Jamiyat
Aktyor Yo‘lchi Ortiqov olamdan o‘tdi
Uning o‘limiga yurak xuruji sabab bo‘lgani aytilmoqda.
«Tog‘lik kuyov» filmidagi roli orqali tomoshabinlar e’tiborini qozongan aktyor va sport ustasi Yo‘lchi Ortiqov 51 yoshida hayotdan ko‘z yumdi.
Uning o‘limiga yurak xuruji sabab bo‘lgani aytilmoqda.
Avvaliga filmlarda kaskadyorlik bilan shug‘ullangan Yo‘lchi Ortiqov 2001 yilda «Tog‘lik kuyov» filmida ijro etgan roli orqali mashhurlikka erishgan. Keyinroq «Hayot-mamot», «Ayolning bir makri» va boshqa filmlarda ham rol ijro etgan.
U 2006 yildan keyin rol ijro etmagan va kino olamidan ketgandi.
Jamiyat
“Sudga chaqirildingiz” – Telegram’da zararli APK fayllari tarqatilmoqda
APK fayllari kiberfiribgarlar uchun telefoningizni ochib beruvchi “kalit” hisoblanadi. Bunday fayllarni ochish shaxsiy ma’lumotlarni ularga qo‘shqo‘llab topshirishday gap.
Telegram’da sudga chaqiruv bilan bog‘liq APK fayllari tarqatilmoqda. Bunday fayllarni ochish yoki zararli havolalarga kirish jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Ochsa nima bo‘ladi?
“Sud chaqiruvi” har qanday odamni qiziqtirib qo‘yadi. Ayniqsa, xabarnoma akkaunt egasining ismiga yozilgani ko‘pchilikni APK faylni ochishga undaydi. Chunki akkaunt egasida “meni kim sudga berdi ekan?”, “qayerda nima xato qildim?” degan savollarni uyg‘otadi. Aslida kiberfiribgarlarning maqsadi ham ushbu fayllarni ochishga undashdir.
APK fayllari kiberfiribgarlar uchun o‘zgalar telefonini ochib beruvchi “kalit” hisoblanadi. Ularni ochish yoki zararli havolalarga kirish jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
APK fayllari ochilsa, kiberfiribgar quyidagilarni qo‘lga kiritishi mumkin:
shaxsiy ma’lumotlar;
akkauntga ruxsatsiz kirish;
telefon apparatini masofadan boshqarish;
telefondagi moliyaviy ilovalardan pul o‘g‘irlash;
akkaunt nomidan uning tanishlariga zararli fayllar jo‘natish va boshqalar.
Shu sababli, fayl manbasi ishonchli bo‘lmasa, uni ochish va o‘rnatish tavsiya etilmaydi.
Tavsiyalar
Agar shubhali ilova ochilib, telefon qurilmasiga o‘rnatib yuborilgan bo‘lsa, quyidagi choralarni ko‘rish tavsiya qilinadi:
internetni o‘chirish yoki telefonni parvoz rejimiga o‘tkazish;
telefon sozlamalari orqali shubhali ilovani darhol o‘chirib tashlash;
muammo saqlansa, qurilmani tekshirish uchun mutaxassisga murojaat qilish;
to‘lov dasturlari (Payme, Click, Paynet yoki boshqa bank ilovalari) sozlamalariga kirib, u yerdagi qurilmalar bo‘limidan begona qurilmalarni chiqarib yuborish;
plastik karta ulangan telefon raqamini o‘zgartirish.
Avvalroq sirdaryolik yigit Telegram orqali tarqatilgan APK fayllari yordamida yuzlab fuqarolar bank kartalaridan 2 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni o‘g‘irlagani aniqlangandi.
Jamiyat
O‘zbekistonning Yangi Zelandiyada o‘rindoshlik asosidagi elchisi tayinlandi
Bugun Vellington shahridagi «Government House» qarorgohida bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda O‘zbekistonning Singapurdagi elchisi Alisher Qayumov Yangi Zelandiyada o‘rindoshlik asosidagi elchi sifatida ushbu davlat General-gubernatori Dame Sindi Kiroga ishonch yorliqlarini topshirdi.
«Dunyo» AA bkrgan ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekiston elchisi Yangi Zelandiyaning maori tub aholisiga xos qadimiy an’analar asosida tantanali ravishda kutib olingan.
Rasmiy marosim va undan keyingi suhbat chog‘ida so‘nggi yillarda izchil rivojlanib borayotgan O‘zbekiston – Yangi Zelandiya munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari muhokama qilingan. Xususan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilm-fan, ta’lim va boshqa sohalardagi hamkorlik masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Suhbat davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlash, siyosiy muloqotni faollashtirish, shuningdek savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa o‘zaro manfaatli sohalarda amaliy hamkorlikni kengaytirish muhim ekani qayd etildi.
Shu bilan birga, Yangi Zelandiya tomoni mamlakatlar o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalarni hamda boshqa sohalarda yo‘lga qo‘yilgan hamkorlikni izchil davom ettirishga tayyor ekanini bildirdi.
Uchrashuv yakunida General-gubernator Dame Sindi Kiro ikki tomonlama munosabatlarni bundan buyon ham mustahkamlashdan manfaatdor ekanini ta’kidlab, O‘zbekiston rahbariyati va xalqiga samimiy tilaklarini yo‘lladi.
Jamiyat
Buxoroda erkak sobiq ayolidan salkam 61 mln so‘m undirib oldi
Majburiy ijro byurosi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘yicha katta inspektori Ixtiyor Olimovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, peshko‘lik fuqaro B.M. sobiq xotini J.O.dan pul undirish maqsadida murojaat qilgan.
