Connect with us

Sport

Mundial tanishtiruvi. B guruhi haqida nimalarni bilish kerak?

Published

on


Mundialning ikkinchi kunida V guruhida ham o‘yinlar boshlanadi. Bu guruhdan mezbon Kanada, o‘tgan mundialga mezbonlik qilgan Qatar hamda Yevropadan ikki vakil – Shveytsariya hamda Bosniya va Hersegovina o‘rin olgan.

Muxlislar jahon chempionatlarida hech bo‘lmaganda bitta top-jamoa bo‘lishiga, qolganlar faqat ikkinchi o‘rin uchun kurashishiga o‘rganib qolishgan. Ammo turnirda islohot o‘tkazilib, ishtirokchilar soni 48 taga oshirilgach, kuchli jamoalar barcha guruhlarga ham yetmay qoldi. JCh-2026 B guruhida ham amalda superyulduzlar yo‘q. Lekin buning o‘rniga muntazam ravishda barqaror o‘yin ko‘rsatuvchi Shveytsariya, 40 yoshli Edin Jyeko va o‘z uyidagi turnirda barchani hayron qoldirishga bel bog‘lagan Kanada bor.

B guruhi taqvimi

1-tur

13 iyunga o‘tar kechasi, soat 00:00 (Toshkent vaqti)

Kanada – Bosniya va Hersogovina

14 iyunga o‘tar kechasi, soat 00:00

Qatar – Shveytsariya

2-tur

19 iyunga o‘tar kechasi, soat 00:00

Shveytsariya – Bosniya va Hersogovina

19 iyun, soat 01:00

Kanada – Qatar

3-tur

25 iyunga o‘tar kechasi, soat 00:00

Shveytsariya – Kanada

25 iyunga o‘tar kechasi, soat 00:00

Bosniya va Hersogovina – Qatar

Kanada

Murabbiy

Kanada milliy jamoasi ancha vaqt davomida KONKAKAFda autsayder jamoalar qatorida bo‘lib kelgan, ammo so‘nggi yillarda u yerda ham Alfonso Devis va Jonatan Devid kabi yulduzlar paydo bo‘ldi va o‘z-o‘zidan natijalar ham keldi. 2022 yilda 36 yil ichida ilk bor Kanada jahon chempionatiga chiqdi, 2024 yilda esa Amerika kubogi yarimfinaligacha yetib borib, Argentinaga yutqazdi.

Ammo shundan keyin jamoa o‘yinida pasayish uzatildi va jamoa tez o‘suvchi loyihalarga xos bo‘lgan muammolarga duch kela boshladi: kutilmalar jamoaning o‘zidan tezroq o‘sayotgandi. Vaziyatni tuzatish uchun o‘z vaqtida juda istiqbolli mutaxassis sifatida ko‘rilgan Jyessi Marshga ishonch bildirildi. U «Red Bull» tizimida katta tajriba to‘plagan, keyin esa «Lids»ni boshqargandi.

Marsh qo‘li ostidagi jamoalar doim tajovuzkor o‘ynaydi va ko‘p pressing qiladi, shuning uchun Kanada ham istisno bo‘lmadi. Shu bilan birga, jamoa bir necha yil oldingiga qaraganda kurashlarga tayyor va kuchliroq bo‘lib qolgan. Federatsiya jahon chempionati arafasida Jyessi bilan shartnomani 2030 yilga qadar uzaytirgani bejiz emas.

Shu bilan birga, so‘nggi vaqtlarda kanadaliklarda tarkib bilan bog‘liq muammolar kuzatilmoqda. Ayniqsa, mudofaa chizig‘i bundan ko‘p aziyat chekmoqda, bu chiziqda bir vaqtning o‘zida bir necha futbolchi jarohat tufayli safdan chiqdi, natijada murabbiy dastlabki kengaytirilgan qaydnomaga odatdagi 27 o‘rniga 32 futbolchini kiritishiga to‘g‘ri keldi. Hujum ham u qadar kuchli holatda emas va jamoa so‘nggi vaqtlarda bir necha bor maydonni golsiz tark etgan.

Yulduzlar

Alfonso Devis – Kanada futbolining asosiy yuzi. Shuningdek,  «Yuventus»dagi Jonatan Devid va «Sassuolo»dagi Ismael Kone ham bor, ammo mediadagi mashhurlik bobida ularning hech biri «Bavariya» futbolchisi darajasida emas.

