Connect with us

Jamiyat

Alpomishning tog‘alari qayerda?

Published

on


Jizzax shahridan kunchiqar tarafga qarab yo‘nalgan asfalt yo‘l go‘yoki Turkiston tizma tog‘lari hududini Mirzacho‘l sarhadlaridan chegaralayotganday tuyuladi. Aholi manzillari ahyon-ahyonda uchraydi, ba’zan ularni oralab, ba’zan chetlab yuramiz. Yo‘l ko‘rsatkichlari Ravot, Mag‘ol, Achig‘i kabi joy nomlarini bizga tanishtiradi, shu asnoda ular tarixiy manbalarda qayd etilgani ham yodimizga tushadi.

Aniqki, biz qadim Buyuk Ipak yo‘lining tarmoqlaridan biri bo‘ylab borayotirmiz, deya o‘ylaymiz va bu fikr qalbimizga allanechuk tuyg‘ular berib, vujud esa sezilar-sezilmas hayajonli titroq va quvonchga to‘ladi.

Necha-necha asrlik kechmish sinoatlarini bag‘rida jamlagan tarixiy va zamonaviy manzillarni o‘zaro tutashtiruvchi mazkur yo‘l bizni Zomin tumani markaziga olib bordi.

Choqqina ko‘rkam shaharcha bo‘ylab ancha yuriladi. Katta chorraha kelganda esa yo‘limiz o‘ngga, bizga kerakli manzil sari buriladi. Xiyol vaqt o‘tmay shahardan chiqib ketamiz va ko‘z o‘ngimizda o‘rkach-o‘rkach adirlar namoyon bo‘ladi. Uzoq tog‘lardan kelayotgan suvi mo‘lgina soy o‘zaniga tushgan mashina endi shitob bilan yuqoriga qarab intiladi.

– Bu Zominsuv, – deydi haydovchimiz.– Endi yo‘lning yarmidan ozi qoldi…

Yana bir oz jadallab yurgach, haydovchi ulkan devolga ishora qiladi:

– Zomin suv ombori, to‘g‘rirog‘i, uning to‘g‘oni mana shu! Yo‘limiz hali huv tepalikka chiqib boradi, o‘shanda yaxshilab tomosha qilasizlar. Shu hovuz suv muammosini hal qildi…

Qarshimizda turgan tog‘ quchog‘ida Zominsuv yoqalab tobora balandlab borayotgan yana qirq chaqirimcha yo‘l bizni ming metrdan ham ziyodroq yuksaklikka olib chiqishini hali bilmasdik…

Manzara tobora o‘zgarib boradi: yalang‘och adirliklardan keyin tog‘ boshlanib, yon-atrofda yakkam-dukkam o‘sgan katta-kichik daraxtlar uchradi, ko‘p o‘tmay archazor oralaymiz. Ikki yonda aholi uylari, qirg‘iz o‘tovlari lipillab ko‘rinadi, dam olish maskanlari nisbatan ko‘proq uchramoqda.

Nihoyat, tepasiga “Zomin milliy bog‘iga xush kelibsiz!” deya bitib qo‘yilgan mahobatli darvozaga keldik.

Bu yerda biroz to‘xtadik, rasmiy salom-alik va tanishuvdan so‘ng, yana olg‘a! –buyog‘i, Zomin milliy bog‘i hududi bo‘ylab yuriladi. Borayotganimiz tog‘ vodiysi quyidan yuqorigacha rosmana o‘rmon bo‘lib, yashil olam ichra qolgandik go‘yo!

Atrofda tog‘lar girillab aylanadi! Avtoulov qichab harakatlanadi. Balandlikka shitob bilan ko‘tarilayotganda kuchaygan bosim, endigina yerdan uzilib parvoz boshlagan samolyotdagi kabi, odamni mashina o‘rindig‘iga mixlab qo‘ymoqda!

Nihoyat… osmonu falakning yashil olami uzra suzayotgan sutrang Yarim oyga o‘xshash, yoki yana ham aniqrog‘i, ulkan oppoq kemaga monand ajoyib bir inshootga nigoh tushadi!

