Sport
JCh kundaligi. 1/8 finalning ilk ishtirokchisi ma’lum, Koreya lagerida mojaro, Kabo-Verde sardorida muammo
JAR turnirni tark etdi.
Jahon chempionatida pley-off bosqichi start oldi. 1/16 finalning dastlabki o‘yinida Kanada va JAR milliy jamoalari kuch sinashdi. Kanadaliklar guruhda birinchi o‘rinni ololmagani tufayli o‘yinni Vankuverda emas, Los-Anjyelesda o‘tkazishiga to‘g‘ri keldi. Ko‘p soatlik safarda charchagan futbolchilar maydonda katta qiyinchilikka uchradi va faqat o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda g‘alaba golini urishga muvaffaq bo‘lishdi.
Maydon tashqarisida ham qiziqarli voqealar davom etmoqda: Kabo-Verde sardori Rayan Mendesh jinsiy zo‘ravonlikda ayblanmoqda, Janubiy Koreya prezidenti Li Je Men milliy jamoaning jahon chempionatini tark etishi yuzasidan tekshiruv o‘tkazishni buyurdi, FIFA rahbari Janni Infantino esa ekologiyaga zarar yetkazishda ayblanmoqda.
Kanada qiyinchilik bilan JARni taslim etdi
JAR – Kanada 0:1
Gol: Eushtakiu, 90+2 (0:1)
JAR: Uilyams, Mbokazi, Okon, Modiba, Mudau, Mokoena, Sitole, Mofokeng (Mbata, 46), Appollis, Maseko (Moremi, 86), Makgopa (Rayners, 86)
Kanada: Krepo, Kornelius, Bombito (De Fujyerol, 59), Lareya, Jonston, Eushtakiu, Saliba (Sigur, 59), Millar (Shaffelberg, 70), Byukenen (Deyvis, 75), J. Devid, Oluvaseyi (P. Devid, 70)
Ogohlantirishlar: Saliba, 54. Sigur, 67
Kanadaliklar guruh bosqichini barqaror o‘tkaza olishmagandi. Dastlab Bosniya bilan o‘yinda durang qayd etilgan (1:1), ikkinchi turda Qatar darvozasiga istagancha gol urishgan (6:0), so‘nggi turda Shveytsariyaga mag‘lub bo‘lishgandi (1:2). Ammo Jyessi Marsh shogirdlariga 4 ochko ham kvartetda ikkinchi o‘rinni olish uchun yetarli bo‘ldi va jamoa pley-offda JAR bilan o‘ynadi.
1/16 finalni ochib bergan ushbu uchrashuvga intrigani reper Dreyk oshirib berdi. Kanadalik mashhur musiqachi o‘z vatandoshlari keyingi bosqichga o‘tishi uchun 770 ming dollar tikkandi. Avvaliga kanadalik muxlislar uni tanqid qilishni boshlashdi, chunki u doim o‘yin natijalari uchun pul tikkanda yutqazgan, internetda bu borada «Dreyk tavqi la’nati» degan tushuncha ham paydo bo‘lgan.
Kanada esa o‘yin davomida ustunlik qila olmadi. Jamoada bir necha xavfli vaziyatlar yuzaga keldi, ammo futbolchilar bundan foydalana olishmadi.
O‘yin overtaymlarga qarab ketayotgandi, ammo 90+2-daqiqada Stiven Eushtakiu jarima maydoni yaqinida to‘pni qabul qildi va chap pastki burchak tomon kuchli zarba berib, hisobni ochdi. Qolgan daqiqalarda afrikaliklar vaziyatni o‘zgartira olishmadi.
Kanada endi keyingi bosqichda Marokash va Niderlandiya juftligiga qarshi o‘ynaydi.
