Sport
Abduqodir Husanov «Manchester Siti» bilan yana bir sovrinni qo‘lga kiritdi
«Shaharliklar» Angliya Kubogi finalida «Chelsi»ni mag‘lub etdi. Fevral oyida jamoa Liga Kubogini ham qo‘lga kiritgan edi.
«Manchester Siti» klubi Angliya Kubogi finalida «Chelsi»ni 1:0 hisobida mag‘lub etdi. Yagona golni 72-daqiqada Antuan Semeno urdi.
O‘zbekiston milliy jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov asosiy tarkibda tushib, o‘yin oxirigacha harakat qildi.
Bu «Manchester Siti» klubining mavsumdagi ikkinchi sovrini bo‘ldi. Fevral oyida jamoa Liga Kubogida g‘alaba qozongan edi.
«Manchester Siti» umumiy hisobda 8-marta Angliya Kubogini qo‘lga kiritdi va bu ko‘rsatkich bo‘yicha «Liverpul», «Chelsi» va «Tottenhem» bilan tenglashdi. Ushbu sovrinni eng ko‘p marta «Arsenal» qo‘lga kiritgan – 14. «Manchester Yunayted» hisobida 13 ta Kubok bor.
Shu bilan birga, «shaharliklar» ayni paytda Angliya Premer Ligasi g‘olibligi uchun ham kurashmoqda. Turnir yakunlanishiga 2 tur qolganida Pep Gvardiola shogirdlari peshqadam «Arsenal»da ikki ochko ortda bormoqda.
Sport
Levandovski «Barselona»ni tark etishini e’lon qildi
Polsha milliy jamoasi hujumchisi Robert Levandovski mavsum oxirida Ispaniyaning «Barselona» klubini tark etishini ma’lum qildi.
«Men missiyam yakunlanganini his qilyapman: to‘rt mavsum, uchta chempionlik», deb yozdi 37 yoshli hujumchi ijtimoiy tarmoqlarda.
Levandovski 2022 yilning yozida «Barselona» futbolchisiga aylandi. Uch karra Ispaniya chempioni maqomidan tashqari, u shuncha marta Ispaniya Superkubogi sohibiga aylandi va bir marta Ispaniya Kubogini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, u Germaniyaning «Bavariya» va «Borussiya» (Dortmund) jamoalarida ko‘plab unvonlarni qo‘lga kiritgan, Polshaning «Lex» jamoasida milliy sovrinlarga ega bo‘lgan.
«Barselona» joriy mavsumda Ispaniya chempioni bo‘ldi. So‘nggi ikkita o‘yin o‘z maydonida «Betis»ga qarshi (17 may) va mehmonda «Valensiya»ga qarshi (23 may) bo‘lib o‘tadi.
Sport
Davlatimiz rahbari «Sharq marvaridi – 2026» jahon chempionati g‘oliblarini tabrikladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Axaltaka otlari bo‘yicha «Sharq marvaridi – 2026» jahon chempionati g‘oliblariga tabrik yo‘lladi.
Tabrik matni:
Qadrli do‘stlar, aziz mehmonlar!
Avvalambor, xalqaro ot sporti musobaqasi yakunlariga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan ushbu tantanali marosimda ishtirok etayotgan barcha yurtdoshlarimiz va muhtaram mehmonlarimizni chin dildan qutlayman.
Musobaqalarda yuksak mahorat va jasorat, milliy an’analarga sadoqat namunasini namoyon etib, ulkan natijalarga erishgan barcha g‘olib va sovrindorlarni samimiy tabriklaymiz.
Bugungi marosim azim poytaxtimizdagi muhtasham va fayzli «Ashxobod» bog‘ida o‘tkazilayotganida chuqur ramziy ma’no bor. Ushbu go‘zal maskan nafaqat o‘zining betakror me’moriy qiyofasi, balki o‘zbekva turkman xalqlari o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va mushtarak ma’naviy ildizlarning yorqin timsoli sifatida alohida ahamiyatga ega.
Shu kunlarda mamlakatlarimiz vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqalar va uning g‘oliblarini sharaflashga bag‘ishlangan mazkur tantanali tadbir ham xalqlarimiz o‘rtasidagi ma’naviy yaqinlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.
