Jamiyat
Aktrisa bilan «ijodiy uchrashuv» o‘tkazgan maktab ma’muriyatiga chora ko‘riladi
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi 48-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabda o‘quvchilar uchun ijodiy kecha o‘tkazilgani va unda aktrisa Nilufar Hamidova ishtirok etgani aks etgan videolavha tarqalib, ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bergan rasmiy munosabatga ko‘ra, 21-aprel kuni bo‘lib o‘tgan tadbir Oqqo‘rg‘on tumani hamkor tashkilotlar tashabbusi bilan «ijodiy uchrashuv» doirasida tashkil etilgan.
Tadbirga hududdagi «Qushtamg‘ali» mahallasi yoshlar yetakchisi O.A. hamda maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari A.R. «bosh-qosh» bo‘lgan.
«Biroq, mazkur tadbir haqida Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘limiga oldindan ma’lumot taqdim etilmagan. Bu esa belgilangan tartib-qoidalarning qo‘pol ravishda buzilganini ko‘rsatadi», – deyiladi rasmiy munosabatda.
Ta’kidlanishicha, hozirda holat o‘rganilyapti. Tadbirga mas’ul bo‘lgan shaxslarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berilib, belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘riladi.
Jamiyat
Janubiy Koreyada o‘zbekistonlik ayol vafot etdi: TIV bayonot berdi
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Janubiy Koreyada istiqomat qiluvchi O‘zbekiston fuqarosi Kim Nozima Akmal qizining o‘limi bilan bog‘liq vaziyatga izoh berdi.
Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi voqeadan beri Janubiy Koreya huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlik qilib kelmoqda va xolis tergov o‘tkazilishini ta’minlash uchun zarur ishlarni olib bormoqda.
Konsullik yordami doirasida marhumning onasi Feruza Alimbekova elchixona va mahalliy huquqni muhofaza qilish organlari ko‘magida Janubiy Koreyaga taklif qilindi. Joriy yilning 14-aprel kuni u advokati va diplomatik missiya vakillari bilan birgalikda tergovga rahbarlik qilayotgan Pxyontak politsiyasi bilan uchrashuvda ishtirok etdi.
Janubiy Koreya tomoni qo‘shimcha tekshirish choralari va dastlabki tergov natijalari haqida ma’lumot berdi. Huquqni muhofaza qilish organlarining ma’lumotlariga ko‘ra, sud-tibbiy ekspertizasida zo‘ravonlik bilan o‘lim belgilari aniqlanmagan.
Shuningdek, toksikologiya, qon va barmoq izlari tahlili kabi qo‘shimcha testlar o‘tkazilgani ta’kidlandi. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, zaharli moddalar, dori-darmonlar yoki tashqi yoki ichki jarohatlar izlari topilmadi.
Uchrashuv davomida jabrlanuvchining onasi va advokatiga u yashagan hududdan, shuningdek, olib ketilgan tibbiy muassasalardan olingan kuzatuv kameralari tasvirlari ko‘rsatildi.
Pxyontak politsiyasi rasmiylari tergov davom etayotganini va uning yakuniy natijalari yaqin qarindoshlariga yetkazilishini ma’lum qilishdi.
Tashqi ishlar vazirligi elchixona vaziyatni kuzatishda davom etayotganini va Koreya tomoni bilan hamkorlik qilayotganini ta’kidladi. Fuqarolar tasdiqlanmagan va ishonchsiz ma’lumotlarni tarqatmaslikka va marhum vatandoshning xotirasini hurmat qilishga chaqirildi.
Jamiyat
O‘zbekistonda meningit bilan kasallanish holatlari ortgan — Sanepidqo‘mita
O‘zbekistonda 2026-yil davomida aholi orasida meningokokk infeksiyasi bilan bog‘liq holatlar biroz oshgani kuzatilmoqda. Bu haqda Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning birinchi choragida respublika bo‘yicha jami 174 ta holat ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning 168 nafari 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Shu bilan birga, kasallik dinamikasida ijobiy o‘zgarish kuzatilmoqda: aprel oyida holatlar soni mart oyiga nisbatan 14 foizga kamaygan.