Hozirda Devis eng yaxshi formasida emas, u so‘nggi yilni amalda to‘liq lazaretda o‘tkazdi. Avvaliga xochsimon bog‘lamlari yirtilgan, keyin mushaklarida shikastlanish ro‘y bergan, keyin esa jarohatlar qaytalangan. Yakunda u «Bavariya» asosiy tarkibidagi o‘rnini boy berdi. Hozir ham u Bosniyaga qarshi o‘yinda tushishga tayyorligi aniq emas. Kanada bir futbolchiga kuchli darajada bog‘lanib qolgan jamoa emas. Ammo bu jamoada baribir ko‘p narsa Alfonsoning qanotdan tezkor yurishlar qilishiga bog‘liq bo‘ladi.

Real maqsad

Kanadaning asosiy vazifasi – tarixda ilk bor jahon chempionati pley-off bosqichiga chiqish hisoblanadi. Va bu uddalash mumkin bo‘lgan vazifa: Shveytsariya – kvartetda yaqqol favorit, ammo shimoliy amerikaliklar jamoasi Bosniyani ham, Qatarni ham yenga oladigan darajada. Qolaversa, uyingda devorlar ham yordam beradi degan naql ishlashi mumkin.

Kanada uchun bu jahon chempionati – mamlakat ichkarisida sportning futbol turini ommalashtirish uchun imkoniyatdir. Jamoa bunga erishishi mumkin: tarkibda tezkor atletlar ham, Yevropa ligalarida o‘ynash tajribasiga ega bo‘lgan futbolchilar ham, yaxshi bilimlarga ega bo‘lgan murabbiy ham bor. Agar kanadaliklar turnir kashfiyotlaridan biriga aylansa, bu sensatsiya hisoblanmaydi.

Tarkib

Darvozabonlar: Maksim Krepo («Orlando Siti»), Ouen Gudman («Kristal Pelas»), Deyn Sen Kler («Inter Mayami»).

Himoyachilar: Moyze Bombito («Nitssa»), Derek Kornelius («Olimpik» Marsel), Alfonso Devis («Bavariya»), Lyuk De Fujyerol («Fulhem»), Alister Jonston («Seltik»), Alfi Jons («Midlsbro»), Richi Lari («Toronto»), Niko Sigur («Xayduk» Split), Joel Uoterman («Chikago Fayr»).

Yarimhimoyachilar: Ali Ahmad («Norvich Siti»), Teyjon Byukenen («Vilyarreal»), Matyo Shuaner («Los-Anjyeles»), Stefen Eushtakiu («Portu»), Marselo Flores («UANL Tigres»), Ismael Kone («Sassuolo»), Liam Millar («Hall Siti»), Jonatan Osorio («Toronto»), Natan-Dilan Saliba («Anderleht»), Jyeykob Shaffelburg («Los-Anjyeles»).

Hujumchilar: Jonatan Devid («Yuventus»), Promis Devid («Yunion Sent-Jillua»), Kayl Larin («Malyorka»), Tani Oluvaseyi («Vilyarreal»).

Bosniya va Hersegovina

Murabbiy

54 yoshli Sergey Barbarezni Bolqondan tashqarida deyarli hech kim tanimaydi, ammo Bosniya futbolida u katta nom hisoblanadi. Yoshligida baland bo‘yli futbolchi bo‘lgan Sergey Bundesligani zabt etgan (Germaniyaning 6 ta klubida, jumladan, «Borussiya» Dortmund, «Hamburg» va «Bayyer»da) o‘ynagan, bir marta mavsumning eng yaxshi to‘purariga aylangan. Ammo uning eng katta ishi – o‘z vatani milliy jamoasi boshqaruviga kelib, uni inqirozdan olib chiqish bo‘ldi. Holbuki, Barbarez bungacha biror joyda bosh murabbiy sifatida ishlamagandi.

Bosniyaliklarning JCh sari yo‘li Yevropadagi eng dramatik yo‘llardan biri bo‘ldi. Jamoa guruh bosqichida Ruminiya bilan raqobatda ustun kelib, Avstriyadan keyingi ikkinchi o‘rinni egalladi va o‘tish bosqichida qatnashish huquqiga ega bo‘ldi. O‘tish bosqichida esa avvaliga Uelsni, keyin Italiyani penaltilar seriyasida mag‘lub etdi. Ayniqsa, italyanlarga qarshi hal qiluvchi uchrashuvda bosniyaliklar tajovuzkor o‘yin ko‘rsatib, yulduzli raqiblarga jiddiy kurash taklif eta olgandi.

