Sport
Do‘stlar sharafiga Lamin Yamal deb nomlangan bola – jahon futbol yulduzi haqida
Lamin Yamal… Bu nomni eshitmagan futbol ishqibozi bo‘lmasa kerak. O‘zining jozibali o‘yinlari bilan 16 yoshidayoq muxlislar e’tiboriga tushgan va ko‘plab rekordlarni yangilagan bu yigit futbol olamiga o‘zgacha zavq bilan kirib keldi. Hozirgi kunda Ispaniya terma jamoasi va “Barselona”ning almashtirib bo‘lmas o‘yinchisiga aylangan Laminning ham tarixi bor.
So‘nggi yigirma yilda jahonning eng kuchli futbolchilari bo‘lib turgan Messi va Ronaldu davri o‘z nihoyasiga yetmoqda. Biri 41 yoshda, boshqasi 24 iyunda 39 ga to‘lgan bu yulduzlarning o‘rnini yana kimlar bosa olishi aniqmas.
Yosh futbolchilar orasidan yangi Messi yoki yangi Ronaldu chiqish-chiqmasligi mavhum bo‘lib turgan paytda futbol olamiga 18 yoshga to‘lmasdan ajoyib natijalar ko‘rsatgan va bir qancha rekordlar o‘rnatgan Lamin Yamal ism sharifli o‘smir kirib keldi.
U 16 yoshidayoq Ispaniya birinchiligi – La liga chempioni, 17 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida Yevropa chempioni, La ligada mavsumning eng yaxshi yosh o‘yinchisi bo‘ladi. Shuningdek, Ispaniyaning asosiy terma jamoasiga chaqiriladi.
Lamin 17 yoshida Ispaniya terma jamoasi tarkibida o‘ynab, Yevropa chempioni bo‘ladi. Yevropaning eng iqtidorli futbolchisiga beriladigan Golden Boy mukofotini qo‘lga kiritadi.
Ko‘plab boshqa futbolchilar qatori Lamin Yamalning ham qiziqarli hayot yo‘li bor. Jumladan, uning Lamin Yamal deb nomlanishining ham o‘z tarixi bor. Hozir shular haqida gaplashamiz.
Do‘stlar sharafiga nomlangan bola
To‘liq ism-sharifi Lamin Yamal Nasroviy Ebana bo‘lgan futbolchi 2007 yil 13 iyulda Ispaniyaning muxtoriyat huquqiga ega bo‘lgan Kataloniya provinsiyasida afrikalik muhojirlar oilasida tug‘iladi.
Lamin Yamalning otasi kelib chiqishi marokashlik bo‘lgan Munir Nasroviy, onasi Ekvotorial gvineyalik Sheyla Ebana ism-sharifli ayol bo‘lgan.
Munir va Sheyla Ispaniyada tanishib oila quradi. O‘sha paytlarda oilaning moliyaviy vaziyati birmuncha og‘ir edi. Shu sababli ularga do‘stlari yordam berib turadi. Ayniqsa Munirning Lamin va Yamal ismli do‘stlari ularning oilasiga ko‘p yaxshiliklar qiladi.
Shu sababli xotini homilador bo‘lgan paytda Munir do‘stlariga agar o‘g‘il farzand ko‘rsa ularning nomini qo‘yishini aytadi. Ko‘p o‘tmay Munir va Sheyla o‘g‘il farzand ko‘rishadi. Ota do‘stlariga bergan va’dasini bajaradi va bolaga Lamin Yamal Nasroviy Ebana deb ism-sharif beradi.
Lamin Yamal uch yoshga to‘lganida oila ajrashib ketadi. O‘shanda u navbati bilan har ikki tomonda – otasi va onasi bilan birga yashaydi. Otasining oldiga kelganida uning tarbiyasi bilan asosan Munirning onasi shug‘ullanadi.
Messi cho‘miltirgan chaqaloq
Bugun ijtimoiy tarmoqlarda futbol dahosi Messining qora tanli chaqaloqni ko‘tarib turgani, uni cho‘miltirayotgani aks etgan suratlar birmuncha mashhur.
