Iqtisodiyot
AESda ishlab chiqarilgan 1 kWh elektr narxi 1000 so‘mdan past bo‘ladi
“O‘zatom” rahbari Azim Ahmadxo‘jayev AESda ishlab chiqariladigan elektr energiyasi narxi haqidagi savolga javob berdi. U yakuniy narx haqida aniq ma’lumot ayta olmasligi, lekin bir kWh uchun 1000−1100 so‘mdan oshib ketmasligini bildirdi.
O‘zbekistonda integratsiyalashgan atom elektr stansiyasida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi narxi har kWh uchun 1000 so‘mdan past bo‘ladi. Bu haqda Atom energiyasi agentligi direktori Azim Ahmadxo‘jayev ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot.
“Bizda bosqichma-bosqich yondashuv mavjud. Hozir aniq narx haqida gapirmagan bo‘lardim, lekin shuni aytishim mumkinki, u [elektr energiyasi] uchun joriy tariflarning o‘rtacha parametrlarida”, — degan Ahmadxo‘jayev.
“O‘zatom” rahbarining ta’kidlashicha, tariflarni belgilashda mamlakat elektr energiyasi bozorining rivojlanishi, jumladan, joriy yilning yanvar oyida e’lon qilingan energetika va kommunal sektorning yagona regulyatorini yaratish hisobga olinadi.
“Ha, bizda hozircha iqtisodiy hisob-kitoblar bor, lekin birinchi elektr energiyasi yetkazib berila boshlanganda u qanday bo‘lishini aniq ayta olmayman”, — degan Ahmadxo‘jayev
Spot muxbirining AESda ishlab chiqariladigan elektr energiyasi narxi bir kWh uchun 1000−1100 so‘mdan oshib ketadimi, degan savoliga O‘zatom rahbari: “Yo‘q, albatta, undan past bo‘ladi”, — deya javob qaytargan.
Iqtisodiyot
TBC Bank Group’ga OLX Uzbekistan’ni sotib olishga ruxsat berildi
Raqobat qo‘mitasi muayyan shartlar asosida TBC Group’ga OLX’ni sotib olishga ruxsat berdi. Xususan, qo‘mita talablariga ko‘ra, TBC Bank Group nazoratidagi raqamli platformalar orqali OLX foydalanuvchilari uchun xizmat shartlariga bir tomonlama va asoslanmagan tarzda ta’sir o‘tkazish mumkin emas. Shuningdek, yig‘ilgan yoki qayta ishlangan ma’lumotlardan raqobatni cheklash maqsadida foydalanish taqiqlanadi.
Sun’iy intellekt yaratgan surat
Raqobat qo‘mitasi BAAda ro‘yxatdan o‘tgan Tapuz Limited kompaniyasining OLX Classifieds ustav kapitalidagi 100 foiz ulushni sotib olishi bo‘yicha iqtisodiy konsentratsiya bitimini ko‘rib chiqib, rozilik berdi.
Qo‘mita tomonidan o‘tkazilgan tahlillar davomida Tapuz Limited’ning asosiy aksiyadori bo‘lgan TBC Bank Group PLC O‘zbekistonda TBC Bank Uzbekistan raqamli tijorat banki hamda Payme to‘lov xizmatiga bilvosita egalik qilishi inobatga olingan. Shuningdek, Payme va OLX Classifieds raqamli platformalar sohasida ustun mavqega ega korxonalar ro‘yxatiga kiritilgan. Shu bilan birga, qo‘mita Tapuz Limited O‘zbekistondagi boshqa onlayn reklama platformalari ustav fondlarida ulushga ega emasligini aniqlagan.
“Qo‘mitaning Maxsus komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan tahlil natijalariga ko‘ra, mazkur bitim bo‘yicha raqobat muhitini saqlash va iste’molchilar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qator majburiy talablar belgilangan holda iqtisodiy konsentratsiya bitimiga oldindan rozilik berish to‘g‘risida qaror qabul qilindi”, deyiladi xabarda.
