Jamiyat
“Akamni olib kelish uchun urushga borgandim”, “Vazifamiz Toretskni ishg‘ol qilish edi” – Rossiya armiyasiga yollangan ikki yigit hikoyasi
“Oskolka tegib, og‘ir yaralandim. Men bilan borgan askarlarning barchasi halok bo‘ldi. 3 kungacha hech kim qidirib kelmadi, oziq-ovqat va suv tamom bo‘lgach sudralib yo‘lga chiqdim”. “Tizzam va ko‘krak qafasimga oskolka kirib ketdi, o‘sha atrofdagi “dom”ning yerto‘lasida 2 kun jon saqladim”. Bu biror romandan parcha emas, Rossiya armiyasiga yollanib, Ukrainaga qarshi urushda qatnashgan samarqandlik ikki yigitning boshidan o‘tkazganlari. Ulardan biri Luhansk, ikkinchisi Toretsk hududidagi harbiy harakatlarda ishtirok etgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar sudida bir kunda Rossiya armiyasiga yollangan ikki yigitga hukm o‘qildi. Ularning har ikkisi Ishtixon tumanida istiqomat qilgan. Kun.uz sud hujjatlari bilan tanishdi.
“Akamni olib kelish uchun bordim”
N.D. 41 yoshda. 3 nafar farzandning otasi. U 2012 yildan ishlab pul topish uchun Qozog‘iston va Rossiya davlatlariga borib-kelib yurgan. 2023 yil 24 iyul kuni ishlash maqsadida Rossiyaning Tula shahriga borgan.
Tula shahrida ishlab va yashab kelishi davomida N.D. Rossiya qurolli kuchlari safiga yollangan: u 2023 yil 21 noyabrda Tula shahridagi mudofaa ishlar bo‘limida Rossiya armiyasi safida harbiy xizmatni o‘tash uchun 1 yillik shartnoma imzolagan. So‘ngra harbiy qism komandirining buyrug‘i bilan o‘qchi-granatomyotchi yordamchisi lavozimiga tayinlangan. N.D. 2023 yil noyabr oyidan 2024 yil sentabrgacha Luhanskdagi harbiy harakatlarda ishtirok etgan.
N.D. sudda aybiga iqror bo‘lib, urushga akasini olib kelish uchun borganini aytgan.
“2023 yil 24 iyul kuni ishlash maqsadida Rossiyaning Tula shahriga bordim. Sababi, akam Rossiya fuqaroligini olgan, u oila a’zolari bilan Tula shahrida istiqomat qilardi.
Shahardagi qurilish ishlarida ishlab yurgan vaqtimda akamning turmush o‘rtog‘i akam Rossiya va Ukraina o‘rtasida bo‘layotgan jangovar harakatlarida ishtirok etish maqsadida urushga ketganini aytdi. Shundan so‘ng akamni qaytarish maqsadida urushga borishga majbur bo‘ldim.
2023 yil 21 noyabrda Tula shahridagi Mudofaa ishlari bo‘limida bir yillik shartnoma imzoladim. Harbiy qism komandirining buyrug‘i bilan desant-parashyutchi rotasi, o‘qchi-granatomyotchi yordamchisi lavozimiga harbiy xizmatga tayinlandim. Meni harbiy o‘quv mashg‘ulotlaridan o‘tish uchun Luhanskdagi harbiy dala lageriga olib borishdi. 2 oy tayyorgarlikdan o‘tganimizdan keyin urushga kirdik. Men asosan front orti ishlarida, ya’ni okoplar qazish, blindajlar yasash, mudofaa inshootlari qurilishida qatnashdim.
Front chizig‘i biz ishlayotgan hududdan taxminan 30 km uzoqlikda joylashgandi. Harbiy jangovar harakatlarda ishtirok etmaganman. O‘sha vaqtda akam 2024 yil 24 iyun kuni Luhanskning Terney nomli hududida bo‘lib o‘tgan jangda halok bo‘lganini eshitdim.
2024 yil 19 sentabr kuni Luhanskning Vladimirovka posyolkasida blindaj qurish ishlarini amalga oshirayotganimizda Ukraina tomonidan minomyot va boshqa artilleriya snaryad o‘qlari kelib tushdi. Biz o‘rmonga qarab qochmoqchi bo‘ldik. Biroq oskolkalardan jarohatlandim. Men bilan ishlashga kelgan askarlarning barchasi halok bo‘ldi. 3 kungacha hech kim bizni qidirib kelmadi. Oziq-ovqat va suv tamom bo‘lganidan so‘ng sudralib yo‘lga chiqdim va o‘tayotgan askarni ko‘rib qolib, undan yordam so‘radim”, degan N.D. suddagi ko‘rsatmasida.
