Sport

Afsonalarning ko‘z yoshlari va Trampni troll qilgan Belgiya. JChda 1/8 finalning asosiy voqealari

Published

on


Turnirning bu bosqichi ham hissiyotlarga boy kechdi.

Futbol bo‘yicha 2026 yilgi jahon chempionati ham nihoyasiga yaqinlashmoqda. 48 jamoadan 40 tasi allaqachon turnirni tark etdi, qolgan bir yarim hafta ichida sakkiz jamoa bosh sovrin uchun kurash olib boradi. Quyida chorakfinal o‘yinlari oldidan nimchorakfinaldagi eng yodda qolarli holatlar eslab o‘tiladi.

Marokash o‘z rekordini takrorlashi mumkin

Afrikaliklar Kanadaga qarshi birinchi bo‘limni nursiz o‘tkazishgan va raqib darvozasiga deyarli tahdid solishmagandi (xG bo‘yicha 0,02). Marokashliklar pley-offning dastlabki o‘yinida Niderlandiyaga qarshi 120 daqiqa davom etgan o‘yindan tiklana olmagandek tasavvur uyg‘ongandi. Ammo tanaffusdan keyin Afrika jamoasi saviya borasidagi farqni ko‘rsatib qo‘ydi va turnir mezbonlarini qarshi hujumlarda jazolab, yirik hisobda g‘alaba qozondi (3:0). Endi Muhammad Vahbi shogirdlari to‘rt yil oldingi turnirda qayd etilgan tarixiy natijani (yarimfinal) takrorlash uchun yana bir o‘yinda g‘alaba qozonishi kerak bo‘ladi, ammo bu o‘yin turnir g‘olibligi uchun asosiy favorit sifatida ko‘rilayotgan Fransiyaga qarshi kechadi.

Turnirning eng xunuk o‘yini

Paragvaylik futbolchilar o‘yindan oldin Fransiyaga qarshi deyarli imkoniyati yo‘qligini tushunib turgandi, shuning uchun jamoa bosh murabbiyi ularga raqib hujumchilariga istalgan usulni qo‘llab bo‘lsa-da o‘yin bermaslikka ko‘rsatma berdi. Jamoa faqat durang hisobni saqlab qolish va o‘yinni penaltilar seriyasiga olib borish, u yerda esa darvozabon Orlando Gilning mahoratiga tayanishni ko‘zladi (ushbu posbon oldingi bosqichda Germaniyaga qarshi penaltilar seriyasi qahramoni bo‘lgandi). O‘yinning katta qismi aynan ular xohlagan ssenariyda kechdi – janubiy amerikaliklar istalgan nuqtada fol ishlatishdi, bir necha bor raqibni hakamning ko‘z o‘ngida urishdi. Ammo foydasi bo‘lmadi – fransuzlar Kilian Mbappe penaltidan urgan gol evaziga minimal hisobda g‘alaba qozonishdi (1:0). O‘yindan keyin o‘zbekistonlik hakam Ilgiz Tantashev muhokamalar markazida qoldi – u haddan tashqari qo‘pol o‘yin namoyish etgan paragvayliklarni biror marta ogohlantirmadi, jabrlanuvchi rolidagi fransuzlarga esa uch marta sariq kartochka ko‘rsatdi. Bunday qarorlari tufayli u kesin tanqidga uchradi – L’Equipe nashri uning ishini bir ballga baholadi.

Ushbu o‘yin atrofida bahslar hamon davom etmoqda: avvaliga paragvaylik senator o‘yindagi harakatlari uchun Kilian Mbappe manziliga zaharli so‘zlar aytib, irqchilik ruhidagi post yozdi, futbolchi uni «jirkanch xotin» deb atab, javob qaytargach, o‘zini jabrdiyda qilib ko‘rsatmoqda va uni sudga berish bilan tahdid qilmoqda.

Norveglar hammayoqni zabt etmoqda

Skandinavlar va jahonning besh karra chempionlari o‘rtasidagi o‘yinda statistik anomaliya davom etdi – brazillar bungacha Norvegiyani biror marta yenga olmagandi va o‘zaro beshinchi to‘qnashuvda ham buni uddalay olmadi. Bunga skandinavlar anchadan buyon jahon birinchiliklariga kelmagani ham sabab (oxirgi ishtirok 1998 yilda kuzatilgandi) bo‘lgan, ammo ushbu jamoaning hozirgi tarkibi amalda ham raqibdan kuchlilik qildi. Erling Holand Braziliya darvozasiga dubl qayd etib, ilk mundialidayoq yetti gol urishga ulgurdi va jamoasini o‘z tarixida ilk bor jahon chempionati chorakfinaliga olib chiqdi. Vikinglar eshkak eshishda va muxlislar qalbini zabt etishda davom etdi.

