Sport
JCh tarixida ilk marta qizil kartochka o‘yindan keyin bekor qilindi
O‘tgan o‘yinda qizil kartochka olib maydondan chetlatilgan Folarin Balogun nimchorak finalda Belgiyaga qarshi o‘ynashi mumkin.
Oq uy FIFA prezidenti Janni Infantinodan AQSh milliy jamoasi hujumchisi Folarin Balogunga ko‘rsatilgan qizil kartochka bekor qilinishini so‘radi, deb xabar berdi Give Me Sport.
25 yoshli hujumchi jahon chempionati 1/16 finalida Bosniya va Gersegovinaga qarshi o‘yinda himoyachi Tariq Muharamovichga nisbatan qilgan qo‘polligi uchun qizil kartochka olgandi.
5 iyul kuni The Athletic nashri futbolchining diskvalifikatsiyasi to‘xtatilgani va u nimchorak finalda Belgiyaga qarshi o‘ynashi mumkinligi haqida xabar berdi.
Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, FIFA vakillari bunday qaror chiqarilishiga Oq uyning aloqasi yo‘qligini aytishgan.
AQSh prezidenti Donald Tramp esa FIFAga minnatdorlik bildirdi.
«To‘g‘ri va adolatli ish qilgani uchun FIFAga rahmat!», — deb yozdi u Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.
Sport
Ronaldu JCh-2026 faoliyatidagi so‘nggi jahon chempionati ekanligini aytdi
Bu Ronaldu uchun oltinchi jahon chempionati hisoblanadi. U Yevro-2016 va UYeFA Millatlar ligasi (2019, 2025) turnirlari g‘olibi bo‘lgan.
Portugaliya milliy jamoasi sardori Krishtianu Ronaldu ayni paytda bo‘lib o‘tayotgan futbol bo‘yicha jahon chempionati uning faoliyatidagi oxirgisi ekanligini aytdi. Bu haqda AS xabar berdi.
«Bu mening oxirgi jahon chempionatim. Undan zavq olish kerak», — dedi Ronaldu.
Ronalduning so‘zlariga ko‘ra, Ispaniya bilan bahs natijasi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, u sof vijdon bilan ketadi.
«Ming foiz. Men futbolni sevganim uchun o‘ynayman. Nima bo‘lmasin, baxtiyor bo‘laman. Faoliyatimning oxirigacha borishim va g‘alaba qozonishim shart deb o‘zimga bosim qilmayman», – dedi u.
Bu Ronaldu uchun oltinchi jahon chempionati hisoblanadi. U Yevro-2016 va UYeFA Millatlar ligasi (2019, 2025) turnirlari g‘olibi bo‘lgan.
Portugaliyaliklar nimchorak finalda ispaniyaliklar bilan uchrashadi. Bahs 6 iyul kuni 00:00da boshlanadi.
Sport
Germaniya terma jamoasiga yangi murabbiy tayinlandi
Germaniya milliy terma jamoasiga yangi bosh murabbiy tayinlandi. Bu haqda jurnalist va insayder Fabritsio Romano X tarmog‘ida xabar berdi.
Bu «Liverpul» sobiq murabbiyi Yurgen Kloppdir.
Kloppning Germaniya futbol assotsiatsiyasi bilan tuzgan shartnomasi tafsilotlari hozirda muhokama qilinmoqda. 59 yoshli mutaxassis Germaniyani Yevro-2028 va 2030-yilgi Jahon chempionatida boshqarishi aytilmoqda.
2025-yildan beri Klopp «Red Bull»ning xalqaro aloqalar bo‘yicha direktori lavozimida ishlab kelgan. Bungacha u to‘qqiz yil davomida «Liverpul»ni boshqargan. Uning rahbarligida klub Chempionlar Ligasi, Angliya Premer-ligasi, Angliya kubogi va Superkubogini, shuningdek, ikkita Angliya Ligasi kubogini qo‘lga kiritgan.
Eslatib o‘tamiz, Germaniya JCh 1/16 finalida mag‘lub bo‘lib, ortga qaytishga majbur bo‘ldi.