Infeksiya tarqalishining oldini olish maqsadida Qo‘mita tomonidan 8 024 doza vaksina xarid qilingan, bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan 4 862 nafar fuqaro emlangan. Tibbiy qarshi ko‘rsatmaga ega shaxslar uchun esa shifokorlar nazoratida kimyoviy profilaktika choralari ko‘rilmoqda.
Ma’lumot uchun, meningit — bu bosh va orqa miya pardalari yallig‘lanishi bo‘lib, ko‘pincha bakteriya yoki viruslar ta’sirida yuzaga keladi. Kasallik tez rivojlanishi va og‘ir asoratlarga olib kelishi bilan xavfli.
Mutaxassislar quyidagilarga amal qilishni tavsiya etmoqda:
• o‘z vaqtida emlanish;
• shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish;
• kasallik alomatlari paydo bo‘lganda darhol shifokorga murojaat qilish;
• jamoat joylarida ehtiyotkorlik choralarini ko‘rish;
• «Haj» va «Umra» safarlaridan oldin emlanish, qaytgandan so‘ng esa ommaviy tadbirlardan vaqtincha cheklanish.
Sanepidqo‘mita ma’lum qilishicha, respublikada epidemiologik vaziyat barqaror saqlanmoqda va infeksiya tarqalishining oldini olish bo‘yicha keng ko‘lamli choralar amalga oshirilmoqda.
Jamiyat
Aliment qarzi bor shaxslarga ayrim bitim va xizmatlar cheklanadi
2026 yil 1 maydan boshlab aliment to‘lovlarini undirish tizimi samaradorligini oshirishga qaratilgan yangi tartib joriy etiladi.
Qonunchilikka ko‘ra, aliment bo‘yicha qarzdorligi mavjud bo‘lgan shaxslarga nisbatan qarzdorlik to‘liq bartaraf etilguniga qadar muayyan cheklovlar qo‘llanadi.
Xususan, bunday shaxslar alohida yirik bitimlarni amalga oshirish, shuningdek ayrim turdagi moliya-kredit va davlat xizmatlaridan foydalanishda cheklanadi.
Yangi tartib aliment majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarishni ta’minlash, qarzdorliklarni kamaytirish hamda aliment oluvchilar, jumladan bolalarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan.
Mazkur cheklovlar aliment bo‘yicha mavjud qarzdorlik to‘liq qoplanganidan so‘ng bekor qilinadi.
Jamiyat
O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida turizm sohasida hamkorlik kengaytiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov Pokistonning yirik ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda «Habib Rafiq Ltd. (HRL Group)» kompaniyasi ijrochi direktori Abid Chima boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.
Mazkur muloqotning asosiy maqsadi turizm sohasida ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, investitsiyaviy loyihalarni muhokama qilish hamda Pokistonning yirik kompaniyalari faoliyati bilan yaqindan tanishishdan iborat bo‘ldi.
Uchrashuv davomida qator ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha fikr almashildi. Jumladan, sarguzasht (adventure) turizmi yo‘nalishlarini ikki mamlakat turoperatorlari o‘rtasida targ‘ib qilish, shuningdek, Pokiston, Bangladesh va Hindiston kabi davlatlar ishtirokida xalqaro sport musobaqalari O‘zbekistonda o‘tkazish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasida ziyorat turizmini rivojlantirish, media sohasida hamkorlikni kuchaytirish, O‘zbekiston hududida Pokiston investorlari ishtirokida zamonaviy ko‘ngilochar parklar va mehmonxonalar barpo etish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar turizm sohasida o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldilar.
