Sport
Agar yaxshi o‘ynasak, O‘zbekiston butun dunyodan muxlislar orttiradi – Shomurodov
O‘zbekiston milliy jamoasi va Turkiyaning «Istanbul Boshoqshehir» klubi hujumchisi Eldor Shomurodov FIFA saytiga katta intervyu berdi va JCh-2026 musobaqasi haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
O‘zbekiston milliy jamoasi va Turkiyaning «Istanbul Boshoqshehir» klubi hujumchisi Eldor Shomurodov FIFA saytiga katta intervyu berdi.
30 yoshli futbolchi tushuntirganidek, jahon chempionati sahnasiga chiqish imkoniyati unga nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun katta g‘urur bag‘ishlaydi.
«Biz his qilayotgan tuyg‘uni so‘z bilan ifodalash juda qiyin. Nafaqat biz, futbolchilar, balki butun O‘zbekiston ushbu jahon chempionati yo‘llanmasini xohladi va shundan so‘ng hamma natijadan juda mamnun bo‘ldi, chunki hammamiz bu xalqimiz va muxlislarimiz uchun nimani anglatishini tushundik. Shuning uchun bu biz uchun juda muhim», dedi Shomurodov.
«Nafaqat O‘zbekistondan, balki Markaziy Osiyodan ham ko‘plab futbol muxlislari saralashdan o‘tganimizdan so‘ng bizni tabrikladi. Adashmasam, Qozog‘iston prezidenti ham qaysidir tadbirda O‘zbekiston prezidentini tabrikladi. Agar hozir yaxshi o‘ynab, ijobiy o‘yin ko‘rsatsak, O‘zbekiston milliy jamoasi butun dunyodan muxlislar orttiradi», deb qo‘shimcha qildi u.
Kolumbiya, Portugaliya va Kongo DR, Yamayka yoki Yangi Kaledoniya bilan birga K guruhiga kiruvchi «oq bo‘rilar» Mexiko, Hyuston va Atlantadagi o‘yinlarda shov-shuv ko‘tarishga harakat qiladi. Jahon chempioni Fabio Kannavaro bosh murabbiy ekani hisobga olinsa, Shomurodov o‘z mamlakati Shimoliy Amerikada shov-shuvga sabab bo‘lishiga ishonadi.
«Men (qur’adan oldin) kim bilan o‘ynashimiz unchalik muhim emasligini bilardim. Hozirgi vazifamiz – guruh bosqichidan o‘tish, qolgani taqdir qo‘lida. Albatta qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz. Mamlakatimiz sharafini himoya qilamiz va shuning uchun astoydil mehnat qilib, O‘zbekiston dunyoning eng kuchli jamoalaridan biri ekanini dunyoga ko‘rsatamiz. Biroq, katta va’da bera olmaymiz. Ba’zilar bizni autsayder deb o‘ylashi mumkin, ammo bizning vazifamiz bu tasavvurni rad etish va bunday fikrlarni yaxshi tomonga o‘zgartirishdir», dedi u.
Shomurodov 22 yoshida vatanini tark etib, Rossiyaning Rostov shahriga ko‘chib o‘tdi. Keyinchalik, qisqa muddat Italiyaning Genuya shahrida bo‘lib, 2021 yilda «Roma»ga qo‘shildi. Keyingi mavsumda u Yevropa klublar turnirida g‘olib chiqqan birinchi o‘zbekistonlik bo‘ldi. «Roma» UYeFA Konferensiyalar ligasi chempionligini qo‘lga kiritdi. Shomurodov ayni damda Turkiya Superligasida «Boshoqshehir» safida ijarada o‘ynamoqda va yangi yilni 17 o‘yinda 12 gol va 3 golli uzatma bilan eng yaxshi to‘purar sifatida boshladi.
