Jamiyat
Qorako‘l tumani hokimligi fermer ayolga 607 mln so‘mdan oshiq kompensatsiya to‘ladi
Buxoro viloyati, Qorako‘l tumani hokimligi fermer ayolga 607 million 309 ming 171 so‘m kompensatsiya to‘lashga majbur bo‘ldi.
Bu haqda «Xabar.uz»ga ma’lum qilgan MIB jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘yicha katta inspektori Ixtiyor Olimovning ta’kidlashicha, Qorako‘l tumanidagi «Uchqun Do‘rman zamini» va «Do‘rmon Omad nur» fermer xo‘jaliklariga ko‘p yillardan buyon yoshi ulug‘ fermer ayol Oltinoy Sottiyeva rahbarlik qilib kelgan. 2018-yilda belgilangan rejalarni bajarib kelgan fermer xo‘jaliklari kutilmagan muammoga duch kelgan. Tuman hokimining 2018-yil iyundagi qarori bilan fermer xo‘jaliklari bilan tuzilgan yer ijara shartnomasi bekor qilinib, ular foydalanib kelgan 203 gektar yer maydoni hokimlik zaxirasiga olingan va boshqa fermerlarga taqsimlab berilgan.
Fermer xo‘jaliklari mazkur qarordan norozi bo‘lib, sudga murojaat qilishgan. Natijada tuman Ma’muriy sudining 02.08.2018-yildagi qarori bilan hokim qarori bekor qilingan. Biroq, shunga qaramasdan, nizo shu bilan tugamagan. Tuman hokimligi fermer xo‘jaligi bilan tuzilgan ijara shartnomasini bekor qilish talabi bilan sudga da’vo kiritgan. Ish tuman va viloyat sudlarida ko‘rib chiqilib, oxir-oqibat, Oliy sudgacha yetib borgan.
Oliy sud iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atining 23.01.2019-yildagi qarori bilan birinchi va apellyasiya instansiyalari qarorlari bekor qilingan. Shundan keyin ham yer maydonlari fermerlarga qaytarib berilmagan. Nizoli masala prokuratura tomonidan o‘rganilib, Bosh prokuror aralashuvidan so‘ng yer maydonlari yana fermer xo‘jaliklariga qaytarilgan.
Oltinoy Sottiyeva viloyat fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi orqali sudga murojaat qilib, 2017-yilning noyabr oyidan 2018-yilning iyuligacha qilingan xarajatlar va olinishi mumkin bo‘lgan daromadlar uchun kompensatsiya undirishni talab qilgan. Sud fermer xo‘jaliklari da’vosini qanoatlantirgan.
Qorako‘l tumanlararo iqtisodiy sudining 12.12.2023-yildagi ijro hujjatiga ko‘ra, Qorako‘l tuman hokimligidan «Uchqun Do‘rman zamini» fermer xo‘jaligi foydasiga 333 million 286 ming 744 so‘m, «Do‘rmon Omad nur» fermer xo‘jaligi foydasiga esa 273 million 979 ming 227 so‘m kompensatsiya undirish belgilangan.
Ijro hujjati 26.03.2024-yilda Majburiy ijro byurosining Qorako‘l tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va ijro harakatlari boshlangan. Qonunchilikka muvofiq, hokimlikka qarorni ixtiyoriy bajarish uchun muddat berilgan bo‘lsa-da, tuman hokimligi sud qaroridan norozi ekanini bildirib, uni bajarmay kelgan. Shu bilan birga, yuqori instansiya sudlariga bir necha bor shikoyat arizalari kiritilgan. Biroq, bu arizalarning barchasi sud tomonidan rad etib kelingan.
Ijro jarayonida tuman hokimligining hisob raqamlariga band qo‘yilgan, ko‘chmas mulklari va avtotransport vositalariga ta’qiq o‘rnatilgan. Hokimlik hisob raqamida ortiqcha mablag‘ yo‘qligini vaj qilib kelgan bo‘lsa-da, ijro harakatlari va sud qarorlari ortidan oxir-oqibat qarorni bajarishga majbur bo‘lgan.
Bo‘lim davlat ijrochisi tomonidan olib borilgan harakatlar natijasida tuman hokimligidan fermer xo‘jaliklari foydasiga jami 607 million 309 ming 171 so‘m kompensatsiya mablag‘i undirilgan. Ijro ishi amalda yakunlangan.
