Iqtisodiyot
O‘zbekistonda valyutaga talab 44,3 mlrd dollarga yetdi
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–avgust oylarida yuridik va jismoniy shaxslarning chet el valyutasiga jami talabi 44,3 mlrd dollarni tashkil etgan.
Bu 2025-yilning mos davridagi 37,8 mlrd dollarga nisbatan 17,3 foizga ko‘p. Jami valyuta xaridining 34,7 mlrd dollari yuridik shaxslar, 9,6 mlrd dollari jismoniy shaxslar hisobiga to‘g‘ri kelgan.
Shu davrda chet el valyutasining jami taklifi ham oshgan. U 38,2 mlrd dollarga yetgan va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 25,5 foizga, ya’ni 7,8 mlrd dollarga ko‘paygan. Yanvar–avgust oylarida aholi tijorat banklariga qariyb 16,6 mlrd dollar miqdorida chet el valyutasini sotgan.
Yuridik shaxslar tomonidan sotilgan valyuta mablag‘lari esa 21,6 mlrd dollarni tashkil etgan. Shu tariqa, jami valyuta taklifining asosiy qismi yuridik va jismoniy shaxslar sotuvi hisobiga shakllangan.
Hisobot davrida talab va taklif o‘rtasida 6,1 mlrd dollarlik farq qayd etilgan. Talab 44,3 mlrd dollar, taklif esa 38,2 mlrd dollar bo‘lgan.
Yanvar–avgust oylarida valyuta ayirboshlash kursi 11 779–12 320 so‘m/AQSh dollari oralig‘ida tebrangan.
Hisobot davri yakunlariga ko‘ra, kurs 1,5 foizga oshgan. Valyuta ayirboshlash kursi tebranuvchanligi o‘rtacha 32,3 so‘mni yoki 0,27 foizni tashkil etgan. 2025-yilning yanvar–avgust oylarida mazkur ko‘rsatkich 32,4 so‘m yoki 0,26 foiz bo‘lgan.
Iqtisodiyot
Qoraqalpog‘istonda 7 mlrd dollarlik loyihalar qurilishiga start berildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi doirasida yangi loyihalarni ishga tushirish va qurilishiga start berish marosimida ishtirok etdi.
So‘nggi yillarda hududda tadbirkorlik va investitsiyalar uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish va aholi bandligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Xususan, 2016-yilda Qoraqalpog‘istonning yalpi hududiy mahsuloti 8,5 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yil boshiga kelib 54 trillion so‘mdan oshdi. Mahsulot ishlab chiqarishda xususiy sektorning ulushi 66 foizga yetdi. Faol tadbirkorlik subyektlari soni 2,5 barobar ko‘payib, 26,5 mingtani tashkil etdi.
So‘nggi to‘qqiz yilda yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish uchun Qoraqalpog‘istonga 5 milliard dollardan ziyod investitsiya kiritildi. Joriy yil yakuniga qadar xorijiy investitsiyalar hajmi 2,5 milliard dollarga yetishi kutilmoqda. Hududda faoliyat yuritayotgan xorijiy va qo‘shma korxonalar soni 2018-yilga nisbatan 2,2 barobar oshib, 271 tani tashkil etdi.
Marosim doirasida 592 million dollarlik 11 ta loyiha ishga tushirildi hamda xorijiy hamkorlar ishtirokida amalga oshiriladigan 7 milliard dollarlik 47 ta yangi loyiha qurilishiga start berildi. Ularning hisobiga 8 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi.
Xususan, Qorao‘zak tumanida umumiy quvvati 300 megavatt bo‘lgan ikkita shamol elektr stansiyasi va 100 megavattli elektr energiyasini saqlash tizimi ishga tushirildi.
Ishga tushirilgan obyektlar qatorida Nukus shahrida Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda barpo etilgan Shayx Xalifa nomidagi shifoxona bor. Qiymati 27 million dollar bo‘lgan 100 o‘rinli muassasa zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan. Bu yerda 80 ta ish o‘rni yaratildi. Qoraqalpog‘iston ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasi ham hududda tibbiy xizmat sifatini oshirish va mutaxassislar malakasini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Raqamli infratuzilmani rivojlantirish yo‘nalishida Taxiatosh tumanida “Linkwise” korxonasining 150 million dollarlik modulli intellektual hisoblash markazining birinchi bosqichi ishga tushirildi.
