Jamiyat
Ishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan “soxta prokuror“ ushlandi
Qashqadaryo viloyatida o‘zini prokuratura xodimi sifatida tanishtirib, fuqaroning yaqinini Mudofaa vazirligi tizimiga ishga joylashtirib berishni va’da qilgan shaxs qo‘lga olindi. U kelishilgan 3 ming AQSh dollarining yarmini olgan vaqtida ushlangan.
Foto: Prokuratura Departamenti
Bosh prokuratura, departamentning Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi hamda departamentning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda firibgarlik holatiga chek qo‘yildi.
Ma’lum bo‘lishicha, zaxiradagi kichik serjant U.K. fuqaro A.O.ga o‘zini Qashqadaryo viloyati prokuraturasi xodimi sifatida tanishtirgan. U fuqaroning ukasi L.O.ni Mudofaa vazirligining yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali vazirlik tizimiga ishga joylashtirib berishini aytgan.
Buning evaziga u 3 ming AQSh dollari talab qilgan. Tezkor tadbir davomida kelishilgan mablag‘ning 1 500 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 28, 211-moddalari (pora berishga dalolat qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Behzodjon Karimov Davlat kadastrlari palatasi raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi
Behzodjon Karimov Davlat kadastrlari palatasi raisi vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi etib tayinlandi.
Davlat kadastrlari palatasida tashkiliy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Kadastr agentligi direktori Turdiyev Sadriddin Abdullayevich ishtirok etdi.
Yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Davlat kadastrlari palatasi raisi Valiyev Mohir Kamolovichning boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan Davlat kadastrlari palatasi raisi vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi etib Karimov Behzodjon Ilhomovich tayinlangani ma’lum qilindi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar Moxir Valiyevning kelgusi faoliyatiga ulkan muvaffaqiyatlar tiladilar.
Jamiyat
Ayrim toifadagi fuqarolarga teatr, kino va konsertlar uchun vaucher berilishi mumkin
O‘zbekistonda «Ijtimoiy karta» orqali o‘qituvchilar, shifokorlar, davlat xizmatchilari, faol o‘quvchi va talabalar, shuningdek, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlari hamda nogironligi bo‘lgan bolalarga teatr, kino va konsert tadbirlari uchun bepul va imtiyozli vaucherlar berish taklif qilinmoqda.
Bu bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqilgan.
Loyihaga ko‘ra, har yili o‘qituvchilar, shifokorlar, davlat xizmatchilari, faol o‘quvchi va talabalar uchun 500 mingta, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlari hamda nogironligi bo‘lgan bolalar uchun 100 mingta vaucher ajratish rejalashtirilgan.
Vaucherlar «Ijtimoiy karta» mobil ilovasi orqali elektron shaklda taqdim etiladi. Ularning miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 30 foizigacha bo‘lishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, 2027-yil yanvarga qadar «Ijtimoiy karta» axborot tizimiga o‘qituvchilar, shifokorlar, davlat xizmatchilari, faol o‘quvchi va talabalar, Ijtimoiy reyestrdagi oilalar farzandlari hamda nogironligi bo‘lgan bolalar haqidagi ma’lumotlarni integratsiya qilish taklif etilgan.
Loyihada madaniyat muassasalaridagi tadbirlar, chipta narxlari va kvotalar haqidagi ma’lumotlarni «Ijtimoiy karta» tizimiga elektron tarzda uzatish, shuningdek, vaucher mablag‘larini teatr, kinoteatr va konsert muassasalariga o‘tkazish mexanizmini joriy etish ham ko‘zda tutilgan.
Qaror loyihasi hozircha yakuniy hujjat emas. U qabul qilingan taqdirda, belgilangan tartib asosida kuchga kiradi.
Jamiyat
Bugun O‘zbekistonda havo harorati biroz ko‘tariladi
«O‘zgidromet» ma’lumotlariga ko‘ra, bugun O‘zbekiston hududida kam bulutli, ayrim joylarda o‘zgaruvchan bulutli ob-havo kuzatiladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Sharqiy yo‘nalishda sekundiga 7–12 metr tezlikda shamol esadi. Harorat 28–33 daraja bo‘ladi.
Toshkentda kam bulutli ob-havo bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Sharqiy yo‘nalishda sekundiga 3–8 metr tezlikda shamol esadi. Harorat 30–32 daraja bo‘ladi.
Respublikaning tog‘li hududlarida kam bulutli, ayrim joylarda o‘zgaruvchan bulutli ob-havo kuzatiladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Sharqiy yo‘nalishda sekundiga 7–12 metr tezlikda shamol esadi. Harorat 22–27 daraja bo‘ladi.
