Jamiyat
Prezident o‘zi bilan uchrashishni istagan qoraqalpog‘istonlik bolaga maktub yo‘lladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga tashrifi chog‘ida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Muhammadali ismli bolakayning murojaatini ko‘rib, unga minnatdorlik maktubini yo‘lladi. Bola videomurojaatida davlat rahbari bilan uchrashishni istashini aytgan.
Prezident bolaning samimiy tilaklaridan mamnun bo‘lganini bildirib, unga maktub va sovg‘a yo‘llagan.
26 sentyabr kuni maktub va Prezident sovg‘alari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida tantanali ravishda topshirildi. Tadbirda Jo‘qorg‘i Kenges Raisi Amanbay O‘rinbayev Prezidentning maktubini o‘qib eshittirdi.
Shuningdek, Muhammadali, uning ota-onasi hamda bola tarbiyalanayotgan maktabgacha ta’lim tashkilotiga Prezident sovg‘alari topshirildi.
Muhammadalining tarbiyachisi Gulbahar Saparovaga esa Jo‘qorg‘i Kenges Prezidiumi qarori bilan «Vatan fidoyisi» ko‘krak nishoni berildi.
Jamiyat
66 nafar o‘zbekistonlik Buryatiyadagi koloniyada jazo o‘tamoqda
O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi bosh konsuli Aslam Akbarov Buryatiya Respublikasi Ulan-Ude shahridagi 8-sonli axloq tuzatish koloniyasida jazo o‘tayotgan vatandoshlar bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston fuqarolari bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, ularning murojaat va iltimoslari tinglandi. Shuningdek, sodir etilgan huquqbuzarliklar xususiyatiga oid ma’lumotlar o‘rganilib, tegishli maslahatlar berildi. Hozirda koloniyada 66 nafar o‘zbekistonlik jazo muddatini o‘tamoqda.
Bosh konsul murojaatlarda ko‘tarilgan va hal etish mumkin bo‘lgan masalalar yuzasidan tezkor choralar ko‘rdi. Jumladan, yurak va umurtqa pog‘onasi kasalliklaridan aziyat chekayotgan ikki nafar vatandoshga tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
Shuningdek, koloniya rahbariyati bilan o‘zbekistonlik mahbuslar uchun musulmon qonun-qoidalariga muvofiq ovqatlanishni tashkil etish masalasi muhokama qilindi.
Bundan tashqari, bir oydan so‘ng koloniyadan ozod etiladigan vatandoshga O‘zbekistonga qaytish sertifikatini berish masalasi ham tezkorlik bilan hal etildi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonasi fuqarolarning sodir etgan huquqbuzarliklaridan qat’i nazar, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilayotgani ta’kidlandi. Vatandoshlarga zarur konsullik-huquqiy va yuridik yordam ko‘rsatish davom ettirilishi bildirildi.
Elchixona vakillarining fuqarolar jazoni o‘tayotgan muassasalarga navbatdagi tashrifi oktyabr oyida Irkutsk shahriga amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Jamiyat
Axir u besh yoshda edi…
Besh yosh. Men besh yoshlik paytimni eslasam, ko‘z oldimga shiftdan tushib ketgan qaldirg‘och bolasi keladi. O‘shanda o‘sha mitti jonivorning taqdiriga chidolmay, necha kunlab achinib, ko‘z yosh to‘kkandim. Besh yoshli bolaning idroki shunchalik beg‘ubor, shunchalik sof va rahmdil bo‘ladi. U dunyodagi har bir tirik jonning og‘rig‘ini o‘zinikidek his qiladi. Uning olami faqat mehrdan, ertaklardan va beg‘ubor orzulardan iborat.
Ammo bugun… Namangandagi o‘sha besh yoshli mitti farishtaning beg‘ubor olamini vahshiylarcha chil-chil qilishdi. Biz qaldirg‘ochning bolasi yerga tushsa yig‘laydigan tarbiyadan, o‘z go‘dagini himoya qila olmaydigan, jamiyatda maxluqlarni voyaga yetkazadigan darajaga qanday kelib qoldik?
Besh yosh — hali hayot nimaligini, yomonlik neligini bilmaydigan davr. Bu yoshda bolaning eng katta dardi o‘yinchog‘i sinishi yoki kapalakning uchib ketishi bo‘lishi kerak edi. Ammo qaysidir bir maxluqning nafsi sabab, bir murg‘ak qalbning butun umri, sofligi va bolaligi kuyib kul bo‘ldi. Bu zulm faqat u go‘dakka emas, butun insoniyatga, millatning yuziga tushirilgan qora dog‘dir! Mitti qaldirg‘och beg‘ubor bolalikning ramzi edi. Bugun esa o‘sha qaldirg‘ochning qanotlarini sindirishdi.
