Iqtisodiyot
“Asosiy stavka ta’sirchanligini oshirish choralarini ko‘ramiz” – Ishmetov
Markaziy bank raisi Timur Ishmetov davlat banklari ulushi yuqoriligi pul-kredit siyosati transmissiyasini cheklayotgani haqidagi senator savoliga javob berarkan, buning uchun yangi instrumentlar kiritilayotganini aytdi. “2020-2025 yillarda strategiyadagi barcha ko‘rsatkichlarga erishilmagan bo‘lsa ham, davlat ulushini o‘sha paytdagi 85 foizdan bugunga kelib 63 foizgacha tushirishga erishdik”, – dedi u.
Foto: Senat matbuot xizmati
Senatning 13 iyun kungi yalpi majlisida senator Sodiqjon Turdiyev Markaziy bank raisi Timur Ishmetovga bank sektorida davlat ishtirokining yuqoriligicha qolayotgani haqida savol berdi. Turdiyevga ko‘ra, davlat ishtirokining yuqoriligi bozor mexanizmlari va raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
“Shundan kelib chiqib, mening savolim shundan iboratki, davlat banklari ulushining yuqoriligi pul-kredit siyosati transmissiyasini qanchalik cheklamoqda? Markaziy bank tomonidan ushbu masalani ijobiy hal etish bo‘yicha qanday aniq chora-tadbirlar belgilanyapti?” – deya so‘radi senator.
Ishmetovning so‘zlariga ko‘ra, bank sektorida davlat ulushining yuqoriligi – Markaziy bank asosiy stavkasining iqtisodiyotga to‘liq va tez o‘tishiga ma’lum bir darajada ta’sir qilishi tabiiy.
“Ayniqsa, ayrim davlat dasturlari doirasida ajratilgan resurslar. Bozor stavkalariga nisbatan ularga kamroq ta’sir bo‘ladi. Umuman, men ma’ruzada aytib o‘tgan Xalqaro valuta jamg‘armasi va Jahon banki tomonidan 2024–2025 yillarda o‘tkazilgan moliyaviy sektorni baholash dasturi natijalarida ham shu masalalar aks etgan. Moliya sektorini biz yanada bozor tamoyillari asosida rivojlantirishga o‘tishimiz kerak”, – dedi regulyator rahbari.
Timur Ishmetov 2020–2025 yillarda bank tizimini rivojlantirish strategiyasida belgilangan maqsadlarning hammasiga erishilmagan bo‘lsa ham, lekin davlat ulushi o‘sha paytdagi 85 foizdan bugungi paytga kelib 63 foizgacha tushirilganini ta’kidladi.
“Uchta bank xususiylashtirildi. Keyingi 2030 yilgacha mo‘ljallangan strategiyada ham biz bu ishni davom ettiramiz. Shu bilan birga, davlat banklarini yanada transformatsiya qilishni oshirib boramiz va pul-kredit siyosati transmissiyasini faqat bu davlat banklarining ulushiga qarab o‘tirmasdan, umuman, o‘zimizning instrumentlarimizni [kiritamiz]. Mana, o‘tgan yili ham keskin yangi instrumentlar kiritdik. Ta’sirchanligini oshirish uchun bu yil ham pul-kredit siyosati instrumentlarini takomillashtirib boramiz va monetar siyosat instrumentlarining, Markaziy bankning asosiy stavkasi ta’sirchanligi darajasini oshirib borishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiramiz”, – dedi u.
Avvalroq Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026 yilda 6,5 foizga, 2027 yilda esa 6 foizga o‘sishini prognoz qilgani ma’lum qilingandi. Bank hisobotida xususiylashtirish jarayonlari kutilgandan tezroq kechsa, o‘sish sur’atlari yuqoriroq bo‘lishi mumkinligi ta’kidlangan.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston shokolad importining qariyb 70 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelmoqda
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonga 46 davlatdan qariyb 28,5 ming tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan.
Import qilingan mahsulotlarning umumiy qiymati 123,7 mln AQSh dollarini tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 ming tonnaga yoki 6 foizga ko‘p.
Import hajmi bo‘yicha Rossiya keskin ustunlik qilgan. Yilning dastlabki yetti oyida Rossiyadan O‘zbekistonga 19,5 ming tonna shokolad mahsulotlari yetkazib berilgan.