Shomurodov «Manchester Siti» himoyachisi Abduqodir Husanov va jamoadoshi Abbosbek Fayzullayev bilan birgalikda o‘zbek iste’dodlarining yosh avlodini ilhomlantirishda davom etish imkoniyati borligini anglamoqda.
«O‘ylab qarasam, mendan oldin [Yevropada o‘ynagan] bir necha futbolchi bor edi xolos. Hozir biz buni qila olishimizni ko‘rsatdik va futbolchilar O‘zbekistonni tark etib, Yevropaning kuchli jamoalarining bir qismiga aylanayotganini ko‘rdik. Bu nafaqat milliy jamoamiz, balki o‘zbek futboli uchun ham foydali bo‘ladi, deb o‘ylayman», dedi u.
«O‘zbekistonda odamlar har doim futbolni yaxshi ko‘rgan va milliy jamoaning katta muxlisi bo‘lgan. Bolaligimda jamoamiz jahon chempionatiga chiqa olmaganini va muxlislar qayg‘uga botganini eslayman. So‘nggi yillarda erishgan yutuqlarimiz, prezidentning sport va futbolni birinchi o‘ringa qo‘ygani tufayli bugun muxlislarning futbolimizga bo‘lgan munosabati o‘zgardi», deb qo‘shimcha qildi Shomurodov.
«Futbolchilarimiz butun Yevropa bo‘ylab o‘ynay boshladi, infratuzilma kengaydi va yoshlar uchun imkoniyatlar yaratildi. Bularning hammasi hozir chindan ham o‘z samarasini bera boshladi. Endi jahon chempionatida qatnashishimizni bilganimizdan so‘ng, albatta, ko‘plab o‘zbekistonliklar u yerga borishni rejalashtirmoqda. Umid qilamanki, ularning ishtiroki bizga xuddi o‘z xalqimiz oldida o‘ynayotgandek tuyg‘u beradi. Biz bilamizki, ko‘plab o‘zbeklar Amerikada yashaydi – ularning qo‘llab-quvvatlashini his qilish va bizni qo‘llab-quvvatlashini bilish juda ruhlantiradi va keyingi bosqichga chiqishga yordam beradi», dedi u.
Sport
Saudiya Arabistonida zamonaviy texnologiyalar asosidagi ulkan stadion qurilmoqda
Stadion suriluvchi tom va maydonga ega bo‘ladi. Uning bir tomoni ulkan suriluvchi LED devordan iborat bo‘lib, devorda jonli translatsiyalar, filmlar va lazer shou namoyish etiladi. 45000 tomoshabinga mo‘ljallangan arena “Al Hilol” va “Al Nassr” klublari uchun uy maydoni bo‘lishi kutilmoqda.
Saudiya Arabistonida qurilayotgan shahzoda Muhammad bin Salmon nomidagi ko‘p funksiyali stadionning yangi suratlari e’lon qilindi. U 2034 yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionatini o‘tkazish uchun ehtimoliy arenalardan biri sifatida ko‘rilmoqda.
Qurilish ishlari Ar-Riyod shahri g‘arbidagi Qiddiya ko‘ngilochar hududida olib borilmoqda.
Foto: SaudiProject
Stadion suriluvchi tom va maydonga ega bo‘ladi, uning bir tomoni ulkan suriluvchi LED devordan iborat bo‘lib, devorda jonli translatsiyalar, filmlar va lazer shou namoyish etiladi. Devor ochilganida, maydon atrofidagi tribunalar va Tuvayk qoyasi manzarasi namoyon bo‘ladi. Bu dunyodagi birinchi to‘liq integratsiyalashgan majmua bo‘lib, stadionni bir necha soat ichida turli tadbirlar uchun moslashtirish imkonini beradi.
Geometrik shakldagi binolarning tashqi qismi raqamli ekranlar bilan qoplanadi va ular qoyadan o‘sib chiqqandek ko‘rinadi.