Barbarez jamoasini oddiy prinsiplar asosiga qurgan: intensivlik, to‘pni raqibga topshirish va tezkor qarshi hujumlarga o‘tish. Uning jamoasi doim ikkinchi raqamda harakat qiladi, lekin o‘yinni jismoniy va hissiy kurashga aylantira oladi.

Yulduzlar

Yillar o‘tadi, Edin Jyeko esa jamoadagi asosiy yulduz bo‘lib qolaveradi. Mart oyida u 40 yoshga to‘ldi, ammo hamon jamoa sardori, eng yaxshi to‘purari va oldinga uzatiladigan to‘plarning asosiy manzili hisoblanadi. Milliy jamoadagi o‘yinlar soni bo‘yicha rekordchi hisoblangan ushbu hujumchi (148) saralash siklida ham jamoaga katta yordam berdi (6+1). Bundan tashqari, Jyeko – hozirgi jamoaning 2014 yilgi mundialda ham bor bo‘lgan ikki vakilidan biri hisoblanadi (ikkinchisi – 32 yoshli Sead Kolashinats). Jyekoning xizmatlariga hamon Yevropada talab bor, u keyingi mavsumni Bundesligada – elitaga qaytgan «Shalke» safida o‘tkazadi.

Albatta, endi jamoadagi barcha narsa avval bo‘lgani kabi birgina Edinga qarab qolmagan. Yangi avlod yetishib kelmoqda: tarkibda «Shtutgart»ning asosiy futbolchilaridan biri bo‘lgan Ermedin Demirovich bor, Germaniya chempionatida o‘ynovchi yana bir hujumchi Haris Tabakovich («Borussiya» Myonhengladbah) esa to‘purarlar poygasida Harri Keyn bilan raqobatlashdi, shuningdek, Amar Dedich va Tarik Muharemovich kabi himoyachilar Yevropada ham o‘z nomiga ega.

Real maqsad

Bosniya oldiga qo‘yilgan asosiy vazifa – guruhdan chiqish. Yuqorida aytilganidek, Shveytsariya birinchi o‘rinni hech kimga bermasligi tayin, Kanadaga uy omili yordam berishi mumkin, shuning uchun, ikkinchi o‘rin uchun kurash juda qattiq kechadi. Ammo Barbarez shogirdlari o‘zi autsayder deb qaralgan o‘yinlarda g‘alaba qozona olishini bir necha bor namoyish etgan.

Agar bosniyaliklar 1/8 finalgacha yetib bora olsa, bu milliy jamoa tarixidagi eng yuksak natijaga aylanadi. Uels va Italiya kabi raqiblardan o‘ta olgan jamoadan istalgan natijani kutish mumkin.

Tarkib

Darvozabonlar: Nikola Vasil («Sankt-Pauli), Martin Zlomislich («Riyeka), Osman Hajikich («Slaven Belupo»).

Himoyachilar: Sead Kolashinats («Atalanta»), Amar Dedich («Benfika»), Nihad Muyakich («Gaziantep»), Nikola Katich («Shalke»), Tarik Muharemovich («Sassuolo»), Stepan Radelich («Riyeka»), Dennis Hajikadunich («Sampdoriya»), Nidal Chelik («Lans»).

Yarimhimoyachilar: Amir Hajiahmetovich («Hall Siti»), Ivan Shunich («Pafos»), Ivan Bashich («Astana»), Jyenis Burnich («Karlsrue»), Ermin Mahmich («Slovan»), Benyamin Tahirovich («Brondbyu»), Armin Gigovich («Yang Boyz»), Kerim-Sem Alaybegovich («Red Bull Zalsburg»).

Hujumchilar: Amar Memich («Viktoriya Plzen»), Esmir Bayraktarevich (PSV), Ermedin Demirovich («Shtutgart»), Yovo Lukich («Universitatya»), Samed Bajdar («Saragosa»), Haris Tabakovich («Borussiya» Myonhengladbah), Edin Jyeko («Shalke»).

Shveytsariya

Murabbiy

2021 yilda Murat Yaqin Shveytsariya milliy jamoasi boshqaruviga tayinlanganida, ko‘pchilik bu tanlov qanchalik to‘g‘ri ekaniga shubha bilan qaragandi. Nima bo‘lganda ham undan oldingi bosh murabbiy Vladimir Petkovich davrida ham Shveytsariya muntazam ravishda yirik turnirlarga chiqib kelayotgan, jahon chempionatini 2002 yildan buyon o‘tkazib yubormagandi.

