Sport
O‘zbekiston milliy jamoasi Niderlandiya bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazadi
O‘yin 8 iyun kuni Nyu-Yorkdagi «Icahn Stadium»da bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston milliy jamoasi Jahon chempionati o‘yinlariga tayyorgarlik doirasida Niderlandiya bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazadi.
O‘yin 8 iyun kuni Nyu-Yorkdagi «Icahn Stadium»da bo‘lib o‘tadi va Toshkent vaqti bilan soat 23:45 da boshlanadi.
Avvalroq, milliy jamoa jahon chempionati mezbonlaridan biri Kanada bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazish haqida kelishuvga erishgan edi. Ushbu o‘yin 1 iyun kuni Kanadaning Edmonton shahrida bo‘lib o‘tadi.
AQSh, Kanada va Meksika mezbonligida o‘tadigan jahon chempionati 11 iyun kuni boshlanib, 19 iyulda yakunlanadi. Turnirda ilk bor 48 jamoa ishtirok etadi. O‘zbekiston milliy jamoasi guruh bosqichida Portugaliya, Kolumbiya va Kongo DR bilan o‘ynaydi.
Sport
“Strategik jihatdan biz yutib bo‘ldik” – O‘zbekistonning AQShdagi elchisi
Kongo DR bilan o‘yindan avval Atlanta shahridagi xiyobonda o‘zbek futbol ixlosmandlari hamda yurtdoshlarimiz ishtirokida milliy jamoani qo‘llab-quvvatlash uchun qator tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda. Ularning ichida nafaqat o‘zbekistonliklar, balki qo‘shni mamlakatlardan ham mehmonlar bor. Biz allaqachon g‘olibmiz, strategik jihatdan yutdik, deydi O‘zbekistonning AQShdagi elchisi.
Jorjiya shtati, Atlanta shahrida joylashgan zamonaviy Mercedes-Benz stadionida AQSh vaqti bilan 27 iyun kechqurun, O‘zbekiston vaqti bilan esa 28 iyun tongda jahon chempionati doirasida o‘yin bo‘lib o‘tadi. Bu katta ehtimol bilan O‘zbekiston milliy jamoasining oxirgi o‘yini bo‘lishi mumkin. Lekin, futbolchilar va milliy jamoa g‘alabadan umidvor.
Atlantadagi Founders Green Park’da AQSh, Kanada, Meksikadagi o‘zbeklar, o‘zbek diasporasi vakillari, futbol ixlosmandlari va muxlislar ishtirokida o‘yin oldidan tadbirlar o‘tkazilmoqda. Unda o‘zbekona kuy-qo‘shiqlar yangradi, yurtdoshlarimiz raqsga tushdi, futbolchilarga omad tiladi.
Kun.uz tadbirga kelgan O‘zbekistonning AQShdagi favqulodda va muxtor elchisi – Furqat Sidiqov bilan suhbatlashdi. Biz g‘alaba qozondik, strategik jihatdan yutdik, deydi diplomat.
“Bu yerda faqatgina vatandoshlarimiz emas, Markaziy Osiyodan kelgan bizning qardosh qo‘shnilarimizning vakillari ham bor. O‘zingizga ma’lum, bu birinchi tadbir emas. Biz har bitta jamoamiz o‘ynagan shaharda mana shunaqa tadbirlarni qildik. Elchixona va boshqa vazirliklar bilan birgalikda. Nafaqat bizning vatandoshlar, diaspora vakillari, balki qo‘shni davlatlardan ham kelishdi. Bizning futbolimiz Markaziy Osiyoni birlashtirdi”, deydi Furqat Sidiqov.
Elchining qo‘shimcha qilishicha, Kongo bilan o‘yinda futbolchilarimiz g‘alaba qozonishi kerak. Lekin strategik jihatdan biz allaqachon yutdik, deya qo‘shimcha qiladi Sidiqov.
“Hozir Atlanta O‘zbekistonga aylandi. Qayerga qarasangiz o‘zbeklar. O‘zbekiston madhiyasi yangraganda va bayrog‘imiz stadionga chiqqanda millionlab odamlar ko‘rdi. Hozir O‘zbekistonga boraman degan odamlar , bilasizmi, elchixonaga murojaatlar kamida 3-4 martaga ko‘payib ketdi. Bu katta reklama”, deydi AQShdagi elchi.
Shuningdek, xiyobonda yig‘ilgan yurtdoshlarimiz ham Kongoga qarshi o‘yindan g‘alaba kutayotganliklarini bildirishdi.