Koreyslar norozi
Xon Men Bo shogirdlari dastlabki turda Chexiyani mag‘lub etib (2:1), turnirni a’lo kayfiyatda boshlashgandi. Lekin keyingi ikki turda Meksika va JARdan 0:1 hisoblarida mag‘lub bo‘lishdi va turnirni tark etishdi. Endi bu muvaffaqiyatlik uchun aynan bosh murabbiyni aybdor qilishmoqda.
57 yoshli mutaxassis natija uchun uzr so‘radi va mas’uliyatni o‘z zimmasiga oldi. Ammo mahalliy jamoatchilik buni shu holida qoldirmoqchi emas. Mamlakat prezidenti Li Je Men esa olovga moy quydi.
«Agar qobiliyatli odamlarni emas, o‘z odamlaringizni afzal ko‘rsangiz va rahbarlik lavozimlariga layoqatsiz odamni tanlasangiz, natija oldindan ma’lum bo‘ladi… Madaniyat, sport va turizm vazirligidan ushbu voqeaning tafsilotlarini sinchiklab o‘rganishni so‘rayman», – deya yozgan ushbu siyosatchi ijtimoiy tarmoqda.
Endi murabbiyning yuzi davlat televideniyesida blur qilinmoqda, do‘konlar va restoranlar eshiklari oldida esa «Xon Men Bo Kirishi taqiqlanadi» deb yozilgan tablichkalar o‘rnatilmoqda.
Urugvaylik futbolchilar tashlab ketildi
Urugvay milliy jamoasi jahon chempionatidagi ishtirokini guruh bosqichidayoq yakunladi. Marselo Biyelsa shogirdlari uchinchi turda Ispaniyaga 0:1 hisobida yutqazdi va H guruhida ikki ochko bilan uchinchi o‘rinni egallab, pley-off bosqichiga chiqa olmadi.
Marca nashri yozishicha, shundan keyin Urugvay futbol assotsiatsiyasi milliy jamoa futbolchilarini Meksikadan Montevideoga olib qaytish uchun oldindan bron qilingan charter reysni bekor qilgan. Ispaniya bilan o‘yin Meksikaning Sapopane shahrida bo‘lib o‘tgan. Charter reys bekor qilingach, futbolchilar, murabbiylar shtabi a’zolari va boshqa xodimlar uyga odatiy reysda qaytishiga to‘g‘ri kelgan.
Bu Urugvay milliy jamoasi atrofidagi ilk mojaro emas. Manbalarga ko‘ra, Ispaniyaga qarshi hal qiluvchi o‘yin oldidan futbolchilar va bosh murabbiy o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan. Ernesto Valverde boshchiligidagi bir guruh futbolchilar 3 ochko bilan ham pley-offga chiqish mumkinligini inobatga olgan holda himoyaviy uslubda o‘ynashni taklif qilishgan, murabbiy esa buning aksini – kuchli pressingga asoslangan futbol o‘ynashni talab qilgan. Bu mavzu muhokama qilingan yig‘ilishni futbolchilar namoyishkorona tark etishgan. Yakunda murabbiy ko‘rsatmalariga amal qilmagan jamoa turnirni ham tark etdi.
Infantino yetkazayotgan zarar
FIFA rahbari Janni Infantino har kuni ikki, ba’zida uchta o‘yinga tashrif buyurayotgani aks etgan kadrlar chiqmoqda. BBC jurnalistlariga ko‘ra, u guruh bosqichining imkon qadar barcha o‘yinlariga kirish uchun xususiy jyetdan foydalangan.
Baholarga ko‘ra, jahon chempionati boshlanganidan buyon uning samolyoti 66 soatdan ortiq vaqt mobaynida havoda bo‘lib, 31 144 milya (50 122 km) masofani uchib o‘tgan. Surishtiruvda ekologiya masalasiga alohida e’tibor qaratilgan: uning parvozlaridan iqlimga yetkazilgan zarar taxminan 78 kishining yillik issiqxona gazlari chiqindilariga teng.
