan biri sifatida qayd etildi.
-
Jamiyat5 days ago«Andijon polkasi» tadbiriga ketayotgan o‘quvchilar YTHga uchradi
-
Sport4 days agoYaponiya futbolining buyuk sabog‘i: mag‘lubiyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarish
-
Dunyodan3 days agoQirgʻiziston va Oʻzbekiston chegarani delimitatsiya qilish doirasida hudud almashadilar
-
Dunyodan5 days agoQirg‘izistonda navbatdagi prezidentlik saylovlari qachon o‘tkazilishi ma’lum qilindi.
-
Siyosat4 days agoPrezident Shavkat Mirziyoyev AQSh Savdo vakili Jeymison Grini qabul qildi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Sanoat o‘sishida qaysi tarmoqlar yetakchilik qilmoqda?
-
Dunyodan5 days ago
AQSh Senati prezident Trampning Eron bo’yicha vakolatlarini cheklashni qo’llab-quvvatlaydi
-
Jamiyat4 days agoVatanparvar jurnalistlarni o‘zimga do‘st va maslakdosh deb bilaman
