Mahalliy
Bilim va malaka — taraqqiyotning asosiy kapitali
Bugungi kunda davlatimiz tomonidan ta’lim tizimiga, xususan yoshlarning zamonaviy bilimlarini oshirish, intellektual salohiyatini boyitish, ularning zamon bilan hamnafas, yetuk insonlar bo‘lib kamol topishi uchun berilayotgan e’tibor yurtimiz taraqqiyotiga yo‘naltirilgan uzoq muddatli sarmoya sifatida katta ahamiyat kasb etib bormoqda.
Davlatimiz rahbari joriy yilning 28-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida mamlakatimizning yaqin va uzoq istiqboldagi taraqqiyotini ta’minlashga qaratilgan 7 ta milliy dasturni ilgari surdi.
Ularning dastlabki va strategik yo‘nalishlaridan biri — bilim va malakani kelgusi taraqqiyotning asosiy kapitaliga aylantirishdir. Zero, zamonaviy dunyoda raqobat nafaqat tabiiy boyliklar yoki moliyaviy resurslar, balki bilimli, malakali, yangilikka intiluvchan va yuksak salohiyatli insonlar uchun ham kechmoqda.
Shu nuqtai nazardan, ta’lim tizimini yangi sifat bosqichiga olib chiqish, har bir bolaga munosib ta’lim olish imkoniyatini yaratish, o‘qituvchi va pedagoglarning maqomi hamda kasbiy salohiyatini yuksaltirish — mamlakatimizning kelgusi taraqqiyotini belgilab beruvchi eng muhim omillardan biridir.
Ayniqsa, Davlatimiz rahbari boshchiligida so‘nggi o‘n yilda maktabgacha va maktab ta’limi tizimida amalga oshirilgan transformatsiya sohani butunlay yangi qiyofa va yangi bosqichga olib chiqdi, desak xato bo‘lmaydi.
Buning natijasida maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 2016-yilda 27 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib 78 foizni tashkil etmoqda.
Shu bilan birga joriy yil davomida 811 ming nafardan ortiq 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlovga jalb qilish natijasida qamrov ko‘rsatkichini 99,3 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Bolalarni maktabgacha ta’limga qamrovini oshirishda yana bir katta ahamiyatga ega bo‘lib borayotgan «Aqlvoy» loyihasi doirasida olis va chekka hududlarga qadar ushbu ta’lim turi yetib borayotganligi yurtdoshlarimizga katta manzur bo‘lib borayotganligi ham sir emas.
Ayni vaqtga qadar mamlakatimizdagi shu kabi olis hududlarda joylashgan 216 ta mahallada 648 ta ko‘chma mobil guruhlari tashkil etildi hamda 10 ming nafardan ortiq bolalar maktabgacha ta’limga qamrab olindi.
Maktabgacha ta’lim sohasidagi pedagoglar soni va ularning malaka darajasi ham yildan yilga ortib bormoqda. Misol uchun, 2017-yilda maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi jami pedagoglar soni 58,4 ming nafarni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 179,5 ming nafarga yetdi.
Birgina 2026-yilning o‘tgan davri mobaynida 118 ta DXSh asosidagi maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etilishi natijasida 13 779 ta, 1 100 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etilishi natijasida 42 790 ta, jami 56 569 ta yangi bola o‘rni yaratildi.
Ta’lim jarayonlarini izchil davom ettirish hamda o‘quvchilarga munosib shart-sharoitlarni yaratib berishda ta’lim sohasi infratuzilmasini doimiy rivojlantirib borish zarur va bu boradagi ishlar ham davlatimiz tomonidan muntazam olib borilmoqda.
Xususan, 2024-2025 yillarda jami 1 379 ta umumta’lim maktabida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilgan bo‘lib, buning natijasida umumta’lim maktablarida jami 400,7 mingta yangi o‘quvchi o‘rni yaratildi va ushbu ishlarga qariyb 6,9 trln. so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Joriy yilda ham barcha dasturlar doirasida 768 ta maktabda qurish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur maqsadlar uchun budjetdan 5,9 trln. so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.
Yurtimizning kelajagi bo‘lgan yigit-qizlarni har tomonlama yetuk va bilimli shaxslar etib tarbiyalash, ularning intellektual salohiyatini xalqaro minbarlarga olib chiqish bugun har qachongidan ham muhim va dolzarb bo‘lib borayotganligini ta’kidlashni istardim.
Bu borada O‘zbekistonda fan olimpiadalariga qaratilayotgan katta e’tibor va yaratilgan shaffof tizim katta yutuqlarimizga sabab bo‘lmoqda. Jumladan, mamlakatimiz yoshlarining joriy yilda 5 ta nufuzli xalqaro olimpiadada 20 ta — 1 ta oltin, 8 ta kumush va 11 ta bronza medalni qo‘lga kiritishganligini aytishning o‘zi yetarli.
2026 yilda iqtidorli o‘quvchilarimiz tomonidan 28 ta nufuzli xalqaro va mintaqaviy olimpiadalarda jami 228 ta — 38 ta oltin, 82 ta kumush va 108 ta bronza medal qo‘lga kiritildi.
Bu natijalar mamlakatimizda iqtidorli yoshlarni aniqlash, tizimli tayyorlash, g‘olib o‘quvchilar hamda ularning ustozlarini munosib rag‘batlantirish sharoitlari o‘z samarasini berayotganini ko‘rsatadi.
Maktabgacha va maktab ta’limi tizimidagi izchil va uzluksiz islohotlarning bosh maqsadi maktablarimizda ta’lim sifatini oshirish hamda farzandlarimizning yuqori bilim va malakaga ega bo‘lishidir.