Ma’lum bo‘lishicha Messi cho‘miltirayotgan chaqaloq aynan Lamin Yamal. Xo‘sh, futbol yulduzi nega Laminni cho‘miltiradi, uni ko‘tarib suratga tushadi?
Gap shundaki, 2007 yil dekabrda, hali Lamin Yamal olti oylik chaqaloq bo‘lgan kezda “Barselona”ning o‘sha vaqtdagi titul homiylari Diario Sport va YUNISEF maxsus fotosessiya uyushtirishga qaror qiladi
O‘shanda bolalar himoyasi bilan shug‘ullanuvchi YUNISEF fotosessiyada ishtirok etadigan chaqaloqlarni Kataloniyaning nisbatan qashshoq odamlar yashovchi hududlaridan qidirib topadi.
Bolalar orasida qahramonimiz Lamin Yamal ham bor edi. Bolaning ota-onasi fotosessiyada ishtirok etishga nomzodlar tanlovida g‘olib chiqqandi.
Fotosessiyada Barselona yulduzlari va tanlab olingan bolalar ishtirok etadi. Tasodifni qarangki, Messining chekiga aynan Lamin Yamal tushadi va futbolchi u bilan turli ko‘rinishlarda suratga tushadi.
Qisqasi, Messi mitti Laminni bolalar vannasida cho‘miltirayotgani aks etgan surat shunday yaraladi. O‘shanda bu katta futbolga “Barselona” orqali kirib kelgan eng iste’dodli ikki o‘yinchining ajabtovur uchrashuvi bo‘ladi.
Lamin Yamal “La-Masiya”da
Lamin Yamal futbol o‘ynashni to‘rt yoshida mahalliy “La Torreta” havaskor jamoasida boshlaydi. U olti yoshga to‘lganda “Barselona” skautlari e’tiboriga tushadi. Laminni “Barselona” futbol akademiyasi – “La-Masiya”ga mashg‘ulot o‘tkazishga chaqirishadi.
Bola dastlabki mashg‘ulotdanoq “La-Masiya” murabbiylarida ijobiy taassurot qoldiradi va ko‘p o‘tmay Lamin bilan dastlabki shartnoma imzolanadi. U “La-Masiya”da shug‘ullana boshlaydi.
O‘sha paytlarda Laminning kumirlari Ronaldino, Messi va Neymar bo‘lgan. Shu tariqa kechagina qashshoq kvartalda to‘p tepib yurgan bola 7 yoshga to‘lmasdan dunyodagi eng zo‘r futbol akademiyasiga qabul qilinadi.
Lamin “La-Masiya”dagi mashg‘ulotlarda qatnashish bilan birga bolalar o‘rtasidagi turli musobaqalarda qatnashadi va ko‘plab gollar urib, o‘zining qanchalik mahoratli ekanini isbotlaydi.
Lamin “Barselona” va Ispaniya terma jamoasida
Ko‘p o‘tmay Lamin Yamal akademiyadagi eng iqtidorli futbolchiga aylanadi. Bu “Barselona” murabbiylarini befarq qoldirmaydi va 2022 yilga kelib 15 yoshli Lamin asosiy jamoa bilan mashg‘ulotlarda qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
O‘sha paytda “Barselona”ni boshqarib turgan Xavi Laminni ilk bor 2023 yil bahorda La Liga doirasidagi o‘yinlarning birida maydonga tushiradi.
Bu 29 aprel kuni “Real Betis” jamoasiga qarshi o‘yinda sodir bo‘ladi. O‘sha kuni Lamin 15 yosh 291 kunlik edi.
15 va 16 yoshlarida Ispaniyaning turli yoshdagi terma jamoalarida o‘ynagan Lamin Yamal 2023 yil 1 sentabr kuni asosiy terma jamoaga chaqiruv oladi.
