Sport
Anchelotti yetakchi, Kannavaro kuchli beshlikda. JCh-2026’ning eng ko‘p maosh oluvchi murabbiylari
Braziliya terma jamoasi ustozi Karlo Anchelotti 2026 yilgi Jahon chempionatida ishlaydigan eng qimmat murabbiy. Italiyalik mutaxassisning yillik daromadi 10 mln yevroga teng. Kuchli uchlikdan Germaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Yulian Nagelsman (7 mln yevro) hamda AQSh terma jamoasini boshqarayotgan Maurisio Pochettino (6 mln yevro) ham joy olgan. Umumiy reytingda O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro beshinchi o‘ringa joylashtirilgan.
Foto: carloancelotti.it / Getty Images / AFP
Finance Football nashri O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaroni 2026 yilgi Jahon chempionatida ishtirok etayotgan murabbiylar orasida eng yuqori maosh oluvchilar qatoriga kiritdi.
Reytingni Braziliya terma jamoasi bosh murabbiyi Karlo Anchelotti boshqarib turibdi. Italiyalik murabbiyning yillik daromadi 10 million yevroga teng. Ikkinchi o‘rinni Germaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Yulian Nagelsman egallagan bo‘lib, uning maoshi yiliga 7 million yevroni tashkil etadi. AQSh terma jamoasini boshqarayotgan Maurisio Pochettino esa 6 million yevro bilan uchinchi o‘rinda qayd etilgan. Angliya terma jamoasi bosh murabbiyi Tomas Tuxel yiliga 5,8 million yevro ishlab topadi.
Finance Football O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaroni beshinchi o‘ringa joylashtirgan. Italiyalik mutaxassisning daromadi 4 million yevro ekanligi qayd etilgan. Bu ko‘rsatkich Portugaliya terma jamoasi bosh murabbiyi Roberto Martinesniki bilan teng.
Kannavaro yillik daromad bo‘yicha bir qator kuchli terma jamoalarning nomdor murabbiylarini ham ortda qoldirgan. Xususan, Dide Desham (Fransiya, 3,8 mln yevro), Ronald Kuman (Niderlandiya, 3 mln yevro), Marselo Biyelsa (Urugvay, 3 mln yevro), Xulen Lopetegi (Qatar, 2,4 mln yevro), Lionel Skaloni (Argentina, 2,3 mlm yevro), Luis de la Fuente (Ispaniya, 2 mln yevro) kabi murabbiylar italiyalik mutaxassisdan kamroq maosh olishadi.
O‘FA va Kannavaroning izohi
Fabio Kannavaroning maoshi haqidagi xabarlar 2025 yilning oktabr oyida ham shov-shuvlarga sabab bo‘lgandi. O‘sha paytda «Sport-Ekspress» nashri o‘z manbalariga tayanib italiyalik mutaxassisning daromadi murabbiylar shtabi xarajatlari bilan qo‘shib hisoblaganda 4 million yevro atrofida bo‘lishi mumkinligi haqida yozgandi. Shundan so‘ng vaziyatga O‘FA vitse-prezidenti Ravshan Ermatov quyidagicha izoh bergandi.
«Hozir matbuotda maosh haqida ko‘p gap-so‘zlar paydo bo‘ldi: kimdir 4 million, kimdir boshqa summalarni yozmoqda. Aslida bu yarmining yarmi ham emas. Agar O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida shunday moliyaviy imkoniyatlar bo‘lganida, biz umuman boshqacha yo‘l tutgan bo‘lardik. Ammo biz real resurslarimizdan kelib chiqib, eng maqbul variantni tanladik», — degandi u.
Fabio Kannavaroning o‘zi ham 4 million yevrolik maosh haqidagi gaplarni keskin rad etgan. Mutaxassis O‘zbekistonga kelishini Jahon chempionatiga murabbiy sifatida borish imkoniyati paydo bo‘lgani bilan bog‘langan.