Shu maqsadda vazirlik tomonidan umumiy o‘rta ta’lim maktablariga xorijiy tillarni o‘qitish maqsadida 2023-2026-o‘quv yillari davomida umumiy hisobda 2200 nafarga yaqin xorijiy mutaxassis jalb qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF-22-son farmoniga muvofiq, 2026-2027 o‘quv yili davomida umumta’lim muassasalariga jalb etilgan xorijiy mutaxassislar sonini 2 ming nafarga yetkazish rejalashtirilgan.
Maktablarda chet tili fanini o‘qitish sifatini yanada yaxshilash maqsadida Toshkent shahrida joriy etilgan «Kelajak uchun xorijiy til» loyihasi ham bugungi kunda o‘z ijobiy samarasini berayotganligi quvonarli hol.
2025-2026 o‘quv yili davomida mazkur loyiha doirasida Toshkent shahridagi umumta’lim maktablarida tahsil olayotgan 11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida xorijiy til bilish ko‘nikmalari bo‘yicha baholash jarayonlari tashkil etildi va unda 10 ming nafardan ortiq o‘quvchilar B1 va undan yuqori natijalarni qayd etishdi.
Shu o‘rinda ta’lim tizimining yana bir muhim bo‘g‘ini bo‘lgan Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ta’lim muassasalari faoliyatiga to‘xtalib o‘tishni xohlardim.
2019-yilda tashkil etilgan mazkur tizimda dastlab 16 ta ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 15 baravarga oshib, 249 taga yetdi.
Ayni vaqtda mazkur maktablarda 88 mingga yaqin o‘quvchiga 9 mingdan ziyod pedagog tomonidan zamonaviy ta’lim dasturlari asosida ta’lim-tarbiya berilmoqda. Shuningdek, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda STEM fanlarini bosqichma-bosqich ingliz tilida o‘qitish amaliyoti kengaytirilmoqda.
Shu bilan birga, iqtidorli yoshlarni erta aniqlash va ularni nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalariga maqsadli tayyorlashga qaratilgan “Prezident iqtidorli farzandlari” milliy dasturi yo‘lga qo‘yilib, dastur doirasida 3 000 nafar o‘quvchi maxsus tayyorgarlikka jalb etilgan.
Amalga oshirilayotgan islohotlar natijasi o‘quvchilarning xalqaro maydondagi yutuqlarida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. 2025-yil davomida Agentlik tizimi o‘quvchilari nufuzli xalqaro va mintaqaviy fan olimpiadalarida 127 ta — 24 ta oltin, 46 ta kumush va 57 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi.
2025-2026 o‘quv yilida Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarning 34 nafar 11-sinf o‘quvchisi dunyoning TOP-300 taligiga kiruvchi oliy ta’lim muassasalariga 100 foizlik grant asosida muddatidan oldin qabul qilindi.
Jumladan, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilari Elbek Zohidjonov va Asilbek Sunnatov Massachusetts Institute of Technology — MIT universitetiga, Farg‘ona shahridagi Prezident maktabi o‘quvchisi Dilafro‘z Sobirova esa Garvard universitetiga to‘liq grant asosida qabul qilindi.
Umuman olganda, Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan maktabgacha va maktab ta’limi sohasida olib borilayotgan keng va hayotiy islohotlar bugun tom ma’noda o‘z samarasini ko‘rsatyapti, desam adashmayman.
Davlatimiz rahbarining mustaqilligimizning 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi va unda muhim dasturlardan biri sifatida belgilangan bilim va malakani kelgusi taraqqiyotning asosiy kapitaliga aylantirish — chinakam ma’noda bugun katta va ezgu maqsadimizga aylanib borayotganligi bor gap.
Bu hayotiy tashabbuslar esa har bir yurtdoshimiz hayoti va turmush tarzining o‘zgarishi, yoshlarimizning kelajakda munosib barkamol avlod bo‘lib kamol topishida muhim asos bo‘lib xizmat qilishi, tabiiy.
E’zoza Karimova,
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri
Mahalliy
O‘zbekistonda Amir Temur nomli davlat stipendiyasini joriy etish taklif qilinmoqda
O‘zbekistonda oliy ta’lim tashkilotlarining iqtidorli talabalari uchun Amir Temur nomli davlat stipendiyasini joriy etish taklif etilmoqda.
Bu Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risida»gi qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qaror loyihasida belgilangan.
Loyihaga ko‘ra, Amir Temur nomli davlat stipendiyasi davlat, nodavlat va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari, shuningdek, qo‘shma ta’lim dasturlarining oxirgi ikki kursida tahsil olayotgan talabalarga berilishi mumkin.
Har bir oliy ta’lim tashkiloti uchun mazkur stipendiya soni bittadan belgilanishi taklif qilinmoqda.
Talabgor a’lo o‘qishi, ilmiy yoki ijodiy ishlar bilan shug‘ullanishi, konferensiya va tanlovlarda ishtirok etishi, O‘zbekiston tarixi, davlat tili hamda kamida bitta xorijiy tilni bilishi lozim bo‘ladi.
Bundan tashqari, Amir Temur nomli stipendiyaga da’vogarning bitiruv malakaviy ishi Amir Temur va temuriylar merosiga bag‘ishlangan bo‘lishi yoki shu yo‘nalishda kamida ikkita ilmiy ishi e’lon qilingan bo‘lishi taklif etilgan.
Loyihaga muvofiq, tanlovning keyingi bosqichiga tavsiya etilgan talabgorlar hujjatlarini har yili 5–15 sentyabr kunlari my.edu.uz tizimiga yuklaydi. Stipendiya tayinlash bo‘yicha tavsiyanomalar esa 5–25 oktyabr kunlari ko‘rib chiqilishi nazarda tutilgan.