Oltinoy Sottiyeva undirilgan mablag‘larning bir qismini qishloqni obodonlashtirishga, qolgan qismini esa fermer xo‘jaligini rivojlantirishga sarflashini bildirgan.
– Bu voqea, nafaqat, bir fermer ayolning g‘alabasi, balki, qonun ustuvorligi va haqiqat yo‘lidagi matonatli kurashning ham yorqin namunasi bo‘ldi, – deydi Ixtiyor Olimov.
Jamiyat
Buxorodagi mudhish yong‘inning tafsilotlari oshkor bo‘ldi
Joriy yilning 16-may kuni Buxoro shahridagi ko‘p qavatli uylardan birida yuzaga kelgan yong‘in ko‘p sonli aholining sarosimasiga sabab bo‘ldi.
— Olov tomdan ko‘tarilganini ko‘rib, hamma hovliga tushib ketdi. Hammayoqni qora tutunning achchiq hidi qoplagan. Eng qo‘rqqanimiz, uy ichida birorta odam qolib ketmaganmikin, degan xavotir bo‘ldi. Bolalar yig‘isi, ota-onalar xavotiri, keksalaru qo‘ni-qo‘shnilarning bir-birini qo‘rquv ichida chaqirgan baqir-chaqirlari… qutqaruvchilar yetib kelgachgina, ancha xotirjam bo‘ldik, — deydi fuqarolardan biri.
Buxoro viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmatining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, yong‘in Buxoro shahridagi Shirbudin mahallasida joylashgan ko‘p qavatli uylardan birining tom qismida sodir bo‘lgan. Yong‘in haqidagi xabar soat 15:57 da «112» tizimi orqali kelib tushgan.
Guvohlarning ta’kidlashicha, ekipajlar voqea joyiga juda qisqa vaqt ichida yetib kelib, yong‘inni professional tarzda cheklagan va bir vaqtning o‘zida aholini xavfsiz hududga evakuatsiya qilgan.
Yong‘in-qutqaruv ekipajlari soat 17:25 da yong‘inni to‘liq bartaraf etgan.
— Agar ular kechikkanda, olov qo‘shni xonalarga ham o‘tishi mumkin edi, — deydi mahallada yashovchilardan biri.
Boshqarmaning axborot xizmati rahbari hodisa oqibatida hech kim tan jarohati olmaganini bildirmoqda. Ayni paytda yong‘in sababi va yetkazilgan zarar o‘rganilmoqda.
Jamiyat
O‘zbekistonga qaytarilgan noyob tarixiy buyumlar ilk bor ilmiy jamoatchilik e’tiboriga havola etildi
Ular orasida Kushon davriga oid haykal boshlari va byustlar, shtuko bezaklari bo‘laklari, II–VIII asrlarga mansub noyob devoriy suratlar hamda Fayoztepa va Qoratepa arxeologik majmualariga tegishli osori atiqalar mavjud.
Foto: Islom sivilizatsiyasi markazi
Islom sivilizatsiyasi markazida O‘zbekistonga qaytarilgan noyob tarixiy osori atiqalar ilk bor keng ilmiy jamoatchilik e’tiboriga havola etildi. Mazkur madaniy meros namunalari Operation Inherent Vice xalqaro amaliyoti doirasida aniqlangan.
Taqdim etilgan artefaktlar Markaziy Osiyo sivilizatsiyasining ko‘p asrlik tarixiy rivojlanishini aks ettirib, buddaviy, sug‘diy va islomiy madaniy qatlamlarni o‘z ichiga oladi. Ular orasida Kushon davriga oid haykal boshlari va byustlar, shtuko bezaklari bo‘laklari, II–VIII asrlarga mansub noyob devoriy suratlar hamda Fayoztepa va Qoratepa arxeologik majmualariga tegishli osori atiqalar mavjud. Shuningdek, XV asrga oid temuriylar davriga mansub kenotaf alohida ilmiy va madaniy ahamiyatga ega.