Ammo hozirgi kunga kelib ishonch bilan aytish mumkin: bu tanlov to‘g‘ri bo‘lgandi. Shveytsarlar uning boshqaruvi davrida ham barqarorlikni saqlab qoldi. Bu jamoa o‘yin davomida kuchni teng taqsimlaydi, doim raqobatbardosh bo‘lib qoladi va muntazam ravishda yirik turnirlarda guruh bosqichidan pley-offga chiqadi. 2024 yilgi Yevropa chempionatida Shveytsariya yarimfinalga chiqishga yaqin edi, ammo penaltilar seriyasida Angliyaga yutqazgandi.

U mahalliy media bilan tez-tez ziddiyatga boradi. Uni muntazam ravishda tarkib bo‘yicha tanlovlari, sxemalar bo‘yicha tajribalari va g‘alati qarorlari uchun tanqid qilishadi. Ammo u natijalar bilan javob bermoqda: jamoa saralash bosqichini Shvetsiya, Sloveniya va Kosovo bilan bir guruhda mag‘lubiyatsiz o‘tkazib, atigi ikki gol o‘tkazdi va guruhdagi barchadan ko‘proq gol urdi (14).

Yulduzlar

Shveytsariyaliklarning jahon chempionati uchun qaydnomasida – Angliya, Ispaniya, Italiya, Germaniya va Fransiya chempionatlarida to‘p suruvchi 24 futbolchi o‘rin olgan. Shuning o‘zi ko‘p narsadan darak beradi. Ular orasida esa jamoa sardori Granit Jaka yaqqol ajralib turadi. U bir vaqtlar haddan tashqari hissiyotga beriluvchi futbolchi edi, ko‘p kartochka olishi tufayli tanqid qilinardi. «Arsenal»daligida buning uchun o‘z klubi muxlislari tomonidan hushtakbozlikka ham uchragan. Ammo so‘nggi yillarda u o‘zgardi va ikkinchi yoshligini o‘tkazmoqda – avvaliga «Bayyer» bilan «Bavariya»ning bundesligidagi hukmronligiga chek qo‘ydi, keyin esa APLga qaytib, «Sanderlend» yevrokuboklarga chiqishiga o‘z hissasini qo‘shdi. Granit terma jamoada ham muhim ishlarni bajarishda davom etmoqda – yillar uning tezligiga va kuchiga ta’sir ko‘rsatmay qolmagan, ammo jamoa hujumlarini boshlab berishga va o‘yin tempini belgilashga aynan u mas’ul.

Shveytsariyaliklarda himoya chizig‘i ham kuchli. Saralash bosqichida himoya chizig‘idagi Manuel Akanji va Niko Elvedi juftligi buni ko‘rsatib berdi, Gregor Kobel esa anchadan buyon Yevropaning eng yaxshi darvozabonlari sirasiga kiradi. Ushbu jamoada 20 yoshli havbek Yoxan Manzambining («Frayburg») o‘yinlariga ham e’tibor qaratish tavsiya etiladi, u o‘tgan mavsumni juda kuchli o‘tkazdi va Transfermarkt bo‘yicha narxini 50 million yevroga ko‘tarib oldi.

Real maqsad

Shveytsariya guruhdan birinchi o‘rin bilan chiqishiga hech kim shubha qilmayapti va kvartet favoriti sifatida ko‘rilmoqda. Jamoa tarkibi va yirik turnirlardagi katta tajriba bunga asos beradi.

Ammo pley-offda vaziyat murakkablashadi. Shveytsariya turnir g‘olibligi uchun da’vogar hisoblanadigan top-terma jamoalar qatorida emas, u faqat jamoaviy o‘yinga tayanadi. Shu tufayli doimiy ravishda chorakfinalgacha yetib boradi.

Va aynan kuchli sakkizlikka kirish – eng real va munosib natija sifatida baholanadi. Agar Yaqin shogirdlari yanada uzoqroqqa boradigan bo‘lsa, bu shveysarlarning o‘z uyida o‘tgan 1954 yilgi jahon chempionatidan buyon qayd etilgan eng yuqori natijasiga aylanadi.