Bu – dengiz sathidan 2000 metr balandlikda, tog‘ bag‘rida 1981–1988 yillarda qurilgan, yetti qavatli, uzunligi 300 metrga yaqin, 600 o‘rinli, o‘sha mashhur “Zomin” sanatoriysi!..

Aytishlaricha, bir paytlar O‘zbekiston rahbari Sharof Rashidov sobiq Ittifoqning qudratli rahbarlaridan birini Zomin tog‘laridagi dala hovli, ya’ni dachaga olib kelgan. Ko‘p yillar nafas bo‘g‘ilishidan azob chekib yurgan yuqori martabali mehmon shu joyda darddan xalos bo‘lgan. Shunda u Sochi kurorti uchun mo‘ljallangan bir loyihani Zominda qurishga qaror bergan. Ushbu qurilish umumxalq shanbalik hasharidan tushgan mablag‘ hisobiga amalga oshirilgan.

Baland tog‘lar og‘ushidagi Zomin o‘zining betakror tabiati, ignabargli archa o‘rmonlari, shifobaxsh havosi, xushbo‘y dorivor o‘simliklari bilan alohida o‘ringa ega. Ko‘rkam tog‘lar, nihoyatda toza havo qalbiga orom, vujudiga shifo istagan har bir kishiga haqiqiy ko‘ngil xushbaxtligini ato eta oladi. Kislorod va ultrabinafsha nurlar bilan tabiiy yaxshi boyigan havo yuqori nafas yo‘llari va asab tizimi uchun nihoyatda foydali.

Bu joyda o‘tlar yoz bo‘yi sarg‘aymaydi. Tog‘larning salqin shabadasi kishini silab-siypalab turadi. Yonbag‘irlarni mahobatli, favqulodda go‘zal daralar chegaralaydi. Suv bo‘ylari oqterak, majnuntol va jiydalardan iborat qayir chakalakzor – baland to‘qaylar bilan qoplangan. Uzoq Sharq taygalariga monand haqiqiy qalin o‘rmonlarda o‘sayotgan baland archalarning hatto 800 yoshlilari uchraydi. Daraxtlar ko‘lankasida qor to yozgacha erimasdan son-sanoqsiz buloqlarni boyitib turadi. Mustahkam daraxt ildizlari tog‘ning eng tik yonbag‘ir tuprog‘ini ham mahkam ushlab turadi, suv-havo ta’sirida nurashlardan saqlaydi. Demak, 700 xildan ortiq o‘simlik barq urib o‘sayotgani bejizga emas. Hayvonot dunyosini aksariyat quyon, tulki va jayra tashkil qilsa-da, ba’zida bo‘ri, to‘ng‘iz, ayiq, hatto Turkiston silovsinini uchratish mumkin. Endigina urchiyotgan bir necha juft qora laylak eng noyob hisoblanadi. Tog‘ kakliklari va ularning yirik turi – tog‘ kurkalari soni esa anchagina.

– Men Kavkaz, Qrim, Truskavets, boshqa chet el kurortlarida ko‘p bora bo‘lganman, – dedi zominlik nuroniy Shokir ota Qambarov, – ammo Zomindagidek joyni uchratmadim. Ularning barchasida bir tomon tog‘ bo‘lsa, buyog‘i dasht, ko‘l yoki nari borsa daryo, bu yerda esa chor taraf tog‘. Bunday go‘zal tabiat hech joyda yo‘q, lof desangiz ham aytaman: Shveysariya mamlakatida ham yo‘q! O‘zimizning Zomin hammasidan yaxshi!..

Uzoq tarixga ega bo‘lgan Zomin zaminidagi qal’a va qo‘rg‘on xarobalari qadimda o‘tgan Ustrushona davlatining shon-shuhratidan dalolat beradi, asrlar osha og‘izdan og‘izga o‘tib kelgan rivoyat-hikoyatlari mazkur yurt tarixini afsonalarga burkaydi….

Zominda bugungi kun afsonasi ham yaralmoqda…

– Kimlar ekan, bu qarapchi deganlari?

– Endi bildim: Alpomishning tog‘alari!

