Sport
JChda 7-kun. Ronaldu Messiga javob qilolmadi, Angliya shou uyushtirdi
Portugaliya kamtarona Kongo DR bilan o‘yinda ishonchni oqlay olmadi, Angliya va Xorvatiya turnirning hozircha eng yaxshi o‘yinini o‘tkazishdi.
Jahon chempionatining navbatdagi kuni ham voqealarga boy bo‘ldi. O‘zbekiston turnirda ilk o‘yinini o‘tkazdi va ilk golini urdi, Gana Panamani so‘nggi daqiqalarda urilgan gol bilan ranjitdi, Krishtianu Ronaldu boshchiligidagi Portugaliya milliy jamoasi Kongoni DR milliy jamoasini mag‘lub etolmadi, Angliya va Xorvatiya o‘yinida esa haqiqiy triller kuzatildi.
Hakamlar yana diqqat markazida: ilk bor ayol hakam JCh o‘yiniga tayinlandi, ekspertlar esa Argentina va Jazoir uchrashuvida Shimon Marchinyak Lionel Messini maydondan chetlatmay, xato qilgan deb hisoblamoqda.
Portugaliyada yo‘qotish
Portugaliya – Kongo DR 1:1
Gollar: Joau Nevesh, 6 (1:0). Vissa, 45+5 (1:1)
Portugaliya: Koshta, Arauju, Veyga, Nunu Mendesh (Semedu, 72), Joau Kanselu, Joau Nevesh, Vitinya (Ramush, 83), Brunu Fernandesh, Pedru Netu (Leau, 72), Bernardu Silva (Konseysau, 46), Krishtianu Ronaldu
Kongo DR: Mpasi-Nzau, Kapuadi, Tuanzebe, Mbemba, Masuaku (J. Kayyembe, 74), Van-Bissaka (Kalulu, 85), Mutussami, E. Kayyembe (Pikel, 74), Mukau (Sadiki, 57), Bakambu (Banza, 85), Vissa
Ogohlantirishlar: Bernardu Silva, 13. Semedu, 88. Arauju, 90 – Mbemba, 32
Bir kun oldin Lionel Messi Jazoir darvozasiga het-trik qayd etib, Krishtianuga chaqiriq tashlagandi. Muxlislar uning portugaliyalik azaliy raqibidan javob kutishgandi va «An-Nasr» forvardi Afrikadan kelgan kamtaron jamoaga qarshi o‘yinda bu vazifani uddalaydigandek ko‘ringandi ham.
O‘yinning oltinchi daqiqasidayoq 174 santimetrlik Joau Nevesh Pedru Netuning uzatmasini bosh bilan golga aylantirganida bu fikr yanada mustahkamlangandi. Ammo shundan keyin portugallar hech narsa o‘ylab topa olishmadi. Bo‘lim oxirida esa kongoliklar hujumchisi Yoan Vissa hisobni tenglashtirdi.
O‘yinning ikkinchi bo‘limida ham portugaliyaliklar raqib darvozasi atrofida xavfli vaziyatlar yarata olmadi. Yakunda o‘yin 1:1 hisobidagi sensatsion durang bilan yakunlandi.
Ronaldu esa yirik turnirlarda qatorasiga 10 o‘yindan buyon gol ura olmayapti. Opta Spors qayd etishicha, bu uning jahon va Yevropa chempionatlaridagi antirekord seriyasi hisoblanadi.
Turnirning eng yaxshi o‘yini
Angliya – Xorvatiya 4:2
Gollar: Keyn, 12 – penalti (1:0). Baturina, 36 (1:1). Keyn, 42 (2:1). Musa, 45+5 (2:2). Bellinghem, 47 (3:2). Reshford, 85 (4:2)
Angliya: Pikford, Konsa, Stouns (Geyi, 87), O`Rayli, Jyeyms, Rays (Rodjyers, 72), Anderson, Bellinghem (Spens, 79), Gordon (Saka, 72), Madueke (Reshford, 72), Keyn
Xorvatiya: Livakovich, Vushkovich (Matanovich, 66), Gvardiol, Shutalo, Modrich (Kovachich, 58), M. Pashalich (Vlashich, 78), Perishich, Stanishich, Baturina (Kramarich, 78), Suchich, Musa (M. Pashalich, 66)
Angliya – Xorvatiya juftligi oldindan birinchi turdagi eng yorqin afisha sifatida ko‘rilayotgandi. Va amalda ham jamoalar kutilmalarni oqladi. Gollar shousi 10-daqiqadayoq boshlandi: Luka Modrich o‘z jamoasi jarima maydonida Noni Maduekega qarshi fol ishlatdi, Harri Keyn esa birinchi urinishda yaxshi zarba bera olmadi, ammo hakamlar bu vaziyatda darvozabon zarbadan oldin chiziqni tark etgan deb topishdi va ingliz hujumchisiga ikkinchi imkoniyatni taqdim etishdi. Bu safar hujumchi Dominik Livakovichga hech qanday imkon qoldirmadi.
