Jamiyat
Tug‘uruqxonadan janozagacha: Ishtixondagi fojiali to‘rt kun
36 yoshli Nasiba tug‘uruq uchun shifoxonaga kelganida hech kim oradan to‘rt kun o‘tib uning o‘limi haqida xabar tarqalishini tasavvur qilmagandi. Bu vaqt ichida avval homila nobud bo‘ldi, so‘ng onaning ahvoli og‘irlashib bordi va o‘zi ham vafot etdi. Yaqinlari bu jarayonda shifokorlar beparvolik qilganini iddao qilmoqda. Shifokorlar esa bu da’volarni rad etyapti.
Kun.uz voqea ishtirokchilari bilan suhbatlashib, 10 apreldan 14 aprelgacha bo‘lgan voqealar zanjirini qayta tiklashga harakat qildi.
Xavf qachon boshlangandi?
Samarqand viloyati Ishtixon tumanida istiqomat qilib kelgan Nasiba Elmurodova to‘rtinchi farzandini dunyoga keltirish uchun 10 aprel kuni soat 14.00 lar atrofida tuman sog‘liqni saqlash bo‘limiga olib kelinadi. Uning ovsini Ozoda Mixliboyevaning aytishicha, qabul bo‘limidagi shifokorlar bemorni dastlab UZI tekshiruvidan o‘tkazishni so‘rashgan. Tekshiruv natijalari topshirilganidan keyin ayol shifoxonada qoldirilgan.
Soat taxminan 16:00 ga kelib navbatchilik almashadi va Nasiba Elmurodova akusher-ginekolog To‘lqin Eshtemirov nazoratiga o‘tadi. Oila a’zolarining aytishicha, bu vaqtda shifokor bemorning yaqinlariga hech qanday jiddiy xavf haqida gapirmagan. Aksincha, ayol tug‘uruqni tabiiy yo‘l bilan o‘tkazishi mumkinligi ma’lum qilingan va shu sabab ular uylariga qaytishgan.
Ozoda Mixliboyeva uyga borganidan so‘ng ham ovsini bilan telefon orqali aloqada bo‘lib turganini aytmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Nasiba o‘zini yaxshi his qilmayotganini bildirgan.
«Shifokor ko‘rdimi?» degan savolga u «Yo‘q», deb javob bergan. Ozoda uni shifokorlar oldiga borishga undaganida esa: «Yursam suv ketyapti», degan.
Bu, ehtimol, marhumaning voqealar zanjiridagi so‘nggi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytilgan gaplaridan biri edi.
Aynan shu nuqtada birinchi savol paydo bo‘ladi. Agar bemorda suv ketishi boshlangan bo‘lsa, bu holat qay darajada xavfli baholangan? Uning ahvoli kechki soatlargacha qanday nazorat qilingan? Bu haqda hozircha faqat tomonlarning ko‘rsatmalari bor.
Soat 21:00 lar atrofida shifoxonadan oila a’zolariga qo‘ng‘iroq bo‘ladi. Ulardan zudlik bilan kelish so‘raladi. Bu vaqtga kelib homilaning ahvoli og‘irlashgani aytilgan.
Marhumaning turmush o‘rtog‘i Diyor Ergashevning aytishicha, shifokor To‘lqin Eshtemirov operatsiya natijasiga kafolat bermasligini, bolaning yurak urishi yaxshi emasligini, ayolda suv kamaygani va bola kindigiga o‘ralib qolgan bo‘lishi mumkinligini aytgan.
«Men uchun asosiysi ayolim bilan bolamning tirik qolishi edi. Shuning uchun boshqa shifoxonaga olib ketishga qaror qildim», deydi u.
To‘lqin Eshtemirov esa boshqacha fikrda. Uning aytishicha, operatsiya qilish taklifi avvalroq berilgan, ammo bemor tabiiy tug‘uruqni xohlashini bildirgan. Keyinchalik ahvol og‘irlashgach, yaqinlari chaqirilgan.
Shu tariqa voqeadagi eng muhim ziddiyat yuzaga chiqmoqda. Oila xavf o‘z vaqtida tushuntirilmaganini aytmoqda. Shifokor esa xavf haqida marhumaning o‘zi ogohlantirilganini ta’kidlamoqda. Bu ikki versiyadan qay biri haqiqatga yaqin ekanini tekshiruv va tibbiy hujjatlar aniqlashi kerak.
Chelakda uzilgan umid
Diyor Ergashev ayolini shaxsiy mashinada Payariq tumanidagi Chelak shahar shifoxonasiga olib boradi. U yerda navbatchilik qilgan shifokor Islom Otamurodov bemorni qabul qilib, homilaning yurak urishini tekshirgan.
