Connect with us

Jamiyat

aholi ikki yildirki sovuq uylarda yashayapti 

Published

on


Buxoro viloyati, Kogon tumani, «Niyoz hoji» MFY hududida 2023-yilda qurilib, 2024-yilda foydalanishga topshirilgan 6 ta besh qavatli, jami 120 xonadonli uylar bugun jiddiy kommunal muammolar girdobida. Ayni holat qonun ustuvorligi, davlat idoralari mas’uliyati va fuqarolar ishonchi uchun haqiqiy sinov bo‘lmoqda. Mas’ullar bir-biriga ishora qiladi, quruvchi o‘zini oqlaydi, idoralar esa hujjat ortiga yashirinadi. Bu paytda esa oddiy fuqaro kredit to‘lab, qishni o‘tkazmoqda.

Manzara esa «qog‘ozda issiq, uyda sovuq»…

***

Mazkur uylarni fuqarolar «Kogon soft g‘isht» MChJ bilan tuzilgan 2014-yil 31-oktyabrdagi «Kvartira oldi-sotdisi to‘g‘risidagi Topshiriq shartnomasi» hamda 2025-yil 16-sentyabrdagi «Kvartira oldi-sotdi shartnomasi» asosida, subsidiya va naqd pullar hisobidan xarid qilishgan. Shartnomalarning aniq bandlarida gaz o‘tkazish quvurlari kvartira ichiga olib kirilishi, gaz hisoblagich o‘rnatilishi, elektr energiyasi kvartira ichiga kiritilishi va hisoblagichlar o‘rnatilishi qat’iy qayd etilgan.

«Uylarimiz 2024-yil 28-oktyabrdan 3-noyabrga qadar rasman qabul qilingan. Biz, aynan, shu hujjatlarga ishonib, katta mablag‘ sarflab, quvonch bilan xonadonlarga ko‘chib kirdik. Ortiqcha qog‘ozbozlik ortida achchiq haqiqat bor, gaz quvurlari bor, gaz hisoblagichlar bor, lekin, gaz yo‘q. Tizim ishga tushirilmagan. Quruvchi tashkilot rahbari qish mavsumi tugagach, bu masalani hal qilib berishini bildirdi. Afsuski, 2024-yil tugab, 2025-yil boshlanganiga qaramay, hech qanday o‘zgarish bo‘lmadi. Elektr energiyasi orqali uylarni isitib, sovuq kunlarni ham o‘tkazishimizga to‘g‘ri keldi. Keyinchalik uyning texnik shartnomasi yo‘qligini ro‘kach qilishdi. Bu orada qancha-qancha tashkilot va idoralar ostonasini «o‘ydik», foyda bermadi. Quruvchi tashkilot rahbari: «Nima qilsangizlar qilinglar, men gazlashtira olmayman, hamma fuqarolar birlashib, kiruvchi mashinalar yo‘lini to‘singlar. Shantaj qilib, hokimiyatga, prokuraturaga boringlar, dollar yig‘ib beringlar», deb aytdi. Agar tez kunlar ichida ushbu muammolarimiz hal qilib berilmasa, biz, fuqarolar banklarga kreditlarni to‘lashdan bosh tortamiz. Chunki bu fuqarolarga aldov yo‘li bilan sotilganini anglatmaydimi?..» – deydi murojaatchilardan biri.

«Xabar.uz»ga fuqarolar tomonidan uzundan-uzun yozib, yo‘llangan ushbu murojaat bilan tanishar ekanmiz, ko‘nglimizdan: «Qayerga qaramang, ko‘p qavatli binolar masalasi: muammolari esa ko‘p qavatli uylardan baland. Ishqilib, jamiyat bu «kasallik»ka ko‘nikib qolmasa, bas!» degan og‘ir kechinma o‘tdi.

Biz manzil sari yo‘l oldik. Havo sovuq. Ayni qor yoqqan mahal. Ilk suhbatdoshimiz «Kogon soft g‘isht» MChJ huquqshunosi Baxtiyor Orziyev bo‘ldi.

– To‘g‘ri, muammolar bor. Uni yechish uchun hujjatlarni qo‘ltiqlab, har yoqqa chopayotganimiz rost. Bu esa oddiy maslahat emas, lekin, «nima qilsangizlar qilinglar, kiruvchi mashinalar yo‘lini to‘singlar. Shantaj qilib, hokimiyatga, prokuraturaga boringlar, dedi» deya yozilgan ariza – tuhmat. Bu fuqarolarni davlat siyosatiga qarshi kayfiyatga undash sifatida baholanishi mumkin bo‘lgan og‘ir bir ayblov. Biz xalqni qo‘zg‘atish niyatimiz bo‘lsa, shuncha xarajat qilib, elektr isitish qozoni qurib berardikmi? «10 000 dollar yig‘ib beringlar» degan so‘zlar ham mutlaqo yolg‘on. 120 ta xonadonga elektr qozon o‘rnatish qancha mablag‘ talab qiladi, qancha mehnat kuchi sarflanadi. O‘n ming dollar xalqning puli bilan gaz ulab berilsa, biz bu xarajatni o‘z hisobimizdan qilgan bo‘lardik, shuncha elektr qozon sotib olguncha. Dastlab, viloyat hokimi va viloyat rahbariyatining topshirig‘i bilan markazlashgan issiqlik manbaiga ulash choralari ko‘rildi. So‘ng elektrga o‘tkazish chorasi ko‘rilgan. Hozirda elektrga o‘tkazilib, «Texnik shart» olingan va aholi ellik foizlik chegirma asosida to‘lovni amalga oshirishi belgilangan. Har bir xonadonga 4 mln so‘mga yaqin xarajat qilinmoqda, – deydi biz bilan muloqotga kirishgan huquqshunos.