Sport
o‘zbek futbolchisi «Chelsi» egalariga tavsiya qilindi
O‘zbekiston milliy terma jamoasining 18 yoshli himoyachisi Behruz Karimov Jahon chempionatidagi o‘yini bilan nafaqat muxlislar, balki Yevropa futboli vakillarining ham e’tiborini tortmoqda.
BlueCo korporatsiyasi (Angliyaning «Chelsi» va Fransiyaning «Strasburg» klublari egasi) faoliyatini yorituvchi BlueCo Xtra sahifasi o‘z ijtimoiy tarmog‘ida Behruz Karimovni klublar rahbariyatiga tavsiya qildi.
«BlueCo Behruz Karimovni «Strasburg» yoki «Chelsi» uchun transfer qilishi kerak. U O‘zbekistonning katta iste’dodlaridan biri. Himoyada juda faol harakat qiladi va yuqori saviyadagi raqiblarni qanotda to‘xtata oladi», – deyiladi sahifada.
Behruz Karimov Kolumbiya va Portugaliyaga qarshi uchrashuvlarda asosiy tarkibda maydonga tushib, dunyo futboli yulduzlari Luis Dias va Nuno Mendeshga qarshi munosib harakat qildi.
Ayniqsa, Kolumbiya bilan bahsda uning uzoq masofadan yo‘llagan kuchli zarbasi ustunga tegib qaytgani ko‘pchilikning yodida qoldi.
Statistika ham yosh himoyachining o‘yinini tasdiqlaydi:
to‘pni raqibdan 15 marta olib qo‘ygan;
34 marta yakkakurashlarda ishtirok etgan;
6 ta muvaffaqiyatli dribling amalga oshirib, O‘zbekiston terma jamoasida bu ko‘rsatkich bo‘yicha eng yaxshi natijani qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, Behruz Karimov Toshkentdagi Respublika olimpiya va paralimpiya zaxiralari kolleji tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U turli yoshdagi O‘zbekiston terma jamoalarida o‘ynagan va 2025 yildan buyon «Surxon» klubi sharafini himoya qilib kelmoqda.
O‘zbekiston terma jamoasi Jahon chempionatida qiyin o‘yinlar o‘tkazayotgan bo‘lsa-da, Behruz Karimov kabi yosh futbolchilarning Yevropa klublari diqqatini tortgani o‘zbek futboli kelajagi uchun ijobiy signal sifatida baholanmoqda.
Ayni paytda BlueCo Xtra’ning bu bayonoti rasmiy transfer taklifi emas, balki klublarga qaratilgan tavsiya hisoblanadi. Ammo buning o‘zi ham Behruz Karimovning xalqaro maydondagi o‘yini e’tiborsiz qolmayotganini ko‘rsatadi.
Sport
JCh kundaligi. Kabo-Verdeda mo‘jiza, Urugvayda sharmandalik, Dembeleda het-trik, Eronda drama
G, H va I guruhlarida so‘nggi tur shiddatli uchrashuvlarga boy bo‘ldi.
Jahon chempionatida guruh bosqichi yakuniga yetib bormoqda. 26 iyun kuni kechqurun va 27 iyun kuni tongda G, H va I guruhlarida uchinchi tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Ispaniya Urugvay ustidan g‘alaba qozondi (1:0), Kabo-Verde Saudiya Arabistoni bilan durang o‘ynab (0:0), pley-offga chiqdi, Belgiya Yangi Zelandiyaga rahm qilmadi (5:1), Eron Misr bilan o‘yinda ochkolarni teng bo‘lib oldi (1:1) va boshqa o‘yinlarning natijalarini kutadigan bo‘ldi.
Maydon tashqarisida ham qiziqarli voqealar bo‘lib o‘tmoqda: Urugvay futbolchilari va bosh murabbiy Marselo Biyelsa o‘rtasida mojaro chiqqan, Shvetsiya vingeri Elanga esa turnir qoidalarini tushunmay, yaponlar bilan o‘yindan keyin yig‘lagan.
Urugvay mojaro bilan turnirni tark etdi
Urugvay – Ispaniya 0:1
Gol: Baena, 42 (0:1)
Urugvay: Muslera (Rochet, 46), Kaseres, Olivera, Sanabriya (Rodriges, 70), Varela, Ugarte (De la Krus, 45), Bentankur, Valverde (Vinyas, 57), Arauxo, Kanobbio, Nunes
Ispaniya: Simon, Lyaport, Kubarsi, Kukurelya, Liorente, Rodri, Pedri (Ruis, 60), Merino (Olmo, 60), Baena (Pino, 66), Yamal (Torres, 76), Oyyarsabal (Uilyams, 76)
Ogohlantirishlar: Sanabriya, 54. Varela, 58. De la Krus, 90– Baena, 46
Chetlatish: Kanobbio, 90
N guruhida so‘nggi tur oldidan barcha a’zolarda pley-offga chiqish imkoni saqlanib turgandi. Shu jumladan, Urugvayda ham – Biyelsa shogirdlari ikki turda 2 ochko jamg‘argan va turnirdagi ishtirokini davom ettirish uchun Ispaniyani yengish talab etilardi.
