Iqtisodiyot
Bosh prokuratura tomonidan “Yashirin iqtisodiyot xaritasi” platformasi ishga tushirildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 26 iyun kuni yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish va sohada prokuror nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Unda Bosh prokuratura tomonidan ishga tushirilgan “Yashirin iqtisodiyot xaritasi” platformasi haqida axborot berildi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Yig‘ilishda qayd qilinishicha, yashirin iqtisodiyot ulushi hali ham yuqoriligicha qolmoqda. Statistik baholashlarga ko‘ra, joriy yilning birinchi choragida kuzatilmaydigan iqtisodiyot hajmi qishloq xo‘jaligida 81,1 trillion so‘mni, savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida 24,5 trillion so‘mni, qurilishda 23,9 trillion so‘mni, sanoatda esa 6,7 trillion so‘mni tashkil qilmoqda. Mamlakatda 2030 yilgacha yashirin iqtisodiyot hajmini ikki barobar qisqartirish, rasmiy band aholi sonini 14 million nafarga, naqdsiz to‘lovlar ulushini 75 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Taqdimotda Bosh prokuratura tomonidan yaratilgan va sinov tariqasida ishga tushirilgan “Yashirin iqtisodiyot xaritasi” platformasining imkoniyatlari haqida axborot berildi.
Ta’kidlanishicha, platforma iqtisodiyotning 22 ta asosiy tarmog‘i, 85 ta soha, 14 ta ma’muriy hudud va 208 ta tuman-shahar kesimida yashirin aylanmalar xavfini aniqlash va mas’ullar tomonidan ularning bartaraf etilishini nazorat qilish orqali budjet daromadlarini oshirish hamda sog‘lom raqobatni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Platformani ishlab chiqishda soliq, bojxona, moliya, iqtisodiyot, statistika, ekonometrika va ehtimollar nazariyasi yo‘nalishlari bo‘yicha bir qator malakali mutaxassislar jalb qilinib, yuzdan ortiq xavf mezonlari ishlab chiqilgan hamda ularga hudud va tarmoqlarning o‘ziga xos xususiyatlari, soliq rejimi, tovar aylanmasi, budjet uchun ahamiyati va boshqa omillarni inobatga olgan holda individual koeffitsiyentlar belgilangan. Soha va hududlar kesimida yashirin iqtisodiyot xavfi va ehtimoliy budjet yo‘qotishlarini aniqlash maqsadida platformaga 16 ta mas’ul vazirlik va idoraning axborot tizimlari integratsiya qilingan va barcha ma’lumotlarni real vaqt rejimida qayta ishlash imkoniyati yaratilgan.
Platforma tahlillari asosida yashirin iqtisodiyot xavfi va ehtimoliy budjet yo‘qotishi miqdoridan kelib chiqib, soha va hududlar avtomatik tarzda “yashil”, “sariq” hamda “qizil” toifalarga ajratiladi. Mazkur platforma orqali litsenziyasiz faoliyat yuritish, haqiqiy aylanma, ish o‘rinlari va mehnatga haq to‘lash jamg‘armasini yashirish, rentabellik va foydani kamaytirish kabi xavflar avtomatik aniqlanadi.
Taqdimotda platformaning imkoniyatlaridan foydalangan holda sohada prokuror nazoratini raqamlashtirish orqali uni yangi bosqichga olib chiqish taklif etildi.
Mazkur jarayonda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishga mas’ul vazirlik va idoralarning kuch va vositalari platforma tahlillari asosida manzilli yo‘naltiriladi, ularni nazorat qilishda esa inson omili yanada kamaytiriladi. Yashirin iqtisodiyot xavfi yuqori bo‘lgan soha va hududlar avtomatik tarzda aniqlanadi, sabablar tahlil qilinadi, mas’ul idoralarga manzilli topshiriqlar beriladi, ijro nazorat qilinadi va natijalar baholab boriladi.
Agar tuman yoki shahar darajasida muammo hal etilmasa, masala viloyat bosqichiga, zarur hollarda respublika darajasiga olib chiqiladi. Tizim orqali muammoning ildiz sabablari aniqlanib, uni bartaraf etish, qonunchilikni takomillashtirish va budjet daromadlarini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.