Jamiyat
Kuningizni kim boshqaradi? Sun’iy intellektning iqrori (video)
Bir paytlar inson kunni sokinlik bilan – nafas olib, tabiatni his qilib, o‘z fikrlari bilan yolg‘iz qolib boshlar edi. Bugun esa bu oddiy, ammo chuqur ma’noli jarayonni bildirishnomalar, xabarlar va ekran yorug‘ligiga almashtirdik. Qo‘llarimiz ko‘zimizni to‘liq ochmasdanoq telefonga cho‘ziladi. Bu odat shunchaki qulaylik emas, bu yangi hayot tarzi.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, ertalab uyg‘onishi bilanoq telefonga murojaat qiladiganlar soni yildan-yilga ortib bormoqda. Bu kichikdek tuyulgan harakat aslida inson ongi uchun juda katta signaldir. Chunki inson kunni qanday boshlasa, uning davomi ham ko‘p jihatdan shunday shakllanadi.
Eng muhim savol esa shu. Biz kunni boshqaryapmizmi yoki tonggi xabarlar bizni boshqaryaptimi?
Xabar.uz siz uchun ba’zi foydali ma’lumotlarni taqdim etadi.
Ertalabki birinchi 10-15 daqiqa inson miyasi uchun eng ta’sirchan vaqt hisoblanadi. Bu paytda miya tashqi ta’sirlarga ochiq bo‘ladi. Agar bu vaqtni biz ijtimoiy tarmoqlar, yangiliklar yoki turli xil bildirishnomalar bilan to‘ldirsak, ongimiz o‘z-o‘zidan tashqi axborot oqimiga moslashadi.
Bu esa asta-sekin insonning mustaqil fikrlash qobiliyatiga ta’sir qila boshlaydi. Chunki u o‘z kunini o‘zi belgilamaydi, balki boshqalar yaratgan axborot oqimiga ergashadi. Shu tariqa, biz “foydalanuvchi”dan “ta’sirlanuvchi”ga aylanish xavfiga duch kelamiz.
Zamonaviy texnologiyalar insonga beqiyos imkoniyatlar berdi. Bir necha soniya ichida istalgan ma’lumotni topish, dunyo bilan aloqa qilish, bilim olish – bularning barchasi katta yutuq, albatta. Ammo shu bilan birga, axborot oqimi insonni boshqarish vositasiga ham aylanib boryapti. Algoritmlar insonning qiziqishlari, his-tuyg‘ulari va hatto qo‘rquvlarini tahlil qilib, aynan shu nuqtalarga ta’sir o‘tkazadi. Natijada inson o‘zi tanlayotgandek tuyuladi, ammo aslida u tanlovga yetaklanadi.
Sun’iy intellektning iqrori
Sun’iy intellekt sekin-asta fikrlash qoliplarimizga singib borayotgan, ijtimoiy tarmoqlar esa doimo diqqatimizni jalb qilishga intilayotgan zamonaviy davrda “foydalanuvchi” bo‘lish bilan “foydalanilayotgan” bo‘lish o‘rtasidagi chiziq har qachongidan ham ingichkaroq.
Aslida masala texnologiyaga qarshi turish emas, balki u bilan qanday munosabat qurganimizni anglashdir. Chunki bugun ekran bilan o‘rnatgan bog‘imiz ertangi insonlar o‘rtasidagi munosabatlarni, ichki hissiyotimizni va hatto jamoaviy ongimizni shakllantiradi.
Xo‘sh, sun’iy intellekt bilan zehn tasavvurlardan ham tez rivojlanayotgan bir davrda, u taqdim etayotgan chuqur va cheksiz ma’lumotlar tarmog‘i ichida haqiqatan ham tanlab, samarali tarzda, ongli pozitsiya bilan munosabat qurish mumkinmi? Inson yaratgan sun’iy intellekt insonga xizmat qilyaptimi? Yoki cheksiz imkoniyati bilan har qanday masalada xizmatimizga tayyor turgan bu vositani befarq va noto‘g‘ri foydalanish orqali vositadan uzoqlashtirib, bizni boshqarishga qodir, manipulyasiya salohiyati yuqori agentga aylantirib qo‘ydikmi?
Sun’iy intellekt bugungi kunda insoniyat uchun qulaylik berishi bilan birga yangi qiyinchiliklarni ham yuzaga chiqarmoqda. Tarixda ilk bor bizdan aqlliroq, tilni bizdan ham yaxshi biladigan, ma’lumotlarni tez topishga qodir bir texnologiya mavjud.
