Jamiyat
O‘zbekistonda raqamli valyuta to‘lov vositasi sifatida sinab ko‘riladi
O‘zbekistonda HUMO barqaror tokenidan to‘lov vositasi sifatida foydalanish bo‘yicha pilot loyiha boshlanmoqda.
Loyiha Markaziy bank va Istiqbolli loyihalar milliy agentligi nazoratida amalga oshiriladi. Uning maqsadi raqamli to‘lovlarning yangi shaklini amaliyotda sinab ko‘rishdan iborat.
Loyiha doirasida 1 HUMO tokeni 1 so‘mga teng bo‘ladi. Tokenlar O‘zbekistonning davlat qimmatli qog‘ozlari bilan ta’minlanishi rejalashtirilgan.
HUMO tokeni orqali O‘zbekiston hududida tovarlar, ishlar va xizmatlar uchun to‘lov qilish imkoniyati sinovdan o‘tkaziladi. Shuningdek, tokenlarni chiqarish, muomalaga kiritish va muomaladan chiqarish mexanizmlari ham tekshiriladi.
Loyihani amalga oshirish uchun bank, protsessing va blokcheyn tizimlari o‘zaro integratsiya qilinadi. Unda «HUMO Digital» MChJ hamda kripto-depozitariy, kripto-birja va kripto-do‘kon litsenziyalariga ega «Asterium» AJ ishtirok etadi.
Pilot loyiha maxsus huquqiy rejim — «regulyator qumdoni» doirasida o‘tkaziladi. Bu yangi moliyaviy texnologiyalarni cheklangan va nazorat qilinadigan muhitda sinab ko‘rish imkonini beradi.
Sinov jarayonida tokenlarning yetarli darajada ta’minlangani, operatsiyalar shaffofligi, kiberxavfsizlik, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va moliyaviy xatarlarni boshqarish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
Markaziy bank loyihaning moliyaviy va narxlar barqarorligiga ta’sirini ham kuzatib boradi.
Pilot loyihaning dastlabki muddati 12 oy etib belgilangan. Zarur hollarda u uzaytirilishi mumkin, biroq umumiy muddat 3 yildan oshmaydi.
Loyiha yakunlariga ko‘ra, davlat qimmatli qog‘ozlari bilan ta’minlangan raqamli tokendan O‘zbekistonda to‘lov vositasi sifatida foydalanish imkoniyatlari va xatarlari baholanadi.
Jamiyat
2030 yilga qadar havoni ifloslantiruvchi moddalar miqdori 10,5 foizga kamaytiriladi
7 sentyabr kuni Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University)da “Xalqaro moviy osmon uchun toza havo kuni”ga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi maslahatchisi Alisher Salomov, Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchisi Kenji Xirata, UNEPning Yevropa mintaqaviy byurosi mintaqaviy direktori o‘rinbosari (onlayn) Xosseyn Fadaei, BMT Taraqqiyot dasturining doimiy vakili o‘rinbosari Anas Karman, «Zamin» xalqaro jamoat fondi direktori Aziz G‘aniyev, mahalliy va xorijlik mutaxassislar ishtirok etdi.
Tadbirda nutq so‘zlagan Alisher Salomov O‘zbekistonda Prezident rahbarligida atrof-muhitni muhofaza qilish sog‘liqni saqlash, sanoat, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi va iqlim siyosatini o‘zaro bog‘lovchi, davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanganligini qayd etdi. U 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan “Toza havo” umummilliy loyihasini misol qilib keltirdi.
“Bizning milliy maqsadimiz — 2030 yilga qadar atmosfera havosiga chiqariladigan ifloslantiruvchi moddalar miqdorini 10,5 foizga kamaytirish. Mazkur maqsad aholi salomatligini yaxshilash, shaharlarimizni yashash uchun yanada qulay qilish, sanoatni tozalash va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga bo‘lgan qat’iy majburiyatimizni ifodalaydi”, — dedi Alisher Salomov.
