Iqtisodiyot
Eng ko‘p soliq va bojxona imtiyozini olgan kompaniyalar ma’lum qilindi
2025 yilda O‘zbekistonda 178 trln so‘mdan ko‘proq soliq va bojxona imtiyozlari taqdim etildi. Xususan, Uzbekistan GTL 2,8 trln so‘mlik, Uzbekistan Airways 2,4 trln so‘mlik, O‘zbekneftgaz esa 1,7 trln so‘mlik soliq imtiyozidan foydalangan. Tabiiy gazni markazlashgan tartibda xarid qilish va sotish funksiyasini bajaruvchi UzGasTrade’ga eng ko‘p bojxona imtiyozlari berilgan – 2,1 trln so‘m. Shuningdek, temiryo‘l relslari uchun temirbeton shpal ishlab chiqaruvchi RWS Optimum – 1,4 trln so‘mlik, Enter Engineering Qorao‘zak IES 1,1 trlnlik bojxona imtiyozidan bahramand bo‘lgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Soliq va Bojxona qo‘mitalaridan olingan ma’lumotlar asosida soliq to‘lovchilarning 2025 yil yakuni bo‘yicha soliq va bojxona imtiyozlaridan foydalanish holatlarini tahlil qildi.
O‘tgan yilda umumiy soliq va bojxona imtiyozlari qiymati 178,1 trln so‘mni (2023 yilda 127,1 trln so‘m, 2024 yilning birinchi yarmida 63,4 trln so‘m) tashkil etgan. Ya’ni shuncha mablag‘ korxona va tashkilotlarning ixtiyorida qoldirilgan.
178,1 trln so‘m imtiyozdan 119 trln so‘m soliq, 59,1 trln so‘mini bojxona imtiyozlari tashkil etadi.
Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari hamda banklardan tashqari eng ko‘p imtiyozdan foydalangan tashkilot – Uzbekistan GTL. Kompaniyaga 2,8 trln so‘mlik soliq imtiyozlari berilgan. Keyingi o‘rinlarda Uzbekistan Airways (2,4 trln so‘m) va O‘zbekneftgaz (1,7 trln so‘m). Kuchli beshlikdan O‘zbekiston temiryo‘llari (1,1 trln so‘m) hamda UzAuto Motors (899 mlrd so‘m) ham joy olgan.
O‘zbekistonda tabiiy gazni markazlashgan tartibda xarid qilish va sotish funksiyasini bajaruvchi UzGasTrade 2025 yilda eng ko‘p bojxona imtiyozlaridan foydalangan – 2,1 trln so‘m. Shuningdek, temiryo‘l relslari uchun temirbeton shpal ishlab chiqaruvchi RWS Optimum’ga – 1,4 trln so‘m, Enter Engineering Qorao‘zak IES’ga 1,1 trln so‘m imtiyoz berilgan.
Doimiy ravishda bojxona imtiyozidan eng ko‘p foydalangan 5 ta tashkilotning 4 tasi Enter Engineering’ga aloqador tuzilmalar. Ular 1,8 trln so‘mdan ortiq imtiyozdan foydalangan.
Shuningdek, 2025 yil davomida Markaziy Osiyo – Xitoy gaz quvurlari tarmog‘ining O‘zbekistondan o‘tgan qismi operatori – Asia Trans Gas 860 mlrd so‘mlik, My Freighter MChJ 660 mlrd so‘mlik, Humo to‘lov tizimi 542 mlrd so‘mlik soliq imtiyozidan, Trest 12 qurilish kompaniyasi 519 mlrd so‘mlik, Gorilla Energy MChJ esa 414 mlrd so‘mlik bojxona imtiyozidan bahramand bo‘lgan.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonga 3 oyda 156 trln so‘mlik investitsiyalar jalb qilindi
2026-yilning yanvar-mart oylarida O‘zbekistonda asosiy kapitalga investitsiyalar hajmi 156,3 trln so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur ko‘rsatkich 2025-yilning shu davriga nisbatan 29,6 foizga oshgan. Investitsiyalarning o‘sishi iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarni rivojlantirishga qaratilgan faollik ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Investitsiyalar tarkibida eng katta ulush xorijiy investitsiyalar va kafolatlanmagan xorijiy kreditlarga to‘g‘ri keldi — 107,6 trln so‘m.
Shuningdek, korxonalarning o‘z mablag‘lari hissasi 20,5 trln so‘mni tashkil etgan. O‘zbekiston Respublikasi kafolati ostidagi xorijiy kreditlar esa 10,8 trln so‘mga teng bo‘lgan.
