Jamiyat
Qorako‘l tumani hokimligi fermer ayolga 607 mln so‘mdan oshiq kompensatsiya to‘ladi
Buxoro viloyati, Qorako‘l tumani hokimligi fermer ayolga 607 million 309 ming 171 so‘m kompensatsiya to‘lashga majbur bo‘ldi.
Bu haqda «Xabar.uz»ga ma’lum qilgan MIB jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘yicha katta inspektori Ixtiyor Olimovning ta’kidlashicha, Qorako‘l tumanidagi «Uchqun Do‘rman zamini» va «Do‘rmon Omad nur» fermer xo‘jaliklariga ko‘p yillardan buyon yoshi ulug‘ fermer ayol Oltinoy Sottiyeva rahbarlik qilib kelgan. 2018-yilda belgilangan rejalarni bajarib kelgan fermer xo‘jaliklari kutilmagan muammoga duch kelgan. Tuman hokimining 2018-yil iyundagi qarori bilan fermer xo‘jaliklari bilan tuzilgan yer ijara shartnomasi bekor qilinib, ular foydalanib kelgan 203 gektar yer maydoni hokimlik zaxirasiga olingan va boshqa fermerlarga taqsimlab berilgan.
Fermer xo‘jaliklari mazkur qarordan norozi bo‘lib, sudga murojaat qilishgan. Natijada tuman Ma’muriy sudining 02.08.2018-yildagi qarori bilan hokim qarori bekor qilingan. Biroq, shunga qaramasdan, nizo shu bilan tugamagan. Tuman hokimligi fermer xo‘jaligi bilan tuzilgan ijara shartnomasini bekor qilish talabi bilan sudga da’vo kiritgan. Ish tuman va viloyat sudlarida ko‘rib chiqilib, oxir-oqibat, Oliy sudgacha yetib borgan.
Oliy sud iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atining 23.01.2019-yildagi qarori bilan birinchi va apellyasiya instansiyalari qarorlari bekor qilingan. Shundan keyin ham yer maydonlari fermerlarga qaytarib berilmagan. Nizoli masala prokuratura tomonidan o‘rganilib, Bosh prokuror aralashuvidan so‘ng yer maydonlari yana fermer xo‘jaliklariga qaytarilgan.
Oltinoy Sottiyeva viloyat fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi orqali sudga murojaat qilib, 2017-yilning noyabr oyidan 2018-yilning iyuligacha qilingan xarajatlar va olinishi mumkin bo‘lgan daromadlar uchun kompensatsiya undirishni talab qilgan. Sud fermer xo‘jaliklari da’vosini qanoatlantirgan.
Qorako‘l tumanlararo iqtisodiy sudining 12.12.2023-yildagi ijro hujjatiga ko‘ra, Qorako‘l tuman hokimligidan «Uchqun Do‘rman zamini» fermer xo‘jaligi foydasiga 333 million 286 ming 744 so‘m, «Do‘rmon Omad nur» fermer xo‘jaligi foydasiga esa 273 million 979 ming 227 so‘m kompensatsiya undirish belgilangan.
Ijro hujjati 26.03.2024-yilda Majburiy ijro byurosining Qorako‘l tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va ijro harakatlari boshlangan. Qonunchilikka muvofiq, hokimlikka qarorni ixtiyoriy bajarish uchun muddat berilgan bo‘lsa-da, tuman hokimligi sud qaroridan norozi ekanini bildirib, uni bajarmay kelgan. Shu bilan birga, yuqori instansiya sudlariga bir necha bor shikoyat arizalari kiritilgan. Biroq, bu arizalarning barchasi sud tomonidan rad etib kelingan.
Ijro jarayonida tuman hokimligining hisob raqamlariga band qo‘yilgan, ko‘chmas mulklari va avtotransport vositalariga ta’qiq o‘rnatilgan. Hokimlik hisob raqamida ortiqcha mablag‘ yo‘qligini vaj qilib kelgan bo‘lsa-da, ijro harakatlari va sud qarorlari ortidan oxir-oqibat qarorni bajarishga majbur bo‘lgan.
Bo‘lim davlat ijrochisi tomonidan olib borilgan harakatlar natijasida tuman hokimligidan fermer xo‘jaliklari foydasiga jami 607 million 309 ming 171 so‘m kompensatsiya mablag‘i undirilgan. Ijro ishi amalda yakunlangan.
Oltinoy Sottiyeva undirilgan mablag‘larning bir qismini qishloqni obodonlashtirishga, qolgan qismini esa fermer xo‘jaligini rivojlantirishga sarflashini bildirgan.
– Bu voqea, nafaqat, bir fermer ayolning g‘alabasi, balki, qonun ustuvorligi va haqiqat yo‘lidagi matonatli kurashning ham yorqin namunasi bo‘ldi, – deydi Ixtiyor Olimov.