Sport

Agar yaxshi o‘ynasak, O‘zbekiston butun dunyodan muxlislar orttiradi – Shomurodov

Published

on


O‘zbekiston milliy jamoasi va Turkiyaning «Istanbul Boshoqshehir» klubi hujumchisi Eldor Shomurodov FIFA saytiga katta intervyu berdi va JCh-2026 musobaqasi haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

O‘zbekiston milliy jamoasi va Turkiyaning «Istanbul Boshoqshehir» klubi hujumchisi Eldor Shomurodov FIFA saytiga katta intervyu berdi.

30 yoshli futbolchi tushuntirganidek, jahon chempionati sahnasiga chiqish imkoniyati unga nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun katta g‘urur bag‘ishlaydi.

«Biz his qilayotgan tuyg‘uni so‘z bilan ifodalash juda qiyin. Nafaqat biz, futbolchilar, balki butun O‘zbekiston ushbu jahon chempionati yo‘llanmasini xohladi va shundan so‘ng hamma natijadan juda mamnun bo‘ldi, chunki hammamiz bu xalqimiz va muxlislarimiz uchun nimani anglatishini tushundik. Shuning uchun bu biz uchun juda muhim», dedi Shomurodov.

«Nafaqat O‘zbekistondan, balki Markaziy Osiyodan ham ko‘plab futbol muxlislari saralashdan o‘tganimizdan so‘ng bizni tabrikladi. Adashmasam, Qozog‘iston prezidenti ham qaysidir tadbirda O‘zbekiston prezidentini tabrikladi. Agar hozir yaxshi o‘ynab, ijobiy o‘yin ko‘rsatsak, O‘zbekiston milliy jamoasi butun dunyodan muxlislar orttiradi», deb qo‘shimcha qildi u.

Kolumbiya, Portugaliya va Kongo DR, Yamayka yoki Yangi Kaledoniya bilan birga K guruhiga kiruvchi «oq bo‘rilar» Mexiko, Hyuston va Atlantadagi o‘yinlarda shov-shuv ko‘tarishga harakat qiladi. Jahon chempioni Fabio Kannavaro bosh murabbiy ekani hisobga olinsa, Shomurodov o‘z mamlakati Shimoliy Amerikada shov-shuvga sabab bo‘lishiga ishonadi.

«Men (qur’adan oldin) kim bilan o‘ynashimiz unchalik muhim emasligini bilardim. Hozirgi vazifamiz – guruh bosqichidan o‘tish, qolgani taqdir qo‘lida. Albatta qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz. Mamlakatimiz sharafini himoya qilamiz va shuning uchun astoydil mehnat qilib, O‘zbekiston dunyoning eng kuchli jamoalaridan biri ekanini dunyoga ko‘rsatamiz. Biroq, katta va’da bera olmaymiz. Ba’zilar bizni autsayder deb o‘ylashi mumkin, ammo bizning vazifamiz bu tasavvurni rad etish va bunday fikrlarni yaxshi tomonga o‘zgartirishdir», dedi u.

Shomurodov 22 yoshida vatanini tark etib, Rossiyaning Rostov shahriga ko‘chib o‘tdi. Keyinchalik, qisqa muddat Italiyaning Genuya shahrida bo‘lib, 2021 yilda «Roma»ga qo‘shildi. Keyingi mavsumda u Yevropa klublar turnirida g‘olib chiqqan birinchi o‘zbekistonlik bo‘ldi. «Roma» UYeFA Konferensiyalar ligasi chempionligini qo‘lga kiritdi. Shomurodov ayni damda Turkiya Superligasida «Boshoqshehir» safida ijarada o‘ynamoqda va yangi yilni 17 o‘yinda 12 gol va 3 golli uzatma bilan eng yaxshi to‘purar sifatida boshladi.

Shomurodov «Manchester Siti» himoyachisi Abduqodir Husanov va jamoadoshi Abbosbek Fayzullayev bilan birgalikda o‘zbek iste’dodlarining yosh avlodini ilhomlantirishda davom etish imkoniyati borligini anglamoqda.

«O‘ylab qarasam, mendan oldin [Yevropada o‘ynagan] bir necha futbolchi bor edi xolos. Hozir biz buni qila olishimizni ko‘rsatdik va futbolchilar O‘zbekistonni tark etib, Yevropaning kuchli jamoalarining bir qismiga aylanayotganini ko‘rdik. Bu nafaqat milliy jamoamiz, balki o‘zbek futboli uchun ham foydali bo‘ladi, deb o‘ylayman», dedi u.

«O‘zbekistonda odamlar har doim futbolni yaxshi ko‘rgan va milliy jamoaning katta muxlisi bo‘lgan. Bolaligimda jamoamiz jahon chempionatiga chiqa olmaganini va muxlislar qayg‘uga botganini eslayman. So‘nggi yillarda erishgan yutuqlarimiz, prezidentning sport va futbolni birinchi o‘ringa qo‘ygani tufayli bugun muxlislarning futbolimizga bo‘lgan munosabati o‘zgardi», deb qo‘shimcha qildi Shomurodov.

«Futbolchilarimiz butun Yevropa bo‘ylab o‘ynay boshladi, infratuzilma kengaydi va yoshlar uchun imkoniyatlar yaratildi. Bularning hammasi hozir chindan ham o‘z samarasini bera boshladi. Endi jahon chempionatida qatnashishimizni bilganimizdan so‘ng, albatta, ko‘plab o‘zbekistonliklar u yerga borishni rejalashtirmoqda. Umid qilamanki, ularning ishtiroki bizga xuddi o‘z xalqimiz oldida o‘ynayotgandek tuyg‘u beradi. Biz bilamizki, ko‘plab o‘zbeklar Amerikada yashaydi – ularning qo‘llab-quvvatlashini his qilish va bizni qo‘llab-quvvatlashini bilish juda ruhlantiradi va keyingi bosqichga chiqishga yordam beradi», dedi u.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version