Connect with us

Iqtisodiyot

Kichik biznes uchun QQSga o‘tish chegarasi oshirildi

Published

on


2026 yil 1 iyundan boshlab kichik biznes uchun umumiy soliq rejimiga o‘tishdagi chegaraviy miqdor 1 milliard so‘mdan 5 milliard so‘mga oshiriladi. Umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida ixtiyoriy 6 foizlik QQS rejimi joriy etiladi. Ishonchli tadbirkorlarga QQS avtomatik qaytarib beriladi. QQS to‘lovchisi guvohnomasini vaqtincha to‘xtatib turish tartibi bekor qilinadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev kichik biznes uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha takliflar bilan tanishdi.

Ma’lumki, amaldagi ayrim tartibotlar biznesning tabiiy o‘sishiga to‘sqinlik qilmoqda. Masalan, kichik biznes sub’yektlari tushumi 1 milliard so‘mgacha bo‘lganda soddalashtirilgan soliq rejimida ishlaydi. Ushbu chegaradan oshganda esa qo‘shilgan qiymat solig‘i va foyda solig‘i to‘lashga o‘tadi.

Mazkur chegara 2019 yilda belgilangan bo‘lib, o‘tgan davrda narxlar sezilarli ravishda oshdi. Natijada ayrim tadbirkorlar 1 milliard so‘mlik chegaraga yaqinlashganda aylanmani yashirish, chek bermaslik yoki biznesni bir nechta sub’yektga bo‘lish amaliyotiga o‘tmoqda.

Shu sababli 2026 yil 1 iyundan kichik biznes uchun umumiy soliq rejimiga o‘tishdagi chegaraviy miqdorni 1 milliard so‘mdan 5 milliard so‘mga oshirish taklif qilindi.

Shuningdek, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashning soddalashtirilgan tartibini joriy etish tashabbusi bildirildi. Unga ko‘ra, tadbirkorlar ixtiyoriy ravishda 6 foiz stavkada QQS to‘lab, foyda solig‘idan ozod etilishi yoki amaldagi umumiy tartibda ishlashni davom ettirishi mumkin bo‘ladi.

Bu orqali kichik biznes uchun soliq hisoblash va to‘lash jarayoni soddalashadi, ma’muriy yuk kamayadi, aylanmalarni yashirish va biznesni sun’iy bo‘lishga rag‘bat pasayadi.

QQS ma’muriyatchiligidagi murakkabliklar ham tahlil qilindi. QQSga o‘tgan tadbirkorlarda hisobotlar soni 2 baravarga oshmoqda. 2025 yilda hisobotlarda xato aniqlangan soliq to‘lovchilarning 77 foizi QQS to‘lovchilarining hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Shu bois, past xavf darajasiga ega tadbirkorlar uchun QQSning salbiy farqini avtomatik qaytarish, QQS to‘lovchisi guvohnomasini vaqtincha to‘xtatib turish tartibini bekor qilish, import bo‘yicha majburiy QQSga o‘tish amaliyotini qayta ko‘rib chiqish va bank hisobraqamlarini ochish jarayonini avtomatlashtirish taklif etildi.

Kichik biznes sub’yektlariga nisbatan ma’muriy bosimni kamaytirish maqsadida tadbirkorga xatolarni mustaqil tuzatish imkoniyatini berish hamda soliq xavfi 500 million so‘mgacha bo‘lgan holatlarda soliq auditi, 100 million so‘mgacha bo‘lganda esa sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazmaslik tartibini joriy etish taklif qilindi.

Umumiy ovqatlanish va mehmonxona xizmatlari sohasida ham bir qator yengilliklar nazarda tutilgan. Jumladan, alkogol va tamaki mahsulotlarini naqd shaklda realizatsiya qilishga ruxsat berish, QQSning bir qismini qaytarishda naqd pulsiz tushum ulushi doir talabni bekor qilish, ayrim xodimlarni soddalashtirilgan tarzda rasmiylashtirish taklif qilindi.

