Connect with us

Iqtisodiyot

Trampning Eronga qarshi urushi AQSh iqtisodiyotiga qanday ta’sir qilyapti?

Published

on


Urush boshlanganidan buyon amerikaliklar benzin va dizel uchun qo‘shimcha 35 milliard dollar to‘lashga majbur bo‘ldi. Bu har bir uy xo‘jaligi uchun taxminan 268 dollar yoki bir haftalik oziq-ovqat xarajatlariga teng. Shuningdek, yil boshida prognoz qilingan foiz stavkalarining pasaytirilmasligi natijasida yuzaga keladigan iqtisodiy yo‘qotish taxminan 200 milliard dollarni tashkil etishi mumkin.

Trampning Eron bilan urushi AQSh iqtisodiyotiga yuz milliardlab dollar zarar keltirmoqda: yoqilg‘i narxlarining keskin o‘sishi, qarz olish xarajatlarining oshishi va ta’minot zanjiridagi uzilishlar amerikaliklar farovonligiga jiddiy ta’sir qila boshladi, deb yozadi Financial Times.

Tramp ma’muriyatining dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, urushning amerikalik soliq to‘lovchilariga to‘g‘ridan to‘g‘ri yuki 25 milliard dollarga baholangandi. Biroq iqtisodchilar to‘liq harbiy va kreditlash xarajatlarining oshishini hisobga olib, umumiy zarar bundan ancha katta bo‘lishini prognoz qilyapti.

«E’lon qilingan budjet xarajatlari aslida aysbergning uchi xolos», deydi Harvard universiteti professori va AQSh harbiy mojarolarining hisob-kitobi bo‘yicha mutaxassis Linda Bilms. «Bu darhol sezilavermaydi — bir muddat yamoqlab turish mumkin. Lekin moliyaviy ko‘lam shunchalik kattaki, buni abadiy yashirib bo‘lmaydi». 

Mojaro Trampning reytingi allaqachon rekord darajadagi quyi ko‘rsatkichga yaqinlashib qolgan bir paytda boshlandi. Ko‘plab amerikaliklar kun sayin oshib borayotgan narx-navo sababli qiyinchiliklarga uchrayapti.

Pentagonning 25 milliard dollarlik baholashi

Mojaro davomida Pentagon qimmat raketalar va havo mudofaa tizimlarini yillik zaxiralaridan ancha ko‘p ishlatdi va aynan shu omilni urush xarajatlarining 25 milliard dollarlik bahosidagi asosiy harakatlantiruvchi kuch sifatida ko‘rsatyapti.

Mudofaa xarajatlari inqiroz boshlanishidan ancha oldin ham keskin o‘sib borishi kutilayotgandi. Xususan, Tramp joriy moliyaviy yil va 2027 yil oralig‘ida xarajatlarni taxminan 50 foizga oshirib, 1,5 trillion dollarga yetkazish rejalarini e’lon qilgandi. Bu raqamlarda urushning ta’siri hisobga olinmagan. Pentagon Oq uy orqali Kongressga qo‘shimcha so‘rov yuborilishini rejalashtirmoqda, biroq miqdor hali aniq belgilanmagan.

«Center for a New American Strategy»tadqiqotlari markazining mudofaa bo‘yicha mutaxassisi Karlton Xaelig kelajak uchun qo‘shimcha so‘rovlar «juda katta pul» ekanini va bu «iqtisodiyotda zanjirli salbiy oqibatlar keltirib chiqarishini» ta’kidlayapti.

35 milliard dollarlik yoqilg‘i zarari

Urushdan oldin global neft ta’minotining beshdan bir qismi Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tardi. Bo‘g‘oz yopilishi AQShda benzin narxini keskin oshirib, 1 gallon uchun 4,55 dollarga qimmatlashtirdi. Bu bu G7 mamlakatlari orasidagi eng yuqori ko‘rsatkich. Shuningdek, sanoat uchun muhim xomashyo hisoblangan dizel yoqilg‘i narxi ham har gallon uchun 5,66 dollargacha ko‘tarildi va tarixiy rekord 5,82 dollarga yaqinlashib qoldi.