Uning aytishicha, avval oddiy tekshiruvda, keyin dopler apparati orqali ham yurak urishi eshitilmagan. Shundan so‘ng ayol UZI tekshiruviga yuborilgan.
Chelakdagi UZI natijasi bir necha soatlik noaniqlikka nuqta qo‘ydi. Homilaning yuragi urishdan to‘xtagan edi.
Bir necha soat avval hali operatsiya qilish yoki qilmaslik haqida gap ketgan bo‘lsa, endi bu masala ahamiyatini yo‘qotgandi. Oila endi bolani saqlab qolish haqida emas, uning nega nobud bo‘lganini tushunishga harakat qila boshlagandi.
Shundan keyin Nasiba Elmurodova 11 aprelga o‘tar kechasi Ishtixon tumaniga qaytariladi.
Shifokorlarning aytishicha, homila nobud bo‘lgani aniq bo‘lgach, operatsiya emas, tabiiy tug‘uruq ma’qul ko‘rilgan. Diyor Ergashev esa bu qaror bo‘yicha ham savollari borligini aytmoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, shifokorlardan o‘lik homila bilan qancha vaqt yurish mumkinligini so‘raganida, jiddiy xavotir bildirilmagan.
Bu nuqtada yana bir muhim jihat paydo bo‘ladi. Hozircha rasmiy xulosa mavjud emas. Biroq oila tomonidan aytilgan suv ketishi, homila yurak urishining pasayishi, keyinchalik uning nobud bo‘lishi va ortidan onaning ahvoli og‘irlashib borishi kabi holatlar aynan qay darajada o‘zaro bog‘liq bo‘lgani tekshiruvning asosiy mavzularidan biri bo‘lishi mumkin.
11 aprel kuni Diyor Ergashev shifoxonaga kelganida turmush o‘rtog‘ining ahvoli yaxshi emasligini ko‘rganini aytadi.
«Sovqotyapman», degan Nasiba.
Erining so‘zlariga ko‘ra, ayol qaltirayotgan bo‘lgan, lablari yorilib ketgandi.
Marhumaning ovsini Ozoda Mixliboyeva ham bu davrda bemorga yetarlicha e’tibor berilmaganini iddao qilmoqda.
12 aprel kuni tonggi soat 06:00 lar atrofida chaqaloq o‘lik holda tug‘iladi.
Ona hayoti uchun kurash boshlanishi kerak (edi)
Ko‘pincha bunday voqealarda e’tibor chaqaloq o‘limiga qaratiladi. Ammo Nasiba Elmurodova bilan bog‘liq voqeada eng muhim savollar aynan shundan keyin boshlanadi.
Chunki bu vaqtga kelib homila allaqachon nobud bo‘lgan, chaqaloq o‘lik tug‘ilgan va endilikda asosiy vazifa onaning hayotini saqlab qolish edi.
Diyor Ergashevning aytishicha, chaqaloqni dafn qilib qaytganida turmush o‘rtog‘ining ahvoli avvalgidan ham og‘irlashgan bo‘lgan.
«Shishib ketgandi. Nafas olishga qiynalayotgandi», deydi u.
Uning ta’kidlashicha, shifokorlar so‘ragan dori-darmonlarni o‘z hisobidan olib kelib turgan.
Marhumaning yaqinlari shu kuni navbatchilik qilgan shifokor Adolat Yormatova pul olganini ham da’vo qilmoqda. Ularga ko‘ra, Diyordan 600 ming so‘m, qaynonasidan 800 ming so‘m olingan. Shifokor bu iddaolarni rad etdi.
Biroq bu ishda pul haqidagi bahsdan ham muhimroq savol bor: chaqaloq nobud bo‘lganidan keyin onaning ahvoli og‘irlashayotgan bir vaqtda yetarli choralar ko‘rilganmi? Oila a’zolarining fikricha, yo‘q. Shifokorlar bu fikrni rad etmoqda.
Nasiba Elmurodova keyinchalik jonlantirish bo‘limiga, so‘ng asosiy reanimatsiya bo‘limiga o‘tkaziladi. Diyor Ergashevning aytishicha, u 13 apreldan 14 aprelgacha shifoxonadan deyarli ketmagan.
14 aprel kuni Nasiba maxsus apparatga ulanadi. Ko‘p o‘tmay uning vafoti haqida xabar beriladi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, o‘lim sababi sifatida o‘tkir buyrak va nafas yetishmovchiligi qayd etilgan. Biroq bu hali yakuniy xulosa emas.