Tarkib

Darvozabonlar: Gregor Kobel («Borussiya» Dortmund»), Marvin Keller («Yang Boyz»), Ivon Mvogo («Loryan»).

Himoyachilar: Manuel Akanji («Inter»), Niko Elvedi («Borussiya» Myonhengladbah), Miro Muhaym («Hamburg»), Rikardo Rodriges («Betis»), Silvan Vidmer («Mayns»), Luka Xakes («Shtutgart»), Orel Amenda («Ayntraxt»), Eray Jyomert («Valensiya»).

Yarimhimoyachilar: Ardon Yashari («Milan»), Denis Zakariyo («Monako»), Granit Jaka («Sanderlend»), Yoxan Manzambi («Frayburg»), Jibril Sou («Sevilya»), Mihel Ebisher («Piza»), Remo Froyler («Bolonya»), Kristian Fassnaht («Yang Boyz»), Fabian Rider («Augsburg»), Noa Okafor («Lids»), Ruben Vargas («Sevilya»), Dan Ndoy («Nottinghem Forest»).

Hujumchilar: Sedrik Itten («Fortuna»), Bril Embolo («Renn»), Zeki Amduni («Byornli»).

Qatar

Murabbiy

O‘z uyida o‘tkazilgan jahon chempionatida muvaffaqiyatsizlikka uchragach, Qatar yoqimsiz reallik qarshisida qoldi. Mahalliy futbol o‘sib borayotgani haqidagi ertaklar tugab, uning o‘rnini shafqatsiz reallik egalladi. Qatarliklar shundan keyin Qatorasiga ikkinchi bor Osiyo Kubogida g‘olib chiqishdi, ammo shu bilan birga, jamoa o‘zidan kuchliroq jamoalarga qarshi hech qanday raqobat ko‘rsata olmay qolgani yaqqol ko‘rinib qolgandi. Qolaversa, mintaqadagi siyosiy muammolar tufayli qatarliklar 2025 yil dekabridan buyon biror marta rasmiy o‘yinda maydonga tushmagan.

Ko‘p umid bosh murabbiy Hulen Lopetegiga bog‘langan. U 2018 yilgi jahon chempionatiga Ispaniyani olib borgandi, ammo o‘shanda «Real» taklifi tufayli jamoani tashlab ketib, o‘z faoliyati uchun qo‘rqinchli voqealar zanjirini boshlab bergandi. Ammo tajriba hech qayerga yo‘qolmadi: u uch yil «Sevilya»da, yana uch yil APL klublarida ishladi. Hulen qayerda bo‘lmasin, o‘z jamoalarini pragmatik va yopiq futbolga o‘rgatadi.

Hozirda Qatar ham ehtiyotkorona o‘yin qilishga o‘tgan. Ko‘pincha 4-2-3-1 sxemasidan foydalanadi, intizom, qarshi hujumlar va standart vaziyatlarga katta e’tibor qaratadi. Qatardagilar bunga e’tiroz bildirishi qiyin, chunki aynan shunday uslub evaziga jamoa o‘tish bosqichida BAAdan ustun keldi va jahon chempionatiga yo‘llanma oldi.

Yulduzlar

Jamoaning asosiy futbolchisi – Akrom Afif. Uni Osiyodan tashqarida ko‘pchilik tanimasligi mumkin, ammo u qit’a miqyosidagi yulduz hisoblanadi. Aynan Afif 2023 yilgi Osiyo kubogining eng yaxshi futbolchisi deb topilgan va Qatarga qatorasiga ikkinchi titulni olib bergandi. U Iordaniyaga qarshi finalda het-trik qayd etgandi.

Qatar jamoasida barcha hujumlar aynan u orqali amalga oshiriladi. U chiziqlar orqali harakatlanib, yarimqanotlarda bo‘sh joy qidiradi, sheriklari uchun vaziyatlar yaratadi va kutilmagan qarorlari bilan raqiblarni shoshirib qo‘yadi. Agar Qatar bu turnirda munosib ishtirok etmoqchi bo‘lsa, buning uchun Afifning o‘yini chiqishi talab etiladi.