Bugun men yana o‘sha besh yoshli go‘dakdek hayronman va bir narsani aqlimga sig‘dirolmayapman: qanday qilib?
Qanday qilib inson bu vahshiylikka qo‘l urishi mumkin?! Bugun jamiyatimizdagi mana shunday iblislar borligi uchun, go‘daklarni himoya qila olmayotganimiz uchun, erkak bo‘lganimdan uyalaman va boshim yerga tekkuncha egik. Nomusi toptalgan farishtagina emas, bugun butun millatning vijdoni zo‘rlandi. Kechir bizni, bolajonim… Biz seni asrolmadik. Bu vahshiylikka jim turish — jinoyatga sherik bo‘lishdir! Maxluqlar eng oliy jazoga mahkum etilishi shart, toki yer yuzida besh yoshli qaldirg‘ochlarning qanoti boshqa hech qachon sinmasin!
Jamiyat
«G‘azabim ichimga sig‘may ketdi» — Saida Mirziyoyeva Namangandagi 5 yoshli qiz fojiasiga munosabat bildirdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Namanganda yuz bergan fojiaga munosabat bildirib, jinoyatga aloqador barcha shaxslar qonun doirasida javobgarlikka tortilishi zarurligini ta’kidladi.
«Namanganda yuz bergan fojia haqida menga xabar berishdi. Bo‘lgan voqeani eshitib, g‘azabim ichimga sig‘may ketdi.
Nazarimda, bunday vahshiyona jinoyatlar uchun aslida o‘lim jazosini qo‘llash kerak. Lekin, ming afsuski, amaldagi qonunchilikda oliy jazo ko‘zda tutilmagan», — deb yozdi Mirziyoyeva.
Aytilishicha, tegishli idoralarga barcha zarur ko‘rsatmalar berilgan.
«Jinoyatchi qonun doirasidagi eng og‘ir jazoga tortiladi. Shuningdek, beparvoligi bilan bu qabohatga yo‘l ochgan, norasida bolani asray olmagan barcha mas’ullar ham jazolanadi», — deya ta’kidladi Administratsiya rahbari.
Shu bilan birga, bu turdagi jinoyatlar uchun javobgarlikni maksimal darajada kuchaytirish uchun qonun hujjatlariga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha taklif tayyorlanayotgani ma’lum qilindi.
Jamiyat
Besh yoshli qizaloqning oilasi boshqa shaharga ko‘chib o‘tadi
Namanganda besh yoshli qizaloq bilan bog‘liq og‘ir fojia yuz berganidan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Ijtimoiy himoya milliy agentligi vaziyatni nazoratga olgan. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, voqeaning ilk kunlaridanoq agentlik mutaxassislari va psixologlari qizaloq hamda uning onasi bilan ish olib bormoqda. Oilaga ushbu og‘ir vaziyatni yengib o‘tish uchun zarur ijtimoiy va psixologik yordam ko‘rsatilmoqda.
«Oila boshqa shaharga ko‘chib o‘tadi. Ular uy-joy va zarur reabilitatsiya xizmatlari bilan ta’minlanadi. Oilaga to‘liq ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi. Xususan, qizaloqning onasiga o‘qishini davom ettirish va ishga joylashishida ko‘mak beriladi», — dedi Shahnoza Mirziyoyeva.
Uning ma’lum qilishicha, zarur holatlarda oilaga familiyani o‘zgartirish masalasida ham amaliy yordam ko‘rsatiladi. Bu choralarning asosiy maqsadi qizaloq va uning yaqinlarini xavfsiz muhitga olib chiqish, ularga yangi hayotni boshlash uchun zarur sharoitlarni yaratish.
Mazkur masala Prezident Administratsiyasi tomonidan ham alohida nazoratga olingan. Voqeaning dastlabki kunlaridanoq tegishli davlat idoralari va mas’ul tuzilmalar ishga jalb etilgan.
«Mazkur jinoyat aslo jazosiz qolmaydi», — dedi Shahnoza Mirziyoyeva.