Rossiyadan kelgan shokolad mahsulotlari umumiy importning qariyb 70 foizini tashkil etgan. Keyingi o‘rinda Ukraina bo‘lib, undan 2,2 ming tonna mahsulot import qilingan.
Qozog‘istondan 914 tonna, Belarusdan 805,2 tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan. Litvadan import 746,2 tonnani tashkil etgan.
Turkmaniston 715,2 tonna, Turkiya esa 569,5 tonna ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinlarda qayd etilgan. Qolgan davlatlar hisobiga 3 ming tonna mahsulot to‘g‘ri kelgan.
Iqtisodiyot
Andijonda Shavkat Mirziyoyev raisligida yig‘ilish boshlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida viloyat iqtisodiyoti 8,8 foiz, sanoat 9,2 foiz, xizmatlar 16,1 foiz, investitsiyalar 8,9 foizga o‘sgani qayd etildi.
– Bizga o‘sishdagi raqamlar emas, balki har bir ko‘rsatkich har bir oilaning kundalik hayotiga qanday o‘zgarish olib kirgani muhim,– dedi davlatimiz rahbari.
Andijonda yer va tabiiy boyliklar cheklangan bo‘lsa-da, harakatchan aholi, kuchli tadbirkorlik ruhi, ko‘p sonli yoshlar, sanoat maktabi va katta bozor kabi imkoniyatlar borligi ta’kidlandi.
So‘nggi o‘n yilda viloyatga respublika budjetidan 20 trillion so‘m, banklar tomonidan tadbirkorlik uchun 90 trillion so‘m yo‘naltirildi. Birgina joriy yilda aholi farovonligini oshirishga 6 trillion so‘m ajratildi.
Hokimlarga berilgan vakolatlar va yaratilgan moliyaviy imkoniyatlar shunga munosib natijaga aylanishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Iqtisodiyot
Fermer va klasterga har bir tonna paxta uchun 500 ming so‘mdan subsidiya beriladi
Prezident raisligidagi yig‘ilishda tashqi bozorda paxtaga talab pasayib, eksport logistikasi xarajatlari oshib borayotgan sharoitda fermerlar, klasterlar va tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rib chiqildi. Prezidentning Andijon viloyatiga tashrifi doirasida qishloq xo‘jaligi va sanoatni rivojlantirishga oid qator vazifalar belgilandi.
Paxtani birja orqali sotgan fermerga ham, uni sotib olgan klasterga ham har tonna uchun 500 ming so‘mdan subsidiya berish belgilandi. O‘z yerida paxta yetishtirgan klasterlar esa har gektar uchun 1,5 mln so‘mdan subsidiya oladi.
Tayyor mahsulot eksportchilarining xorijiy valyutadagi kreditlari bo‘yicha foizlarning 5 foizdan, milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha 14 foizdan oshgan qismini uch yil davomida kompensatsiya qilish bo‘yicha hisob-kitoblar tayyorlanadi. Shuningdek, marketpleyslar orqali sotilgan mahsulot qiymatining 3 foizini qaytarish masalasi o‘rganiladi.
Shuningdek, yig‘ilishda Jalaquduq, Marhamat, Asaka va Andijon tumanlaridagi adir yerlarini iqtisodiy aylanmaga kiritish bo‘yicha yangi choralar ham belgilandi.
«Agrostar» kompaniyasi tashkil etilib, bahorga qadar 4–5 ming gektar maydonga suv chiqarish va shaftoli, gilos, o‘rik, olxo‘ri kabi sanoatlashgan bog‘larni barpo etish boshlanadi. Bog‘lar uch yil parvarish qilinib, aholiga tayyor holda taklif etiladi.
Bu maqsadlarga 30 mln dollar, adirlarga suv chiqarish ishlariga esa 200 mlrd so‘m ajratiladi. Meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash darajasini 16 foizdan 30 foizga yetkazish va eksportni 500 mln dollarga oshirish vazifasi ham qo‘yildi.
Meva-sabzavotchilikda «gektardan — maksimal qiymat» tamoyiliga o‘tish belgilandi. Kichik qayta ishlash uskunalarini aholiga lizing asosida berish uchun 100 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.
Baliqchi tumanida 5 gektar maydonda tashkil etilgan issiqxona loyihasini respublika bo‘ylab ommalashtirish belgilandi. Bu maqsadga 300 mlrd so‘m, shu jumladan, Andijon uchun 50 mlrd so‘m ajratiladi.