Kannavaroning faoliyati
Kannavaro avval Xitoyning «Guanchjou Evergrand», Saudiya Arabistonining «Al-Nasr», Italiyaning «Benevento» va «Udineze», shuningdek, 2025 yilning aprel oyidan boshlab uch oy Zagrebning «Dinamo» jamoasiga ustozlik qilgan. Murabbiy sifatida u 2019 yilda «Guanchjou Evergrand» bilan Xitoy chempionatida g‘alaba qozonganini hisobga olmaganda, hali sezilarli yutuqlarga erisha olmagan.
Sport
Bahodir Jalolov IBF reytingida yuqoriladi
Xalqaro boks federatsiyasi (IBF) barcha vazn toifalari uchun sportchilarning reytingini yangiladi.
Unga ko‘ra, superog‘ir vazn toifasida Bahodir Jalolov 6 dan 4-o‘ringa ko‘tarildi.
Jalolov so‘nggi jangini 2026-yil 9-may kuni Agron Smakichiga qarshi o‘tkazib, texnik nokaut hisobiga g‘alaba qozongan va rekordini 17–0 (15 tasi nokaut)ga yetkazgandi.
Hozirda IBF kamari Filip Xrgovichda, reytingni esa Frank Sanches boshqarmoqda, keyingi o‘rinlarda: Entoni Joshua (3) va Jalolov (4-o‘rin).
Taniqli insayder Den Rafael tarqatgan xabarga ko‘ra, Jalolov navbatdagi jangini Daniel Dyubua — Fabio Uordli 2 jang kechasi doirasida Londonda mahalliy bokschi Solomon Dakres (10-1, 3 nokaut)ga qarshi o‘tkazadi. Jalolov (Top Rank) va Dakres (Queensberry) promouterlari kelishuvga erishgan deyiladi xabarda.
Superog‘ir vazn toifasidagi bokschilar reytingi (IBF, top-10):
1. Frank Sanches (Kuba)
2. O‘rin bo‘sh
3. Entoni Joshua (Buyuk Britaniya)
4. Bahodir Jalolov (O‘zbekiston)
5. Tayson Fyuri (Buyuk Britaniya)
6. Deontey Uaylder (SShA)
7. Mozes Itauma (Buyuk Britaniya)
8. Richard Riakpore (Buyuk Britaniya)
9. Kichik Richard Torres (AQSh)
10. Jastis Hani (Avstraliya).
Sport
«Paxtakor», «Neftchi» va «Nasaf» qancha pul ishlaydi?
«Paxtakor», «Neftchi» va «Nasaf» klublari 2026/2027-yilgi mavsumda Osiyo klublar musobaqalarida yurtimiz sharafini himoya qilmoqda. «Paxtakor» va «Neftchi» OFK Chempionlar ligasi Elit (Elite) turnirida, «Nasaf» OFK Chempionlar ligasi 2 musobaqasida ishtirok etmoqda.
Jamoalarga turnirdagi ishtiroki, har bir g‘alabasi hamda keyingi bosqichlarga yo‘l olgani uchun OFK tomonidan yirik miqdorda mukofot pullari ajratiladi.
«Paxtakor» va «Neftchi» nufuzli Elit turnirning asosiy (liga) bosqichida qatnashgani uchun kafolatlangan 800 ming AQSh dollaridan qo‘lga kiritadi. Bundan tashqari, ushbu musobaqada jamoalar har bir g‘alaba uchun qo‘shimcha 100 ming dollar bonus ishlab olishlari mumkin. Klublarning umumiy daromadi ular qayd etadigan natijalar va g‘alabalar soniga qarab oshib boradi.
Musobaqaning pley-off bosqichida ham mukofot pullari sezilarli darajada yuqori. OFK Chempionlar ligasi Elit turnirida 1/8 finalga yo‘l olgan klubga 200 ming dollar, chorak final ishtirokchisiga 400 ming dollar, yarim finalga chiqqan jamoaga esa 600 ming dollar mukofot puli taqdim etiladi.
