Sport
Gvardiola «Siti»dan ketmoqda
Uning o‘rnini kim egallashi ham ma’lum.
Foto: Gettyimages/Stu Forster
Ispaniyalik mutaxassis Xosep Gvardiola mavsum yakunida «Manchester Siti»ni tark etadi. APLning 38-turida «Aston Villa»ga qarshi kechadigan uchrashuv uning Manchesterdagi so‘nggi o‘yini bo‘lib qoladi.
Hammasi hal bo‘lgan
«Manchester Siti» muxlislarini karaxt holatga tushirgan dastlabki xabarni Daily Mail tarqatdi. Nashrning sport bo‘limi muharriri Oliver Holt Gvardiola mavsum yakunida «Siti»ni tark etishi va yakshanba kuniga xayrlashuv marosimi rejalashtirilganini xabar qildi.
Ko‘p o‘tmay ushbu ma’lumot BBC nashrida paydo bo‘ldi. Shunda ham ko‘pchilik bunga ishonmayotgandi – keyin futbol xabarlari bo‘yicha eng ishonchlisi hisoblangan The Athletic nashri jurnalisti Devid Ornshteyn ham bu ma’lumotni tasdiqladi. Hozircha klub yoki Gvardiolaning o‘zi tomonidan rasman e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, endi uning ketishiga hech kimda shubha qolmadi.
Insayderlarga ko‘ra, klubdagilar allaqachon Gvardiolaning ketishini muqarrar voqea sifatida qabul qilib bo‘lishgan. Go‘yoki «Siti» rahbariyati homiylar va hamkorlarni Pep yaqin vaqtlar ichida klubdan ketishini rasman e’lon qilishi haqida xabardor qilgan.
Ayrim manbalar Gvardiolaning o‘zi bu ma’lumotni shu vaqtgacha futbolchilardan ham sir saqlab kelgani, dushanba kuni xabar tarqalib ketganidan keyin jamoani yig‘ib, ulardan buni oldinroq aytmagani uchun uzr so‘ragani va ketishini tasdiqlaganini xabar qilmoqda.
«Shaharliklar» bugun tunda APLning 37-turi doirasida safarda «Bornmut»ga qarshi maydonga tushadi. Agar ushbu uchrashuvdan g‘alaba bilan qaytadigan bo‘lsa, jamoada chempionlik uchun imkoniyat saqlanib qoladi. Durang natija ham ayni vaqtda turnir jadvalida 5 ochkolik farq bilan peshqadamlik qilayotgan «Arsenal»ni muddatidan oldin chempionga aylantiradi.
38-tur doirasida «Aston Villa»ga qarshi o‘yin esa «Etihad»da bo‘lib o‘tadi va bu uchrashuv ispaniyalik mutaxassisning jamoa boshqaruvidagi so‘nggi o‘yini bo‘lib qoladi. Agar oxirgi turda «Arsenal» ochko yo‘qotsa va «Siti» bugun va oxirgi turda g‘alaba qozonsa, Gvardiola ketayotganida ham yana bir bor chempionlikka erishishi mumkin bo‘ladi.
Bu ro‘y bermagan taqdirda ham Gvardiola mavsumni sovrinsiz yakunlamayapti. Jamoa bu mavsumda allaqachon Angliya ligasi kubogi va Angliya kubogini qo‘lga kiritgan.
Umuman olganda, Pep jamoadagi 10 yili mobaynida ko‘plab sovrinlarga ega chiqqan.
Mashaqqatli yo‘l
Gvardiola jamoaga 2016 yilda, «Bavariya»dagi bahsli tajribadan keyin kelgandi. Birinchi mavsumini u APLga moslashishga va himoya chizig‘idagi muammolarni bartaraf etishga sarfladi. Ikkinchi mavsumida esa barchasi o‘xshadi – «Siti» Gvardiola bilan «sovrinlarni supurib olish»ga kirishdi. 10 yil ichida Pep 6 bor Angliya chempioniga aylandi, shundan to‘rttasi qatorasiga chempionlik bo‘ldi (shu vaqtgacha faqat uch marta chempionlikni raqiblarga boy berdi – birinchi mavsumda «Chelsi» chempion bo‘lgandi, keyin «Liverpul» Klopp va Arne Slot boshqaruvida bir martadan birinchi bo‘ldi. Bu mavsumda esa oltin medallar «Arsenal»ga ketishi mumkin).