Sport
Jokovich matchlarda g‘alaba qozonish bo‘yicha Uimbldon rekordini o‘rnatdi
Jokovich Katta dubulg‘a turnirlarida yakkalik bahslarida 408ta matchda g‘alabaga erishgan – bu rekord ko‘rsatkich hisoblanadi. U Avstraliya Ochiq chempionatida g‘alaba qozonish bo‘yicha yetakchi (104), Fransiya (103) va AQSh (95) Ochiq chempionatlarida ikkinchi o‘rinda bormoqda.
Serbiyalik tennischi Novak Jokovich g‘alaba qozongan matchlar soni bo‘yicha Uimbldon rekordini o‘rnatdi.
Jokovich to‘rtinchi davrada rossiyalik Roman Safiullinni yengib 106-g‘alabasini qo‘lga kiritdi. U bugunga qadar 2019 yilda faoliyatini yakunlagan shveysariyalik Rojyer Federer bilan birinchi o‘rinni bo‘lishib turgandi.
Jokovich Katta dubulg‘a turnirlarida yakkalik bahslarida 408ta matchda g‘alabaga erishgan – bu rekord ko‘rsatkich hisoblanadi. U Avstraliya Ochiq chempionatida g‘alaba qozonish bo‘yicha yetakchi (104), Fransiya (103) va AQSh (95) Ochiq chempionatlarida ikkinchi o‘rinda bormoqda.
Uimbldon turnirlarida yakkalik bahslarida unvonlar soni bo‘yicha sakkiz marta yakuniy g‘alabaga erishgan Federer yetakchilik qilmoqda. Jokovich va amerikalik Pit Sampras hamda britaniyalik Uilyam Renshou hisobida yettitadan g‘alaba bor.
39 yoshli Jokovich ATP reytingida 8-o‘rinda qayd etilgan. U 2024 yilgi Olimpiada o‘yinlari g‘olibi (2024), 2008 yilgi Olimpiadaning bronza medali sovrindori va Devis Kubogi sohibi (2010) bo‘lgan. Jahonning birinchi raketkasi sifatida eng ko‘p hafta (428) o‘tkazish bo‘yicha mutlaq rekord Novak Jokovichga tegishli.
Sport
JCh anonsi. Braziliyada noqulay raqib, Angliya mezbonlarga qarshi
Bu oqshom jahon chempionatida chorakfinalning yana ikki ishtirokchisi aniqlanadi.
6 iyulga o‘tar kechasi futbol bo‘yicha jahon chempionatida nimchorakfinal doirasida yana ikki uchrashuv o‘tkaziladi: dastlab Vinisus Junior yetakchiligidagi Braziliya Erling Holand boshchiligidagi Norvegiya bilan kuch sinashadi. Tongga yaqin turnir mezbonlaridan biri Meksika chorakfinal yo‘llanmasi uchun Angliyaga qarshi to‘p suradi.
Braziliya – Norvegiya
6 iyulga o‘tar kechasi, 01:00. New York/New Jersey Stadium, Nyu York
Aytish mumkinki, Norvegiya Braziliya uchun noqulay raqib hisoblanadi. Lotin Amerika vakillari shu vaqtgacha ushbu jamoaga qarshi jami to‘rt uchrashuv o‘tkazgan va biror marta g‘alaba qozona olmagan. Jamoalarning yagona rasmiy o‘yini 1998 yilgi mundial guruh bosqichida bo‘lib o‘tgandi, o‘shanda Braziliya oldingi ikki turda g‘alaba qozongandi va uchinchi turga aralash tarkib tushirilgandi, natijada skandinavlar Ture Andre Fluning dubli evaziga 2:1 hisobida g‘alaba qozongan. Bundan tashqari, 1988 yil iyulida va 2006 yil avgustida o‘tkazilgan o‘rtoqlik uchrashuvlarida bir xil hisoblar (1:1) qayd etilgan, 1997 yil mayidagi o‘yinda esa Yevropa vakillarining qo‘li ustun kelgan (4:2).
Lekin gap faqat tarixda ham emas. Braziliyada so‘nggi vaqtlarda barqaror jamoa shakllanmayapti va mahalliy futbolda inqiroz yuzaga kelgani haqida ham gaplar chiqib turadi.