Bo‘lim oxirida jamoalar xuddi ko‘cha bokchilaridek zarbalar almashinuvini amalga oshirishdi va gollar ham urildi. Avvaliga Martin Baturin hisobni tenglashtirdi, Keyn burchak zarbasidan keyin jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi, bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda Petar Musa inglizlar jamoasi himoyasidagi xatodan foydalanib, yana muvozanatni tikladi.
Ikkinchi bo‘lim startini Angliya futboli tarixiga kiritish mumkin: Tomas Tuxel shogirdlari 10 daqiqa ichida 9 zarba berdi, shundan bittasi golga aylandi. Agar Livakovich bo‘lmaganida o‘yin taqdiri shu daqiqalarda hal bo‘lib ulgurgan bo‘lardi.
Shundan keyin o‘yin sur’ati pasaydi va xorvatlarda o‘yinga qaytish uchun imkoniyat saqlanib turdi. Tuxel esa uchtalik almashtirish qilib, Saka, Reshford va Rodjyersni maydonga tashladi. Qolgan vaqt davomida ulardan birining pasini ikkinchi golga aylantirib, yakuniy hisobni o‘rnatdi – 4:2.
Gana g‘alabani ilib ketdi
Gana – Panama 1:0
Gol: Yirenkiy, 90+5 (1:0)
Gana: Ati-Zidji (Asare, 46), Adjyeti, Opoku, Mensa, Senayya, Yirenkiy, Ovusu (Sibo, 78), Semenyo, Nuama (Fatavu, 58), Sulemana (Tomas-Asante, 58), Ayyu (Adu, 87)
Panama: Moskera, Kordoba, Andrade, Ramos, Barsenas, Harvi, Blekmen (Godoy, 90), Murilo, Rodriges (Dias, 74), Martines (Faxardo, 63), Uoterman (Londono, 63)
Ogohlantirishlar: Yirenkiy, 16 – Blekmen, 72. Harvi, 90
Panamaliklar uchun bu jahon chempionati tarixidagi ikkinchi ishtirok bo‘lmoqda. Markaziy amerikaliklar 2018 yil Rossiyada bo‘lib o‘tgan turnirda Belgiya, Angliya va Tunis bilan bir guruhdan joy olib, birorta ochko qo‘lga kirita olmagandi. Bu safar esa jamoa ilk ochkosini qo‘lga kiritishga juda yaqin keldi: Tomas Kristiansen shogirdlari jamoaviy o‘yinni yaxshi qura olgani ma’lum bo‘ldi, Gana esa turnirga eng yaxshi holatida yetib kelmagani bilinib qoldi. Afrikaliklar o‘rtoqlik uchrashuvlaridagi muvaffaqiyatsiz natijalardan keyin bosh murabbiyni almashtirishdi va bu lavozimga tajribali Karlush Keyrushni olib kelishdi. Turnir startida esa tarkib bilan bog‘liq muammo yuzaga keldi: Panamaga qarshi Kanadada bo‘ladigan o‘yinga jamoa yetakchilaridan biri, tayanch yarimhimoyasi Tomas Parti qatnasha olmaydigan bo‘ldi: unga ushbu mamlakat hukumati viza bermadi.
Panama o‘yin debyutidayoq hisobni ochishi mumkin edi, ammo ganaliklar darvozaboni Lourens Ati-Zidji ajoyib seyv ijro etdi. Shundan keyin o‘yin kartinasi o‘zgardi: to‘qnashuvlar ko‘payib, aniq uzatmalar kamaydi, jamoalar hujumning oxirgi qismida xato qarorlar tufayli to‘p yo‘qotishdi.
Ikkinchi bo‘limda ham syujyet o‘zgarmadi va barchasi golsiz durangga qarab keta boshladi. Ammo o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda ganaliklar saviyadagi farqni namoyish etishdi: 90+5-daqiqada «Manchester Siti» vingeri Antuan Semenyoo boshlab bergan hujumda Brendon Tomas-Asante chap qanotda oldinga yurib davom ettirdi va jarima maydoniga kirib borgan sherigi Kaleba Yirenkini golli pas bilan ta’minladi – 0:1.