Rais maslahatchisi o‘z nutqida mintaqada havo sifati bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Xalqaro toza havo konsorsiumini tashkil etish tashabbusi ilgari surilganligini va ushbu tashabbus Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanganligini alohida ta’kidladi. O‘z navbatida samarali hamkorlik uchun Yaponiya hukumatiga, BMT Taraqqiyot dasturiga (UNDP), BMT Atrof-muhit dasturiga (UNEP), Finlyandiya meteorologiya institutiga, «Zamin» fondiga hamda barcha hamkorlarga samimiy minnatdorlik bildirdi.
«Zamin» xalqaro jamoat fondi direktori Aziz G‘aniyev “Toza havo” umummilliy loyihasi shunchaki monitoring stansiyalarini o‘rnatishdan ko‘ra ancha kengroq ma’noga ega ekanligini aytib o‘tdi.
“2020 yilda havo sifatini monitoring qilish tizimini kuchaytirish maqsadida boshlangan tashabbus bugungi kunga kelib, hukumat, ekspertlar, olimlar va xalqaro hamkorlar uchun ishonchli havo sifati ma’lumotlarini yanada ochiq, qulay va amaliy foydalanish imkonini beruvchi keng qamrovli milliy tizimga aylandi. Bu esa, pirovardida, O‘zbekiston aholisi uchun yanada toza havo va sog‘lom atrof-muhitni ta’minlashga xizmat qiladigan mustahkam zamin yaratmoqda”, — dedi u.
Tadbir davomida O‘zbekistonda havo sifatini monitoring qilish tizimi rivojiga bag‘ishlangan videorolik taqdim etildi. Shuningdek, mahalliy va xorijlik mutaxassislar tomonidan O‘zbekistonda havo sifatini monitoring qilish tizimini rivojlantirish, havo ifloslanishining iqtisodiy va ekologik ta’siri, monitoring ma’lumotlaridan samarali foydalanish, shuningdek, transchegaraviy havo ifloslanishi va chang bo‘ronlari bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish hamda havo sifatini yaxshilash kabi dolzarb mavzularda ma’ruzalar qilindi.
Xususan, Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti direktori Doniyor Turg‘unov “O‘zbekistonning toza havoni ta’minlash borasidagi taraqqiyoti: besh yillik tizimli o‘zgarishlar”, UNEPning mintaqaviy koordinatori Tomas Markes O‘zbekistonda toza havoni ta’minlashda UNEPning ahamiyati, FMI havo sifati va energetika guruhi rahbari Katya Loven “Havo sifatini zamonaviy monitoring qilish: ma’lumotlardan samarali yechimlargacha”, BMT Taraqqiyot dasturining atrof-muhit va loyihalar bo‘yicha mutaxassisi Gavhar Qudaybergenova “Toza havoni ta’minlash va barqaror shahar rivoji uchun kompleks yechimlar”, BMT YIKning Uzoq masofalarga transchegaraviy havo ifloslanishi to‘g‘risidagi konvensiyasi kotibi Albena Karadjova “Chegarasiz toza havo: xalqaro va mintaqaviy hamkorlik”, Ekologiya milliy qo‘mitasi bosh mutaxassisi Aziza Sharofova esa “O‘zbekistonning chora-tadbirlari va havo sifatini yaxshilash rejalari” mavzulariga e’tibor qaratdi.
Tadbir davlat tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar va ekspertlarni bir joyga jamlab, O‘zbekistonning havo sifatini monitoring qilish borasidagi yutuqlari va kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qilish imkonini yaratdi. Unda havo sifatini monitoring qilish va ifloslanishning iqtisodiy ta’sirini baholashdan tortib, amaliy choralar hamda xalqaro va mintaqaviy hamkorlik masalalarigacha bo‘lgan mavzular ko‘rib chiqildi. Transchegaraviy havo ifloslanishi, chang bo‘ronlari va xalqaro hamkorlik mexanizmlaridan foydalanish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda havo sifatini monitoring qilish tarmog‘i va «Ekonazorat» platformasi kengaytirilmoqda. «Zamin» fondi ko‘magida 28 ta avtomatik havo monitoringi stansiyasi HORIBA (Yaponiya, Germaniya) kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan. Mazkur tizimni respublika bo‘ylab yanada kengaytirish maqsadida 347 ta kichik avtomatlashtirilgan havo sifati monitoring stansiyasini ishga tushirish rejalashtirilgan. Ushbu stansiyalardan olinadigan ma’lumotlar Qo‘mitaning yagona axborot tizimiga integratsiya qilinadi. Bu hududlarni qamrab olish ko‘lamini kengaytirish, ifloslanish holatini yanada aniq baholash va dalillarga asoslangan qarorlar qabul qilish imkonini beradi.