Holatga ko‘ra, B.M. va J.O.lar birga yashagan davrida ishlagan ish haqlaridan birgalikda «Kobalt» avtomashinasini xarid qilishgan. Avtomashina oila nomidan J.O.ga rasmiylashtirilgan. Oilaviy munosabatlar buzilgandan so‘ng mazkur mulkning huquqiy taqdiri sud orqali hal etilgan.
Sobiq er B.M. turmush davomida orttirilgan mol-mulkni umumiy, deb hisoblab, o‘z ulushini pul ko‘rinishida undirish maqsadida fuqarolik ishlari bo‘yicha Peshku tumanlararo sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan. Sud ishni atroflicha o‘rganib chiqqan. Qarorga ko‘ra, avtomashinaning bugungi kundagi o‘rtacha bozor qiymati 121 847 000 so‘m deb belgilanib, uning teng yarmi: 60 923 500 so‘m miqdoridagi pulni javobgar, ya’ni sobiq xotin J.O.dan undirilishi lozim, deb topilgan.
Ijro hujjati Majburiy ijro byurosining Peshko‘ tuman bo‘limiga yuborilib, ijro harakatlari boshlangan. Taraflarga ularning huquq va majburiyatlari to‘liq tushuntirilgan. Natijada 60 923 500 so‘m mablag‘ sobiq er B.M. foydasiga fuqaro J.O.dan to‘liq o‘tkazib berilgan.
«Mazkur holat oilaviy munosabatlar tugagan taqdirda ham turmush davomida orttirilgan mol-mulk qonun doirasida adolatli taqsimlanishini yana bir bor tasdiqlaydi»,—dedi Ixtiyor Olimov.
Jamiyat
Shota Rustaveli ko‘chasida avtobus piyodani urib yubordi
Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida avtobus piyodani urib yuborib, jabrlanuvchi shifoxonaga olib ketildi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
2026 yil 2 aprel kuni soat 12:41larda «Man» rusumli avtobus Shota Rustaveli ko‘chasida avtobuslar uchun ajratilgan maxsus yo‘lak bo‘ylab harakatlanayotgan vaqtda yo‘l-transport hodisasi sodir etgan.
Ma’lum qilinishicha, piyoda tartibga solingan o‘tish joyidan tashqari, svetoforning qizil chirog‘ida yo‘lni kesib o‘tayotgan vaqtda avtobus uni urib yuborgan.
Hodisa oqibatida 2013 yilda tug‘ilgan piyoda tan jarohati olib, tez tibbiy yordam brigadasi tomonidan shifoxonaga olib ketilgan. Shifokorlarning dastlabki xulosasiga ko‘ra, unga bosh miya chayqalishi tashxisi qo‘yilgan.
Haydovchi tomonidan jabrlanuvchiga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, tez yordam chaqirilgan. Hozirda piyoda shifokorlar nazoratida.
Mazkur holat yuzasidan tegishli idoralar tomonidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Telegram orqali 1 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘larni o‘g‘irlagan guruh ushlandi
Xorazm viloyatida Telegram orqali fuqarolar akkauntlarini buzib, bank kartalaridan 1 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni o‘g‘irlagan guruh fosh etildi, deya xabar berdi IIV axborot xizmati.
Qayd etilishicha, 10-mart kuni Ichki ishlar organlari va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida maxsus tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazilgan. Unda Xonqa tumanida tug‘ilgan shaxslardan iborat guruh oldindan til biriktirib, murakkab firibgarlik sxemasini yo‘lga qo‘ygani aniqlangan.
Mazkur guruh a’zolari jinoiy faoliyatini yashirish maqsadida boshqa fuqarolar nomiga rasmiylashtirilgan bank kartalari va mobil sim-kartalardan foydalangan. Bu orqali ular o‘z harakatlarini niqoblashga uringan. Gumonlanuvchilar Telegram messenjerida yopiq guruhlar tashkil etgan. U yerda Android qurilmalari uchun mo‘ljallangan APK formatdagi virusli fayllar tarqatilgan.
Fayllar orqali fuqarolarning Telegram akkauntlariga noqonuniy kirish amalga oshirilgan. Shundan so‘ng jabrlanuvchilar nomidan ularning yaqinlariga turli xabarlar yuborilib, pul mablag‘lari o‘tkazib olingan.
Shuningdek, telefonlarga bog‘langan bank kartalari orqali ham mablag‘lar yechib olingan. Tergov davomida guruh tomonidan umumiy hisobda 1 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ o‘g‘irlangani aniqlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, mablag‘lar «Binance», «Tonkeeper» va «Bitget» kabi platformalar orqali boshqa shaxslar nomiga o‘tkazilib, kriptoaktivlarga aylantirilgan.
Ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
-
Siyosat4 days agoOʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasida iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash boʻyicha qoʻshma ishbilarmonlar kengashi tuzildi
-
Dunyodan4 days ago
AQShda hukumatga qarshi ommaviy namoyishlar boshlandi
-
Jamiyat4 days agoMITʼdan 100 foiz grant yutgan sirdaryolik Asilbek Sunnatov
-
Iqtisodiyot2 days ago
O‘zbekistonda qaysi xorijiy davlat IT kompaniyalari ko‘p?
-
Jamiyat5 days ago
Shaxsga doir muhim ma’lumotlar O‘zbekiston hududida saqlanishi shartligi belgilandi
-
Dunyodan5 days ago
Rossiya benzin eksportini taqiqlaydi
-
Turk dunyosi5 days agoGremio Turkiyadagi turnirga taklif qilindi ✈️
-
Iqtisodiyot3 days ago
Surxondaryoda 940 gektar maydonda issiqxonalar tashkil etiladi