Shartnoma bor, ta’minot yo‘q

Ko‘p qavatli uylar shartnomalarida ta’minot to‘liq ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, amalda isitish tizimi ishga tushmagani fuqarolarni sarson qilmoqda.

«Niyoz hoji» qishlog‘i hududida barpo etilgan zamonaviy ko‘rinishdagi ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholi ushbu manzilda «Kogon soft g‘isht» MChJ tomonidan 2023-yilning 14-iyul kuni 6 ta 5 qavatli uylar qurilishi boshlanganini ma’lum qilishdi. Ularga ko‘ra, mazkur ko‘p qavatli uylarning isitish tizimi tabiiy gazga moslashtirilgan. Har bir xonadon uchun alohida-alohida qozonxona o‘rnatish loyihalashtirilgan. Va binolar 2024-yilning noyabrida qurib tugatilgan. Kogon tumani «gaz ta’minot» hududiy bo‘limi tomonidan mazkur ko‘p qavatli turarjoy binolari qurilishida gaz quvurlarini payvandlash ishlari loyiha talabi asosida to‘liq bajarilgan. Gaz taqsimlash uskunasi keltirib o‘rnatilgan hamda xonadonlardagi gaz hisoblagichlar tamg‘alanib, sinovdan o‘tkazilgan. Gaz tarmog‘i 72 soat yuqori bosimda sinovdan o‘tkazilganda, hech qanday kamchilik yo‘qligi to‘g‘risida dalolatnoma tuzilib, imzolangan.

–  Biroq, xonadonlarga ko‘chib kirganimizda, ular hech qanday isitish tizimlariga ulanmaganligini ko‘rdik. Qurilish tashkiloti rahbari Baxtiyor Qudratov 2024-yil qish mavsumini o‘tkazib olishimizni, ayni paytda «nol» faoliyatda turgan tabiiy gaz 2025-yilda to‘liq ishga tushishini, hozircha ulanish jarayonida ayrim texnik muammolar mavjudligini aytgan edi. Biz ham uylar yangi ekan, muammolar bosqichma-bosqich bartaraf etiladi, degan umidda kutdik. Ammo, afsuski, 2025-yilning sovuq kunlarini ham xuddi shu holatda o‘tkazishga majbur bo‘ldik. Muammoga aniq yechim o‘rniga, tuman «gaz ta’minoti» hududiy bo‘limi va qurilish tashkiloti o‘rtasidagi kelishmovchiliklarga to‘qnash kelib turibmiz. Biz, oddiy fuqarolar sarson bo‘lib qolyapmiz, – deydi fuqaro Munavvar Toshova.

Qator mulkiy huquqni tasdiqlovchi me’yoriy hujjatlar asosida «Sotuvchi» va «Sotib oluvchi» o‘rtasidagi shartnomalar rasmiylashtirilgan.

– «Kvartira oldi-sotdi shartnomasi»ning 8-qismi, 8.4-bandida sotuvchi kvartira sotilgunga qadar barcha kommunal to‘lovlar, jumladan, tabiiy gaz va elektr energiyasi uchun qarzdorlik yo‘qligini ta’minlashi shartligi aniq belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, «Kvartirani oldi-sotdisi to‘g‘risidagi Topshiriq shartnomasi»ning maxsus shartlar qismida gaz quvurlari kvartira ichiga kiritilishi va gaz hisoblagich o‘rnatilishi qayd etilgan. Shunday ekan, shartnomada ochiq-oydin yozilgan majburiyatlar haligacha bajarilmay kelyapti? Axir, har bir fuqaro xonadon sotib olar ekan, unda xotirjam yashashni maqsad qiladi», – deydi fuqaro Sherali Yoriqulov.

Bunday tartibda tuzilgan har ikki turdagi shartnomadagi aniq qaydlar fuqarolarning ishonchiga asos bo‘lgan. Ammo, uy-joylar foydalanishga topshirilganiga qariyb, ikki yil bo‘layotganiga qaramay, yangi uylarga ko‘chib kelgan aholining xonadonigacha olib kirilgan gaz quvurlari hanuzgacha ishga tushirilmagan. Natijada, isitish tizimi amalda «nol» holatda qolmoqda.

Kim haq – quruvchimi yoki «gazchi»?

«Niyoz hoji»dagi ko‘p qavatli uylar atrofidagi tabiiy gaz ta’minoti masalasi hujjatlar, qarorlar va mas’uliyatlar to‘qnashuviga aylandi. Quruvchi «Texnik shart» bor, deydi, gaz idorasi esa uni huquqiy asos sifatida tan olmaydi, o‘rtada esa hujjatlar o‘zgarishi va bir-birini inkor etgan idoralar orasida qolib ketgan oddiy fuqarolar turibdi.

Kogon tumani «gaz ta’minoti» hududiy bo‘limi boshlig‘i Huseyn Habibov bizni qiziqtirgan savollarga javob berar ekan, mazkur xonadonlarni tabiiy gazga ulash bo‘yicha zarur loyiha-hujjatlarning mavjud emasligini bildirdi. Uning aytishicha, uylar qurilayotgan davrda quruvchi tashkilot tomonidan qurilish vaqtida «Texnik shart» olinmagan. Holbuki, aynan, shu «Texnik shart» asosida loyiha-hujjatlari ishlab chiqiladi va shundan keyingina tabiiy gaz quvurlariga ulash imkoni paydo bo‘ladi.

Biroq, «Kogon soft g‘isht» MChJ yuristi Baxtiyor Orziyev tomonidan bizga taqdim etilgan hujjatlarni sinchiklab kuzatar ekanmiz, 2023-yil 5-aprel sanasida, aynan, tuman «gaz ta’minoti» hududiy bo‘limi bosh muhandisi tasdig‘i bilan 14-sonli «Texnik shart» berilganini va u mavjud ekanini bildirdik.