Shundan so‘ng uni gospitalga olib ketishgan. N.D. 2024 yil 1 noyabr kuniga qadar davolangan. Harbiy tibbiy komissiya xulosasiga ko‘ra u vaqtincha harbiy xizmatga noloyiq deb topilgan hamda 30 kunga ta’til berilgan. 2024 yil 23 noyabrda esa shartnoma muddati tugagan.
“Davolanib chiqqach 2024 yil 16 noyabr kuni akamning murdasini o‘liklar orasidan qidirib, harbiy jyetonidan aniqlab topdim, faqat suyaklari qolgan ekan. Keyin janoza namozini o‘qib, shu joyga dafn qildim”, degan u sudda.
N.D. 2025 yil 22 mart kuni O‘zbekistonga qaytib kelgan.
“Vazifamiz Toretsk shahrini ishg‘ol qilish edi”
M.Q. 26 yoshda. Hali uylanmagan. U Rossiyada 2021 yilning 15 noyabr kuni ishlash maqsadida Rossiyaning Moskva shahriga borgan. Biroq narkotik modda savdosi jinoyatida ayblangan va 2022 yil avgust oyida 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.
2024 yil oktyabr oyida jazo o‘tab kelishi vaqtida Rossiya fuqaroligini olish hamda 1,8 mln rubl pul mablag‘i evaziga Ukrainaga qarshi urushda qatnashishga rozi bo‘lib, shartnoma imzolagan. U 2025 yil 6 yanvarga qadar jangovor harakatlarda ishtirok etgan. So‘ng granata portlashidan og‘ir jarohatlanib, 2025 yil 6 aprelga qadar Donetsk shahridagi harbiy gospitalda davolangan.
Q.M. ham sudda aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan. U o‘z ko‘rsatmasida shunday degan:
“2021 yil 15 noyabrda ishlash maqsadida Chechenistonga bordim. U yerda taxminan 4 oy turli xil kunlik ishlarda ishladim. 2022 yil fevral oyi oxirlarida Moskva shahrida ishlab kelayotgan qarindoshim telefon orqali aloqaga chiqib, ovqat yetkazib berish xizmatida ishlayotganini, ish yengilligini, haydovchilik guvohnomam borligi uchun yetkazib berish xizmatida ishlashim muammo bo‘lmasligini, oylik ish haqi yaxshiligini aytdi. Qarindoshimning taklifi bilan Moskva shahriga bordim. Bir kun davomida uning kvartirasida yashadim, birgalikda shahar aylandik. Oradan bir kun o‘tib qarindoshim Tula shahrida bir tanishi borligini, uning yoniga birgalikda borib kelishni, borib kelish uchun ijaraga mashina olishini aytdi. U mashinani men haydab borib kelishimni, yo‘l xarajatlarini o‘zi to‘lashini bildirib, iltimos qildi.
2022 yil 1 mart kuni u bilan birgalikda ijaraga olingan mashinada Tula shahriga qarab yo‘lga chiqdik. Yo‘lda nazorat o‘tkazish posti qo‘yilgan ekan. Xodimlar bizni to‘xtatib, shaxsimizga aniqlik kiritish maqsadida mashinadan tushishimizni hamda birga xizmat binosiga borishimizni so‘radi. Men ularning ortidan yo‘lga tushdim, qarindoshim esa mashinada qoldi. Shunda xodimlar holat shubhali ekanini aytishib, bizni tintuv qilishdi. Tintuv davomida qarindoshimning yonidan og‘irligi taxminan 180 gramm bo‘lgan geroin topishdi”, degan Q.M. suddagi ko‘rsatmasida.
Shundan so‘ng sud hukmi bilan ularga nisbatan 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Q.M. jazoni o‘tash uchun Yekaterinburg shahridagi jazoni ijro etish koloniyasiga yuborilgan. U yerda koloniya rahbariyati tomonidan muntazam Ukrainaga qarshi urushda qatnashish targ‘ib qilib kelingan. Buning uchun 1,8 mln rubl pul, Rossiya fuqaroligini olish, uy-joyga ega bo‘lish kabi imtiyozlar berilishi va’da qilingan.