YeChLda esa barchasi qiyin kechdi. Ispaniyalik murabbiy jamoasi asosiy yevrokubokni yettinchi urinishda zabt etdi. 2022/23 yillar mavsumi finalida Pep shogirdlari «Inter»ni mag‘lub etdi (1:0).
Undan ikki yil oldin ham jamoa finalga chiqqandi, ammo o‘shanda «shaharliklar» «Chelsi»ga yutqazishgandi (0:1).
Shuningdek, uning hisobida 5 ta Angliya ligasi kubogi, 3 tadan Angliya Kubogi va Angliya Superkubogi bor. Bundan tashqari, «Siti» Gvardiola rahbarligida UYeFA Superkubogi va klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘olib chiqqan. Gvardiola tufayli «Siti» ikki marta treblga (biri milliy miqyosda) erishgan.
● Pep – Angliya chempioni unvonini qatorasiga to‘rt bor qo‘lga kiritgan yagona murabbiy (2020-21 – 2023-24).
● Faqat u APLda jamoasi bilan bir mavsumda (2017/18) 100 ochko qo‘lga kiritgan.
● 2017/18 yillar mavsumida uning boshqaruvida «Siti» APL uchun rekord darajadagi 106 ta gol urgan.
● Gvardiola APLda 29 ta o‘yinda kamida 5 ta to‘p farqi bilan g‘alaba qozongan, bunday ko‘rsatkich faqat Aleks Fergyusonda bor.
● Gvardiola har o‘yinda qo‘lga kiritilgan o‘rtacha ochko (2,29) va o‘yinlarining eng ko‘p qismini g‘alaba bilan yakunlash (71,2 foiz) bo‘yicha APL tarixidagi eng yaxshi ko‘rsatkichga ega.
Uning o‘rniga keladigan murabbiylarga endi shu planka bo‘yicha baho beriladi. Uning natijalarini takrorlash esa endi deyarli imkonsiz.
Keyingisi kim?
Italiyalik jurnalist Alfredo Pedulla birinchi bo‘lib Enso Mareska Pepning o‘rnini egallashi haqida xabar tarqatdi. Mavsum yarmida «Chelsi» bosh murabbiyligidan iste’foga chiqarilgan ushbu mutaxassis shu kunlarda yangi bosh murabbiy qidirayotgan «Napoli»ning taklifini rad etgandi.
Keyinroq The Athletic aynan Mareska «Siti»ning keyingi bosh murabbiyi bo‘lishini e’lon qildi. Tomonlar allaqachon uch yillik shartnoma bo‘yicha kelishib olgani aytilmoqda.
Enso o‘z vaqtida Pep shtabida ishlagandi va undan ko‘p narsa o‘rgangani tayin. Ayrim xabarlarda Pepning o‘zi o‘rniga aynan uni tavsiya qilgani aytilmqoda.
Daily Mail nashri Pepning boshqa bir shogirdi, hozirda «Bavariya»ni boshqarayotgan Vensan Kompani ham nomzodlar qatorida ekanini xabar qilgan. Ammo belgiyalik mutaxassisning nemislar klubi bilan shartnomasi bor va uning Angliyaga qaytishi ehtimoli juda kam.
Sport
Gvardiola mavsum oxirida «Siti»dan ketadi
Manbalarga ko‘ra, «Manchester Siti» bosh murabbiyi Pep Gvadriola mavsum oxirida jamoani tark etishi mumkin.
Britaniya matbuotidagi manbalarga ko‘ra, Pep Gvadriola o‘n yildan so‘ng «Manchester Siti»ni tark etishga tayyorlanmoqda. Bu shu hafta oxirida, «Aston Villa»ga qarshi o‘yindan keyin sodir bo‘lishi mumkin.
Ilgari Gvardiola qo‘l ostida ishlagan «Chelsi» ning sobiq bosh murabbiyi Enzo Mareska uning ehtimoliy vorisi bo‘lishi mumkin.