Real maqsad

O‘z mezbonligidagi turnirdagi muvaffaqiyatsizlikdan keyin Qatar oldidagi minimum vazifa – jahon chempionatlaridagi ilk ochkoni qo‘lga kiritish hisoblanadi. 2022 yilda qatarliklar guruhdagi uchta o‘yinda ham yutqazgan va turnirning eng kuchsiz jamoasiga aylangandi. Hozir ham vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarmagan, Shveytsariya va Kanada ancha yuqori darajada, faqat Bosniya bilan hech bo‘lmaganda durang o‘ynash uchun urinib ko‘rish mumkin. Ammo Lopetegi shogirdlari ochko olmasdan, munosib qarshilik ko‘rsata olsa ham, bu oldinga yurish hisoblanadi.

Tarkib

Darvozabon: Saloh Zakariyo («Ad-Duhayl»), Meshaal Issa Barsham («As-Sadd»), Mahmud Abunada («Ar-Rayyan»).

Himoyachilar: Bualem Huhi («As-Sadd»), Pedru Migel («As-Sadd»), Sulton Al-Brake («Ad-Duhayl»), Al-Hashmi Al-Husseyn («Al-Arabi»), Ayub Al-Ui («Al-G‘arafa»), Issa Layye («Al-Arabi»), Lukas Mendes («Al-Vakra»), Homam Al-Amin («Kultural Leonesa»).

Yarimhimoyachilar: Ahmad Fathi («Al-Arabi»), Jassim Gaber («Ar-Rayyan»), Assim Madibo («Al-Vakra»), Abdulaziz Hatim («Ar-Rayyan»), Karim Budiaf («Ad-Duhayl»), Muhammad Al-Mannai («Ash-Shamal»).

Hujumchilar: Almuaz Ali («Ad-Duhayl»), Akrom Afif («As-Sadd»), Tahsin Muhammad Jamshid («Ad-Duhayl»), Edmilson Junior («Ad-Duhayl»), Ahmad Al-Ganehi («Al-G‘arafa»), Ahmad Alaliddin («Ar-Rayyan»), Hasan Al-Haydos («As-Sadd»), Muhammad Muntariy («Al-G‘arafa»), Yusuf Abdurisag («Al-Vakra»).

Prognoz


Shveytsariya
Kanada
Bosniya va Hersegovina
Qatar

Shveytsariya uchun guruh bo‘lishi yengil sayr bo‘lmasligi aniq, ammo birinchi o‘rin uchun undan boshqa nomzod ham yo‘q. Chunki resurslar va tajriba Yaqinga qo‘l kelishi va bu natijani ta’minlashi tayin. Kanada Bosniya bilan solishtirganda nisbatan yorqin o‘yin namoyish etishi kutilmoqda. Qolaversa, o‘z uyida o‘ynashi ham jamoa foydasiga bo‘ladi. Qatar esa bu qadar kuchsiz tarkibi amalda guruhdan chiqish imkoniyatiga ega emas.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Sport

«Paxtakor», «Neftchi» va «Nasaf» qancha pul ishlaydi?

Published

on


«Paxtakor», «Neftchi» va «Nasaf» klublari 2026/2027-yilgi mavsumda Osiyo klublar musobaqalarida yurtimiz sharafini himoya qilmoqda. «Paxtakor» va «Neftchi» OFK Chempionlar ligasi Elit (Elite) turnirida, «Nasaf» OFK Chempionlar ligasi 2 musobaqasida ishtirok etmoqda.

Jamoalarga turnirdagi ishtiroki, har bir g‘alabasi hamda keyingi bosqichlarga yo‘l olgani uchun OFK tomonidan yirik miqdorda mukofot pullari ajratiladi.

«Paxtakor» va «Neftchi» nufuzli Elit turnirning asosiy (liga) bosqichida qatnashgani uchun kafolatlangan 800 ming AQSh dollaridan qo‘lga kiritadi. Bundan tashqari, ushbu musobaqada jamoalar har bir g‘alaba uchun qo‘shimcha 100 ming dollar bonus ishlab olishlari mumkin. Klublarning umumiy daromadi ular qayd etadigan natijalar va g‘alabalar soniga qarab oshib boradi.

Musobaqaning pley-off bosqichida ham mukofot pullari sezilarli darajada yuqori. OFK Chempionlar ligasi Elit turnirida 1/8 finalga yo‘l olgan klubga 200 ming dollar, chorak final ishtirokchisiga 400 ming dollar, yarim finalga chiqqan jamoaga esa 600 ming dollar mukofot puli taqdim etiladi.