Braun universiteti Uotson davlat ishlari maktabi ma’lumotlariga ko‘ra, urush boshlanganidan buyon amerikalik iste’molchilar benzin va dizel uchun qo‘shimcha 35 milliard dollar to‘ladi. Bu har bir uy xo‘jaligi uchun taxminan 268 dollarga, ya’ni bir haftalik oziq-ovqat xarajatlariga teng.

«HASA’ning yillik budjeti atigi 25 milliard dollar, demak biz allaqachon o‘sha chegarani o‘tib ketdik», deydi Braun universitetining siyosiy fanlar bo‘yicha professori Jyeff Kolgan.

Nyu York Federal zaxira banki tomonidan e’lon qilingan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, daromad darajasi yuqori bo‘lgan uy xo‘jaliklari benzin sarfini deyarli qisqartirmagan bo‘lsa-da, quyi daromadli xonadonlar iqtisodiy zarbaga bardosh berish maqsadida avtomobillarni birgalikda haydash va jamoat transportidan foydalanishga o‘tib, iste’molni 7 foizga kamaytirgan.

O‘z navbatida yuqori yoqilg‘i narxlari bir guruh uchun juda ijobiy bo‘lyapti — AQSh neft ishlab chiqaruvchilari. Ular misli ko‘rilmagan hajmda eksportni amalga oshirishyapti. Xususan, martda rekord darajada – 214 milliard dollar daromad olgan.

Shuningdek, aviatsiya yoqilg‘isi ham 70 foizdan ziyodroqqa qimmatlab, aviabilet narxlarining oshishiga sabab bo‘lyapti va aviasanoatga kuchli bosim o‘tkazmoqda.

Yuqori foiz stavkalaridan 200 milliard dollarlik zarar

Urush boshlanmasidan oldin, investorlar Federal zaxira tizimi joriy yil davomida qarz olish stavkasini ikki marta, chorak punktdan kamaytirishini kutayotgandi. Ammo markaziy bankning ichki mehnat bozoridagi tanglikni yumshatishga ko‘maklashish uchun taqdim eta olishi mumkin bo‘lgan har qanday yordami savol ostida qolmoqda: benzin narxlarining oshishi inflatsiyani uch yillik maksimum – 3,5 foizgacha ko‘tardi. Bu target ko‘rsatkich – 2 foizdan ancha yuqori hisoblanadi.

Foiz stavkalarini pasaytirish talabni oshiradi, investitsiya va iste’molchi xarajatlarini rag‘batlantiradi hamda iqtisodiy o‘sishni tezlashtiradi. Aynan foiz stavkalarining pasaytirilmasligi natijasida yuzaga keladigan yo‘qotish taxminan 200 milliard dollarni tashkil etishi mumkin.

Yuqori stavkalar uy-joy xarid qilmoqchi bo‘lgan amerikaliklar uchun ham qimmatga tushyapti. Jumladan, 30 yillik ipoteka bo‘yicha o‘rtacha stavka ayni paytda 6,37 foiz. Bu ko‘rsatkich urush boshlanishidan oldin 5,98 foiz bo‘lgan. 

«2003 yilda Iroqqa kirganimizda, budjetimizning 4 foizini qarz uchun foiz to‘lashga sarflardik. Hozir esa bu 15 foizga yetdi», deydi Linda Bilms.

Ta’minot zanjirlaridagi uzilishlar

Nyu York Federal zaxira bankining global ta’minot zanjiri bosimlarini o‘lchashning oylik ko‘rsatkichi koronavirus pandemiyasidan beri eng yuqori darajaga ko‘tarildi. Ayrim xomashyo turlari bo‘yicha taqchillik belgilari sezila boshladi, dunyo bo‘ylab metall konteynerlar tashish xarajatlari esa keskin oshdi.

«Hatto Shimoliy Yevropadan AQShning Sharqiy sohiligacha bo‘lgan Transatlantik yo‘nalishdagi yuk tashish xarajatlari fevral oyining oxiriga nisbatan 56 foizga qimmatlashdi. Inqiroz mintaqaviy darajadan global darajaga ko‘chdi», deydi yuk tashish ma’lumotlari bo‘yicha mutaxassisi Piter Sand.