Azal-azaldan ozodlik, mardlik, sadoqat, matonat va nafosat timsoli bo‘lib kelgan otga mehr va e’tibor Markaziy Osiyo xalqlariga xos bo‘lgan olijanob fazilat hisoblanadi. Hozirgi vaqtda ham qardosh ellarimiz ana shu bebaho merosni munosib davom ettirib, chavandozlik san’atini yanada yuqori bosqichga olib chiqayotganini alohida ta’kidlash lozim.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Xalqaro miqyosda ot sportini rivojlantirish bo‘yicha Turkmaniston Prezidenti hurmatli Serdar Gurbanguliyevich Berdimuhamedov hamda Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi, qadrli birodarim Gurbanguli Myalikguliyevich Berdimuhamedov rahnamoligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar tufayli mamlakat ulkan yutuqlarga erishmoqda, xalqaro maydonda o‘z mavqeini mustahkamlamoqda.
Dunyo hamjamiyati Turkmanistonning tinchliksevar, konstruktiv siyosatini, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va madaniy merosni boyitish borasidagi muvaffaqiyatlarini yuksak e’tirof etmoqda.
Bu haqda so‘z yuritganda, qadimiy axaltaka yilqichiligi an’analarini munosib davom ettirish, uning shon-shuhratini butun dunyoga targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni alohida qayd etish o‘rinli bo‘ladi.
Bugungi kunda axaltaka tulporlari nafaqat turkman xalqining milliy iftixori, balki butun mintaqamiz madaniy merosining noyob durdonasi sifatida qadrlanmoqda.
«Mustaqil betaraf Turkmaniston – maqsad sari intiluvchi qanotli tulporlar vatani», deb e’lon qilingan joriy yilda o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, xalqaro anjumanlar, ilmiy forumlar va bayram tantanalari dunyo xalqlarining chavandozlik san’atiga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirmoqda.
Yangi O‘zbekistonda ham milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, ajdodlarimizdan meros noyob an’analarni kelajak avlodlarga bezavol yetkazish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Xususan, milliy sport turlarini rivojlantirish, ot sportini ommalashtirish, nasldor yilqichilikni qo‘llab-quvvatlash va zamonaviy infratuzilmani yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mohir chavandozlar, tajribali sayislar va fidoyi mutaxassislarimiz bu sohadagi milliy maktablarning shon-shuhratini yuksaltirish, yosh avlodni azmu shijoat, vatanparvarlik va sog‘lom turmush tarzi ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shmoqdalar.
Biz kelgusida ham davlatlarimiz o‘rtasida madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish, azaliy do‘stligimizni yanada mustahkamlash yo‘lida barcha sa’y-harakatlarimizni safarbar etamiz.
Fursatdan foydalanib, musobaqalarda yuksak natijalarga erishgan barcha g‘olib va sovrindorlarni yana bir bor samimiy muborakbod etaman.
Barchangizga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt, mas’uliyatli va sharafli faoliyatingizda ulkan zafarlar tilayman.
O‘zbek–turkman do‘stligi doimo bardavom bo‘lsin!
Sport
Ispaniya Isroil g‘azabiga uchragan Lamin Yamalni yolg‘izlatib qo‘ymadi
Futbol yulduzi, «Barselona» jamoasi hujumchisi Lamin Yamal Isroil rasmiylarining bosimiga uchradi. Ispaniya rahbariyati yosh futbolchining yonini oldi.
11-may kuni «Barselona» jamoasi Ispaniya chempionatidagi g‘oliblikni muxlislar bilan birgalikda ommaviy ravishda nishonladi. Futbolchilar Barselona ko‘chalari bo‘ylab avtobusda o‘tar ekan, Lamin Yamal Falastin bayrog‘ini hilpiratgani dunyo ahlining e’tiborini tortdi.
Falastinning mazlum xalqiga xayrixoh bo‘lgan millionlab odamlar Yamalning bu harakatini olqishladi.
Isroil mulozimlari esa kutilganidek bundan darg‘azab bo‘ldi. Xususan, yahudiy davlati mudofaa vaziri ispan yulduzini «nafrat tarqatish» da aybladi.
«Men «Barselona»dek buyuk va hurmatli klub bu bayonotlardan o‘zini uzoq tutadi hamda terrorizmga undash va uni qo‘llab-quvvatlashga joy yo‘qligini aniq-ravshan bildiradi deb umid qilaman», – deb yozgan Isroil mudofaa vaziri.