“Taklifga e’tiroz bildirgan shaxslarga nisbatan turli xil ko‘rinishda bosimlar bo‘lardi. 2024 yil 8 oktyabrda ana shunaqa bosimlar natijasida Ukrainaga qarshi urushda qatnashishga rozi bo‘lib, 1 yillik shartnoma tuzdim. 2024 yil 19 noyabr kuni men bilan birga 30 nafar mahkumni jangovar tayyorgarlikdan o‘tkazish uchun shahar chetida joylashgan poligonga olib borishdi. Ushbu poligonda 21 kun bo‘ldik. Bizga harbiy xizmatchilar avtomatdan jangovar sharoitlarda foydalanish, granata uloqtirish kabi mashg‘ulotlarni o‘tishdi.
2024 yil 25 dekabr kuni bizni jangovar transportlarda Toretsk shahriga olib borishdi. Jangovar harakatlar olib borilayotgan hududga 15 km masofa qolganida transportlardan tushib, qolgan masofani piyoda bosib o‘tdik. Bizning harbiy harakatlardagi vazifamiz oldingi chiziqlarda piyoda harakatlanib, Toretsk shahrini ishg‘ol qilish edi.
2025 yil 6 yanvarda bizga berilgan buyruq asosida 3 nafar sherigim bilan harakatlanib ketayotganimizda Ukraina armiyasi uchuvchisiz qurilmadan granata tashladi. Granata mening yonimga tushdi. Uning mayda bo‘laklari tizzam va ko‘krak qafasimga kirib ketishi oqibatida jarohatlandim. So‘ngra sheriklarimning yordami bilan o‘sha atrofdagi “dom”ning yerto‘la qismiga yetib borib, u yerda 2 kun davomida jon saqlab turdim. Shundan so‘ng harbiy komandirlarning topshirig‘i bilan meni Donetsk shahridagi harbiy gospitalga olib borishdi”, degan Q.M. sudda.
Yigit 2025 yil 6 aprelga qadar gospitalda davolangan. Harbiy gospitalda rentgen apparati bo‘lmagani sababli o‘sha kuni Q.M.ni boshqa shifoxonaga rentgen tekshiruvi o‘tkazish uchun olib borishgan. Ammo u vaziyatdan foydalanib, qochishni uddalagan. So‘ngra taksida bir necha kunda Moskva shahriga yetib borgan.
M.Q. 11 aprelda yordam so‘rab O‘zbekistonning Moskva shahridagi elchixonasiga murojaat qilgan. 24 aprel kuni esa elchixona tomonidan rasmiylashtirib berilgan “O‘zbekistonga qaytish uchun guvohnoma” bilan O‘zbekistonga qaytib kelgan.
Jazo
N.D. Jinoyat kodeksining 154-1-moddasi (Chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirish, yollanish) 2-qismi, Q.M. esa 154-moddasi (Yollanish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. N.D.ga 3 yil, M.Q.ga Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llagan holda 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Jamiyat
Namanganda ayol ukol olayotganda vafot etdi
Yangiqo‘rg‘on tumani Birlashgan qishlog‘ida yashovchi 39 yoshli Munojot To‘raboyeva oilaviy shifokor punktida qon ko‘paytiruvchi osma ukol olayotgan payti vafot etdi. Yaqinlari u sog‘lom, tetik bo‘lganini aytmoqda. Tibbiyot xodimlariga ko‘ra, marhuma unga o‘tgan yili berilgan preparatni olib kelgan, dorining yaroqlilik muddati o‘tmagan. O‘limga ekspertiza aniqlik kiritishi kutilyapti. Kun.uz voqea tafsilotlarini o‘rgandi.
Baxtsiz hodisa 28 mart kuni Yangiqo‘rg‘on tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli G‘ovazon oilaviy shifokorlik punktida bo‘lgan.
Marhum Munojot To‘raboyeva kunlik ishlarda mehnat qilgan. Davlat tomonidan bepul beriladigan qon ko‘paytiruvchi preparatlarni olib kelgan. Bunday preparatlardan navbatdagisi unga o‘tgan yili sentabr oyida, keyinroq esa joriy yil 4 mart kuni berilgan.