Jamiyat
Ehtiyojmand oilalarni baholash, ishlaydigan onalarga nafaqa va vaucher tizimi — ijtimoiy himoyada qanday o‘zgarishlar kutilmoqda?
2027 yil 1 yanvardan boshlab aholini ijtimoiy yordam va xizmatlarga muhtojligini aniqlash hamda oilalarni Ijtimoiy reyestrga kiritishda yangi ko‘p o‘lchovli baholash tizimi joriy etiladi. Bunda oilalarning moliyaviy holati bilan bir qatorda surunkali kasalliklar, nogironlik, tashqi mehnat migratsiyasi va oilada bolalar soni kabi omillar ham hisobga olinadi. Bu prezidentning tegishli farmonida ko‘zda tutilgan.
Yangi tizimda oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy holati balli skoring tizimi orqali baholanadi. Natijaga ko‘ra, oilalar tegishli toifalarga ajratilib, ularga ijtimoiy yordam va xizmatlar ko‘rsatiladi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2026 yil 1 dekabrgacha oilalarni ko‘p o‘lchovli baholash tizimi orqali Ijtimoiy reyestrga kiritish, toifalarga ajratish va tegishli xizmatlarga yo‘naltirishning yangi tizimini amaliyotga joriy etish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini Prezident Administratsiyasiga kiritishi belgilangan.
Shuningdek, 2027 yil 1 yanvardan boshlab mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan xotin-qizlarga homiladorlik va tug‘ish ta’tili tugagan kundan boshlab farzandi bir yoshga to‘lgunga qadar Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tomonidan bolani parvarishlash nafaqasi to‘lash tartibi joriy etiladi. Ayrim davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari esa vaucher orqali taqdim etiladi.
Vaucher tizimi — davlat ijtimoiy yordamini oluvchi fuqaroga xizmat yoki to‘lovdan foydalanish huquqini elektron shaklda taqdim etish mexanizmi. Vaucher «mahalla yettiligi» tavsiyasi asosida shakllantiriladi va belgilangan muddat davomida amal qiladi. U orqali bolalarni bog‘chaga joylashtirish, o‘quvchilar uchun qo‘shimcha ta’lim, davolanish va boshqa ijtimoiy xizmatlardan foydalanish xarajatlari qoplanishi nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, Ijtimoiy reyestrga kirgan xodimlar uchun ayrim soliq imtiyozlarini joriy etish rejalashtirilmoqda. Xususan, korxonalar xodimlari, birinchi navbatda Ijtimoiy reyestrga kirgan xodimlar uchun amalga oshirgan ayrim xarajatlarini foyda solig‘i bazasidan chegirish hamda yer va mol-mulk soliqlaridan ozod etish nazarda tutilmoqda.
Ushbu xarajatlarga korxona o‘z xodimlarining farzandlari uchun maktabgacha ta’lim obyektlarini qurish va ular topshirilgandan keyin uch yil muddatgacha saqlash, shuningdek, xodimlar uchun korxonada ishlagan davrida vaqtinchalik yashash uchun uy-joylar qurish va ulardan foydalanish xarajatlari kiritilishi mumkin.
Jamiyat
Kichik hikoyalar: Ko‘cha, yomg‘irda qolgan kelin-kuyov
Sinov
Ular bir-birlarini juda uzoq kutishdi. Bir-birlarini bilmagan, tanimagan holda baxt onlarini kutishdi. Har ikki tomonda necha bor to‘y harakatlari boshlandi, ammo visol oqshomi hadeganda tutqich beravermadi. Umid uchqunlari so‘na boshlaganida ikki yosh avtobus bekatida uchrashib qolishdi. Qisqa tanishuv qat’iy ahdga aylandi. To‘y…
To‘y kuyovning hovlisida, ochiq osmon ostida bo‘ldi. Havo ochiq, ammo yozga xos bo‘lmagan dilgirroq shabada esib turar, kelinning ko‘ylagiga tegajog‘lik qilayotganday edi.
Birdan ko‘k gumburladi, chaqmoq to‘yxonani ko‘zni olgudek darajada yoritdi. Yomg‘ir sharros quya boshladi. Hamma o‘zini ayvonga urdi.
Kelin-kuyov joylarida qolishdi, o‘rinlaridan turishsa, ayvonga qochishsa, baxt qushlari uchib ketadiganday, visol taxtini kimdir egallab oladiganday jim o‘tirishdi. Kiyim-boshlari shalabbo bo‘ldi, yomg‘ir ich-ichlariga o‘tdi. Buni hatto sezishmadi ham. Uzoq davom etgan kutish zahmatlari yuvildi. Bekatda tug‘ilgan ahdlari shu kuniyoq sinovdan o‘tdi. Yomg‘ir chekinishga majbur bo‘ldi. Ko‘kda yana quyosh charaqladi.
