Connect with us

Mahalliy

O‘zbekistonda doktoranturaga qabullar soni ortmoqda

Published

on


2025-yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonda tayanch doktoranturaga ega tashkilotlar soni 165 taga yetdi. Bu 2024-yilga nisbatan 19 taga yoki 13 foizga ko‘pdir. Shu bilan birga, tayanch doktoranturaga qabul qilinganlar soni 4 ming 159 nafarni tashkil etib, bir yilda 324 nafarga oshdi.

Yil oxiriga kelib tayanch doktoranturada tahsil olayotganlar soni 8 ming 326 nafarga yetdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 334 nafarga yoki 4,2 foizga ko‘pdir. Tayanch doktoranturani bitirganlar soni ham o‘sib, 2 ming 256 nafarni tashkil qildi. Bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 22 nafarga yuqori bo‘ldi.

Hududlar kesimida tayanch doktoranturaga ega tashkilotlar eng ko‘p Toshkent shahrida — 84 ta, Toshkent viloyatida — 17 ta va Samarqand viloyatida — 14 ta qayd etildi. Eng kam ko‘rsatkich Jizzax hamda Sirdaryo viloyatlarida kuzatildi.

Tayanch doktoranturaga qabul bo‘yicha ham Toshkent shahri yetakchilik qildi. Poytaxtda 1 ming 682 nafar doktorant qabul qilingan bo‘lsa, Samarqand viloyatida bu ko‘rsatkich 386 nafarni, Namangan viloyatida esa 330 nafarni tashkil etdi.

Yil yakuniga ko‘ra, tayanch doktoranturada tahsil olayotganlar soni bo‘yicha Toshkent shahri 2 ming 842 nafar bilan birinchi o‘rinni egalladi. Keyingi o‘rinlarda Buxoro viloyati — 831 nafar va Samarqand viloyati — 825 nafar bilan qayd etildi.

Tayanch doktoranturani bitirganlar soni bo‘yicha ham Toshkent shahri yetakchi bo‘lib, 772 nafar bitiruvchiga ega bo‘ldi. Samarqand viloyatida 295 nafar, Namanganda esa 217 nafar doktorant o‘qishni yakunladi.

2025-yilda doktoranturaga ega tashkilotlar soni 124 taga yetdi. Bu bir yilda 24 foizga oshgan. Doktoranturaga qabul qilinganlar soni 604 nafarni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 23,3 foizga ko‘paydi. Yil yakuniga kelib doktorantlar soni 1 ming 309 nafarga yetgan bo‘lsa, bitiruvchilar soni aksincha 252 nafarni tashkil etib, 3,8 foizga kamaydi.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Mahalliy

«Pul tugab qoladi, dunyo xavfli…» yoxud ziqnalikni bartaraf etuvchi 11 qoida

Published

on


Ziqnalik (yoki psixologiyada: patologik xasislik) – bu shunchaki pul sarflashni xohlamaslik emas, balki inson ruhiyati, xavfsizlikka bo‘lgan ehtiyoji va miya faoliyati bilan bog‘liq murakkab psixologik holatdir. Ilmiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, ziqnalik odatda kelajakdan qo‘rqish, boshqalarga ishonmaslik va ichki depressiv holatlar bilan chambarchas bog‘liq.

Quyida insonni ichki erkinlikdan mahrum qiluvchi va ijtimoiy munosabatlariga putur yetkazuvchi ziqnalikni bartaraf etishning ilmiy asoslangan 11 ta muhim qoidasi keltirilgan. Ularni yaxshilab o‘qing va amalda qo‘llang.

Tan olish va ildizini izlash

Ilmiy tadqiqotlarga ko‘ra, har qanday psixologik muammoni hal qilish uni tan olishdan boshlanadi. Ziqnalikning ildizi ko‘pincha bolalikdagi moddiy yetishmovchiliklar yoki oiladagi pul bilan bog‘liq stresslarga borib taqaladi. O‘zingizga savol bering: «Men pul yo‘qotishdan qo‘rqyapmanmi yoki pulsiz qolsam qadrsizlanib qolishdanmi?»

Sababni tushunish insonga o‘z ustida ishlash uchun ongli yo‘l ochadi.