Davlat rahbari yashirin iqtisodiyotni qisqartirishda asosiy e’tibor raqamlashtirish, ma’lumotlar almashinuvini kuchaytirish, inson omilini kamaytirish va nazoratni manzilli tashkil etishga qaratilishi zarurligini yana bir bor ta’kidladi. Mas’ullarga 1 oktyabrga qadar 70 dan ortiq axborot tizimini platformaga integratsiya qilish, 1 yanvarga qadar barcha hududlar va sohalarni ushbu platforma bilan qamrab olib, to‘liq ishga tushirish topshirildi.
Shuningdek, barcha tadbirkorlik sub’yektlari uchun teng raqobat sharoitlarini yaratish va yashirin iqtisodiyotni qisqartirishda mutasaddilarning mas’uliyatini oshirishda prokuror nazoratini kuchaytirish vazifasi qo‘yildi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha qaysi hududlar yetakchi?
2026-yil yanvar–iyun oylarida O‘zbekistonda yirik korxonalar tomonidan 19 trln so‘mlik kiyimlar ishlab chiqarilgan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Andijon viloyatida qayd etilgan — 7,1 trln so‘m. Bu ko‘rsatkich ikkinchi o‘rindagi Toshkent viloyati natijasidan 3 barobardan ko‘proq yuqori.
Toshkent viloyatida kiyim ishlab chiqarish hajmi 2,1 trln so‘m, Namanganda 1,8 trln so‘m, Toshkent shahrida esa 1,7 trln so‘mni tashkil etgan. Farg‘ona viloyatida ham 1,4 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan.
Samarqand viloyatida yirik korxonalar 1 trln so‘mlik kiyim mahsulotlari ishlab chiqargan. Qashqadaryoda bu ko‘rsatkich 897,9 mlrd so‘m, Buxoroda 659,8 mlrd so‘m, Xorazmda 620,1 mlrd so‘m bo‘lgan.
Navoiy viloyatida kiyim ishlab chiqarish hajmi 578 mlrd so‘m, Sirdaryoda 324,7 mlrd so‘m, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 307,8 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Bulardan tashqari, Surxondaryoda 227,1 mlrd so‘m, Jizzax viloyatida esa 203 mlrd so‘mlik kiyim mahsulotlari ishlab chiqarilgan.
Iqtisodiyot
Dushanbadan dollar bilan bog‘liq vaziyat qanday bo‘ladi?
Dushanbadan dollar bilan bog‘liq vaziyat qanday bo‘ladi?
Source link
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda xorijiy investitsiyali korxonalar soni 21 mingga yaqinlashdi
Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2026-yil 1-avgust holatida O‘zbekistonda xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi 20 973 ta korxona faoliyat yuritmoqda.
Ularning 4 685 tasi qo‘shma korxona, 16 288 tasi esa xorijiy korxona hisoblanadi. Bu mamlakatda xorijiy kapital ishtirokidagi biznes subyektlari soni sezilarli ko‘payganini ko‘rsatmoqda.
So‘nggi besh yilda xorijiy investitsiyalar ishtirokida faoliyat yuritayotgan korxonalarning umumiy soni 1,7 barobarga oshgan. Korxonalar soni bo‘yicha Xitoy yetakchilik qilmoqda.
Xitoyga tegishli xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi 6 241 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Bu ko‘rsatkich bilan mamlakatlar reytingida Xitoy birinchi o‘rinni egallagan.
Rossiya 3 512 ta korxona bilan ikkinchi o‘rinda, Turkiya esa 2 327 ta korxona bilan uchinchi o‘rinda qayd etilgan. Keyingi o‘rinlarni Qozog‘iston — 1 321 ta va Janubiy Koreya — 730 ta korxona bilan egallagan.
Shuningdek, Afg‘onistonda 706 ta, Ozarbayjonda 492 ta, Tojikistonda 467 ta, Birlashgan Arab Amirliklarida 453 ta va Hindistonda 439 ta korxona qayd etilgan.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda farmatsevtika ishlab chiqarishi 3 trln so‘mga yetdi
Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–iyun oylarida O‘zbekistonda yirik korxonalar tomonidan qariyb 3 trln so‘mlik asosiy farmatsevtika mahsulotlari va preparatlari ishlab chiqarilgan.
Bu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 22,3 foizga oshgan. Yarim yillik natijalar farmatsevtika sanoatida ishlab chiqarish hajmi o‘sganini ko‘rsatmoqda.