Foto: SaudiProject
Stadion atrofida sport va ko‘ngilochar hududlarga ega bo‘lgan baland binolar quriladi. Ular ichki ko‘chalar orqali bog‘lanadi va bu ko‘chalar ham LED ekranlar bilan qoplanadi. Ushbu yo‘laklar tashrif buyuruvchilarni qoya chetidagi kuzatuv maydonchalariga olib boradi.
Loyihasi Populous arxitektura byurosi tomonidan ishlab chiqilgan ushbu arena 45000 tomoshabinga mo‘ljallangan.
Foto: SaudiProject
Stadion Saudiya Arabistoni professional ligasining “Al Hilol” va “Al Nassr” klublari uchun uy maydoni bo‘ladi. Shu bilan birga, bu yerda boks, kibersport, konsertlar va teatr tomoshalari kabi turli sport va madaniy tadbirlar ham o‘tkaziladi.
Sport
Abduqodir Husanov eng kam qadrlanadigan futbolchilar ro‘yxatidan joy oldi
O‘zbekistonlik futbolchi Abduqodir Husanov The Atlantic nashrining dunyoning eng kam qadrlangan futbolchilari ro‘yxatiga kiritildi.
Mualliflar o‘zbek himoyachisi bu mavsumda yanada yaxshilanganini ta’kidladilar.
Angliyaning «Manchester Siti» klubining o‘zbek himoyachisi Abduqodir Xusanov The Atlantic nashrining dunyoning eng kam baholangan futbolchilari ro‘yxatiga kiritildi. Husanov bu mavsumda yanada yaxshilangani ta’kidlanmoqda.
Uning tezligi, o‘yinni himoyada o‘qish va to‘pni agressiv ravishda ta’qib qilish qobiliyati ham ta’sirchan. U ba’zan biroz haddan tashqari tajovuzkor bo‘lishi mumkin, ammo bular bartaraf etish mumkin bo‘lgan qo‘polliklar sanaladi. U shuningdek, to‘p bilan yaxshi harakat qiladi. Maqolada Xusanov chindan ham juda istiqbolli o‘yinchi ekanligi aytiladi.
Ro‘yxatga shuningdek, Federiko Valverde (Real Madrid), Harri Maguayr (Manchester Yunayted), Bernardo Silva (Manchester Siti) va boshqa o‘yinchilar ham kiritilgan.
Sport
«Sporting», «Real», «PSJ» va «Arsenal» chorak finalda
Bugun oqshom Yevropa Chempionlar ligasi 1/8 finalida to‘rtta javob uchrashuvi yakuniga yetib, ilk chorak finalchilar nomi ma’lum bo‘ldi.
Portugaliyaning «Sporting» klubi superkambek evaziga «Budyo-Glimt» «ertagi»ga nuqta qo‘ydi. «Real» safarda Vinisiusning dubli hisobiga «Manchester Siti»dan ustun keldi (Abduqodir Husanov bu o‘yinda to‘liq harakat qildi). «PSJ» Londonda ham yirik hisobli g‘alabaga erishib, «Chelsi»ni turnirdan chiqarib yubordi. «Arsenal» «Bayer» ustidan ishonchli g‘alaba qozondi.
Chorak finalda «Sporting» «Arsenal»ga qarshi to‘p sursa, «Real»ning raqibi katta ehtimol bilan «Bavariya» bo‘ladi.
YChL. 1/8 final
Sporting — Budyo-Glimt 5:0 (umumiy hisob 5:3)
Gollar: Inasiu 34, Gonsalvesh 61, Suares 78 penalti, Arauxo 92, Nel 120+1
Chelsi — PSJ 0:3 (umumiy hisob 2:8)
Gollar: Xvaratsxeliya 6, Barkolya 14, Mayulu 62
Arsenal — Bayer 2:0 (umumiy hisob 3:1)
Gollar: Eze 36, Rays 63
Manchester Siti — Real 1:2 (umumiy hisob 1:5)
Gollar: Holand 41 — Vinisius 22 (pen.), 90+3
Chetlatish: Silva (20)
Ogohlantirishlar: Gvardiola 25, Husanov 45+4
Sport
“Shahzod -Gold” uch yarim yilga ozodlikdan mahrum qilindi
Sportchiga xos intizom va mas’uliyat namunalarini ko‘rsatish o‘rniga, arzimas sabab bilan janjal chiqarib, jabrlanuvchilarga nisbatan jismoniy kuch ishlatilgani sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini yanada oshirishi sud hujjatida alohida ta’kidlangan.
Toshkent shahar sudi kassatsiya instansiyasi hukmi bilan jamoatchilikka “Shahzod-Gold” nomi bilan tanish Sh. Uzoqovga tayinlangan ozodlikdan cheklash jazosi ozodlikdan mahrum qilish jazosiga o‘zgartirilgani ijtimoiy tarmoqlarda turli talqinlar bilan muhokama qilinmoqda.
Toshkent shahar sudlari mazkur holat bo‘yicha rasmiy bayonot berdi.
Bayonotga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudining hukmi bilan Sh. Uzoqov (1999 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan) va N.Quldoshev (2000 yilda Qashqadaryo viloyati tug‘ilgan) bezorilik (Jinoyat kodeksi 277-moddasi 3 qismining tegishli bandlari) jinoyatini sodir etishda aybdor deb topilib, 2025 yil 7 noyabrda ularga uch yarim yildan to‘rt yilgacha bo‘lgan muddatga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlangan.
Tasdig‘ini topgan ayblovga ko‘ra, sudlanuvchilar yo‘l talashish ortidan ishda jabrlanuvchi deb topilgan fuqaro bilan janjallashib kuch ishlatishadi, shuningdek, ularni ajratishga uringan yana bir fuqaroga ham qo‘l ko‘tarib, har ikkisiga tan jarohati yetkazadi va voqea joyidan yashirinadi. Ayni jarayonda jabrlanuvchining qimmatbaho uyali telefon apparatiga ham shikast yetkazilgan.
Sudlov hay’ati birinchi instansiya sudi tomonidan Sh.Uzoqovning harakati Jinoyat kodeksi 277-moddasi 3-qismining “a,g” bandlari, N.Quldoshevning harakati shu moddaning 3-qismi “g” bandi bilan to‘g‘ri kvalifikatsiya qilingan, deb topdi. Biroq tayinlangan jazo turi bo‘yicha hukm bilan kelishmadi.
Sudlov hay’ati Sh.Uzoqov muqaddam ikki marta, N.Quldoshev bir marta xuddi shu toifadagi jinoyat sodir etgani uchun javobgarlikka tortilganiga e’tibor qaratib, birinchi instansiya sudi tomonidan ushbu turdagi jinoyat xarakteri va jamoat uchun xavflilik darajasi yetarlicha inobatga olinmasdan, asossiz ravishda ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan, degan xulosaga keldi.
“Sudlov hay’atiga ko‘ra, sudlanuvchilarning shaxsi va ular tomonidan sodir etilgan qilmishning xususiyatiga alohida e’tibor talab etadi. Ya’nikim, sudlanuvchilar professional tarzda aralash jang san’ati (MMA) bilan shug‘ullanuvchi, maxsus jismoniy tayyorgarlikka va jang mahoratiga ega. Shundan kelib chiqib, sudlov hay’ati bunday shaxslar oddiy fuqarolarga nisbatan jismoniy ustunlikka ega bo‘lib, o‘z kuch va imkoniyatlaridan faqat qonun doirasida, sport qoidalari asosida foydalanishi lozim ekaniga e’tibor qaratdi. Sportchiga xos intizom va mas’uliyat namunalarini ko‘rsatish o‘rniga, arzimas sabab bilan janjal chiqarib, jabrlanuvchilarga nisbatan jismoniy kuch ishlatilgani sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini yanada oshirishi sud hujjatida alohida ta’kid etiladi.