Bu oson vazifa emasdi, ammo birinchi bo‘limning katta qismida janubiy amerikaliklar kuchli raqibga munosib qarshilik ko‘rsatishdi va hisobni ochish uchun bir necha imkoniyatlarga ega bo‘lishdi. Ammo bo‘lim oxirlarida gol o‘tkazib yuborildi. Bu gol uchun aybni to‘liq Fernando Muslera o‘z zimmasiga olishi mumkin – 40 yoshli darvozabon u qadar kuchli bo‘lmagan va o‘ziga kelgan to‘pni o‘tkazib yubordi. Bu uning uchun chempionatda uchinchi marta qovun tushirishi bo‘ldi – Saudiya va Kabo-Verde bilan o‘yinlarda ham uning xatolari ikki golga sababchi bo‘lgandi.
Tanaffusda Biyelsa darvozabonni ham almashtirdi va uning o‘rniga Serxio Rochetni tushirdi – murabbiyning so‘zlariga ko‘ra, Musleraning o‘zi shuni so‘ragan.
Darvozadagi o‘zgarish urugvayliklarga yordam bermadi – jamoa harakat qildi, ammo hisobni tenglashtira olmadi. Ikkinchi bo‘lim boshlarida mojaroli holat yuzaga keldi, Biyelsa jamoa yetakchisi Federiko Valverdeni 57-daqiqadayoq almashtirib tashladi, u esa maydondan chiqayotganida futbolkasi bilan og‘zini yopgan holda murabbiyga qarata nimadir dedi – tabiiyki, bu minnatdorchilik so‘zlari emasdi.
O‘yindan keyin urugvayliklar ustozi siniqqan holatda edi: «Men iste’dodli futbolchilar guruhi bilan ishladim. Ammo ularning mashaqqatli mehnati, sa’y-harakatlari va sadoqatiga qaramay, men ularni nima uchun aynan shunday bo‘lganini tushuntirish zaruratidan xalos qila oladigan kuchga aylantira olmadim. Urugvay futbolida hech narsa qoldirmayapman, chunki murabbiy uch yil ishlagan mamlakatga qo‘shishi mumkin bo‘lgan har qanday hissa – agar muvaffaqiyatlar bo‘lmasa – dividend keltirmaydi», – dedi Biyelsa.
So‘nggi tur oldidan murabbiy va futbolchilar orasida kelishmovchilik yuzaga kelgani haqida xabar tarqalgandi. El Espectador Deportes ma’lumotiga ko‘ra, Valverde boshchiligidagi futbolchilarning bir guruhi murabbiy bilan o‘zaro uchrashuv o‘tkazishgan. Futbolchilar mashg‘ulotlar haddan tashqari og‘irligidan shikoyat qilishgan va bu jarohatlarga sabab bo‘lishi mumkinligini aytishgan, shuningdek, Ispaniya bilan o‘yin uchun taktik rejani tanqid qilishgan – futbolchilar ilk daqiqalardan kuchli pressing uyushtirish o‘rniga, chuqur himoyalanish va qarshi hujumlarga tayanishni ma’qul ko‘rishgan.
Shundan keyin Biyelsa butun jamoani yig‘gan va 50 daqiqalik nutq so‘zlab, futbolchilarning bunday e’tirozlari oldin ham murabbiyning ishiga zarar yetakazganini ta’kidlagan. Muloqot vaqtida jamoaning ayrim a’zolari namoyishkorona tarzda yig‘ilishni tark etishgan. Yakunda butun jamoa turnirni tark etdi.
Guruh bosqichini birorta gol o‘tkazmay yakunlagan Ispaniya esa keyingi bosqichda J guruhidan ikkinchi o‘rin bilan chiqadigan jamoaga (Avstriya yoki Jazoir) qarshi o‘ynaydi.