«Xarid qilishdagi og‘riq» (Pain of Paying) fenomenini boshqarish

Neyrobiologlarning MIT va Karnegi Mellon universitetlari tadqiqotlarida aniqlashicha, inson naqd pul to‘layotganida miyaning jismoniy og‘riqni his qiluvchi qismi (insula) faollashadi. Ziqna insonlarda bu og‘riq hissi juda yuqori bo‘ladi.

Naqd puldan ko‘ra bank kartalari yoki avtomatik to‘lov tizimlaridan foydalanish miyadagi «og‘riq» markazlarini kamroq qo‘zg‘atadi va pul sarflashdagi stressni kamaytiradi.

Sarf-xarajatlar uchun aniq «Xavfsizlik chegarasi»ni belgilash

Psixologlar ziqna insonlarga pul sarflagandan keyin paydo bo‘ladigan aybdorlik hissini kamaytirish uchun qat’iy budjetlashtirishni tavsiya etadilar.

Oylik daromadingizning ma’lum bir qismini (masalan, 10–15%) faqat shaxsiy lazzatlar, sovg‘alar yoki ko‘ngilochar mashg‘ulotlar uchun ajrating. Mazkur pullarni ishlatish majburiy ekanini o‘zingizga singdiring – bu ichki tashvishlanish darajasini pasaytiradi.

 

Neyroplastiklik: ko‘ngillilik va xayriya bilan shug‘ullanish

Inson miyasi yangi odatlarni shakllantirish xususiyatiga (neyroplastiklik) ega. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, boshqalarga xolis yordam berish miyada dofamin va oksitotsin (baxt va bog‘liqlik gormonlari) ajralishini kuchaytiradi.

Har oy kichik bo‘lsa-da ma’lum mablag‘ni xayriyaga yo‘naltiring yoki biror yaqiningizga kutilmagan sovg‘a qiling. Sarflangan pul evaziga olingan ijobiy his-tuyg‘ular miyada «pul berish = baxt» degan yangi neyron zanjirini yaratadi.

Buyumlarga emas, taassurotlarga sarmoya kiritish

Kolumbiya universiteti olimlarining aniqlashicha, moddiy buyumlar (masalan, yangi kiyim yoki texnika) odamga qisqa muddatli quvonch beradi. Ammo sayohatlar, konsertlar, yangi bilimlar va teatr kabi taassurotlar (experiences) inson xotirasida uzoq vaqt saqlanib, umumiy hayotdan qoniqish darajasini oshiradi. Ziqnalikni yengish uchun pulni buyum yig‘ishga emas, hayotiy taassurotlarga sarflashni o‘rganing.

Ehtiyoj va istak o‘rtasidagi farqni anglash

Mashhur ruhshunos Avraam Maslouning ehtiyojlar piramidasiga ko‘ra, pul faqat bazaviy xavfsizlikni ta’minlash vositasidir. Ziqna insonlar pulni maqsadga aylantirib yuborishadi. Sarf-xarajat qilayotganda o‘zingizdan so‘rang: «Bu xarid mening hayotimni sifatliroq va qulayroq qiladimi?» Agar javob «ha» bo‘lsa, bu ziqnalik emas, balki o‘z sog‘lig‘i va hayotiga bo‘lgan sog‘lom sarmoyadir.

Narx va sarf terapiyasi

Ba’zida ziqna insonlar sifatsiz, ammo arzon mahsulotlarni sotib olib, yakunida ko‘proq zarar ko‘rishadi («Xasis ikki marta to‘laydi»).

Hayotingizda eng ko‘p foydalanadigan buyumlaringiz (masalan, poyabzal, matras, ish telefoni) uchun sifatlisini sotib olishni mashq qiling. Sifatli buyum uzoq vaqt xizmat qilishi va bu uzoq muddatli istiqbolda iqtisodiy jihatdan foydali ekanini ongli ravishda tahlil qiling.