Shuningdek, nomli davlat stipendiyasi sohibi bo‘lgan talabalarni bakalavriatni tugatgandan keyin bir yil ichida magistraturaning kunduzgi ta’lim shakliga tanlovsiz, qo‘shimcha davlat granti asosida qabul qilish taklif qilinmoqda.
Mahalliy
Ustoz tayyorlash mas’uliyatining ko‘lami va sharafi nimada?
Bolaning bilimga munosabati ko‘pincha ustozining birgina savoli, tushuntirishi yoki unga bildirgan ishonchidan boshlanadi. O‘quvchidagi qobiliyatni payqash, fikrini eshitish, xatosini tushuntirish va yana urinib ko‘rishga undash o‘qituvchidan chuqur bilim bilan birga pedagogik mahoratni talab qiladi.
Biz pedagogika universitetida ta’lim berar ekanmiz, har bir talabamiz timsolida kelajakda yuzlab bolalar hayotiga ta’sir ko‘rsatadigan ustozni ko‘rishimiz kerak. Shu ma’noda, ustoz tayyorlash asnosida mamlakatning kelgusi taraqqiyoti uchun mas’uliyatni o‘z zimmamizga olamiz.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ta’limga qaratilayotgan e’tibor zamirida insonning o‘z qobiliyatini ro‘yobga chiqarishi, bilim va mehnati bilan munosib hayot kechirishi uchun sharoit yaratish maqsadi mujassam.
Davlatimiz rahbarining 2026-yil 1-sentyabr kuni maktab o‘quvchilari va ustoz-murabbiylariga yo‘llagan tabrigida ta’lim-tarbiyani rivojlantirishga bundan buyon ham ustuvor ahamiyat qaratilishi ta’kidlandi. Yoshlarning puxta bilim olishi, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashi, ona tili va milliy madaniyatini chuqur bilishi, shu bilan birga, jahon ilmi yutuqlarini o‘zlashtirishi oldimizdagi vazifalar mazmunini belgilaydi. Bu talablar, avvalo, shunday avlodni tarbiyalay oladigan o‘qituvchini tayyorlashga daxldordir.
Muallimga ehtiromning mustahkam asosi
Xalqimiz hayotida ustozga hurmat alohida o‘rin tutadi. Bugun bu hurmat davlatning huquqiy kafolatlari bilan ham mustahkamlanmoqda. Konstitutsiyamizning 52-moddasida o‘qituvchi mehnatining jamiyat taraqqiyoti va avlod tarbiyasidagi o‘rni e’tirof etilib, uning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, farovonligi hamda kasbiy o‘sishi haqida g‘amxo‘rlik qilish davlat zimmasidagi vazifa sifatida belgilangan.
2024-yil 1-fevralda qabul qilingan “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi Qonun ham pedagog faoliyati uchun muhim kafolatlarni belgiladi. Unda pedagogning kasbiy faoliyatiga noqonuniy aralashishga, uni kasbiga aloqador bo‘lmagan ishlarga jalb etishga, vazifasiga taalluqli bo‘lmagan hisobotlarni yuklashga qarshi kafolatlar nazarda tutilgan. Buning mohiyati oddiy: o‘qituvchining vaqti va salohiyati darsga, o‘quvchi bilan ishlashga va o‘z ustida izlanishga sarflanishi kerak. Biroq huquq va kafolat bilan birga pedagogning mas’uliyati ham bor. Bola sha’nini hurmat qilish, baholashda adolatli bo‘lish, o‘quvchini kamsitmaslik, ota-ona bilan vazmin muloqot olib borish ustozlik kasbining ajralmas mezonlaridir.
Bo‘lajak o‘qituvchi buni talabalik davridan anglashi zarur. Universitetdagi adolatli baholash, professor-o‘qituvchining talabaga hurmati va ilmiy halolligi yosh mutaxassis uchun kasbiy namuna bo‘ladi. Talaba kelgusida maktabga o‘zi ko‘rgan muomala va o‘qitish madaniyatini ham olib boradi.
Pedagogik ta’lim oldidagi yangi mas’uliyat
Prezidentimizning 2025-yil 28-apreldagi “Pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni pedagogik ta’limni yangilashning muhim yo‘nalishlarini belgiladi. Farmonga muvofiq, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti negizida Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti tashkil etilib, unga pedagog kadrlar tayyorlash bo‘yicha yetakchi oliy ta’lim tashkiloti vazifasi yuklatildi.
Hujjatda ta’lim dasturlarini xalqaro tajriba asosida takomillashtirish, dual ta’lim imkoniyatlaridan keng foydalanish, ilm-fan va amaliyot uyg‘unligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan. 2026/2027 o‘quv yilidan pedagogika sohasida tahsil olayotgan talabalar bilimini tashqi diagnostika qilish tizimini joriy etish ham belgilangan.
Bu talablar universitet uchun bir savolni o‘rtaga qo‘yadi: biz tayyorlayotgan bitiruvchi maktabga borganda nimani mustaqil bajara oladi?
Pedagog tayyorlashda o‘quv dasturining har bir qismi bo‘lajak kasb bilan bog‘lanishi muhim. Yosh psixologiyasini o‘rgangan talaba o‘quvchining tortinchoqligi yoki e’tiborsizligi ortidagi sabablarni tahlil qila olishi, baholash nazariyasini bilgan talaba esa bolaning xatosini aniqlab, uni tuzatishga yordam beradigan topshiriq tuza olishi kerak. Bilim amaliy harakatga aylanganda kasbiy tayyorgarlikning sifati ko‘rinadi.