Nukus shahrida jamoat transportini yaxshilashga qaratilgan “SAPSAN TRANS NO‘KIS” korxonasining 20 million dollarlik loyihasi ham ish boshladi. 25 ta avtobus va elektrobus olib kelingan bo‘lib, yil yakuniga qadar qo‘shimcha 75 ta elektrobus keltiriladi. Loyihada 200 ta ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Qurilishi boshlanayotgan loyihalar energetika, raqamli iqtisodiyot, sanoat, transport, tibbiyot va xizmat ko‘rsatish sohalarini qamrab olgan.
Qo‘ng‘irot tumanida Saudiya Arabistonining “ACWA” kompaniyasi bilan hamkorlikda qiymati 2,6 milliard dollar bo‘lgan 1,5 gigavattli yirik shamol elektr stansiyasini qurish va yagona energetika tizimiga ulash ishlari faol bosqichga o‘tmoqda. Loyiha doirasida 1,5 ming kilometr yuqori kuchlanishli magistral elektr tarmog‘i tortiladi, 500 kilovoltli uchta podstansiya quriladi va yana ikkitasi modernizatsiya qilinadi.
Chimboy tumanida koreyalik investorlar bilan respublikada ilk bor qizilmiya ildizini qayta ishlash orqali yiliga 3 million kub metr biogaz ishlab chiqarish loyihasi boshlandi.
Transport infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda A-380 “G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu” avtomobil yo‘lining 92 kilometrlik qismida qurilish ishlari boshlandi. Loyiha qiymati 233 million dollarni tashkil etadi. Nukus shahri jamoat transporti uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda 112 ta elektrobus xarid qilish va depo tashkil etish loyihasi ham amalga oshiriladi.
Xitoylik hamkorlar bilan Qo‘ng‘irot va Taxiatosh tumanlarida umumiy qiymati 2 milliard 281 million dollar bo‘lgan raqamli valyuta ishlab chiqarish va sun’iy intellekt ma’lumotlar markazlarini tashkil etish loyihalari amalga oshirilmoqda. Taxtako‘pir tumanida ham ma’lumotlar markazi barpo etiladi. Nukus shahrida chiqindilarni termik qayta ishlash orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihasiga start berildi.
Qorao‘zak tumanidagi “Zengibobo” konida oltin qazib olish bo‘yicha 20 million dollarlik korxona barpo etiladi. Amudaryo tumanida esa 15 million dollarlik zamonaviy yirik savdo markazi tashkil qilinadi.
Ijtimoiy sohada hindistonlik hamkorlar bilan davlat-xususiy sheriklik asosida tibbiyot fanlari universiteti va yuqori texnologiyali tibbiy yordam ko‘rsatish shifoxonasi tashkil etilmoqda.
Turkiyalik hamkorlar ishtirokida Nukus shahridagi “Do‘stlik” kanali bo‘yida Toshkentdagi “Seul Mun” namunasi asosida 103 million dollarlik dam olish, ko‘ngilochar va savdo markazi barpo etiladi.
Marosimda xorijiy hamkorlar loyihalarni amalga oshirish va ishga tushirish muddatlari haqida axborot berdi. Viloyat hokimlari o‘zlariga biriktirilgan tumanlarda yangi ish o‘rinlari yaratish va kambag‘al oilalar daromadini oshirishga qaratilgan loyihalarini taqdim etdi.
Davlatimiz rahbari nuroniylar, olimlar va keng jamoatchilik vakillarini har bir loyiha ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishga chaqirdi. Bunday yondashuv oilalar farovonligini ta’minlash, yoshlar kelajagi va Orolbo‘yining mustahkam iqtisodiy poydevorini yaratishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etayotgan xorijlik hamkorlar va tadbirkorlarga minnatdorlik bildirdi.
