Jamiyat
Ichki kiyimga yashirilgan giyohvandlik moddasi saqlovchi kapsulalar aniqlandi
Farg‘ona viloyatidagi «Rishton» chegara bojxona posti orqali mamlakat hududiga giyohvandlik moddasi saqlovchi dori vositalarini noqonuniy olib kirishga bo‘lgan urinishning oldi olindi. Fuqaro ichki kiyimiga yashirib olgan qariyb 950 dona kapsula bojxonachilar tomonidan aniqlandi.
Foto: Bojxona qo‘mitasi
Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasining «Rishton» chegara bojxona posti orqali qo‘shni davlatdan kirib kelayotgan fuqaroning xatti-harakatlari bojxona xodimlarida shubha uyg‘otgan. Shundan so‘ng u belgilangan tartibda shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilgan.
Tekshiruv davomida fuqaro ichki kiyimiga yashirib olgan, deklaratsiyalanmagan va tegishli hujjatlari mavjud bo‘lmagan 23 dona qadoqdagi jami 950 ga yaqin «Tawon Liar» nomli dori vositasini bojxona nazoratidan yashirincha olib kirishga uringani ma’lum bo‘lgan.
Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, mazkur dori vositasi tarkibida giyohvandlik vositalari ro‘yxatiga kiritilgan «tapentadol» moddasi mavjudligi aniqlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Bugun O‘zbekistonda harorat 34 darajagacha isiydi
O‘zgidromet ma’lumotiga ko‘ra, bugun O‘zbekistonda havo biroz bulutli, ba’zi joylarda o‘zgaruvchan bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 7-12 m/s tezlikda esadi. Harorat 29-34 daraja bo‘ladi.
Toshkentda havo biroz bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 3-8 m/s tezlikda esadi. Harorat 31-33 daraja bo‘ladi.
Respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida havo biroz bulutli, ba’zi joylarda o‘zgaruvchan bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 7-12 m/s tezlikda esadi. Harorat 22-27 daraja bo‘ladi.
Jamiyat
Behzodjon Karimov Davlat kadastrlari palatasi raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi
Behzodjon Karimov Davlat kadastrlari palatasi raisi vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi etib tayinlandi.
Davlat kadastrlari palatasida tashkiliy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Kadastr agentligi direktori Turdiyev Sadriddin Abdullayevich ishtirok etdi.
Yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Davlat kadastrlari palatasi raisi Valiyev Mohir Kamolovichning boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan Davlat kadastrlari palatasi raisi vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi etib Karimov Behzodjon Ilhomovich tayinlangani ma’lum qilindi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar Moxir Valiyevning kelgusi faoliyatiga ulkan muvaffaqiyatlar tiladilar.
Jamiyat
Ayrim toifadagi fuqarolarga teatr, kino va konsertlar uchun vaucher berilishi mumkin
O‘zbekistonda «Ijtimoiy karta» orqali o‘qituvchilar, shifokorlar, davlat xizmatchilari, faol o‘quvchi va talabalar, shuningdek, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlari hamda nogironligi bo‘lgan bolalarga teatr, kino va konsert tadbirlari uchun bepul va imtiyozli vaucherlar berish taklif qilinmoqda.
Bu bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqilgan.
Loyihaga ko‘ra, har yili o‘qituvchilar, shifokorlar, davlat xizmatchilari, faol o‘quvchi va talabalar uchun 500 mingta, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlari hamda nogironligi bo‘lgan bolalar uchun 100 mingta vaucher ajratish rejalashtirilgan.
Vaucherlar «Ijtimoiy karta» mobil ilovasi orqali elektron shaklda taqdim etiladi. Ularning miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 30 foizigacha bo‘lishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, 2027-yil yanvarga qadar «Ijtimoiy karta» axborot tizimiga o‘qituvchilar, shifokorlar, davlat xizmatchilari, faol o‘quvchi va talabalar, Ijtimoiy reyestrdagi oilalar farzandlari hamda nogironligi bo‘lgan bolalar haqidagi ma’lumotlarni integratsiya qilish taklif etilgan.
Loyihada madaniyat muassasalaridagi tadbirlar, chipta narxlari va kvotalar haqidagi ma’lumotlarni «Ijtimoiy karta» tizimiga elektron tarzda uzatish, shuningdek, vaucher mablag‘larini teatr, kinoteatr va konsert muassasalariga o‘tkazish mexanizmini joriy etish ham ko‘zda tutilgan.
Qaror loyihasi hozircha yakuniy hujjat emas. U qabul qilingan taqdirda, belgilangan tartib asosida kuchga kiradi.
Jamiyat
Bugun O‘zbekistonda havo harorati biroz ko‘tariladi
«O‘zgidromet» ma’lumotlariga ko‘ra, bugun O‘zbekiston hududida kam bulutli, ayrim joylarda o‘zgaruvchan bulutli ob-havo kuzatiladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Sharqiy yo‘nalishda sekundiga 7–12 metr tezlikda shamol esadi. Harorat 28–33 daraja bo‘ladi.