– Yo‘q, bu – ART, ya’ni Arxitektura rejali topshirig‘i «Texnik shart»i. Bu «Texnik shart» qurilish maydonida gaz ta’minotiga tegishli tarmoqlar mavjud bo‘lganda, uni ko‘chirish talablarinigina belgilaydi. Ko‘p qavatli uy qurilishi yakunlanganidan so‘ng ham Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-martdagi 256-sonli qarori talablariga muvofiq, o‘rnatiladigan jihozlar soni va ularning yillik tabiiy gaz iste’moli ko‘rsatilgan holda «Texnik shart» loyihalashtirilmagan hamda «Hududgaz Buxoro» gaz ta’minoti filiali bilan ham kelishilmagan. Shuningdek, o‘tgan yilning 10-oktyabrida aholi murojaatlari asosida tuzilgan dalolatnoma ham gaz quvurlarini havo yordamida tekshirish faktinigina qayd etadi, xolos. U mazkur xonadonlarni tabiiy gazga ulash uchun huquqiy asos hisoblanmaydi. Mas’ul idoralar ta’kidlashicha, tabiiy gaz faqat Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-maydagi 319-sonli qarori ijrosi yuzasidan zarur hujjatlar rasmiylashtirilib, shuningdek, 256-sonli qaror talablariga muvofiq onlayn ariza berilgandan keyingina ulanishi mumkin, – deydi Huseyn Habibov.

Bu yerda yana bir jiddiy holat ochiladi: 2024-yil 16-oktyabrda berilgan №482-sonli «Xulosa» xonadonlarning gazga ulanganini ko‘rsatadi. Ammo, Huseyn Habibov mazkur hujjatdagi imzo soxtalashtirilganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, ekspertiza buni tasdiqlagan, biroq, jinoyat ishi qo‘zg‘atilmagan.

– Nizolarga sabab bo‘luvchi bu holat yuzasidan hujjatlar zudlik bilan Buxoro viloyati IIB eskpert-kriminalistika markaziga yuborildi va «Xulosa» xatshunoslik-ekspertizaga tayinlandi. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, imzoning mening imzoimga o‘xshatib, boshqa shaxs tomonidan bajarilgani oshkor bo‘ldi. Biroq, imzosi soxtalashtirilgan ushbu hujjatning tabiiy gaz yetkazib berishda hech qanday kuchga ega emasligi va oqibati biror bir huquqiy ahamiyatga ega emasligi vaji bilan holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etildi, – deydi Huseyn Habibov.

Savol tug‘iladi: soxta imzo bilan chiqarilgan hujjat qanday manfaatga xizmat qilgan? Va nega bu holat jinoiy javobgarlikka tortiladigan darajada baholanmagan?

Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 11-noyabrdagi 265-sonli, 2024-yil 31-maydagi 319-sonli, 2025-yil 8-apreldagi 205-sonli qarorlari yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylarni gazdan elektr yoki muqobil energiyaga o‘tkazishni belgilab bergan. Gaz tarmoqlariga ulanishiga «Texnik shart»lar berilishi qat’iyan  ta’qiqlangan. Bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan bahslar, ya’ni «Texnik shart» bormi-yo‘qmi, qonunlar o‘zgargan.

Holatni kuzatar ekanmiz, ko‘p sonli fuqarolar o‘rtasida bu borada keng tartibda targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmagandek, nazarimizda. Shunga ko‘ra, ushbu fuqarolarga xonadonlar, aynan, «Texnik shart» berilgan davrda qurilgan va «gazlashtirilgan», deb sotilgan. Va uni xarid qilganlar haligacha Qurilish tashkiloti va gaz idorasining va’dalari va inkorlari orasida qolib kelishmoqda.

«Kogontumangaz» gaz ta’minoti bo‘limi boshlig‘ining ta’kidlashicha, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 2-dekabrdagi topshirig‘iga ko‘ra, yangi qurilayotgan ko‘p kvartirali uylar va ijtimoiy soha ob’yektlari to‘liq elektr energiyasiga o‘tkaziladi. Bu tabiiy gaz resurslarini tejash va undan oqilona foydalanishga qaratilgan choradir.

Shunga qaramasdan, «Kogon soft g‘isht» MChJ tomonidan «Hududgaz Buxoro» gaz ta’minoti filiali va «Kogontumangaz» ta’minot hududiy bo‘limiga turli bahonalar bilan ko‘p qavatli uylarni tabiiy gazga ulashdan bo‘yin tovlab kelayotgani to‘g‘risida talabnoma jo‘natilgan. Shuningdek, har ikkala tashkilot zimmasiga «Texnik shart»ni haqiqiy, deb topib, muddatini tiklash va xonadonlarni tabiiy gaz tarmog‘iga ulash majburiyatini yuklash to‘g‘risida da’vo arizasi kiritgan. Buxoro tumanlararo iqtisodiy sudi esa ushbu da’vo arizani ish yuritishga qabul qilishni rad etish to‘g‘risida o‘z ajrimini chiqargan.

– Biz qurgan uylar «Texnik shart» berilgan vaqtda ko‘p qavatli uylarni elektr ta’minotiga ulash to‘g‘risidagi qonun kuchga kirmagan edi. Biroq, «Texnik shart»ni bir yillik muddati o‘tguncha gazni tarmoqqa ulash kechiktirilgan. Bugungi kunga kelib esa bu borada «Texnik shart» olishning imkoni yo‘q. Tabiiy gaz quvurlarini tortib, xonadonlarga olib kirgunga qadar ham yirik xarajatlar bo‘lgan. Shunga qaramasdan, bizdan xonadon sotib olgan fuqarolar o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Unda to‘liq elektrlashtirish tizimiga o‘tish hamda mazkur amal bugungi davr talabi ekani yuzasidan tushuntirish ishlari amalga oshirilmoqda. Isitishning qaysi tizimi to‘liq yo‘lga qo‘yilishidan qat’iy nazar, aholiga qulaylik yaratilib, iqtisodiy qo‘llab-quvvatlansa, shu eng to‘g‘ri tanlov. Qish-qirovli, yog‘in-sochinli, sovuq va nam kunlarda aholiga issiqlik yetkazish. Maqsad – shu! – dedi Baxtiyor Orziyev.