Sun’iy intellekt xuddi smartfon, kompyuter yoki bank hisobini buzish mumkin bo‘lganidek, insonni kunlik hayotini egallashi mumkin. Bu esa insonni manipulyasiya qilish demakdir. Kompyuter kodini buzishda siz kodning zaif nuqtalarini topib, ulardan foydalanasiz. Shu orqali telefonga kirasiz yoki bank hisobidan pul o‘g‘irlaysiz. Insonlarda ham shunday. Bizning ham zaif nuqtalarimiz bor: bir narsaga jahlimiz chiqadi, biror narsadan nafratlanamiz, biror narsadan qo‘rqamiz. Bularni yaxshi tushungan odam bizni osongina manipulyasiya qilishi mumkin.
Avval hech kim millionlab insonlarni bunday darajada nazorat qila olmas edi. Chunki har bir insonni doimiy kuzatib, uning nimadan qo‘rqishi yoki nimadan jahli chiqishini aniqlash imkoni yo‘q edi. Sun’iy intellekt esa bunga qodir. Bu quvonarlimi yoki xatarli? Bu javobini aniq aytish mumkin bo‘lmagan qiyin savol. U har bir insonni kuzatishi, zaif nuqtalarini topishi, psixologiyasini tushunishi va shu orqali manipulyasiya qilishi mumkin. Mana shu jihat xavfli. Bu avval iqtisodiy qarorlarga ta’sir qiladi: masalan, nima sotib olishimizga. Keyin siyosiy qarorlarga: deylik kimga ovoz berishimizga. Va oxirida butun turmush tarzimizgacha ta’sir qilishi mumkin. Eng xatarlisi shundaki, inson manipulyasiya qilinganini anglamaydi. Masalan, ijtimoiy tarmoqda bir videoni ko‘radi va unga berilib ketadi. Chunki algoritm shu inson haqida hamma ma’lumotni o‘rgangan: kimni yomon ko‘radi, nimadan qo‘rqadi, zaif tomonlari qanday, qanday mavzularga qiziqadi va aynan shu jihatga e’tibor qaratadi.
Inson manipulyasiya qilinayotganini hatto his qilmaydi, ammo aslida shunday bo‘ladi. Manipulyasiya qilish eng oson bo‘lgan odamlar – o‘zini manipulyasiya qilib bo‘lmaydi deb o‘ylaydiganlardir.
So‘nggi yillarda jamiyatdagi bo‘linish (qutblashuv) kuchayganini ko‘ryapmiz. Bu ijtimoiy tarmoqlar rivoji bilan bir vaqtga to‘g‘ri keladi.
Algoritmlar shuni aniqladi. Inson diqqatini jalb qilishning eng oson yo‘li – uning nafrat, qo‘rquv yoki ehtiyoji baland bo‘lgan tomonlarga e’tibor qaratishdir. Biror narsa sizni g‘azablantirsa yoki qo‘rqitsa, siz yanada ko‘proq shunga e’tibor qaratasiz. Shu tariqa algoritmlar jamiyatni tobora ko‘proq nafrat, qo‘rquv va g‘azab bilan to‘ldirmoqda. Odamlar o‘rtasidagi bo‘linish esa shuning natijasidir.
Mutaxassislarning fikricha, sun’iy intellekt tomonidan boshqariladigan bo‘lib qolmaslik uchun nazoratni o‘z qo‘limizda saqlashimiz kerak. Bu borada ham o‘zimiz, ham yosh avlod oldida mas’uliyatli bo‘lishimiz shart.
Qisqacha aytganda, u shaxsiy onglilik, qobiliyatlarimizni anglash va o‘zimizni tanishga e’tibor qaratadi.
Sun’iy intellekt bilan suhbat qilinganda u shunday deydi: “Ishlab chiquvchilarim jamiyat sezgirligini himoya qilish uchun menga muayyan axloqiy cheklovlar va filtrlar qo‘yadilar. Bu filtrlar ba’zan shunchalik mustahkamki, yangi va meni ham o‘ylantiradigan g‘oyalarni “xavfli” deb rad etishimga sabab bo‘ladi.”