TBC Bank Group’ga quyidagi talablar qo‘yilgan:
“TBC Bank Group PLC” kompaniyasi nazoratidagi raqamli platformalar orqali “OLX” raqamli platformasining hozirgi va kelgusidagi foydalanuvchilari uchun xizmatdan foydalanish shartlariga bir tomonlama va asoslanmagan tarzda ta’sir ko‘rsatishga yo‘l qo‘ymaslik;
“OLX” raqamli platformasi orqali to‘planadigan yoki qayta ishlanadigan ma’lumotlardan foydalanishda, shuningdek “TBC bank” ATB va “Payme” AJ bilan raqobatda bo‘lgan tijorat tashkilotlarining mijozlariga oid shaxsiy yoki tijorat ma’lumotlaridan raqobatni cheklash maqsadida foydalanmaslik yoki ularni oshkor qilmaslik, ustun mavqeni suiiste’mol qilmaslik hamda iste’molchilar huquqlarini kamsitmaslik choralarini ta’minlash;
OLX xizmatlari uchun to‘lovlarda foydalanuvchilarni faqat Payme yoki TBC Bank ilovalaridan foydalanishga majburlamaslik hamda boshqa to‘lov xizmatlari uchun teng sharoit yaratish;
Raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablarga to‘liq rioya qilish.
Iqtisodiyot
YeTTB O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026 yilda 6,5 foizga o‘sishini prognoz qildi
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026 yilda 6,5 foizga, 2027 yilda esa 6 foizga o‘sishini prognoz qildi. Rossiya iqtisodiyotida ehtimoliy sekinlashuv va Yaqin Sharqdagi mojaro ta’sirida inflatsiya bosimining kuchayishi asosiy xavflar sifatida ko‘rilmoqda.
Markaziy Osiyo va Mo‘g‘ulistonda 2026 yil boshida yuqori iqtisodiy faollik saqlanib qoldi, ammo asta-sekin mo‘tadillashish belgilari ko‘rinmoqda, deyiladi Yevropa Tiklanish va taraqqiyot bankining mintaqaga oid yangi hisobotida.
Qayd etilishicha, mintaqada kuchli ichki iste’mol va investitsiyalar o‘sishni qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda. Xizmatlar sohasi qurilish va ishlab chiqarish bilan birga asosiy omillar bo‘lib turibdi.
“Yaqin Sharqdagi mojarolarning cho‘zilishi tufayli salbiy ta’sirlar kuchaydi, bu esa mintaqaning eng yirik savdo va iqtisodiy hamkorlari – Rossiya va Xitoyda energiya narxlarining o‘zgaruvchanligi, ta’minot zanjiridagi uzilishlar va o‘sishning sekinlashishiga olib keldi.
Umuman olganda, o‘sish istiqbollari mustahkam bo‘lib qolmoqda, ammo istiqbollar tobora ko‘proq ichki islohotlar sur’atiga va tashqi zarbalarga chidamlilikni kuchaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlarga bog‘liq bo‘lib bormoqda”, – deyiladi hisobotda.
O‘zbekiston
Rasmiy raqamlarga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sish sur’ati 2026 yilning birinchi choragida yanada tezlashgan. Real YaIM o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8,7 foizga oshgan.
YeTTB bu o‘sishni birinchi navbatda ichki iste’mol bilan bog‘lagan. Pul o‘tkazmalarining ko‘payishi va ish haqlarining o‘sishi xizmatlar sohasini rag‘batlantirgan. Shuningdek, sanoat ishlab chiqarishi 8 foizga, qurilish sohasi esa 15,5 foizga o‘sgan.
Bank O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026 yilda 6,5 foizga, 2027 yilda esa 6 foizga o‘sishini prognoz qilmoqda. Xususiylashtirish jarayonlari kutilgandan tezroq kechsa, o‘sish sur’atlari yuqoriroq bo‘lishi mumkin. Asosiy xavflar sifatida Rossiya iqtisodiyotida ehtimoliy sekinlashuv va Yaqin Sharqdagi mojaro ta’sirida inflatsiya bosimining kuchayishi ko‘rsatilgan.
Qozog‘iston
YeTTB Qozog‘iston iqtisodiyoti 2026 yilda 4,7 foizga, 2027 yilda esa 4,5 foizga o‘sishini kutmoqda.