Tibbiyot xodimlariga ko‘ra, To‘raboyevaga o‘tgan yili sentabrda “Ferlek”, joriy yil mart oyida esa “Neofer” nomli qon ko‘paytiruvchi preparatlar berilgan. U vafotidan 3-4 kun oldin uch kunlik “Neofer” kursini yakunlagan. Lekin 28 mart kuni yana punktga kelib, tanasida og‘riqlar borligidan shikoyat qilgan va sentabrda berilgan “Ferlek”dan bir dona qolib ketgani, uni uyida saqlab kelgani, joriy kursning davomi sifatida ana shu bir donani ham ishlatib yuborishni so‘ragan.
“Vrach nazoratida oling, bizga mumkin emas, deb aytdim. Lekin “yo‘lkira qilib borib-kelishga pulim yo‘q” deganidan keyin, rahmim kelganidan ulab qo‘ydim. Ulashdan oldin “Ferlek”ning yaroqlilik muddatini ko‘rdim – 2026 yil oktyabrgacha. Natriy xlorniki 2027 yilgacha.
Oldin ham qon ko‘paytiruvchi dorini boshqa joyda olganida, sal mazasi qochgan ekan. Biz birinchi yordam uchun hech narsa qilolmadik, buning uchun zarur hech narsamiz yo‘q”, – dedi marhumga ukol ulagan hamshira Gulbahor Ergasheva.
Oilaviy shifokor Xudoyberdi Alijonovga ko‘ra, oilaviy shifokor punktlarida doim ham vrach bo‘lavermaydi – kadrlar yetishmovchiligi bor. Uning o‘zi o‘sha paytda G‘ovazon mahalla tibbiyot punktida (mahallaning asosiy tibbiy maskani) bo‘lgan, hamshiralarning chaqiruviga asosan chekkaroq joyda joylashgan oilaviy shifokor punktiga yetib borganida ayol vafot etgan bo‘lgan.
“Mutaxassis sifatida hozir aniq xulosa aytolmayman. Hali ekspertiza xulosasi yo‘q. Dori reaksiya berdimi yoki o‘zida qandaydir boshqa kasallik bo‘lganmi, aniq ma’lumot yo‘q”, – deydi shifokor.
Biz marhumning yaqinlari bilan ham suhbatlashdik. Ular Munojot To‘raboyeva sog‘lom va tetik bo‘lganini aytmoqda.
“Ovsinim poliklinikaga sog‘lom holatda o‘z oyog‘i bilan yurib kelib, shifokorlar tomonidan berilgan osma ukol olishi natijasida vafot etdi. U baquvvat ayol edi. Kunlik ishda ishlardi. Turmush o‘rtog‘i Toshkentda ishlagani uchun ro‘zg‘or ishlarini ham o‘zi bajarardi. Tetikligidan qopdagi unni ham ko‘tara olardi.
Eng achinarlisi, u kenja o‘g‘li yonida jon berdi. O‘g‘li onasining jon berayotganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi.
Oilaviy poliklinikamiz abgor holatda, hatto qon bosimini o‘lchagich ham yo‘q. Oddiy termometri ham yo‘q edi. Ovsinimning o‘lganini ko‘rib o‘zimning ham mazam qochib qoldi, oddiy glitsin ham topib berisha olmadi. O‘sha kuni poliklinikada to‘rt hamshiradan boshqa vrach ham bo‘lmagan. Muolajadan avval shifokor ko‘rigidan o‘tmagan. Sizlarning kelishlaringni bilishib yangi, toza o‘rindiq va yotoqlar tayyorlab qo‘yishibdi. Ovsinim o‘lgan kuni yotgan to‘shagini ham ko‘rib bo‘lmas darajada iflos edi”, – deydi ovsini Nargiza Tursunova.
Turmush o‘rtog‘i Botir Tursunov rafiqasi bilan vafotidan taxminan 20 daqiqa avval telefonda gaplashgan.
“Toshkentda ishlayman. O‘sha kuni turmush o‘rtog‘im ishga chiqmagan ekan. Telefon qilib bugun bo‘shman, poliklinikaga chiqib ukolimni olsam maylimi, 20 daqiqada uyga qaytaman dedi. Xo‘p, mayli dedim. Oradan biroz vaqt o‘tib, qo‘shnim telefon qildi: “Ayolingizning mazasi qochib og‘irlashib qoldi, tez yetib kelmasangiz bo‘lmaydi”.
Turmush o‘rtog‘imga qo‘ng‘iroq qilsam, telefon o‘g‘limning qo‘lida ekan. “Dada, ayam…” deganidan keyin telefonni bir ayol olib, xotinim o‘lganini aytdi. Ekspertizadan chiqishiga men ham qishloqqa yetib bordim.