Pulning «Vaqt qiymati»ni hisoblash

Iqtisodiyot va psixologiya tutashgan nuqtada pulning eng katta resursi – vaqtni tejash ekani aytiladi. Agar siz shaharning narigi chetidagi 5.000 so‘m arzonroq mahsulot uchun 2 soat vaqtingizni yo‘qotsangiz, bu iqtisodiy jihatdan mantiqsizdir. Vaqtingizni qadrlashni o‘rganing. Vaqtni tejaydigan xizmatlarga (taksi, yetkazib berish, tayyor sifatli xizmatlar) pul to‘lash orqali ziqnalik zanjirini uzing.

 Pulga bo‘lgan munosabatni «yetishmovchilik»dan «to‘kinlik» psixologiyasiga o‘zgartirish

Ziqnalikning asosiy psixologik motori – «Pul tugab qoladi, dunyo xavfli» degan ichki qo‘rquvdir. Bu «yetishmovchilik tafakkuri» (Scarcity mindset) deb ataladi. Uning ziddi o‘laroq, «to‘kinlik tafakkuri» (Abundance mindset) pulning kelib-ketuvchi energiya ekanini, inson o‘z mehnati va bilimi bilan yana pul topa olishiga bo‘lgan ishonchni anglatadi. Siz malakangizni oshirishga va pul topish imkoniyatlaringizga ishoning.

Yaqinlar bilan ochiq muloqot

Ziqnalik oiladagi ajrashishlar va do‘stlardan uzoqlashishning asosiy sabablaridan biridir. Agar yaqinlaringiz sizning pulga haddan tashqari yopishib olganingizdan shikoyat qilishayotgan bo‘lsa, ularni tinglang. Oilaviy budjetni birgalikda rejalashtiring va ularning ehtiyojlari uchun pul ajratishni oilaviy majburiyat hamda muhabbat izhori sifatida qabul qiling.

Psixoterapevt bilan ishlash

Agar yuqoridagi qoidalarni mustaqil bajarish qiyin va pul yo‘qotish qo‘rquvi sizda kuchli stress, uyqusizlik yoki apatiya chaqirayotgan bo‘lsa, bu klinik kognitiv-xulq-atvor terapiyasi (CBT) uchun asos bo‘lishi mumkin. Mutaxassis pul bilan bog‘liq ichki fobiyalarni aniqlab, ularni sog‘lom fikrlash tarziga o‘zgartirishga yordam beradi.

Akbar Anvarov



Source link

Continue Reading

Mahalliy

OTMlarda kontrakt to‘lash muddati uzaytirildi

Published

on


2026/2027 o‘quv yili uchun oliy ta’lim tashkilotlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabulni rasmiylashtirish hamda kontrakt to‘lovlarini amalga oshirish muddati 15 oktyabrgacha uzaytirildi.

Yangi muddat bakalavriat va magistraturaga o‘qishga tavsiya etilgan abituriyentlar, o‘qishini ko‘chirgan yoki ko‘chirib tiklagan, shuningdek, o‘qishga qayta tiklangan talabalarga taalluqli.

Belgilangan muddatgacha bazaviy to‘lov-kontrakt bo‘yicha yillik summaning kamida 25 foizi to‘lanishi lozim.

Tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinayotganlar esa 15 oktyabrgacha yillik kontrakt qiymatining kamida 50 foizini to‘lashi kerak.



Source link

Continue Reading

Mahalliy

Pedagoglarning farzandlari kontraktni 30 foiz kamroq to‘lashi mumkin bo‘ladi

Published

on


Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 17-sentyabrdagi 501-son qarori bilan pedagoglarning farzandlari uchun davlat oliy ta’lim tashkilotlaridagi to‘lov-kontrakt summasiga chegirma berish tartibi tasdiqlandi.

2026/2027-o‘quv yilidan boshlab davlat oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga kirgan va tahsil olayotgan pedagoglar farzandlarining to‘lov-kontrakt summasiga 30 foiz miqdorida chegirma beriladi.

Imtiyoz davlat oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriat bosqichida kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiyotgan pedagoglar farzandlariga tatbiq etiladi. Agar pedagogning bir nechta farzandi davlat OTMlarida kontrakt asosida tahsil olayotgan bo‘lsa, chegirma har bir farzand uchun alohida qo‘llaniladi.