Maktab ehtiyoji bilan bog‘langan tayyorgarlik
Maktab o‘qituvchidan o‘z fanini bilish bilan birga, shu bilimni turli qobiliyat va tayyorgarlikka ega bolalarga tushuntira olishni kutadi. Shu sababli talabaning maktab amaliyoti aniq kasbiy vazifalar asosida tashkil etilishi kerak: tajribali ustoz darsini kuzatish, darsning muayyan qismini tayyorlash, keyin mustaqil mashg‘ulot o‘tkazish.
Har bir bosqichdan keyin talaba o‘z faoliyatini tahlil qilishi muhim. Qaysi savol bolani o‘ylantirdi, qaysi izoh tushunarsiz bo‘ldi, qaysi usul samara berdi — ana shu savollar orqali amaliyot haqiqiy kasbiy tayyorgarlikka aylanadi.
Bunda universitet o‘qituvchisi va maktabdagi murabbiy bir xil kasbiy mezonlarga tayanishi zarur. Talaba dars maqsadini belgilay oldimi, vaqtni to‘g‘ri taqsimladimi, barcha o‘quvchilarni jalb qildimi, o‘zlashtirishni tekshirdimi, uning kasbiy o‘sishi shu kabi aniq mezonlar orqali baholanishi kerak.
Yangi avlod ustozining kasbiy qiyofasi
Yangi avlod mutaxassisi o‘z fanini chuqur egallagan, mustaqil fikrlaydigan, bolani tushunadigan va o‘rganishni davom ettiradigan pedagog bo‘lishi kerak. U o‘quvchiga tayyor javobni yetkazish bilan cheklanmay, savolning mohiyatini anglashga, dalil izlashga va o‘z xulosasini tushuntirishga yordam berishi lozim.
Buning uchun fan bo‘yicha puxta tayyorgarlik bilan birga uni o‘qitish metodikasini ham chuqur egallash zarur. O‘qituvchining nutqi ham kasbiy mahoratining bir qismi. Murakkab tushunchani sodda ifodalash, savolni aniq qo‘yish, bolaning javobini sabr bilan eshitish amaliy mashq orqali rivojlanadi.
Bugungi pedagog uchun raqamli savodxonlik ham zarur. Sun’iy intellekt vositalari topshiriq variantlarini tuzish yoki qo‘shimcha material izlashda yordam berishi mumkin. Ammo ma’lumotning to‘g‘riligini tekshirish, bolaning shaxsiy ma’lumotlarini asrash va mualliflikka hurmat bilan munosabatda bo‘lish mas’uliyati pedagog zimmasida qoladi. Texnologiya o‘qituvchining fikrlashi va mas’uliyatini kuchaytirishga xizmat qilishi kerak.
Har bir bolaning imkoniyatini ko‘ra olish
Ta’lim sifati haqida gapirganda har bir bolaning imkoniyati va ehtiyojini e’tiborga olish zarur. Sinfdagi o‘quvchilarning rivojlanish sur’ati va hayotiy sharoiti turlicha bo‘lishi mumkin. Pedagog bu farqlarni sezishi, zarur hollarda psixolog va boshqa mutaxassislar bilan hamkorlik qilishi kerak.
Shu bois pedagogik ta’limda inklyuziv yondashuvni amaliy vaziyatlar orqali o‘rgatish muhim. Topshiriqni bolaning ehtiyojiga moslashtirish, ko‘rsatmani tushunarli shaklda berish va individual o‘sishni kuzatish bo‘lajak o‘qituvchining amaliy ko‘nikmasiga aylanishi lozim.
Farzand tarbiyasida maktab va oilaning hamjihatligi ham muhim. Ota-ona bilan suhbat faqat bolaning kamchiligini sanashdan iborat bo‘lmasligi, uning yutug‘ini ham ko‘rsatish va birgalikda bajariladigan vazifalarni belgilashga qaratilgan bo‘lishi kerak.
Ilmiy izlanishning manzili maktab bo‘lishi kerak
Pedagogika universitetidagi ilmiy faoliyat ta’lim amaliyotiga yangi yechimlar berishi bilan qadrli. Qaysi usul o‘quvchining matnni tushunishiga yordam beradi? Nima sababdan ayrim mavzularni o‘zlashtirish qiyin? Yosh o‘qituvchi faoliyatining dastlabki yilida qanday ko‘makka muhtoj?
Bunday savollar ilmiy izlanish uchun aniq yo‘nalish beradi. Tadqiqotda taklif etilgan metodika maktabda sinovdan o‘tkazilib, uning samarasi va cheklovlari o‘rganilishi kerak. Ilmiy ishning natijasi o‘qituvchi darsda qo‘llay oladigan aniq tavsiya, topshiriq yoki baholash vositasiga aylansa, uning amaliy qiymati ortadi.
Xalqaro tajribadan foydalanishda ham shu mezon muhim: xorijiy usulni shunchaki ko‘chirish emas, uni tilimiz, o‘quv dasturimiz va maktab sharoitiga moslashtirish zarur.
Oliy ta’limdagi yangilanish professor-o‘qituvchining uzluksiz o‘rganishini ham taqozo etadi. Maktab dasturlari va o‘quvchilarning ehtiyojidan xabardor bo‘lish, o‘z fanidagi yangiliklarni kuzatish, o‘qitish usullarini sinab ko‘rish kundalik kasbiy faoliyatga aylanishi zarur. Talabaga izlanishni o‘rgatadigan ustozning o‘zi ham tadqiqotchi va o‘rganuvchi bo‘lishi kerak.
Ishonchni sifatli ta’lim bilan oqlash
Pedagog tayyorlash sifati uchun mas’uliyat universitetning barcha bo‘g‘inlariga taalluqli. Rahbariyat zarur sharoitni yaratishi, kafedralar o‘quv mazmunini yangilashi, professor-o‘qituvchilar esa talabaning kasbiy o‘sishini kuzatib borishi kerak.