Bugun mazkur ish bo‘yicha ekspertiza tayinlangan. Holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tekshiruv olib bormoqda. Balki tekshiruv hech qanday qoidabuzarlik bo‘lmagan, degan xulosaga kelar. Balki aksincha bo‘lar.
Tergov va ekspertiza bu jarayonda kimning qanday mas’uliyati borligini aniqlashi kerak. Ammo tekshiruv qancha davom etishidan qat’i nazar, bu fojia allaqachon bir oilaning hayotini ikkiga bo‘lib ulgurdi. Bugun Ishtixondagi xonadonda uch nafar bola onasiz qoldi.
Ma’lumot uchun, bu Ishtixon tumani sog‘liqni saqlash bo‘limi atrofida so‘nggi oylarda yuzaga kelgan yagona mojaro emas. Avvalroq Kun.uz mazkur muassasada xatna amaliyotidan keyin ikki nafar bola vafot etgani haqida ham surishtiruv e’lon qilgandi. Ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 116-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mas’ul tashkilotlardan ushbu holat bo‘yicha chuqur tekshiruv va izoh kutib qolamiz.
Jamiyat
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan 2026 yilning dastlabki sakkiz oyida o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida 73 nomdagi mahsulot sifat va xavfsizlik talablariga javob bermasligi aniqlandi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, qo‘mita hamkor tashkilotlar bilan birgalikda chakana savdo nuqtalarida sotilayotgan xalq iste’moli tovarlarining sifat va xavfsizlik talablariga muvofiqligini tekshirish uchun muntazam ravishda nazorat xaridlarini o‘tkazib kelmoqda. Xarid qilingan mahsulotlar akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarda tekshirilib, ularning davlat standartlari hamda normativ-texnik hujjatlar talablariga mosligi baholanadi.
Xususan, 2026 yilning sakkiz oyida 60 turdagi jami 558 nomdagi mahsulot laboratoriya ekspertizasidan o‘tkazilgan. Natijada ulardan 73 nomdagisi belgilangan normativ-texnik talablarga javob bermasligi ma’lum bo‘lgan.
Ushbu mahsulotlarni savdo rastalaridan qaytarib olish va qonunchilikka muvofiq choralar ko‘rish uchun tegishli materiallar O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasiga yuborilgan.
Jamiyat
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
Qonunchilik palatasi deputatlari bugungi majlisida moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibini yengillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini uchinchi o‘qishda qabul qilib, Senatga yubordi.
Hujjatga ko‘ra, tadbirkorlar jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab bir oy ichida jarimaning 50 foizini ixtiyoriy to‘lasa, qolgan qismini to‘lashdan ozod etilishi mumkin.
Shuningdek, jarimani 6 oy davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati nazarda tutilmoqda.
Agar jarima to‘g‘risidagi qaror bekor qilinsa yoki haqiqiy emas deb topilsa, noqonuniy undirilgan mablag‘ qaytariladi. Qaytarish kechiktirilgan taqdirda, Markaziy bank asosiy stavkasining uch yuzdan biri miqdorida foiz to‘lash tartibi joriy etiladi.
Hozircha bu qoidalar qonun loyihasida nazarda tutilgan, kuchga kirmagan.
Jamiyat
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
O‘zbekistonda moda va dizayn sohasi uchun malakali mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan yangi davlat oliy ta’lim muassasasi tashkil etiladi.
Prezidentning 2026-yil 16-oktyabrdagi PQ–378-son qaroriga muvofiq, Toshkent xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi. Akademiya Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tizimida faoliyat yuritadi.
Yangi oliygoh Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti hamda Parij xalqaro moda akademiyasining qo‘shma ta’lim dasturi negizida tashkil etiladi.
Mazkur dasturda tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini yangi akademiyada davom ettiradi. Bitiruvchilarga Toshkent xalqaro moda akademiyasining diplomi beriladi.
O‘quv jarayoni 2026/2027 o‘quv yilidan boshlanadi. Akademiyada xalqaro qo‘shma dasturlar bilan bir qatorda, mustaqil ta’lim dasturlari asosida bakalavr va magistrlar tayyorlashga ham ruxsat etiladi.
2027/2028 o‘quv yilidan boshlab to‘qimachilik, tikuvchilik, trikotaj va charm-poyabzal sohalarida korxonalar buyurtmasi asosida dual ta’lim joriy qilinadi. Bunda talabalar nazariy bilim olish bilan birga ishlab chiqarish jarayonlarida ham ishtirok etadi.
