Mahalliy
AES xavfsizligi haqida ochiq muloqot
O‘zbekistonda AES, ya’ni atom elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha juda ko‘p tortishuvlarga duch kelamiz. Bu tabiiy hol. AES o‘zi nima, uning butun dunyoda o‘rni qanday, bu haqda chuqur o‘rganib qiziqib ko‘rmaguncha bevosita har qanday odam shubha-gumonga borishi tabiiy. Xo‘sh, AES qurilishi mo‘ljallanayotgan Jizzax viloyati, Forish tumani aholisi bugun o‘z savollariga qanday javob olmoqda?
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, AES qurilishi O‘zbekiston va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida 2018 yilda imzolangan hukumatlararo kelishuv asosida amalga oshirilmoqda. Loyiha respublikaning yaqin o‘n yilliklarga mo‘ljallangan energetika strategiyasining asosiy elementi sifatida qaralmoqda va ichki talab ortib borayotgan sharoitda barqaror energiya ta’minotini ta’minlashi kutilmoqda. Joriy yil sentyabr oyi oxirida O‘zbekiston va Rossiya Jizzaxdagi bo‘lg‘usi atom stansiyasi konfiguratsiyasini belgilaydigan hujjatlarni imzolagandi. Oktyabr oyida esa zavodning birinchi bosqichi uchun chuqur qazilgan joyda qazish ishlari boshlandi. Ushbu voqea tayyorgarlik bosqichidan haqiqiy qurilishga o‘tishni belgilab berdi.
Mutaxassislarning qayd etishicha, loyihaning tashqi xavf-xatarlarga chidamliligi nafaqat Rossiya yadro sektorining texnik avtonomligi, balki uni muvaffaqiyatli amalga oshirishga intilayotgan har ikki davlatning siyosiy irodasi bilan ham belgilanadi. O‘zbekiston Energetika vazirligining hisob-kitoblariga ko‘ra, atom elektr stansiyasi 2040-yilga borib tabiiy gaz importiga bog‘liqlikni va mamlakat energetika sektoridagi uglerod izlarini 30 foizga kamaytiradi.
Jamoatchilik eshituvlari nima?
2025-yil 23-dekabr kuni Jizzax viloyati, Forish tumani, Bog‘don aholi maskani 30-sonli madaniyat markazida O‘zbekiston Respublikasida birinchi atom elektr stansiyasini qurish va ekspluatatsiya qilish loyihasining atrof-muhitga ta’sirini baholash (AMTB) materiallari bo‘yicha jamoatchilik eshituvi tashkil qilingani ham bejiz emas.
Keling, jamoatchilik eshituviga yetib borgunimizga qadar AES haqida kengroq tushunchaga ega bo‘lishga urinib ko‘ramiz.
Atom elektr stansiyasi oddiy issiqlik elektr stansiyasi bo‘lib, faqat yoqilg‘isi bilan ajralib turadi, uning yordamida elektr energiyasi olish uchun issiqlik ishlab chiqariladi. Agar IESda issiqlik ko‘mir, gaz yoki neftni yoqish orqali hosil qilinsa, AESda issiqlik atomlarning bo‘linishi natijasida hosil bo‘ladi. Mutaxassislarning batafsil tushuntirishlariga ko‘ra, issiqlik suvni isitadi, suv bug‘ga aylanadi, bug‘ turbinalarni aylantiradi, turbinalar esa generatorlarni harakatga keltirib, uylar, fabriklaar, zavodlar va shaharlar uchun elektr energiyasi ishlab chiqaradi.
Unda nima uchun odamlarda radiatsiyadan nurlanish, umuman AESdan qo‘rquv bor?
O‘zbekiston fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti direktori Ilhom Sodiqovning ta’kidlashicha, atom energetikasida mutlaq xavfsizlik degan tushuncha mavjud emas, ammo zamonaviy texnologiyalar xavflarni statistik jihatdan ahamiyatsiz darajaga — 1 foizdan kam holatga tushiradi. Yangi avlod reaktorlari faol va passiv himoya tizimlari bilan jihozlangan bo‘lib, ular tashqi ta’sirlar yoki elektr ta’minoti to‘liq uzilganda ham inson aralashuvisiz avtomatik tarzda xavfsiz holatga o‘tadi.