Ko‘cha
Keksayish bolalik xotiralarini eslashdan boshlanadi shekilli…
Ming yillik tarixga ega qishlog‘imizda sunnat to‘ylari qish-qirovli kunlari o‘tar, so‘qim so‘yilib, dosh qozonlarda osh damlanar, yurt oldiga dasturxon yozilardi. Yozda bo‘lsa hashar avjiga chiqar, kattalarga qo‘shilib, biz bolalar ham bu marosimda qatnashar edik.
Ota-ona uylangan o‘g‘liga uy qurmoqchi bo‘lsa, qarindosh-urug‘, do‘st-qadrdonlarini hasharga chorlar, ular ustalarga qo‘shilib, bir-ikki kun ichida ikki-uch xonali uyning devorini ko‘tarib, ustini yopvorishardi. Ayollarning hashari – ustalarga yo‘qlov oshi jo‘natishdan iborat edi, tanish-bilishi, qarindoshlari ko‘plarnikidagi hashar quyuq ziyofatga aylanib ketar, hasharchilar bir-birlariga ma’noli qarab, «Oh-oh, hashar emas, oshar bo‘ldi-ku», deyishardi.
Bir gal dadam bilan qo‘shni qishloqdagi qarindoshimiznikiga hasharga bordik. Ustalar quriladigan uyning to‘rt burchagiga qoziq qoqib, ish boshlashayotgan ekan. Dadam o‘zlaricha bir nimalarni chamalab ko‘rdilar-da, quyuq qoshlari bir oz chimirilib, qarindoshimizni oldilariga chaqirdilar, «Jiyanim, uyning tashqi devori ko‘chaga chiqib ketibdi, yarim quloch ichkariga olish kerak», dedilar. Bu gap jiyanlariga ham, ustalarga ham yoqmadi. Devorning tagiga tosh terish boshlanib ketdi.
Biz tushlikni kutmay, uyga qaytdik. Xafa bo‘lganlarini sezib turibman, ammo sababini bilmayman. Dadam bo‘lsa o‘zlariga o‘zlari: «Eh, jiyan, jiyan, qabristonning yerini qo‘shib ol – mayli, masjidning yerini qo‘shib ol – mayli, ammo ko‘chaning haqiga tegma», degan gapni eshitmagan ekansan-da, Parvardigor, o‘zing kechir», derdilar, xolos.
Uy kuzga qolmay bitdi. Ammo… bahorda kuchli sel kelib, tashqi devorini yuvib ketdi.
Silkinish
Avtobus o‘ydim-chuqur yo‘lda borayotib bir silkingan edi, tik turgan ikki kishi bir-biriga durustgina turtilib ketdi. Birining qo‘lidagi tugun yerga sochildi, ikkinchisining ko‘zoynagi uchib ketdi. Ikkovi ham nordon, kesatiq gaplarga usta ekan, bir-birlarini rosa «siylashdi», keyin dag‘allik qilishga o‘tishdi. Yoshrog‘i po‘pisani qoyillatdi. Kattarog‘i: «Zo‘r bo‘lsang, qani tush, avtobusdan, kuchingni ko‘rsat», dedi.
Manzilga yetguncha avtobus yana bir-ikki silkindi. Odam siyraklashdi. Oxiri ma’lum bo‘ldiki, har ikkala urishqoq olis safardan omon-eson qaytib kelgan do‘stlarini ko‘rgani bitta xonadonga kelishayotgan ekan…
Ahmadjon Meliboyev
-
Iqtisodiyot5 days ago«O‘zmilliybank» AJ O‘zbekiston emitentlari orasida birinchi bo‘lib Xitoy kapital bozoriga 250 mln dollarlik obligatsiyalar chiqarmoqchi
-
Jamiyat5 days ago
Kelasi yil barcha OTMlarda yangi nazorat tizimi yo‘lga qo‘yiladi
-
Jamiyat5 days ago
Qichqiriq mahallasidagi o‘zgarishlar ko‘zdan kechirildi
-
Siyosat5 days ago
Shavkat Mirziyoyev rafiqasi hamrohligida Seulga keldi (foto)
-
Jamiyat4 days ago
Prezident O‘zbekiston Milliy muzeyi qurilishini ko‘zdan kechirdi (foto)
-
Jamiyat3 days ago
Murojaatlar bilan ishlashdagi kamchiliklar uchun 151 nafar xodim lavozimidan ozod etildi
-
Mahalliy2 days ago
Toshkentda xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internati ochildi
-
Siyosat3 days ago
Shavkat Mirziyoyev Seuldagi Milliy yodgorlik majmuasiga bordi