Chegirma oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotganlarga berilmaydi. O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va ularning filiallari talabalari ham ushbu imtiyozdan foydalana olmaydi.

Qo‘shimcha va tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotganlar, xorijiy hamkor OTMlarning qo‘shma ta’lim dasturlari va fakultetlari talabalariga ham chegirma qo‘llanilmaydi.

Shuningdek, nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan pedagog farzandlari uchun mazkur imtiyoz nazarda tutilmagan.

Pedagogning farzandi to‘lov-kontrakt shartnomasini olish uchun «kontrakt.edu.uz» tizimi orqali ariza yuboradi. Ariza mas’ul tashkilot tomonidan ikki ish kuni mobaynida ko‘rib chiqiladi.

Arizani ko‘rib chiqish jarayonida talabaning pedagog farzandi ekanligi «Raqamli hukumat» tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali tasdiqlansa, chegirma avtomatik tarzda qo‘llaniladi.

Mazkur chegirma bir o‘quv yili uchun bir marta beriladi. Pedagogning ota yoki onasi pedagog toifasidan chiqarilgan taqdirda, keyingi o‘quv yilidan boshlab chegirma qo‘llash to‘xtatiladi.



Source link

Continue Reading

Mahalliy

Nima uchun eski buyumlardan voz kechish qiyin?

Published

on


Issiq kunlar chekinib, havo salqinlashgan sayin odatlar ham o‘zgaradi. Kun qisqaradi, tomorqadagi yumushlar ozayadi, kun bo‘yi eshik oldida turgan ketmon, belkurak va chelaklar o‘z joyiga qaytariladi. Ko‘p qavatli uyda yashaydiganlar ham endi ko‘chaga kamroq chiqa boshlaydi. Shunda siz uyingizda ortiqcha narsalar ko‘payganini sezasiz.

Va yana fasl almashishi bilan barchamiz shkaflar va javonlarni ko‘zdan kechiramiz. Kiyilmaydigan kiyimlar, ishlatilmaydigan idishlar, yillar davomida «bir kun kerak bo‘lib qolar» degan umidda saqlanayotgan buyumlar…

Bularning hammasi senga hali ham kerakmi?

Uyda tartib o‘rnatish bo‘yicha bir necha kitob yozgan yaponiyalik yozuvchi Mari Kondo aynan shu savolni o‘rtaga tashlaydi. Uning falsafasida uyni tartibga keltirish shunchaki buyumlarni saralash emas. U har bir narsani qo‘lga olib, «Bu menga quvonch bag‘ishlaydimi?» deb so‘rashni taklif qiladi.

Savol oddiydek ko‘rinadi, ammo javob berish juda qiyin. Chunki biz buyumlarni shunchaki buyum bo‘lgani uchun saqlamaymiz. Masalan bir ko‘ylagingiz bor, uch yildan beri unutilgan, lekin qizingizning to‘yida kiyilgani uchun o‘sha kunni eslatib turadi. Darz ketgan idish-chi, ha u onangizdan yodgorlik, dastasi qimirlab qolgan chovgum u buvingizni eslatadi, anavi rangi uringan sumkani tutgingiz kelmaydi, ammo u birinchi maoshga olingan, bularning hech birini  tashlashga ko‘z qiymaydi.

Shunday qilib, uyimizda buyumlar emas, o‘tmishimizning mayda parchalari yig‘ilib boradi. Biz ularni tashlashdan qo‘rqamiz. Go‘yo buyumni chiqarib yuborsak, u bilan bog‘liq xotira ham yo‘qolib ketadigandek.

Aslida-chi?  

Ehtimol, shuning uchun ham uyni tartibga keltirish ba’zan kutilganidan og‘ir kechadi. «Bir kun kerak bo‘lib qolar» degan ehtiyotkorlik buyumlar bilan xayrlasha olmaslikning eng qulay niqobiga aylanadi.

Buyum arzimas bo‘lishi mumkin, ammo unga bog‘langan ma’no arzimas emasdek… Shuning uchun uyni bir kunda tubdan o‘zgartirishga urinish shart emas. Avval bitta tokchadagi narsalarga razm solishning o‘zi yetarli. Kiyimlarni, kitoblarni, mayda-chuydalarni bir joyga to‘plab ko‘rish ham qiziq tajriba, odam qancha narsasi borligini emas, qancha ortiqcha yukni saqlab yurganini anglaydi.