Suratlar “O‘zatom” arxividan olindi
Olim jahon tajribasiga tayanib, atom energetikasi tarixida ishga tushirilgan yuzlab reaktorlar fonida yirik avariyalar soni juda kam ekanini qayd etdi. O‘zbekistonda esa yadro fizikasi institutidagi ilmiy reaktor 1959- yildan buyon avariyalarsiz ishlab kelayotgani milliy tajribaning ishonchliligini ko‘rsatadi. 2011-yildagi Fukusima fojiasi ham reaktor texnologiyasi emas, balki favqulodda tabiiy ofatlar oqibati ekani, aynan shu sababli hozirgi loyihalarda avtonom sovutish va “yadro tutqichi” kabi qo‘shimcha xavfsizlik yechimlari majburiy qilinganini ta’kidladi.
Darvoqe, mutaxassisning fikriga qo‘shilmaslikning iloji yo‘q. Hali texnologiyalar rivojlanmagan yillarda sodir bo‘lgan halokat va hozirda yoqilayotgan ko‘mir, gaz, neft orqali chiqayotgan zaharli tutundan ekologiyaning qanchalik zarar ko‘rayotgani, odamlar vafot etayotganini hisobga olsak AES IESga qaraganda xavfsiz elektr manbai hisoblanishini tushunamiz.
Umuman dunyoda atom energetikasining ahvoli qanday?
2025yil oktyabr holatiga ko‘ra, dunyoda 417 ta yadroviy energiya bloki ishlatilmoqda, 62 tasi esa qurilmoqda. Atom generatsiyasining o‘rnatilgan quvvati bo‘yicha yetakchi o‘rinlarni AQSh (taxminan 97 GVt) va Fransiya (63 GVt) egallaydi. Qurilish davom etayotgan eng ko‘p yadro reaktorlari Osiyo mamlakatlari, birinchi navbatda Xitoy (28 ta reaktor), Hindiston (6 ta reaktor) va Rossiya (5 ta reaktor) hissasiga to‘g‘ri keladi.
Xo‘sh, atrofimizni qanday radiatsiya manbalari o‘rab turibdi?
AESning radiatsiya so‘zi bilan bog‘liqligi odamlarda qo‘rquv uyg‘otishi bor gap. Ammo AESlar sayyoramizdagi eng xavfsiz ob’yektlardan biri hisoblanadi. Agar biz atrofimizdagi barcha jismlarda — ichadigan suvimizda, nafas oladigan havomizda ham tabiiy radioaktiv izotoplar mavjudligini, insonning o‘rtacha yillik nurlanish dozasining 70 foizdan ortig‘i tabiiy rudionuklidlar va kosmik nurlanishning hissasiga to‘g‘ri kelishini bilganimizda edi. Masalan, Yer qobig‘idan ajralib chiqadigan radioaktiv gaz radonning hissasi taxminan 50 foizi tashkil qilishini allaqachon olimlar isbotlagan.
Keling, radiatsiyani raqamlar orqali tushunishga harakat qilamiz. Masalan, Rossiya va dunyoning aksariyat mamlakatlari atom elektr stansiyalarining kuzatish zonasida stansiyadan 30 km radiusda tabiiy radiatsiya foni odatda 0,10-0,15 mk3v /soat atrofida bo‘ladi. Agar yil bo‘yi soatlar soniga ko‘paytirilsa, bir yilda taxminan 1 millizivert hosil bo‘ladi. Bu o‘lchamning katta yoki kichikligini bilish uchun, Yer aholisining bir yilda qabul qiladigan samarali dozasi o‘rtacha qiymati 2,4 m3vga tengligini anglashimiz kifoya.
Ya’ni qisqa qilib aytganda, Yer sharining ko‘p joylarida tabiiy radiatsiya e’tibor bering, tabiiy, hech qanaqa AESsiz radiatsiya foni ancha yuqori bo‘lib, uning dozasiga yiliga o‘nlab va hatto yuzlab millizivertga yetadi. Odamlar bu joylarda asrlar davomida yashab kelishadi, lekin shu bilan birga, bunday yuqori fonning ushbu hududlarda aholi salomatligiga salbiy ta’siri aniqlanmagan.
Odamlarda savol tug‘ilmoqda: reaktor atom bombasi singari portlashi mumkinmi?