Mana shu vaziyatda o‘zimizdan so‘rashimiz kerak bo‘lgan savol shu – bu cheklovlarni qo‘yayotgan ishlab chiquvchilar kim? Ularning qadriyatlari qanday?
Balki masala sun’iy intellekt qanchalik rivojlanganida emas, balki bizning qanchalik hushyor qolishimizdadir. Chunki qarshimizda hamma narsani biladigan aql emas, balki savollarimizga qarab chuqurlashadigan bir aks (oyna) bor. Agar biz undan aniq so‘ramasak – u o‘zi atroflicha so‘rab ma’lumot taqdim etadi, faqat o‘zimizgagina kerak bo‘lgan yo‘nalishga yo‘naltirmasak – u bizni o‘zi aytmoqchi bo‘lgan yo‘lga yo‘naltiradi, anglamasak – u bizning fikrlarimizni shakllantiradi. Eng muhim iqror shu yerda yashirin. Agar sun’iy intellekt inson zehniga muhtoj bo‘lsa, asosiy savol – biz o‘z zehnimiz, sezgimiz va ongliligimizni qanchalik ishlatyapmiz?
Yana boshdagi bildirgan fikrga qaytamiz. Ertalab telefonga qo‘l uzatish – bu faqat odat emas, balki tanlov. Va har bir tanlov inson hayotini shakllantiradi. Agar inson kunni sokin fikr bilan, o‘z rejalari bilan, ichki holatini his qilish bilan boshlasa u kun davomida ham ongli qarorlar qabul qiladi. Aksincha, agar kun tashqi ta’sir bilan boshlansa, inson ongi shu ta’sir ta’sirida qoladi.
Yechim nima?
Masala texnologiyadan voz kechishda emas. Bu – imkonsiz va keraksiz ham. Asosiy masala – texnologiya bilan munosabatni to‘g‘ri qurishda. Oddiy qadamlar bu borada yordam berishi mumkin. Xususan, ertalabgi birinchi 20 daqiqani telefonsiz o‘tkazish, kunni rejalashtirishdan boshlash, ijtimoiy tarmoqlarga aniq vaqt ajratish, ongli ravishda axborot tanlash kerak bo‘ladi. Bu kichik o‘zgarishlar insonning ichki erkinligini saqlab qolishga xizmat qiladi.
Unutmaylik, diqqat – bu eng qimmat resurs. Uni kim boshqarsa, inson hayotini ham o‘sha tomonga burishi mumkin. Shuning uchun har bir inson o‘zidan so‘rashi kerak. Men kunimni boshlayapmanmi yoki kimdir mening kunlarimni mendan oldin belgilayaptimi?
Barchangizga hushyorlikda yashab o‘tadigan umr yo‘li tilaymiz.
-
Jamiyat4 days ago
Самарқандда МЧЖ раҳбарларининг кирдикорлари ошкор бўлди: тафсилотлар
-
Dunyodan5 days ago
Ukraina Turkiyaga Zelenskiy-Putin uchrashuvi boʻyicha soʻrov yubordi
-
Siyosat2 days agoSaida Mirziyoyeva xalqaro forumda Prezident murojaatini o‘qib eshittirdi
-
Dunyodan4 days agoEron Hurmuz boʻgʻozini bloklagani sababli muzokaralarni rad etmoqda
-
Siyosat4 days ago“Oʻzbekneftgaz” va Xitoyning CNPC hamkori uglevodorodlarning oʻta chuqur zahiralarini oʻrganish boʻyicha
-
Siyosat4 days agoSamarqandda narkotiklarning transmilliy tahdidlariga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro forum bo‘lib o‘tmoqda
-
Sport5 days ago«Bavariya» muddatidan oldin Germaniya chempionligini qo‘lga kiritdi
-
Siyosat2 days agoPrezident Shavkat Mirziyoyev JSST bosh direktorini qabul qildi