Kogon tuman hokimi o‘rinbosari Mahmud Shamsiyevning bildirishicha, «Niyoz hoji» qishlog‘i hududida joylashgan ko‘p qavatli aholi turarjoylarini elektr bilan isitish maqsadida to‘liq loyiha-hujjatlari ishlab chiqilgan.

«Elektr ta’minotida uzilishlar yo‘q, ammo qimmat…»

Ayrim fuqarolarning yashash xonadonlari elektr energiyasi bilan isitishga o‘tkazilgan bo‘lsa-da, tabiiy gaz bilan ta’minlanishi va shartnomaviy va’dalar bajarilishi masalasida ikkilanib qolishgan. Quruvchi va mas’ul idoralar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar hamda yuqori xarajatli elektr ta’minoti ancha qiyinchilik yaratayotganini bildirishdi.

Qayd etilishicha, «O‘zenergoinspeksiya» Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi ushbu ko‘p qavatli uylarni «Xorazm Ta’mir Loyiha» MChJ bilan birgalikda elektr bilan isitish maqsadida loyiha ishlab chiqqan va uni amalda qo‘llashga kelishgan.

–  Ammo, biz, fuqarolarning bu yerda bir yutug‘imiz bor. «Dom» 2024-yilning noyabr oyida «qabul» bo‘lgan. Biz uyni shuni hisobiga sotib olganmiz. Muammolar esa 250 foiz quruvchiga borib taqalyapti. Quruvchi ishni xato qilgan bo‘lsa, unga ruxsat beruvchi tashkilotlar ham birgalikda bo‘ladi-da, to‘g‘rimi? Gazlashtirilgan, deb sotgan. Xonadonimiz ichigacha kiritib, mana bu gaz quvurlarini ulagani «gaz keladi» degan ma’noni anglatmaydimi? – deydi bir fuqaro.

Keyingi fuqaro:

– Biz energetika vazirligida bo‘ldik. Muammolarimizni eshitishdi. Tegishli hujjatlar bilan tanishishdi. «Yo‘q, sizlarga qonuniy tabiiy gaz berilishi kerak. Bu narsa o‘rganilib chiqiladi, komissiya tuzilgan, komissiya ko‘rib chiqyapti va tez kunlarda ijobiy hal bo‘ladi», deya bildirgandi, – deydi.

– Elektr energiyasi ta’minotidan muammo bormi? – so‘raymiz.

– Yo‘q, muammo yo‘q. 1 fazalik tok o‘tkazilgan liniyalar 3 fazalikka ulandi. Bu judayam yaxshi. Elektr ta’minotida uzilish yoki pasayishlar kuzatilmayapti. Ammo, qimmat, juda qimmat! Elektr energiyasidan foydalanib, shaxsan o‘zim bir oyda 4,5 million so‘mdan ziyod pul to‘ladim, – deydi fuqaro Nasiba Hasanova.

– Bilishimizcha, shartnoma asosida elektr energiyasi ta’minotiga to‘liq o‘tilsa, 50 foiz chegirma belgilangan…

– Aynan, men shunday shartnoma asosida elektr energiyasidan foydalanyapman, – deydi u. – Eng achinarlisi, qurilish tashkiloti xodimlari: «Qishgacha tabiiy gazga ulab beramiz, yo‘qsa, buncha uyni sotolmaymiz», deyishgandi. Afsus… – so‘zlaydi navbatdagi fuqaro.

– Xo‘p, mayli, kelishmovchilik ikkita tashkilot o‘rtasida bo‘lyapti. Bu yerda fuqarolarning aybi yo‘q-ku?! Tabiiy gaz yetkazishning loyiha hujjatlari yo‘q, noqonuniy, deyishyapti. Ammo, hozir loyihasi yo‘q elektr toki bilan ta’minlashga tayyor turibdilar. Buyam noqonuniylik, to‘g‘rimi? Loyihasi bo‘lsa, qani, elektrlashtirildimi, demontaj qilindimi, nimadir qilingani to‘g‘risida qo‘limizda hech qanaqa hujjat yo‘q! – deydi fuqarolardan biri asabiylashgan ko‘yi.

Ishonchning «narxi»…

«Hokimiyat sudga yo‘l ko‘rsatmoqda, bloger esa pul yig‘moqda. Kogondagi uy-joy mojarosi atrofida yangi mashmasha avj oldi. Muammosiga yechim izlagan aholi «pul bersang, muammoingni chiqaraman» deydigan media vakillariga duch keldik. Xo‘sh, aslida kimga ishonish kerak?»

Fuqarolarning so‘ziga ko‘ra, odamlar juda ko‘p idora, tashkilotlar eshigini qoqishgan, yechim topisholmagan. Shundan so‘ng arzlarini yuqoriga yetib borishi va ommaviy axborot vositalariga yoritish uchun fuqarolar o‘zaro kelishib, blogerlarga murojaat qilish uchun yo‘l izlashgan.