Turkiy xalqlarning eng qadim vakillaridan bo‘lgan o‘zbek eli, qavmlari tarixchi va etnograf olimlar tadqiq etganlaridek, o‘zining nihoyatda ulkan ma’naviy boyligi, bebaho milliy merosi bilan alohida mavqega ega. Shu ma’noda o‘zbek xalq og‘zaki ijodining yirik asari bo‘lgan «Alpomish» dostoni YuNESKO tomonidan jahon ahamiyatiga molik nodir badiiy, qomusiy va ilmiy qadriyat, deb topilgani bejizga emas.

Butun o‘zbek xalqining ma’naviy mulki bo‘lgan “Alpomish” dostoni yaratilgan maskan, bu – Surxon vohasi hisoblanadi. Alpomish mana shu bepoyon yaylovlarda, baland tog‘ daralarida gumburlatib ot chopgan, shu yurtning zilol ko‘llaridan suv ichgan, shu mag‘rur elga munosib pahlavon bo‘lib yetishgan.

Bilasiz, xalq og‘zaki ijodida Alpomishning asl ismi Hakimbek. Hakimbek degani – dardga darmon demakdir, uni yurt boshiga kun bo‘lib kelgan deydilar, ya’ni, tushuningkim, alp Alpomishning kelgani – xalqning boshiga kun tuqqani…

Nihoyat, shundoq ma’nolarda ham yana anglash lozimki, baxshilar Alpomishning onasini bekorga Kuntug‘mishbeka deb atashmagan, shekilli!

Ammo, faqat… Sobir Abdulla – o‘tgan asrning qirqinchi yillari yozma adabiyotda ilk marotaba qahramonlik eposining musiqali drama variantini yaratganida… Alpomishning onasiga Oyimjon deya ot qo‘ygan!..

Shu o‘rinda o‘z-o‘zidan tabiiy savol tug‘ildi: Alpomishni tuqqan ona haqida hech o‘ylab ko‘rilganmi? Masalan, deylik, qayerdan va qaysi eldan? Bu to‘g‘rida nimalarni bilamiz?

E’tirofga ko‘ra, o‘zbek xalq eposi, jumladan, “Alpomish”da har tomonlama mukammal ishlangan ayol obrazi Barchin hisoblanadi, u davrning yuksak ideallarini o‘zida mujassamlashtirgan – Vatan va oilani sevish, xalqqa va qarindoshlarga hurmat, murakkab masalalarni hal qilishda mustaqillik va jasorat…

Keyingi o‘rinda Alpomishni qahramonliklarga undagan Qaldirg‘och, uning Barchinga nisbatan hurmati, chuqur ma’naviy dunyosi, oqko‘ngil va sofdilligi, akasiga, qarindosh-urug‘lariga mehru shafqati turadi

Ammo, Kuntug‘mishbeka obrazi borasida bu so‘zlarni aytib bo‘lmaydi, chunki, kaminaning kuzatuviga ko‘ra, Alpomishga ona hisoblanmish ayol dostonning syujet chiziqlarida aksar sezilmaydi, voqealarda ishtiroki qariyb yo‘q darajada!

Xo‘sh, mazkur soyada qolish holati qanday izohlanadi?

Buni dostonni kuylash (ijro etish) jarayonining qaysi bir o‘rinida yuzaga kelgan holatdan izlansa, to‘g‘ri bo‘lar, balki?

Ammo “Alpomish” dostonining 2014 yili “Tafakkur” nashriyoti chop etgan Surxondaryo variantida (aytuvchi: Xo‘shboq baxshi Mardonaqul o‘g‘li) buning aksini ko‘rasiz. Masalan, Kuntug‘mish obrazi bir necha o‘rinda ifodalanadi, unda hatto Hakimbekning xolasi aks etgan epizod ham bor!..

Jizzax viloyatining Zomin tumaniga dam olish uchun borib, bu borada kutilmagan ma’lumotlarga duch keldim.

Keling, yaxshisi, avvalo, zominlik shoir Hayot Shodmon (Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin) qalamiga mansub quyidagi satrlarga e’tibor qarataylik:

…Baxshilarning aytib ketgan bordir so‘zi,

Alpomish ham jiyan ekan bizga o‘zi,

Enalari bo‘g‘an asli Zomin qizi,

Sohibqiron shifo topg‘an, darmon elim,

Mulki Turon vafo topg‘an, qo‘rg‘on elim…

 Alpomishning onasi asli Zomindan ekanligi… O‘zi esa ularga jiyan hisoblanishi… Xalqimiz og‘zaki ijodidan qay bir buloqlar ilhom berib yaratilmish ekan, ushbu g‘aroyib nazmiy qatorlar!?