Kabo-Verde pley-offda
Kabo-Verde – Saudiya Arabistoni 0:0
Kabo-Verde: Vozinya, Diney Borjyes, Lopesh, Juan Paulu, Pina (Moreyra, 90+4), Lenini, Monteyru (L. Duarte, 71), D. Duarte, Semedu (Varela, 61), Mendesh da Grasa (Rodrigesh, 71), Livramento (Da Koshta, 61)
Saudiya Arabistoni: Al-Uvays, Al-Amriy, Al-Tumbukti (Lajamiy, 33), Al-Bushal (Al-Arbi, 82), Abdulhamid, N. Ad-Dovsariy, Al-Haybariy (Al-Juvayr, 46), S. Ad-Dovsariy (Abulshamat, 66), Mandash (Al-Hamdon, 66), Al-Buraykan, Kanno
Ogohlantirishlar: Pina, 9 – Abdulhamid, 4. N. Ad-Dovsariy, 67. Al-Buraykan, 90
Urugvayliklar ispanlar bilan o‘yinda javob golini urish uchun mashaqqat chekayotganida, parallel uchrashuvda turnirning asosiy sensatsiyasi ro‘y berdi. Jahon chempionatidagi debyutini o‘tkazayotgan Kabo-Verdedan so‘nggi turda Saudiya Arabistonidan hech bo‘lmaganda bir ochko olish talab etilardi – bunday holda jamoada pley-offga kamida uchinchi o‘rin egalari orasida sakkizlikka kirish orqali imkoniyat saqlanib qolgan bo‘lardi.
Yakunda jamoa g‘alabaga ham yaqin keldi – afrikaliklar ko‘proq hujum qilishdi, saudiyaliklar darvozasi tomon 15 bor zarba berishdi va mudofaada ham ishonchli harakat qilishdi. Kaboverdiliklar yetakchisi, darvozabon Vozinya bir necha bor goldan qutqardi va kerakli hisobga erishishga (0:0) katta hissa qo‘shdi.
Bu uchrashuv oldinroq yakunlandi va afrikaliklar maydonda turib Urugvayning turnirni tark etishiga guvoh bo‘lishdi va o‘z yo‘llanmasini katta xursandchilik bilan nishonlashdi. Kabo-Verde – pley-offning eng kichik (aholisi soni 500 ming kishi atrofida) ishtirokchisi va 1998 yildan buyon uch ochko bilan guruhdan chiqqan ilk jamoaga aylandi.
1/16 finalda ushbu sensatsiya jamoani Argentinaga qarshi o‘yin kutmoqda.
Belgiyaning jahli chiqdi
Yangi Zelandiya – Belgiya 1:5
Gollar: Trossar, 28 (0:1). Trossar, 50 (0:2). De Bryuyne, 66 (0:3). Jast, 84 (1:3). Lukaku, 86 (1:4). Salemakers, 90+4 (1:5)
Yangi Zelandiya: Krokomb, Bindon, Sarmen, Kakache (de Vris, 79), Peyn (Boksall, 64), Bell (Makkovatt, 64), Stamenich, Tomas (Old, 46), Jast, Singh (Rendell, 46), Vud
Belgiya: Kurtua, Teat, Mehele, De Kyuyper, Kastan, Tilemans (Raskin, 85), Vanaken, De Bryuyne (Salemakers, 72), Trossar (Onana, 72), Doku (Fernandes-Pardo, 56), De Ketelare (Lukaku, 85)
Ogohlantirishlar: Stamenich, 46. Jast, 56
Rudi Garsiya shogirdlari turnir startida ko‘pchilikning hafsalasini pir qilib, ikki o‘yinda ham g‘alaba qozona olmagandi – Misr (1:1) va Eron bilan o‘yinlarda (0:0) Yevropa vakillari ochko yo‘qotgandi. Shu bilan birga, jamoa bu o‘yinlarda o‘zi birorta gol ura olmagan – misrliklar bilan o‘yinda Muhammad Xanining avtogoli yordam bergandi.
Yangi Zelandiyaga qrashi uchinchi tur o‘yini futbolchilar uchun o‘z aybini yuvish va g‘alaba qozonib, pley-off masalasini hal qilish uchun imkon edi. Va belgiyaliklar bu vazifani sharaf bilan uddalashdi: raqib 5:1 hisobida tor-mor etildi va guruhda birinchi o‘rin egallandi.
O‘yin taqdirini amalda «Arsenal» vingeri Leandro Trossar hal qildi, u birinchi bo‘limda dubl rasmiylashtirdi. Ikkinchi bo‘limda esa Kevin de Bryuyne ham o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi va Belgiyaning qatorasiga uchta jahon chempionatida gol urgan ilk futbolchisiga aylandi. O‘yin oxirlarida esa Romelu Lukaku asosiy qahramonga aylandi – 33 yoshli hujumchi 85-daqiqada maydonga tushib, to‘pga ikkinchi teginishidayoq gol urdi. Ushbu forvard Misr bilan o‘yinda maydonga tushganidan 23 soniya o‘tib Xanini o‘z jamoasi darvozasini ishg‘ol etib qo‘yishga majbur qilgandi.