Pentakampeonlar bu gaplarni isbotlagandek, turnirni Marokash bilan o‘yinda ochko yo‘qotish (1:1) bilan boshladi. Keyingi turlarda Karlo Anchelotti shogirdlari o‘ziga kelishdi: Haiti (3:0) va Shotlandiya (3:0) yirik hisoblarda taslim etildi. 1/16 finalda esa Yaponiya ham jiddiy muammo tug‘dirdi (2:1). O‘yinning 29-daqiqasida Kaysu Sano hisobni ochdi, faqat ikkinchi bo‘limga kelib Kazemiro muvozanatni tikladi, o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Gabriel Martinelli g‘alaba golini urib, «Selesao»ni 1/8 finalga olib chiqdi.
Umuman, hozircha Braziliya o‘z imkoniyatlari darajasida o‘ynayaptimi yoki Anchelottida hali qo‘shimcha richaglar bormi, buni tushunish qiyin. Jamoa muxlislari Vinisiusning individual mahoratidan umid qilishmoqda, u turnirni kuchli o‘tkazmoqda («gol plyus pas» bo‘yicha 4+1). Shuningdek, Brunu Gimarayes ham yaxshi tassurot qoldirmoqda. Ammo qolganlardan Norvegiya bilan o‘yinda bor salohiyatini ko‘rsatish talab etiladi, raqib esa shunchaki saviya hisobiga yengish mumkin bo‘lgan jamoa emas.
Skandinavlar o‘yinini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib olgan, jismonan kuchli va qarshi hujumlarda xavfli bo‘lgan jamoa. Norvegiya guruhning dastlabki ikki o‘yinida Iroq (4:1) hamda Senegal ustidan ishonchli hisoblarda g‘alaba qozondi (3:2) va muddatidan oldin pley-off yo‘llanmasini rasmiylashtirdi. Shundan keyin jamoa bosh murabbiyi Stole Solbakken Fransiyaga qarshi o‘yin uchun ikkinchi tarkibni tashladi va jamoa yirik hisobda mag‘lubiyatga uchradi (1:4). Lekin o‘sha o‘yinda dam olgan asosiy tarkib futbolchilari pley-offda Kot-d’Ivuar ustidan g‘alabaga erishdi (2:1). Holand ikkinchi bo‘lim oxirlarida g‘alaba golini urdi va jamoani qo‘shimcha yarim soat ter to‘kishdan qutqardi.
Vikinglar ushbu turnirdagi sirli toychoq rolini o‘ynamoqda. 1998 yildan buyon jahon chempionatlarida qatnashmagan jamoa birato‘la 1/8 finalga chiqqan. Ularning har o‘yindan keyin o‘z muxlislari bilan o‘tkazayotgan eshkak eshish marosimi esa bu turnirning o‘ziga xos ramziga aylandi.
Oldindagi o‘yin taqdiri kim jismonan tayyor holatdaligi va kuchni qanchalik to‘g‘ri taqsimlay olishiga bog‘liq. Chunki hozirda g‘arbiy yarimsharda juda issiq harorat kuzatilmoqda va futbolchilarga 90 daqiqada intensiv futbol namoyish etish oson bo‘lmaydi.
Ushbu juftlik g‘olibini keyingi bosqichda Meksika va Angliya juftligida g‘olib bo‘lgan jamoaga qarshi o‘yin kutadi.
Meksika – Angliya
6 iyul, 05:00. Estadio Azteca, Mexiko
Angliya va Meksika ham shu vaqtgacha rasmiy o‘yinlarda faqat bir marta to‘qnashishgan. 1966 yil o‘z maydonida o‘tgan mundialda inglizlar «Uembli»da 2:0 hisobida g‘alaba qozonib, chempionlik uchun yurishini davom ettirgan.
Ammo endi inglizlar Londondagi o‘z uy stadionida emas, balki o‘n minglab meksikaliklar bilan to‘lib-toshadigan «Atsteka» o‘yingohida o‘tkazishiga to‘g‘ri keladi.
Ushbu o‘yingoh dengiz sathidan 2200 metr balandlikda joylashgani inglizlar uchun asosiy muammoga aylanishi mumkin. Bu organizm uchun jiddiy stress bo‘ladi. Bu yerda uyqu yomonlashadi, plazma hajmi kamayadi, nafas olish qiyinlashadi.
