Jamiyat
Shavkat Mirziyoyev Milliy kitobxonlik harakatiga start berdi
Prezident 22 may kuni Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida O‘zbekistonda kitobxonlikni rivojlantirish bo‘yicha umummilliy harakatga start berish marosimida ishtirok etdi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Davlat rahbari bugun dunyo shiddat bilan o‘zgarayotgani, raqamli texnologiyalar, zamonaviy gadjetlar va sun’iy intellekt hayotimizga tobora chuqur kirib kelayotganini ta’kidladi. Bunday murakkab sharoitda insonning mustaqil fikrlay olishi eng katta ustunlik ekani qayd etildi.
– Kitob o‘qiydigan odam teran va sog‘lom fikrlaydi. Bunday tafakkurga ega inson esa jamiyatni o‘zgartira oladi, – dedi prezident.
Ta’kidlanganidek, Yangi O‘zbekistonda mutolaa madaniyati va kitobga e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarilmoqda. Kitobxonlik faqat ta’lim masalasi emas, balki millat kelajagi, xalqimizning ma’naviy qudrati va mamlakat raqobatbardoshligini ta’minlaydigan muhim omildir.
Davlat rahbari ulug‘ ajdodlar – Imom Buxoriy, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Alisher Navoiy, Mirzo Ulug‘bek kabi mutafakkirlar insoniyat sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shganini qayd etdi. Ularning yuksak marralarga erishishida ilmga intilish va kitob mutolaasi asosiy manba bo‘lgan.
Shu ma’noda, O‘zbekiston xalqaro maydonda qudratli va yuksak salohiyatli xalq sifatida o‘zini namoyon etishi uchun ikki mustahkam asosga tayanishi zarurligi ta’kidlandi. Bular – bebaho ilmiy va ma’naviy meros hamda zamonaviy ilm-fan va ilg‘or texnologiyalar.
Prezident o‘z faoliyatining dastlabki kunlaridan yoshlarni kitobga oshno qilish, ularda bilimga mehr va rag‘bat uyg‘otishga ustuvor ahamiyat qaratib kelayotganini ta’kidladi. 2017 yildan buyon o‘tkazilayotgan “Yosh kitobxon” tanlovi millionlab yoshlarni kitobga yaqinlashtirdi. “Yosh kitobxon oila” tanlovi esa mutolaa muhitini har bir xonadonga olib kirishga xizmat qilmoqda.
Marosimda kitobxonlikni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro tajribaga ham e’tibor qaratildi. Xususan, Birlashgan Arab Amirliklarida 2015 yilda Shayx Muhammad bin Rashid Ol Maktum tashabbusi bilan boshlangan “Arab kitobxonlik tanlovi” dasturi bugungi kunda jahondagi eng yirik ma’rifiy harakatlardan biriga aylangani qayd etildi. Qisqa vaqt ichida ushbu tashabbus 200 milliondan ortiq o‘quvchini qamrab olgan.
O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasidagi yaqin do‘stlik va strategik sheriklik doirasida ushbu ezgu g‘oyani milliy ma’naviy merosimiz asosida yurtimizda yangi bosqichga olib chiqishga qaror qilindi.
Shu maqsadda “Milliy kitobxonlik harakati” dasturi boshlanmoqda. Davlat rahbari ushbu dasturni davlat miqyosida faol qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida farmoyish imzolaganini qayd etdi.
Endi har yili mazkur tadbirning final bosqichi prezident darajasida o‘tkaziladi. Dasturning umumiy yillik mukofot fondi 240 ming dollarni tashkil etadi. Bosh sovrin sohibi 50 ming dollar bilan taqdirlanadi. Bu O‘zbekiston tarixida kitobxonlik bo‘yicha eng salmoqli mukofot bo‘ladi.
Mazkur harakat mamlakatning barcha hududlarini qamrab oladi. Unda umumta’lim maktablarining 1-sinfdan 11-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilari ishtirok etishi mumkin.
Prezident ushbu tashabbus maktablar, oilalar va butun jamiyatda kitobxonlik muhitini kuchaytirish, yoshlar qalbida yangi bunyodkorlik ruhini uyg‘otishga xizmat qilishini ta’kidladi.
– Men ushbu dasturni shunchaki kitob o‘qish musobaqasi emas, balki jonajon Vatanimiz kelajagi uchun strategik investitsiya deb bilaman. Agar biz bugun bolalarimizning qo‘liga yaxshi kitob bersak, ertaga ular Yangi O‘zbekistonning buyuk kelajagini barpo etishga albatta qodir bo‘ladilar, – dedi davlat rahbari.
Marosimda prezident barcha o‘quvchi-yoshlar, ustozlar, ota-onalar va keng jamoatchilikni ushbu umummilliy harakatda faol ishtirok etishga chaqirdi.
Kitob o‘qigan, bilimga intilgan va ezgu ma’nolarni anglagan millat hech qachon yengilmasligi ta’kidlandi. “Ilmdan boshqa najot yo‘q” degan ma’rifatparvar ajdodlarimiz g‘oyasini butun mamlakat miqyosida hayotga tatbiq etish muhimligi qayd etildi.