Bundan tashqari, yangi zelandiyaliklarga qarshi o‘yinning qo‘shimcha daqiqalarida Lukaku Salemakersning goliga assistentlik ham qildi. Romelu shu kuni Mark Vilmotsni ortda qoldirib, Belgiyaning jahon chempionatlaridagi eng yaxshi to‘purariga aylandi.
Belgiyaning 1/16 finaldagi raqibi uchinchi o‘rin egalari orasidagi kuchli sakkizlik aniqlanganidan keyin ma’lum bo‘ladi.
Eronni pley-offdan santimetr ajratib qoldi
Misr – Eron 1:1
Gollar: Saber, 5 (1:0). Rizoyan, 14 (1:1)
Aniq ijro etilmagan penalti: Torimiy, 11’
Misr: Shubayr, Robia, Abdul Munim (Yosir Ibrohim, 14), Ahmad Fotih, Xani, Lashin, Saber (Ateya, 46), Saloh (Sayid, 57), Trezege, Ashur (Marmush, 46), Ziko (Abdulkarim, 76)
Eron: Beyranvand, Xalilzoda, Kanaanizodagon, Ne’matiy (Hardoniy, 46), Muhammadiy, Rizoyan, Izzatullohiy, Qurboniy, Muhibiy (Jahonbaxsh, 90+1), Quddus (Mug‘anli, 67), Torimiy
Ogohlantirishlar: Saber, 20. Yosir Ibrohim, 42. Lashin, 90 –Kanaanizodagon, 19. Ne’matiy, 43. Izzatullohiy, 79. Xalilzoda, 90
Bugungi dasturdagi yana bir drama Misr va Eron o‘rtasidagi bahsda kuzatildi. Jamoalar birinchi bo‘lim boshida bittadan gol urishdi – bunday natija ko‘proq Muhammad Saloh va uning jamoadoshlarini qoniqtirardi – afrikaliklar tabiiyki hisobdan kelib chiqib o‘ynashda davom etishdi.
Eronliklar ikkinchi bo‘lim davomida toliqib qolishdi, lekin yakuniy shturmni uyushtirish uchun o‘zlarida kuch topa olishdi va 90+6-daqiqada gol ham urishdi. Osiyoliklar bazasidagi xursandchilikni so‘z bilan ta’riflab bo‘lmasdi – gol muallifi Shoja Xalilzoda qora ko‘zoynak taqib, oldindan tayyorlab qo‘yilgan gol nishonlash uslubini namoyish etishga ham ulgurdi, ammo biroz o‘tib barchasi sarobga aylandi: VAR aralashuvidan keyin bu hujumda mikroskopik ofsayd aniqlandi.
Qolgan daqiqalarni ham eronliklar hujumda o‘tkazishdi va yana bir golga yaqin kelishdi, ammo misrliklar darvozaboni yaqin masofadan yo‘llangan zarbani qaytarib qoldi. O‘yin 1:1 hisobida yakunlandi, ammo Eron uchun barchasi tugamagan – uchta o‘yinda ham durang o‘ynagan jamoada to‘plar nisbati yaxshi va eng yaxshi uchinchi o‘rin egalari orasida hozircha oltinchi o‘rinni egallab turibdi. Jamoa pley-offga yo‘l olishi uchun J, K va L guruhlaridan kamida ikkitasida kerakli hisoblar qayd etilishi kerak bo‘ladi.
Dembele nomidagi bo‘lim
Norvegiya – Fransiya 1:4
Gollar: Dembele, 7 (0:1). Dembele, 20 (0:2). Osgor, 21 (1:2). Dembele, 32 (1:3). Due, 90+4 (1:4)
Aniq ijro etilmagan penalti: Strann Larsen, 50’
Norvegiya: Selvik, Estigor, Falhener (Langos, 66), Berkan (Pedersen, 46), Eursnes, Berg, Osgor, Torstvedt (Torsbi, 46), Shelderup (Nusa, 83), Bobb (Hauge, 83), Strann Larsen
Fransiya: Menyan, Upamekano (Konate, 76), Lakrua, Ernandez, Kunde (Gyusto, 87), Kone, Tchuameni, Olise (Sherki, 65), Due, Dembele (Barkolya, 65), Mbappe (Mateta, 87)
Ogohlantirishlar: Berg, 10 – Tchuameni, 74
Dastlabki ikki turda Fransiya va Norvegiya oltitadan ochko to‘plagan va muddatidan oldin pley-off masalasini hal qilishgandi. Yevropa vakillari o‘zaro o‘yinda 1/16 finalga qaysi jamoa birinchi o‘rin bilan chiqishin hal qilishi kerak edi.
