Jamiyat
Andijondan har yili 4 ming yoshlar Yevropaga yuboriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 12-fevral kuni Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar va 2026 yil uchun ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Yig‘ilish avvalida qayd etilganidek, Andijon – aholisi eng zich joylashgan hudud. Viloyatda 3,5 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi, har yili 80 mingga yaqin tug‘ilish qayd etilmoqda.
Yer resurslari cheklangan sharoitda har bir gektar yer, har bir loyiha hamda har bir investitsiya yuqori qo‘shilgan qiymat va barqaror ish o‘rni yaratishi shartligi ta’kidlandi. Bu viloyat rahbariyati oldidagi eng asosiy vazifa ekani ko‘rsatib o‘tildi.
2025-yil yakunlariga ko‘ra, yalpi hududiy mahsulot 107,7 trillion so‘mni tashkil etib, 6,8 foizga oshdi. Sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishda 7,2 foiz, xizmatlar hajmida 15,1 foiz, qishloq xo‘jaligida 4,7 foiz o‘sish qayd etildi.
Joriy yilda iqtisodiyot va sanoatni 8 foizga, xizmatlarni 16,3 foizga, qishloq xo‘jaligini 5,9 foizga oshirish maqsad qilingan. Xorijiy investitsiyalarni 2025 yildagi 2,5 milliard dollardan 2026-yilda 3,5 milliard dollarga, eksportni 1,3 milliard dollardan 1,5 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
2025-yilda 383 ming aholining bandligi ta’minlangan bo‘lsa, 2026-yilda 489,5 ming aholining bandligini ta’minlash, ishsizlikni 3,6 foizga, kambag‘allikni 2,4 foizga tushirish muhimligi ta’kidlandi.
Asaka, Oltinko‘l, Xo‘jaobod, Shahrixon tumanlari hamda Andijon shahrini ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududlarga aylantirish vazifasi qo‘yildi. “Og‘ir” toifadagi Bo‘ston, Paxtaobod va Ulug‘nor tumanlarida kambag‘allikni kamida ikki barobar qisqartirish belgilandi.
Joriy yilda viloyatda 798 million dollarlik loyihalarni ishga tushirish rejalashtirilgani ta’kidlandi.
Jumladan, Asaka, Buloqboshi va Shahrixon tumanlarida charm-poyabzal, qurilish materiallari hamda dastgohlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 3 ta mikrosanoat markazi tashkil etiladi. 110 ta qishloq hamda 26 ta chegaraoldi va olis mahallalarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, kichik sovitkichli omborlar tashkil qilish va mikrosanoat loyihalari amalga oshiriladi.
Andijon tumanidagi “Ipak yo‘li” erkin iqtisodiy zonasida 100 gektardan ortiq yer maydoni bo‘sh turibdi. Yer resurslari cheklangan sharoitda tayyor infratuzilmasi bor maydonlarda yuqori qo‘shilgan qiymatli loyihalarni joylashtirish, minglab ish o‘rinlarini yaratish imkoniyatidan to‘liq foydalanish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Viloyatda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Joriy yilda paxtachilikda hosildorlikni oshirish maqsadida xorijiy navlar joylashtiriladigan va ilg‘or “76×10” sxemasi asosida ekiladigan paxta maydonlarini kengaytirish, 472 dona yangi texnika xarid qilish rejalashtirilgan. 2 ming gektar kam samarali eski bog‘lar intensiv bog‘larga aylantiriladi, 6,8 ming gektar yer foydalanishga qayta kiritiladi.
Yangi tajriba sifatida Oltinko‘lda gulchilik, Izboskanda ko‘chatchilik, Asakada issiqxonachilik, Qo‘rg‘ontepada sabzavotchilik, Buloqboshida uzumchilik bo‘yicha tomorqa maktablari tashkil etiladi.
2025 yilda viloyatga 460 ming xorijiy va 1,8 million mahalliy turist kelgan. Joriy yilda xorijiy turistlar sonini 700 mingga, mahalliy sayyohlarni esa 2,5 millionga yetkazish maqsad qilingan.
Shu maqsadda Buloqboshidagi “Shirmonbuloq”, Xo‘jaoboddagi “Imom ota” va Xonoboddagi turizm markazlarini rivojlantirish uchun alohida direksiya ochiladi. Tuman va shahar markazlaridagi 91 ta mahallani bog‘lovchi gavjum ko‘chalarda savdo, dam olish va ko‘ngilochar maskanlar barpo etiladi
Andijonda uy-joy masalasi boshqa hududlarga nisbatan ancha dolzarb. Joriy yilda viloyatdagi “Yangi O‘zbekiston” massivlarida 54 ta, boshqa hududlarda esa 158 ta ko‘p qavatli uylar qurilishi kutilmoqda.