– Shunda biz o‘zini bloger, deb tanishtirgan bir ayolni izlab topdik. U bilan shartnoma tuzdik. To to‘lovi amalga oshirilmaguncha, bizning muammolar bilan shug‘ullanmasligini aytdi. Nachora, keyin aholi pul yig‘ishib, salkam 8 million so‘m pullarni u tomonidan berilgan bank hisob raqamiga ko‘chirib berdik. Kim 50 ming, kim 200 ming so‘m yig‘ib berishga to‘g‘ri keldi. «To‘lamasangizlar, man ishni boshlamayman», dedi. Ammo, hozirgi kungacha bizni ishimiz hech qanday OAVga olib chiqmadi. Mana shu holatda biz bir to‘g‘ri yo‘l tutdikmi, noto‘g‘ri yo‘l tutdikmi, bilmaymiz. Ammo, bu yerda kam ta’minlangan, nogiron va boquvchisini yo‘qotganlar bor. Bizni hech kim eshitmagach, shu yo‘lni tutishga majbur bo‘lgandik. Ammo, nima bo‘lgandayam, o‘sha bloger pulimizni qaytarishi kerak! Nima, jamiyatning og‘riqli tashvishlari yo‘lida biz,  fuqarolar doimo aldanib yurishimiz kerakmi? – deydi Munavvar Toshova.

Kogon tuman hokimi axborot xizmati rahbari Aziz Qahhorov esa fuqarolar o‘z murojaati yuzasidan uy-joy oldi-sotdi shartnomasiga ko‘ra, qonuniy tartibda sudga murojaat qilishlari lozimligini hamda ushbu masala yuzasidan tegishli tashkilotlar shug‘ullanishini bildirdi.

Jurnalistik surishtiruv davomida ayrim fuqarolar yashash xonadonida isitish tizimida elektr energiyasi ta’minotiga to‘liq o‘tib, foydalanib kelishayotgani, tabiiy gazga ehtiyoji yo‘qligini bildirishdi.

– Shartnomaga nima kiritilgan bo‘lsa, gazmi, tokmi, o‘shani bersin, albatta, imtiyoz bilan! Lekin, elektr energiyasidan foydalanish juda qimmatga tushayapti. Shuniyam qat’iy inobatga olishsa, bo‘lardi, – deydi Eldor Samadov.

Fuqaro Furqat Husenov esa umuman, birorta fikr bildirishni istamasligini ochiq bayon etib, jurnalist va blogerlarga ishonchi yo‘qolganini yashirmadi. Aholidan pul yig‘ib muammoni o‘rganmagan blogerni esladi.

– Sizlarga, jurnalist va blogerlarga ishonmay qo‘ydim. Mana, bittasi bir necha oydan beri xuddi o‘zini bizning muammolar bilan shug‘ullanayotgandek ko‘rsatadi. Aslida, pulini oldi-yu, ketdi. Hech narsa o‘zgargani yo‘q! Muammolarimiz yechilmay qolmoqda! – deydi u.

Nima ham derdik? Bir aylanib, o‘zidan jurnalist yoki bloger yasab olganlar xatti-harakati boshqa hamkasblar faoliyatiga putur yetkazmoqda. Shu o‘rinda jurnalist Barno Sultonovaning xabar.uz saytida e’lon qilgan «Mana sizga qurbonlik, xohlagancha g‘ajing yoxud kalit tirqishidan mo‘ralayotganlar…» maqolasida: «Afsuski, bugungi «ommaviy linch» va noto‘g‘ri talqinlar natijasida jamiyatda boshqa halol jurnalistlarga nisbatan ham shubha va nafrat shakllanmoqda. Haqiqiy jurnalist xalqning muammosini yoritgani uchun internetda xayp qilishim kerak va pul olishim kerak bu uchun, deb o‘ylamaydi. Ularni ko‘rmayotganingizning sababi ular o‘zini qilgan ishini jar solmaydi…» deya yozgan so‘zlarini keltirgim keldim.

Ammo, jurnalist o‘zini muammoni yechishga emas, o‘sha muammoni to‘g‘ri va hech bir tarafga og‘may, xolis olib chiqishi va xalqning dardu tashvishini ayrim «uyqudagi» mutasaddilarga yetkaza olishi muhim. Bugungi davr taqozosi esa biz, jurnalistlarni eng qiyin vaziyatdagi muammolarni yechishga o‘zimizni urishga majbur qilyapti. Bundan esa «uyqudagi»lar uyalishi kerak, aslida.

50 foizli tarif yechimmi yoki vaqtinchalik chora?

Yangi qurilgan, rasman foydalanishga topshirilgan ushbu uylarda aholining ma’lum qismi hanuz issiqlik muammosi bilan yashamoqda. Mas’ul idoralar elektr ta’minoti to‘liq yo‘lga qo‘yilganini aytsa, fuqarolar uchun 50 foizli tarif haqiqiy yechimmi yoki muammoni vaqtincha niqoblashmi, degan savolga to‘xtalmoqda.

Bizga hamrohlik qilgan Kogon tuman elektr ta’minoti korxonasi boshlig‘i Muhammad Jo‘rayev fuqarolar bilan suhbatlashar ekan, ushbu ko‘p qavatli binolarni elektrlashtirish bo‘yicha barcha ishlar amalga oshirilganini tushuntirdi.

– Loyihalar shakllantirilib, inspeksiya tarafdan kelishuv berilgan. Haqiqatan hozirgi kunda yashab turgan 20 dan ortiq xonadonlarda elektr bilan shartnomasi 50 foizlik ta’rif bilan amalga oshirilgan. Shartnoma qilinsa, elektr energiyasi foydalanuvchisi 50 foizlik ta’rifda to‘laydi. Ya’ni, masalan, 200 kilovattgacha foydalanganlik uchun 600 so‘mlik ta’rifda 300 so‘m bilan, 800 so‘mlik ta’rifda 400 so‘m bilan amalga oshiriladi. Bu yilning to‘rt faslida ham, ya’ni doimiy amal qiladi, mavsumiy emas. Shartnoma asosida xonadonini elektr tizimiga to‘liq o‘tkazgan fuqarolar borki, ularning bari minnatdor, – deydi M.Jo‘rayev.