Kabo-Verde sardori og‘ir jinoyatda ayblanmoqda
«Ko‘k akulalar» sensatsiya ko‘rsatib, Ispaniya, Urugvay va Saudiya Arabistoni joylashgan guruhda ikkinchi o‘rinni olgan holda pley-offga chiqishdi, jamoa darvozaboni Vozinya esa jahon miqyosidagi yulduzga aylandi. Lekin jamoa sardori Rayan Mendeshda jiddiy muammo yuzaga keldi.
Globo xabariga ko‘ra, 36 yoshli futbolchini jinsiy zo‘ravonlikda ayblashmoqda. Hodisa 27 mart kuni Oklenddagi (Yangi Zelandiya) mehmonxonada ro‘y bergan, o‘shanda Kabo-Verde milliy jamoasi o‘rtoqlik uchrashuvi oldidan o‘sha yerda to‘xtagandi. Mahalliy futbol
federatsiyasi tomonidan tarjimon sifatida yollangan qizning da’vo qilishicha, Mendesh uning xonasiga bostirib kirgan, bo‘g‘gan, urgan, tishlagan va qarshilik ko‘rsatishiga qaramay, zo‘rlagan.
FIFA holat yuzasidan tekshiruv boshlanganini ma’lum qildi.
«Xalqaro futbol federatsiyasi Yangi Zelandiya rasmiylari bilan aloqada. Hozirgi vaqtda qo‘shimcha izoh bera olmasligimizni to‘g‘ri qabul qilishingizni so‘raymiz», – deyiladi bayonotda.
Kompyuter Fransiyaga ishonmoqda
Guruh bosqichi yakunlangach, Opta superkompyuteri 2026 yilgi jahon chempionati favoritlari bo‘yicha taxminlarini yangiladi.
Dastur tahlillariga ko‘ra, g‘oliblik uchun eng katta imkoniyat Fransiyada. Dide Desham shogirdlarining bosh sovrinni qo‘lga kiritish imkoniyatlari 18,66 foizga teng deb baholanmoqda. Reytingda ikkinchi o‘rinni Argentina (16,26 foiz), uchinchini – Ispaniya (13,47 foiz) egallab turibdi.
Shuningdek, Angliya (9,68 foiz), Braziliya (6,47 foiz) va Niderlandiyaning (5,11 foiz) imkoniyatlari nisbatan yuqori baholanmoqda.
Navbatdagi o‘yinlar
29 iyun kuni kechqurun 30 iyun tongida 1/16 final doirasida uchta uchrashuv bo‘lib o‘tadi.
29 iyun. 22.00. Braziliya – Yaponiya
30 iyun. 01.30. Germaniya – Paragvay
30 iyun. 06.00. Niderlandiya – Marokash
Sport
Prezident shaxmatchilar haqida kitob va filmlar yaratilishiga ishonch bildirdi
Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilar bilan uchrashuvda Javohir Sindorov, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidovning Olimpiadadagi o‘yinlarini alohida e’tirof etdi.
Prezident Javohir Sindorovga murojaat qilib, bir necha oy avval uning Nomzodlar turniridagi tarixiy g‘alabasi nishonlanganini esladi. Olimpiadada ham Javohir Sindorov sovuqqonlik va barqarorlik ko‘rsatib, kuchli raqiblar oldida ortga chekinmagani ta’kidlandi.
«Endi oldingda yana bir ulkan marra — jahon toji uchun bellashuv turibdi. Bugun ortingda nafaqat jamoadoshlaring va ustozlaring, balki qirq millionga yaqin O‘zbekiston xalqi turibdi. Biz senga ishonamiz!» — dedi davlat rahbari.
Yirik musobaqada ilk bor ishtirok etgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dextyarovni qora donalarda mag‘lub etdi.
Uning g‘alabasi jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni olib keldi. Prezident uning g‘ayrati va g‘alabalari muxlislar ko‘nglidan joy olganini ta’kidladi.
Shamsiddin Vohidov ham umumiy natijaga munosib hissa qo‘shdi. U amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.