Ishtirokchilar e’tiborini buddaviy mazmundagi devoriy suratlar, shuningdek, Gandhara va ilk buddaviy san’at an’analarini aks ettiruvchi terrakota va shtuko haykallar tortdi. Ilmiy yig‘ilish doirasida temuriylar davriga oid tosh kenotaf ham taqdim etildi. U murakkab bitiklar, bezaklar va she’riy matnlar bilan ishlangan bo‘lib, Markaziy Osiyo memorial san’atining noyob namunasi sifatida baholandi.
Ilmiy kengashda ushbu yodgorliklarni kelgusida ilmiy o‘rganish, qayta tiklash, ro‘yxatga olish va muzey ekspozitsiyasiga tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
Jamiyat
Jizzaxdagi savdo majmuasida yong‘in sodir bo‘ldi
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, savdo majmuasining ikkinchi qavatida joylashgan kiyim kechak do‘konining taxminan 15 kv.m. maydonda ichki qismi va qisman kiyim-kechaklar yonib zararlangan.
Jizzax shahridagi uch qavatli savdo majmuasida yong‘in sodir bo‘ldi, deb xabar berdi FVV.
Xabarga ko‘ra, 17 may kuni soat 11:21 da “112” tizimi orqali Sharof Rashidov shohko‘chasida joylashgan uch qavatli savdo majmuasining ikkinchi qavatidagi do‘konda yong‘in sodir bo‘lganligi to‘g‘risida FVBga xabar kelib tushgan.
Ikkita qutqaruv bo‘linmasi voqea joyiga yetib borgan va yong‘in soat 11:37 da to‘liq o‘chirilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, savdo majmuasining ikkinchi qavatida joylashgan kiyim kechak do‘konining taxminan 15 kv.m. maydonda ichki qismi va qisman kiyim-kechaklar yonib zararlangan.
Qutqaruvchilarning tezkor haraktlari natijasida yong‘inning keng maydonga tarqalishi oldi olinib, binoning asosiy qismi yong‘indan saqlab qolingan.
Yong‘in oqibatida tan jarohati olganlar to‘g‘risida ma’lumot kelib tushmagan.
Hozirda yong‘in sababi va zarari aniqlanmoqda.
Jamiyat
Afg‘onistondan olib kelingan qariyb 600 kg narkotik modda to‘xtatib qolindi
Surxondaryodagi “Termiz-avto” chegara bojxona postida ekskavator ko‘targichi ichiga 593 kg gashish va 3 kg opiy yashirib, olib o‘tishiga urinib ko‘rishdi. Ekskavator esa yuk mashinasiga ortilgan bo‘lgan. Jinoiy guruh tong sahar vaqtda harbiy xizmatchilar sergaklikni yo‘qotishiga umid qilgan.
Afg‘onistondan olib kelingan katta miqdordagi narkotik fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizligi xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, DXXning tezkor bo‘linmalari va Chegara qo‘shinlari hamda Bojxona qo‘mitasi hamkorligida tezkor qidiruv tadbiri o‘tkazilgan. Unda qo‘shni davlatdan olib kelingan katta miqdordagi narkotik modda to‘xtatib qolingan. Jinoiy guruh tong sahar vaqtda harbiy xizmatchilar sergaklikni yo‘qotishiga umid qilib, narkotikni olib o‘tishni rejalashtirishgan.
Surxondaryo viloyatidagi “Termiz-avto” chegara bojxona postiga Afg‘onistondan kirib kelgan yuk mashina o‘rnatilgan tartibda tekshiruvdan o‘tkazilgan. Transport vositasi Afg‘oniston fuqarosi boshqaruvida bo‘lgan.
Yuk mashina tirkamasiga ortilgan ekskavator inspeksion ko‘rik majmuasi orqali skaner qilinganida, uning ko‘targich qismi ichida konstruksiyada ko‘rsatilmagan shubhali predmetlar borligi kuzatilgan.
Shundan so‘ng, ekskavator tuynuklari endoskop maxsus texnik vositasi orqali ko‘zdan kechirilgan. Jarayonda ekskavatorning ko‘targich qismiga 593 kg gashish va 3 kg opiy yashirilgani aniqlangan.
Holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda ushbu narkotik modda egalarini qo‘lga olish choralari ko‘rilmoqda.
Avvalroq Farg‘onada yuk mashinasi g‘ildiraklaridan qariyb 20 kg narkotik topilgandi.
