Jamiyat
Andijonda oltinlarni turli nayranglar orqali olib kirishga uringan shaxslar to‘xtatib qolindi
«Do‘stlik» chegara bojxona posti orqali harakatlangan fuqaro shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganida zargarlik buyumlarini do‘ppisining ichiga joylab olib o‘tmoqchi bo‘lgani ma’lum bo‘ldi.
Foto: O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi
«Do‘stlik» chegara bojxona posti orqali O‘zbekistonga kirib kelayotgan ikki nafar ayolning yuklari bojxona nazoratidan o‘tkazildi. Ulardan birining kiprik bo‘yog‘i (tush) idishi ichiga uch dona quyma oltin yashirincha joylangani aniqlandi.
Uning hamrohi esa oltin bo‘laklarini atir idishi hamda ruchka ichiga joylashtirgan holda olib o‘tishga uringan.
Shuningdek, ushbu post orqali harakatlangan yana bir fuqaro shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganida zargarlik buyumlarini do‘ppisining ichiga joylab, olib o‘tmoqchi bo‘lgani ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holatlar yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Qonunchilikka ko‘ra, jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlari uchun notijorat maqsadlarda respublikaga olib kiriladigan tovarlarning bojsiz olib kirish normasi avtomobil va piyoda o‘tkazish punktlari orqali 300 AQSh dollari miqdorida belgilangan. Mazkur talablar zargarlik buyumlariga ham tatbiq etiladi. Bunda buyumlarning tayyor zargarlik mahsuloti bo‘lishi hamda notijorat maqsadlarda olib kirilishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Jamiyat
O‘zbekistonliklar uchun Fransiyada mavsumiy ish taklif etilmoqda
Nomzodlar fransuz tilini muloqot darajasida bilishi hamda qishloq xo‘jaligi sohasida kamida uch yillik ish tajribasiga ega bo‘lishi lozim. Ish haqi oyiga 1650 yevroni (qo‘lga tegadigan summa) tashkil etadi.
O‘zbekistonliklar Fransiyaning Men va Luara hamda va Rona hududlarida meva-sabzavot yetishtirish sohasidagi mavsumiy ishlarga borishlari mumkin.
Xabar qilinishicha, ish meva-sabzavot hosilini yig‘ib-terishdan iborat.
Tanlovda 25−45 yoshli, sudlanmagan erkaklar va ayollar ishtirok etishi mumkin. Nomzodlar fransuz tilini muloqot darajasida bilishi hamda qishloq xo‘jaligi sohasida kamida uch yillik ish tajribasiga ega bo‘lishi lozim.
Meva dalalarida ish 17 avgustdan, sabzavot dalalarida 1 oktyabrdan boshlanadi.
Ish haqi oyiga 1650 yevroni (qo‘lga tegadigan summa) tashkil etadi.
Nomzodlar viza rasmiylashtirish, aviachipta, turar joy va transport hamda oziq-ovqat xarajatlarini o‘z hisobidan qoplaydi. Ishga joylashgandan so‘ng viza va aviachipta uchun sarflangan mablag‘larning bir qismi Migratsiya agentligi tomonidan qoplab berilishi belgilangan.
Ish beruvchi vakillari tomonidan tanlov onlayn shaklda o‘tkaziladi. Nomzodlar «Xorijda ish» platformasida CV to‘ldirganlar orasidan saralab olinadi.
Arizalarni 20 iyunga qadar «Xorijda ish» platformasida shakllantirish mumkin.
Jamiyat
Qashqadaryoda qum-shag‘al aralashmasini noqonuniy qazib olish holatlari fosh etildi
Mazkur harakatlar natijasida yetkazilgan zarar miqdori 1,3 mlrd so‘m deb baholanmoqda.
Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro N.N. va boshqalar Qamashi tumanidagi “Qashqadaryo” daryosining “Qo‘shkapa” MFY hududidan oqib o‘tuvchi qismida 26 614,4 metr kub noruda hisoblangan qum xomashyosini o‘zboshimchalik bilan qazib olib, davlat va jamiyat manfaatlariga 665,5 mln so‘mlik zarar yetkazganliklari aniqlangan.
Departamentning Chiroqchi tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “S.O.” xususiy korxonasi mas’ul shaxslari “Chiyalinskoe (1973)” konining belgilangan chegarasidan tashqarida 15 338,8 metr kub noruda hisoblangan qum-shag‘al aralashmasini qazib olgani aniqlangan. Yetkazilgan zarar miqdori 400,2 mln so‘m deb baholangan.
Departamentning Mirishkor tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro M.M. va boshqalar “H.F.” MChJning “Chandir” MFY hududidagi yer maydonida 9 755,7 metr kub qumni qazib olib, davlat va jamiyat manfaatlariga 253,5 mln so‘mlik zarar yetkazganliklari aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 229-moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Jamiyat
Toshkentda fuqarodan ming dollar talab qilgan tuman gaz ta’minoti bo‘limi xodimi ushlandi
Yunusobod tumani gaz ta’minoti bo‘limida ishlovchi mas’ul shaxs gaz hisoblagich o‘rnatilmaganligi sababli dalolatnoma tuzmaslik, jarimaga tortmaslik va hujjatlarni to‘g‘rilab berish evaziga fuqarodan 12 mln so‘m talab qilgan.
Toshkent shahrida fuqarodan hisoblagich yo‘qligi sababli ishlarini bosti-bosti qilib berish evaziga 1 000 AQSh dollari talab qilgan Yunusobod tumani gaz ta’minoti bo‘limi xodimi qo‘lga olindi.
Ma’lum qilinishicha, fuqaro Toshkent shahar IIBBga murojaat qilib, Yunusobod tumani gaz ta’minoti bo‘limida ishlovchi mas’ul shaxs gaz hisoblagich o‘rnatilmaganligi sababli dalolatnoma tuzmaslik, jarimaga tortmaslik va hujjatlarni to‘g‘rilab berish evaziga 12 mln so‘m talab qilayotganligi va shu kunga qadar 1 million 200 ming so‘m berganligini ma’lum qilib, mazkur shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Yunusobod tumani gaz ta’minoti bo‘limida ishlovchi mas’ul shaxs fuqarodan talab qilingan pulning qolgan 10 mln 800 ming so‘mini olgan vaqtida ushlangan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksi 168-moddasi uchinchi qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jamiyat
“Ijtimoiy reyestr”dagi yosh oilalar uchun ijara xarajatlarini qoplash bo‘yicha onlayn xizmat ishga tushdi
Mablag‘ 12 oygacha muddatga, har oy ijara to‘lovining 50 foizigacha miqdorda ajratiladi.
Sun’iy intellekt yaratgan surat
“Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan yosh oilalar uchun turar joy ijarasi xarajatlarini qoplash bo‘yicha onlayn xizmat ishga tushirildi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj yosh oilalar my.gov.uz portali yoki uning mobil ilovasi orqali ijara xarajatlarini qoplash uchun onlayn ariza yuborishi mumkin.
Mablag‘ 12 oygacha muddatga, har oy ijara to‘lovining 50 foizigacha miqdorda ajratiladi.
Bunda Toshkent shahri, Nukus shahri va viloyat markazlarida bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravarigacha, boshqa hududlarda esa BHMning 2 baravarigacha to‘lanadi.
Kompensatsiya puli har oy ariza beruvchining ijtimoiy kartasiga o‘tkazib beriladi.
Uy egasi va ijaraga oluvchi yosh oila o‘zaro yaqin qarindosh bo‘lsa, kompensatsiya tayinlash avtomatik ravishda rad etiladi.
Ijara kompensatsiyasi oluvchi yosh oilalar 12 oy davomida volontyorlik loyihalarida qatnashishi, “Mutolaa” loyihasi doirasida har oy kamida bitta kitob o‘qishi hamda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi kamida bitta tanlov yoki musobaqada ishtirok etishi lozim.
Jamiyat
Dulsi xonim izlagan Boqijon Akramov Buxoro va Qashqadaryodan topildi
Ikkinchi jahon urushi davrida nemislar qo‘liga asir tushib, Jyersi orolida tutqunlikda bo‘lgan va jahannam orolidan qochishga muvaffaq bo‘lgan Boqijon Akramov asli Namangandanmas, balki Buxoro shahridan ekani ma’lum bo‘ldi. Kun.uz muxbiri Buxoro va hozirda uning avlodlari yashayotgan Qashqadaryo viloyatida bo‘lib, ular bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldi, Boqijon Akramovning urushdan o‘zi bilan olib kelgan noyob suratlari bilan tanishdi.
Yaqinda BBSʼda II jahon urushi davrida nemis askarlari qo‘liga asir tushib, Fransiya va Britaniya o‘rtasidagi La-Mansh bo‘g‘ozidagi Jyersi orolida tutqunlikda yashagan o‘zbek askari Boqijon Akramov haqida xujjatli film namoyish qilindi. Tunnel va bunkerlar qurish uchun foydalanilgan askar ajal orolidan 1943 yilning 27 aprelida qochib ketishga muvaffaq bo‘ladi va 3 oy davomida dalalarda yashirinib yurib, kartoshka po‘chog‘i bilan oziqlanib tirik qoladi.