Musobaqa g‘olibi — turnir chempioni 10 million dollarlik bosh sovrinni qo‘lga kiritadi. Finalda mag‘lub bo‘lgan jamoaga 4 million dollar mukofot puli to‘lanadi. Bir so‘z bilan aytganda, «Paxtakor» va «Neftchi» musobaqada qancha uzoqqa borsa, shuncha ko‘p daromad oladi — bu mablag‘ bir necha million dollarga yetishi mumkin.
«Nasaf» OFK Chempionlar ligasi 2 turnirini guruh bosqichidan boshlaydi. Ushbu bosqichda qatnashgani uchun qarshiliklarga kafolatlangan 300 ming dollar mukofot puli ajratiladi. Bundan tashqari, guruhdagi har bir g‘alaba uchun 50 ming dollardan qo‘shimcha bonus to‘lanishi ko‘zda tutilgan.
OFK Chempionlar ligasi 2 turnirining pley-off bosqichida sovrinlar quyidagicha taqsimlanadi: 1/8 finalga chiqqan klub 80 ming dollar, chorak finalga yo‘l olgan jamoa 160 ming dollar, yarim final ishtirokchisi esa 240 ming dollar mukofot oladi.
Turnir g‘olibiga 2,5 million dollar, finalchiga 1 million dollar mukofot puli beriladi. Shunday qilib, «Nasaf» ham musobaqadagi muvaffaqiyatli natijalari evaziga boshlang‘ich 300 ming dollarni (bir necha) million dollargacha ko‘paytirish imkoniyatiga ega.
Sport
«Paxtakor» so‘nggi daqiqalarda g‘alabani qo‘ldan chiqardi
«Paxtakor» klubi Elit Osiyo chempionlar ligasi asosiy bosqichini durang bilan boshladi.
Jiddada turnirning amaldagi g‘olibi «Al-Ahli» klubiga qarshi o‘ynagan paxtakorchilar 86-daqiqada hisobni ochishdi. Ammo asosiy vaqtga qo‘shib berilgan daqiqalarda javob goli o‘tkazib yuborildi.
«Paxtakor» keyingi o‘yinni 12-oktyabrda Toshkentda Saudiya Arabistonining «Al-Qodisiya» klubiga qarshi o‘tkazadi.
Elit OChL. G‘arb mintaqasi. 1-tur
14-sentyabr, Jidda, «King Abdullah Sports City» stadioni
Al-Ahli – Paxtakor 1:1
Gollar: Firas al-Buraykan (90+3) — Flamarion (86)
Bosh hakam: Abdulla Jamaliy (Kuvayt)
Al-Ahli: Eduard Mendi, Ibrahima Diabi (Valentin Atangana 62), Galeno (Meshal Al-Mutayriy 53), Said Baattia, Ivan Toni (Firas Al-Buraykan 68), Mateus Martins, Merix Demiral (Muhammad Sulaymon 68), Saad Balobaid, Rayan Hamid, Solih Abu Alshamat, Naif Masud (Eduard Spersyan 46)
Paxtakor: Vladimir Nazarov, Zaid Tahsin (Murtazo Puraliganji 46), Dilshod Saitov, Ibrohim Ibragimov, Akmal Mozgovoy (Muhammadali Dilshodbekov 88), Dostonbek Hamdamov (Flamarion 68), Bashar Resan, Abdurauf Bo‘riyev, Ayman Husayn (Stiven Chinedu 69), Sherzod Nasrullayev (Hojiakbar Alijonov 78), Muhammadrasul Abdumajidov
Ogohlantirishlar: Ibrohim Ibragimov (63), Solih Abu Alshamat (64)
Eslatib o‘tamiz, kecha Elit Osiyo chempionlar ligasi 1-turida Farg‘onaning «Neftchi» klubi o‘z maydonida «Eyr Fors» ustidan 1:0 hisobida ustun kelgandi.
Sport
Butunjahon shaxmat olimpiadasi mash’alasi O‘zbekistonga keltiriladi
Hindistonda 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi oldidan an’anaviy Mash’ala estafetasi marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda FIDE prezidenti vazifasini bajaruvchi Vishvanatan Anand va Hindiston shaxmat federatsiyasi prezidenti Nitin Narang olimpiada mash’alasini o‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarovga tantanali ravishda topshirdi.