Ramziy tugma bosilib, yangi obyektlar ishga tushirildi va qurilish ishlariga start berildi. Investorlar va hudud faollari bilan samimiy muloqot bo‘lib o‘tdi.
Shu yerning o‘zida Nukus shahrida yosh oilalar uchun barpo etiladigan “Yangi O‘zbekiston” turar joy massivining taqdimoti ham o‘tkazildi. Massiv uchun 270 gektar maydon belgilanib, loyiha hujjatlarini ishlab chiqish boshlangan. Bu yerda 30 ming aholiga mo‘ljallangan ko‘p qavatli uy-joylar, yirik biznes markazlari, savdo, xizmat ko‘rsatish va ko‘ngilochar obyektlar quriladi.
Iqtisodiyot
Nukusda ishlab chiqarilgan qurilish materiallari Qozog‘iston va Turkmanistonga eksport qilinadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Nukus shahridagi “Coals KS” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Loyihaning umumiy qiymati 16,3 million dollar. Korxonada gazoblok va ohak ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Gazoblok ishlab chiqarish uchun “Nukus” erkin iqtisodiy zonasida 4,8 gektar maydon ajratilgan.
Ohak ishlab chiqarish quvvatlari esa Qorao‘zak tumanidagi 4,8 gektar maydonda joylashgan.
Korxona yiliga 300 ming kub metr gazoblok va 165 ming tonna ohak ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu ichki bozorga zamonaviy qurilish materiallari yetkazib berish bilan birga eksportni yo‘lga qo‘yish imkonini ham beradi. Mahsulotlarni Qozog‘iston va Turkmanistonga eksport qilish rejalashtirilgan.
Ishlab chiqarishda foydalanilayotgan xomashyoning 96 foizi mahalliy manbalardan olinadi. Xususan, kvars qumi, sement va gips mamlakatimizdagi korxonalar tomonidan yetkazib berilmoqda. Bu mahsulot tannarxini pasaytirish va ta’minot barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
Korxonada tayyorlanayotgan gazobloklar yengilligi, issiqlikni saqlash va tovush izolyasiyasi xususiyatlari bilan ajralib turadi. Ular oddiy pishiq g‘ishtga nisbatan 3-4 barobar yengil bo‘lib, qurilish xarajatlarini kamaytirishga xizmat qiladi.
Bugungi kunda korxonada 200 nafar mahalliy aholi mehnat qilmoqda. Korxona tomonidan hozirgacha umumiy qiymati 200 million dollar bo‘lgan 5 ta yirik loyiha ishga tushirilgan. Yana 40 million dollarlik 4 ta yangi loyiha bo‘yicha qurilish ishlari davom etmoqda.
Davlatimiz rahbari ishlab chiqarish jarayonlari va mahsulotlar bilan tanishib, korxonaning istiqboldagi rejalari haqidagi axborotni tingladi. Ishchilar bilan samimiy muloqot qildi.
Mahsulot tannarxini pasaytirish bilan birga sifatini yuqori darajada saqlash, ishlab chiqarish hajmi va eksport imkoniyatlarini kengaytirish, xodimlar malakasini muntazam oshirib borish muhimligi ta’kidlandi. Korxona rahbariyati va soha mas’ullariga tegishli tavsiya va topshiriqlar berildi.
Iqtisodiyot
Toshkentda moliyaviy xizmatlar hajmi 75 trln so‘mdan oshdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonda 125,8 trln so‘mlik moliyaviy xizmatlar ko‘rsatilgan.
Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 24,5 foizga ko‘p. Moliyaviy xizmatlarning eng katta hajmi Toshkent shahri hisobiga to‘g‘ri kelgan. Poytaxtda bu ko‘rsatkich 75,1 trln so‘mni tashkil etgan. Bu ro‘yxatdagi viloyatlar orasidagi eng yuqori natijadan bir necha barobar ko‘p.
Farg‘ona viloyatida 6 trln so‘mlik moliyaviy xizmatlar ko‘rsatilgan. Toshkent viloyatida 5,7 trln so‘m, Andijonda 5,6 trln so‘m qayd etilgan.