O‘yindan oldin norvegiyaliklar forvardi Erling Holand shunday degandi: «Agar fransuzlar bu o‘yinda g‘olib bo‘lishsa, jahon chempioni ham ular bo‘ladi». Skandinavlar jamoasi ustozi esa kutilmagan yurish qildi: u keng ko‘lamli rotatsiyaga qo‘l urdi va asosiy tarkibga to‘liq dam berdi, Holand, Edegor, Syorlot kabi yetakchilar shu kuni zaxiradan ham tushirilmadi.
«Uchranglilar» esa to‘liq asosiy tarkibda o‘ynashdi va ilk daqiqalardan ketma-ket hujumlar uyushtirishdi. Usmon Dembele esa het-trik qayd etishi uchun 32 daqiqa yetarli bo‘ldi. U jahon chempionatlarida so‘nggi 72 yillikdagi eng tezkor het-trik muallifiga aylandi. Raqib esa Telo Osgorning goli bilan javob qaytardi.
Ikkinchi bo‘lim boshida norveglarda hisobdagi farqni qisqartirish uchun juda qulay imkoniyat yuzaga kelgandi, ammo forvard Yorgen Larsen penaltini aniq ijro etolmadi – Mayk Menyan zarba yo‘nalishini topdi va seyv ijro etdi. O‘yin oxirida esa Dezire Due yakuniy hisobni o‘rnatdi – 4:1. Kilian Mbappe shu kuni ikki golli uzatma bilan cheklandi.
Fransiya 1998 yildan buyon ilk bor guruh bosqichidagi barcha o‘yinlarda g‘alaba qozondi.
Endi 1/16 finalda Norvegiya Kot-d’Ivuar bilan o‘ynaydi. Fransiyani esa F guruhida uchinchi o‘rinni egallagan Shvetsiya bilan bahs kutmoqda.
Senegal Iroqqa 5 ta gol urdi va pley-offga chiqdi
Senegal – Iroq 5:0
Gollar: Diarra, 4 (1:0). Sarr, 56 (2:0). Guyye, 59 (3:0). Guyye, 71 (4:0). Ndiay, 82 (5:0)
Senegal: Diav, Sek (Siss, 58), Niakate, Yakobs, Diatta, Gana Guyye, Kamara (Guyye, 57), Diarra (Jyekson, 57), Mane, Mbay (Ndiay, 57), Sarr (Diao, 81)
Iroq: Bazil (Jalol, 46), Sulaka, Hoshim, Doski, Frans Dia, Iqbol (Yakob, 67), Al-Ammariy, Yasim (Maknzi, 58), Bayyesh, Qosim (Yunus, 16), Al-Hamadiy (Yusuf, 58)
Ogohlantirishlar: Sek, 18. Guyye, 81 – Al-Ammariy, 75. Doski, 90
Chetlatish: Sulaka, 13
I guruhidagi ikkinchi o‘yinda intriga ko‘proq edi. Ikki jamoa ham yakuniy tur arafasida birorta ochkoga ega emasdi. Bu o‘yindagi g‘alaba jamoalardan birini uchinchi o‘rin orqali pley-offga olib chiqishi mumkin edi. Ammo boshqa da’vogarlar (12 guruhdan faqat 8 tasida uchinchi o‘rin egalari ham pley-offga chiqishi mumkin) bilan raqobatda yutib chiqish uchun imkon qadar yirik hisobda g‘alaba qozonish talab etilardi.
Bu vazifani Senegal uddaladi. Afrikaliklar dastlabki o‘n daqiqa ichida hisobni ochishdi va raqib son jihatdan ozchilik bo‘lib qolishiga erishishdi. Ikkinchi bo‘limda muvaffaqiyat rivojlantirildi va yirik hisob qayd etildi. Pap Guyye dubl muallifi bo‘ldi, Habib Diarra, Ismaila Sarr va Iliman Ndiay bittadan gol urishdi — 5:0.
Shu tariqa, «Teranga sherlari» Afrikaning jahon chempionatlarida bir o‘yinda besh gol urgan ilk jamoasiga aylandi va Misr hamda Eron o‘rtasidagi uchrashuvda durang qayd etilgani evaziga 1/16 final yo‘llanmasini kafolatladi. Raqobatchilar ochko yo‘qotgani tufayli endi senegalliklar uchinchi o‘rin vakillari reytingida sakkizinchi o‘rindan tushib ketmasligi aniq.
Navbatdagi o‘yinlar
27 iyundan 28 iyunga o‘tar kechasi va tongda guruh bosqichining so‘nggi uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi.