Bu orqali Keyrush jahon chempionatlarida g‘alabaga erishgan eng keksa yoshli murabbiyga aylandi. Portugaliyalik mutaxassis 73 yoshda, uning uchun bu karerasidagi beshinchi jahon birinchiligi bo‘lmoqda.
O‘zbekistonda debyut
O‘zbekiston – Kolumbiya 1:3
Gollar: Munyos, 40 (0:1). Fayzullayev, 60 (1:1). Dias, 65 (1:2). Kampas, 90+9 (1:3)
O‘zbekiston: Yusupov, Abdullayev, Ashurmatov (O‘rozov, 77), Husanov, Mozgovoy, Shukurov, Nasrullayev (Sayfiyev, 46), Karimov, O‘runov (Hamdamov, 46), Fayzullayev (Amanov, 77), Shomurodov (Sergeyev, 90+3)
Kolumbiya: Vargas, Lukumi, Sanches, Mohika, Munyos, Lerma, Arias (Kastanyo, 90+3), Puerta (Rios, 80), Dias (Gomes, 90+3), Hames Rodriges (Kampas, 72), Suares (Ernandes, 80)
Ogohlantirishlar: Husanov, 34 – Mohika, 7
Turnirning eng hujumkor jamoalaridan biri sanalgan kolumbiyaliklar turnir debyutantiga qarshi bir bo‘lim davomida deyarli hech narsa qila olishmadi. Janubiy amerikaliklar kutilganidek to‘pga egalik qilishdi va vaziyatlar yaratishdi, ammo o‘zbekistonliklar himoyada ishonchli harakat qilishdi. Ammo bo‘lim yakunlanishi arafasida kolumbiyaliklar qaytarilgan navbatdagi hujumni ikkinchi tempda davom ettirib, o‘z maqsadiga erishdi: Luis Dias to‘pni havolatib himoyachilar ortiga tashlab berdi, unga yetib borgan Daniel Munyos darvozabonga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Fabio Kannavaro shogirdlari esa bo‘lim davomida birorta golli vaziyat yarata olishmadi.
Lekin italiyalik mutaxassisning tanaffusda qilgan o‘zgarishlari samara berdi va 60-daqiqada O‘zbekiston hisobni tenglashtirdi: Shomurodov yo‘llagan zarbani darvozabon qaytardi, ammo to‘pga birinchi bo‘lib yetib kelgan Abbos Fayzullayev osonlik bilan darvozani ishg‘ol etdi.
Lekin turnir debyutantlari hisobni saqlash o‘rniga hujumga o‘tishdi va jazolanishdi: Dias yana bir bor o‘z darajasini namoyish etib, g‘alaba golini urdi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Haminton Kampas yakuniy hisobni o‘rnatdi – 3:1.
Messi nega yig‘ladi?
Jazoirga qarshi o‘yind Lionel birinchi golidan keyin ko‘z-yosh to‘kkani ko‘pchilikning e’tiborini tortgandi. Argentinalik forvard o‘yindan keyingi matbuot anjumanida hissiyotlarini jilovlay olmagani futbol bilan bog‘liq emasligini aytdi.
La Opinion nashri buning sababini aniqlagan: futbolchi otasi xastaligini o‘ta og‘ir qabul qilgan. Jahon chempionati arafasida katta Messining ahvoli og‘irlashib qolgan.
JCh tarixidagi ikkinchi ayol arbitr
Turnirda erkak hakamlar mojaroli qarorlari bilan shov-shuvlarga sabab bo‘layotgan mahalda FIFA amerikalik ayol hakam Tori Pensoga murojaat qildi — guruh bosqichida Chexiya va JAR o‘yinini boshqarish unga ishonib topshirildi.
Bu jahon chempionatlari tarixidagi ikkinchi holat bo‘ldi. Mundialdagi birinchi ayol hakam fransiyalik Stefani Frappar bo‘lgandi, u 2022 yilgi turnirda Germaniya — Kosta-Rika o‘yinida ishlagan.
Navbatda qanday o‘yinlar bor?
Jahon chempionatida birinchi tur yakunlandi. Bugun va ertaga ikkinchi tur doirasida quyidagi uchrashuvlar o‘tkaziladi
21.00 Chexiya — JAR
00.00 Shveytsariya — Bosniya va Hersegovina
3.00 Kanada — Qatar
6.00 Meksika — Janubiy Koreya
Sport
Prezident shaxmatchilar haqida kitob va filmlar yaratilishiga ishonch bildirdi
Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilar bilan uchrashuvda Javohir Sindorov, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidovning Olimpiadadagi o‘yinlarini alohida e’tirof etdi.