Angliya milliy jamoasi o‘yindan 48 soat oldin Mexikoga yetib borgan. Tadqiqotlar ko‘rsatishicha, bunday balandlikda ikki kun o‘tib odamda akklimatizatsiyaning eng og‘ir lahzalari biri boshlanadi. Organizmning ish unumdorligi keskin pasayadi. Bu davr aynan o‘yin vaqtiga to‘g‘ri keladi. Turnir boshidan buyon shu yerda bo‘lgan meksikaliklar esa allaqachon moslashib bo‘lishgan.
Bundan tashqari, ushbu turnirdagi o‘yinlar Tomas Tuxel jamoasi tig‘iz himoyalanuvchi jamoaga qarshi muammoga duch kelishini ko‘rsatmoqda. Guruhda Gana bilan, pley-offda Kongo DR bilan o‘yinlarda shu holat kuzatildi. Meksikada ham raqibning ushbu kamchiligidan foydalanish imkoniyati bo‘ladi.
Boshqa tomondan, meksikaliklar bu mundialda umuman himoyada o‘ynamayapti. Jamoa ilk bor ikkinchi raqam ostida to‘p surishiga to‘g‘ri kelishi mumkin. Meksika himoya chizig‘ini yuqoriga joylashtiradi va raqibni ancha oldinda pressing qiladi, ammo bu uslub nisbatan kuchsiz jamoalarga qarshi ish beradi. Futbol muxlislari Haviyer Agirre jamoasi vaziyatga qanchalik moslashuvchan ekanini bir necha soatdan keyin bilib olishadi. Agar jamoa buning uddasidan chiqsa, turnirda navbatdagi sensatsiya ro‘y berishi mumkin.
Sport
JCh kundaligi. Paragvay Fransiyani qiynadi, Marokash Kanadani jazoladi
O‘zbekistonlik hakam Ilgiz Tantashev o‘yin tizginini qo‘ldan chiqarib yubordi: paragvayliklar o‘ta qo‘pol o‘yin uslubini qo‘llab, fransuzlarni urish va tepish bilan mashg‘ul bo‘lishdi. Lekin kartochkalar faqat fransuzlarga ko‘rsatildi. Archivo VAR platformasi Tantashevga 10 dan 1 ball qo‘ydi.
Jahon chempionatida 1/8 final bosqichi start oldi. Ushbu bosqichning ilk o‘yinida Marokash turnir mezbonlaridan biri Kanadani yirik hisobda mag‘lub etdi (3:0), Fransiya esa Paragvay bilan o‘yinda katta qiyinchilikka uchradi (1:0).
Maydon tashqarisida ham jahon chempionatiga aloqador voqealar davom etmoqda: Kaboverdelik Vozinya jahondagi eng mashhur darvozabonga aylandi, FIFA prezidenti Janni Infantino navbatdagi mojaroga aralashib qoldi, Meksikadagi kartel esa Ekvador futbolchilariga bosim o‘tkazishda ayblanmoqda.
Tantashevning tushunarsiz qarorlari
Paragvay – Fransiya 0:1
Gol: Mbappe, 70 – penalti (0:1)
Paragvay: Hil, Velaskes, Alderete (Kanale, 58), G. Gomes (Maurisiu, 71), Alonso, Kaseres, D. Gomes, Kubas, Galarsa, Almiron (Avalos, 71), Ensiso (Kabalero, 61)
Fransiya: Menyan, Upamekano, Saliba, Din, Kunde, Kone, Rabio, Olise, Barkolya (Due, 61), Dembele (Sherki, 84), Mbappe
Ogohlantirishlar: Barkolya, 19. Kone, 81. Olise, 90
Germaniya ortidan Fransiya ham Paragvay bilan o‘yinda azob chekdi. Shunga qaramay, penaltidan urilgan yagona gol evaziga keyingi bosqichga chiqdi. Endi Dide Desham shogirdlari 10 iyulga o‘tar kechasi chorakfinalda Marokash bilan o‘ynaydi.