Juda qiziq-da, bu! Shunday emasmi?

Xullas, izlab ko‘rilsa, uzoq-yaqin yillarda Sotiboldi, Alimbek, Omon, Xudoynazar, Yorlaqab singari baxshi-shoirlar umrguzaronlik qilgan yorug‘ maskanlardan biri bo‘lgan ekan, bu Zomin! Ular o‘z vaqtida boshqa dostonu termalar qatori “Alpomish”ni ham baravj kuylashgan. Xususan, qarapchilik Yorlaqab Beknazar o‘g‘li ijro etgan asar jonli ovozda to‘liq yozib olingani xabarini To‘ra Mirzayev qalamiga mansub “Alpomish dostonining o‘zbek variantlari” kitobidan (“Fan”, Toshkent, 1968, 163-164-betlar) bilib oldim!

Demak, Qarapchi qishlog‘i, Qarapchi etnonimi…

Zomin xalqining hassos ijodkor farzandi, Vatan tarixiga oid bir nechta ajoyib kitoblarini Og‘a Burgutli taxallusi bilan bezagan Sattor Qoraboyev bu atamaning oltita izohini beribdi Shulardan eng qizig‘i, “qarapchi” atamasining Pokistondagi Qarochi shahri nomiga bog‘lik jihati…

Xullas, “xo‘sh, desangiz bildik, o‘zbek ekansiz”, qabilida gap davom ettirilsa, qarapchi o‘zbek eli tarkibida ko‘p sonli va qadimda juz deya atab kelingan yuz urug‘ining shoxobchalaridan biridir. Surxondaryoda qarapchilar mavjudligini aniqlagan etnograf olima Bilqis Xalilovna Karmisheva, bu avlodlar orasida olis ajdodlarining Jizzax va O‘ratepa tomonlardan bundan 200–300 yillar ilgari ko‘chib kelganliklari haqida rivoyatlar saqlanganini keltiradi (“Ocherki etnicheskoy istorii yujnix rayonov Tadjikistana i Uzbekistana”, Moskva, “Nauka”, 1976, str.224).

Umuman olganda esa, keyingi ikki asrda Surxon va Hisor vohalarida yashab kelishgan Hisor yuzlari, Zarafshondan tortib Panjikent, Bekobod va Xo‘jand oralig‘idagi O‘ratepa yuzlari farqlanar ekan. Har ikki hududdagi yuzlar o‘zaro qavmi qarindosh, og‘a-ini, so‘zlashuvi ham bir xil.

Surxondaryo baxshisi Xo‘shboq Mardonaqul o‘g‘li kuylagan dostonda: “Bizning qo‘ng‘irot – yuz!”, deyilgan va… yuqorida keltirganimizdek Kuntug‘mishbeka ko‘p bora tilga olingan. Ayni shu on Yorlaqab Beknazar o‘g‘li qarapchi – yuz elida kuylab o‘tgan (va hali e’lon qilinmagan) dostonda ham Alpomish onasining obrazi ancha ishlangan bo‘lishi kerak, degan fikrlar kelib qoladi xayolimizga!..

Ma’rifat yo‘lida fidoyi ziyoli-olimlardan Bosim To‘ychiboyev, Qozoqboy Qashqirli qalamiga mansub “Zominning til qomusi” kitobini qo‘limga tutqazishdi.

