Iqtisodiyot
Eng ko‘p soliq va bojxona imtiyozini olgan kompaniyalar ma’lum qilindi
2025 yilda O‘zbekistonda 178 trln so‘mdan ko‘proq soliq va bojxona imtiyozlari taqdim etildi. Xususan, Uzbekistan GTL 2,8 trln so‘mlik, Uzbekistan Airways 2,4 trln so‘mlik, O‘zbekneftgaz esa 1,7 trln so‘mlik soliq imtiyozidan foydalangan. Tabiiy gazni markazlashgan tartibda xarid qilish va sotish funksiyasini bajaruvchi UzGasTrade’ga eng ko‘p bojxona imtiyozlari berilgan – 2,1 trln so‘m. Shuningdek, temiryo‘l relslari uchun temirbeton shpal ishlab chiqaruvchi RWS Optimum – 1,4 trln so‘mlik, Enter Engineering Qorao‘zak IES 1,1 trlnlik bojxona imtiyozidan bahramand bo‘lgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Soliq va Bojxona qo‘mitalaridan olingan ma’lumotlar asosida soliq to‘lovchilarning 2025 yil yakuni bo‘yicha soliq va bojxona imtiyozlaridan foydalanish holatlarini tahlil qildi.
O‘tgan yilda umumiy soliq va bojxona imtiyozlari qiymati 178,1 trln so‘mni (2023 yilda 127,1 trln so‘m, 2024 yilning birinchi yarmida 63,4 trln so‘m) tashkil etgan. Ya’ni shuncha mablag‘ korxona va tashkilotlarning ixtiyorida qoldirilgan.
178,1 trln so‘m imtiyozdan 119 trln so‘m soliq, 59,1 trln so‘mini bojxona imtiyozlari tashkil etadi.
Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari hamda banklardan tashqari eng ko‘p imtiyozdan foydalangan tashkilot – Uzbekistan GTL. Kompaniyaga 2,8 trln so‘mlik soliq imtiyozlari berilgan. Keyingi o‘rinlarda Uzbekistan Airways (2,4 trln so‘m) va O‘zbekneftgaz (1,7 trln so‘m). Kuchli beshlikdan O‘zbekiston temiryo‘llari (1,1 trln so‘m) hamda UzAuto Motors (899 mlrd so‘m) ham joy olgan.
O‘zbekistonda tabiiy gazni markazlashgan tartibda xarid qilish va sotish funksiyasini bajaruvchi UzGasTrade 2025 yilda eng ko‘p bojxona imtiyozlaridan foydalangan – 2,1 trln so‘m. Shuningdek, temiryo‘l relslari uchun temirbeton shpal ishlab chiqaruvchi RWS Optimum’ga – 1,4 trln so‘m, Enter Engineering Qorao‘zak IES’ga 1,1 trln so‘m imtiyoz berilgan.
Doimiy ravishda bojxona imtiyozidan eng ko‘p foydalangan 5 ta tashkilotning 4 tasi Enter Engineering’ga aloqador tuzilmalar. Ular 1,8 trln so‘mdan ortiq imtiyozdan foydalangan.
Shuningdek, 2025 yil davomida Markaziy Osiyo – Xitoy gaz quvurlari tarmog‘ining O‘zbekistondan o‘tgan qismi operatori – Asia Trans Gas 860 mlrd so‘mlik, My Freighter MChJ 660 mlrd so‘mlik, Humo to‘lov tizimi 542 mlrd so‘mlik soliq imtiyozidan, Trest 12 qurilish kompaniyasi 519 mlrd so‘mlik, Gorilla Energy MChJ esa 414 mlrd so‘mlik bojxona imtiyozidan bahramand bo‘lgan.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston shokolad importining qariyb 70 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelmoqda
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonga 46 davlatdan qariyb 28,5 ming tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan.
Import qilingan mahsulotlarning umumiy qiymati 123,7 mln AQSh dollarini tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 ming tonnaga yoki 6 foizga ko‘p.
Import hajmi bo‘yicha Rossiya keskin ustunlik qilgan. Yilning dastlabki yetti oyida Rossiyadan O‘zbekistonga 19,5 ming tonna shokolad mahsulotlari yetkazib berilgan.
Rossiyadan kelgan shokolad mahsulotlari umumiy importning qariyb 70 foizini tashkil etgan. Keyingi o‘rinda Ukraina bo‘lib, undan 2,2 ming tonna mahsulot import qilingan.
Qozog‘istondan 914 tonna, Belarusdan 805,2 tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan. Litvadan import 746,2 tonnani tashkil etgan.
Turkmaniston 715,2 tonna, Turkiya esa 569,5 tonna ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinlarda qayd etilgan. Qolgan davlatlar hisobiga 3 ming tonna mahsulot to‘g‘ri kelgan.
Iqtisodiyot
Andijonda Shavkat Mirziyoyev raisligida yig‘ilish boshlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida viloyat iqtisodiyoti 8,8 foiz, sanoat 9,2 foiz, xizmatlar 16,1 foiz, investitsiyalar 8,9 foizga o‘sgani qayd etildi.
– Bizga o‘sishdagi raqamlar emas, balki har bir ko‘rsatkich har bir oilaning kundalik hayotiga qanday o‘zgarish olib kirgani muhim,– dedi davlatimiz rahbari.
Andijonda yer va tabiiy boyliklar cheklangan bo‘lsa-da, harakatchan aholi, kuchli tadbirkorlik ruhi, ko‘p sonli yoshlar, sanoat maktabi va katta bozor kabi imkoniyatlar borligi ta’kidlandi.
So‘nggi o‘n yilda viloyatga respublika budjetidan 20 trillion so‘m, banklar tomonidan tadbirkorlik uchun 90 trillion so‘m yo‘naltirildi. Birgina joriy yilda aholi farovonligini oshirishga 6 trillion so‘m ajratildi.
Hokimlarga berilgan vakolatlar va yaratilgan moliyaviy imkoniyatlar shunga munosib natijaga aylanishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