Fuqarolar esa mavjud muammolarni aholining turmush darajasi va ijtimoiy ahvolini hisobga olgan holda hal etilishi kerakligini bildirishmoqda.

– Aniq bir yechimga kelmagan dardlarimizni mas’ul rahbarlarga yetkazilishiga umid bog‘laymiz! – deyishdi ular.

Qisqasi, «Niyoz hoji»dagi ko‘p qavatli uylar atrofidagi bu muammo mas’uliyat, qonun ustuvorligi va fuqaro ishonchi masalasiga aylanib ulgurgan. Qog‘ozda «qabul» qilingan, shartnomada to‘liq ta’minlangan, deb ko‘rsatilgan uylar amalda aholini sovuqda qoldirmoqda. Bir tomonda «qonun bunga ruxsat bermaydi» degan idoralar, ikkinchi tomonda esa «shartnomada bor edi» deya haq talab qilayotgan fuqarolar. O‘rtada esa ayb kimda ekaniga aniq nuqta qo‘yilmagan, cho‘zilib ketgan bahs va sarson odamlar.

Eng achinarlisi, bu jarayonda oddiy odamlar yana bir bor davlat idoralari, quruvchi tashkilotlar va hatto, ayrim «bloger-jurnalist»larga ishonib, aldandik, degan xulosaga kelmoqda. Holbuki, uy-joy masalasi inson hayotidagi eng nozik, eng katta ishonch bilan bog‘liq qaror. U sinsa, ishonch ham yemiriladi. Yangi uyga ko‘chib kirgan ayrim oilalar issiqlik emas, savollar bilan yashamoqda: ayb kimda va mas’uliyat qayerda? Masalani «kim aybdor?» degan savol bilan emas, «kim javobgar?» degan tamoyil asosida hal qilish vaqti kelgan.

Qonun bor ekan, u qog‘ozda emas, amalda ishlashi kerak!

Laylo Hayitova



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Prezident 7 milliy dastur haqida e’lon qildi

Published

on


Prezident o‘z nutqida 7 milliy dastur haqida e’lon qildi. 

Birinchi milliy dastur bilim va malakani kelgusi taraqqiyotning asosiy kapitaliga aylantirishdan iborat bo‘ladi.

Bolalarning 6 yoshli tayyorlov guruhlariga qamrov qisqa muddatda 100 foizga olib chiqiladi. Xususiy bog‘cha tashkil qilish bo‘yicha mavjud imtiyozlar saqlab qolinadi.

Barcha maktablar xalqaro baholash dasturlari bilan to‘liq qamrab olinadi.

Yurtimizdagi texnikumlarda xalqaro ta’lim standartlarini joriy etiladi. Ularda yoshlarimizni yuqori daromadli kasblarga o‘qitishni yo‘lga qo‘yib, qamrovni 1 millionga yetkaziladi. Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekistonda kasb egallamagan birorta yigit-qiz qolmaydi.

Ikkinchi milliy dastur xalqimizning sog‘lom bo‘lishi va uzoq umr ko‘rishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Shu maqsadda aholi salomatligi bilan bog‘liq davlat xarajatlarini kelgusi besh yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5 foizga yetkaziladi.

Tibbiyotda profilaktikani kuchaytirish orqali salomatlikni asrash modeliga o‘tiladi. Davlat tibbiy sug‘urtasi mamlakatning barcha xonadonlariga kirib boradi

Ixtisoslashgan tibbiyotda raqobat muhitini kuchaytirish maqsadida dunyoning eng nufuzli kamida 5 ta klinikasi olib kelinadi.

Uchinchi milliy dastur – iqtisodiyotimizni yuqori texnologiya va mehnat unumdorligi modeliga o‘tkazish.

Buning uchun kelgusi o‘n yilda 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilinadi. Iqtisodiyotda yuqori o‘sish sur’atini saqlagan holda, 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmi 300 milliard dollarga yetkaziladi, sanoatda 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi.

Yoshlarimizning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishda startap, venchur va sun’iy intellektni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishga aylanadi.

Shuningdek, kichik biznes – o‘rta biznesga, o‘rta korxonalar esa yirik kompaniya va korporatsiyalarga aylanishi uchun yaxlit ekotizimni yo‘lga qo‘yamiz. Bularning hisobiga kelgusi o‘n yilda jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi 10 ming dollarlik marradan oshadi.

Global iqlim o‘zgarishi sharoitida suv va ekologiya masalalari yanada dolzarb bo‘lib bormoqda.

Shu bois, to‘rtinchi milliy dastur suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirishga qaratiladi.

Kelgusi besh yilda ekin maydonlarida suv tejaydigan texnologiyalar qamrovini 100 foizga olib chiqiladi. Bu – umummilliy marraga aylanadi.

Adolat qaror topgan joyda iqtisodiy o‘sish ham, ijtimoiy ishonch ham yuksaladi.

Bu borada beshinchi milliy dastur – sud mustaqilligini kuchaytirish va qonun ustuvorligini ta’minlashni umumiy qadriyatga aylantirishdan iborat.

“Buning uchun huquqiy tarbiyani maktabdan boshlab aniq tizim asosida yo‘lga qo‘yamiz. Fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha islohotlarimizni qat’iy davom ettiramiz. Kiberjinoyatchilik, giyohvandlik va odam savdosining oldini olish bo‘yicha choralarni yanada kuchaytiramiz.