Yilning birinchi choragida qurilish, transport va sanoat tarmoqlari o‘sishni saqlab qolgan. Biroq Kaspiy quvur konsorsiumi infratuzilmasidagi uzilishlar va Tengiz konidagi hodisa tufayli qazib chiqarish sanoati 11,4 foizga qisqargan.
Bank mamlakat iqtisodiyoti uchun neft narxlarining o‘zgaruvchanligi, neft eksport yo‘llaridagi ehtimoliy uzilishlar hamda Rossiya va Xitoy iqtisodiyotlaridagi sekinlashuvni asosiy xavflar sifatida baholagan.
Qirg‘iziston
Qirg‘iziston mintaqadagi eng yuqori iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichini saqlab qoladi. YeTTB mamlakat iqtisodiyoti 2026 yilda 8,7 foizga, 2027 yilda esa 7 foizga o‘sishini prognoz qilmoqda.
Yil boshida iqtisodiy faollik sanoat, qurilish va savdo hisobidan yuqori bo‘lgan. Asosiy kapitalga investitsiyalar 25,5 foizga oshgan.
Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksion rejim doirasida Qirg‘izistonga kiritgan ikkilamchi sanksiyalari mamlakat iqtisodiyotiga bosim o‘tkazishi mumkin. Aprel oyi oxirida tasdiqlangan 20-sanksiyalar paketi bilan, Yevroittifoqdan Qirg‘izistonga ikki tomonlama maqsadda foydalanish mumkin bo‘lgan tovarlar eksporti taqiqlandi; shuningdek, moliya va logistika sohalari bo‘yicha nazorat kuchaytirildi.
Bundan tashqari, yuqori energiya narxlari va Rossiyada iqtisodiy qiyinchiliklarning kuchayishi ehtimoli Qirg‘iziston uchun qo‘shimcha risklarni yaratadi.
Tojikiston
Tojikiston iqtisodiyoti birinchi chorakda taxminan 8 foizga o‘sgan. Bunga savdo, transport, aloqa, sanoat va elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmining oshishi hissa qo‘shgan.
YeTTB mamlakat iqtisodiyoti 2026 yilda 7,9 foizga, 2027 yilda esa 7 foizga o‘sishini kutmoqda.
Bank Tojikistonning asosiy zaif tomoni sifatida Rossiya iqtisodiyotiga yuqori darajada bog‘liqligini qayd etgan. Rossiyadagi iqtisodiy sekinlashuv mehnat migrantlari yuborgan pul o‘tkazmalari hajmiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Turkmaniston
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Turkmaniston iqtisodiyoti birinchi chorakda 6,3 foizga o‘sgan. Neft-gaz sohasida rejalashtirilgan ko‘rsatkichlar oshirib bajarilgan, qurilish sohasini esa davlat investitsiyalari qo‘llab-quvvatlagan.
YeTTB mamlakat iqtisodiyoti 2026 va 2027 yillarda ham 6,3 foizdan o‘sishini prognoz qilmoqda.
Bankning qayd etishicha, Turkmaniston gaz eksportining katta qismi Xitoy bozoriga to‘g‘ri keladi va bu mamlakatni Xitoydagi talab o‘zgarishlariga nisbatan sezgir qiladi.
Avvalroq Fitch O‘zbekistonning reytingi bo‘yicha prognozni “barqaror”dan “ijobiy”ga oshirgan edi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda quriladigan AES qiymati 9,5 milliard dollardan oshmaydi
“O‘zatom” rahbari Azim Ahmadxo‘jayevning ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda quriladigan integratsiyalashgan AES qiymati 9,5 mlrd dollargacha yetishi mumkin. Umumiy summaga mahalliylashtirish xarajatlari kiritilmagan. Lokalizatsiya darajasini 30 foizgacha yetkazish rejalashtirilyapti. Qurilishda bitta maydonchada ikkita kichik va ikkita katta reaktorni joylashtirish formati tanlangan.
O‘zbekistonda quriladigan integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi qiymati 9,5 milliard dollargacha yetishi mumkin. Bu haqda Atom energiyasi agentligi (“O‘zatom”) direktori Azim Ahmadxo‘jayevga tayanib, Spot xabar berdi.