Aholi mablag‘lari 8,7 trln so‘mni, tijorat banklari kreditlari va boshqa qarz mablag‘lari 4,2 trln so‘mni tashkil etgan. Respublika budjeti hisobidan 3,9 trln so‘m, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan esa 566,3 mlrd so‘m investitsiya kiritilgan.
Iqtisodiyot
«WAY II MANAGEMENT» MChJ investitsiya platformalari sohasidagi tartibga solish qumdoniga qabul qilindi
2026 yil 29 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi «WAY II» kompaniyasini investitsiya platformalari yo‘nalishi bo‘yicha «Tartibga solish qumdoni» maxsus huquqiy rejimi ishtirokchisi sifatida ro‘yxatga oldi. Kompaniya mazkur sohada ushbu rejimning birinchi ishtirokchisiga aylanib, O‘zbekiston Respublikasining zamonaviy investitsiya bozorini rivojlantirish uchun yangi istiqbollar ochmoqda.
«Tartibga solish qumdoni» — bu amaldagi bozor sharoitida moliyaviy innovatsiyalarni joriy etish va sinovdan o‘tkazish imkonini beruvchi maxsus mexanizmdir. Investitsiya platformalari sohasi uchun bu rejim fond bozoriga chiqishi murakkab yoki hali erta bo‘lgan kichik va o‘rta biznes loyihalariga investorlardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kapital jalb qilish imkoniyatini yaratadi.
WAY II kompaniyasi investorlar hamda tadbirkorlik sub’yektlarini yagona tizimda birlashtiradigan WAY INVEST investitsion raqamli platformasi operatori sifatida faoliyat yuritishni rejalashtirmoqda. Way Invest mobil ilovasi orqali foydalanuvchilar smartfon yordamida investitsiya kiritish, investitsiya portfelini real vaqt rejimida kuzatish va o‘z aktivlarini samarali boshqarish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Iqtisodiyot
Birja savdolarida 1,2 mlrd so‘mlik asossiz daromad olingani aniqlandi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda yuqori likvidli mahsulotlarni birja savdolari orqali sotish tartiblari buzilgani aniqlandi. Umumiy hisobda 1 mlrd 249 mln so‘m miqdorida asossiz daromad olingani qayd etildi.
Ma’lum qilinishicha, ayrim xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar mahsulotlarni birja orqali emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida sotgan. Bu esa «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun va Vazirlar Mahkamasining 170-son qarori talablariga zid hisoblanadi.
Qo‘mita tomonidan ushbu holatlar yuzasidan tegishli tartibda ishlar qo‘zg‘atilib, qonunbuzilishlarni bartaraf etish hamda kelgusida takrorlamaslik bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berilgan.
Andijon viloyatida «VODIY SANOAT FAXRI» MChJ tomonidan birja savdolari talablari buzilib, 133,8 mln so‘m asossiz daromad olingani aniqlandi. Korxonaga nisbatan jarima qo‘llash bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Buxoro viloyatida «JR COTTON» MChJ 970 mln so‘mdan ortiq mahsulotni birjaga chiqarmasdan sotgani ma’lum bo‘ldi. Namanganda esa 14 ta korxonada qonunbuzilish holatlari qayd etildi, 11 tasiga nisbatan ishlar qo‘zg‘atildi.
Navoiy, Surxondaryo va Qoraqalpog‘istonda ham o‘xshash holatlar kuzatilib, «DYNAMIC ELECTRONICS», «Denov chorvachilik omuxta yem» va «ELLIKQAL’A OLTIN TOLASI KLASTERI» MChJlarda asossiz daromad holatlari aniqlandi.
Qashqadaryo viloyatida «Mirishkor ratex tekstil» MChJda 584,9 mln so‘m asossiz daromad olingani qayd etildi. Bu holatlar birja savdolarida shaffoflik talablari to‘liq bajarilmayotganini ko‘rsatadi.
Iqtisodiyot
Pay fondlari reyestrini yuritish tartibi tasdiqlandi
Adliya vazirligi pay fondlarining yagona reyestrini yuritish tartibi to‘g‘risidagi idoraviy hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Mazkur hujjat 29-aprel kuni 3825-raqam bilan rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan.