So‘ng 8 sentabr kuni murabbiy Luis de la Fuente uni Yevro-2024 musobaqasi doirasida o‘tkazilgan Gurjistonga qarshi o‘yinda maydonga tushiradi. O‘shanda Lamin Yamal 16 yosh 50 kunlik edi. Mahoratli o‘yinchi bu o‘yinda gol urishga muvaffaq bo‘ladi.
Shundan so‘ng Lamin Yamal Ispaniya terma jamoasining asosiy o‘yinchisiga aylanadi va yana gollar urishda davom etadi. Shuningdek, u “Barselona”da ham almashtirib bo‘lmas futbolchiga aylanadi.
Lamin Yamal hozirgacha “Barselona” tarkibida barcha rasmiy musobaqalarda 151 ta o‘yin o‘tkazgan va 48 gol urib, 45 ta golli uzatma bergan. Ispaniya terma jamoasi safida esa 26 ta rasmiy o‘yinda qatnashgan va 6 ta gol urib, 12 ta golli uzatma bergan. Hali 19 ga ham to‘lmagan futbolchi uchun yuqoridagi ko‘rsatkichlar juda zo‘r natija hisoblanadi.
Lamin Yamalning rekordlari
Lamin Yamalning rekordlari bir necha yo‘nalishda amalga oshirilgan. Jumladan, U “Barselona”da, terma jamoada va Yevropa Chempionlar Ligasida alohida rekordlar qayd etgan.
“Barselona”dagi rekordlar
· “Barselona”da o‘ynagan eng yosh o‘yinchi – 15 yosh 291 kunligida (2003 yil aprel, “Real Betis”ga qarshi o‘yin).
· XXI asrda La Ligada boshlang‘ich tarkibda maydonga tushgan eng yosh o‘yinchi – 16 yosh 38 kunligida (“Kadis” jamoasiga qarshi bahs).
· La Ligada golli uzatma bergan eng yosh futbolchi – 16 yosh 45 kunligida (“Vilyareal”ga qarshi o‘yinda).
· La Ligada gol urgan eng yosh o‘yinchi – 16 yosh 87 kunligida (“Granada” jamoasiga qarshi bahsda).
· “El-klassiko” tarixidagi eng yosh futbolchi – 16 yosh 107 kunligida.
· Ispaniya superkubogida o‘ynagan eng yosh futbolchi – 16 yosh 182 kunligida.
· La Ligada dubl qayd etgan eng yosh futbolchi – 16 yosh 213 kunligida (bu hodisa 2024 yil yanvarda “Atletik” jamoasiga qarshi o‘yinda sodir bo‘ladi).
· “Barselona” tarixida rasmiy o‘yinlarda 50, 100 va 150 ta o‘yin o‘tkazgan eng yosh futbolchi.
· “Barselona”da La Liga doirasida 100 ta o‘yin o‘tkazgan eng yosh o‘yinchi.
· “Barselona” bilan 100 ta g‘alabaga erishgan eng yosh o‘yinchi.
· “Barselona” tarkibida 40 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan eng yosh o‘yinchi.
Chempionlar Ligasidagi rekordlari
· Chempionlar Ligasida debyut qilgan “Barselona”ning eng yosh o‘yinchisi – 16 yosh 68 kunligida (Belgiyaning “Antverpen” jamoasiga qarshi).
· Chempionlar Ligasida boshlang‘ich tarkibda maydonga tushgan eng yosh o‘yinchi – 16 yosh 83 kunligida (2023 yil 4 oktyabr, Portuga qarshi o‘yinda).
· Chempionlar Ligasida golli uzatma bergan eng yosh futbolchi – 16 yosh 153 kunligida.
· Chempionlar Ligasida bir o‘yinda gol urgan va golli uzatma bergan eng yosh o‘yinchi – 16 yosh 287 kunligida (2024 yil 16 aprel, PSJga qarshi o‘yinda).
· Chempionlar Ligasida dastlabki 10, 20 va 30 ta o‘yin o‘tkazgan eng yosh futbolchi.
Ispaniya terma jamoasidagi rekordlari
· Ispaniya terma jamoasida debyut qilgan eng yosh futbolchi – 16 yosh 57 kunligida (2023 yil sentabr, Gurjistonga qarshi o‘yinda).