Iqtisodchilar dizel yoqilg‘isi narxining oshishi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarida sezilarli ko‘tarilishga olib kelishi uchun taxminan olti oy vaqt kerak bo‘ladi, deb hisoblashyapti. Ayniqsa sovitish va tezkor yetkazib berilishi kerak bo‘lgan meva-sabzavotlar, go‘sht va dengiz mahsulotlari kabi tez buziluvchi tovarlar narxi birinchi bo‘lib oshishi mumkin.

Dizel narxining oshishi ishlab chiqarish xarajatlariga allaqachon ta’sir ko‘rsatayotganining belgilari mavjud. Bank of America ma’lumotlariga ko‘ra, mart oyida qadoqlangan oziq-ovqat va ichimlik ishlab chiqaruvchi kompaniyalar xarajatlari 7,9 foizga oshgan.

Dizel narxining bosimi fermerlarning o‘g‘it xarajatlari oshishi bilan yanada kuchayishi kutilmoqda. Asosan Yaqin Sharqda ishlab chiqariladigan azotli o‘g‘itlar narxi urush boshlanganidan beri 30 foizdan ko‘proqqa qimmatlashdi. Bu esa fermerlarning o‘g‘itdan kamroq foydalanishiga, natijada kelgusi yilda hosil hajmining qisqarishiga, oziq-ovqat ta’minoti kamayishiga va narxlar oshishiga olib kelishi mumkin.

Iqtisodchilar bu holatni so‘nggi yillarda COVID-19 pandemiyasi, Rossiya—Ukraina urushi, boj tariflari va immigratsiya siyosatining mehnat bozoriga ta’siri sabab allaqachon qattiq zarba yegan sektor uchun navbatdagi sinov deb baholamoqda. Bu omillarning barchasi AQSh iste’molchilari uchun inflatsiyani kuchaytirgan. So‘nggi olti yil ichida oziq-ovqat narxlari qariyb 30 foizga oshgan.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Iqtisodiyot

Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?

Published

on


Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyun oylarida O‘zbekistonda yirik korxonalar tomonidan 75,2 trln so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarilgan.

Bu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 12 foizga oshgan. Hududlar kesimida eng yuqori natija Toshkent shahrida qayd etilgan — 13,9 trln so‘m.

Keyingi o‘rinlarda Toshkent viloyati 10,7 trln so‘m va Samarqand viloyati 10,1 trln so‘m bilan joylashgan. Andijon va Farg‘ona viloyatlarining har birida 5,6 trln so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarilgan.

Buxoro viloyatida oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 4,7 trln so‘m, Qashqadaryoda 4,6 trln so‘m, Namanganda 4,5 trln so‘mni tashkil etgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Navoiy viloyatida ko‘rsatkich bir xil — 3,2 trln so‘mdan. Xorazm viloyatida 2,4 trln so‘m, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarining har birida 2,3 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan. Jizzax viloyatida esa yirik korxonalar tomonidan 2,1 trln so‘mlik oziq-ovqat mahsuloti ishlab chiqarilgan.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Prezident ishtirokida umumiy qiymati 50 trln so‘mlik loyihalar ishga tushirildi

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan hududlarda yangi obyektlarni ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda davlatimiz rahbari hududlardagi studiyalarga yig‘ilgan keng jamoatchilik vakillarini, ular orqali butun xalqimizni yaqinlashib kelayotgan ulug‘ bayram bilan tabrikladi.

Ortda qolgan o‘n yilda O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar yuz berdi. Tadbirkorlikka keng yo‘l ochilib, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, raqobatbardosh sanoat tarmoqlarini yaratish, chekka tuman va qishloqlar infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha ulkan ishlar bajarildi. Ta’lim, tibbiyot va madaniyat sohalariga e’tibor yangi bosqichga ko‘tarildi.

– So‘nggi o‘n yil mamlakatimiz tarixida yangi Uyg‘onish davri – Uchinchi Renessans poydevorini qurish bosqichi sifatida abadiy muhrlandi, – dedi Prezidentimiz.

Bu davrda iqtisodiyotimiz hajmi 2,5 barobardan ziyod oshdi. Iqtisodiyot tarmoqlariga 160 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilinib, umumiy qiymati 76 milliard dollarlik 2 ming 163 ta yirik sanoat loyihasi ishga tushirildi, qariyb 6 million nafar aholi doimiy ish o‘rni bilan ta’minlandi.

Bugun yurtimizda dunyoning yetakchi kompaniyalari, yirik investorlari va xalqaro moliya institutlari ishtirokida ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda. Investitsiyalar ko‘payishi bilan sanoatimiz qiyofasi ham tubdan o‘zgarmoqda.

– Biz xomashyo eksport qilgan davlatdan uni chuqur qayta ishlash zanjiri asosida tayyor mahsulotni jahon bozoriga olib chiqadigan iqtisodiyotga o‘tyapmiz. Eng muhimi, yangi korxonalar bilan birga zamonaviy texnologiyalar, yangi kasblar va yuqori malakali ish o‘rinlari ham paydo bo‘lmoqda, – dedi davlatimiz rahbari.

Joriy yilning o‘zida 1,7 milliard dollarlik 56 ta yirik zamonaviy sanoat va servis obyekti ish boshladi, 8,8 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratildi.

Shuningdek, budjetdan ajratilgan 46 trillion so‘m hisobidan 385 ta maktab, 113 ta bog‘cha, 81 ta shifoxona, 7,5 ming kilometr yo‘l, 3,2 ming kilometr ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlari qurildi, ta’mirlandi va rekonstruksiya qilindi.

Bugungi marosimda mamlakatimizning barcha hududlarida umumiy qiymati qariyb 50 trillion so‘m bo‘lgan 72 ta yirik sanoat va servis loyihasi hamda 91 ta ijtimoiy soha obyekti foydalanishga topshirildi. Ularning ochilishi Mustaqillik bayramiga munosib tuhfa bo‘ldi.

Yangi loyihalar hisobiga 15 mingta ish o‘rni yaratiladi, budjetga yiliga qo‘shimcha 1 trillion so‘m tushum tushishi ta’minlanadi.

Investitsiya loyihalari energetika, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati, metallurgiya, avtomobilsozlik, elektrotexnika, qurilish materiallari, tog‘-kon, to‘qimachilik va yengil sanoat kabi muhim yo‘nalishlarni qamrab olgan.

Jumladan, Sirdaryo viloyatida 1 ming 573 megavattli elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvati, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 200 megavattli shamol elektr stansiyasi va 100 megavattli energiya saqlash tizimi ishga tushirildi. Navoiy viloyatidagi yangi energetika loyihalari yiliga 657 million kilovatt-soat elektr energiyasini ishlab chiqaradi.

Mazkur loyihalar orasida mamlakatimizning eksport salohiyatini sezilarli oshiradigan quvvatlar ham bor. Andijon, Namangan va Jizzax viloyatlarida ishga tushirilgan to‘qimachilik, trikotaj va gilam mahsulotlari ishlab chiqarish korxonalari millionlab dollarlik eksportni ta’minlaydi. Samarqand va Toshkent viloyatlarida barpo etilgan yangi metallurgiya korxonalari ham sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va import o‘rnini bosishga xizmat qiladi.

Prezidentimiz bugungi loyihalarni faqat investitsiya va eksport ko‘rsatkichlari bilan o‘lchash to‘g‘ri bo‘lmasligini ta’kidladi. Yangi o‘quv yili arafasida ijtimoiy sohada ham ko‘plab zamonaviy obyektlar foydalanishga topshirilmoqda. Ular orasida 36 ta bolalar bog‘chasi, 43 ta maktab, 7 ta oliy ta’lim muassasasi va 3 ta shifoxona bor.

Yangi Toshkent hududida jahon standartlari asosida 10 gektar maydonda barpo etilgan Yangi O‘zbekiston universitetining zamonaviy majmuasi shular jumlasidandir. Bu yerda 7 ming nafar talaba tahsil olishi uchun sharoit yaratilgan.