Ushbu choralar 600 mingdan ortiq kichik biznes sub’yekti uchun qonuniy o‘sish imkoniyatini oshirishi kutilmoqda. Soliq bazasi shaffoflashishi hisobiga budjetga yiliga kamida 2 trillion so‘m qo‘shimcha tushum tushishi prognoz qilinmoqda.

Prezident ushbu takliflarni ma’qullab, kichik biznesga qulay va adolatli sharoit yaratish, soliq ma’muriyatchiligini soddalashtirish hamda raqamlashtirish orqali tadbirkorlarni faoliyatini kengaytirishga rag‘batlantirish va ishonchini mustahkamlash yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Avvalroq SSP raisi Davron Vahobov QQSni oson va tez qaytarib olish ta’minlanishi, stavka esa 6 foizga tushirilishi taklifini bergandi.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Iqtisodiyot

1-iyundan ko‘mir narxlari davlat tomonidan tartibga solinmaydi

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyev ko‘mir sanoatida bozor mexanizmlarini joriy etish, ishlab chiqarish hajmlarini oshirish va yangi investitsiya loyihalari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Ko‘mir iqtisodiyot tarmoqlari, issiqlik elektr stansiyalari, ijtimoiy muassasalar va aholi ehtiyojini ta’minlashda muhim energiya manbalaridan biri hisoblanadi. Shu bois, sohada barqaror ta’minot, mahsulot sifati, narxlar shaffofligi, raqobat muhiti va ekologik talablarni ta’minlash dolzarb ahamiyatga ega.

Mustaqillikning dastlabki 25 yilida ko‘mir qazib chiqarish o‘rtacha 3,1 million tonnadan 4 million tonnagacha oshgan bo‘lsa, so‘nggi 9 yilda ushbu ko‘rsatkich 10 million tonnaga yetkazildi. Kelgusi kuz-qish mavsumida ko‘mir qazib chiqarish hajmini 11 million tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.

Bugungi kunda ko‘mir qazib chiqaruvchi xususiy tadbirkorlar soni 18 taga yetdi. 2023-2025-yillarda ular tomonidan geologiya-qidiruv ishlari kengaytirilib, 2,4 million tonna ko‘mir qazib chiqarildi. Mazkur jarayonlarga 117,2 million dollar xususiy investitsiyalar yo‘naltirildi. Angren va Sharg‘un ko‘mirlarini aralashtirish hisobiga issiqlik elektr stansiyalariga 1,5 million tonna import o‘rnini bosuvchi, yonuvchanligi yuqori bo‘lgan mahalliy ko‘mir yetkazildi.

Taqdimotda ko‘mir narxlarini shakllantirishni bozor tamoyillariga o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqildi.

Amaldagi tartibda narxlarni ma’muriy belgilash ishlab chiqaruvchilarning moliyaviy barqarorligiga, yangi investitsiya kiritish va qazib chiqarish hajmini oshirish imkoniyatlariga ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etildi.

Shu munosabat bilan 2026-yil 1-iyundan boshlab ko‘mir narxlarini davlat tomonidan belgilash amaliyotini bekor qilish hamda ko‘mirni davlat tomonidan tartibga solinadigan ijtimoiy ahamiyatli tovarlar strategik turlari ro‘yxatidan chiqarish taklif qilindi. Bunda ko‘mir narxi talab va taklif asosida shakllanadi, iste’molchilarga birja savdolari orqali sotiladi.

Ushbu yondashuv sohada ochiq raqobat muhitini yaratish, barcha ishtirokchilar uchun teng sharoit ta’minlash, ishlab chiqaruvchilarni qo‘shimcha hajm va sifat uchun rag‘batlantirishga xizmat qiladi. Issiqlik elektr stansiyalari va yirik iste’molchilar ko‘mirni “taklif so‘rovi” tartibi asosida, hisobot davridagi o‘rtacha birja narxlarida xarid qilishi mumkin bo‘ladi.

Aholi va budjet muassasalarini ko‘mir bilan barqaror ta’minlash uchun alohida mexanizm joriy etiladi. Ko‘mir qazib chiqaruvchilar mahsulotni birja savdolarida alohida savdo maydonchasi orqali yetkazib beruvchi tadbirkorlarga sotadi. Tadbirkorlar omborxonasi, texnikalari va soliq reytingi kabi mezonlar asosida elektron tizim orqali tanlanadi.

Respublika bo‘yicha aholi va budjet tashkilotlariga yetkazib beriladigan ko‘mir narxlari o‘rtasidagi tafovutni bartaraf etish maqsadida temir yo‘lda tashish yagona tarif asosida amalga oshiriladi. “Ko‘mir ta’minot” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati tugatilib, hududlardagi 96 ta ko‘mir ombori va texnikalar auksion savdolari orqali sotiladi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini qo‘llab-quvvatlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Mycoal.uz portali orqali ko‘mir sotib olgan Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga joriy yil iyun-dekabr oylarida 600 ming so‘mgacha bir martalik moddiy yordam ajratiladi. Bu chora bozor mexanizmlariga o‘tish sharoitida ehtiyojmand oilalarni manzilli himoya qilishga qaratilgan.

Import ko‘mir sifati va ekologik xavfsizligi bo‘yicha ham yangi talablar belgilanadi. Respublika hududiga olib kiriladigan ko‘mirning oltingugurt miqdori, kaloriyasi va boshqa ko‘rsatkichlariga talablar ishlab chiqiladi. Belgilangan ekologik va sifat talablariga javob bermaydigan import ko‘mirdan respublika hududida foydalanish va uni sotish taqiqlanadi. Kelgusida ko‘mir importi faqat temir yo‘l orqali amalga oshiriladi.

Taqdimotda Nishbosh ko‘mir konini o‘zlashtirish investitsiya loyihasi haqida ham axborot berildi. Ushbu loyihaning umumiy zaxirasi 233 million tonna, yillik qazib chiqarish quvvati 10 million tonnani tashkil etadi. Qiymati 494 million dollar bo‘lgan loyiha doirasida 880 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Shuningdek, ushbu kon negizida umumiy quvvati 1,4 gigavatt bo‘lgan yangi issiqlik elektr stansiyasini qurish taklif qilindi. Loyihaga ko‘ra, 1,3 milliard dollar investitsiya jalb qilinib, har biri 350 megavatt quvvatga ega 4 ta energoblok ultra yuqori kritik texnologiyalar asosida quriladi.

Qurilish davrida 1500 ta, loyiha to‘liq ishga tushgach, 310 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Stansiya yiliga o‘rtacha 9,8 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarishi, 2 milliard kub metr tabiiy gazni tejash imkonini berishi kutilmoqda.

Shuningdek, taqdimotda tog‘-kon sanoatida mahalliylashtirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Xorijiy investitsiya loyihalarida mahalliy mahsulotlar ulushini oshirish, yirik kombinatlar va tarmoq korxonalari ehtiyojlarini birlashtirish, uzoq muddatli shartnomalar asosida mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash muhimligi qayd etildi.

Tahlillarga ko‘ra, tog‘-kon sanoatida import o‘rnini bosish salohiyatini 2,1 milliard dollargacha yetkazish imkoniyati mavjud. Bu, avvalo, texnika, ehtiyot qismlar, kimyoviy reagentlar va yirik agregatlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hisobiga ta’minlanadi.

Shu munosabat bilan 2027-2030-yillarga mo‘ljallangan tog‘-kon sanoatida mahalliylashtirish strategiyasini ishlab chiqish topshirildi.

Davlatimiz rahbari takliflarni ma’qullab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Yarim yillik tanaffusdan so‘ng O‘zbekiston oltin eksportini qayta tikladi

Published

on


2025 yil sentabr oyidan keyin eksportni amalda to‘xtatgan O‘zbekiston 2026 yilning dastlabki 4 oyida 1,5 milliard dollarlik oltin eksport qildi.

Foto: AFP / SEBASTIAN DERUNGS

Yarim yillik tanaffusdan so‘ng O‘zbekiston oltin eksportini qayta tikladi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlaridan oydinlashmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, yilning dastlabki to‘rt oyida O‘zbekiston 1,5 milliard dollarlik nomonetar oltin eksport qilgan. Asosiy qismi aprel oyida sotilgan.

Yiliga 130 tonnaga yaqin oltin qazib oladigan O‘zbekiston 2025 yil sentabr oyidan keyin eksportni amalda to‘xtatgan, Markaziy Bank esa qimmatbaho metallning dunyodagi eng yirik xaridorlaridan biriga aylangan edi.

Oltin O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun asosiy bufer hamda eksport va budjet tushumlarining muhim manbai bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekistondan oltin eksportini to‘xtatishning asosiy sabablari sifatida oltinning rekord darajadagi yuqori narxi, oltin-valuta zaxiralarini to‘plash va zaxiralarni strategik boshqarish ko‘rsatilgan.

To‘xtatib turish foydali strategiya edi – O‘zbekiston undan zarar ko‘rmadi. Eksport qayta tiklanganidan so‘ng, 1,5 milliard dollar daromad oldi.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

turk tadbirkorining Shveytsariya bankiga qarshi moliyaviy urushi

Published

on


Turkiyalik tadbirkor Said Ali Bayrak otasidan meros qolgan boylikni qaytarib olish uchun qariyb 21 yildan beri kurash olib boryapti. Gap Shveytsariya bankida saqlanayotgani aytilayotgan 6 tonna oltin haqida ketyapti. Qiymati 2 milliard dollarga baholanayotgan ushbu xazina atrofidagi mojaro xalqaro moliya olamida katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Shveytsariya banki “da’vo muddati o‘tgani” va “manbani isbotlash” kabi omillarni ro‘kach qilayotgan bo‘lsa-da, Bayrak oilasi Turkiyadagi “Boylikni qaytarish” qonuniga tayangan holda o‘z haqini talab qilishda davom etyapti.

Shveytsariya banklarining ishonchliligi va u yerdagi maxfiy omborlar haqidagi qarash juda ommaviylashgan. Ammo turkiyalik tadbirkor Said Ali Bayrak bilan bog‘liq voqea bu qarashlarga jiddiy zarba berishi mumkin. Gap qiymati bugungi hisobda 2 milliard dollardan oshadigan 6 tonna oltin va Usmoniylar davriga oid bebaho boyliklar haqida ketyapti. Mojaro shu darajaga yetdiki, unga diplomatlar va nufuzli siyosatchilar aralashdi, 66 ta xalqaro advokat bir necha yildan beri Bayraklar oilasi manfaatlarini himoya qilish va adolat qaror topishi uchun kurashyapti.

Buncha boylik qayerdan kelgan?  

Bayraklar oilasi oddiy tadbirkorlar emas. Ular tarixan Turkiyaning sharqiy Elazig‘ mintaqasida katta ta’sirga ega bo‘lgan va qariyb 35 000 a’zoni o‘zida jamlagan Heylani Kebir qabilasiga boshchilik qiladi. Ushbu mintaqada ularning kuch va nufuzi an’anaviy ravishda avloddan-avlodga o‘tgan va yillar davomida mustahkamlanib kelgan.

Bayraklar oilasi boyligining tarixiy ildizlari Usmoniylar imperiyasi davriga borib taqaladi. Said Ali Bayrakning bobosi mintaqada imperiyaning soliq yig‘uvchisi lavozimida ishlagan bo‘lib, bu oilaga misli ko‘rilmagan hajmdagi qimmatbaho metallarni to‘plash imkonini beradi. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, bu meros bank hisoblari yoki qimmatli qog‘ozlar ko‘rinishida emas, balki 800 mingtaga yaqin Usmoniylar oltin tangalari, noyob qadimiy qo‘lyozmalar va kitoblar, shuningdek, marjonlar hamda og‘ir oltin kamarlardan iborat bo‘lgan. Umumiy hisobda xazinaning og‘irligi 6 tonnani tashkil etadi va bugungi kundagi qiymati 2 milliard dollardan oshadi.

Turkiyadagi siyosiy inqiroz

1970 yillarning oxiriga kelib Turkiya chuqur siyosiy va iqtisodiy inqiroz girdobiga tushib qoladi. Yirik shaharlar va viloyatlar ko‘chalari radikal so‘l va o‘ng guruhlar o‘rtasidagi keskin, ko‘pincha qurolli to‘qnashuvlar maydoniga aylanadi. Hukumat institutlari falaj holatga kelib qoladi, inflatsiya keskin oshib ketadi va davlat xavfsizligi tahdid ostida qoladi. Bunday sharoitda “qonun va tartib”ni tiklash uchun harbiylar siyosiy jarayonga aralashishga tayyorgarlik ko‘rishni boshlaydi.

Harbiylar yirik yer egalari va qabila boshliqlarini davlat barqarorligiga potensial tahdid yoki yangi hokimiyat manfaatlari yo‘lida musodara qilinishi mumkin bo‘lgan resurslar manbai sifatida ko‘ra boshlaydi. Bu esa zamonaviy Turkiya tarixidagi kapitalni ko‘chirish bo‘yicha eng yirik va maxfiy operatsiyalardan birining yuz berishiga turtki bo‘ladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Hasan Bayrak oltinlarini mamlakatdan olib chiqib ketishda britaniyalik xristian missioneri Devid Xo‘ja yordamidan foydalanadi. Ulkan xazina dastlab Istanbul shahriga olib boriladi. Keyin esa kemaga ortilib Yevropaga tashiladi va Shveytsariyaning eng yirik banklaridan bo‘lgan Credit Suisseʼning zirhli omboriga joylashtiriladi. Misli ko‘rilmagan maxfiy operatsiya general Kenan Evrenning tanklari Turkiya shaharlari ko‘chalariga chiqib, shafqatsiz harbiy rejim boshlanganini e’lon qilgan 1980 yil 12 sentabrdan atigi bir yarim oy oldin muvaffaqiyatli yakunlanadi.

O‘lim to‘shagidagi onaning siri

Aktivlar Credit Suisseʼga muvaffaqiyatli o‘tkazilgach, Hasan Bayrak to o‘limiga qadar oltinni qaytarib olish yoki uning holatini tekshirish uchun hech qanday harakatni amalga oshirmaydi. 1999 yilda uning sog‘lig‘i tez-tez yomonlasha boshlaydi. O‘zining so‘nggi kunlari yaqinlashayotganini tushungan otaxon sirni rafiqasi Vohida Bayrak bilan baham ko‘radi, ammo unga qat’iy shart qo‘yadi: oltinlar haqida katta o‘g‘li Said Ali 40 yoshga to‘lmaguncha unga hech narsa aytmaslik kerak. Hasan Bayrak 1999 yil 13 mayda vafot etadi.

2005 yilga kelib Vohida ona saraton xastaligiga chalinadi. Kundan kunga ahvoli og‘irlashib borarkan, u eriga bergan va’dasini buzishga majbur bo‘ladi. O‘sha paytda 38 yoshda bo‘lgan Said Alini o‘z xonasiga chaqiradi va “o‘g‘lim, Shveytsariyada bir seyf bor, u yerda bizning bor boyligimiz saqlanyapti”, deydi. Shundan so‘ng Vohida Bayrak o‘g‘liga oilaviy uyda yashiringan va nemis tilida yozilgan rasmiy bank hujjatlari saqlanadigan eski sandiqni topshiradi. Bu qog‘ozlarda bank hisobraqamlari, Tsyurixdagi seyflar kodlari va Hasan Bayrak qoldirgan batafsil ko‘rsatmalar bor edi. Shu tariqa mijoz bilan bank o‘rtasida tarixdagi eng uzoq davom etgan huquqiy urushlardan biri boshlanadi.

Bank bilan ziddiyatlar

Rasmiy hujjatlar, otasining o‘lim haqidagi guvohnoma va yagona qonuniy merosxo‘r ekanini tasdiqlovchi dalillar bilan qurollangan Said Ali aktivlarni qaytarish jarayonini boshlaydi. Dastlab u Credit Suisseʼga xat yuboradi. 2005 yil sentabr oyida olingan javob maktubi byurokratik bo‘lsa-da, umidbaxshdek tuyuladi: bank vafot etgan shaxslarning hisoblari bo‘yicha ma’lumot faqat qonuniy merosxo‘rlarga yoki ularning rasmiy vakillariga berilishi mumkinligini ma’lum qiladi. Biroq bu konstruktiv ohang tezda qat’iy inkor etish pozitsiyasi bilan almashadi.