“Qurilishga tayyor yer” tizimini joriy etish orqali loyihalarni boshlash muddatini 120 kundan 30 kungacha qisqartirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi. Jalaquduqda ushbu yangi tizim asosida zamonaviy uy-joylar qurish bo‘yicha tajriba boshlanadi.
Viloyatda 11 ta oliy ta’lim muassasasi faoliyat yuritmoqda, 94 mingdan ortiq talaba tahsil olmoqda, 56 ta texnikumda 46 ming nafar o‘quvchi kasblarga o‘rgatilmoqda. Oliygohlardagi ilmiy salohiyatni oshirish, dual ta’lim qamrovini kengaytirish choralari belgilab olindi.
Tibbiyot texnikumlariga til o‘rgatish bo‘yicha ilg‘or xususiy ta’lim tashkilotlarini jalb qilib, yiliga 4 mingdan ziyod yoshlarning Yevropa davlatlariga ishlashga borishiga ko‘maklashish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.
Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Ijtimoiy reyestrga kirmagan oilalarning iqtidorli farzandlariga ham sport, madaniyat va san’at sohasidagi tashabbuslari uchun “Yoshlar daftari” jamg‘armasidan 41 million so‘mgacha subsidiya berish taklif qilindi. Prezidentimiz ushbu tartibni Andijon viloyatidan boshlashni topshirdi.
Davlatimiz rahbari yig‘ilish yakunida belgilangan vazifalar ijrosi Andijon aholisi hayotida aniq va sezilarli natija berishi shartligini ta’kidlab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Jamiyat
Alkogol ichimliklarni reklama qilgan bloger ma’muriy javobgarlikka tortildi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan reklama materiallarining qonunchilik talablariga muvofiqligi yuzasidan o‘tkazilgan monitoring davomida bloger N.Sobirovning sahifasida alkogolli ichimliklar reklamasi joylashtirilgani aniqlandi.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, mazkur reklama amaldagi qonunchilik talablariga zid hisoblanadi.
O‘rganish natijalari asosida blogerga nisbatan belgilangan tartibda ma’muriy chora ko‘rildi.
«Reklama to‘g‘risida»gi Qonunning 38-moddasiga muvofiq, har qanday quvvatdagi alkogolli ichimliklarni reklama qilish taqiqlangan.
Qonunchilikda faqat pivo, tabiiy va ko‘piklanadigan vinolar reklamasiga belgilangan vaqt, shakl va auditoriya bo‘yicha cheklovlarga rioya etilgan holdagina ruxsat beriladi.
Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda alkogolli ichimliklarni har qanday shaklda reklama qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Raqobat qo‘mitasi bloger N.Sobirov reklama qilinishi qonun bilan taqiqlangan mahsulotni targ‘ib qilgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilganini ma’lum qildi.
Holat yuzasidan rasmiylashtirilgan tegishli hujjatlar qonunchilikda belgilangan tartibda sudga yuborilgan.
Jamiyat
Jaziramada ochiq havodagi ishlar cheklanishi mumkin
O‘zbekistonda anomal issiq va jazirama kuchayishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan Davlat mehnat inspeksiyasi ish beruvchilarni ochiq havoda mehnat qilayotgan xodimlarning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan choralarni ko‘rishga chaqirdi.
Inspeksiya tavsiyasiga ko‘ra, kunning eng issiq vaqti — soat 11:00dan 16:00gacha tashqi ishlar qisqartirilishi yoki vaqtincha to‘xtatilishi lozim. Shuningdek, ushbu vaqtda og‘ir jismoniy mehnatni cheklash ham tavsiya etilmoqda.
Qayd etilishicha, yuqori harorat sharoitida ishlayotgan xodimlar issiq urishi, suvsizlanish, hushdan ketish hamda yurak-qon tomir kasalliklari xavfiga ko‘proq duch keladi.
Davlat mehnat inspeksiyasi ish beruvchilarga xodimlarni doimiy ravishda toza va salqin ichimlik suvi bilan ta’minlash, soya yoki sovutiladigan dam olish joylarini tashkil etish, yengil va issiqdan himoya qiluvchi maxsus kiyimlar berish, issiq urishi va suvsizlanish alomatlari bo‘yicha yo‘riqnoma o‘tkazish hamda sog‘lig‘i yomonlashgan xodimlarga zudlik bilan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishni tavsiya qildi.
