Connect with us

Jamiyat

Shavkat Mirziyoyev Milliy kitobxonlik harakatiga start berdi

Published

on


Prezident 22 may kuni Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida O‘zbekistonda kitobxonlikni rivojlantirish bo‘yicha umummilliy harakatga start berish marosimida ishtirok etdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari bugun dunyo shiddat bilan o‘zgarayotgani, raqamli texnologiyalar, zamonaviy gadjetlar va sun’iy intellekt hayotimizga tobora chuqur kirib kelayotganini ta’kidladi. Bunday murakkab sharoitda insonning mustaqil fikrlay olishi eng katta ustunlik ekani qayd etildi.

– Kitob o‘qiydigan odam teran va sog‘lom fikrlaydi. Bunday tafakkurga ega inson esa jamiyatni o‘zgartira oladi, – dedi prezident.

Ta’kidlanganidek, Yangi O‘zbekistonda mutolaa madaniyati va kitobga e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarilmoqda. Kitobxonlik faqat ta’lim masalasi emas, balki millat kelajagi, xalqimizning ma’naviy qudrati va mamlakat raqobatbardoshligini ta’minlaydigan muhim omildir.

Davlat rahbari ulug‘ ajdodlar – Imom Buxoriy, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Alisher Navoiy, Mirzo Ulug‘bek kabi mutafakkirlar insoniyat sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shganini qayd etdi. Ularning yuksak marralarga erishishida ilmga intilish va kitob mutolaasi asosiy manba bo‘lgan.

Shu ma’noda, O‘zbekiston xalqaro maydonda qudratli va yuksak salohiyatli xalq sifatida o‘zini namoyon etishi uchun ikki mustahkam asosga tayanishi zarurligi ta’kidlandi. Bular – bebaho ilmiy va ma’naviy meros hamda zamonaviy ilm-fan va ilg‘or texnologiyalar.

Prezident o‘z faoliyatining dastlabki kunlaridan yoshlarni kitobga oshno qilish, ularda bilimga mehr va rag‘bat uyg‘otishga ustuvor ahamiyat qaratib kelayotganini ta’kidladi. 2017 yildan buyon o‘tkazilayotgan “Yosh kitobxon” tanlovi millionlab yoshlarni kitobga yaqinlashtirdi. “Yosh kitobxon oila” tanlovi esa mutolaa muhitini har bir xonadonga olib kirishga xizmat qilmoqda.

Marosimda kitobxonlikni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro tajribaga ham e’tibor qaratildi. Xususan, Birlashgan Arab Amirliklarida 2015 yilda Shayx Muhammad bin Rashid Ol Maktum tashabbusi bilan boshlangan “Arab kitobxonlik tanlovi” dasturi bugungi kunda jahondagi eng yirik ma’rifiy harakatlardan biriga aylangani qayd etildi. Qisqa vaqt ichida ushbu tashabbus 200 milliondan ortiq o‘quvchini qamrab olgan.

O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasidagi yaqin do‘stlik va strategik sheriklik doirasida ushbu ezgu g‘oyani milliy ma’naviy merosimiz asosida yurtimizda yangi bosqichga olib chiqishga qaror qilindi.

Shu maqsadda “Milliy kitobxonlik harakati” dasturi boshlanmoqda. Davlat rahbari ushbu dasturni davlat miqyosida faol qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida farmoyish imzolaganini qayd etdi.

Endi har yili mazkur tadbirning final bosqichi prezident darajasida o‘tkaziladi. Dasturning umumiy yillik mukofot fondi 240 ming dollarni tashkil etadi. Bosh sovrin sohibi 50 ming dollar bilan taqdirlanadi. Bu O‘zbekiston tarixida kitobxonlik bo‘yicha eng salmoqli mukofot bo‘ladi.

Mazkur harakat mamlakatning barcha hududlarini qamrab oladi. Unda umumta’lim maktablarining 1-sinfdan 11-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilari ishtirok etishi mumkin.