Yangi tartib pay fondlarining reyestrini shakllantirish, yuritish va unga o‘zgartirish kiritish mexanizmlarini belgilaydi. Shuningdek, pay fondlarini reyestrdan chiqarish hamda ularga oid ma’lumotlarni taqdim etish tartibi ham aniq ko‘rsatib berilgan.
Qonunchilikka muvofiq, pay fondi investitsiya faoliyatini amalga oshirish maqsadida kamida ikki nafar investorning pul mablag‘lari birlashtirilishi asosida tashkil etiladi. Ushbu mablag‘lar ishonchli boshqaruvga topshiriladi.
Pay fondi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan yagona reyestrga kiritilganidan so‘ng rasman tashkil etilgan deb hisoblanadi. Shu bilan birga, tegishli ma’lumotlar agentlikning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
Reyestrga kiritish uchun pay fondining ishonchli boshqaruvchisi belgilangan hujjatlar to‘plamini taqdim etadi. Ular qatorida ariza, ishonchli boshqaruv shartnomasi nusxasi va boshqa zarur materiallar bor.
Agentlik ariza kelib tushganidan so‘ng 7 ish kuni ichida qaror qabul qiladi. Bunday tizim orqali bozor ishtirokchilari haqidagi ma’lumotlar markazlashtiriladi.
Ma’lumot uchun: Pay fondi — jismoniy va yuridik shaxslarning mablag‘larini birlashtirib, professional boshqaruv orqali investitsiya qilishga qaratilgan moliyaviy instrument hisoblanadi. Fond aktivlari aksiyalar, obligatsiyalar va boshqa moliyaviy vositalarga joylashtiriladi. Investorlar fonddagi o‘z ulushiga mutanosib ravishda daromad oladi.
Iqtisodiyot
Tadbirkorlar uchun imtiyozlar jamlangan yagona reyestr ishlab chiqiladi
Hukumatning 2026-yil 29-apreldagi 211-sonli qarori bilan tadbirkorlar uchun imtiyoz va preferensiyalarning yagona reyestrini shakllantirish tartibi tasdiqlandi. Yangi nizom Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ushbu ma’lumotlarni jamlash va yangilashni nazarda tutadi.
Mazkur hujjatga ko‘ra, tadbirkorlar uchun mavjud barcha imtiyozlar yagona tizimga joylashtiriladi. Shu bilan birga, imtiyoz va preferensiyalar haqidagi ma’lumotlar Iqtisodiyot va moliya vazirligining «subsidiya.mf.uz» platformasida shakllantirilib, o‘zaro integratsiya orqali portal orqali bepul taqdim etiladi.
Yangi tartibga muvofiq, davlat organlari o‘zlari taqdim etadigan imtiyozlar haqidagi ma’lumotlarni mazkur reyestrga joylashtirishi shart.
Bu ma’lumotlar qatoriga imtiyozning nomi va turi, uni taqdim etish asosi bo‘lgan normativ-huquqiy hujjat, amal qilish muddati va qo‘llanilish doirasi kiradi.
Shuningdek, imtiyoz qaysi sohalarga taalluqli ekani, kimlar foydalanishi mumkinligi va boshqa muhim ma’lumotlar ham ochiq e’lon qilinadi.
Nizomga ko‘ra, reyestrga kiritiladigan ma’lumotlar to‘liq va haqqoniy bo‘lishi shart. Bu esa davlat organlaridan mas’uliyatni yanada oshirishni talab qiladi.
-
Siyosat4 days agoFransiya va Oʻzbekiston taʼlim va madaniyat yoʻli bilan aloqalarni chuqurlashtirmoqda – Elchi Valid Xouk
-
Siyosat4 days agoToshkentda yirik hududlarda issiq suv taʼminoti 5 kunga toʻxtatilganini maʼlum qildi
-
Jamiyat5 days agoJomboyda mast haydovchi YTH sodir etdi
-
Dunyodan4 days agoPrezident Tramp delegatsiya parvozini bekor qildi
-
Siyosat2 days agoOʻzbekistonda yashirin forumda davlat xizmatchilariga oid maʼlumotlarning sizib chiqib ketishini tekshirmoqda
-
Siyosat2 days agoOʻzbekiston Davlat investitsiya jamgʻarmasi Toshkent va Londonda ikki tomonlama IPO oʻtkazdi
-
Mahalliy3 days ago
Gulga shaydo onaxon, kitob “ovchisi” va chemodansiz sayyoh…
-
Dunyodan4 days ago
Ruminiyalik erkak ayolni o‘ldirgani uchun umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi
