Connect with us

Mahalliy

Andijonda o‘qituvchilar hasharga chiqarildi: vazirlik bayonoti

Published

on


Andijonda o‘qituvchilar maktab hashariga jalb etilgani xabar berildi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga ko‘ra, vaziyat nazoratga olingan va o‘rganilmoqda. 

Ijtimoiy tarmoqlar orqali Andijon viloyati, Marhamat tumanidagi 42-umumta’lim maktabi o‘qituvchilarining maktab ta’miri ishlariga jalb qilinganligiga doir xabarlar tarqaldi. 

Ayni vaqtda mazkur holat Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan qat’iy nazoratga olingan hamda atroflicha o‘rganib chiqilmoqda. 

Aytish lozimki, “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi Qonunida pedagogni kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb qilish taqiqlanishi aniq ko‘rsatib o‘tilgan. Shuningdek, ularni biron-bir shaklda mehnatga ma’muriy tarzda majburlash qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi. 

Shu nuqtai nazardan yuqoridagi holatga sababchi bo‘lgan mas’ul xodimlarga nisbatan belgilangan tartibda ta’sir choralari ko‘rilishi ta’minlanadi. 

“Ijtimoiy tarmoq faollaridan bitta maktabdagi holatni umumiy vaziyat sifatida baholamaslikni so‘raymiz”, deyiladi xabarda.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Mahalliy

Nega Toshkentda qimmat, Surxondaryoda arzon?

Published

on


O‘zbekistonda issiqxona biznesi so‘nggi yillarda jadal rivojlanyapti. Ammo bir qarashda bir xil ko‘rinadigan mahsulot nega turli hududlarda mutlaqo boshqacha tannarxga ega? Nega Toshkentda yetishtirilgan pomidor yoki bodring Surxondaryodagiga qaraganda qariyb 2,5 baravar qimmatga tushadi?

Issiqxona samaradorligiga ta’sir qiluvchi eng muhim uch omil bor, quyosh nurlanishi (insolyasiya), tashqi harorat va energiya sarfi. Aynan shu uchlik mahsulot tannarxining asosiy qismini belgilaydi.

Qish oylarida bu omillar ayniqsa keskin seziladi. Masalan, Toshkentda yanvar oyida o‘rtacha harorat +6°C atrofida bo‘lsa, Termizda bu ko‘rsatkich +10,8°C ga yetadi. Farq — atigi 4–5 daraja. Lekin bu “mayda” tafovut issiqxona iqtisodiyotida katta portlashga teng.

Chunki issiqxonada haroratni 18–22°C darajada ushlab turish kerak. Tashqi muhit qanchalik sovuq bo‘lsa, shunchalik ko‘p yoqilg‘i, gaz yoki elektr sarflanadi. Eng muhimi — bu jarayon chiziqli emas, balki geometrik o‘sishga ega. Har bir 1°C pasayish qo‘shimcha xarajatlarni keskin oshiradi.

Amaliyotda bu quyidagicha namoyon bo‘ladi:

Toshkent viloyatida 1 tonna issiqxona mahsuloti tannarxi — 11,9 mln so‘m, Surxondaryoda esa — atigi 4,9 mln so‘m. Farq qariyb 2,5 baravar.

Bu shunchaki statistika emas, balki investorlar va fermerlar uchun aniq signal. Quyosh — bepul resurs, lekin hammaga birdek teng emas.

Surxondaryo, xususan Termiz va Sherobod, O‘zbekistonda eng yuqori insolyasiya darajasiga ega hududlardan biri hisoblanadi. Bu nima degani?

Bu degani, kun davomida o‘simliklar ko‘proq quyosh nurini qabul qiladi. Fotosintez faolroq kechadi, o‘simlik tezroq o‘sadi, hosildorlik ortadi. Eng muhimi — qo‘shimcha sun’iy yoritishga ehtiyoj kamayadi. Ya’ni energiya tejaladi. Demak, tannarx pasayadi.

Surxondaryoda qishning nisbatan iliq o‘tishi issiqxona egalari uchun yana bir katta ustunlik beradi, ya’ni, isitish tizimiga yuklama kamayadi, avariya va texnik nosozliklar xavfi pasayadi va ishlab chiqarish jarayonlari uzluksiz davom etadi.

Bu omillar esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyaviy barqarorlikka ta’sir qiladi. Chunki har bir to‘xtash — bu zarar, har bir uzilish — bu bozorni boy berish demak.

Sherobod tumanida rejalashtirilayotgan 940 gektarli agropark loyihasi bejiz emas. Bu hudud tasodifan tanlanmagan — aynan yuqori insolyasiya va qulay iqlim uni strategik nuqtaga aylantirgan.

Bu loyiha amalga oshsa mahsulot tannarxi yanada pasayadi, ichki bozorda narx barqarorlashadi, eksport imkoniyatlari kengayadi.

Surxondaryo misolida bir haqiqatni anglashimiz mumkin, qishloq xo‘jaligida muvaffaqiyat faqat texnologiya yoki mehnatga bog‘liq emas. Tabiatning o‘zi — eng katta resurs.

To‘g‘ri hudud tanlansa, xarajatlar keskin kamayadi, hosildorlik ortadi va bozorda raqobatbardoshlik ta’minlanadi.



Source link

Continue Reading

Mahalliy

Yurtimizda “Tojikiston madaniyati va kinosi kunlari” boshlandi

Published

on


23–29 mart kunlari O‘zbekistonda “Tojikiston madaniyati va kinosi kunlari” bo‘lib o‘tadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, mazkur tadbirning asosiy maqsadi ikki mamlakatning boy madaniyati va ma’naviy merosini keng namoyish etishdan iborat. Ayni damda “Tojikiston madaniyati va kinosi kunlari” tadbirlari doirasida “Navro‘zi olam” nomli uch avlod uchrashi bo‘lib o‘tmoqda.

Shuningdek kelgusida tomoshabinlar uchun “Qarmoqqa baliq”, “Haqiqat izlab”, “Hayot go‘zal”, hamda “Jo‘ra Sargor” kabi filmlar namoyish etiladi.

Bayram tadbirlari va keng ko‘lamli madaniy dasturlar Toshkent va Samarqand shaharlarida tashkil etilishi rejalashtirilgan.



Source link

Continue Reading

Mahalliy

Aviaparvozning yagona qurboni” filmi taqdim etildi

Published

on


O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida Kinematografiya agentligi buyurtmasi asosida “SHB” studiyasi tomonidan suratga olingan “Osmoni falaklarda: Aviaparvozning yagona qurboni” nomli badiiy filmning taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda Kinematografiya agentligi mutasaddilari, turli idoralar vakillari, kino ijodkorlar, san’at fidoyilari, kino ixlosmandlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbir doirasida mehmonlar O‘zbekiston Kino san’ati muzeyi faoliyati bilan tanishib, milliy kino merosining tarixi va bugungi taraqqiyoti haqida ma’lumotga ega bo‘lishdi.

Taqdimotni Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev ochib, film yaratilishi va mazmuniga to‘xtaldi. Shundan so‘ng asar va ssenariy muallifi Xayriddin Sultonov hamda rejissyor Jahongir Qosimov so‘zga chiqib, mamlakatda kino san’ati rivojlanayotganini va ushbu film ana shu jarayonning mantiqiy davomi ekanini ta’kidlashdi.

Qayd etilishicha, film chuqur dramatik syujetga ega bo‘lib, inson taqdiri, ruhiy kechinmalar va hayot sinovlarini falsafiy yondashuvda yoritadi. Asardagi voqealar tomoshabinni teran mushohadaga chorlaydi.

Foto: Yunus Bo‘riyev/«Xalq so‘zi»

Kartinaning bosh rollarini aktyorlar Yulduz Rajabova va Merdan Matveliyev ijro etgan. Ularning obrazlari orqali insoniy tuyg‘ular, fidoyilik va sinovlarga bardoshlilik ta’sirchan ifoda etilgan. Film Navro‘z bayrami munosabati bilan tomoshabinlarga o‘ziga xos bayram tuhfasi bo‘ldi.  



Source link

Continue Reading

Mahalliy

Tabiat uyg‘onmoqda… Ammo u bizning quvonchimizga sherikmi?

Published

on


Navro‘zni odatda tabiatning uyg‘onishi, yangilanish va poklanish ayyomi deb ta’riflaymiz. Bu fasl borliqning qishki sukunatdan chiqishi, ariqlarning suvga to‘lishi va daraxtlarning gullashi bilan kirib keladi. Biroq Navro‘z shunchaki mavsum almashinishi emas, u davomiylik ramzi bo‘lib, tabiatni asrab-avaylash g‘oyasini o‘zida mujassam etgan yuksak ma’naviy qadriyat. Mana shu kunlarda yana o‘sha tanish jumlalar quloqqa chalinadi: «Tabiat uyg‘onmoqda», «Yasharish va yangilanish fasli», «Yer bag‘ridan ko‘katlar bo‘y ko‘rsatmoqda». Go‘yo bu so‘zlar zamirida xalqimizning atrof-muhitga bo‘lgan chuqur ehtiromi va azaliy an’analari yashiringan.

Xalqimiz tomonidan tabiat bilan bog‘liq «Suvga tupurma», «Suv bor joyda — hayot bor», «Ona Yerni asrash — kelajakni asrash» kabi o‘gitlar shunchaki odob qoidalari emas, balki ajdodlarimizdan meros qolgan tabiat bilan munosabat madaniyatidir.

Suvni muqaddas bilgan xalq uni iflos qilishni gunoh, yerni mushtipar onaga qiyos qilgan millat uni asrashni farz deb bilgan. Shu bois, Navro‘z — aynan mana shu ezgu qadriyatlar qayta uyg‘onishi, insonning tabiat bilan uyg‘unligini anglatuvchi qadimiy tuyg‘ular tiklanishi kerak bo‘lgan muborak kun.

Tabiat bilan uyg‘unmizmi….

Qahratonning muzlagan barmoqlari orasidan sitilib chiqqan Navro‘z yer yuziga yasharish mujdasini olib keladi. Biz sumalak qozonlari atrofida tilak aytamiz, tog‘larda «Darveshona» qilib, «Yil go‘ja»ning barakasidan suyunamiz. Bir-birimizni yangilanish fasli bilan qutlaymiz.

Birdamlik, mehr birlashgan shu manzara — bayramning eng go‘zal jihati. Aynan shu bayram va bahorning uyg‘onishi bilan tabiat qo‘ynida sayillar, sayohatlar avjiga chiqadi. Ammo mana shunday sayru sayohat, sayilu bayramlarda ko‘ngilni xira qiladigan yana bir holat borki…

So‘nggi yillarda bayram manzarasini bir martalik plastik idishlarsiz tasavvur qilib bo‘lmay qoldi. Sayillar, ommaviy tadbirlar va dasturxonlar qulaylik uchun tanlangan plastik stakan va paketlar bilan to‘ladi. Tabiat haqida eng ko‘p gapiriladigan kunda aynan tabiatga eng uzoq muddatli iz qoldiradigan buyumlar ishlatiladi.

Birgina sumalak saylini olaylik, uni tarqatishda millionlab bir martalik plastik idishlardan foydalanish ommalashdi. Sayilgohlarda qoldirilgan yelim paketlar, suv oqimini to‘sib qo‘ygan plastik idishlar shunchaki chiqindi emas, balki tabiatning nafas yo‘llarini bo‘g‘ib qo‘yayotgan to‘siqlar.

An’anaga ko‘ra, Navro‘z arafasida ariqlar tozalanib, suv yo‘llari ochilar edi. Bugun esa plastik chiqindilar suv ekotizimlariga zahar kabi yoyilib, daryo va ko‘llarning tabiiy muvozanatini buzmoqda. Siz besh daqiqada yeb bo‘lgan sumalakning plastik idishi tabiatda parchalanishi uchun yuzlab yillar kerak bo‘ladi.

Keling, oddiy matematikaga yuzlanamiz. Agar bayram sayillarida aytaylik 7 tonna sumalak pishirilib, har bir kishiga 100 grammdan tarqatilsa, bu — 70 000 dona plastik idish degani. Bitta kichik idishning yuzasi 0.01 m² bo‘lsa, birgina xayriya tadbiridan so‘ng 700 kvadrat metr yer plastik «kishan» ostida qoladi. Bu taxminan 10 ta tomorqaning maydoniga teng.

Biz bir kun bayram qilamiz, lekin yer to‘rt-besh asr davomida uning zahridan azoblanadi. Bugun ariqqa oqizilgan plastik idishning tili bo‘lganida, u bizga shunday degan bo‘lardi: «Sizlardan keyin men 500 yil yashayman, kelajakda men sizning avlodlaringiz ichadigan suvda, ular yeydigan taom tarkibida bo‘laman».

Aynan shu plastik chiqindilar va uning zarrachalari tuproqning tabiiy nafas olishini qiyinlashtiradi va yerdagi mikroorganizmlar faoliyatiga, hosildorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Albatta, gap bayramni nishonlamaslikda emas. Gap uning mazmuniga mos munosabatda. Qayta ishlatiladigan idishlar, an’anaviy sopol yoki metall kosalar, umumiy dasturxon madaniyati — bular Navro‘z ruhiga yaqinroq emasmi?

Xayrli amal chindan xayrlimi…

Yaqinda qishloqqa borganimda toshlar orasida singan chinni va paxta gulli sopol idishlarni uchratdim. Bu har yili Navro‘z bahonasida qir-adirlarda o‘tkaziladigan darveshona va yilgo‘ja marosimlaridan qolgan «xotira» edi. Yer va suvga shukronalik keltirish uchun nishonlanadigan bu qadimiy marosimlar bugun tog‘ yonbag‘irlarida yelim paket va shisha siniqlari uyumini qoldirmoqda.

Agar ushbu marosimlardan keyin atrof chiqindixonaga aylansa, bu qanday xayrli amal bo‘lsin?

Bu yerda nafaqat ekologik, balki ma’naviy inqiroz yaqqol ko‘rinadi: biz yerdan baraka so‘rab duo qilamiz-u, lekin uning baraka yo‘llarini chiqindi bilan bekitayotganimizni o‘ylab ham ko‘rmaymiz. Singan paxta gulli kosa — bu shunchaki chiqindi emas, bu bizning tabiatga bo‘lgan munosabatimizning aksi emasmi?

Tabiat uyg‘onmay qolsa-chi?

Agar biz tabiatga adolatsizlikni hozirgi sur’atda davom etsak, 2126 yilning bahorida bizni nima kutmoqda? Bir asrdan keyin keladigan bahorni tasavvur qilib ko‘rganmisiz, tabiatning uyg‘onishini-chi?

Afsuski, agar bir martalik idishlardan foydalanish shu tezlikda davom etsa Yerning ustki unumdor qatlami ostida milliardlab idishlardan iborat «plastik qatlam» tufayli, nihollar tuproqdan emas, plastik devorlar orasidan yo‘l izlashga majbur bo‘ladi.

Quyosh nuri va yomg‘ir ta’sirida parchalangan idishlar mikroplastikka aylanib, oziq-ovqat zanjiri orqali dasturxonimizga qaytadi. Siz «uyg‘onish» deb ataydigan jarayon aslida kimyoviy zaharlanishga aylanadi.

Boychechak va lolalarning «vidolashuv» sayli…

Bahorning ilk mujdasi — boychechak. U qor tagidan zahmat bilan yo‘l topib, bizga umid va tiriklik xabarini olib keladi. Biz esa uni yer bag‘ridan avaylab emas, piyozi (ildizi) bilan yulib olamiz.

Demak ildiz sug‘urib olindimi tabiat o‘sha nuqtada qayta uyg‘onmaydi. Biz  bahorning ilk elchisini keyingi yili u yerdan topolmasligimiz mumkin.

Tog‘-toshlarda qip-qizil gilam bo‘lib to‘shalgan lolazorlar bugun yildan-yilga siyraklashib, go‘yo qon yig‘lamoqda. Keyingi paytlarda odamlarning lolaqizg‘aldoq o‘sadigan qir adirlarga to‘g‘ri mashina bilan kirib borish urf bo‘ldi… Lola va lolaqizg‘aldoq sayli bahonasida ularni dasta-dasta qilib uzamiz, shaharga yetib kelguncha esa ular so‘liydi va axlat qutisidan joy oladi.

Navro‘z aslida tabiatning yangilanish bayrami, ammo tabiatni ulug‘layotgan kunimizda, unga ko‘proq ozor yetkazayotgan bo‘lsak demak, biz Navro‘zni shunchaki ramz sifatida qabul qilyapmiz, lekin uning mohiyatini yashamayapmiz. Bu shunchaki ekologik muammo emas, balki madaniy paradoks.

Gap bayramni nishonlash yoki uni tanqid qilishda emas, balki qadriyat va amaliyot o‘rtasidagi masofada. Navro‘z haqiqatan tabiat uyg‘onishi bo‘lsa, u avvalo insonning munosabatini uyg‘otishi kerak.

Navro‘z har yili qayta keladi. Quyosh yana yorug‘roq nur sochadi, yer yana isiydi. Ammo savol ochiq qoladi: biz ham har yili bir oz o‘zgaryapmizmi?

Yoki tabiatning har yili uyg‘onishi biz tashlab ketgan plastik qatlamlari ostida tobora qiyinlashib boraveradimi?

Bugun biz tabiatning yangilanayotganidan, uyg‘onayotganidan xursand bo‘lamiz. Ammo shu tabiat borib-borib plastikli yer ostida uyg‘onishga qiynalmasmikan?
Umuman, bir kun kelib, Yer uyg‘onmay qolsa-chi?

Eng xavflisi biz o‘zimizni yomon ish qilayapmiz, deb hisoblamaymiz. Chunki bayram nishonlayapmiz, sumalak saylida birlashayapmiz, hashar uyushtirayapmiz, ko‘chat ekayapmiz. Ya’ni ramziy poklanish bor, ammo ekologik mas’uliyat yo‘q.

Navro‘zning haqiqiy qiymati bayram tantanalarida emas, balki bayramdan keyingi sukutda, bo‘sh qolgan maydonlarda, adirlarda va ariq yoqalarida ko‘rinadi. Sukunatni chiqindilar shovqini buzsa demak, biz nafaqat tabiatni, balki o‘zimizni ham aldagan bo‘lamiz.

Shunda o‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: biz haqiqatan ham Navro‘zni qarshi oldikmi  yoki faqat uning nomini nishonladikmi?

Barno Sultonova



Source link

Continue Reading

Mahalliy

22 mart — Butunjahon suv kuni. Oltindan qimmat ne’mat…

Published

on



22 mart — Butunjahon suv kuni. Oltindan qimmat ne’mat…



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.