Bu turnirdagi eng o‘yin daqiqalari eng kam o‘yinlardan biri bo‘ldi – bu o‘yinda kombinatsiyalardan ko‘ra kurash, to‘qnashuv, provokatsiyalar ko‘proq bo‘ldi, o‘zbekistonlik hakam Ilgiz Tantashev esa o‘yin tizginini qo‘ldan chiqardi. Paragvayliklar 90 daqiqa davomida «iflos» o‘yin ko‘rsatgan bo‘lsa-da, birorta kartochka olmadi, jabrlanuvchi rolida bo‘lgan fransuzlar esa uch marta ogohlantirildi.
Paragvay ilk daqiqalardanoq keskin harakatlar qilishni boshladi va asosiy e’tiborini raqibni izdan chiqarishga harakat qildi. Lekin birinchi bo‘limdagi yagona kartochka Kaseres bilan to‘qnashuvdan keyin Barkolyaga ko‘rsatildi.
Birinchi bo‘lim
Barchasi o‘yinning yarim soati ortda qolganida boshlandi. Gustavo Velaskes to‘p uchun kurash vaqtida darvozabon Mayk Menyanning boshiga chiqib ketdi, bu oddiy vaziyatdek ko‘ringandi, ammo takroriy kadrlar paragvaylik futbolchi qasddan darvozabonning boshiga zarba berganini ko‘rsatdi.
O‘zbekistonlik hakam Ilgiz Tantashev fransuzlarning e’tirozini tingladi, ammo hech qanday chora ko‘rmadi. Paragvayliklar esa bizga barchasi mumkin ekan, degan xulosa chiqarishdi.
Paragvayliklar ayniqsa Mbappega qarshi o‘ta keskin harakat qilishdi, 35-daqiqada Kilianga ishlatilgan navbatdagi foldan keyin futbolchilar to‘planib, janjal boshlanib ketdi.
Bo‘lim oxirida yana bir bahsli vaziyat yuzaga keldi. Fransuzlarning tezkor hujumi chog‘ida Paragvay yarimhimoyachisi Matias Galarsa tirsagi bilan Mbappening yelkasiga zarba berdi. Kilian yiqildi, ammo Tantashev va videoarbitrlar bu epizodni e’tiborsiz qoldirishdi.
Holbuki bu vaziyatda Galarsa o‘ta tajovuzkor harakat qilgandi, juda yaqinda turganiga qaramay, Tantashev fol qayd etmadi, paragvaylik futbolchi qasddan raqibni urgani uchun maydondan chetlatilishi lozim edi, bu vaqtda to‘p maydonning boshqa nuqtasida edi.
Ikkinchi bo‘lim
Tanaffusdan keyin ham keskin yakkakurashlar davom etdi.
Ikkinchi bo‘lim boshida Velaskes Maykl Olisening boshiga tizzasi bilan zarba berdi. Tantashev paragvaylik futbolchini og‘zaki ogohlantirish bilan cheklandi.
67-daqiqada paragvayliklar darvozasi tomon penalti belgilandi, lekin Tantashev avvaliga Gomesning Duega ishlatgan folini ham e’tiborsiz qoldirgandi. Faqat VAR aralashuvidan keyin o‘zbekistonlik hakam qarorni o‘zgartirdi.
Paragvayliklar esa e’tiroz bildirishdi va fransuzlarga penaltini ijro etishga to‘sqinlik qilishga urinishdi. Bahs avjida Velaskes hech kimga bildirmay, 11 metrlik nuqta o‘rnida chuqur qazishga kirishdi.
Lekin bu Mbappe zarbani aniq ijro etishiga xalal bera olmadi.
Shundan keyin yo‘qotadigan narsasi qolmagan Paragvay keskinlik darajasini yanada oshirishga qaror qildi – janubiy amerikalik futbolchilar raqibni ochiqchasiga provokatsiya qilishdi va hech kimga sezdirmay, urib keta boshlashdi, buni Tantashev ham sezmadi.
Andres Kubas to‘g‘ridan to‘g‘ri Rabioning oyog‘iga tashlandi. Hakam hushtak chalib, o‘yinni to‘xtatdi, ammo kartochka ko‘rsatish o‘rniga futbolchilarni tarqalishga chaqirdi.