Jyersi orolini qo‘riqlayotgan nemis askari, 1940 yil / FOTO: Atlantic-Press/ullstein bild via Getty ImagesAtlantic-Press/ullstein bild
O‘shanda mahalliy fermerlardan biri – Le Bretonlar oilasi o‘z jonini xatarga qo‘yib bo‘lsa ham Boqijon Akramovga uyidan boshpana berib, uning hayotini saqlab qoladi.
Boqijon Akramovga boshpana bergan Jon va Fillis Le Bretonlar / FOTO: BBC
O‘zbekistonlik askar oiladan ingliz tilini o‘rganadi, urush tugagunicha dala ishlarida oilaga yordam beradi. Urushdan keyin Akramov O‘zbekistonga qaytib keladi.
BBS muxbirlari Boqijon Akramov asli namanganlik bo‘lgani haqida ma’lumotga duch kelishgan. Shundan so‘ng BBC muxbiri Namanganda Boqijon Akramovning nevarasi ekani deya aytilgan Shamsiddin Oxunboyev va uning singillari bilan uchrashadi. Namanganlik oila bobosining hayotini saqlab qolgan fermerning 90 yoshli qizi Dulsi Le Breton bilan videomuloqot davomida ko‘z yosh ham to‘kishadi. Keksa Dulsi xonim Namanganga taklif qilinadi.
Shamsiddin Oxunboyev
Dulsi Le Breton
Dulsi o‘z uyida saqlayotgan Tom amaki (Boqijon Akramov)ning surati FOTO: BBS
Xo‘sh, britan oilasi g‘amxo‘rlik qilgan Boqijon Akramov asli namanganlikmi? U chindan ham namanganlik Shamsiddin Oxunboyevning bobosimi?
Boqijon Akramovning nevarasi deya aytilgan Shamsiddin Oxunboyev bobosining birorta suratini taqdim qilmagan. Lavhada Shamsiddin Oxunboyev bobosining urushda nemislarga asir tushgani, u yerdan qochgani va uni ingliz oilasi qutqarib qolgani haqida hech kimga hech narsa aytmaganini ham aytib o‘tgan.
Savollar tug‘ilgani uchan Shamsiddin akaning telefon raqamini surishtirib topib bu qiziqarli tarix haqida men ham ko‘rsatuv tayyorlamoqchi ekanimni aytdim. Avvaliga rozi bo‘lgan otaxon negadir fikridan qaytdi va hatto mendan shubhalana boshladi. Qizig‘i, Telegramʼdagi yozishmalarimizni (uy manzilini tashlab bergan edi) ham o‘chirib tashladi.
Shu bois bu mavzuga yana ham jiddiyroq qiziqa boshladim…
Xo‘sh, Britaniyaning Jyersi orolida yashovchi Dulsi Le Breton xonim izlayotgan Boqijon Akramov aslida kim? Ushbu savolga javob izlab Buxoroga yo‘l oldik…
***
Buxoroda Boqijon Akramovning qarindoshlarini yaqindan tanigan Hofizjon Rahimboyev bilan uchrashdik.
Sobirjon Haydarov, Boqijon Akramovning nevarasi
Ertasi kuni Qashqadaryoning G‘uzor tumaniga yo‘l oldik. Boqijon Akramov urushdan avval Buxoroda yashagan. Urushdan keyin esa G‘uzorga borib o‘sha paytdagi Telman (hozirgi 7-maktab) nomidagi maktabda matematika fanidan dars bergan ekan.
G‘uzor tumanida Boqijon Akramov qabrini ziyorat qildik. G‘uzorda tutqunlikda yashagan askarning onasi Ochiloy Shodiyevaning ham qabri bor ekan.
II jahon urushi davrida nemislar qo‘liga asir tushib Jyersi orolida tutqunlikda yashagan o‘zbek askari Boqijon Akramov asli namanganlik emas, balki buxorolik ekani oydinlashdi. Qarshi shahridagi Boqijon Akramovning o‘g‘li Mels Akramov yashagan hovlidagi eski sandiq ichidan tarixiy suratlarni topdik. Ular ichida Boqijon Akramov urushdan o‘zi bilan birga olib kelgan suratlar bor edi.
Boqijon Akramovning o‘g‘li Mels Akramov yashagan hovli
Boqijon Akramov Fillis Le Breton bilan
Boqijon Akramovning Britaniyadan olib kelgan surati
Boqijon Akramov o‘zi bilan birga Le Bretonlar oilasi, aniqrog‘i Fillis Le Breton bilan tushgan suratlarga qo‘shib yana bir nechta esdalik suratlari, tilla soat va Bibliya olib kelgan ekan.
Boqijon Akramov kim?
Boqijon Akramov 1914 yilda Buxoro shahrida tug‘ilgan. Otasi Akramov Xudoyor, onasi Ochiloy Shodiyeva. Uning Narzi Akramova (1921 yilda tug‘ilgan), Hamro Hasanova (1924 yilda tug‘ilgan) ismli singillari bo‘lgan.