Prezident ushbu tashabbus maktablar, oilalar va butun jamiyatda kitobxonlik muhitini kuchaytirish, yoshlar qalbida yangi bunyodkorlik ruhini uyg‘otishga xizmat qilishini ta’kidladi.

– Men ushbu dasturni shunchaki kitob o‘qish musobaqasi emas, balki jonajon Vatanimiz kelajagi uchun strategik investitsiya deb bilaman. Agar biz bugun bolalarimizning qo‘liga yaxshi kitob bersak, ertaga ular Yangi O‘zbekistonning buyuk kelajagini barpo etishga albatta qodir bo‘ladilar, – dedi davlat rahbari.

Marosimda prezident barcha o‘quvchi-yoshlar, ustozlar, ota-onalar va keng jamoatchilikni ushbu umummilliy harakatda faol ishtirok etishga chaqirdi.

Kitob o‘qigan, bilimga intilgan va ezgu ma’nolarni anglagan millat hech qachon yengilmasligi ta’kidlandi. “Ilmdan boshqa najot yo‘q” degan ma’rifatparvar ajdodlarimiz g‘oyasini butun mamlakat miqyosida hayotga tatbiq etish muhimligi qayd etildi.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Qibrayda katta miqdordagi noqonuniy dori vositalari ushlab qolindi

Published

on


Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari va Bojxona organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Qozog‘istondan O‘zbekistonga noqonuniy olib kirilayotgan 1 milliard 323 million so‘mlik dori vositalari fosh etildi.

Foto: Davlat xavfsizlik xizmati

Ma’lum qilinishicha, Qozog‘istondan Toshkent viloyati Qibray tumanidagi “S.Najimov” chegara bojxona posti orqali kirib kelgan yuk avtotransport vositasi bojxona nazoratidan o‘tkazilgan. Tekshiruv jarayonida oziq-ovqat mahsulotlari orasiga yashirilgan 52 turdagi, jami 95 ming 369 dona tibbiyot buyumlari va dori vositalari aniqlangan.

Avtotransport vositasini Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida yashovchi, 1973 yilda tug‘ilgan fuqaro boshqarib kelayotgani ma’lum bo‘ldi.

Tezkor tadbir davomida noqonuniy yuklarni qabul qilib olgan vaqtida Toshkent tumanida yashovchi, 1986 yilda tug‘ilgan shaxs ham ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Tegishli baholash xulosasiga ko‘ra, musodara qilingan tibbiy vositalarning umumiy qiymati 1 milliard 323 million so‘mni tashkil etgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

DXX fuqarolarni shu kabi qonunbuzilish holatlari haqida 1520 qisqa raqami orqali xabar berishga chaqirdi. Shaxs sir saqlanishi kafolatlanishi ta’kidlandi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Bugun O‘zbekistonning ayrim hududlarida yomg‘ir yog‘ishi mumkin

Published

on


O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, bugun kunduzi ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Farg‘ona vodiysi viloyatlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol 7-12 m/s tezlikda esadi, ba’zi joylarda 13-18 m/s gacha kuchayadi, ba’zida 20-22 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin. Harorat 30-35° bo‘ladi.
 
Poytaxtda kechga tomon qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Shamol 3-8 m/s tezlikda esadi, 10-12 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin. Harorat 33-35° bo‘ladi.
 
Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin. Shamol 7-12 m/s tezlikda esadi, ba’zi joylarda 15-20 m/s gacha kuchayishi mumkin. Harorat 20-25° bo‘ladi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

«Energosavdo» yuriskonsultiga nisbatan jinoiy ish ochildi

Published

on


«Energosavdo» yuriskonsultiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. 

«Hududiy elektr tarmoqlari» AJning «Energosavdo» filiali Andijon bo‘linmasi yetakchi yuriskonsulti pishloq ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi MChJga nisbatan rasmiylashtirilgan dalolatnomaga ko‘ra, elektr energiyasidan noto‘g‘ri foydalanish bo‘yicha hisoblangan 788,4 mln so‘mlik moddiy zararni bartaraf etib berish evaziga 5 ming AQSh dollari talab qilgan.

Joriy yilning 1-may kuni u so‘ralgan pul mablag‘idan 500 AQSh dollarini olgan.