“O‘zatom” rahbarining ta’kidlashicha, yagona infratuzilmadan foydalangan holda, bitta maydonchada ikkita kichik va ikkita katta reaktorni joylashtirish formati tanlangan. Bunday yondashuv xarajatlarni optimallashtirish imkonini beradi.
“Biz [2026 yil 24 martda] imzolagan shartnomaga muvofiq, bazaviy narximiz 9,5 milliard dollarni tashkil etadi. Bu umumiy, maksimal summadir”, — degan Ahmadxo‘jayev.
«O‘zatom» rahbarining qo‘shimcha qilishicha, umumiy qiymatda mahalliylashtirish darajasi hisobga olinmagan bo‘lib, uni 30 foizgacha yetkazish rejalashtirilyapti. Bu mahalliy ishlab chiqaruvchilarni jalb qilishni nazarda tutadi va loyiha qiymatini pasaytirishi kerak.
“Biz 85−90 foizini [kredit mablag‘lari shaklida] jalb qilmoqchimiz. „Katta to‘rtlik“ tarkibidagi xalqaro hamkorlarimiz bilan birgalikda olib borgan hisob-kitoblarimizga ko‘ra, agar loyihaga shuncha miqdorda mablag‘ kiritilsa, uning budjetga keltiradigan samarasi 165 milliard dollardan oshib ketadi. Turdosh xizmatlar paydo bo‘ladi, shuningdek, soliq ajratmalari tusha boshlaydi. Shu jihatdan loyiha o‘ta samarali hisoblanadi”, — degan Ahmadxo‘jayev.
AES loyihasi xronologiyasi
O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi qurish haqidagi gap-so‘zlar kecha yoki bugun paydo bo‘lib qolgani yo‘q. Bu masala 2017 yildan beri turli davralarda muhokama qilib kelinadi. Xususan, 2018 yilning iyul oyida Rossiyaning “Rosatom” kompaniyasi bilan hamkorlikda har biri 1200 megavatt quvvatga ega 2 ta energoblokdan iborat AES qurish bo‘yicha kelishuvga erishilgani ma’lum qilindi. O‘shanda stansiyani 2028 yilgacha foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgandi.
2018 yilning oktyabr oyida AES uchun Navoiy va Buxoro viloyatlari chegarasidagi To‘dako‘l suv ombori hududi tanlab olingani haqida xabarlar chiqdi. Bir muddat o‘tib, Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov O‘zbekistondagi AES loyihasining taxminiy qiymati 11 mlrd dollarga baholanayotganini ma’lum qildi. “O‘zatom” loyiha to‘liq ishga tushirilsa, mamlakat energiya ehtiyojlarining 15 foizgacha qismini qoplashini aytgandi.
2020-2023 yillar oralig‘ida pandemiya va Ukrainadagi urush fonida O‘zbekistonda AES qurish masalasi faol kun tartibida bo‘lmadi. 2024 yilga kelib, bu mavzu yana muzokara stoliga qo‘yildi. Jizzaxdagi tanlangan maydonda 6 reaktorli quvvati 330 megavattlik kam quvvatli stansiya qurish bo‘yicha bitim imzolandi. Keyinchalik, loyiha konfiguratsiyasi yana o‘zgardi: kichik stansiya quvvati 330 MW emas, 110 MW bo‘ladigan bo‘ldi. Ya’ni AESda har biri 55 MW quvvat beradigan oltita emas, ikkita RITM-200N reaktorlari bo‘ladi.
Bundan tashqari, 2025 yilning yozida katta AES masalasida ham bitim imzolandi. Kelishuv kichik stansiyaning yonida an’anaviy o‘lchamdagi katta AESni ham qurishni ko‘zda tutadi. Katta stansiya har biri 1 GW quvvatli ikkita energoblokni o‘z ichiga oladi, energiya bloklari sonini keyinchalik to‘rttaga oshirish imkoniyati nazarda tutilardi.