Shuningdek, yengil sanoat yo‘nalishidagi texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan, o‘rtacha bahosi akademiya belgilagan talabga javob beradigan bitiruvchilarga bakalavriatning uchinchi bosqichidan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishni davom ettirish imkoniyati yaratiladi.
Akademiya bazasida davlat buyurtmasi asosida turli tashkilotlar uchun kiyim-bosh dizaynini ishlab chiqish va milliy brendlarni shakllantirish ham yo‘lga qo‘yiladi.
Qarorda xorijiy mutaxassislar va talabalarni jalb qilish uchun ko‘p martalik vizalar rasmiylashtirish tartibi ham nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, 2028-yil yakuniga qadar davlat-xususiy sheriklik asosida 400 o‘rinli talabalar turar joyi quriladi. Ungacha akademiyaga o‘tkazilgan talabalar Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti yotoqxonasidan belgilangan tartibda foydalanishi mumkin.
Jamiyat
Xorijda o‘zbek restorani ochgan tadbirkorga xarajatlari bir qismi qoplab beriladi
Xorijda o‘zbek milliy taomlariga ixtisoslashgan restoran yoki oshxona tashkil etgan mahalliy tadbirkorlar ayrim xarajatlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismini subsidiya sifatida qaytarib olishi mumkin.
Ushbu xizmat Turizm qo‘mitasi tomonidan my.gov.uz Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bepul ko‘rsatiladi.
Subsidiya O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tgan va xorijda milliy restoran tashkil etgan tadbirkorlik subyektlariga ajratiladi.
Ariza topshirishda restoranning xorijiy davlatda ro‘yxatdan o‘tganini va binodan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar, sanitariya va yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqlik bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etilishi kerak.
Shuningdek, restoranni tashkil etish bilan bog‘liq amalga oshirilgan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar, zaruratga qarab O‘zbekistondan mahsulot yetkazib berilganini tasdiqlovchi ma’lumotlar va ularning rasmiy tarjimasi so‘ralishi mumkin.
Restoranning ichki va tashqi ko‘rinishini aks ettiruvchi fotosuratlar ham arizaga ilova qilinadi.
Ariza my.gov.uz portali orqali elektron shaklda yuboriladi va 18 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Ijobiy qaror qabul qilinsa, subsidiya mablag‘lari 7 ish kuni ichida tadbirkorning bank hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
Arizada kamchiliklar aniqlangan taqdirda, tadbirkorga ularni bartaraf etib, hujjatlarni qayta taqdim qilish imkoniyati beriladi.
Jamiyat
Ustyurtda sayg‘oqlar uchun beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi «Sayg‘ochiy» kompleks landshaft buyurtma qo‘riqxonasida yovvoyi hayvonlarni suv bilan ta’minlash maqsadida beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi.
Tashabbus Ekologiya qo‘mitasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va Global ekologik jamg‘arma (GEF) bilan hamkorlikda «Aral Sea Wetlands» loyihasi doirasida amalga oshirildi.
Suv resurslari cheklangan Ustyurt cho‘li sharoitida qo‘shimcha suv manbalarining mavjudligi sayg‘oqlar va mahalliy faunaning boshqa vakillarini saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega.
Avtonom tizimlar quyosh energiyasida ishlaydi va to‘liq avtomatlashtirilgan. Ularning har biri 3 kub metr sig‘imga ega suv havzalari, nasoslar, datchiklar va hisoblagichlar bilan jihozlangan. Bu markazlashgan elektr energiyasi va suv ta’minoti manbalariga doimiy ulanish zaruratisiz suvni barqaror yetkazib berish imkonini beradi.
Suv ichish tizimlari bilan bir qatorda hududga 10 ta kamera va 10 ta fototuzoq ham o‘rnatildi. Ular hayvonlarni sutka davomida kuzatish, harakatlanishi va suv ichish joylaridan foydalanishini qayd etish, shuningdek, populyasiyalar holatini keyingi monitoring qilish uchun ma’lumot to‘plash imkonini beradi.
Ustyurtning og‘ir tabiiy sharoitida yashaydigan sayg‘oqlar uchun qo‘shimcha suv manbalarining yaratilishi yovvoyi hayvonlar populyasiyalarini saqlash va tiklashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Avtonom suv ichish tizimlarining o‘rnatilishi Ustyurtda bioxilma-xillikni asrash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan biri bo‘lib, zamonaviy kuzatuv vositalari orqali hayvonlar holatini monitoring qilish va zarur ma’lumotlarni to‘plash imkonini ham beradi.