76-daqiqada Mbappe raqib himoyachisi Kaseresni turtib yiqitib yubordi, u esa yerda yotgan holatida butsasi bilan fransuz futbolchisining to‘piq sohasiga tepdi. Tantashev epizodni e’tiborsiz qoldirdi, Paragvay esa jarima zarbasini ijro etdi.
80-daqiqada fransuzlar darvozasi yaqinida aut ijro etilishi chog‘ida Avalos hakamning ko‘z o‘ngida tirsagi bilan Upamekanoning ko‘krak qismiga zarba berdi.
Tantashev buning uchun ham kartochka ko‘rsatmadi, folni ham faqat himoyachi yiqilganidan keyin qayd etdi.
Keyingi holatda Kaseres ham o‘zini Rabioning oyog‘iga otdi, fransuz futbolchisi bu safar ham o‘zini olib qochishga ulgurdi.
Qo‘shimcha daqiqalar
90-daqiqadan keyin provokatsiya kuchayishda davom etdi, bu borada birinchi bo‘limda qizil kartochkadan qutulib qolgan Matias Galarsa jonbozlik ko‘rsatdi.
U avvaliga arbitrning ko‘z o‘ngida Olisega fol ishlatib, keyin uning ustiga kelgan holda nimadir dedi, ammo yana jazolanmadi.
90+5-daqiqada Galarsa birinchi bo‘limda bo‘lgani kabi tezlik bilan ketayotgan Kundening bo‘yin qismiga urdi. Arbitr bu holatga ham e’tibor qaratmadi.
Ikki daqiqa o‘tib Galarsa maydon markazida Olise bilan yakkakurashni boy berib, gazonga yiqildi, shundan keyin o‘rnidan turdi va raqibni turta boshladi, Maykl shunchaki uning futbolkasidan ushlaganida maydonga yiqilib, dumalay boshladi. Tantashev esa bu vaziyat uchun faqat «Bavariya» futbolchisini sariq kartochkaga munosib ko‘rdi.
90+8-daqiqada Paragvay burchak zarbasi ijro etishga tayyorlanayotganida Galarsa yana kutilmaganda gazonga yotib oldi. Holbuki bu vaziyat Matias qo‘llarini ishga solib, Kundeni turtishi bilan boshlangandi, shundan keyin, katta ehtimol bilan «Barselona» himoyachisi unga javob qaytargan (translatsiyada bu holat ko‘rsatilmadi). Galarsa penalti ishlash uchun yiqilib oldi, lekin Tantashev unga bu safar ishonmadi.
O‘yin oxirida, Fransiya futbolchilari vaqtni o‘ldirish uchun to‘pni burchakka olib ketganida, Galarsa podkat ishlatib, to‘pni Mbappedan maydon tashqarisiga chiqarib yuborishga urindi, ammo faqat burchakdagi bayroqchani tepdi.
Bunga esa Kilian jilmaygancha reaksiya qildi va paragvaylik futbolchi o‘rnidan turib, unga yana provokatsiya qila boshladi. Fransiyalik forvard jilmayishda davom etdi.
U o‘zini ortdan yiqitgan Kaseras navbatdagi marta jazosiz qolganida ham jilmayishda davom etdi.
Final hushtagi chalinganidan keyin esa paragvayliklar darvozaboni Orlando Hilning ham asablari dosh bermadi – avvaliga u Mbappeni qo‘llari bilan turtdi, keyin esa unga qarata to‘p otdi – Kilian esa unga e’tibor bermasdan, g‘alabani nishonlashda davom etdi.
Yakunda Paragvay shuncha qo‘pollik va simulyatsiyalarga qaramay, o‘yinni birorta ogohlantirishsiz yakunladi. E’tiborli jihati, bu Paragvay jamoasi 1998 yildan buyon jahon chempionati o‘yinini sariq kartochkasiz o‘tkazishi bo‘ldi.
Mbappe va Deshamning reaksiyasi
O‘yindan keyin Mbappe hissiyotlarini tiyib o‘tirmadi. Fransiya milliy jamoasi forvardi paragvayliklar o‘yini haqida o‘ylaganini aytdi:
«Bizni qanday o‘yin kutayotganini bilardik. Agar bizga ifloslik qilishsa, biz ham shuni qila olamiz. Paragvay futbol o‘ynashni xohlamadi, biz esa raqibga buni qila olishimizni ko‘rsatdik. Agar g‘alaba uchun qo‘limizni bulg‘ashimiz kerak bo‘lsa, buni qilamiz. Ular o‘yinda smokingda chiqishimizni o‘ylashgandi, ammo ularning kutilmalarini chippakka chiqardik, biz ham iflos futbol qilishni bilamiz. Va hatto ulardan yaxshiroq!»
Fransiya milliy jamoasi ustozi Dide Desham ham bu borada fikr bildirgan.
«Biz guvoh bo‘lgan narsa bizning tushunchamizdagi futbol emasdi. Bu ko‘proq jang yoki kurashga o‘xshardi. Menimcha, futbol bundan yaxshirog‘iga loyiq. Muxlislar doimiy mushtlashuvlarni emas, balki sifatli o‘yinni ko‘rishga loyiq», – deya Deshamning so‘zlarini keltiradi FIFA matbuot xizmati.
Kanada turnirni tark etdi
Kanada – Marokash 0:3
Gollar: Unai, 50 (0:1). Unai, 82 (0:2). Rahimi, 90+8 (0:3)
Kanada: Krepo, De Fujyerol, Bombito, Lareya (Shaffelberg, 78), Jonston, Eushtakiu, Sigur (Osorio, 87), Ahmad (P. Devid, 78), Byukenen (Nelson, 87), J. Devid, Oluvaseyi (Larin, 63)
Marokash: Bunu, Diop (Al Murabet, 87), Halhal, Mazraviy, Hakimi, Buaddi (Amrabat, 63), Al-Aynaviy, Unai (Saadan, 87), Al-Hannus (Talbi, 63), Dias, Saybari (Rahimi, 22)
Ogohlantirishlar: Lareya, 40. J. Devid, 43. De Fujyerol, 49. Larin, 67 – Halhal, 20. Hakimi, 40. Unai, 45. Al-Hannus, 45
Kanada 2026 yilgi jahon chempionati mezbonlari orasida birinchi bo‘lib turnirni tark etdi. Shimoliy amerikaliklar jamoasi V guruhida munosib ishtirok etgan (jumladan, Qatar yirik 6:0 hisobida taslim etilgan), 1/16 finalda JAR to‘sig‘idan o‘tilgandi (2:0), ammo keyingi bosqichda Marokash mezbonlarni ayamadi – 0:3.
Hisob yirik ko‘rinish olganiga qaramay, kanadaliklar bu qadar og‘riqli mag‘lubiyatga loyiq o‘ynamagandi – Jyessi Marsh shogirdlari startda kuchli bosim uyushtirgandi, ammo hujum chizig‘i vakillari vaziyatlardan foydalana olmadi. Afrikaliklar esa turnirdagi eng yomon o‘yinini o‘tkazganiga qaramay, yakunda g‘alabaga erishdi. Ikkinchi bo‘limda avvaliga standart vaziyatda Azzadin Unai hisobni ochdi, keyin qarshi hujumda ushbu yarimhimoyachi dublni rasmiylashtirdi, o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda So‘fyon Rahimiy ham qarshi hujumda mezbonlarni jazoladi.
Kanadaliklar turnirni munosib o‘tkazdi va mamlakatda futbol yangi bosqichga ko‘tarilganini namoyish etishdi. Marokash esa jahon chempionatida qatorasiga ikkinchi bor chorakfinalga yo‘l oldi – 2022 yilgi mundialda jamoa to‘rtinchi o‘rinni egallagandi. Endi Muhammad Vahbi shogirdlarini keyingi bosqichda 10 iyulga o‘tar kechasi Fransiyaga qarshi o‘yin kutmoqda.
Vozinya – eng mashhur darvozabon
Kabo-Verde darvozaboni Vozinya birinchi turdayoq Ispaniyani to‘xtatish (0:0) orqali turnir qahramoniga aylangandi. Bu o‘yindan oldin 40 yoshli darvozabonning instagram sahifasida 50 ming atrofida obunachi bo‘lgan, shundan keyin qisqa muddat ichida uning obunachilari soni 15 milliondan oshib ketdi. Afrikaliklar jamoasi pley-offga chiqib, Argentina bilan o‘ynagach, uning mashhurligi yanada oshdi.