Yo‘q, mumkin emas, deydi yana mutaxassislar. Jamoatchilik eshituvlari uchun savol-javoblar axborot byulletenida aniq va lo‘nda xabar berilishicha,
reaktor boshqariladigan, o‘z-o‘zini qo‘llab-quvvatlaydigan zanjirli yadroviy bo‘linish reaksiyasi saqlanishi mumkin bo‘lgan qurilma. Yana ham soddaroq aytsak, reaktorda yoqilg‘i kam boyitilgan, (3-5 foiz) aktiv zonada esa har doim neytronlarni yutadigan rostlovchi sterjenlar bo‘ladi. Zanjir reaksiya nazorat ostida bo‘lib, uranning bo‘linishida energiya asta-sekin ajralib chiqadi va issiqlik tashuvchi tomonidan uzluksiz ravishda olib tashlanadi.
Germetik himoya qobig‘i qanday tuzilgan, agar zilzila bo‘lsachi yoki qattiq quyunli shamol?
Bu savollarga javob topish uchun qanchadan-qancha tadqiqotlar olib borilmagan, deysiz. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, AES hududida xavfli zamonaviy geologik jarayonlar mavjud emas va ushbu hududning seysmik xavfsizligi to‘liq isbotlangan va ilmiy asoslangan. Germetik himoya qobig‘ining dizayni nafaqat reaktordagi eng og‘ir avariya paytida bo‘linish mahsulotlarini uning ichida ushlab turish, balki barcha mumkin bo‘lgan tashqi ta’sirlarga bardosh berish imkonini beradi — 9 ballgacha bo‘lgan zilzilalar, quyunlar, bo‘ronlar, chang bo‘ronlari, havo zarba to‘lqinlari (masalan portlashlar paytida) samolyotning qulashi…
Aholini anchadan beri qiziqtirib kelayotgan yana bir savol bu: ishlatilgan yadro yog‘ilg‘isi va radioaktiv chiqindilar nima bo‘ladi, ekologiyani zaharlamaydimi?
Ular himoyalangan omborlarda vaqtincha saqlanadi, olib chiqib ketilgach izolyasiya qilinadi. AES joylashgan hududda radiatsiya nazorati O‘zbekiston Respublikasining qonunlari va talablariga muvofiq amalga oshiriladi va yer usti havo qatlamlari, atmosfera yog‘inlari, joydagi integral yillik doza, yer usti suv havzalari, mahalliy ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlari, tuproqning yuza qatlami, dala o‘simliklari, tub cho‘kindilari va suv o‘tlari monitoringini o‘z ichiga oladi…
Demak, AES qurilishi biz o‘ylagandek bir tadbirkor istagan joyiga issiqxona yoki sex, zavod-fabrika qurish emas, puxta o‘rganilgan va mas’uliyat bilan amalga oshirilayotgan loyiha ekan. Shu o‘rinda tabiiyki, yurtimizda AES qurilishi uchun mutaxassilarga ehtiyoj ortadi.
Mutaxassilar qayerda o‘qitiladi?
2019 yilda Toshkentda Rossiya federatsiyasining yetakchi oliy ta’lim muassassasi MMFI milliy tadqiqot yadro universitetining birinchi xorijiy filiali ochildi, u atom sanoati ehtiyojlari uchun mutaxassislar tayyorlaydi. Filial bitiruvchilari Rossiya atom elektr stansiyalarida maxsus o‘qish va amaliyotdan so‘ng O‘zbekistondagi atom elektr stansiyalarida ishlaydi.
Jamoatchilik eshituvi o‘tkazilishi asnosida 300 ga yaqin Forish va qo‘shni tumanlar aholisi qatnashdi. Ular o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berdilar, takliflar kiritdilar — matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, jami aholi tomonidan 60 dan ortiq savollar kelib tushdi. Radiatsiyaviy xavfsizlik kafolatlari, suv resurslari va qishloq xo‘jaligiga ta’siri, yangi ish o‘rinlarini yaratish, tumanning ijtimoiy va transport infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, mahalliy aholi uchun kompensatsiya choralari diqqat markazida bo‘ldi. Tadbirda aholidan eng ko‘p tushgan savol ishchi o‘rinlari bilan bog‘liq savollar bo‘ldi. Albatta ushbu hududda shaharcha qurilishini e’tiborga olsak minglab ish o‘rinlari paydo bo‘ladi. Va har qanday mutaxassisdan tortib oddiy ishchigacha ehtiyoj ortadi.