Biz uchun eng muhim savol shu: bitiruvchimiz maktabga borganida bolalar ta’limiga qanday hissa qo‘sha oladi? U o‘quvchini eshita olsa, bilimini to‘g‘ri baholasa, darsini puxta tashkil etsa va qiyinchilikka duch kelganda yechim izlay olsa, universitetdagi mehnat o‘z samarasini ko‘rsatadi.
Muallim obro‘-e’tiborini tiklash va mustahkamlashga qaratilgan davlat siyosati bizga katta ishonch bildirmoqda. Ushbu ishonchni munosib oqlash bilimli, tarbiyali, kasbiga sadoqatli ustozlarni tayyorlashni talab etadi.
Bugun universitet auditoriyasida o‘tirgan talaba ertaga bir bolaning hayotidagi eng muhim ustozga aylanishi mumkin. U bergan bilim, bildirgan ishonch va ko‘rsatgan namuna o‘sha bolaning kelajagida davom etadi.
Ustoz tayyorlash mas’uliyatining ko‘lami ham, sharafi ham shunda.
Hilola Umarova,
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari – Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti rektori
Mahalliy
Evrika! Olim faqat igna bilan quduq qazimaydi…
Qo‘llariga maxsus qo‘lqoplar kiygan va himoya ko‘zoynaklari taqqan maktab o‘quvchilari ikki xil suyuqlikni aralashtirishdi va… BUM! Shu lahzada laboratoriya stolidagi shisha idishlardan rang-barang ko‘pikli fontan otilib chiqadi. Bolalar hayrat va quvonchdan chapak chalishadi. Ekrandagi bu manzara g‘arbdagi ommabop bolalar ilmiy ko‘rsatuvlaridan biridan olingan. Ushbu ko‘rsatuv ilm yo‘li faqat qalin kitoblar va zerikarli formulalardan emas, balki harakat, kashfiyot va eng muhimi zavqdan iborat ekanligini anglatmoqchidek go‘yo.
Biz yoshligimizdan bir gapni eshitib ulg‘aydik: «Ilm olish – igna bilan quduq qazish». Olimlar bilan uyushtirilgan suhbatlar, ular ishtirokidagi ko‘rsatuvlar, radioeshittirishlarning kirish qismi har doim «olimlik igna bilan quduq qazishga o‘xshaydi», deb boshlanardi. Ilm yo‘lini tanlagan odamlar bilan uchrashuvlarda ham olimning bu mashaqqatli va og‘ir yo‘lni qanday bosib o‘tgani shu qadar dramali tasvirlanardiki, ichingizda ularga havas emas, balki og‘ir mehnat, azob ko‘rgan odamga qaragandek achinish hissi paydo bo‘lardi. Bu ibora sabr va chidamni ifodalasa-da, tan olish kerak, zamonaviy yoshlar uchun u biroz vahimali va zerikarli eshitiladi. Tasavvur qiling: qo‘lida kichkina igna bilan qattiq yerni kavlayotgan inson, chang bosgan xona, qalin ko‘zoynakli, usti-boshi tartibsiz va dunyodan uzilgan olim. Bu obraz kelajak uchun o‘zini qurbon qilgan qahramonni eslatsa-da, bugungi zamon yoshini o‘ziga tortmaydi. Bunday manzara ilm yo‘lini tanlamoqchi bo‘lgan yosh qalbda ishtiyoq emas, balki charchoq va qo‘rquv, zerikish uyg‘otishi tabiiy. Natijada, ko‘plab iqtidorli yigit-qizlar olimlikni faqatgina «umrini qurbon qilish» deb tushunib, bu yo‘ldan qochadilar. Ular kutubxonalarda soatlab kitob titkilashdan ko‘ra, telefon ekranidagi bir necha soniyalik virtual hayotni va tez keladigan zavqni tanlashadi.
Mashaqqatning jozibador talqini…
G‘arb ta’lim tizimi va mediasida ilm-fanga og‘ir majburiyat deb qaralmaydi. U yerda bolalikdanoq «igna bilan quduq qazish» qo‘rquvi o‘rniga, atrof-muhitni tushunish va unga ta’sir o‘tkazish ishtiyoqi singdiriladi. Shuningdek, g‘arb davlatlarida ilm-fan ommabopligi (Science Communication) juda kuchli rivojlangan. Televideniye va ijtimoiy tarmoqlar uchun suratga olinadigan, murakkab ilmiy mavzularni sodda, hazil-mutoyiba va vizual effektlar bilan tushuntiruvchi ko‘plab dasturlar mavjud. Taniqli olimlar, Nobel mukofoti sovrindorlari yulduzli shoularda mehmon bo‘lishadi, ularning chiqishlari xuddi mashhur aktyor yoki xonandalarniki kabi millionlab marta tomosha qilinadi. Bu esa yoshlar ongida olimlikni kitoblarga ko‘milib o‘tiradigan «kutubxonachi» qiyofasidan chiqarib, uni eng nufuzli, zamonaviy va jozibali kasbga aylantiradi.
Bunday yondashuvning amaliy ifodasini ta’lim maskanlarida ham ko‘rish mumkin.
«Eksploratorium» muzeyi.
Foto: Headout.com
Masalan, San-Fransiskodagi mashhur «Eksploratorium» kabi markazlarda «Iltimos, eksponatlarga qo‘l tekkizmang!» degan yozuvni umuman topmaysiz. Aksincha, u yerda har bir qurilmani ushlab ko‘rish, tugmachalarini bosish, fizika yoki kimyo qonuniyatlarini shaxsiy tajribada sinab ko‘rish talab etiladi. Bolalar koinot qonunlaridan tortib tabiat hodisalarigacha bo‘lgan jarayonlarni xuddi o‘yinchoqdek o‘ynab tushunishadi.