Isroil vaziri BMT rezolyusiyalariga muvofiq suveren davlat maqomiga ega hamda dunyoning 160 ga yaqin mamlakati tan olgan Falastin bayrog‘ini hilpiratish nega terrorizmni qo‘llash deb hisoblanishi kerakligiga oydinlik kiritmagan.
Ushbu holatga munosabati bildirgan Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches to‘laqonli ravishda Lamin Yamalni qo‘llab-quvvatladi.
«Davlat bayrog‘ini hilpiratishni nafrat tarqatish deb da’vo qilayotganlar yo aqldan ozgan, yo sharmandali ishlari sabab ko‘rish qobiliyatidan mosuvo bo‘lgan. Lamin millionlab ispanlar xayrixoh bo‘lgan Falastin bilan birdamlik izhor qildi. U bilan faxrlanishimiz uchun yana bir sabab bu!» – deb yozdi Pedro Sanches X platformasidagi rasmiy kanalida.
Ma’lumot o‘rnida: dunyo futbolining yangi porlayotgan yulduzi deb ta’riflanayotgan Lamin Yamal 2007-yilda Ispaniyada Marokash va Ekvatorial Gvineya vakillari xonadonida tug‘ilgan.
Yamalning ayni paytda og‘ir ahvolda qolgan Falastinni qo‘llab-quvvatlashi G‘azo ahlini to‘lqinlantirib yuborgani aytilmoqda. Jumladan, G‘azodagi qochqinlar lagerida vayron bo‘lgan bino devoriga Yamalning Falastin bayrog‘ini hilpiratayotgani aks etgan surati chizilgan.
2024-yil may oyida Falastin davlatini tan olgan Ispaniya hukumati xalqaro maydonda Isroilning xalqaro huquqqa zid harakatlarini keskin tanqid qilib kelmoqda.
O‘zaro ziddiyat ortidan Ispaniya hukumati Tel-Avivdagi vakolatxonasi maqomini elchilikdan muvaqqat vakillikka tushirdi.
Mamlakat bosh vaziri Pedro Sanches Isroilning G‘azo sektorida o‘n minglab tinch aholi vakillarini o‘ldirganini qoralab, xuddi Rossiya kabi Isroil ham «Yevrovideniye» tanlovida qatnashmasligini talab qilgan.
Madrid yahudiy davlatining G‘azodagi urushiga norozilik sifatida Isroil kompaniyasidan ko‘p millionlik o‘q-dori buyurtmasini ham bekor qilgan.
Pedro Sanches Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni Livanda ham G‘azoga o‘xshash vayronagarchilikni keltirib chiqaruvchi harakatlarini qoralagan.
Sport
Kanoechi Artur Guliyev Jahon Kubogi bosqichida oltin medalni qo‘lga kiritdi
28 yoshli sportchi C1 200 metr masofasidagi final bahsida oltin medalni qo‘lga kiritdi.
O‘zbekistonlik kanoechi Artur Guliyev baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha Jahon Kubogining II bosqichida zafar quchdi.
28 yoshli sportchi C1 200 metr masofasidagi final bahsida oltin medalni qo‘lga kiritdi. U qizg‘in kurashda ispaniyalik Pablo Grana va rossiyalik Sergey Svinarevni ortda qoldirdi.
Guliyev marraga 00:38.44 soniyada yetib keldi. Pablo Grana 00:38.63 soniya, Sergey Svinarev 00:39.09 soniya natijani ko‘rsatdi.
Jahon Kubogining II bosqichi Germaniyaning Brandenburg shahrida 14-17 may kunlari o‘tkaziladi. Musobaqada 5 qit’aning 60 davlatidan 854 nafar sportchi ishtirok etmoqda. To‘rt kunlik musobaqa davomida 243 ta poyga o‘tkaziladi.
Jami 36 ta medallar to‘plami o‘ynaladi: baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha 24 ta va parakanoe bo‘yicha 12 ta.
Sportchilar reyting ochkolar va 2028 yilda Los-Anjyelesda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etish huquqi uchun kurashadi.
Sport
O‘FA va «Korzinka» bolalar uchun maxsus uchrashuv o‘tkazdi
Korzinka Park in Mall’da futbol maktablari tarbiyalanuvchilari ishtirokida uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuv doirasida bolalar uchun pazandalik bo‘yicha mahorat darsi ham o‘tkazildi. Tadbirni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tashkil etdi.