Ayni paytda eng muhim vazifa jabrlangan bolaning xavfsizligi, uning ruhiy holatini tiklash va oilasini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdir. Shu bilan birga, jinoyat yuzasidan qonun doirasida tegishli choralar ko‘rilishi kutilmoqda.
Jamiyat
Prezident turizm sohasi xodimlarini tabrikladi
Prezident O‘zbekiston turizm sohasi xodimlariga tabrik yo‘lladi.
27-sentyabr – Butunjahon turizm kuni nishonlanmoqda. Keyingi yillarda yurtimizda olib borilayotgan ochiqlik siyosati, viza tartibining soddalashtirilgani, transport va mehmonxona infratuzilmasining kengaytirilgani, tadbirkorlar uchun ko‘plab soliq hamda bojxona imtiyozlari joriy qilingani soha rivojiga yangi shiddat bermoqda.
Buning tasdig‘ini 2025-yilda O‘zbekistonga kelgan xorijiy sayyohlar soni 2016-yilga nisbatan salkam 6 barobar oshib, qariyb 12 million nafarga yetgani, turizm xizmatlari eksporti 11 karra ko‘payib, 4 milliard 800 million AQSh dollarini tashkil etgani misolida yaqqol ko‘rish mumkin.
Yangi O‘zbekistonnning o‘ziga xos tashrif qog‘ozi bo‘lgan Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy va Burhoniddin Marg‘inoniy majmualari, Zamonaviy san’at markazi kabi ko‘plab maskanlar butun xalqimiz qatori xorijiy sayyohlarda ham katta qiziqish uyg‘otmoqda.
«Biz bu boradagi ishlarimizni izchil davom ettirib, go‘zal diyorimizni jahondagi zamonaviy sayyohlik infratuzilmasi yanada rivojlangan eng mashhur turizm markazlaridan biriga aylantirishga qaror qilganmiz. Shu maqsadda Xivada o‘zida tarix va zamonaviylikni uyg‘unlashtirgan xalqaro turistik shaharcha, kongress markazi va tarixiy-etnografik bog‘ barpo etish, Ichanqal’ani raqamli texnologiyalar asosida “aqlli” muzey-majmuaga aylantirishni rejalashtirganmiz.
Samarqandda esa noyob eksponatlar jamlangan Ipak yo‘li muzeyi tashkil etiladi. Qoraqalpog‘istonda arxeologik yodgorliklar bo‘ylab yangi turistik yo‘nalishlar ochiladi. Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida “G‘ilon”, Namangan viloyatining Pop tumanida “Arashan” kabi yangi majmualar tashkil etiladi.
Sohada zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish, yagona milliy turizm platformasini ishga tushirish, sayyohlik xizmatlarini bitta tizimga integratsiya qilish, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanish, kadrlar malakasini muntazam oshirib borish ham ustuvor vazifa bo‘lib qoladi. Gastronomik, ekologik, ziyorat, tibbiyot, tog‘ va sarguzasht, ishbilarmonlik, etno va qishloq turizmi kabi yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan yo‘nalishlarni jadal rivojlantirishga alohida ahamiyat beramiz.
Ana shunday dolzarb vazifalarni amalga oshirish orqali biz 2030-yilga borib, xorijiy sayyohlar sonini yiliga 20 million nafarga, turizmning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 7 foizga yetkazish, xizmatlar eksportini 8 milliard dollardan oshirish, yuqori toifadagi mehmonxonalar sonini esa ikki karra ko‘paytirishni maqsad qilganmiz», deya ta’kidladi Prezident.
Davlat rahbari tabrikda «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan turizm xodimi» faxriy unvonini ta’sis etishni taklif etdi.
-
Iqtisodiyot4 days ago
Markaziy Osiyoda o‘zaro savdo aylanmasi 8,1 mlrd dollarga yetdi
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekistondagi elektromobillarning qariyb 72 foizi Toshkentda
-
Siyosat4 days ago
Shavkat Mirziyoyev Andijonga tashrif buyuradi
-
Siyosat4 days ago
Mudofaa vaziriga ikki o‘rinbosar tayinlandi
-
Siyosat3 days ago
Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkda «BlackRock» rahbariyati bilan uchrashdi
-
Jamiyat5 days ago
Dollar kursi ko‘tarildi, yevro ham oshdi
-
Iqtisodiyot3 days ago
200 dan ziyod fermer Misr tajribasini o‘rganish uchun yuboriladi
-
Mahalliy5 days ago
O‘zbekistonda Amir Temur nomli davlat stipendiyasini joriy etish taklif qilinmoqda