Shu bilan birga, «xalqchil ilm» (Citizen Science) loyihalari jamiyatning har bir a’zosini, jumladan, maktab o‘quvchilarini ham katta ilmiy jarayonlarga jalb etadi. Masalan, NASA yoki yirik universitetlar oddiy odamlarga koinot suratlaridan yangi yulduzlarni qidirish yoki o‘z hududlaridagi qushlar migratsiyasini kuzatish, quyosh panellari, mahalliy o‘simliklar, daraxtlar, shevaga oid kuzatuvlarini ma’lumotlar bazasiga kiritish imkoniyatini beradi. Oddiy maktab o‘quvchisi o‘zi topgan ma’lumot orqali haqiqiy ilmiy maqolaning hammuallifiga aylanishi mumkin. Bunday amaliyotlar yoshlarga ilm faqat uzoq yillar davomida unvon olib, keyin shug‘ullanadigan kasb emas, balki bugunning o‘zidayoq jamiyatga naf keltirish va tarix yaratish vositasi ekanini isbotlaydi.
Tarixiy «Evrika!» lahzalari…
Tarixga nazar solsak, eng buyuk kashfiyotlar zamirida faqatgina tinimsiz mehnat emas, balki o‘sha mashhur «Evrika» zavq lahzalari yotganini ko‘ramiz. Ko‘pchilik Arximedni faqat fizika qonunini topgan olim deb biladi. Lekin uning vannadan «Evrika!» (topdim!) deb ko‘chaga yugurib chiqqani shunchaki tarixiy hikoya emas, balki murakkab muammoning, ya’ni podshoh tojining hajmini o‘lchash va sofligini aniqlash vazifasining yechimi to‘satdan ongga kelgan lahzadagi intellektual portlashdir. Olim shu darajada zavqqa to‘lganki, kiyimsiz ko‘chaga chiqib, hatto ijtimoiy normalarni ham unutgan. Bu olimlikning «igna bilan qazish» bosqichidan keyin keladigan, hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydigan zavq olish mukofoti edi.
Foto: Erudyt.ru
Fizik olim Albert Eynshteyn ham ilmning lazzatini hammadan yaxshiroq his qilgan. Yigirma to‘qqiz yoshli yigitlik chog‘ida, ya’ni 1907 yilda u Berndagi patent byurosida o‘tirganida, xayoliga bir fikr keladi: «Agar inson yerga erkin tushayotgan bo‘lsa, u o‘z vaznini his qilmaydi». Keyinchalik u bu lahzani «hayotimdagi eng baxtli fikr» deb atagan. Bu yerda alohida e’tibor qaratish lozim bo‘lgani olim o‘zini azoblanayotgan ilm jonfidosi emas, balki koinot sirlarini yechayotgan «eng baxtli inson» deb his qilmoqda. Bu fikr keyinchalik mashhur «Umumiy nisbiylik nazariyasi»ga asos bo‘ldi. Eynshteyn uchun ilm dunyoning go‘zalligini mantiq orqali anglashdan olinadigan estetik zavq edi.
Agar olimlik faqat «igna bilan quduq qazish» bo‘lganida, Eynshteyn buni hayotidagi eng baxtli lahza deb atamagan bo‘lardi.
Miya uchun «intellektual ziyofat»
Xo‘sh, nega «Evrika!» lahzasi, yangilikni yaratish, savollariga ilm orqali javob topish hissi bizga bunchalik katta quvonch bag‘ishlaydi? Buni shunchaki oddiy hissiyot deb atash mumkinmi yoki miyamizda sodir bo‘ladigan aniq biokimyoviy jarayonmi? Psixologlar va neyrobiologlar ushbu fenomenni chuqur o‘rganib, juda qiziqarli ilmiy xulosalarga kelishgan.
Neyrobiologlarning aniqlashicha, inson murakkab jumboqning yechimini topgan soniyada, miyaning ichki tizimida juda katta miqdorda kuchli dopamin portlashi yuz beradi. Dopamin bu zavq, motivatsiya va qoniqish gormoni bo‘lib, keyingi paytlar psixologlar ham ushbu moddaning ahamiyati haqida bot-bot gapirishmoqda. Dopamin faqatgina inson yangi kiyim kiyganida, sayohatga chiqqanida yoki mazali ovqat yeganida paydo bo‘lmaydi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, yangi bilimni o‘zlashtirish yoki kashfiyot qilish paytida miya xuddi shirinlik yegan yoki sevimli musiqasini tinglagan inson kabi rohatlanadi. Demak, olimlik inson aql-zakovati uchun berilgan eng oliy «intellektual ziyofat»dir.
Ushbu lahzaning fiziologik asosi ham juda hayratlanarli. Neyrofiziologlar «Evrika» lahzasini EEG (elektroensefalogramma) qurilmasi orqali kuzatganlarida, yechim topilishdan bir soniya oldin miyaning o‘ng yarim sharida yuqori chastotali gamma-to‘lqinlar faollashishini aniqlashgan. Miyaning bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan uzoq nuqtalari o‘rtasida to‘satdan bunday bog‘lanishni ko‘prikka qiyoslash mumkin. Ya’ni, «igna bilan qazilgan» va tarqoq holda yotgan ma’lumotlar zanjiri birlashib, bir soniyada yaxlit, go‘zal manzara kasb etadi.