Samarqandda xizmatlar hajmi 4,8 trln so‘m, Qashqadaryoda 4,1 trln so‘mni tashkil qilgan. Xorazmda 3,5 trln so‘mlik xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsa, Surxondaryoda ham bu ko‘rsatkich 3,5 trln so‘m bo‘lgan.
Buxoro viloyatida 3,4 trln so‘m, Namanganda 3,3 trln so‘mlik moliyaviy xizmatlar ko‘rsatilgan. Jizzaxda 3 trln so‘m, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2,9 trln so‘m qayd etilgan.
Navoiy viloyatida moliyaviy xizmatlar hajmi 2,8 trln so‘mga yetgan. Sirdaryoda esa 2 trln so‘mlik xizmat ko‘rsatilgan.
Iqtisodiyot
Dollar tinimsiz qimmatlab bormoqda
Dollar tinimsiz qimmatlab bormoqda
Source link
Iqtisodiyot
Ekspertlarning 51 foizi inflyasiya 2027–2028-yillarda 5 foizga tushishini prognoz qilmoqda
Avgust oyida moliya sohasi ekspertlarining kelgusi 12 oy uchun inflyasiya bo‘yicha kutilmalari 6,6 foizni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich iyul oyida ham 6,6 foiz bo‘lgan.
Kelgusi uch yil uchun inflyasion kutilmalar ham o‘zgarmadi — 5,2 foiz. Shu bilan birga, ushbu baholar 5 foizlik maqsadli ko‘rsatkichga yaqin darajada saqlanib qolgan.
So‘rovda qatnashgan ekspertlarning 51 foizi inflyasiyaning 5 foizlik maqsadiga 2027–2028-yillarda erishilishini kutmoqda. 2027-yilda maqsadga erishilishini kutganlar ulushi iyul oyidagi 20 foizdan avgustda 24 foizga oshgan.
Ekspertlarning 80 foizi kelgusi Markaziy bank boshqaruv yig‘ilishidan so‘ng asosiy stavka 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qolishini kutmoqda. Iyul oyida bunday fikrdagi ekspertlar ulushi 76 foiz edi.
Kelgusi 12 oydan so‘ng asosiy stavkaning 13,1 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Iyul oyida bu ko‘rsatkich 13 foiz darajasida baholangan.
Banklararo pul bozorida ham stavkalar bo‘yicha kutilmalar yuqorilagan. Ekspertlar kelgusi bir oyda 14 foiz, uch oyda 14,5 foiz, olti oyda 15 foiz va bir yilda 15,4 foiz atrofidagi stavkalarni kutmoqda.
Real YaIM o‘sishi bo‘yicha kutilmalar joriy yil uchun 6,9 foizga yetdi. Iyul oyida ekspertlar bu ko‘rsatkichni 6,7 foiz deb baholagan.
Kelgusi yil uchun real YaIM o‘sishi 6,6 foiz darajasida kutilmoqda. Bu ham iyul oyidagi 6,5 foizlik prognozdan yuqori.
Nominal ish haqi o‘sishi joriy yilda 13,5 foiz, kelgusi yilda 13,3 foiz bo‘lishi prognoz qilingan. Iyul oyida kelgusi yil uchun bu ko‘rsatkich 13,1 foiz darajasida baholangan.
-
Siyosat5 days ago
Shavkat Mirziyoyev Seuldagi Milliy yodgorlik majmuasiga bordi
-
Sport4 days agoButunjahon shaxmat olimpiadasi mash’alasi O‘zbekistonga keltiriladi
-
Mahalliy4 days ago
Toshkentda xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internati ochildi
-
Jamiyat4 days ago
Murojaatlar bilan ishlashdagi kamchiliklar uchun 151 nafar xodim lavozimidan ozod etildi
-
Siyosat4 days ago
Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston — Koreya biznes forumidagi asosiy fikrlari
-
Siyosat5 days ago
Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi prezidenti qarorgohida tantanali kutib olindi
-
Siyosat5 days ago
Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston va Koreya hamkorligiga bag‘ishlangan maqolasi e’lon qilindi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Nankin va Toshkent o‘rtasida yuk reyslari yo‘lga qo‘yilishi mumkin