Hududlar kesimida eng katta ishlab chiqarish hajmi Toshkent shahriga to‘g‘ri kelgan. Poytaxtda 1,8 trln so‘mlik farmatsevtika mahsuloti ishlab chiqarilgan.
Sirdaryo viloyati 443,6 mlrd so‘mlik ishlab chiqarish bilan ikkinchi o‘rinni egallagan. Toshkent viloyatida 226,4 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan.
Namangan viloyatida ishlab chiqarish hajmi 169,1 mlrd so‘mni tashkil etgan. Samarqand viloyatida 116,9 mlrd so‘m, Andijonda 71,4 mlrd so‘mlik farmatsevtika mahsuloti ishlab chiqarilgan.
Farg‘onada 53,4 mlrd so‘m, Surxondaryoda 49,3 mlrd so‘m, Qashqadaryoda 15,4 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan.
Xorazm viloyatida 12,1 mlrd so‘m, Buxoroda 7,8 mlrd so‘m, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 3,5 mlrd so‘mlik farmatsevtika mahsuloti ishlab chiqarilgan. Jizzax va Navoiy viloyatlarida esa ishlab chiqarish hajmi 0,1 mlrd so‘mdan qayd etilgan.
Iqtisodiyot
Yangi boshlayotgan tadbirkorlar 5 mlrd so‘mgacha kreditni onlayn rasmiylashtirishi mumkin
Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotida biznes uchun barqaror o‘sish trayektoriyasini ta’minlashga qaratilgan yangi tashabbuslar e’lon qilindi.
Qayd etilishicha, banklar kredit portfelida kichik biznes ulushi 45 foizdan 63 foizga oshgan. 2026-yilning birinchi yarmida kichik va o‘rta biznesga 76,5 trln so‘m resurs ajratilgan.
Tadbirkorlar uchun «kredit xizmatlari yagona raqamli portali» ham ishga tushirildi. U orqali tadbirkor bitta ariza topshiradi, banklar esa mijoz uchun raqobat qiladi. Biznesni endi boshlayotganlar 5 mlrd so‘mgacha kreditni onlayn rasmiylashtirishi mumkin bo‘ladi.
Yangi tizimda biznesning turli bosqichlariga mos dasturlar joriy etiladi. Yangi tadbirkorlar uchun «Biznes start», ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yganlar uchun «Biznes lift», yangi o‘sish bosqichiga o‘tayotganlar uchun «Biznes yuksalish» dasturlari ishlaydi.
«Biznes start» doirasida tadbirkorlarga sun’iy intellekt yordamida loyiha ishlab chiqish, kredit hujjatlari va hisobotlarni yuritish o‘rgatiladi.
Bu maqsadlar uchun 100 mlrd so‘m ajratiladi. Dastur doirasida tadbirkorlarga tayyor biznes-reja hamda 200 mln so‘mgacha garovsiz kredit berish nazarda tutilmoqda.
Yangi yondashuvda tadbirkorlikni faqat kredit bilan ta’minlash emas, balki biznesning keyingi bosqichlarida ham qo‘llab-quvvatlash maqsad qilingan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev bu tizimning maqsadini shunday ifodaladi: «Tadbirkorga kredit berish emas, uni birinchi qadamidan katta biznesga aylangunicha boshidan oxirigacha qo‘llab-quvvatlaydigan kompleks tizim yaratamiz».
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekiston qaysi davlatlarga ko‘proq eksport qilmoqda?
-
Iqtisodiyot4 days ago
Yangi boshlayotgan tadbirkorlar 5 mlrd so‘mgacha kreditni onlayn rasmiylashtirishi mumkin
-
Iqtisodiyot4 days ago
Mikro GESlarni loyihalash va qurish tartibi soddalashtiriladi
-
Mahalliy2 days ago
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi
-
Mahalliy4 days ago
Talabalar uchun o‘quv yili qachon boshlanishi aniq bo‘ldi
-
Mahalliy3 days ago
O‘zbekistonda xorijiy oliygohlar soni 10 yilda 4,3 barobar oshdi
-
Iqtisodiyot23 hours ago
O‘zbekistonda kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha qaysi hududlar yetakchi?
-
Iqtisodiyot4 days ago
Davlat aktivlarini sotib olishda 25 foizgacha chegirma beriladi