Jamiyat
Hokim yordamchilarining 9 ta asosiy vazifasi belgilab berildi
Hokim yordamchilarining asosiy vazifalarini belgilab beruvchi yo‘riqnoma tasdiqlandi. Unda aholi bandligini ta’minlashdan tortib, mahalla ixtisoslashuvini rivojlantirish va norasmiy bandlikni qisqartirishgacha bo‘lgan yo‘nalishlar qamrab olingan.
Yo‘riqnomaga ko‘ra, hokim yordamchilari har chorakda ishsizlar va daromadini oshirish istagida bo‘lgan fuqarolar haqida ma’lumot shakllantiradi. Shuningdek, mahalladagi ish beruvchilar va bo‘sh ish o‘rinlari ro‘yxatini tuzib, ishsizlarni mavjud vakansiyalarga yo‘naltiradi hamda ularning keyingi bandlik holatini kuzatib boradi.
Aholini kasb-hunar va xorijiy tillarga o‘qitish ham hokim yordamchilarining vazifalaridan biri bo‘ladi. Ular o‘qish istagidagi fuqarolarni aniqlab, kasbiy ta’lim tashkilotlariga yo‘naltiradi va o‘qishni tamomlaganlarning bandligini ta’minlash choralarini ko‘radi.
Kambag‘al oilalar uchun esa oilaning imkoniyati, ko‘nikmasi va qiziqishidan kelib chiqqan holda individual reja ishlab chiqiladi. Unga muvofiq barqaror bandlik xizmatlari ko‘rsatiladi va oila daromadining o‘sishi doimiy monitoring qilinadi.
Hokim yordamchilari mahallalarda mikroloyihalar tashabbuskorlarini aniqlash, ularni moliyalashtirish va ishga tushirish, shuningdek, loyihalar faoliyatini kuzatib borish bilan ham shug‘ullanadi. Mahallaning iqtisodiy salohiyati va resurslaridan kelib chiqib, «o‘sish nuqtalari» aniqlanadi va har yili ikki marta mahalla ixtisoslashuvi yo‘nalishi belgilab boriladi.
Tomorqa va ijara yerlaridan samarali foydalanish bo‘yicha «Bir kontur — bir mahsulot» va «Bir mahalla — bir mahsulot» tamoyillari asosida mahsulot yetishtirish tashkil etiladi. Tomorqa egalari va dehqonlarni o‘qitish, kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish, subsidiya va grantlar ajratishga ko‘maklashish ham nazarda tutilgan. Tomorqa va ijara yerlari yiliga uch marta xatlovdan o‘tkaziladi.
Bundan tashqari, hokim yordamchilari mahalladagi bo‘sh bino va yer uchastkalarini aniqlab, ularni elektron savdoga chiqarishga ko‘maklashadi. Quyosh panellari, geliokollektor va nasos kabi energiya samarador qurilmalarni o‘rnatish istagidagi fuqarolar bilan ishlash ham ularning vazifasiga kiradi.
Yo‘riqnomada norasmiy bandlikni qisqartirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Hokim yordamchilari norasmiy ishlayotgan fuqarolar va tadbirkorlarni aniqlab, ular haqidagi ma’lumotlarni «Onlayn mahalla» platformasiga kiritadi hamda faoliyatini rasmiylashtirishga ko‘maklashadi.
Jamiyat
O‘zbekistonning inklyuziv loyihasi Yevropa mukofoti finaliga chiqdi
O‘zbekistonning inklyuziv loyihasi Yevropa ijtimoiy xizmatlar sohasidagi nufuzli mukofot finalistlari qatorida
«Zamin» fondi ko‘magida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan amalga oshirilayotgan Xalqaro inklyuziv xab loyihasi Yevropa ijtimoiy xizmatlar sohasidagi eng nufuzli platformalardan biri — European Social Services Awards 2026 mukofotining short-listiga kirdi.