Ikki o‘g‘lim bor. O‘sha kuni 1-sinfda o‘qiydigan kichik o‘g‘lim bilan poliklinikaga birga borishgan ekan…
Turmush o‘rtog‘im sog‘lom edi. Shu ishni qilganlar javobini bersin. Ikki farzandim yetim qoldi. Bugun bilinmayapti, ertaga bilinmas, indinga “onam qayerda?” desa nima deb javob beraman? Ayolim poliklinikaga sog‘lom kelgan. O‘limidan 20 daqiqa oldin ham gaplashgan edim”, – deydi u.
Holat bo‘yicha Yangiqo‘rg‘on tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
«Yashil makon» loyihasiga hissa qo‘shayotgan fuqarolar rag‘batlantiriladi
Ekologiya qo‘mitasi «Yashil makon» umummilliy loyihasini amalga oshirishda o‘z hissasini qo‘shayotgan shaxslarni rag‘batlantiradi.
Bunda kamida 100 ta daraxt ko‘chatlarini ekkan shaxsga yoki daraxt ekish uchun «Yashil xayriya jamg‘armasi» platformasiga kamida 10 mln so‘m hadya qilgan shaxsga «Ekofaol fuqaro» maqomini beriladi.
Shuningdek, kamida 1000 ta daraxt ko‘chatlari ekilishini tashkil qilgan yoki «Yashil xayriya jamg‘armasi» platformasiga kamida 100 mln so‘m hadya qilgan tadbirkorlarga «Ekohamkor» maqomi beriladi. Bunda tadbirkorlarga ushbu maqomdan o‘z faoliyatini reklama qilishda foydalanish huquqi beriladi.
Ekologiya qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanmagan taqdirda ekofaoliyat va ekoaksiyalarni tashkil qilish holatlarini reklama qilish reklama qonunchiligini buzish deb hisoblanadi va qonunchilikda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Shuningdek, Ekologiya qo‘mitasiga quyidagi:
50 mingdan kam bo‘lmagan daraxt ko‘chatlari ekilishini ta’minlagan yoki «Yashil xayriya jamg‘armasi» platformasiga kamida 5 mlrd so‘m hadya qilgan shaxslarga metsenat maqomini berish;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida kamida 5 ta yashil bog‘ va yashil jamoat parkini o‘z hisobidan barpo qilgan shaxslarga «Kelajak bunyodkori» davlat mukofotini berish bo‘yicha taklif kiritish vakolatlari berilmoqda.
Jamiyat
Ijtimoiy sohada boshqaruv samaradorligini oshirish modeli ishlab chiqiladi
Ijtimoiy sohada boshqaruv samaradorligini oshirishning zamonaviy va samarali modeli ishlab chiqiladi.
«Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)» maqomidagi 33 ta tuman (shahar) hokimlarining ijtimoiy sohada faoliyat yuritayotgan o‘rinbosarlari va soha mutaxassislari uchun tashkil etilgan 5 kunlik dastur yakunlandi.
O‘quv dasturi davlatimiz rahbarining «Davlat xizmatida boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi va xorijiy mutaxassislar hamkorligida tashkil etildi.
O‘quv jarayonida quyidagi muhim jihatlarga alohida urg‘u berildi:
-Yangi o‘sish nuqtalari va ishga solinmagan zaxiralarni aniqlash, ijtimoiy sohani hududning drayver yo‘nalishlari qatoriga qo‘shish (buning uchun xorijiy ilg‘or tajribalar asosida mutlaqo yangi boshqaruv modelini ishlab chiqish);
-O‘zlashtirilgan zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni bevosita amaliyotga tatbiq etish orqali hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash;
-Davlat xizmati va xususiy sektor o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish;
-Tumanlarning o‘ziga xos rivojlanish modellari va muvaffaqiyatli boshqaruv tajribalarini ommalashtirish.
O‘quv dasturi doirasida ijtimoiy infratuzilmani «master-reja»lar asosida rivojlantirish, boshqaruvga raqamli yechimlarni tatbiq etish hamda rahbarlarning shaxsiy javobgarligini oshirish masalalari bo‘yicha xalqaro modellar ham tahlil qilindi.