Braziliya va shaxsan Karlo Anchelotti uchun turnir muvaffaqiyatsizlik bilan tugadi, eng yaxshi davrlari o‘tib ketgan Neymarning o‘ynatilishi esa ushbu muvaffaqiyatsizlik ramziga aylandi. 34 yoshli futbolchi bu o‘yindan keyin ko‘zda yosh bilan Braziliya milliy jamoasidagi faoliyatini yakunladi.

Jangdan omon chiqqan Angliya

Tomas Tuxel shogirdlari 1/8 finalda Meksikaning kuchli qarshiligiga duch keldi. Dengiz sathidan 2200 metr balandlikda joylashgan «Atsteka» o‘yingohi esa qo‘shimcha qiyinchiliklar tug‘dirdi. Angliya o‘yinning 54-daqiqasida Kuansa chetlatilgani tufayli qolgan vaqt mobaynida o‘n kishi bo‘lib, himoyalanishiga to‘g‘ri keldi. Lekin jahon chempionati o‘yinlarida Mexikodagi ushbu o‘yinda biror marta yutqazmagan Meksika shu kuni raqibning tig‘iz himoyasini yorib o‘ta olmadi (2:3). O‘yinda katta kuch yo‘qotgan inglizlar hakam hushtagi chalinishi bilan gazonga quladi, jamoa sardori va to‘purari Harri Keyn esa o‘yindan keyin ovozi bo‘g‘ilib qolgani uchun intervyu ham bera olmadi. Lekin bunday og‘ir jangdan omon chiqqan inglizlarni endi hech qanday raqib qo‘rqita olmasligi aniq.

Ronalduning quyoshi botdi

Krishtianu o‘zining oltinchi jahon chempionatini ham ko‘z yoshlar bilan yakunladi Turnirni shusiz ham juda bo‘sh o‘tkazgan Portugaliya bu bosqichda ispanlar armadasining kuchli bosimi ostida qoldi va deyarli hech narsa bilan javob qaytara olmadi – barcha overtaymni kutayotganida esa zaxiradan tushgan Mikel Merino 90+1-daqiqada g‘alaba golini urdi. Mag‘lubiyatdan keyin bosh murabbiy Roberto Martines iste’foga chiqdi. U so‘nggi uch yil mobaynida kuchli tarkib bilan kutilgan natija ko‘rsata olmadi, OAVda esa u numerologiyaga mukkasidan ketgani va 2026 yildagi 6 raqami jamoa uchun omad keltirishini (2016 yilda Portugaliya Yevropa chempioni bo‘lganini dalil sifatida keltirgan) tinmay ta’kidlagani, o‘yin borasida esa hech qanday g‘oya taklif eta olmagani haqida yozishdi. Amalda uning jamoasi 6 iyul kuni turnirni tark etdi, bunga raqibning «6» raqamli futbolchisi urgan gol sabab bo‘ldi. 

Ronaldu jamoa uchun muammoga aylangani haqida ham turli bahslar yuzaga keldi, ammo amalda jamoaning eng yaxshi to‘purari aynan u bo‘ldi. Navbatdagi muvaffaqiyatsizlikdan keyin ushbu futbolchi bu faoliyatidagi so‘nggi jahon chempionati bo‘lib qolishini ma’lum qildi. «Bizga biroz omad yetishmadi, chunki ular so‘nggi daqiqalarda gol urishdi. Bu juda keskin, teng o‘yin bo‘ldi. Biz ham, ular ham yutishimiz mumkin edi. Ko‘z yoshi? Chempionatni shunday tark etayotganda odam xafa bo‘lishi tabiiy hol. Ammo yana bir bor ta’kidlayman: men qo‘limdan kelgan hamma narsani qildim va vijdonim pok bo‘lib ketyapman», – degan hujumchi.

U jamoa uchun qo‘lidan kelgani, Portugaliya o‘z tarixidagi uchta sovrinni (2016 yilgi Yevropa chempionligi, 2019 va 2025 yillarda Millatlar ligasi) aynan u bilan qo‘lga kiritilganini ta’kidladi.