«Manchester Siti» 55 yoshli Gvadriolaning shartnomasi keyingi mavsum oxirigacha amal qilishini eslatdi.
«Siti»dagi 10 yillik faoliyati davomida eng muvaffaqiyatli futbol murabbiylaridan biri hisoblangan Gvardiola klub bilan 17 ta yirik sovrinni qo‘lga kiritdi: jamoa olti marta Premer-liga, Chempionlar Ligasi (2023-yilda), uch marta Angliya Kubogi va besh marta Liga Kubogi yutdi.
Sport
«Arsenal» g‘alabali seriyani davom ettirdi va chempionlikka yaqinlashdi
Londonliklar bugunning o‘zida muddatidan oldin chempion bo‘lishi mumkin.
Foto: Julian Finney/Getty Images
«Arsenal» – «Byornli» 1:0
Gol: Havers, 37 (1:0)
«Arsenal»: Rayya, Saliba, Gabriel Magalyayns, Kalafiori (Inkapiye, 72), Moskera, Rays, Eze (Lyuis-Skelli, 73), Edegor (Subimendi, 90+3), Trossar (Martinelli, 90+3), Saka, Havers (Yokeresh, 73)
«Byornli»: Vays, Estev (Xamfris, 82), Tuanzebe, Lukas Pires, Uoker, Ugochukvu (Loran, 71), Florentinu (Uord-Prouz, 78), Mejbri (Amduni, 70), Entoni, Chauna (Brun Larsen, 82), Flemming
Ogohlantirishlar: Havers, 67 – Mejbri, 28. Flemming, 90. Lukas Pires, 90
«Arsenal» chempionlik tituli sari yana bir qadam tashladi. APLning 37-turida Mikel Arteta jamoasi o‘z uyida «Byornli» ustidan kichik hisobda g‘alabaga erishdi. Endi «Manchester Siti» bilan oradagi farq – besh ochkoni tashkil etmoqda, seshanba oqshomida «Siti» «Bornmut» bilan safarda kechadigan o‘yinda ochko yo‘qotadigan bo‘lsa, «kanonirlar» muddatidan oldin chempionlikni nishonlashi mumkin.
APLni allaqachon tark etgan va bu turga 10 o‘yindan iborat g‘alabasiz seriya bilan yetib kelgan raqib «Arsenal»ga qandaydir muammo tug‘dirishi kutilmayotgandi. Shunga qaramay o‘yin «Byornli»ning xavfli hujumlari bilan boshlandi. Debyutda mehmonlar bir necha burchak zarbalari ishlashdi, ammo bu vaziyatlardan hech narsa chiqara olishmadi.
Keyin esa Arteta shogirdlari to‘p nazoratini qo‘lga olishdi va birinchi bo‘lim o‘rtalariga borib o‘yinning 80 foiz vaqtida to‘pga egalik qilishdi. «Arsenal» sardori Edegor o‘z sheriklari uchun ketma-ket vaziyatlar yaratishdi, ammo hujumlarni yakunlashda aniqlik yetishmadi. Shu kuni mezbonlarning qanot himoyasida tushgan Kalafiori va Moskera muntazam ravishda raqib jarima maydoni atrofida uyushtirilgan kombinatsiyalarda ishtirok etishdi.
«Arsenal» vaqt o‘tgan sayin bosimni oshirdi. Havers bir necha vaziyatdan foydalana olmadi. Trossar esa qanotdan markaz tomon reyd uyushtirib, xavfli zarba berdi, ammo to‘p ustunga bordi. Keyingi vaziyatda Saka qanotdan oshirilgan to‘pni darvoza to‘riga kiritib yuborishi mumkin edi, ammo to‘pni tepish o‘rniga ortdan kelgan raqibning oyog‘iga qoqilib yiqildi. Mezbonlar penalti talab qilishdi, o‘yin bosh hakami Tirni esa bu vaziyatda fol yo‘q deb topdi, VAR ham uning qarorini qo‘llab-quvvatladi.
«Byornli» esa deyarli hujumga o‘tmadi. Jamoaning eng xavfli chiqqan qarshi hujumi Hannibal vaziyatni yo‘qqa chiqarishi bilan yakunlandi. Bo‘lim yakuniga qarab borayotganida esa «Arsenal» burchak zarbasidan navbatdagi golini urdi. Saka to‘pni kerakli nuqtaga ideal tarzda yetkazib berdi, Havers esa darvozabon hududida barchadan baland sakrab, bosh bilan darvozani ishg‘ol etdi. «Byornli» darvozaboni Vays to‘pga chiqishda xatoga yo‘l qo‘ygandi.
Tanaffusdan keyin «Byornli» himoya chizig‘ini yuqoriroq chiqardi, «Arsenal» esa o‘yinni quritishga kirishdi. Ammo 51-daqiqada Eze olov bilan o‘ynashib, maydonning o‘z jamoasi darvozasi joylashgan tomonida to‘p yo‘qotdi va xavfli vaziyatga sababchi bo‘ldi. Mehmonlarning qarshi hujumi Entonining xavfli zarbasi bilan yakunlandi. Qo‘shimchasiga ushbu epizodda Flemming jarima maydoni ichida yiqilib, penalti talab qildi. Referi unga ham ishonmadi.
Ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida esa o‘yindagi eng bahsli epizod ro‘y berdi. Havers ortdan Ugochukvuning boldir qismiga zarba berdi. Tirni bu vaziyatda germaniyalik hujumchini ayadi va sariq kartochka ko‘rsatish bilan cheklandi, VAR ham uning qarorini qo‘llab-quvvatladi. Biroz o‘tib APL rasmiy sahifasida bu qaror Kayning harakati o‘ta qo‘pol bo‘lmagani bilan izohlandi.
Shundan keyin darhol Arteta Haversni maydondan olib, Yokereshni tushirdi.
O‘yin oxiriga kelib «Byornli»da yakuniy shturm uyushtirish uchun kuch qolmagandi va «Arsenal» o‘yinni nazorat qilib, g‘alabali hisobni ushlab qoldi. Mezbonlar o‘yin davomida 13 bor zarba berishdi (shundan uchtasi darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan), «Byornli»da jami beshta zarba, darvoza sohasiga borgan birorta zarba yo‘q.
Shu tariqa, «Arsenal» «Siti» maydonida uchralgan mag‘lubiyatdan keyin qatorasiga to‘rt o‘yinda g‘alaba qozondi va bu o‘yinlarning birortasida gol o‘tkazib yubormadi. Endi jamoa mavsum yakuniga bir tur qolganida 82 ochko bilan peshqadamlikni davom ettirmoqda. Hisobida 77 ochko bo‘lgan «Siti» esa 37-tur o‘yinini bugun o‘tkazadi va «Bornmut» maydonida ochko yo‘qotadigan bo‘lsa, «Arsenal» muddatidan oldin chempionlikka erishadi. Agar «Siti» ham bu turda g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, jamoalar orasidagi farq ikkitaga qisqaradi va barchasi so‘nggi turga qoladi.
APLning 38-turida «Arsenal» safarda «Kristal Pelas» mehmoni bo‘ladi, «Siti» esa «Aston Villa»ni qabul qiladi.
Sport
Abduqodir Husanov «Manchester City»da mavsumning eng yaxshi futbolchisiga aylanishi mumkin
Angliyaning «Manchester City» klubi mavsum yakunlariga ko‘ra jamoaning eng yaxshi futbolchisi nomiga da’vogar bo‘lgan uchlikni e’lon qildi. Ro‘yxatdan O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov, angliyalik yarim himoyachi Niko O‘Rayli va belgiyalik vinger Jeremi Doku o‘rin oldi.
Ta’kidlash joizki, o‘zbekistonlik himoyachi «Manchester City» safida uch marta — 2025 yil fevral oyida, shuningdek 2026 yil yanvar va mart oylarida eng yaxshi futbolchi deb topilgan.
Mukofot g‘olibi o‘tgan yilgi sovrin sohibi — Yoshko Gvardiolning davomchisiga aylanadi.
Abduqodir Husanovga klubning rasmiy saytida ovoz berish mumkin.
Sport
Eron FIFAdan AQShda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida ishtirok etish kafolatini oldi
Eron TIV 2026 yilgi Jahon chempionatida ishtirok etish uchun FIFA kafolatlarini olganini ma’lum qildi.
Eron TIV rasmiy vakili Ismoil Baqoiy matbuot anjumanida Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) Eron milliy jamoasiga bo‘lajak jahon chempionatida ishtirok etish bo‘yicha kafolat berganini ma’lum qildi.
«Ikki kun oldin Turkiyada Eron futbol federatsiyasi vakillari va FIFA yuqori martabali vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, unda bizga FIFA mezbon tomonlarning me’yorlarga rioya qilishi uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirishi haqida kafolat berildi», dedi Baqoiy.
Kafolatlar eronlik sportchilarning huquqlarini ta’minlash, viza berish va xavfsizlikni ta’minlash bilan bog‘liq. Ilgari Eron AQSh bilan keskin munosabatlar tufayli ishtirok etish uchun 10 ta shart qo‘ygan edi (jumladan, delegatsiyaning barcha a’zolari uchun viza masalalari, bayroq va madhiyaga hurmat, xavfsizlik).
Jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulgacha AQSh, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi. Eron JCh-2026 qur’asiga ko‘ra, G guruhida Belgiya, Misr va Yangi Zelandiya bilan o‘ynashi, har uchala o‘yin ham AQSh hududida o‘tkazilishi kerak.
Avvalroq Eron milliy jamoasi viza muammolari tufayli 2026 yilgi jahon chempionatini o‘tkazib yuborishi mumkinligi xabar qilingandi. Shuningdek, AQSh va Isroilning Eronga hujumi ham bu masalani so‘roq ostida qoldirgan edi.
Sport
Joze Mourino «Real» bilan kelishuvga erishdi
Portugaliyalik murabbiy Joze Mourino «Real Madrid» bosh murabbiyi etib tayinlandi. Nufuzli insayder Fabritsio Romanoning so‘zlariga ko‘ra, murabbiy ikki yillik shartnoma imzolagan. Mourinoning tayinlanishi haqida rasmiy e’lon tez orada aytilishi kutilmoqda.
Avvalroq belgiyalik insayder Sacha Tavolieri Mourinoning Madridga qaytishi haqida xabar bergan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra,«Real Madrid» va portugaliyalik murabbiy o‘rtasidagi kelishuv to‘liq kelishib olingan.
Avvalroq «Real Madrid» murabbiyning shartnomasini muddatidan oldin bekor qilgani uchun «Benfika» ga kompensatsiya to‘lashi haqida xabar berilgan edi. Bundan tashqari, portugaliyalik murabbiyga transfer siyosati va asosiy jamoa ichidagi ichki intizom bo‘yicha keng vakolatlar berilishi kutilmoqda.
Mourinoning qaytishi Madrid klubining muvaffaqiyatsiz mavsumi bilan bog‘liq.«Real Madrid» 2025/26 yilgi mavsumni sovrinsiz yakunladi.
Joze Mourino ilgari 2010-yildan 2013-yilgacha «Real Madrid» ni boshqargan. Bu davrda Madrid klubi Ispaniya ligasi, Ispaniya kubogi va Ispaniya superkubogida g‘olib chiqqan.
Shuningdek, u «Portu»,«Chelsi»,«Inter Milan», «Manchester Yunayted» va «Tottenxem Xotspur» ni boshqargan.
-
Siyosat5 days agoPrezident Mirziyoyev Toshkent metropolitenini 2035 yilgacha kengaytirishni maʼqulladi
-
Iqtisodiyot5 days ago«Bunyodkor» – Rivaldo mojarosi. Vaziyat jiddiylashdi
-
Dunyodan4 days ago
Noyob olmosli uzuk rekord narxga sotildi
-
Dunyodan3 days ago
Boshqa davlatlar Eronga yashirincha hujum qiladi
-
Siyosat3 days agoQonun chiqaruvchi yuan “Toshkent xalqaro moliya markazi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini birinchi oʻqishda maʼqulladi
-
Jamiyat4 days ago
«Aviasozlar» bozori buziladimi? Poytaxt hokimligi bayonoti
-
Jamiyat4 days ago
Bugun O‘zbekistonda harorat 33 darajagacha ko‘tariladi
-
Jamiyat4 days agoOlmaliqda mototsiklchi 14 yoshli piyodani urib yubordi