Bundan tashqari, issiq sharoitida ishlaydigan xodimlar belgilangan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tgan bo‘lishi shartligi eslatildi.
Inspeksiya mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etish faqat tavsiya emas, balki ish beruvchining qonunchilikda belgilangan majburiyati ekanini ta’kidladi. Ogohlantirilishicha, jazirama sharoitida zarur choralarni ko‘rmaslik xodimlar hayoti va sog‘lig‘iga jiddiy xavf tug‘dirishi, ish joyida baxtsiz hodisalarga sabab bo‘lishi mumkin.
Jamiyat
Mehnat inspeksiyasi barcha hokimliklarga ko‘rsatma yubordi
Ko‘rsatmada anomal issiqda ochiq havoda mehnat qilayotgan obodonlashtirish xodimlarining hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish bo‘yicha talablar belgilangan.
Anomal issiq ob-havo sharoitida ochiq havoda mehnat qilayotgan obodonlashtirish xodimlarining hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish maqsadida barcha hokimliklarga tegishli ko‘rsatma yuborildi, deb xabar berdi Davlat mehnat inspeksiyasi.
Xabarda aytilishicha, ko‘rsatmada soat 10:00–17:00 oralig‘ida yuqori harorat ta’sirida xodimlar hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan ishlarni vaqtincha to‘xtatish hamda moslashuvchan ish rejimini belgilash, xodimlarni yetarli miqdorda sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash kabi talablar belgilangan.
Bundan tashqari, quyosh nurlari va yuqori harorat ta’siridan himoyalangan dam olish joylarini tashkil etish, majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan yoki tibbiy xulosaga ko‘ra ishga yaroqsiz deb topilgan shaxslarni ishga qo‘ymaslik, shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlash va mehnat hamda dam olish rejimini qayta ko‘rib chiqish lozimligi aytilgan.
“Ko‘rsatma talablarining bajarilishi Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan nazorat qilinadi”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, mehnatni muhofaza qilish talablarini buzgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
Jamiyat
Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holati fosh etildi
Kogon shahrida fuqaroning ishonchiga kirib, uni 8 000 dollar evaziga Koreya davlatiga ishga yuborishini aytib, kelishilgan puldan 1 000 dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan shaxs ushlandi.
Foto: EPA / YONHAP / TASS
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Kogon shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holati aniqlandi.
Ma’lum qilinishicha, fuqaro Z.I. fuqaro Sh.I.ning ishonchiga kirib, uni 8 000 AQSh dollari evaziga go‘yoki yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali Koreya davlatiga ishga yuborishini aytib, kelishilgan puldan 1 000 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.
Tergovga qadar tekshiruv jarayonida ushbu pullar hisobidan 200 AQSh dollarining qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirildi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq Toshkent viloyatida Koreyaga ishga jo‘natishni va’da qilib, ikki nafar fuqarodan 15 ming AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgan shaxsning noqonuniy harakatlari fosh etilgani xabar qilingandi.
Jamiyat
Axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt yo‘nalishlari uchun davlat grantlari ko‘paytirildi
Ma’lum qilinishicha, mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari 35 foizga oshirilib, jami 2 930 ta davlat granti ajratilgan.
2026/2027-o‘quv yili uchun axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt sohasiga oid ta’lim yo‘nalishlari hamda mutaxassisliklari bo‘yicha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari 35 foizga oshirildi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining ma’lum qilishicha, mazkur yo‘nalishlar uchun jami 2 930 ta davlat granti ajratildi.
Qayd etilishicha, bunda bakalavriat uchun 2 309 ta, magistratura uchun 621 ta davlat granti ajratilgan.
-
Dunyodan5 days agoMalayziya Isroil fuqarolarini deportatsiya qilmoqda
-
Jamiyat4 days agoNikoh shartnomasi qanday tartibda tuziladi?
-
Dunyodan5 days ago
Venesueladagi zilzila qurbonlari soni 4829 kishiga yetdi
-
Jamiyat3 days agoXalqaro qidiruvdagi fuqaro Varshavadan Toshkentga olib kelindi
-
Jamiyat5 days agoJazirama sabab poyezdlar tezligiga cheklov qo‘yiladi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Dollar kursi qimmatlashuvi davom etadi
-
Jamiyat5 days agoMahallada ishni to‘g‘ri tashkil qilmagan 152 nafar rahbar ishdan olindi
-
Siyosat5 days agoO‘zbekiston fuqarolar uchun vizasiz sayohatni kengaytirishni maqsad qilgan