02.00. L guruhi. Panama – Angliya
02.00. L guruhi. Xorvatiya – Gana
04.30. K guruhi. Kolumbiya – Portugaliya
04.30. K guruhi. Kongo DR – O‘zbekiston
07.00. J guruhi. Jazoir – Avstriya
07.00. J guruhi. Iordaniya – Argentina
Sport
Endi avtobus kutayotganda ham sport bilan shug‘ullanishingiz mumkin
Toshkentda jamoat transporti infratuzilmasini tubdan isloh qilish va uni zamonaviy urbanistika tamoyillariga moslashtirish yo‘lida mutlaqo kutilmagan, ammo ilg‘or qadam tashlandi. Sergeli tumanida poytaxt tarixidagi ilk sport-bekat rasman ishga tushirildi.
Odatda jamoat transportini kutish qimmatli vaqtimizni havoga sovurishdek tuyuladi. Biroq, Toshkent shahar Yo‘l harakatini tashkil etish markazi bu tushunchani butkul o‘zgartirishga qaror qildi. Sergeli tumanidagi eng gavjum nuqtalardan biri — mashina bozori yaqin atrofida joylashgan avtobus bekati negizida poytaxtning ilk sport-bekati barpo etildi.
Uushbu hudud nafaqat mashina bozori sababli yuqori transport oqimiga ega, balki bu yerdan jami 12 ta yo‘nalishdagi avtobuslar o‘tadi. Bu esa har kuni minglab yo‘lovchilar ushbu nuqtada to‘xtashini anglatadi. Endilikda poytaxtliklar va shahar mehmonlari avtobus kelguncha bo‘lgan 10-15 daqiqalik vaqtni shunchaki telefonga tikilib emas, balki turniklarda tortilish va yengil jismoniy mashqlar bajarish orqali o‘tkazishlari mumkin.
Infratuzilmani sog‘lom turmush tarzi bilan integratsiya qilish bugungi kunda dunyoning eng rivojlangan megapolislari qo‘llayotgan zamonaviy usuldir. Toshkent shahri ushbu loyihani joriy etishda xalqaro tajribaga tayandi. Masalan, Janubiy Koreya va Singapur aholi salomatligini kundalik qatnov yo‘nalishlariga singdirish bo‘yicha yetakchilar hisoblanadi. U yerda bekatlar nafaqat sport elementlari, balki salomatlikni monitoring qiluvchi raqamli datchiklar bilan ham jihozlangan. Fransiya va Kolumbiyada esa vorkaut-bekatlar orqali kamharakatlilik muammosiga qarshi kurashishni shahar dizaynining bir qismiga aylantirishgan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday yondashuv shahar infratuzilmasi faqatgina bir nuqtadan ikkinchi nuqtaga harakatlanish vositasi emas, balki aholining qulayligi, salomatligi va kundalik farovonligiga xizmat qiladigan jonli ekotizim bo‘lishi kerakligini isbotlaydi.
Har qanday bekatni ham shunchaki sport maydonchasiga aylantirib bo‘lmaydi. Mutasaddilar vorkaut-bekatlarni joylashtirishda bir nechta qat’iy mezonlarga tayanmoqda.
Birinchidan, bu xavfsizlikdir, ya’ni sport elementlari qatnov qismidan xavfsiz masofada va piyodalar harakatiga xalaqit bermaydigan qilib o‘rnatilishi shart. Ikkinchidan, konstruksiya mustahkamligiga e’tibor beriladi: tashqi muhit noqulayliklariga, ya’ni yomg‘ir va issiqqa chidamli, buzib yuborishga qarshi materiallardan foydalaniladi. Uchinchidan, qurilmalarning xavfsizligi doimiy nazoratda va texnik xizmatda bo‘ladi.
So‘nggi vaqtlarda Toshkentda eski, noqonuniy do‘konli bekatlar buzilib, o‘rniga kutish maydoni keng, perronlari qulay va zamonaviy servislar bilan jihozlangan yangi namunaviy bekatlar qurilayotgani jamoatchilik diqqat markazida turibdi. Sergelidagi sport-bekat ham ushbu keng ko‘lamli modernizatsiyaning o‘ziga xos mantiqiy davomidir.hokimligi va soha mutasaddilari ushbu loyihani muvaffaqiyatli deb topsa, poytaxt bo‘ylab sport-bekatlar sonini keskin ko‘paytirishni rejalashtirmoqda. Eng muhimi keyingi manzil qayerda bo‘lishini aynan shahar aholisining o‘zi belgilaydi.