Belgiya jazolovchi rolida

AQSh va Belgiya o‘rtasidagi o‘yin arafasida futbol maydonida faqat bir mavzu – Folarin Balogunning majburiy diskvalifikatsiyasi shartli jazoga almashtirilgani haqidagi xabar muhokama qilindi. Ushbu hujumchi 1/16 finalda Bosniya bilan o‘yinda qizil kartochka olgandi va keyingi o‘yinni o‘tkazib yuborishi kerak edi. Ma’lum bo‘lishicha, vaziyatga Donald Tramp aralashgan, AQSh prezidenti shaxsan Janni Infantinoga qo‘ng‘iroq qilib, jamoaning asosiy hujumchisi Belgiya bilan o‘yinda ishtirok etishiga imkon berishni so‘ragan. Shundan keyin butun dunyo Belgiyaga muxlislik qila boshladi, AQSh futbolchilari esa kuchli bosim ostida qolishdi. Pochettino shogirdlari shu kuni turnirdagi eng yomon o‘yinini o‘tkazdi va yirik hisobda mag‘lub bo‘ldi, Balogun esa hech narsa qila olmadi (1:4). Romelu Lukaku tomonidan urilgan to‘rtinchi golni esa Belgiya futbolchilari AQSh prezidentini masxara qilgan holda nishonlashdi: Lukaku Trampning maxsus raqsini ijro etdi, qolganlar unga qo‘shilishdi.

Minglab muxlislarning nafratiga uchragan Balogunning o‘zi bu vaziyatni xotirjamlik bilan qabul qildi va qaror qabul qilinishida ishtirok etmaganini aytib chiqdi: «Qizil kartochka borasidagi qarorga rozi bo‘lgandim. O‘ynashga ruxsat berishganida yana rozi bo‘ldim. Jarayonda hech qanday ishtirokim yo‘q. Bu menga bog‘liq emasdi».

Messi ishtirokidagi mo‘jiza

Misr amaldagi chempionlarga qarshi o‘yinda bir bosh baland sakradi va shov-shuvli sensatsiyaga yaqin keldi. Argentinaliklar esa o‘yinning 79-daqiqasida ham 0:2 hisobida ortda borayotgandi va turnirni tark etishga yaqin edi. Messi bu o‘yin boshida jahon chempionati tarixidagi eng yomon penaltichi maqomini o‘ziniki qilgandi – bungacha mundialda hech bir futbolchi bir turnirda ikkita penaltini yo‘qqa chiqarmagandi (Leo guruh bosqichida Avstriyaga qarshi o‘yinda ham 11 metrdan aniq zarba berolmagandi). Ammo o‘yinning oxirgi qismida Leo eng yuqori rejimini yoqdi va o‘yin taqdirini hal qildi. U dastlab Romeroga golli uzatma berdi va jahon chempionati tarixidagi eng yaxshi assistentga aylandi (9). Keyin esa turnirdagi gollari sonini 8 taga yetkazib (jami 21), hisobni tenglashtirdi.

O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa qarshi hujumda Enso Fernandes Lautaro Martinesning uzatmasidan foydalanib, g‘alaba golini urdi. Shu tariqa, misrliklar tarixiy g‘alabani rasmiylashtirish o‘rniga tarixiy kambekka guvoh bo‘lishdi. Shu bilan birga, afrikaliklar jamoasi vakillari mag‘lubiyatni tan olishmadi va o‘yindan keyin hakamlarni ham, FIFAni ham korrupsiyada ayblab, chiqishlar qilishdi.

Shveytsariyaning sabri

Turnirdagi oldingi to‘rt o‘yinida Kolumbiya hech bir raqibga o‘yin bermagandi va kerakli natijalarni qo‘lga kiritgandi. Janubiy Amerika vakillariga turnir setkasining o‘ng qismidagi sirli toychoq maqomi ham berilayotgandi, ammo Shveytsariya barchasini bekor qildi – Murat Yakin jamoasi 120 daqiqa davomida raqibni zararsizlantirishni uddaladi. O‘yin tomoshabop kechmadi, ammo yevropaliklar natija uchun barchasini qurbon qilishga tayyor edi va yakunda jamoa penaltilar seriyasida ustun kelib, 1954 yilda o‘z uyida o‘tgan jahon chempionatidan buyon ilk bor chorakfinalga chiqdi. Endi bu jamoa keyingi bosqichda Argentinaga ham jiddiy muammo tug‘dirishiga ko‘pchilikda shubha yo‘q.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version