Amaldagi jahon chempionlariga qarshi o‘yinda ham Vozinya qahramonlik ko‘rsatdi: kaboverdiliklar bu o‘yinda 2:3 hisobida yutqazgan bo‘lsa-da, darvozbonning seyvlari tufayli yirik hisobdagi mag‘lubiyatdan qutulib qolishdi. U endi o‘z pozitsiyasidagi eng mashhur futbolchiga aylandi – hozirda uning ijtimoiy tarmoqdagi obunachilari soni 22 milliondan oshiqni tashkil etmoqda. U bu borada Iker Kasilyas (20), Keylor Navas (19) va Tibo Kurtuadan (18) yaxshiroq ko‘rsatkichga ega.
Meksika karteli Ekvadorga bosim qilganmi?
1 iyul kuni Meksika milliy jamoasi 1/16 finalda Ekvadorni 2:0 hisobida mag‘lub etdi. O‘yindagi ikki gol ham o‘yinning dastlabki qismidayoq urildi. Turnir mezbonlari haqli ravishda g‘alaba qozongandek edi, ammo ko‘p o‘tmay bu borada noodatiy gaplar chiqa boshladi. Argentinalik jurnalist Eduardo Feynmannga ko‘ra, bu o‘yindan oldin Meksika karteli ekvadorlik futbolchilarga bosim o‘tkazgan.
Manbaning so‘zlariga ko‘ra, narkosavdorgarlarning vakillari Ekvador milliy jamoasining besh nafar futbolchisi bilan aloqaga chiqib, «har qanday holatda ham Meksika jahon chempioni» bo‘lishi kerakligini aytib, o‘yinda yutqazib berishni talab qilishgan, aks holda ularning oila a’zolari bilan muammolar yuzaga kelishi haqida ogohlantirib, tahdid qilishgan. Keyinroq bu ma’lumotni boshqa bir jurnalist Karlos Vera ham tasdiqladi.
Lekin ekvadorliklar bu ma’lumotni rad etib chiqishdi. Ekvador futbol federatsiyasi matbuot xizmati vakili El Pais nashri bilan suhbatda bu ma’lumotni «mutlaqo yolg‘on» deb atadi.
Infantino Argentinaga simpatiyasi borligini tan oldi
Anchadan buyon FIFA prezidenti Janni Infantino Argentinani qo‘llab-quvvatlashi haqida gaplar yuradi. Amaldagi jahon chempionlari Kabo-Verde ustidan g‘alaba qozongach (3:2), ushbu futbol mulozimi amalda ushbu mish-mishlarni tasdiqladi.
«Argentinadagi barchani tabriklayman, chunki bugun mening yuragim siz bilan edi, qattiq xavotirlandim», – degan Infantino ko‘kragiga urib.
FIFA rahbari darhol tuzatish kiritib, «betaraf bo‘lib qolishi»ni qo‘shimcha qildi. Ammo butun dunyodagi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari endi unga ishonmaydi va uning iste’fosini talab qila boshlashdi.
Navbatdagi o‘yinlar
1/8 final bosqichi davom etmoqda – 5 iyul kuni tunda va 6 iyul tongida muxlislarni quyidagi uchrashuvlar kutmoqda:
01.00. Braziliya – Norvegiya
05.00. Meksika – Angliya
-
Siyosat3 days agoO‘zbekiston va Gruziya strategik sheriklik deklaratsiyasini imzoladi
-
Dunyodan4 days ago
NATO davlatlari Rossiyadan xavotirda…
-
Jamiyat4 days agoToshkentda Malibu qahvaxonaga borib urildi
-
Dunyodan5 days ago
Tojikistonning Togri-Badaxshon muxtor viloyati raisining jasadi topildi.
-
Jamiyat5 days agoSog‘liqni saqlash vaziri korrupsiyaga qarshi murojaat bilan chiqdi
-
Siyosat3 days agoShavkat Mirziyoyev Gruziyaning oliy milliy mukofoti bilan taqdirlandi
-
Iqtisodiyot2 days ago
Dollar kursida keskin pasayish yuz berdi
-
Iqtisodiyot3 days ago
Iyunda eskrou orqali 34 mingdan ortiq bitim rasmiylashtirildi