Musobaqa g‘olibi — turnir chempioni 10 million dollarlik bosh sovrinni qo‘lga kiritadi. Finalda mag‘lub bo‘lgan jamoaga 4 million dollar mukofot puli to‘lanadi. Bir so‘z bilan aytganda, «Paxtakor» va «Neftchi» musobaqada qancha uzoqqa borsa, shuncha ko‘p daromad oladi — bu mablag‘ bir necha million dollarga yetishi mumkin.

«Nasaf» OFK Chempionlar ligasi 2 turnirini guruh bosqichidan boshlaydi. Ushbu bosqichda qatnashgani uchun qarshiliklarga kafolatlangan 300 ming dollar mukofot puli ajratiladi. Bundan tashqari, guruhdagi har bir g‘alaba uchun 50 ming dollardan qo‘shimcha bonus to‘lanishi ko‘zda tutilgan.

OFK Chempionlar ligasi 2 turnirining pley-off bosqichida sovrinlar quyidagicha taqsimlanadi: 1/8 finalga chiqqan klub 80 ming dollar, chorak finalga yo‘l olgan jamoa 160 ming dollar, yarim final ishtirokchisi esa 240 ming dollar mukofot oladi.

Turnir g‘olibiga 2,5 million dollar, finalchiga 1 million dollar mukofot puli beriladi. Shunday qilib, «Nasaf» ham musobaqadagi muvaffaqiyatli natijalari evaziga boshlang‘ich 300 ming dollarni (bir necha) million dollargacha ko‘paytirish imkoniyatiga ega.



Source link

Continue Reading

Sport

«Paxtakor» so‘nggi daqiqalarda g‘alabani qo‘ldan chiqardi

Published

on


«Paxtakor» klubi Elit Osiyo chempionlar ligasi asosiy bosqichini durang bilan boshladi.

Jiddada turnirning amaldagi g‘olibi «Al-Ahli» klubiga qarshi o‘ynagan paxtakorchilar 86-daqiqada hisobni ochishdi. Ammo asosiy vaqtga qo‘shib berilgan daqiqalarda javob goli o‘tkazib yuborildi.

«Paxtakor» keyingi o‘yinni 12-oktyabrda Toshkentda Saudiya Arabistonining «Al-Qodisiya» klubiga qarshi o‘tkazadi.

Elit OChL. G‘arb mintaqasi. 1-tur

14-sentyabr, Jidda, «King Abdullah Sports City» stadioni

Al-Ahli – Paxtakor 1:1

Gollar: Firas al-Buraykan (90+3) — Flamarion (86)

Bosh hakam: Abdulla Jamaliy (Kuvayt)

Al-Ahli: Eduard Mendi, Ibrahima Diabi (Valentin Atangana 62), Galeno (Meshal Al-Mutayriy 53), Said Baattia, Ivan Toni (Firas Al-Buraykan 68), Mateus Martins, Merix Demiral (Muhammad Sulaymon 68), Saad Balobaid, Rayan Hamid, Solih Abu Alshamat, Naif Masud (Eduard Spersyan 46)

Paxtakor: Vladimir Nazarov, Zaid Tahsin (Murtazo Puraliganji 46), Dilshod Saitov, Ibrohim Ibragimov, Akmal Mozgovoy (Muhammadali Dilshodbekov 88), Dostonbek Hamdamov (Flamarion 68), Bashar Resan, Abdurauf Bo‘riyev, Ayman Husayn (Stiven Chinedu 69), Sherzod Nasrullayev (Hojiakbar Alijonov 78), Muhammadrasul Abdumajidov

Ogohlantirishlar: Ibrohim Ibragimov (63), Solih Abu Alshamat (64)

Eslatib o‘tamiz, kecha Elit Osiyo chempionlar ligasi 1-turida Farg‘onaning «Neftchi» klubi o‘z maydonida «Eyr Fors» ustidan 1:0 hisobida ustun kelgandi.



Source link

Continue Reading

Sport

Butunjahon shaxmat olimpiadasi mash’alasi O‘zbekistonga keltiriladi

Published

on


Hindistonda 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi oldidan an’anaviy Mash’ala estafetasi marosimi bo‘lib o‘tdi.

Marosimda FIDE prezidenti vazifasini bajaruvchi Vishvanatan Anand va Hindiston shaxmat federatsiyasi prezidenti Nitin Narang olimpiada mash’alasini o‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarovga tantanali ravishda topshirdi.

Endilikda ramziy olov Samarqandda bo‘lib o‘tadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga yetkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining boshlanishiga 2 kun qoldi.