Mari Kondo buyumlar bilan xayrlashayotganda ularga minnatdorchilik bildirish kerakligini aytadi. Bu kimgadir ortiqcha marosimdek tuyuladi, ammo ortida oddiy haqiqat bor: sizdan ketayotgan narsa hayotingizda bir vaqtlar kerak bo‘lgan. Uni qo‘yib yuborish o‘sha davrni inkor qilish degani emas. «Sen o‘z vazifangni bajarding» deb qo‘yishning o‘zi kifoya.

Yana bir gap. Biz uyda bo‘sh joy qoldirishdan qo‘rqamiz. Bo‘sh tokcha, bo‘sh devor yoki burchak xuddi «nimadir yetishmayapti» deganday tuyulaveradi. Shunga darhol uni to‘ldirishga shoshilamiz. Go‘yo uy to‘la bo‘lsagina hayot ham to‘kisdek.

Aslida esa ba’zan insonga yana bir buyum emas, bir oz bo‘shliq kerak bo‘ladi. Kreslo yonidagi ochiq joy, kitob qo‘yilmagan tokcha, hech narsa turmaydigan stol… Faqat siz o‘tirib, bemalol nafas oladigan joy. Ehtimol, uydagi eng qimmat narsa aynan shu egallanmagan hudud.

Kuz shuning uchun ham go‘zal fasl. Daraxtlar bargini to‘kadi va buni yo‘qotish emas, fasl almashinishi deb qabul qiladi. Inson esa ko‘pincha voz kechishni yo‘qotish deb biladi, biz ham kuz bargini to‘kkandek eski narsalardan qutilsak, ehtimol yangi buyumlarga yo‘l ochilar…

Balki biz kuzdan har bir narsani abadiy ushlab turish shart emasligini o‘rganarmiz…  

Bugun bitta javonni ochib ko‘ring. Undagi har bir narsani qo‘lingizga oling-da, o‘zingizdan so‘rang: «Men buni hali ham xohlab saqlayapmanmi yoki shunchaki tashlashga qo‘rqyapmanmi?»

Javob, ehtimol, buyum haqida emas… Sizning hozirgi hayotingiz, bugungi kuningiz haqida bo‘ladi.



Source link

Continue Reading

Mahalliy

Toshkentda o‘quvchilar davomatini nazorat qiluvchi SI tizimi ish boshladi

Published

on


Toshkentda o‘quvchilar davomatini nazorat qiluvchi SI Davomat tizimini joriy etish boshlandi. Tizim smart kameralar va Face ID texnologiyasi yordamida o‘quvchilarning darslarda ishtirokini qayd etadi.

Ayni paytda tizim Sergeli tumanidagi 26 ta maktabda sinovdan o‘tkazilmoqda. Ushbu maktablarga jami 446 ta smart kamera o‘rnatilgan. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi xabar berdi. 

Tajriba natijalariga ko‘ra, tizimni poytaxtdagi boshqa umumta’lim maktablarida ham bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilgan.

Tizimning ishlash mexanizmlari 17-sentyabr kuni Toshkent shahar hokimligining Vaziyatlar markazida muhokama qilindi. O‘quvchi uzrli sababsiz dars qoldirgan taqdirda, uning ota-onasiga SMS-xabarnoma yuboriladi. Bu haqdagi ma’lumot avtomatik ravishda maktab direktori, profilaktika inspektori, Milliy gvardiya xodimi va mahalla vakillariga ham yetkaziladi.

SI Davomat tizimi ERP Maktab hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining DMED tizimlari bilan integratsiya qilingan. Qayd etilishicha, bu kasalligi sababli darsga kelmagan o‘quvchilarni uzrli sababsiz dars qoldirganlardan ajratish imkonini beradi. Tizim ma’lumotlari asosida maktablarni davomat ko‘rsatkichlariga qarab «yashil», «sariq» va «qizil» toifalarga ajratish rejalashtirilgan.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.