“Yashirin iqtisodiyot”, uyushgan jinoyatchilik, ayollar va bolalar huquqini kamsitishga qarshi kurashni yangi bosqichga ko‘taramiz.

Odamlarimizning kayfiyati, oilalarning farovonligi, yoshlarning orzu-istagi, tadbirkorlarning tashabbuskorligi, eng avvalo, mahallada namoyon bo‘ladi.

Shuning uchun oltinchi milliy dastur mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirishga yo‘naltiriladi.

Endi davlat dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha yondashuv butkul o‘zgaradi. Tuman budjeti, investitsiya dasturi hamda infratuzilma loyihalari mahalla buyurtmasi asosida ishlab chiqiladi. Bunda fuqarolarning talab va ehtiyoji, mahallaning farovonligi – eng asosiy mezon sifatida belgilanadi”, dedi Prezident.  

Yettinchi milliy dastur – O‘zbekistonning tinchlik va do‘stlik diyori, bag‘rikeng o‘lka sifatidagi nufuzini har tomonlama yuksaltirishdan iborat.

Bizning ochiq, pragmatik va tinchlikparvar siyosatimiz uzoq muddatli taraqqiyotimizni ta’minlashga qaratilgan.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Bu yilgi Mustaqillik bayrami ijtimoiy tarmoqlarda chin ma’noda portladi!

Published

on


Bu yilgi Mustaqillik bayrami ijtimoiy tarmoqlarda chin ma’noda portladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning nutqi, bayram ssenariysi va sahnadagi chiqishlarga foydalanuvchilardan juda katta, samimiy va kuchli reaksiya bo‘ldi.

Izohlarni o‘qib, bir narsa yaqqol ko‘rinadi: odamlar bayramni shunchaki tomosha qilmagan — his qilgan.

“Juda zo‘r!”, “Boshqacha bo‘ldi!”, “Ta’sirli!”, “Gap yo‘q!”, “Sahnadagi energiya va jonli ijro odamni lol qoldirdi, haqiqiy bayram kayfiyati!”, “Harbiylarning safdagi kelishgan va qat’iy qadamlari qalbimizni g‘ururga to‘ldiradi”, “Juda go‘zal bayram, betakror bayram”… — ijtimoiy tarmoqlardagi minglab fikrlarda bir xil kayfiyat.

Ayniqsa, Prezident nutqidagi fikrlar alohida muhokama qilindi. Vatan tarixi, bugungi islohotlar va kelajakka ishonch uyg‘unlashgan nutq ko‘pchilikda kuchli taassurot qoldirdi.

Bu yilgi Mustaqillik bayrami sahnada o‘zgacha bo‘ldi — ijtimoiy tarmoqlardagi reaksiya esa bundan ham kuchli!

Bu shunchaki izohlar emas. Bu — xalqning bayramga bo‘lgan kayfiyati.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

BYD CHAZOR UzPride – O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan maxsus taklif

Published

on


BYD Central Asia mahalliy ishlab chiqarilayotgan BYD CHAZOR UzPride modelining rasmiy sotuvi boshlanganini e’lon qiladi. Mahalliylashtirish darajasi yuqori bo‘lgani tufayli 55 KM Luxe jamlanmasi 255 900 000 so‘m narxda taklif etilmoqda.

Modelning nomi uning mazmun-mohiyatini aks ettiradi: brend mahalliy bozorda izchil rivojlanib, texnik mutaxassislarni tayyorlash va mamlakat avtomobilsozlik sanoatini zamonaviylashtirishga ko‘maklashmoqda. Shu bilan birga, zamonaviy texnologiyalarni aholining tobora keng qatlamlari uchun qulay va hamyonbop qilmoqda. Shu sababli yangi talqin O‘zbekiston va uning xalqiga chuqur hurmat ramzi sifatida UzPride nomini oldi.

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan xaridorlar uchun maxsus moliyalashtirish dasturi tayyorlandi:

– boshlang‘ich to‘lov – 35%;

– bo‘lib to‘lash muddati – 35 oy;

– foiz stavkasi – 0%;

– moliyalashtirishni rasmiylashtirish – faqat OFB hamkor banki orqali.

Mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan moliyalashtirish dasturi shartlari 2026 yil 29 avgustdan 1 sentyabrgacha amal qiladi.

Dastur shartlari qutlug‘ sana bilan ramziy tarzda uyg‘unlashtirilgan bo‘lib, yangi supergibrid sedanni O‘zbekiston bo‘ylab xaridorlar uchun yanada qulayroq shartlarda sotib olish imkonini beradi.

BYD CHAZOR UzPride haqida

BYD CHAZOR UzPride DM-i supergibrid tizimi bilan jihozlangan. Unda elektr yuritmaning afzalliklari 1,5 litr hajmli yuqori samarali benzin dvigatelining imkoniyatlari bilan uyg‘unlashtirilgan.

132 kVt quvvatga ega elektr dvigatelining eng yuqori burovchi kuchi 316 N·m ni tashkil etadi. Avtomobil 0 dan 100 km/soat tezlikka 7,9 soniyada chiqadi. NEDC o‘lchov tartibi bo‘yicha faqat elektr quvvatida yurish masofasi 55 kilometrgacha yetadi. Akkumulyator quvvati past bo‘lganda yoqilg‘i sarfining eng kam ko‘rsatkichi 100 kilometrga 3,8 litrni tashkil etadi.

55 KM Luxe jamlanmasiga aylantiriladigan 12,8 dyuymli multimedia ekrani, 8,8 dyuymli displeyga ega raqamli ko‘rsatkichlar paneli, o‘zbek tilidagi aqlli ovozli boshqaruv tizimi, 4G va Bluetooth ulanishi, shuningdek, OTA orqali masofadan yangilash imkoniyati kiradi.