Boqijon Akramov 1931-32 yillarda “Kambag‘al dehqon” kolxozida o‘qituvchi bo‘lgan. 1932-33 yillarda Dushanbe shahridagi o‘qituvchilar tayyorlash texnikumida ta’lim olgan. 1933 yilda 33 yoshida uning otasi kasallikdan vafot etgan. Singillari hali yosh bo‘lgani uchun Dushanbedan Buxoro shahriga qaytib keladi. U paytlar qurg‘oqchilik, ocharchilikka to‘g‘ri kelgan.
1939 yilning yozida Boqijon Akramov Fazilatxon Po‘latovaga uylanadi. 1939 yilning noyabrida Qizil Armiya safiga xarbiy xizmatga chaqiriladi. 1940 yilda u o‘g‘il farzandli bo‘ladi. Ismini Mels qo‘yishadi.
Boqijon Akramovning turmush o‘rtog‘i Fazilatxon Po‘latova, o‘g‘li Mels Akramov va qizi Nazira Akramova
Askar urushda nemislarga asir tushadi. Minglab asirlar qatorida u Jyersi orolida nemis istehkomlari qurishda ishtirok etadi. Bir necha marta urinishlardan so‘ng u oroldan qochishga muvaffaq bo‘ladi. Boqijon Akramovga britan oilasi – Le Bretonlar o‘z uyidan boshpana berib hayotini saqlab qoladi. Urush tugagunicha askar shu oilada Tom nomi bilan jon saqlaydi. Ingliz tilini o‘rganadi.
1943 yilda Qashqadaryo Buxoro viloyatidan mustaqil bo‘lib ajrab chiqdi. 1944 yilda Boqijon Akramovning yaqinlari G‘uzorga ko‘chib kelishadi. Chunki cinglisi Narzi Akramova G‘uzor partiya qo‘mitasiga ishga tayinlangan edi.
Boqijon Akramov yashagan hovli, Buxoro
1945 yilning oxirida Boqijon Akramov urushdan qaytib keladi. Yaqinlarini Buxorodan topa olmay, G‘uzorga ketadi va Telman nomidagi maktabda dars bera boshlaydi. 1946 yilning oktyabrida Boqijon Akramovning ikkinchi farzandi Nazira tug‘iladi.
Shahodat Fattayeva, Boqijon Akramovning jiyani
Ko‘p o‘tmay Boqijon Akramov betob bo‘lib qoladi. U yaqinlariga konslagerda qanday qiyinchiliklar ko‘rganlari, nemis askarlari boshiga har daqiqada rezina darralari bilan urganlari va Jyersi orolidan qochib ketgani, britan oilasi uyidan joy berib hayotini saqlab qolgani haqida aytib bergan. Boqijon Akramov vafotidan so‘ng uning turmush o‘rtog‘i va farzandlari Buxoro shahriga ko‘chib ketishadi.
Boqijon Akramovning yaqinlari qabri, Buxoro shahri
Boqijon Akramovning 86 yoshli kuyovi Sayfullo Haydarov
Shuhrat Akramov, Boqijon Akramovning nevarasi
Shahlo Akramova, Boqijon Akramovning nevarasi
Boqijon Akramovning nevaralari
***
Tasvirga olish jarayonida Boqijon Akramovning jiyani Shahodat Fattayeva, nevaralari Shuhrat Akramov, Sobir Haydarov, Akmal Akramov, Shahlo va Ra’no Akramova bobolarining hayotini saqlab qolgan Le Bretonlar oilasi vakili, 90 yoshli Dulsi xonimga alohida minnatdorchilik bildirishib, uni O‘zbekistonga taklif qilishdi.
-
Iqtisodiyot2 days agoSpaceX tarixdagi eng yirik IPOʻni amalga oshirdi
-
Dunyodan2 days agoYevropa Ittifoqi Oʻrta Yer dengizidagi “soya flotlari”ga qarshi reydlarni kuchaytirdi
-
Jamiyat4 days agoTerrorizmni moliyalashtirgan 8 nafar shaxsga sud hukmi o‘qildi
-
Dunyodan4 days ago
Ray-Ban aqlli ko’zoynaklari texnologik mo’jizami yoki shaxsiy hayotga tahdidmi?
-
Iqtisodiyot4 days ago6 nafar mashhur bloger 3,1 mlrd so‘m soliq to‘lamagani aniqlandi
-
Sport4 days agoNiderlandiya bilan o‘yin ishonch berdi: O‘zbekiston JChga tayyor ekan!
-
Sport5 days agoJahon chempionati hakami AQShga kiritilmadi
-
Sport4 days agoO‘zbekiston va Senegal vakillari AQShda qattiq tekshiruvdan o‘tkazildi