· Ispaniya terma jamoasida gol urgan eng yosh futbolchi – 16 yosh 57 kunligida (2023 yil sentabr, Gurjistonga qarshi o‘yinda).
· Ispaniya termasi safida Yevropa chempionatida to‘p surgan eng yosh o‘yinchi – 16 yosh 339 kunligida.
· Ispaniya termasi safida Yevropa chempionatida golli uzatma bergan eng yosh o‘yinchi – 16 yosh 339 kunligida.
· Yevropa chempionati pley-off bosqichida o‘ynagan eng yosh o‘yinchi – 16 yosh 354 kunligida.
· Yevropa chempionatida gol urgan eng yosh o‘yinchi – 16 yosh 362 kunligida.
· Yevropa chempionati finalida to‘p surgan eng yosh o‘yinchi – 17 yosh 1 kunligida.
· Xalqaro darajadagi musobaqa (Yevropa chempionati)da g‘olib bo‘lgan eng yosh o‘yinchi – 17 yosh 1 kunligida.
Lamin Yamal qo‘lga kiritgan sovrinlar va mukofotlar
Lamin Yamal 18 yoshda bo‘lishiga qaramasdan juda ko‘plab shaxsiy va jamoaviy sovrinlar hamda mukofotlarni qo‘lga kiritgan. Jumladan u:
· 3 karra La Liga chempioni;
· 1 marta Ispaniya kubogi sohibi;
· 2 marta Ispaniya Superkubogi egasi;
· 1 marta Yevropa chempioni;
· 17 yoshlilar o‘rtasidagi Yevropa chempionati to‘purari;
· Yevro-2024da eng yaxshi yosh o‘yinchi;
· Yevro-2024 da eng chiroyli gol sohibi;
· La Liga 2025/2026 mavsumda eng yaxshi o‘yinchi;
· 2024 yilda Yevropaning eng yaxshi yosh o‘yinchisiga beriladigan Golden Boy mukofoti sohibi;
· Xalqaro futbol tarixi va statistikasi federatsiyasi – IFFHS versiyasiga ko‘ra 2024 yilda jahonning eng yaxshi yosh o‘yinchisi;
· “Frans futbol” nashriga ko‘ra 2024 va 2025 yillarda jahonning eng yaxshi yosh o‘yinchisi;
· 2025 yilda Maradona mukofoti va boshqa yana ko‘plab sovrinlar sohibi bo‘lgan.
Lamin Yamal ikkinchi Messi bo‘la oladimi?
Bugun ayrimlar Yamal shu tarzda to‘p surishda davom etsa, juda ko‘p ko‘rsatkichlar bo‘yicha Messidan ham o‘tib ketishi mumkinligini aytmoqda. Boshqalar esa u Messini ortda qoldirishi uchun argentinalikka o‘xshab 20 yil davomida barqaror to‘p surishi lozimligini ta’kidlaydi.
Albatta, Messiga o‘xshab 20 yil davomida barqaror o‘ynash, o‘ynaganda ham gollarni va golli uzatmalarni qalashtirib tashlash osonmas.
Shu paytgacha ko‘rsatgan o‘yiniga qarab aytadigan bo‘lsak va yosh ko‘rsatkichiga qarab baholansa, hozircha Lamin Yamal Messidan oldinda ketmoqda.
Biroq Messi ulg‘aygan sari kuchayib borgan, o‘yin uslubini o‘zgartirgan va takomillashtirgan. 16 yoshidayoq o‘ta iste’dodli bo‘lgan Yamal argentinalik dahoga o‘xshab kelajakda o‘yinini kuchaytirib, takomillashtira oladimi-yo‘qmi hozircha bu mavhum masala.
Laminga kelajakda buyuk futbolchi bo‘lishiga to‘siq bo‘lishi mumkin bo‘lgan bir qancha omillar bor. Ular orasida futbolchilarning doimiy hamrohi sanaladigan jarohatlar birinchi o‘rinda turadi.