Unda shunday satrlar bor:

– Zominliklar azal-azaldan bobolariga, o‘zining ildizi qayerlarga borib taqalishiga qiziqib yashashadi. Bu – ularning o‘ziga xos sifatlaridan biri. Shu bois zominliklarda urug‘ surishtiriladi. O‘zining qaysi urug‘ yoki etnik shoxga tegishli ekanini bilmaslik ayb sanaladi. Notanish bilan uchrashib qolsa: ”Ne el bo‘lasan?”– deb so‘raydilar. Bu so‘roq kishini, shubhasiz, sergaklantiradi, o‘zi mansub bo‘lgan urug‘ni, ularning kelib chiqishi va tarmoqlarini bilishga undaydi. Aks holda, odam o‘zgalar oldida noqulay ahvolga tushib, qisinib qolishi mumkin. Zominlik keksalar ko‘pchiligi o‘zi mansub shajarani yaxshi sharhlaydi va u haqda avlodlariga so‘ylab beradi (Toshkent, “Akademnashr”, 2012, 21, 24-betlar).

Shunga o‘xshash fe’l-atvor biz – surxondaryoliklarda ko‘proq uchramaydimi? Yana shuki, Jizzax va Sirdaryo taraflarda faqat Zomin aholisi yagona “j”lovchilar ekan! Og‘a Burgutlida: “og‘am, men kabi jo‘qchi qadrdonim!” degan satrlar uchradi…

Roppa-rosa 400 sahifadan iborat “Zominning til qomusi” kitobiga ana shu “j”lovchi zominliklarning uzoq zamonlar davomida o‘zaro muomalada bo‘lgan, ammo keyingi davrda unutilib borayotgan lug‘at boyligi jamlanibdi, so‘z, ibora, maqol, matal, topishmoq, lapar, aytishuv, nom, atama, olqish, qarg‘ish va boshqa qayta topilmas bebaho adabiy hamda til yodgorliklari kiritilibdi…

…Zomindan Jizzaxga qaytib, Qorayantoq qishlog‘ida tug‘ilgan, ko‘p yillar mas’ul vazifalarda ishlagan, iste’fodagi militsiya polkovnigi, do‘stimiz Orziqul Dushanov xonadonida bo‘ldik. O‘zaro suhbat asnosida u:

– Bobomdan qolgan bir gapni esladim, – deb qoldi. – Biz aslini olganda qo‘ng‘irot urug‘ining qo‘shtamg‘ali tarmog‘idanmiz, bundan juda ko‘p yillar ilgari eroniylar bosqini tufayli Surxondaryodan shu joylarga kelib qolgan ekanmiz – bobom shunaqa degandilar!

…Mana, biz anglamoqchi bo‘lgan gaplarning asl kalitlaridan yana biri!..

Demak, Zomin haqiqatan Alpomishning tog‘alariga makon bo‘lgan yurt. Zero, o‘z ildizlarini tobora anglab borayotgan turkiy xalq – o‘zbeklar uchun bu zaminlarda begona yo‘q, uchramaydi ham.

Abdulla Xolmirzayev.

 

 

 

 

 

 



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Toshkent atrofida yangi «yashil belbog‘»lar barpo etiladi

Published

on


Toshkent shahri va unga tutash hududlarda «Yashil belbog‘» loyihasining navbatdagi bosqichi amalga oshiriladi. Unga muvofiq, yangi yashil hududlar barpo etilib, iqlimga mos, qurg‘oqchilikka chidamli daraxt va buta ko‘chatlari ekiladi.

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri atrofida «yashil belbog‘»lar tashkil etish hamda yo‘l yoqalarida tabiiy o‘sib chiqqan daraxt va buta nihollarini saqlab qolish yuzasidan bildirilgan fikrlar o‘rganilgan.

Qayd etilishicha, prezidentning farmon va qarorlariga muvofiq, 2022–2026 yillarda Toshkent shahrida 1 million 350 ming tupdan ortiq daraxt va buta ko‘chatlari o‘tqazilgan. 2025–2026 yillarda esa poytaxt va unga tutash hududlarda Bektemir tumanida 38 ming, Toshkent tumanida 20 ming, Yangihayot tumanida 2,1 ming va Qibray tumanida 100 ming tup daraxt ekilgan. Shuningdek, 4R–21 avtomobil yo‘li yoqasida ham 2 mingdan ziyod manzarali daraxt va buta ko‘chatlari o‘tqazilgan.