Shuningdek, nazariy bilimlar amaliyot bilan uyg‘unlashtirildi. Ishtirokchilar mamlakatimizdagi yirik loyihalar — Olimpiya shaharchasi, Milliy tibbiyot markazi, «Yangi O‘zbekiston» universiteti, Islom sivilizatsiyasi markazi va «IT Park Uzbekistan» misolida zamonaviy boshqaruv yondashuvlarini bevosita joyiga chiqib, ular bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Tinglovchilarning fikricha, mazkur dastur hududlarning yangi «o‘sish nuqtalari»ni maqsadli aniqlash va natijaga yo‘naltirilgan boshqaruv modelini joriy etishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Dastur yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirilib, o‘rganilgan zamonaviy modellarni hududlarda samarali tatbiq etish bo‘yicha aniq metodik tavsiyalar berildi.
Jamiyat
AQShdagi mavsumiy ishlar: fuqarolarga muhim ogohlantirish berildi
Migratsiya agentligi AQShdagi mavsumiy ishlar dasturi yuzasidan fuqarolarni faqat rasmiy e’lonlarga ishonishga, vositachilar va asossiz takliflarga aldanmaslikka chaqirdi.
Migratsiya agentligi va AQShning USAFARMLABOR tashkiloti o‘rtasidagi dastur doirasida dastlabki talabnomalar qabul qilingan bo‘lib, ayni paytda jarayonlar bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilmoqda.
Qayd etilishicha, ish beruvchi ma’lumotiga ko‘ra, ayrim fuqarolar hamkor tashkilot saytlari yoki uning tarkibidagi fermer xo‘jaliklariga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilishga urinmoqda. Biroq bunday yo‘l bilan murojaat qilish hech qanday natija bermaydi.
Migratsiya agentligi ish beruvchining talabnomasi asosida tanlov e’lon qilinganidan keyingina fuqarolar belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilishini eslatdi. Shu bois mustaqil ro‘yxatdan o‘tishga urinish yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish foydasiz ekani ta’kidlanmoqda.
Shuningdek, fuqarolardan vositachilar va pulli “taklif”larga aldanmaslik, faqat rasmiy manbalarda e’lon qilinadigan ma’lumotlarga tayanish so‘raldi.
Jamiyat
Surxondaryoda pensionerlar ishtirokidagi narkoguruh fosh etildi
Surxondaryo viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan maxsus operatsiya davomida pensionerlar ham ishtirok etgan narkoguruh faoliyatiga chek qo‘yildi.
Ichki ishlar organlari ma’lumotiga ko‘ra, chegara hududlarida yashovchi ayrim shaxslar, jumladan pensionerlar, afg‘on yetkazib beruvchilar bilan til biriktirib, opiy moddasini O‘zbekiston hududiga olib kirish va uni Termiz shahri hamda atrof hududlarda tarqatish bilan shug‘ullangan.
O‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida guruh a’zolaridan biri — keksa yoshdagi kurer qo‘lga olingan va uning yonidan narkotik modda aniqlangan. Keyinchalik uning sheriklari ham fosh etilib, ulardan biriga tegishli pul mablag‘lari, yana biriga tegishli 5 gramm narkotik modda daliliy ashyo sifatida musodara qilingan.
Tergov harakatlari davomida guruh tashkilotchisiga tegishli xonadonda yirik miqdordagi narkotik zaxirasi aniqlangan. U yerdan umumiy og‘irligi 12 kilogrammdan ortiq bo‘lgan 12 ta o‘ram opiy va uni iste’mol qilishga mo‘ljallangan vositalar topilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, barcha gumonlanuvchilar qo‘lga olingan va tergov harakatlari olib borilmoqda.
-
Dunyodan2 days agoOrmuz boʻgʻozi taqdirini hal qiluvchi yetti orol
-
Dunyodan3 days ago
Prezident Tramp Hormuz boʻgʻozini ochish haqidagi soʻrovni yana keyinga qoldirdi
-
Dunyodan3 days ago
Eron Hormuz boʻgʻozida baʼzi davlatlar bilan koridor ochadi
-
Sport4 days agoO‘zbekiston 4 ta gol urilgan o‘yinda Gabon ustidan irodali g‘alaba qozondi
-
Dunyodan4 days ago
Saudiya Arabistoni AQShni urushga chaqirmoqda
-
Jamiyat4 days agoatir illyuziyasi va “pufak” biznes
-
Dunyodan5 days ago
AQSh Kiyevga Donbassdan voz kechishni talab qilmoqda – Zelenskiy
-
Turk dunyosi3 days agoBangladesh va Turkiya axborot almashish memorandumi boʻyicha umumiy kelishuvga erishdilar