2005 yil dekabr oyida Credit Suisse yuridik bo‘limi Bayrakka mutlaqo boshqacha mazmundagi xat yuboradi. Unda bankda Hasan Bayrak nomiga hech qanday hisob mavjud emasligi va taqdim etilgan raqamlar ularning reyestrlarida ko‘rsatilmagani ta’kidlangandi. Shundan so‘ng turkiyalik tadbirkor Tsyurixga boradi va bankning martabali amaldorlari bilan yuzma yuz uchrashuvlar o‘tkazadi. Ammo aytarli natijaga erisha olmaydi.

Rad etib bo‘lmaydigan dalillar oldida aktivlar mavjudligini inkor etish imkonsiz ekanini tushunib, Credit Suisse vakillari taktikani o‘zgartiradi. O‘sha davrdagi Shveytsariya qonunchiligiga ko‘ra, agar hisob bo‘yicha hech qanday operatsiyalar amalga oshirilmasa va 10 yil davomida egasidan murojaat bo‘lmasa, hisob “yo‘qolgan” yoki “harakatsiz” toifasiga o‘tkazilgan. Shu asosda bank merosxo‘rning hisobni boshqarish huquqi tugaganini ma’lum qiladi. Bunga qo‘shimcha ravishda, bank kutilmaganda “mablag‘larning kelib chiqish manbasini isbotlash” talabini qo‘yadi.

Qarama-qarshilikning kulminatsion nuqtasi yuzma-yuz uchrashuvlardan birida sodir bo‘ladi. Shveytsariyalik bankir Said Alidan 6 tonna oltinni olganidan keyin nima qilmoqchi ekanini so‘raydi. Bayrak bu oilaviy merosligi hamda uni Turkiyaga qaytarish niyatida ekanini aytadi. Bankir: “Bizning bankimiz bunday ulkan resurslarning mamlakat tashqarisiga olib chiqilishiga qat’iyan qarshi”, deya javob beradi. Bayrakka ko‘ra, unga muqobil taklif berilgan: agar boyliklar Shveytsariyada qolishiga kafolat bersa va oilasi bilan shu yerga ko‘chib o‘tsa, masalani mahalliy tarzda hal qilish imkoniyati paydo bo‘lishi mumkin. Ammo bu taklif rad etiladi.

 Diplomatik inqiroz

Mazkur ish vaqt o‘tishi bilan nafaqat huquqiy, balki diplomatik darajaga ham chiqdi. Shveytsariyaning Turkiyadagi elchisi Raymund Kuntz masalani tinch yo‘l bilan hal qilish maqsadida Elazig‘ga borib, Bayrak oilasining uyida mehmon ham bo‘ladi. Turk tadbirkoriga ko‘ra, elchi Shveytsariya hukumati muammoni tinch va adolatli hal qilish mas’uliyatini o‘z zimmasiga olishiga kafolat berishini aytadi, buning evaziga esa Said Ali sukut saqlash, matbuotga murojaat qilmaslik va ommaviy janjallar ko‘tarmaslikka qat’iy va’da berishi kerak bo‘ladi. Bayrak bu shartlarga rozi bo‘ldi, ammo va’da qilingan yechim taklif qilinmaydi. Usmoniylar davriga oid ziynat buyumlari va oltin kamarlar haqidagi da’volar siyosiy doiralarning ham e’tiborini tortadi. Hatto o‘sha paytdagi bosh vazir bo‘lgan Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning maslahatchilari ham bu ishga aralashadi. Tashqi ishlar vazirligi boylikni diplomatik yo‘l bilan qaytarish uchun Turkiya va Shveytsariya adliya vazirliklari o‘rtasida huquqiy yordam ko‘rsatish jarayoniga tayyorgarlikni boshlaydi.

Ayni paytdagi vaziyat

2023 yilda bir yarim asrlik tarixga ega Credit Suisse misli ko‘rilmagan likvidlilik inqiroziga yuz tutdi. Yillar davomidagi muvaffaqiyatsiz sarmoyalar, pul yuvish mojarolari va mijozlarning ommaviy chiqib ketishi moliya gigantini bankrotlik yoqasiga olib keldi. Vaziyatni yumshatish maqsadida Shveytsariya regulyatori Credit Suisseʼni uning asosiy raqobatchisi UBC banki tomonidan sotib olinishi va ularning birlashishini tashkil etadi. Said Ali Bayrak uchun bu korporativ qo‘shilish juda katta ahamiyatga ega edi. UBC bankiga nafaqat aktivlar, balki Credit Suisseʼning bajarilmagan barcha majburiyatlari va sud da’volari ham meros bo‘lib o‘tdi.

Ayni paytda oltinlarni qaytarish uchun turkiyalik tadbirkor nomidan 66 ta xalqaro advokat ish olib boryapti. Shveytsariya banki “da’vo muddati o‘tgani” va “manbani isbotlash” kabi bahonalarni ro‘kach qilayotgan bo‘lsa-da, Bayrak oilasi Turkiyadagi “Boylikni qaytarish” qonuniga tayangan holda o‘z haqini talab qilishda davom etyapti. Mazkur holat allaqachon Shveytsariya seyflarining ishonchliligi va betarafligi haqidagi ishonchga jiddiy zarba berdi. Agar Bayrak oilasi sudlarda g‘alaba qozonsa, XX asrda mojaroli hududlardan olib chiqilgan boyliklarning minglab merosxo‘rlari seyflarni ochish uchun huquqiy asosga ega bo‘ladi. Ehtimol, aynan shunday zanjir reaksiyasi xavfi UBC’ni tish-tirnog‘i bilan kurashishga majbur qilayotgan bo‘lishi mumkin.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Gaz va elektr energiyasi uchun oldindan to‘lov qilinganda 2 oy eski tariflar amal qiladi

Published

on


2026 yil 1 iyundan boshlab O‘zbekistonda gaz va elektr energiyasi tariflari oshiriladi. Amaldagi qoidalarga ko‘ra, gaz va elektr energiyasi uchun oldindan to‘lov qilinganda, aholi uchun ikki oy mobaynida, tadbirkorlar uchun esa bir oy davomida eski tariflar amalda bo‘ladi.

Sun’iy intellekt yaratgan surat

«Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi hukumat qaroriga ko‘ra, iste’molchilar gaz va elektr energiyasi uchun oldindan to‘lov qilgan bo‘lsa, ikki oy mobaynida eski tariflar amalda bo‘ladi. Xususan, tarif o‘zgargan taqdirda, yangi tariflar kuchga kirgan kundan boshlab:


maishiy iste’molchilar avvaldan to‘langan hajm uchun ikki oydan oshmaydigan muddatga qo‘shimcha to‘lovlardan ozod qilinadi;
boshqa iste’molchilar (jumladan, tadbirkorlar) esa bir oydan oshmaydigan muddatga qo‘shimcha to‘lovlardan ozod etiladi.

Xususan, 1 iyungacha oldindan to‘lovni amalga oshirganda ikki oy davomida (1 avgustgacha) eski tariflar amal qiladi. Ammo bu faqat ijtimoiy me’yor doirasidagi iste’mol hajmiga — 100 kub metr gaz va 200 kVt/soat elektr energiyasiga taalluqlidir. Ushbu hajmlar oshib ketganda, oshirilgan yangi narxlarda hisob-kitob qilishga o‘tiladi. Agar Xolmatovlar oilasi iyun oyida 280 kVt/soat elektr energiyasi iste’mol qilsa va oldindan to‘lovni amalga oshirgan bo‘lsa, ularga 200 kVt/soat uchun to‘lov 120 ming so‘mni (eski tarif bo‘yicha 600 so‘m), keyingi 80 kVt/soat uchun ham 72 ming so‘mni (201 kVt/soatdan 500 kVt/soatgacha — 900 so‘m) tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, 1 iyundan elektr energiyasi va tabiiy gazning yangi tariflari quyidagicha bo‘ladi:

Ovqat tayyorlash uchun markazlashgan holda elektr plitalar bilan jihozlangan ko‘p kvartirali uylar va yotoqxonalarda yashovchi aholi uchun:

— oyiga 200 kVt soatgacha — 325 so‘m;

— 201 kVt soatdan 500 kVt soatgacha — 450 so‘m;

— 501 kVt soatdan 1 000 kVt soatgacha — 550 so‘m etib belgilandi.