Source link

Continue Reading

Sport

Gukesh — Sindarov matchida mukofot jamg‘armasi 2,5 million dollarni tashkil etadi

Published

on


FIDE 2026-yilgi jahon chempionligi uchun match reglamentini e’lon qildi. Unga ko‘ra, amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaraju o‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarovga qarshi shaxmat tojini himoya qiladi.

Match 22-noyabrdan 12-dekabrgacha Shveysariyaning Jeneva shahridagi Fondation Martin Bodmer majmuasida bo‘lib o‘tadi. Birinchi klassik partiya 24 noyabrda, so‘nggisi esa 11-dekabrda o‘ynaladi. Agar 14 partiyadan keyin hisob teng bo‘lsa, 12-dekabr kuni tay-breyk o‘tkaziladi.

Jahon chempionligi bahsi ko‘pi bilan 14 ta klassik partiyadan iborat bo‘ladi. Birinchi bo‘lib 7,5 ochko to‘plagan shaxmatchi chempionlikni qo‘lga kiritadi.

Gukesh va Sindarov match boshlangan paytda 20 yoshda bo‘ladi. Shu tariqa, bu jahon chempionati tarixidagi eng yosh ikki shaxmatchi o‘rtasidagi chempionlik bahsi bo‘ladi.

Javohir Sindarov jahon chempionligi uchun matchda ishtirok etish huquqini 2026-yilgi FIDE Nomzodlar turnirida g‘olib chiqib qo‘lga kiritdi. U musobaqada 14 imkoniyatdan 10 ochko to‘plab, birorta ham partiyada mag‘lub bo‘lmadi va turnir g‘olibligiga bir tur qolgandayoq erishdi.

Bundan oldin Sindarov 2025-yilgi FIDE Jahon kubogida ham g‘olib chiqqan edi. U mutlaq jahon chempioni unvoni uchun matchda ishtirok etadigan O‘zbekiston tarixidagi birinchi shaxmatchi bo‘ladi.

Gukesh esa 2024-yilda Singapurda Din Lijenni 7,5:6,5 hisobida mag‘lub etib, jahon chempioni bo‘lgan. U o‘shanda 18 yoshida shaxmat tarixidagi eng yosh mutlaq jahon chempioniga aylangan.

Matchning umumiy mukofot jamg‘armasi 2,5 million dollarni tashkil etadi. Reglamentga ko‘ra, har bir g‘alaba uchun shaxmatchiga 200 ming dollardan beriladi, qolgan mablag‘ esa ikki ishtirokchi o‘rtasida taqsimlanadi.

Jahon chempionligi uchun bahs Fondation Martin Bodmer — jahon adabiyoti va insoniyat tarixiga oid noyob qo‘lyozmalar hamda hujjatlar saqlanadigan mashhur kutubxona-muzeyda o‘tkaziladi.



Source link

Continue Reading

Sport

Samarqandda 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi boshlanadi

Published

on


15-sentyabr kuni Samarqand shahrida 46-FIDE Butunjahon shaxmat olimpiadasiga start beriladi. O‘zbekiston nufuzli musobaqaga ilk bor mezbonlik qilmoqda.

Olimpiada 15–27 sentyabr kunlari Silk Road Samarkand xalqaro ko‘rgazma markazida o‘tkaziladi. Ilk tur bahslari 16 sentyabrda boshlanadi. Jamoalar ochiq va ayollar toifasida 11 tur davomida g‘oliblik uchun kurashadi.

Musobaqada qariyb 400 ta terma jamoa, 4 mingdan ortiq shaxmatchi, murabbiy va delegatsiya a’zosi ishtirok etishi kutilmoqda.

Olimpiada bilan bir vaqtda Samarqandda FIDE Kongressi ham o‘tkaziladi. 24-sentyabrda shaxmatni ta’limga integratsiya qilishga bag‘ishlangan FIDE ta’lim sammiti, 25-sentyabrda esa hududiy saylovlar bo‘lib o‘tadi.

26–27 sentyabr kunlari FIDE Bosh assambleyasi o‘tkaziladi. 26-sentyabrda tashkilotning keyingi to‘rt yillik rahbariyati saylanadi. Shuningdek, Bosh assambleyada 2030-yilgi Butunjahon shaxmat olimpiadasi mezboni ham aniqlanadi.

Olimpiadaning so‘nggi turi va yopilish marosimi 27-sentyabrga belgilangan.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.