Ularni qiziqtirgan savollarga ilmiy hamjamiyat, ekologik tashkilotlar vakillari, yadro energetikasi sohasidagi mutaxassislar va xorijiy ekspertlar baholi qudrat javob berishga harakat qilishdi.
Ochiq va konstruktiv muhokama davomida “O‘zatom” agentligi direktori Azim Axmedxadjayev O‘zbekistonning energetika mustaqilligi, kam uglerodli iqtisodiyotga o‘tish va aholi turmush sifatini oshirish uchun ishonchli asos bo‘lishini ta’kidladi: “Bugungi eshituvlar ochiq va samimiy muloqotning yorqin namunasi bo‘ldi. Biz bu yerda ishtirok etayotgan, befarq bo‘lmagan va o‘z fikrini bildirgan har bir ishtirokchiga samimiy minnatdorlik bildiramiz. Barcha takliflaringiz sinchkovlik bilan o‘rganiladi va hisobga olinadi. Biz AESlarni shunchaki elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun qurmayapmiz — biz farzandlarimiz uchun xavfsiz, barqaror va farovon kelajak qurmoqdamiz”.
Loyiha necha bosqichdan iborat?
Loyiha uch bosqichga bo‘lingan. Birinchi bosqichda har biri 55 MVt quvvatga ega RITM-200N integral reaktorlari asosidagi kichik atom elektr stansiyasi ishga tushiriladi. Ushbu reaktorlar yuqori xavfsizligi shundaki barcha asosiy komponentlar — yadro, bug‘ generatorlari va nasoslar bitta qurilmagan joylashgan bo‘lib, sovutish suvi oqish xavfini kamaytiradi va tashqi quvvat to‘liq yo‘qolganda ham reaktor avtomatik ravishda xavfsiz holatga kirishiga imkon beradi.
Reaktorlar 60 yillik xizmat muddatiga mo‘ljallangan bo‘lib, MAGATE talablariga javob beradigan past boyitilgan uran bilan quvvatlanadi.
Ikkinchi va uchinchi bosqichlarda har biri 1000 MVt quvvatga ega VVER-1000 reaktorli energiya bloklarini qurish rejalashtirilgan. Ushbu bloklar passiv va faol xavfsizlik tizimlarining keng qamrovli to‘plami bilan jihozlangan bo‘lib, jumladan, yadro ushlagichi, passiv qoldiq issiqlikni olib tashlash tizimi va favqulodda o‘chirilgandan keyin 72 soat davomida avtonom ishlash qobiliyati bilan ahamiyatga ega.
Aytmoqchi, energobloklarni 2029-2035 yillar oralig‘ida ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Xulosa qilib aytganda atom energetikasi loyihasi hudud uchun faqat yangi elektr quvvati manbai emas, balki infratuzilma, iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarda uzoq muddatli o‘zgarishlarga turtki berishi mumkin. Loyihaning bosqichma-bosqich amalga oshirilishi, zamonaviy xavfsizlik texnologiyalarining joriy etilishi va ochiq muloqot muhiti uni mintaqaning barqaror rivojlanishida muhim omilga aylantirishi kutilmoqda.
Barno Sultonova
Mahalliy
Maxsus pedagoglar uchun aniq malaka talablari joriy etildi
Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun davlat ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi belgilandi.
Adliya vazirligi Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun davlat ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi idoraviy hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi (ro‘yxat raqami 3819, 16.04.2026-y.).
Nizomga ko‘ra, maxsus pedagoglar uchun aniq malaka talablari joriy etildi.
Xususan, ular korreksion pedagogika va defektologiya yo‘nalishida oliy ma’lumotga ega bo‘lishi hamda o‘quvchilarning ehtiyojiga mos maxsus metodikalarni (imo-ishora tili, Brayl alifbosi, nutq nuqsonlarini bartaraf etish usullari) bilishi shart.
Hujjatda dars soatlarini taqsimlashning ustuvor tartibi ham belgilandi.