Agar siz ham uyingiz, o‘qish joyingiz yoki ishxonangiz yaqindagi serqatnov bekatda shunday vorkaut maydonchasi bo‘lishini istasangiz, o‘z takliflaringizni Yo‘l harakatini tashkil etish markazining rasmiy telegram-boti orqali yuborishingiz mumkin. Shahar rivoji uning aholisi faolligidan boshlanadi.
Sport
“Ertangi o‘yin osonroq kechadi” – Kongo bilan o‘yin oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi
27 iyun kuni O‘zbekiston milliy jamoasi jahon chempionatida Kongo DR qarshi maydonga tushadi. Bu uchrashuv oldidan Atlanta shahridagi Mercedes-Benz stadionida jamoa bosh murabbiyi Fabio Kannavaro ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Bu o‘yin osonroq kechadi, faqat g‘alabani o‘ylayapmiz, degan u Anjuman chog‘ida.
O‘zbekiston milliy jamoasining jahon chempionati doirasidagi navbatdagi o‘yini Kongo jamoasiga qarshi 27 iyun kuni Atlanta shahrida, Mercedes-Benz stadionida bo‘lib o‘tadi. Ushbu uchrashuv avvalida jamoa bosh murabbiyi 26 iyun kuni matbuot anjumani o‘tkazdi. Fabio Kannavaroga ko‘ra, jamoa ikki kuchli raqib bilan o‘ynab bo‘ldi, endi Kongoga qarshi o‘yin nisbatan oson kechishi kerak.
“Ertangi raqibimiz Kolumbiya, Portugaliya bilan solishtirganda ancha osonroq. Bizga teoritik jihatdan biroz yengilroq bo‘ladi, chunki tarkib bo‘yicha eng kuchli jamoadan o‘tib oldik. Ijobiy natija qayd etish haqida o‘ylayapmiz”, dedi jamoa bosh murabbiyi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, jahon chempionati avvalidan o‘tkazilgan o‘rtoqlik o‘yinlarida o‘zini yaxshi namoyon etgani sabab Abduvohid Ne’matovni asosiy darvozabon etib tanlangan.
“Abduvohid Ne’matov men bu yerga kelganimdan beri terma jamoa safida hamda o‘rtoqlik o‘yinlarida o‘zini yaxshi namoyon etgan. Shu sababli men unga imkoniyat berishga harakat qildim. Sababi jahon chempionati shunday musobaqaki, barchaga tajriba ulashishi kerak. Agar Abduvohiddek yaxshi darvozabonim bo‘lsa, nega bunday foydalanmasligim kerak”, deydi Kannavaro.
Kolumbiya va Portugaliyaga qarshi uchrashuvda 22 ta o‘yinchi ishtirok etgan. Faqatgina 4 nafar futbolchi ushbu jahon chempionatida hali ishtirok etmadi, ya’ni debyut qilmadi. Bular uchinchi darvozabon Botirali Ergashev, Avazbek O‘lmasaliyev, Umar Eshmurodov hamda Jamshid Iskanderov.
22 ta o‘yinchini maydonga tushirish haqidagi savolgan Kannavaro javob berarkan, bu yaxshi va barcha futbolchilar terma jamoada o‘ynab ko‘rdi, Kolumbiya va Portugaliyaga qarshi, deya ta’kidlagan.
Matbuot anjumanidan so‘ng jamoa o‘yin oldidan mashg‘ulotlarga yo‘l olgan. Bosh murabbiy Kannavaro shuningdek, Osiyo deganda Iordaniya, Iroq, Yaponiya, Avstraliya kabi davlatlar jamoalari kabi o‘ynash darajasiga chiqish lozimligini eslatdi.
-
Sport5 days ago🔴 LIVE: AQSh-Eron muzokaralari va Starmer iste’fosi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Octobank xalqaro hamkorlikni va global kapital bozorlariga kirishni kengaytirmoqda: TXIF-2026 natijalari
-
Jamiyat3 days ago«Andijon polkasi» tadbiriga ketayotgan o‘quvchilar YTHga uchradi
-
Sport2 days agoYaponiya futbolining buyuk sabog‘i: mag‘lubiyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarish
-
Iqtisodiyot3 days ago
O‘zbekiston banklari aktivlari 962,8 trln so‘mga yetdi
-
Jamiyat5 days ago
ShHT Media forumida O‘zbekistonning raqamli media taraqqiyoti tajribasi taqdim etildi
-
Dunyodan3 days agoQirg‘izistonda navbatdagi prezidentlik saylovlari qachon o‘tkazilishi ma’lum qilindi.
-
Dunyodan19 hours agoQirgʻiziston va Oʻzbekiston chegarani delimitatsiya qilish doirasida hudud almashadilar