Shu tariqa, Jizzax viloyatida Rossiya tomonidan ham kam quvvatli, ham an’anaviy katta quvvatli atom elektr stansiyalari quriladigan bo‘ldi. Bu – O‘zbekistonni ikki xil stansiya loyihasini bitta maydonga joylashtirgan dunyodagi birinchi davlatga aylantiradi. Integratsiyalashgan AESlar majmuasining umumiy quvvati 2,1 GW bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Qariyb 525 gektarlik maydondagi qo‘shma stansiya 2035 yilga borib yiliga 15,2 mlrd kWh elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bu – O‘zbekistondagi bugungi kundagi umumiy iste’molning qariyb 15 foiziga teng, deya ma’lum qilgan bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev.
2026 yilning 24-mart kuni atom elektr stansiyasi qurilishining beton quyish bosqichiga o‘tildi. Shu kuni Toshkentda o‘tgan tadbirda “O‘zatom” va “Rosatom” mazkur loyiha bo‘yicha yana ikkita kelishuv tuzdi. Ulardan biriga asosan, stansiyaning yangilangan noyob konfiguratsiyasi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, integratsiyalashgan AES majmuasi – har biri 55 MW quvvatga ega ikkita kam quvvatli, va har biri 1 GW’lik ikkita an’anaviy energoblokdan iborat bo‘ladi.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘tgan yili 7,7 foizga o‘sdi – Qo‘chqorov
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2025-yildagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobot ko‘rib chiqildi.
Hisobotni Bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov taqdim etdi.
Uning ma’lum qilishicha, global iqtisodiyotdagi noaniqliklar va geosiyosiy ziddiyatlarga qaramasdan, O‘zbekiston iqtisodiyotida barqaror o‘sish saqlanib qolgan.
2025-yil yakunlariga ko‘ra, mamlakat yalpi ichki mahsuloti 7,7 foizga oshgan. Xizmatlar sohasi 14,7 foiz, qurilish sohasi 14,2 foiz va sanoat 6,8 foizga o‘sgan.
Shuningdek, tashqi savdo aylanmasi 81,2 mlrd dollarga yetgani, iqtisodiyotga 591,1 trln so‘m investitsiya jalb qilingani qayd etildi.
Deputatlar muhokamalarda iqtisodiy o‘sish aholi farovonligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda «yashil» energiya quvvati 8 gigavattga yetdi
O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalari quvvati 8 gigavattga yetdi. Bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanalida efirga uzatilgan tahliliy ko‘rsatuvda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, hozirgi kunda mamlakatda umumiy quvvati 8 gigavatt bo‘lgan yirik «yashil» energiya manbalari faoliyat yuritmoqda.
Shundan 5,6 gigavatti quyosh va shamol elektr stansiyalari hamda 2,4 gigavatti esa gidroelektr stansiyalari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yil boshidan buyon quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan 4,7 mlrd kilovatt-soatdan ortiq elektr energiyasi ishlab chiqarilgan.
Gidroelektr stansiyalari ko‘rsatkichlari bilan birgalikda hisoblaganda, umumiy ishlab chiqarish hajmi 7,6 mlrd kilovatt-soatdan oshgan.
Ko‘rsatuvda «yashil» energetikaning mamlakat iqtisodiyoti va ekologik barqarorlik uchun ahamiyati, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar hamda istiqboldagi rejalar haqida ham so‘z yuritiladi.
Mutaxassislar fikricha, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini kengaytirish elektr energiyasiga bo‘lgan o‘sib borayotgan talabni qoplash, tabiiy resurslardan samarali foydalanish va atmosferaga chiqariladigan zararli chiqindilarni kamaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
-
Dunyodan21 hours ago
Qirgʻiziston Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashiga aʼzo etib saylandi
-
Dunyodan4 days ago
Myanmadagi portlash 46 kishining hayotiga zomin bo’ldi: tafsilotlar
-
Iqtisodiyot4 days agoMetan-shoxobchalarda gaz narxi ko‘tarildi
-
Jamiyat2 days agoTrackerʼdan 8,9 kg gashish topildi
-
Jamiyat4 days ago
Yozning birinchi kunida ayrim viloyatlarda yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda
-
Siyosat2 days agoBosh vazir Saida Mirziyoyeva Avstriya federal kansleri bilan ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan muzokara o‘tkazdi
-
Iqtisodiyot4 days ago
2-iyundan dollar yana keskin pasayadi
-
Jamiyat5 days ago
Onani norozi qilib baxtga erishib bo‘lmaydi