Tadbirda futbol maktablarining 20 nafar o‘quvchisi va O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov ishtirok etdi. Yosh futbolchilar «Korzinka»ning tajribali novvoylari ko‘magida BIRGA yozuvi tushirilgan nonlarni yopishdi.
“Korzinka” tarmog‘i uchun oila, an’analar va qadrdon uy tafti hamisha qadrli. Bugun biz ushbu qadriyatlarni futbol quvvati bilan o‘zaro chog‘ishtirdik. Birgalikda non pishirish tadbiri juda ramziy ma’noga ega. Yangi pishirilgan non yaqinlarimizni bir dasturxon atrofida jamlagani kabi, biz ham milliy terma jamoani qo‘llab-quvvatlash uchun birlashishimiz kerak. Biz chempionatga “birga” – muxlislarning katta oilasi sifatida boramiz”, – dedi Korzinka Kuzatuv kengashi a’zosi Alisher Hoshimov.
Bu kulchalar har bir muxlisning jamoa hayotiga daxldorligini aks ettiradi. “BIRGA” shiori jamoa va muxlislar bir butun tanaga aylanganda, katta g‘alabalar qozonish mumkinligiga ishora qiladi. Bunda terma jamoaning muvaffaqiyati umumiy bayramga aylanadi, stadion energiyasi esa maydondagi o‘yinchilarga kuch beradi.
“Sportchilar har doim qo‘llab-quvvatlashni his qilib turishlari juda muhim. Terma jamoaga ham bolalar, ham kattalarning qizg‘in muxlislik qilayotgani o‘yinchilar uchun bag‘oyat yoqimli. Bugungi aksiya ana shunday birdamlikning yorqin namunasidir. Ishonchim komilki, bunday qo‘llab-quvvatlash futbolchilarimizga har bir o‘yinda qo‘shimcha rag‘bat beradi”, – dedi O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov.
Uchrashuv yakunida tadbir qatnashchilari endigina tandirdan uzilgan nonlarni birgalikda tatib ko‘rishdi. Shuningdek, mehmonlar birinchilardan bo‘lib merch va mavzuli mahsulotlar taqdim etilgan «Korzinka»dagi futbol burchagiga tashrif buyurishdi.
Futbol aksiyalari, yutuqli o‘yinlar va tadbirlarni o‘tkazib yubormaslik uchun «Korzinka» ijtimoiy tarmoqlariga obuna bo‘ling.
Qo‘shimcha ma’lumot uchun:
«Korzinka» supermarketlar tarmog‘i matbuot xizmati
Doniyor Rasulov
tel.: +998 78 140 14 14
e-mail: pr@korzinka.uz
Kompaniya haqida
“Korzinka” 1996 yilda ta’sis etilgan. Hozirgi paytda tarmoq mamlakatning 12 ta hududida 200 tadan ziyod savdo nuqtasini birlashtiradi: “Korzinka” supermarketlari, “uy oldida” formatidagi “Korzinka Mahalla”, “Korzinka Biznes” ulgurji savdo do‘koni, shuningdek Korzinka Go onlayn-supermarketi.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi to‘g‘risida
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi – O‘zbekistonda futbolni boshqarish bo‘yicha milliy tashkilot. Assotsiatsiya futbolni rivojlantirish va ommalashtirish, milliy terma jamoalar faoliyatini muvofiqlashtirish, ommaviy va professional sportni targ‘ib etishga qaratilgan dasturlarni amalga oshirish uchun mas’uldir. 1994 yildan FIFA va Osiyo futbol konfederatsiyasi a’zosi.
-
Dunyodan5 days ago
Prezident Tramp 13-15 may kunlari Xitoyga tashrif buyuradi.
-
Jamiyat5 days ago
Surxondaryo viloyati hokimiga o‘rinbosar tayinlandi
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekiston Mo‘g‘ulistondagi konlarni o‘zlashtirishni boshladi
-
Jamiyat5 days ago
Rishtonda muqaddam sudlangan kadastr xodimi ushlandi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekiston ko‘proq nimalarni import qilmoqda?
-
Dunyodan5 days ago
Shimoliy Koreya Ukraina mojarosidan katta foyda ko’rdi
-
Siyosat4 days ago
Putin Yevropa bilan muzokaraga kirishish shartini aytdi
-
Siyosat2 days agoPrezident Mirziyoyev Toshkent metropolitenini 2035 yilgacha kengaytirishni maʼqulladi