2026–2027 yillarda Yangihayot tumanida 21,21 gektar, Sergeli tumanida 6,81 gektar, Bektemir tumanida 40,1 gektar hamda Chirchiq daryosining Mirzo Ulug‘bek, Yashnobod va Bektemir tumanlari hududidan o‘tuvchi qismi bo‘ylab 100 gektar maydonda yangi «yashil belbog‘»lar tashkil etish rejalashtirilgan.

Shuningdek, prezidentning 2026 yil 25 martdagi farmoniga muvofiq, Toshkent shahri va viloyatida botanika hamda dendrologiya bog‘larini tashkil etish uchun jami 385,3 gektar yer maydoni ajratiladi. Vazirlar Mahkamasining qarori asosida esa poytaxtda umumiy maydoni 139,6 gektar bo‘lgan to‘qqizta yangi jamoat bog‘ini barpo etish belgilangan.

Ekologiya qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, «Yashil belbog‘» loyihasi doirasida 2045 yilga qadar Toshkent shahri va unga tutash hududlarda kamida 58 ming gektar maydonda intensiv himoyaviy o‘rmonzorlar tashkil etish rejalashtirilgan. Buning uchun 50 million tupdan kam bo‘lmagan iqlimga mos, qurg‘oqchilikka chidamli va changni yaxshi ushlab qoluvchi daraxt hamda buta ko‘chatlari ekilib, ularning yashovchanligini 85 foizga yetkazish maqsad qilingan.

Mas’ullar ta’kidlashicha, «yashil belbog‘» loyihasi faqat ko‘chat ekish bilan cheklanmaydi. Uning doirasida yashil hududlarning huquqiy muhofazasini kuchaytirish, suv tejovchi sug‘orish tizimlarini joriy etish, havo sifati va yashillik qoplamini muntazam monitoring qilish, shuningdek, yo‘l yoqalarida tabiiy o‘sib chiqqan daraxt va buta nihollarini saqlab qolish choralari ham amalga oshiriladi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Mustaqillik shohko‘chasida harakat sxemasi vaqtincha o‘zgaradi

Published

on


Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Mustaqillik shohko‘chasida rekonstruksiya ishlarining navbatdagi bosqichi boshlanishi munosabati bilan transport harakati sxemasi vaqtincha o‘zgartiradi. Ta’mirlangan yo‘l qismi harakat uchun ochilsa, ko‘chaning qarshi yo‘nalishida qurilish-ta’mirlash ishlari olib boriladi.

Toshkent shahar hokimligi ma’lum qilishicha, Mustaqillik shohko‘chasida yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, transport oqimini tartibga solish va jamoat transporti harakati uchun qulay sharoit yaratish maqsadida qurilish-ta’mirlash ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Avvalgi bosqichda ko‘chaning bir tomonidagi qatnov qismi to‘liq ta’mirlanib, yo‘l qoplamasi yangilandi. Shuningdek, ko‘cha bo‘ylab muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va boshqa infratuzilma obektlarini takomillashtirish ishlari ham davom etmoqda.

Endi esa ko‘chaning ikkinchi tomonida ta’mirlash ishlarini boshlash uchun harakat tartibi o‘zgartiradi.

Shu munosabat bilan 2026 yil 16 iyul soat 01:00 dan 31 iyul soat 22:00 gacha Mustaqillik shohko‘chasining Parkent ko‘chasi kesishmasidan Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi chorrahasigacha bo‘lgan qatnov qismi transport vositalari harakati uchun vaqtincha yopiladi.

Ayni paytda 16 iyul soat 02:00 dan qurilish-ta’mirlash ishlari yakunlangan Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi kesishmasidan Oqqo‘rg‘on ko‘chasigacha bo‘lgan yo‘nalish barcha transport vositalari harakati uchun qayta ochiladi.

Ma’lum qilinishicha, vaqtinchalik cheklovlar Mustaqillik shohko‘chasini to‘liq va sifatli rekonstruksiya qilish, harakat xavfsizligini oshirish hamda haydovchilar, yo‘lovchilar va piyodalar uchun zamonaviy va qulay yo‘l infratuzilmasini yaratish maqsadida joriy etilmoqda.