Qolgan maishiy iste’molchilar uchun esa:

— oyiga 200 kVt soatgacha — 650 so‘m;

— 201 kVt soatdan 500 kVt soatgacha — 900 so‘m;

— 501 kVt soatdan 1 000 kVt soatgacha — 1 ming 100 so‘m bo‘ladi.

Yuqori hajmdagi iste’mol uchun oshirilgan koeffitsiyentli tariflar saqlanib qoladi.

Tabiiy gaz bo‘yicha barcha iste’molchilar uchun (alohida toifalardan tashqari) 1 kub metr gaz narxi 2 ming so‘m etib belgilandi. Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari uchun tarif 1 kub metr uchun 2 ming 750 so‘mni tashkil etadi.

Aholi uchun tabiiy gaz tariflari ham tabaqalashtirilgan tartibda saqlanib, isitish mavsumida oyiga 500 kub metrgacha, boshqa mavsumlarda esa 100 kub metrgacha iste’mol uchun 1 kub metr gaz 1 ming 100 so‘mdan hisoblanadi.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Aholi va biznesning inflatsiya kutilmalari pasaydi: asosiy xavotir

Published

on


Tadbirkorlarning ham, aholining ham kommunal xizmatlarning qimmatlashishi, shuningdek, yoqilg‘i va energiya narxlarining oshishidan xavotirlari ko‘paygan. Hududlar kesimida aholi inflyatsion kutilmalarining eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahri (11,7 foiz) hamda Qashqadaryo (11,4 foiz) va Surxondaryo viloyatlarida (11,4 foiz) kuzatilgan bo‘lsa, eng past ko‘rsatkich Qoraqalpog‘iston Respublikasi (9,6 foiz) va Samarqand viloyatida (9,8 foiz) qayd etilgan. 

Aprel oyidagi Markaziy bank so‘rovnomasi natijalariga ko‘ra, aholi inflatsiya kutilmalari martga nisbatan 0,4 foiz bandga pastlab, 10,6 foiz atrofida shakllandi. Biznes kutilmalari esa 10,3 foizni tashkil etib, oylik nisbatda 0,4 foiz bandga qisqardi. 

Respondentlar inflyatsion fonni shakllantirayotgan asosiy omillar qatorida quyidagilarni ko‘rsatgan:


kommunal xizmatlarning qimmatlashishi (51 foiz);
yonilg‘i va energiya resurslari narxlari oshishi (44 foiz);
asosiy oziq-ovqatlarning qimmatlashishi (28 foiz).

So‘rovnomada qatnashganlar orasida eng yuqori inflyatsion kutilma pensionerlarda (12,6 foiz) kuzatilgan. Eng past kutilmani talabalar (9 foiz) belgilagan. Tadbirkorlik sub’yektlari orasida eng pessimistik kutilma madaniyat (12 foiz) sohasiga, eng optimistik kutilma esa tashish xizmatlari (9 foiz) sohasiga to‘g‘ri kelgan.

Hududlar kesimida aholi inflyatsion kutilmalarining eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahri (11,7 foiz) hamda Qashqadaryo (11,4 foiz) va Surxondaryo viloyatlarida (11,4 foiz) kuzatilgan bo‘lsa, eng past ko‘rsatkich Qoraqalpog‘iston Respublikasi (9,6 foiz) va Samarqand viloyatida (9,8 foiz) qayd etilgan. O‘z navbatida tadbirkorlarning kutilmalari Toshkent shahrida (11,4 foiz) baland, Qoraqalpog‘iston Respublikasida (9,2 foiz) esa eng past bo‘lgan.

Daromadlari 30 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan aholining inflyatsion kutilmalari respublika bo‘yicha eng yuqori darajada shakllangan – 16,5 foiz. Jizzax, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida 17 foiz va undan yuqori inflatsiya kutayotganlar ulushi 19 foiz bo‘lgan.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.