Toshkentda kam bulutli ob-havo bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Sharqiy yo‘nalishda sekundiga 3–8 metr tezlikda shamol esadi. Harorat 30–32 daraja bo‘ladi.
Respublikaning tog‘li hududlarida kam bulutli, ayrim joylarda o‘zgaruvchan bulutli ob-havo kuzatiladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Sharqiy yo‘nalishda sekundiga 7–12 metr tezlikda shamol esadi. Harorat 22–27 daraja bo‘ladi.
Jamiyat
Ehtiyojmand oilalarni baholash, ishlaydigan onalarga nafaqa va vaucher tizimi — ijtimoiy himoyada qanday o‘zgarishlar kutilmoqda?
2027 yil 1 yanvardan boshlab aholini ijtimoiy yordam va xizmatlarga muhtojligini aniqlash hamda oilalarni Ijtimoiy reyestrga kiritishda yangi ko‘p o‘lchovli baholash tizimi joriy etiladi. Bunda oilalarning moliyaviy holati bilan bir qatorda surunkali kasalliklar, nogironlik, tashqi mehnat migratsiyasi va oilada bolalar soni kabi omillar ham hisobga olinadi. Bu prezidentning tegishli farmonida ko‘zda tutilgan.
Yangi tizimda oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy holati balli skoring tizimi orqali baholanadi. Natijaga ko‘ra, oilalar tegishli toifalarga ajratilib, ularga ijtimoiy yordam va xizmatlar ko‘rsatiladi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2026 yil 1 dekabrgacha oilalarni ko‘p o‘lchovli baholash tizimi orqali Ijtimoiy reyestrga kiritish, toifalarga ajratish va tegishli xizmatlarga yo‘naltirishning yangi tizimini amaliyotga joriy etish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini Prezident Administratsiyasiga kiritishi belgilangan.
Shuningdek, 2027 yil 1 yanvardan boshlab mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan xotin-qizlarga homiladorlik va tug‘ish ta’tili tugagan kundan boshlab farzandi bir yoshga to‘lgunga qadar Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tomonidan bolani parvarishlash nafaqasi to‘lash tartibi joriy etiladi. Ayrim davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari esa vaucher orqali taqdim etiladi.
Vaucher tizimi — davlat ijtimoiy yordamini oluvchi fuqaroga xizmat yoki to‘lovdan foydalanish huquqini elektron shaklda taqdim etish mexanizmi. Vaucher «mahalla yettiligi» tavsiyasi asosida shakllantiriladi va belgilangan muddat davomida amal qiladi. U orqali bolalarni bog‘chaga joylashtirish, o‘quvchilar uchun qo‘shimcha ta’lim, davolanish va boshqa ijtimoiy xizmatlardan foydalanish xarajatlari qoplanishi nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, Ijtimoiy reyestrga kirgan xodimlar uchun ayrim soliq imtiyozlarini joriy etish rejalashtirilmoqda. Xususan, korxonalar xodimlari, birinchi navbatda Ijtimoiy reyestrga kirgan xodimlar uchun amalga oshirgan ayrim xarajatlarini foyda solig‘i bazasidan chegirish hamda yer va mol-mulk soliqlaridan ozod etish nazarda tutilmoqda.
Ushbu xarajatlarga korxona o‘z xodimlarining farzandlari uchun maktabgacha ta’lim obyektlarini qurish va ular topshirilgandan keyin uch yil muddatgacha saqlash, shuningdek, xodimlar uchun korxonada ishlagan davrida vaqtinchalik yashash uchun uy-joylar qurish va ulardan foydalanish xarajatlari kiritilishi mumkin.
-
Jamiyat5 days ago
Qichqiriq mahallasidagi o‘zgarishlar ko‘zdan kechirildi
-
Siyosat5 days ago
Shavkat Mirziyoyev rafiqasi hamrohligida Seulga keldi (foto)
-
Jamiyat4 days ago
Prezident O‘zbekiston Milliy muzeyi qurilishini ko‘zdan kechirdi (foto)
-
Jamiyat3 days ago
Murojaatlar bilan ishlashdagi kamchiliklar uchun 151 nafar xodim lavozimidan ozod etildi
-
Mahalliy3 days ago
Toshkentda xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internati ochildi
-
Siyosat3 days ago
Shavkat Mirziyoyev Seuldagi Milliy yodgorlik majmuasiga bordi
-
Jamiyat3 days ago
«Ma’rifat karvoni» ziyolilarni umummilliy harakatga safarbar etmoqda
-
Jamiyat5 days ago
Shahidlar xotirasi xiyobonidan Chilonzor tumanigacha 20 kilometrlik piyodalar yo‘lagi qurilishi mumkin