Joriy yilda mukofotning 10 ta nominatsiyasi bo‘yicha qariyb 200 ta loyiha taqdim etilgan. Xalqaro inklyuziv xab «Nogironligi bo‘lgan insonlar uchun ijtimoiy xizmatlarning inklyuzivligi va qulayligi» nominatsiyasida finalchilar qatoridan joy oldi.
Ekspertlar loyihaning nogironligi bo‘lgan insonlar uchun kasbiy ta’lim olishdan tortib, mehnat bozoriga kirish va mustaqil hayot kechirishgacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab oluvchi yaxlit modelini alohida e’tirof etgan.
Xalqaro inklyuziv xab modeli insonning faqat muayyan ijtimoiy xizmatdan foydalanishini emas, balki uning ta’lim olishi, kasb egallashi, ishga joylashishi va jamiyatda mustaqil hayot kechirishi uchun zarur sharoitlarni yagona tizimga birlashtirishga qaratilgan.
Endi loyihani mukofotning keyingi bosqichi — oktyabr oyida o‘tkaziladigan ochiq ovoz berish jarayoni kutmoqda.
European Social Services Awards 2026 g‘oliblari 19–20-noyabr kunlari Italiyaning Rim shahrida bo‘lib o‘tadigan tadbirda e’lon qilinadi.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan inklyuziv loyihaning Yevropa miqyosidagi nufuzli mukofot finalchilari qatoriga kirishi mamlakatda nogironligi bo‘lgan insonlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning jamiyatda to‘laqonli ishtirokini ta’minlash borasidagi yondashuvlar xalqaro maydonda ham e’tirof etilayotganini ko‘rsatadi.
Jamiyat
Turkiyadagi o‘zbekistonlik kelin voqeasiga aniqlik kiritildi
Turkiyadagi o‘zbekistonlik kelin voqeasiga aniqlik kiritildi
Source link
Jamiyat
Sudyalikka nomzodlar uchun yosh senzi 30 yoshga tushirilishi mumkin
Qonunchilik palatasi majlisida «Sudyalarning maqomi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Loyiha sudyalarning maqomini alohida qonun bilan belgilash va sud hokimiyati mustaqilligini yanada mustahkamlashga qaratilgan.
Hujjatga ko‘ra, sudyalik lavozimiga nomzodlar uchun ayrim talablarni qayta ko‘rib chiqish taklif etilmoqda. Jumladan, sudya va xalq maslahatchilari uchun yosh senzini 35 yoshdan 30 yoshga tushirish nazarda tutilgan.
Shuningdek, sudyani dastlab 5 yil muddatga, keyin esa muddatsiz davrga tayinlash tartibini joriy etish rejalashtirilmoqda. Sudya, sud raisi va rais o‘rinbosari lavozimlariga qo‘yiladigan talablar ham kuchaytirilishi ko‘zda tutilgan.
Loyihada sudyalar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilishga oid normalar ham belgilanmoqda.
Bundan tashqari, milliy qonunchilikka «iste’fodagi sudya» instituti kiritilishi taklif etilgan. Iste’fodagi sudyalarga professional mediator sifatida faoliyat yuritish huquqi berilishi mumkin.
Majlis yakunida qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilinib, deputatlarning taklif va tavsiyalari asosida ikkinchi o‘qishga tayyorlanishi belgilandi.
-
Iqtisodiyot5 days ago
Bojxona sohasida tadbirkorlar uchun bir qator yengilliklar joriy etiladi
-
Siyosat4 days ago
Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Serbiyaga boradi
-
Jamiyat3 days ago
Toshkentda yana bir BRT yo‘lagi foydalanishga topshirildi
-
Jamiyat2 days ago
Prezidentning xususiylashtirishga oid farmoni e’lon qilindi
-
Jamiyat2 days ago
Sudyalikka nomzodlar uchun yosh senzi 30 yoshga tushirilishi mumkin
-
Sport2 days ago
Husan Botirov Biatlon federatsiyasi raisi etib saylandi
-
Iqtisodiyot2 days agoDollar qimmatladi, yevroda ham ko‘tarilish kuzatildi
-
Siyosat1 day ago
O‘zbekiston hukumati Suriyaga yangi elchisini jo‘natdi