Endilikda ramziy olov Samarqandda bo‘lib o‘tadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga yetkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining boshlanishiga 2 kun qoldi.
Sport
Gukesh — Sindarov matchida mukofot jamg‘armasi 2,5 million dollarni tashkil etadi
FIDE 2026-yilgi jahon chempionligi uchun match reglamentini e’lon qildi. Unga ko‘ra, amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaraju o‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarovga qarshi shaxmat tojini himoya qiladi.
Match 22-noyabrdan 12-dekabrgacha Shveysariyaning Jeneva shahridagi Fondation Martin Bodmer majmuasida bo‘lib o‘tadi. Birinchi klassik partiya 24 noyabrda, so‘nggisi esa 11-dekabrda o‘ynaladi. Agar 14 partiyadan keyin hisob teng bo‘lsa, 12-dekabr kuni tay-breyk o‘tkaziladi.
Jahon chempionligi bahsi ko‘pi bilan 14 ta klassik partiyadan iborat bo‘ladi. Birinchi bo‘lib 7,5 ochko to‘plagan shaxmatchi chempionlikni qo‘lga kiritadi.
Gukesh va Sindarov match boshlangan paytda 20 yoshda bo‘ladi. Shu tariqa, bu jahon chempionati tarixidagi eng yosh ikki shaxmatchi o‘rtasidagi chempionlik bahsi bo‘ladi.
Javohir Sindarov jahon chempionligi uchun matchda ishtirok etish huquqini 2026-yilgi FIDE Nomzodlar turnirida g‘olib chiqib qo‘lga kiritdi. U musobaqada 14 imkoniyatdan 10 ochko to‘plab, birorta ham partiyada mag‘lub bo‘lmadi va turnir g‘olibligiga bir tur qolgandayoq erishdi.
Bundan oldin Sindarov 2025-yilgi FIDE Jahon kubogida ham g‘olib chiqqan edi. U mutlaq jahon chempioni unvoni uchun matchda ishtirok etadigan O‘zbekiston tarixidagi birinchi shaxmatchi bo‘ladi.
Gukesh esa 2024-yilda Singapurda Din Lijenni 7,5:6,5 hisobida mag‘lub etib, jahon chempioni bo‘lgan. U o‘shanda 18 yoshida shaxmat tarixidagi eng yosh mutlaq jahon chempioniga aylangan.
Matchning umumiy mukofot jamg‘armasi 2,5 million dollarni tashkil etadi. Reglamentga ko‘ra, har bir g‘alaba uchun shaxmatchiga 200 ming dollardan beriladi, qolgan mablag‘ esa ikki ishtirokchi o‘rtasida taqsimlanadi.
Jahon chempionligi uchun bahs Fondation Martin Bodmer — jahon adabiyoti va insoniyat tarixiga oid noyob qo‘lyozmalar hamda hujjatlar saqlanadigan mashhur kutubxona-muzeyda o‘tkaziladi.
-
Jamiyat5 days ago
Qichqiriq mahallasidagi o‘zgarishlar ko‘zdan kechirildi
-
Siyosat3 days ago
Shavkat Mirziyoyev Seuldagi Milliy yodgorlik majmuasiga bordi
-
Jamiyat4 days ago
Prezident O‘zbekiston Milliy muzeyi qurilishini ko‘zdan kechirdi (foto)
-
Jamiyat3 days ago
Murojaatlar bilan ishlashdagi kamchiliklar uchun 151 nafar xodim lavozimidan ozod etildi
-
Mahalliy3 days ago
Toshkentda xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internati ochildi
-
Sport3 days agoButunjahon shaxmat olimpiadasi mash’alasi O‘zbekistonga keltiriladi
-
Siyosat3 days ago
Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston va Koreya hamkorligiga bag‘ishlangan maqolasi e’lon qilindi
-
Siyosat3 days ago
Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston — Koreya biznes forumidagi asosiy fikrlari