Haydovchiga yanada ko‘proq qulaylik yaratish maqsadida avtomobil kalitsiz kirish tizimi, NFC-karta, masofadan ishga tushirish, o‘rindiqni elektr yordamida sozlash, elektr yuritmali tom tuynugi hamda orqa o‘rindiq yo‘lovchilari uchun havo yo‘naltirgichlarga ega iqlim tizimi bilan jihozlangan.

360° atrofni ko‘rsatuvchi panoramali HD-kamera hamda old va orqa to‘xtash datchiklari avtomobilni boshqarish va tor joylarda harakatlanishni osonlashtiradi.

Xavfsizlik tizimlari qatoriga tezlikni bir maromda saqlash tizimi, yo‘nalish barqarorligini nazorat qilish, g‘ildiraklarning sirpanishiga qarshi tizim, shinalardagi bosimni kuzatish, qiyalikda harakatni boshlashga ko‘maklashish, avtomobilni avtomatik ushlab turish, old va yon xavfsizlik yostiqchalari, shuningdek, parda turidagi xavfsizlik yostiqchalari kiradi.

BYD CHAZOR UzPride modelining mahalliy ishlab chiqarilishi yangi energiya manbalarida harakatlanuvchi zamonaviy avtomobillar tanlovini kengaytiradi hamda mamlakat avtomobilsozlik sanoatining rivojlanishiga hissa qo‘shadi.

BYD Central Asia kompaniyasining mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan dasturi – O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligini mamlakatimizda ishlab chiqarilgan yangi avtomobil boshqaruvida kutib olish uchun ajoyib imkoniyatdir.

*Mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan moliyalashtirish dasturi 2026 yil 29 avgustdan 1 sentyabrgacha, 1 sentyabr kuni ham, amal qiladi. Dastur doirasidagi moliyalashtirish faqat OFB hamkor banki orqali rasmiylashtiriladi. Dastur bo‘yicha taklif etiladigan avtomobillar soni cheklangan. Texnik ko‘rsatkichlar ma’lumot berish maqsadida keltirilgan bo‘lib, yo‘l va ob-havo sharoiti, avtomobilning yuklanish darajasi hamda haydash uslubiga qarab farq qilishi mumkin. Avtomobilni sotib olish shartlari va jamlanmasi haqidagi batafsil ma’lumotni BYD kompaniyasining rasmiy dilerlaridan olishingiz mumkin.

BYD kompaniyasining O‘zbekistondagi aloqa ma’lumotlari

Rasmiy ishonch telefoni: 1811

Rasmiy veb-sayt: bydauto.uz

Instagram: @bydauto.uz

Telegram: t.me/bydautouz





Source link

Continue Reading

Jamiyat

Yangi o‘quv yilida 806 mingdan ziyod 6 yoshli bola maktabga tayyorlov guruhlariga qamrab olinadi

Published

on


E-qaror tizimida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining maktabgacha ta’lim tashkilotlarini 2026/2027 o‘quv yiliga tayyorlash va bolalarni qabul qilish jarayonini samarali tashkil etishga oid buyrug‘i e’lon qilindi. Hujjatning ilovalari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2026-yil 18-avgustdagi 299-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan.  

Hujjatga ko‘ra, 2026/2027 o‘quv yilida respublika bo‘yicha 811 ming 586 nafar 6 yoshli bola hisobga olingan. Ularning 806 ming 290 nafarini maktabga tayyorlov guruhlariga qamrab olish rejalashtirilgan. Natijada qamrov darajasi 99,3 foizga yetkazilishi ko‘zda tutilmoqda.

Maktabga tayyorlov guruhlari bilan qamrab olinmagan 6 yoshli bolalar uchun 485 ta bir yillik bepul majburiy tayyorlov guruhi tashkil etiladi. Ularda jami 13 ming 104 nafar bolani qamrab olish rejalashtirilgan.

Shundan:

— umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 413 ta guruh tashkil etilib, 11 ming 163 nafar bola;

— davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 65 ta guruh ochilib, 1 ming 766 nafar bola;

— boshqa mos binolarda 7 ta guruh tashkil qilinib, 175 nafar bola qamrab olinadi.

Chora-tadbirlar rejasiga muvofiq, avval hududlardagi 6 yoshli bolalar xatlovdan o‘tkaziladi. Xatlov natijasida tayyorlov bilan qamrab olinmagan bolalar mavjud bo‘sh guruh va o‘rinlarga joylashtiriladi.

Shundan keyin ham qamrovdan tashqarida qolgan bolalar uchun umumta’lim maktablari, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari, «Kelajak markazlari» va boshqa obyektlarning bo‘sh xonalarida yangi tayyorlov guruhlari tashkil etiladi. Ularni sentyabr–oktyabr oylarida ishga tushirish belgilangan.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Qonunchilikdagi noaniqliklar tadbirkor foydasiga talqin qilinadi

Published

on


Prezident farmonida tadbirkorlik subyektlarining huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan «tadbirkorlik subyektining haqlilik prezumpsiyasi» belgilandi.

Unga ko‘ra, davlat organi tomonidan aksi isbotlanmaguncha tadbirkorlik subyekti va uning mansabdor shaxsi qonunchilikka muvofiq harakat qilgan hamda o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajargan deb hisoblanadi.

Sudda tadbirkorga nisbatan huquqiy ta’sir chorasi qo‘llash uchun uning asosli, qonuniy va mutanosib ekanini, shuningdek, huquqbuzarlik faktini isbotlash majburiyati davlat organiga yuklanadi.

Qonunchilikdagi bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyatlar, noaniqlik va tushunmovchiliklar, shuningdek, dalillar yetarli emasligi tufayli yuzaga keladigan shubhalar tadbirkorlik subyekti foydasiga talqin qilinadi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.