Prezident oltin medal jamoaning har bir a’zosi mehnati va hissasi natijasi ekanini ta’kidladi.
«Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor», — dedi Prezident.
Davlat rahbari shaxmatchilar haqida hali kitoblar yozilishi, filmlar yaratilishi va ularning o‘yin uslubi darsliklarga kirishiga ishonch bildirdi.
Sport
Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining uchta mintaqaviy filiali ochiladi
Yosh shaxmatchilarni tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish uchun Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Farg‘onada uchta mintaqaviy filiali tashkil etiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylarni tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.
FIDE reytingida 1 ming 500 dan yuqori ball to‘plagan shaxmatchilarning xususiy klublarda o‘qish xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplanadi. Bu yosh iste’dodlarning tayyorgarligini davom ettirishiga qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Mamlakatimizda “O‘zbekiston Grand Chess” milliy brendi ostida xalqaro turnirlar muntazam o‘tkazib boriladi. Bu shaxmatchilarimizga kuchli raqiblar bilan o‘z yurtimizda bellashish imkonini beradi.
Prezidentimiz Yangi Toshkentda 500 kishilik o‘yin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.
Sport
O‘zbekiston Osiyo o‘yinlari turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarildi
O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyadagi Osiyo o‘yinlarining bugungi kunini oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritish bilan boshladi.
Shahriyor Mahkamov baydarkachilar o‘rtasida 500 metr masofaga kechgan yakkalik poygalarida marrani birinchi bo‘lib zabt etib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.
Terma jamoamizning yana bir a’zosi Arina Tanatmisheva esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. U 500 metr masofaga kechgan yakkalik dasturida marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.
Shuningdek, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zolari Vladlen Denisov hamda Nilufar Zokirova juftligi kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Hozirgacha o‘tkazilgan musobaqalardan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Jami 34 ta medal qo‘lga kiritildi: 8 ta — oltin, 17 ta — kumush, 9 ta — bronza.
Aichi-Nagoya-2026 musobaqalarida medallar jamg‘arish bo‘yicha Xitoy peshqadamlik qilmoqda, Yaponiya — ikkinchi, Janubiy Koreya — uchinchi o‘rinda.
Sport
O‘zbekiston U-23 yarim finalda Yaponiyaga qarshi o‘ynaydi
O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo o‘yinlari yarim finalidagi raqibi ma’lum bo‘ldi.
Chorak finalda Yaponiya terma jamoasi KXDRni 1:0 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.
Shu tariqa, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi final yo‘llanmasi uchun musobaqa mezboni Yaponiyaga qarshi maydonga tushadi.
Uchrashuv 30-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:30 da “Nagai” stadionida boshlanadi.
Sport
O‘zbekiston shaxmatchilari Armanistonni mag‘lub etib, yetakchilikni saqlab qoldi
Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 10-turi O‘zbekistonning birinchi jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev va Muhiddin Madaminov ishtirok etgan O‘zbekiston-1 jamoasi Armanistonni mag‘lub etdi.
Abdusattorov, Sindarov va Madaminov o‘z raqiblaridan ustun keldi. Shu tariqa, O‘zbekiston-1 jamoasi 18 ochko bilan musobaqada yetakchilikni saqlab qoldi.
O‘zbekiston-2 jamoasi Hindistonga imkoniyatni boy berdi. O‘zbekiston-3 esa Isroilga qarshi keskin bahsda kichik hisobda mag‘lub bo‘ldi.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi 10-turda O‘zbekiston-1 jamoasi Peru vakillarini yirik hisobda mag‘lub etdi.
27-sentyabr kuni Olimpiadaning so‘nggi — 11-tur bahslari o‘tkaziladi. Uning yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindor jamoalar aniqlanadi.
-
Iqtisodiyot3 days ago
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
-
Jamiyat3 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot11 hours ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Jamiyat7 hours ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat6 hours ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