Jinoyat kodeksining 8-moddasiga ko‘ra, jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan qo‘llaniladigan jazo yoki boshqa huquqiy ta’sir chorasi odilona bo‘lishi, ya’ni jinoyatning og‘ir-yengilligiga, aybning hamda shaxsning ijtimoiy xavflilik darajasiga muvofiq kelishi shart”, deyiladi bayonotda.
Shu va shu kabi qator asoslarga ko‘ra, sudlov hay’ati tomonidan birinchi instansiya sudi hukmi bekor qilinib, sudlanuvchilarga nisbatan uch yarim yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi va ular sud zalidan qamoqqa olindi. Sudlanuvchilarning qamoqda bo‘lgan davri va o‘talgan ozodlikdan cheklash jazosi tayinlangan jazodan chegirib tashlanishi hukmda alohida belgilandi.
Ta’kidlanishicha, ushbu bayonot axborot xarakterida bo‘lib, jinoyat ishi yuzasidan Toshkent shahar sudining yakuniy xulosasi hisoblanmaydi.
Sport
Senegaldan qit’a chempionligi olib qo‘yildi
Afrika Millatlar kubogi finalida Marokashga qarshi kechgan o‘yinda Senegal milliy jamoasiga texnik mag‘lubiyat yozildi. Afrika futbol konfederatsiyasi (CAF) final uchrashuvi borasidagi yakuniy va shov-shuvli qarorini e’lon qildi.
Qarorga ko‘ra, Marokash rasman qit’a chempioni deb topildi.
Eslatib o‘tamiz, final bahsining 90+9-daqiqasida hakam Marokash foydasiga penalti belgilagach, Senegal futbolchilari norozilik sifatida maydonni tark etishgan edi. Oradan 15 daqiqa o‘tib, Sadio Mane boshchiligidagi jamoa maydonga qaytgan, penaltini esa Eduar Mendi qaytargan edi. Ekstra-taymlarda Pape Guye gol urib, Senegalni chempionlikka yetaklagandi.
Marokash tomoni o‘yin tugagach, Senegal futbolchilarining maydonni o‘zboshimchalik bilan tark etgani yuzasidan apellyasiya bergan edi. 17 mart kuni bo‘lib o‘tgan maxsus komissiya yig‘ilishida mazkur holat turnir reglamentining 84-moddasiga zid deb topildi.
Garchi maydondagi bahs Senegalning g‘alabasi bilan tugagan bo‘lsa-da, reglament buzilgani sababli g‘alaba Marokashga taqdim etildi. Shu tariqa, Marokash o‘z tarixidagi navbatdagi Afrika Millatlar kubogi oltin medallariga ega chiqdi.
-
Jamiyat5 days ago
Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarov lavozimidan ozod etildi
-
Dunyodan5 days ago
Prezident Tramp yashirishga uringan Eronga qarshi urush sababi ma’lum bo’ldi
-
Jamiyat5 days agoadolat izlagan dehqonning 7 yillik sarguzashtlari
-
Iqtisodiyot2 days ago«Yomg‘ir va qorda ham foydalanishga tayyor bo‘ladi» – Toshkent-Andijon pulli yo‘li haqida nimalar ma’lum?
-
Sport4 days agoFutbol bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Osiyo kubogi chorak finalida yirik hisobda mag‘lub bo‘ldi
-
Turk dunyosi3 days agoTurkiyaning Baykal K2 bir tomonlama hujumga uchragan uchuvchisiz samolyotining toʻda harakatini sinovdan oʻtkazdi
-
Dunyodan4 days ago
Iroq g‘arbida AQShning yonilg‘i quyuvchi samolyoti urib tushirildi
-
Jamiyat4 days agoorzularni umringiz evaziga sotib olasiz / 5 daqiqa