DXX va IJQKD xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda u qolgan 4500 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda yuriskonsultga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Nasldor qoramol olib kirish uchun soliq imtiyozi joriy etildi

Published

on


O‘zbekistonda chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirish va mahsuldorlikni oshirish maqsadida xorijdan nasldor qoramol, qo‘y va echkilarni import qilish qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladi. Shuningdek, aholi xonadonlarida olingan nasldor buzoqlar uchun subsidiya ajratish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Prezidentning “Chorvachilik tarmog‘i va yaylov xo‘jaligini zamonaviy boshqaruv tizimi va yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–179-son qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, 2026–2028 yillarda chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari belgilangan. Jumladan, go‘sht va sut mahsulotlarini sanoat usulida qayta ishlash darajasini 50 foizga yetkazish hamda nasldor qoramollar ulushini 90 foizgacha oshirish rejalashtirilgan.

Hujjatga ko‘ra, 2027 yil hosilidan boshlab paxta va boshoqli don ekinlari joylashtirilishi rejalashtirilgan yer maydonlarining 50 foiziga ozuqabop ekinlar ekishga ruxsat beriladi.

Shuningdek, 2026 yil 1 iyuldan 2030 yil 1 yanvarga qadar aholi xonadonlarida identifikatsiya qilingan sigirlardan olingan har bir nasldor buzoq uchun subsidiya ajratiladi.

Xususan:

— sun’iy urug‘lantirish orqali olingan nasldor buzoq uchun 500 ming so‘m;

— embrionlarni ko‘chirib o‘tkazish (transplantatsiya) orqali olingan nasldor buzoq uchun 700 ming so‘m subsidiya beriladi.

Bundan tashqari, 2026 yil 1 iyundan 2029 yil 1 yanvarga qadar xorijdan nasldor qoramol, qo‘y va echkilarni O‘zbekistonga olib kirish qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Marketpleyslarning xaridor oldida javobgarligi qonunan belgilanmoqda

Published

on


Oliy Majlis Senatining 15-yalpi majlisida «Elektron tijorat to‘g‘risida»gi qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan yangi qonun muhokama qilindi. Hujjat elektron savdo sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, iste’molchilar huquqini himoya qilish va raqobat muhitini kuchaytirishni nazarda tutadi.

Qonun bilan Soliq kodeksi hamda «Elektron tijorat to‘g‘risida»gi qonunga bir qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Ular elektron to‘lovlar, transchegaraviy savdo, raqamli mahsulotlar eksporti va importining huquqiy mexanizmlarini belgilashga qaratilgan.

Eng muhim yangiliklardan biri — elektron tijorat operatorlarining mas’uliyatiga oid norma hisoblanadi. Unga ko‘ra, sotuvchi iste’molchining qonuniy talablarini bajara olmagan yoki javobgarlikni bajarish imkoni bo‘lmagan holatlarda, elektron tijorat operatori ham iste’molchi oldida subsidiar javobgar bo‘lishi mumkin.

Senatorlar muhokamalar davomida raqamli texnologiyalar jadal rivojlanayotgan bir paytda elektron savdo bozori uchun aniq va zamonaviy huquqiy baza zarurligini ta’kidladi.

Yangi norma onlayn savdoda ishonchni oshirishi mumkin. Chunki iste’molchi endi faqat sotuvchiga emas, balki ayrim holatlarda savdo platformasiga ham murojaat qilish imkoniga ega bo‘ladi.

Senatda qayd etilishicha, qonun elektron savdo bozorida shaffoflikni oshirish va xalqaro standartlarga mos huquqiy muhit yaratishga qaratilgan.

Senatorlar fikricha, ushbu choralar mahalliy va xorijiy sotuvchilar o‘rtasida teng raqobat sharoitini ta’minlashga xizmat qiladi. Ayniqsa, transchegaraviy elektron savdo tez rivojlanayotgan sharoitda soliq tushumlarini nazorat qilish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Muhokamalar yakunida senatorlar qonunni ma’qullashdi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.