Jamiyat

Aqlli odamlar ham ommaga qo‘shilganda fikrlash qobiliyatini yo‘qotadi. Nega?

Published

on


Inson ommaga qo‘shilgan zahoti fikrlash qobiliyatini yo‘qotadi. Ba’zan kuchli bir ehtiros millionta mantiqiy dalilni yengadi. Siyosatchilarning populizmidan tortib jurnalist-blogerlarning xaypigacha – barchasi bir qonuniyatga asoslanadi. Va eng qizig‘i, siz bundan o‘zingizni himoya qila olmaysiz. Bugun “5 daqiqa”da Gustav Lebonning “Omma psixologiyasi” haqida gaplashamiz.

{Yii::t(}

O’tkazib yuborish 6s

O’tkazib yuborish

Ushbu asar omma deb ataladigan katta guruhlar qanday fikrlaydi, qanday harakat qiladi va nega ba’zan mantiqsiz qarorlar qabul qiladi, shuni tushuntirishga qaratilgan. U ommaviy ruhiyatni ochib tashlab, odamlarning ta’sirchan va ehtirosga moyil tabiatini ko‘rsatadi.

Asarning yuragi – “olomon ongi” degan tushuncha. Ya’ni ayrim hollarda odamlar yolg‘iz holatda juda aqlli bo‘lishi mumkin, ammo ommaga qo‘shilgan zahoti mantiqiy fikrdan yiroqlashib ketadi. Odam emas, olomon qaror qabul qiladi. Va bu qaror ko‘pincha ehtiros sababli amalga oshadi.

Olomon ongi nima?

Omma mantiq bilan emas, hissiyot bilan harakat qiladi. Agar bir narsa ularni qo‘rqitsa – qochadi. Ilhomlantirsa – yugurib ketadi. Shubhalansa – hech bir gapga ishonmaydi. Lekin ishonsa, hech narsa ularni to‘xtata olmaydi. Lebonning ta’biri bilan aytganda, omma – bir lahzalik ruhiy to‘lqinlarda yashaydi.

Ommada mantiq o‘rnini ramzlar, obrazlar, shiorlar egallaydi. Agar bir fikr sodda va ta’sirli aytilsa, omma unga ishonadi. Bu vaqtda qanchalik chuqur mantiqiy dalillar keltirilmasin, ommaga ta’sir o‘tkazmaydi. Shuning uchun siyosatda, biznesda va hatto dinga oid masalalarda ham ommani boshqaruvchi asosiy kuch – his-tuyg‘ulardir.

Odamlar liderga muhtoj

Muallifga ko‘ra, Lider – bu dono yoki buyuk inson emas. U ommadagi yashirin hissiyotlarni uyg‘otib bera oladigan odam.

Bu kitobda liderlar ommani qanday boshqarishi haqida juda qiziq ma’lumotlar bor.

Takrorlash, ya’ni bir fikrni qayta-qayta aytish. Oxiri omma u fikrni “haqiqat” deb qabul qiladi. Biz takrorlangan narsaning kelib chiqish tarixini unutib yuboramiz va unga ko‘r-ko‘rona ishona boshlaymiz.

Ta’sir o‘tkazish. Demak, qat’iyat bilan gapirish, ishonchli nutq va kuchli obraz bo‘lsa kifoya.

Lider doimo shubhalarsiz gapiradi. “Menimcha”, “balki” desangiz odamlar ishonishmaydi.

Simvollar – bayroq, ramz va balandparvoz shiorlar… Omma mana shu belgilar orqali harakatga keladi.

Ommani boshqarishning eng kuchli va eng xavfli quroli – hissiyotdir. Chunki omma mantiqni eshitmaydi, u faktlarni tahlil qilmaydi, balki ruhiy to‘lqinlar orqali harakat qiladi. Shuning uchun rahbarlar va hukumatlar ommani ishontirishda aqlga emas, qo‘rquv, umid, g‘urur, g‘azab kabi kuchli tuyg‘ularga tayanadi. Qachonki ommada bir hissiyot uyg‘otilsa, u alohida fikrlashni yo‘qotadi va o‘zini emas, ommani his qiladi. Bitta kuchli ehtiros millionta mantiqiy dalilni yengib o‘ta oladi. Shu jihatdan, hissiyot – omma ongining darvozasi, unga egalik qilgan odam esa ommaning qadamini belgilaydigan qudrat sohibi hisoblanadi.

Aynan mana shunday boshqaruvda mantiq, adolat, haqiqat, degan narsalar “insof qilib” chekkaga chiqib turadi. Omma o‘zi tomosha qilayotgan spektakl ta’siriga tushib qoladi.

Siz ham ommaning bir vakilisiz

“Omma psixologiyasi” 1895 yilda yozilgan bo‘lsa ham, go‘yo kecha chop etilgandek. Chunki siyosiy targ‘ibotlar, ijtimoiy tarmoqlardagi xayp, piar, populizm, reklamalar… Bularning barchasi Lebon aytgan qoidalar bilan birday ishlaydi.

Uning nazariyasiga ko‘ra, bir kishini aldash qiyin, bir million odamni aldash esa oson.

Bu fikrni o‘qib har bir kitobxon o‘z jamiyatiga, mediaga, tarmoqlardagi virusli videolarga, keng tarqalgan fikrlarga boshqacha qarab qo‘yadi. Nahotki, biz, siz ham omma bo‘lsangiz? Odamga alam qiladiye, shuncha o‘qisang, ustingda ishlasang-u, sen ham ommaning bir vakili o‘laroq ulkan oqimda oqib ketaversang.

Xulosa

Bu asar sizga kuchi bor odamlar emas, ommani tushungan insonlar jamiyatni boshqara olishini anglatadi. Nega ba’zi rahbarlar tezda mashhur bo‘ladi? Nega odamlar mantiqqa zid qarorlarni qo‘llab-quvvatlaydi? Nega omma ba’zan qirg‘inga, ba’zan esa qahramonlikka moyil bo‘ladi? Javob – mana shu kitobda!

Shuning uchun bu kitobni o‘qigan odam endi ommaning qichqiriqlariga shunchaki qo‘shilib ketmaydi. Balki bir lahza nafas rostlab, ko‘zni xira qilgan to‘lqinlar ortidagi haqiqiy qudratni izlaydi.

Isomiddin Po‘latov



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version