Uzoqqa bormaylik, bir necha yil oldin “Barselona”ning va jahon futbolining bo‘lajak yulduzi deb ta’riflangan Ansu Fatining faoliyati aynan jarohatlar tufayli barbod bo‘ldi.
Shu jihatdan olganda Lamin Yamal kelajakda o‘yinlar davomida keskin to‘qnashuvlardan qochib, o‘zini ehtiyot qilishi va jiddiy jarohatlar olmasligi lozim bo‘ladi.
Futbolchining intizomni bir chetga surib, nosog‘lom hayot kechirishi uning buyuk kelajagiga soya solishi mumkin. Ochiqroq aytganda tungi klublarda sang‘ib yurish, ayollarga o‘chlik va hokazolar futbolchining o‘sishiga xalaqit beradigan ishlar hisoblanadi.
Shu o‘rinda bir misol, 2008 yilda Barselona murabbiyi Xosep Gvardiola Ronaldinoni jamoadan ketkazadi. Bunga asosiy sabab Ronaldino tungi klublarning doimiy mijozi edi. Lekin uning ketkazilishiga birgina bu sabab bo‘lmagan.
O‘shanda Ronaldino tungi klublarga yosh Messini ham torta boshlaydi va bu ish Gvardiolaning toqatini toq qiladi. U agar Ronaldinoni jamoadan ketkazmasa ikki futbolchining o‘yinida pasayish bo‘lishi va Messining iste’dodi yo‘q bo‘lib ketishi mumkinligini anglab yetadi. Shu tufayli qat’iy chora ko‘radi.
Shuningdek, Lamin Yamal kamolotga yetishi uchun qiziqqon xarakterini biroz o‘zgartirishi va Messiga o‘xshab og‘ir va bosiq bo‘lishi shart.
Bundan tashqari Lamin Yamalning buyuk futbolchi bo‘lishi uchun murabbiy ham muhim rol o‘ynaydi. Futbolchi bu masalada nolimasa ham bo‘ladi. Hatto murabbiylikda tajribasi biroz kam bo‘lgan Xavi ham unga ishongan va 15 yoshidayoq asosiy jamoaga jalb etgandi.
“Barselona”ning hozirgi murabbiyi Hans Flik va Ispaniya termasini boshqarib turgan Luis de la Fuente unga muntazam ishonch bildirib kelmoqda.
Yamal ikkinchi Messi bo‘la oladimi-yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi. Biz esa otasining do‘stlari sharafiga nomlangan yosh yulduz o‘yinlaridan bahra olishda davom etamiz.
P.S. Maqola yozilayotgan kezda Yamal jahon chempionati guruh bosqichi doirasida Ispaniya-Saudiya o‘yinida maydonga tushib 10-daqiqada gol urdi. Natijada u Peledan so‘ng 19 yoshga to‘lmasdan jahon chempionatida gol urgan ikkinchi futbolchiga aylandi.
Sport
Prezident shaxmatchilar haqida kitob va filmlar yaratilishiga ishonch bildirdi
Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilar bilan uchrashuvda Javohir Sindorov, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidovning Olimpiadadagi o‘yinlarini alohida e’tirof etdi.
Prezident Javohir Sindorovga murojaat qilib, bir necha oy avval uning Nomzodlar turniridagi tarixiy g‘alabasi nishonlanganini esladi. Olimpiadada ham Javohir Sindorov sovuqqonlik va barqarorlik ko‘rsatib, kuchli raqiblar oldida ortga chekinmagani ta’kidlandi.
«Endi oldingda yana bir ulkan marra — jahon toji uchun bellashuv turibdi. Bugun ortingda nafaqat jamoadoshlaring va ustozlaring, balki qirq millionga yaqin O‘zbekiston xalqi turibdi. Biz senga ishonamiz!» — dedi davlat rahbari.
Yirik musobaqada ilk bor ishtirok etgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dextyarovni qora donalarda mag‘lub etdi.
Uning g‘alabasi jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni olib keldi. Prezident uning g‘ayrati va g‘alabalari muxlislar ko‘nglidan joy olganini ta’kidladi.