Mutaxassislar yana ilm bilan izchil mashg‘ul bo‘lishni «oqim» (Flow) holati deb ataydi. Bu noyob ruhiy holatda olim vaqt va makonni butunlay unutadi, charchoq sezilmaydi, chunki bajarilayotgan jarayonning o‘zi inson uchun asosiy maqsad va baxt manbaiga aylanadi. Bunday vaziyatda «igna bilan quduq qazish» azobli va zerikarli mehnat emas, balki yuksak mahorat ko‘rsatish imkoniyati sifatida qabul qilinadi.
***
Ilmiy izlanish ortidan keladigan «zavq» tabiatning insoniyatga bergan betakror sovg‘asi. Inson miyasi olimni izlanishga, yaratishga undash uchun har bir kashfiyotini eng shirin rohat bilan taqdirlaydi. Bu yuksak zavqni hayotida loaqal bir bor tuygan yosh olim uchun ilm-fan endi hech qachon «qo‘rqinchli va zerikarli mehnat» bo‘lib ko‘rinmaydi.
Bugungi zamon yoshlari uchun ilm shunchaki sabr va chidam maktabigina bo‘lib qolmasligi kerak. Olimlik zamonaviy yoshlar uchun intellektual drayv, jasorat va dunyoni o‘zgartirish imkoniyatidir. Bo‘lajak olimlarni oldinda faqat kundalik mashaqqatlar kutmaydi. Ularni hali hech kim anglamagan haqiqatni birinchi bo‘lib ko‘rish hayajoni va o‘z miyasining cheksiz imkoniyatlarini kashf etish zavqi kutadi. Ishoning, kichik bo‘lsada yangilik yaratish, ilm olish bu har bir inson hayotini umrbod bezaydigan betakror «Evrika!» lahzalaridir.
Barno Sultonova
Mahalliy
«Pul tugab qoladi, dunyo xavfli…» yoxud ziqnalikni bartaraf etuvchi 11 qoida
Ziqnalik (yoki psixologiyada: patologik xasislik) – bu shunchaki pul sarflashni xohlamaslik emas, balki inson ruhiyati, xavfsizlikka bo‘lgan ehtiyoji va miya faoliyati bilan bog‘liq murakkab psixologik holatdir. Ilmiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, ziqnalik odatda kelajakdan qo‘rqish, boshqalarga ishonmaslik va ichki depressiv holatlar bilan chambarchas bog‘liq.
Quyida insonni ichki erkinlikdan mahrum qiluvchi va ijtimoiy munosabatlariga putur yetkazuvchi ziqnalikni bartaraf etishning ilmiy asoslangan 11 ta muhim qoidasi keltirilgan. Ularni yaxshilab o‘qing va amalda qo‘llang.
Tan olish va ildizini izlash
Ilmiy tadqiqotlarga ko‘ra, har qanday psixologik muammoni hal qilish uni tan olishdan boshlanadi. Ziqnalikning ildizi ko‘pincha bolalikdagi moddiy yetishmovchiliklar yoki oiladagi pul bilan bog‘liq stresslarga borib taqaladi. O‘zingizga savol bering: «Men pul yo‘qotishdan qo‘rqyapmanmi yoki pulsiz qolsam qadrsizlanib qolishdanmi?»
Sababni tushunish insonga o‘z ustida ishlash uchun ongli yo‘l ochadi.
«Xarid qilishdagi og‘riq» (Pain of Paying) fenomenini boshqarish
Neyrobiologlarning MIT va Karnegi Mellon universitetlari tadqiqotlarida aniqlashicha, inson naqd pul to‘layotganida miyaning jismoniy og‘riqni his qiluvchi qismi (insula) faollashadi. Ziqna insonlarda bu og‘riq hissi juda yuqori bo‘ladi.
Naqd puldan ko‘ra bank kartalari yoki avtomatik to‘lov tizimlaridan foydalanish miyadagi «og‘riq» markazlarini kamroq qo‘zg‘atadi va pul sarflashdagi stressni kamaytiradi.
Sarf-xarajatlar uchun aniq «Xavfsizlik chegarasi»ni belgilash
Psixologlar ziqna insonlarga pul sarflagandan keyin paydo bo‘ladigan aybdorlik hissini kamaytirish uchun qat’iy budjetlashtirishni tavsiya etadilar.
Oylik daromadingizning ma’lum bir qismini (masalan, 10–15%) faqat shaxsiy lazzatlar, sovg‘alar yoki ko‘ngilochar mashg‘ulotlar uchun ajrating. Mazkur pullarni ishlatish majburiy ekanini o‘zingizga singdiring – bu ichki tashvishlanish darajasini pasaytiradi.
Neyroplastiklik: ko‘ngillilik va xayriya bilan shug‘ullanish
Inson miyasi yangi odatlarni shakllantirish xususiyatiga (neyroplastiklik) ega. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, boshqalarga xolis yordam berish miyada dofamin va oksitotsin (baxt va bog‘liqlik gormonlari) ajralishini kuchaytiradi.
Har oy kichik bo‘lsa-da ma’lum mablag‘ni xayriyaga yo‘naltiring yoki biror yaqiningizga kutilmagan sovg‘a qiling. Sarflangan pul evaziga olingan ijobiy his-tuyg‘ular miyada «pul berish = baxt» degan yangi neyron zanjirini yaratadi.
Buyumlarga emas, taassurotlarga sarmoya kiritish
Kolumbiya universiteti olimlarining aniqlashicha, moddiy buyumlar (masalan, yangi kiyim yoki texnika) odamga qisqa muddatli quvonch beradi. Ammo sayohatlar, konsertlar, yangi bilimlar va teatr kabi taassurotlar (experiences) inson xotirasida uzoq vaqt saqlanib, umumiy hayotdan qoniqish darajasini oshiradi. Ziqnalikni yengish uchun pulni buyum yig‘ishga emas, hayotiy taassurotlarga sarflashni o‘rganing.
