Iqtisodiyot
Birja savdolarida 1,2 mlrd so‘mlik asossiz daromad olingani aniqlandi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda yuqori likvidli mahsulotlarni birja savdolari orqali sotish tartiblari buzilgani aniqlandi. Umumiy hisobda 1 mlrd 249 mln so‘m miqdorida asossiz daromad olingani qayd etildi.
Ma’lum qilinishicha, ayrim xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar mahsulotlarni birja orqali emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida sotgan. Bu esa «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun va Vazirlar Mahkamasining 170-son qarori talablariga zid hisoblanadi.
Qo‘mita tomonidan ushbu holatlar yuzasidan tegishli tartibda ishlar qo‘zg‘atilib, qonunbuzilishlarni bartaraf etish hamda kelgusida takrorlamaslik bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berilgan.
Andijon viloyatida «VODIY SANOAT FAXRI» MChJ tomonidan birja savdolari talablari buzilib, 133,8 mln so‘m asossiz daromad olingani aniqlandi. Korxonaga nisbatan jarima qo‘llash bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Buxoro viloyatida «JR COTTON» MChJ 970 mln so‘mdan ortiq mahsulotni birjaga chiqarmasdan sotgani ma’lum bo‘ldi. Namanganda esa 14 ta korxonada qonunbuzilish holatlari qayd etildi, 11 tasiga nisbatan ishlar qo‘zg‘atildi.
Navoiy, Surxondaryo va Qoraqalpog‘istonda ham o‘xshash holatlar kuzatilib, «DYNAMIC ELECTRONICS», «Denov chorvachilik omuxta yem» va «ELLIKQAL’A OLTIN TOLASI KLASTERI» MChJlarda asossiz daromad holatlari aniqlandi.
Qashqadaryo viloyatida «Mirishkor ratex tekstil» MChJda 584,9 mln so‘m asossiz daromad olingani qayd etildi. Bu holatlar birja savdolarida shaffoflik talablari to‘liq bajarilmayotganini ko‘rsatadi.