Oliy ta’lim muassasasida Garvard universiteti bilan hamkorlikda Rektorlar maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Oksford universiteti bilan birgalikda davlat xizmatchilarining malakasini oshirish bo‘yicha “Ta’lim xabi” tashkil etiladi. 1-oktyabrdan Sun’iy intellekt instituti ish boshlaydi.

Shuningdek, 30 ming kvadrat metr maydonga ega besh qavatli yangi Milliy kutubxona eng zamonaviy texnikalar bilan jihozlangan. U bir vaqtning o‘zida 1,5 ming nafar kitobxonga xizmat ko‘rsata oladi. Bu yerda 28 dan ziyod o‘quv xonasi va zallar, turli sig‘imdagi konferensiya zallari tashkil etilgan, 200 mingdan ortiq kitob jamlangan.

Qarshi shahrida 400 milliard so‘mlik Iqtisodiyot va pedagogika universitetining zamonaviy bino va inshootlari barpo etildi. Bu yerda 3 ming nafar talaba tahsil oladi, 700 nafar aholi daromadli ish bilan ta’minlanadi.

Farg‘ona viloyatidagi yangi zamonaviy tibbiyot muassasasida esa yiliga 60 ming nafar bemorni davolash va 30 ming nafar ayolni skriningdan o‘tkazish imkoniyati yaratildi.

Davlatimiz rahbari yangi obyektlarni barpo etishda ishtirok etgan investor va tadbirkorlar mehnatini yuksak baholadi.

– Siz kiritayotgan har bir investitsiya O‘zbekiston kelajagining poydevorini mustahkamlaydi. Siz yaratayotgan har bir ish o‘rni oilalar farovonligiga xizmat qiladi. Siz ishlab chiqarayotgan har bir mahsulot mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yangi bosqichga olib chiqadi. Siz eksport qilayotgan har bir tovar O‘zbekistonning jahon bozoridagi raqobatbardoshligini oshiradi, – dedi Prezidentimiz.

Ushbu loyihalarni barpo etishda fidoyilik ko‘rsatgan quruvchilar, muhandis va loyihachilar, tadbirkor va investorlarga minnatdorlik bildirildi.

Shundan so‘ng davlatimiz rahbari ramziy tugmani bosdi va 72 ta yirik investitsiya loyihasi hamda 91 ta ijtimoiy soha obyekti foydalanishga topshirildi.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

O‘zbekiston kartoshkani asosan qaysi davlatlardan sotib oldi?

Published

on



O‘zbekiston kartoshkani asosan qaysi davlatlardan sotib oldi?



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

O‘zbekistonda kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha qaysi hududlar yetakchi?

Published

on


2026-yil yanvar–iyun oylarida O‘zbekistonda yirik korxonalar tomonidan 19 trln so‘mlik kiyimlar ishlab chiqarilgan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Andijon viloyatida qayd etilgan — 7,1 trln so‘m. Bu ko‘rsatkich ikkinchi o‘rindagi Toshkent viloyati natijasidan 3 barobardan ko‘proq yuqori.

Toshkent viloyatida kiyim ishlab chiqarish hajmi 2,1 trln so‘m, Namanganda 1,8 trln so‘m, Toshkent shahrida esa 1,7 trln so‘mni tashkil etgan. Farg‘ona viloyatida ham 1,4 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan.

Samarqand viloyatida yirik korxonalar 1 trln so‘mlik kiyim mahsulotlari ishlab chiqargan. Qashqadaryoda bu ko‘rsatkich 897,9 mlrd so‘m, Buxoroda 659,8 mlrd so‘m, Xorazmda 620,1 mlrd so‘m bo‘lgan.

Navoiy viloyatida kiyim ishlab chiqarish hajmi 578 mlrd so‘m, Sirdaryoda 324,7 mlrd so‘m, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 307,8 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Bulardan tashqari, Surxondaryoda 227,1 mlrd so‘m, Jizzax viloyatida esa 203 mlrd so‘mlik kiyim mahsulotlari ishlab chiqarilgan.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Dushanbadan dollar bilan bog‘liq vaziyat qanday bo‘ladi?

Published

on



Dushanbadan dollar bilan bog‘liq vaziyat qanday bo‘ladi?



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.