Shamsiddin Vohidov ham umumiy natijaga munosib hissa qo‘shdi. U amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.
Prezident oltin medal jamoaning har bir a’zosi mehnati va hissasi natijasi ekanini ta’kidladi.
«Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor», — dedi Prezident.
Davlat rahbari shaxmatchilar haqida hali kitoblar yozilishi, filmlar yaratilishi va ularning o‘yin uslubi darsliklarga kirishiga ishonch bildirdi.
Sport
Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining uchta mintaqaviy filiali ochiladi
Yosh shaxmatchilarni tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish uchun Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Farg‘onada uchta mintaqaviy filiali tashkil etiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylarni tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.
FIDE reytingida 1 ming 500 dan yuqori ball to‘plagan shaxmatchilarning xususiy klublarda o‘qish xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplanadi. Bu yosh iste’dodlarning tayyorgarligini davom ettirishiga qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Mamlakatimizda “O‘zbekiston Grand Chess” milliy brendi ostida xalqaro turnirlar muntazam o‘tkazib boriladi. Bu shaxmatchilarimizga kuchli raqiblar bilan o‘z yurtimizda bellashish imkonini beradi.
Prezidentimiz Yangi Toshkentda 500 kishilik o‘yin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.
Sport
O‘zbekiston Osiyo o‘yinlari turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarildi
O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyadagi Osiyo o‘yinlarining bugungi kunini oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritish bilan boshladi.
Shahriyor Mahkamov baydarkachilar o‘rtasida 500 metr masofaga kechgan yakkalik poygalarida marrani birinchi bo‘lib zabt etib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.
Terma jamoamizning yana bir a’zosi Arina Tanatmisheva esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. U 500 metr masofaga kechgan yakkalik dasturida marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.
Shuningdek, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zolari Vladlen Denisov hamda Nilufar Zokirova juftligi kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Hozirgacha o‘tkazilgan musobaqalardan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Jami 34 ta medal qo‘lga kiritildi: 8 ta — oltin, 17 ta — kumush, 9 ta — bronza.
Aichi-Nagoya-2026 musobaqalarida medallar jamg‘arish bo‘yicha Xitoy peshqadamlik qilmoqda, Yaponiya — ikkinchi, Janubiy Koreya — uchinchi o‘rinda.
Sport
O‘zbekiston U-23 yarim finalda Yaponiyaga qarshi o‘ynaydi
O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo o‘yinlari yarim finalidagi raqibi ma’lum bo‘ldi.
Chorak finalda Yaponiya terma jamoasi KXDRni 1:0 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.
Shu tariqa, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi final yo‘llanmasi uchun musobaqa mezboni Yaponiyaga qarshi maydonga tushadi.
Uchrashuv 30-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:30 da “Nagai” stadionida boshlanadi.
Sport
O‘zbekiston shaxmatchilari Armanistonni mag‘lub etib, yetakchilikni saqlab qoldi
Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 10-turi O‘zbekistonning birinchi jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev va Muhiddin Madaminov ishtirok etgan O‘zbekiston-1 jamoasi Armanistonni mag‘lub etdi.
Abdusattorov, Sindarov va Madaminov o‘z raqiblaridan ustun keldi. Shu tariqa, O‘zbekiston-1 jamoasi 18 ochko bilan musobaqada yetakchilikni saqlab qoldi.
O‘zbekiston-2 jamoasi Hindistonga imkoniyatni boy berdi. O‘zbekiston-3 esa Isroilga qarshi keskin bahsda kichik hisobda mag‘lub bo‘ldi.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi 10-turda O‘zbekiston-1 jamoasi Peru vakillarini yirik hisobda mag‘lub etdi.
27-sentyabr kuni Olimpiadaning so‘nggi — 11-tur bahslari o‘tkaziladi. Uning yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindor jamoalar aniqlanadi.
-
Iqtisodiyot4 days ago
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
-
Jamiyat3 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot16 hours ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Jamiyat12 hours ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat11 hours ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