Mas’ullar haydovchilardan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noqulayliklar uchun uzr so‘rab, yo‘nalishlarini oldindan rejalashtirishni tavsiya qildi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Bo‘stonliqda ko‘knori plantatsiyasi fosh etildi

Published

on


Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 17,6 ming tup ko‘knori va 9 tup kannabis yetishtirilgan yashirin plantatsiya aniqlandi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Foto: Videodan kadr / DXX

Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan «Xavfsiz va sog‘lom yurt» keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi navbatdagi tezkor tadbir o‘tkazildi.

Tadbir davomida Bo‘stonliq tumanida yashovchi 1971 yilda tug‘ilgan fuqaro taqiqlangan ko‘knori o‘simligini ekib, parvarishlab kelayotgani aniqlangan.

Gilavasoy qishlog‘i tog‘ yonbag‘irlarida joylashgan yer maydoni ko‘zdan kechirilganda, jami 17 600 tup ko‘knori va 9 tup kannabis o‘simligi mavjudligi ma’lum bo‘lgan.

Shuningdek, gumonlanuvchining yashash xonadoni tintuv qilinganda, quritilgan ko‘knori boshoqlari hamda quritib, maydalangan holda saqlanayotgan ko‘knori ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holat yuzasidan fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 270-moddasi 2-qismi «v» bandi hamda 25, 273-moddasi 6-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Serra-Leonedan yuborilgan kokain Toshkentda ushlandi

Published

on


Toshkent shahrida Serra-Leonedan kurerlik jo‘natmasi orqali olib kirilgan 728 gramm kokain musodara qilindi. Giyohvandlik vositasi avtoehtiyot qismlari ichiga yashirilgan bo‘lib, uni qabul qilib olgan shaxs qo‘lga olindi.

Foto: Videodan kadr / DXX

Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bojxona organlari xodimlari tomonidan «Xavfsiz va sog‘lom yurt» keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi navbatdagi tezkor operatsiya o‘tkazildi.

Ma’lum qilinishicha, Serra-Leone davlatidan yuborilgan kurerlik jo‘natmasini Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanidagi xususiy kurerlik xizmati orqali qabul qilib olmoqchi bo‘lgan Yashnobod tumanida yashovchi, 1983 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs ushlangan.

Tekshiruv davomida avtoehtiyot qismlari ichiga yashirilgan 728 gramm kokain borligi aniqlanib, giyohvandlik vositasi protsessual tartibda musodara qilindi.

Shuningdek, gumonlanuvchining yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, zip-paketlarga joylangan kukunsimon moddalar hamda tarkibida narkotik moddalar mavjud bo‘lgan shirinliklar ashyoviy dalil sifatida olindi.

Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom etmoqda.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Xitoyda ishlab chiqarilgan ayrim o‘yinchoqlar savdodan chiqarildi

Published

on


Xitoyda ishlab chiqarilgan ayrim bolalar o‘yinchoqlari savdodan chiqarildi. 

Jizzax shahridagi savdo nuqtalaridan birida o‘tkazilgan nazorat xaridlari davomida Xitoyda ishlab chiqarilgan ayrim bolalar o‘yinchoqlarida xavfsizlik talablariga nomuvofiqliklar aniqlandi. 

Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasining Jizzax hududiy bo‘limi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda Mesh Squezee Ball savdo belgili, stressga qarshi o‘rgimchak shaklidagi yumshoq o‘yinchoqlardan namunalar olinib, laboratoriya sinovlaridan o‘tkazildi. 

Sinov natijalariga ko‘ra, mazkur mahsulotlarda o‘tkir hid mavjudligi hamda formaldegid miqdori belgilangan me’yorlardan yuqoriligi aniqlandi. 

Mutaxassislarning qayd etishicha, formaldegid moddasi inson salomatligiga, xususan, nafas yo‘llari, ko‘z va teriga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, allergik holatlarni kuchaytirishi mumkin. 

Shuningdek, tekshiruv davomida mahsulot yorliqlarida zarur ma’lumotlar davlat tilida aks ettirilmagani ham qayd etildi. Aniqlangan holatlar «Bolalar o‘yinchoqlarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglament» talablariga zid deb topildi. 

Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan savdo subyektlariga tegishli ko‘rsatmalar berilib, mahsulotlarni savdodan chiqarish va realizatsiyasini to‘xtatish bo‘yicha choralar ko‘rildi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.