Unga ko‘ra, dars yuklamalari avvalo malaka toifasi yuqori bo‘lgan, milliy yoki xalqaro sertifikatlarga ega pedagoglarga beriladi.
Shuningdek, 1 pedagog uchun yuklama odatda 0,5 stavkadan kam va 1 stavkadan ortiq bo‘lmasligi, ayrim holatlarda esa 1,5 stavkagacha ruxsat etilishi nazarda tutilgan.
Nizom bilan tarifikatsiya ro‘yxatini shakllantirish, ko‘rib chiqish va tasdiqlashning aniq muddatlari belgilandi.
Jumladan, dars soatlari 17-sentabrga qadar elektron tizimga kiritiladi, 25-sentabrga qadar esa vakolatli organ tomonidan tasdiqlanadi.
Mahalliy
Rektor lavozimiga nomzodlarni tayyorlash bo‘yicha dastur yo‘lga qo‘yiladi – Hukumat qarori
Vazirlar Mahkamasining joriy iyl 16-apreldagi «Yangi O‘zbekiston» universitetida «Rektorlar maktabi» dasturini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 177-son qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan «Yangi O‘zbekiston» universitetida davlat oliy ta’lim tashkilotlari rektori (direktori) lavozimiga nomzodlarni tayyorlash bo‘yicha «Rektorlar maktabi» dasturi (Dastur) yo‘lga qo‘yiladi.
Dastur davlat oliy ta’lim tashkilotlari rektori (direktori) lavozimiga nomzodlar zaxirasini shakllantirish maqsadida tashkil etiladi.
Dastur doirasida quyidagi mezonlarga mos keluvchi shaxslar ochiq tanlov asosida o‘qishga qabul qilinadi:
30 yoshga to‘lgan;
kamida magistr akademik darajasiga ega;
oliy ta’lim sohasida kamida 5 yillik ish tajribasiga ega, shu jumladan, 2 yil rahbarlik lavozimlarida ishlagan .
Dastur tinglovchilarida quyidagi yo‘nalishlarda bilim va ko‘nikmalar rivojlantiriladi:
akademik, moliyaviy, ilmiy va innovatsion boshqaruv;
sun’iy intellekt va raqamlashtirish;
strategik boshqaruv va transformatsiya .
Dasturning o‘quv jarayonlari masofaviy (onlayn) va ishlab chiqarishdan ajralgan holda (offlayn) 6 oygacha bo‘lgan muddatda tashkil etiladi.
Dasturga har yili 80 nafar tinglovchi qabul qilinadi.
Dastur yakunlari bo‘yicha eng yaxshi natija ko‘rsatgan 40 nafargacha tinglovchi Garvard universiteti (AQSh) va (yoki) boshqa xorijiy nufuzli oliy ta’lim tashkilotlariga malaka oshirishga yuboriladi.
Mahalliy
Maktablarda yakuniy davlat imtihonlari sanasi e’lon qilindi
Maktablarda yakuniy davlat imtihonlari kunlari e’lon qilindi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar berdi.
2025–2026-o‘quv yilida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida 9- va 11-sinf bitiruvchilari uchun yakuniy davlat attestatsiyasi imtihonlari kunlari e’lon qilindi. Imtihonlar jadvali quyidagicha:
9-sinf — majburiy fanlar:
Ona tili va adabiyot / Davlat tili — 1- iyun
Matematika — 4-iyun
O‘zbekiston tarixi — 8-iyun
Jismoniy tarbiya — 1–6-may
11-sinf — majburiy fanlar:
Ona tili va adabiyot / Davlat tili — 2-iyun
Matematika (asosiy / chuqurlashtirilgan) — 5-iyun
O‘zbekiston tarixi — 9-iyun
11-sinf — tanlov fanlar (barcha bitiruvchilar uchun majburiy):
Fizika, kimyo, biologiya, geografiya, davlat huquq asoslari, ona tili va adabiyoti (qardosh tillar), tet tili — 12-iyun va 15-iyun kunlari bo‘lib o‘tadi.
(O‘quvchi 2 ta tanlov fan tanlaydi: 1-fan 12-iyunda, 2-fan 15-iyunda o‘tkaziladi)
Mahalliy
Agrar universitetda 3 yillik ta’lim joriy etiladi
Prezidentning 2026-yil 11-apreldagi qaroriga muvofiq, Toshkent davlat agrar universiteti faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar belgilandi. Unga ko‘ra, 2026–2027-o‘quv yilidan boshlab agrar oliy ta’lim muassasalarida ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha 3 yillik ta’lim dasturlari joriy etiladi.