Ehtiyoj va istak o‘rtasidagi farqni anglash
Mashhur ruhshunos Avraam Maslouning ehtiyojlar piramidasiga ko‘ra, pul faqat bazaviy xavfsizlikni ta’minlash vositasidir. Ziqna insonlar pulni maqsadga aylantirib yuborishadi. Sarf-xarajat qilayotganda o‘zingizdan so‘rang: «Bu xarid mening hayotimni sifatliroq va qulayroq qiladimi?» Agar javob «ha» bo‘lsa, bu ziqnalik emas, balki o‘z sog‘lig‘i va hayotiga bo‘lgan sog‘lom sarmoyadir.
Narx va sarf terapiyasi
Ba’zida ziqna insonlar sifatsiz, ammo arzon mahsulotlarni sotib olib, yakunida ko‘proq zarar ko‘rishadi («Xasis ikki marta to‘laydi»).
Hayotingizda eng ko‘p foydalanadigan buyumlaringiz (masalan, poyabzal, matras, ish telefoni) uchun sifatlisini sotib olishni mashq qiling. Sifatli buyum uzoq vaqt xizmat qilishi va bu uzoq muddatli istiqbolda iqtisodiy jihatdan foydali ekanini ongli ravishda tahlil qiling.
Pulning «Vaqt qiymati»ni hisoblash
Iqtisodiyot va psixologiya tutashgan nuqtada pulning eng katta resursi – vaqtni tejash ekani aytiladi. Agar siz shaharning narigi chetidagi 5.000 so‘m arzonroq mahsulot uchun 2 soat vaqtingizni yo‘qotsangiz, bu iqtisodiy jihatdan mantiqsizdir. Vaqtingizni qadrlashni o‘rganing. Vaqtni tejaydigan xizmatlarga (taksi, yetkazib berish, tayyor sifatli xizmatlar) pul to‘lash orqali ziqnalik zanjirini uzing.
Pulga bo‘lgan munosabatni «yetishmovchilik»dan «to‘kinlik» psixologiyasiga o‘zgartirish
Ziqnalikning asosiy psixologik motori – «Pul tugab qoladi, dunyo xavfli» degan ichki qo‘rquvdir. Bu «yetishmovchilik tafakkuri» (Scarcity mindset) deb ataladi. Uning ziddi o‘laroq, «to‘kinlik tafakkuri» (Abundance mindset) pulning kelib-ketuvchi energiya ekanini, inson o‘z mehnati va bilimi bilan yana pul topa olishiga bo‘lgan ishonchni anglatadi. Siz malakangizni oshirishga va pul topish imkoniyatlaringizga ishoning.
Yaqinlar bilan ochiq muloqot
Ziqnalik oiladagi ajrashishlar va do‘stlardan uzoqlashishning asosiy sabablaridan biridir. Agar yaqinlaringiz sizning pulga haddan tashqari yopishib olganingizdan shikoyat qilishayotgan bo‘lsa, ularni tinglang. Oilaviy budjetni birgalikda rejalashtiring va ularning ehtiyojlari uchun pul ajratishni oilaviy majburiyat hamda muhabbat izhori sifatida qabul qiling.
Psixoterapevt bilan ishlash
Agar yuqoridagi qoidalarni mustaqil bajarish qiyin va pul yo‘qotish qo‘rquvi sizda kuchli stress, uyqusizlik yoki apatiya chaqirayotgan bo‘lsa, bu klinik kognitiv-xulq-atvor terapiyasi (CBT) uchun asos bo‘lishi mumkin. Mutaxassis pul bilan bog‘liq ichki fobiyalarni aniqlab, ularni sog‘lom fikrlash tarziga o‘zgartirishga yordam beradi.
Akbar Anvarov
Mahalliy
OTMlarda kontrakt to‘lash muddati uzaytirildi
2026/2027 o‘quv yili uchun oliy ta’lim tashkilotlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabulni rasmiylashtirish hamda kontrakt to‘lovlarini amalga oshirish muddati 15 oktyabrgacha uzaytirildi.
Yangi muddat bakalavriat va magistraturaga o‘qishga tavsiya etilgan abituriyentlar, o‘qishini ko‘chirgan yoki ko‘chirib tiklagan, shuningdek, o‘qishga qayta tiklangan talabalarga taalluqli.
Belgilangan muddatgacha bazaviy to‘lov-kontrakt bo‘yicha yillik summaning kamida 25 foizi to‘lanishi lozim.
Tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinayotganlar esa 15 oktyabrgacha yillik kontrakt qiymatining kamida 50 foizini to‘lashi kerak.
-
Jamiyat4 days ago
O‘zbekistonliklar ijtimoiy tarmoqlarda kuniga qancha vaqt o‘tkazyapti?
-
Mahalliy4 days ago
OTMlarda kontrakt to‘lash muddati uzaytirildi
-
Jamiyat5 days ago
Dala atrofidagi yo‘llar bo‘yiga «basketbol» uslubidagi chiqindi qutilari o‘rnatilmoqda
-
Iqtisodiyot3 days ago
Bir necha kun davomida ko‘tarilgan dollar yana pasaydi
-
Mahalliy2 days ago
Evrika! Olim faqat igna bilan quduq qazimaydi…
-
Jamiyat2 days ago
Dollar kursi ko‘tarildi, yevro ham oshdi
-
Mahalliy4 days ago
«Pul tugab qoladi, dunyo xavfli…» yoxud ziqnalikni bartaraf etuvchi 11 qoida
-
Iqtisodiyot2 days ago
O‘zbekistondagi elektromobillarning qariyb 72 foizi Toshkentda