Jamiyat
Ekologiya qo‘mitasi matbuot anjumani o‘tkazdi – tafsilotlar
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetida (“Green University”) ” Eco Expo Central Asia 2026″ xalqaro ekologik ko‘rgazmasi, Global ekologik jamg‘armaning (GEF) VIII Assambleyasi, shuningdek, “Green University” va “yashil” texnikumlar faoliyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.
Tadbirda Ekologiya vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov, Ekologiya qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Javohir Abduxoliqov, qo‘mita departament rahbari Bahrom Xolxo‘jayev, “Green University” rektori, professor Baxtiyor Pulatov, qo‘mita va tizim tashkilotlari xodimlari, hududiy boshqarmalar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Jusipbek Kazbekov O‘zbekiston yana muhim xalqaro ekologik tadbirlar o‘tkaziladigan maydonga aylanayotganini ta’kidladi. Ushbu tadbirlar doirasida atrof-muhitni muhofaza qilishning dolzarb masalalariga alohida e’tibor qaratilishi qayd etildi. Jumladan, iqlim o‘zgarishi va uning oqibatlariga bardoshlilikni oshirish, bioxilma-xillikni saqlash, yer degradatsiyasi va cho‘llanishga qarshi kurash, suv resurslarini boshqarish hamda atrof-muhit ifloslanishini kamaytirish masalalari muhokama qilinadi. Shuningdek, u Markaziy Osiyodagi yagona ixtisoslashgan ekologik universitet — “Green University” hamda uning huzurida tashkil etilayotgan «yashil» texnikumlar faoliyatiga alohida to‘xtaldi. Ushbu texnikumlarda ekologiya sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlanishi, bu esa nafaqat O‘zbekistonda, balki butun mintaqada ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
O‘z navbatida, Javohir Abduxoliqov Global ekologik jamg‘armaning (GEF) VIII Assambleyasi haqida ma’lumot berdi. Assambleya doirasida yuqori darajadagi 9 ta davra suhbati, 50 dan ortiq sayd-iventlar o‘tkazilishi, qator xalqaro tashabbuslar e’lon qilinishi va yangi ekologik loyihalar ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Assambleya yakunlari bo‘yicha «yashil» loyihalarga grant va investitsiyalar jalb etilishi, xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlik kengaytirilishi, iqlim o‘zgarishiga moslashuv loyihalari qo‘llab-quvvatlanishi, Orolbo‘yi ekotizimini tiklash dasturlari ilgari surilishi, bioxilma-xillikni saqlash, qayta tiklanuvchi energetika va barqaror qishloq xo‘jaligi loyihalari rivojlantirilishi, shuningdek, qo‘shma transchegaraviy tashabbuslar yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda. Bundan tashqari, tadbir xorijiy delegatsiyalar va ekspertlar oqimini oshirish, biznes turizmini rivojlantirish hamda xizmat ko‘rsatish va logistika sohalarida qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilishi qayd etildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Bahrom Xolxo‘jayev ” Eco Expo Central Asia 2026″ xalqaro ekologik ko‘rgazmasiga alohida to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, mazkur tadbir dunyoning 100 dan ortiq davlatidan vakillar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, diplomatik korpus, investorlar, ekologik mahsulot ishlab chiqaruvchilar, ekoinnovatorlar, davlat organlari va ekspertlar hamjamiyatini birlashtiradi. Ko‘rgazma doirasida ekologik mahsulot va xizmatlarga bag‘ishlangan 68 dan ortiq pavilon tashkil etiladi.
-
Siyosat3 days agoPrezident Mirziyoyev Toshkent metropolitenini 2035 yilgacha kengaytirishni maʼqulladi
-
Siyosat5 days ago
Trampga 80 kunlik muddat nima berdi? (video)
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekiston ko‘proq nimalarni import qilmoqda?
-
Iqtisodiyot5 days agoChorvachilik va yaylov xo‘jaligi agentligi rahbari o‘zgardi
-
Iqtisodiyot5 days agoSoliq organlari plastik karta orqali tushumlarni o‘rganmoqda
-
Dunyodan3 days ago
Qamchibek Tashievning ishi sudga yetib bordi
-
Siyosat5 days ago
Putin Yevropa bilan muzokaraga kirishish shartini aytdi
-
Mahalliy5 days ago
diplomsiz professionaldan – davlat kvotasi sohibasiga aylaning!