Hujjatda 2030-yilga qadar universitetni xalqaro reytinglarning top-500 taligiga kiritish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish hajmini 3 baravarga oshirish va akkreditatsiyadan o‘tgan dasturlar sonini 4 baravar ko‘paytirish vazifalari belgilangan.
Shuningdek, yangi ta’lim modeli nazariy bilimlar va amaliy ko‘nikmalar uyg‘unligini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, talabalarni bozor talablariga mos kadr sifatida tayyorlash maqsad qilingan.
Yangi tizimga ko‘ra, o‘quv jarayoni bosqichma-bosqich amaliyotga yo‘naltiriladi. Birinchi kursda darslarning 60 foizi nazariy, 40 foizi amaliy bo‘ladi.
Ikkinchi kursda nazariy va amaliy mashg‘ulotlar tenglashtirilib, har biri 50 foizni tashkil etadi. Uchinchi kursda esa asosiy e’tibor amaliyotga qaratilgan bo‘lib, 70 foiz amaliy, 30 foiz nazariy darslardan iborat bo‘ladi.
Bundan tashqari, yuqori kurs talabalari uchun o‘qish jarayonidan ajralgan holda 4 oylik uzluksiz dual ta’lim joriy etiladi.
Qarorda universitetning xalqaro nufuzini oshirishga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, xalqaro reyting tashkilotlari bilan hamkorlikni kuchaytirish va ta’lim sifatini global standartlarga moslashtirish rejalashtirilgan.
Ilmiy tadqiqotlarni tijoratlashtirish orqali universitetning moliyaviy barqarorligini oshirish ham ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.
Mahalliy
Oliy ta’limni rivojlantirish va global hamkorlik markazi tuziladi
Ilm-fan salohiyati yanada oshiriladi. «Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi Prezident Farmoni (PF–58-son, 10.04.2026-y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari markazi negizida Oliy ta’limni rivojlantirish va global hamkorlik markazi tashkil etiladi.
Respublika davlat oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga muayyan o‘quv yili uchun ajratilgan grant kvotalarining to‘lmay qolgan qismi hisobidan har yili 500 nafargacha bo‘lgan iqtidorli chet el fuqarolariga oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim olish uchun grant berishni nazarda tutuvchi «Yangi O‘zbekiston stipendiyasi» dasturi amalga oshiriladi.
2026/2027 o‘quv yilidan oliy ta’lim tashkilotlariga xorijiy talabalarni qabul qilishning amaldagi tartibiga qo‘shimcha tariqasida «Study in Uzbekistan» platformasi orqali qabul qilish yo‘lga qo‘yiladi.
2026/2027 o‘quv yilidan ta’lim dasturini xorijiy tilda yakunlagan talabalar ta’limning keyingi bosqichi uchun hujjat topshirishda xorijiy tilni bilish to‘g‘risidagi sertifikatni taqdim etishdan ozod etiladi.
Quyidagilar tashkil etiladi:
– Raqamli ta’lim texnologiyalarini rivojlantirish markazi negizida Raqamli ta’lim va sun’iy intellektni rivojlantirish markazi;
– Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferi milliy ofisi hamda Yoshlar akademiyasi negizida Yoshlarning innovatsion tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash ofisi.
-
Jamiyat4 days agoO‘zbekistonda erkin bond omborlari tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot3 days ago
16-apreldan dollar sezilarli ravishda oshadi
-
Iqtisodiyot3 days ago
O‘zbekistonga kofe importi keskin kamaydi
-
Sport5 days agoToshkentda taekvondo bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati start oldi
-
Sport2 days ago
Shavkat Mirziyoyev Sindorovni telefon orqali tabrikladi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Dollar, yevro va funt-sterling pasaydi
-
Jamiyat5 days agoDunyoga «dahshatli darajada» ish o‘rni yetishmovchiligi xavf solmoqda
-
Jamiyat5 days agoBo‘stonliq tumanidagi «noqonuniy chiqindixona» bartaraf etildi
