Iqtisodiyot
Kichik biznes uchun QQSga o‘tish chegarasi oshirildi
2026 yil 1 iyundan boshlab kichik biznes uchun umumiy soliq rejimiga o‘tishdagi chegaraviy miqdor 1 milliard so‘mdan 5 milliard so‘mga oshiriladi. Umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida ixtiyoriy 6 foizlik QQS rejimi joriy etiladi. Ishonchli tadbirkorlarga QQS avtomatik qaytarib beriladi. QQS to‘lovchisi guvohnomasini vaqtincha to‘xtatib turish tartibi bekor qilinadi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev kichik biznes uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha takliflar bilan tanishdi.
Ma’lumki, amaldagi ayrim tartibotlar biznesning tabiiy o‘sishiga to‘sqinlik qilmoqda. Masalan, kichik biznes sub’yektlari tushumi 1 milliard so‘mgacha bo‘lganda soddalashtirilgan soliq rejimida ishlaydi. Ushbu chegaradan oshganda esa qo‘shilgan qiymat solig‘i va foyda solig‘i to‘lashga o‘tadi.
Mazkur chegara 2019 yilda belgilangan bo‘lib, o‘tgan davrda narxlar sezilarli ravishda oshdi. Natijada ayrim tadbirkorlar 1 milliard so‘mlik chegaraga yaqinlashganda aylanmani yashirish, chek bermaslik yoki biznesni bir nechta sub’yektga bo‘lish amaliyotiga o‘tmoqda.
Shu sababli 2026 yil 1 iyundan kichik biznes uchun umumiy soliq rejimiga o‘tishdagi chegaraviy miqdorni 1 milliard so‘mdan 5 milliard so‘mga oshirish taklif qilindi.
Shuningdek, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashning soddalashtirilgan tartibini joriy etish tashabbusi bildirildi. Unga ko‘ra, tadbirkorlar ixtiyoriy ravishda 6 foiz stavkada QQS to‘lab, foyda solig‘idan ozod etilishi yoki amaldagi umumiy tartibda ishlashni davom ettirishi mumkin bo‘ladi.
Bu orqali kichik biznes uchun soliq hisoblash va to‘lash jarayoni soddalashadi, ma’muriy yuk kamayadi, aylanmalarni yashirish va biznesni sun’iy bo‘lishga rag‘bat pasayadi.
QQS ma’muriyatchiligidagi murakkabliklar ham tahlil qilindi. QQSga o‘tgan tadbirkorlarda hisobotlar soni 2 baravarga oshmoqda. 2025 yilda hisobotlarda xato aniqlangan soliq to‘lovchilarning 77 foizi QQS to‘lovchilarining hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Shu bois, past xavf darajasiga ega tadbirkorlar uchun QQSning salbiy farqini avtomatik qaytarish, QQS to‘lovchisi guvohnomasini vaqtincha to‘xtatib turish tartibini bekor qilish, import bo‘yicha majburiy QQSga o‘tish amaliyotini qayta ko‘rib chiqish va bank hisobraqamlarini ochish jarayonini avtomatlashtirish taklif etildi.
Kichik biznes sub’yektlariga nisbatan ma’muriy bosimni kamaytirish maqsadida tadbirkorga xatolarni mustaqil tuzatish imkoniyatini berish hamda soliq xavfi 500 million so‘mgacha bo‘lgan holatlarda soliq auditi, 100 million so‘mgacha bo‘lganda esa sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazmaslik tartibini joriy etish taklif qilindi.
Umumiy ovqatlanish va mehmonxona xizmatlari sohasida ham bir qator yengilliklar nazarda tutilgan. Jumladan, alkogol va tamaki mahsulotlarini naqd shaklda realizatsiya qilishga ruxsat berish, QQSning bir qismini qaytarishda naqd pulsiz tushum ulushi doir talabni bekor qilish, ayrim xodimlarni soddalashtirilgan tarzda rasmiylashtirish taklif qilindi.
Ushbu choralar 600 mingdan ortiq kichik biznes sub’yekti uchun qonuniy o‘sish imkoniyatini oshirishi kutilmoqda. Soliq bazasi shaffoflashishi hisobiga budjetga yiliga kamida 2 trillion so‘m qo‘shimcha tushum tushishi prognoz qilinmoqda.
Prezident ushbu takliflarni ma’qullab, kichik biznesga qulay va adolatli sharoit yaratish, soliq ma’muriyatchiligini soddalashtirish hamda raqamlashtirish orqali tadbirkorlarni faoliyatini kengaytirishga rag‘batlantirish va ishonchini mustahkamlash yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Avvalroq SSP raisi Davron Vahobov QQSni oson va tez qaytarib olish ta’minlanishi, stavka esa 6 foizga tushirilishi taklifini bergandi.