Prezident Javohir Sindorovga murojaat qilib, bir necha oy avval uning Nomzodlar turniridagi tarixiy g‘alabasi nishonlanganini esladi. Olimpiadada ham Javohir Sindorov sovuqqonlik va barqarorlik ko‘rsatib, kuchli raqiblar oldida ortga chekinmagani ta’kidlandi.
«Endi oldingda yana bir ulkan marra — jahon toji uchun bellashuv turibdi. Bugun ortingda nafaqat jamoadoshlaring va ustozlaring, balki qirq millionga yaqin O‘zbekiston xalqi turibdi. Biz senga ishonamiz!» — dedi davlat rahbari.
Yirik musobaqada ilk bor ishtirok etgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dextyarovni qora donalarda mag‘lub etdi.
Uning g‘alabasi jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni olib keldi. Prezident uning g‘ayrati va g‘alabalari muxlislar ko‘nglidan joy olganini ta’kidladi.
Shamsiddin Vohidov ham umumiy natijaga munosib hissa qo‘shdi. U amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.
Prezident oltin medal jamoaning har bir a’zosi mehnati va hissasi natijasi ekanini ta’kidladi.
«Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor», — dedi Prezident.
Davlat rahbari shaxmatchilar haqida hali kitoblar yozilishi, filmlar yaratilishi va ularning o‘yin uslubi darsliklarga kirishiga ishonch bildirdi.
Sport
Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining uchta mintaqaviy filiali ochiladi
Yosh shaxmatchilarni tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish uchun Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Farg‘onada uchta mintaqaviy filiali tashkil etiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylarni tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.
FIDE reytingida 1 ming 500 dan yuqori ball to‘plagan shaxmatchilarning xususiy klublarda o‘qish xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplanadi. Bu yosh iste’dodlarning tayyorgarligini davom ettirishiga qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Mamlakatimizda “O‘zbekiston Grand Chess” milliy brendi ostida xalqaro turnirlar muntazam o‘tkazib boriladi. Bu shaxmatchilarimizga kuchli raqiblar bilan o‘z yurtimizda bellashish imkonini beradi.
Prezidentimiz Yangi Toshkentda 500 kishilik o‘yin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.
Sport
O‘zbekiston Osiyo o‘yinlari turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarildi
O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyadagi Osiyo o‘yinlarining bugungi kunini oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritish bilan boshladi.
Shahriyor Mahkamov baydarkachilar o‘rtasida 500 metr masofaga kechgan yakkalik poygalarida marrani birinchi bo‘lib zabt etib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.
Terma jamoamizning yana bir a’zosi Arina Tanatmisheva esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. U 500 metr masofaga kechgan yakkalik dasturida marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.
Shuningdek, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zolari Vladlen Denisov hamda Nilufar Zokirova juftligi kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Hozirgacha o‘tkazilgan musobaqalardan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Jami 34 ta medal qo‘lga kiritildi: 8 ta — oltin, 17 ta — kumush, 9 ta — bronza.
Aichi-Nagoya-2026 musobaqalarida medallar jamg‘arish bo‘yicha Xitoy peshqadamlik qilmoqda, Yaponiya — ikkinchi, Janubiy Koreya — uchinchi o‘rinda.
Sport
O‘zbekiston U-23 yarim finalda Yaponiyaga qarshi o‘ynaydi
O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo o‘yinlari yarim finalidagi raqibi ma’lum bo‘ldi.
Chorak finalda Yaponiya terma jamoasi KXDRni 1:0 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.
Shu tariqa, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi final yo‘llanmasi uchun musobaqa mezboni Yaponiyaga qarshi maydonga tushadi.
Uchrashuv 30-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:30 da “Nagai” stadionida boshlanadi.
Sport
O‘zbekiston shaxmatchilari Armanistonni mag‘lub etib, yetakchilikni saqlab qoldi
Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 10-turi O‘zbekistonning birinchi jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev va Muhiddin Madaminov ishtirok etgan O‘zbekiston-1 jamoasi Armanistonni mag‘lub etdi.
Abdusattorov, Sindarov va Madaminov o‘z raqiblaridan ustun keldi. Shu tariqa, O‘zbekiston-1 jamoasi 18 ochko bilan musobaqada yetakchilikni saqlab qoldi.
O‘zbekiston-2 jamoasi Hindistonga imkoniyatni boy berdi. O‘zbekiston-3 esa Isroilga qarshi keskin bahsda kichik hisobda mag‘lub bo‘ldi.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi 10-turda O‘zbekiston-1 jamoasi Peru vakillarini yirik hisobda mag‘lub etdi.
27-sentyabr kuni Olimpiadaning so‘nggi — 11-tur bahslari o‘tkaziladi. Uning yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindor jamoalar aniqlanadi.
