Sport
PSJ va «Bavariya» futbol sha’ni uchun jang qilib, birgalikda g‘olib bo‘lishdi
Orangizda futbol muxlislari bo‘lsa, 28 aprelni kalendaringizda futbol tantana qilgan kun deb belgilab qo‘yavering, kecha tunda Parijda tarixiy o‘yin bo‘ldi. Dunyoning eng kuchli ikki jamoasi pragmatizm, natija, taktika degan narsalarni bir chekkaga yig‘ishtirib, shunchaki futbol o‘ynashdi.
Maydonda xuddi million-million dollar maosh oladigan, gardanida millionlab muxlislar oldida mas’uliyati bor professional futbolchilar emas, qo‘shni qishloq jamoasiga yutqazib qo‘ysa, qishloqqa qaysi yuz bilan qaytish haqida o‘ylayotgan bo‘zyigitlar o‘ynayotgandek bo‘ldi. Parijda natija asosiga qurilgan zamonaviy futbol 90 daqiqa davomida ikki buyuk jamoaning takrorlanmas o‘yiniga ta’zim qildi. Shunchalik zo‘r o‘yin bo‘ldiki, ikki jamoa murabbiylari bir-birlarini tabriklashdi, chunki maydondagi yigitlar, biri maydon chetida, bir tribunada o‘tirgan ikki daho murabbiy Parijda futbolning sha’ni uchun jang qilib, ikkovi ham g‘olib bo‘ldi.
Hamma narsa bo‘ldi
Men o‘yin xronologiyasiga to‘xtalmoqchi emasman, futbol muxlislari uni allaqachon bir necha martalab ko‘rib olishgandir. So‘zimiz avvalida Parijdagi o‘yinni futbol uchun jang deb atadik. Chunki oxirgi vaqtlarda futbol an’analari buzilib ketdi, natija hamma narsadan ustun bo‘lib qoldi, jamoalar natija bosimi sabab juda pragmatik, hisobni ushlashga asoslangan o‘yinlar qila boshlashdi. Kap-katta jamoalar uyalmay burchak zarbalaridan urilgan gollarni asosiy qiroliga aylantirib oldi. Nega desangiz, «natija!», deb javob berishadi. Axir natija futbolchining hayotini belgilab beradigan omilga aylanib qoldi.
Kiyishga butsasi ham yo‘q oddiy braziliyalik yigit Yevropaga kelib sinov o‘yinida hammani aldab o‘tsa, to‘pni boshida 500 marta janglyor o‘ynatsa ham, murabbiylar undan «Yana nechtasini aldab o‘ta olasan?», deb emas, «Taktikani qanday tushunasan?», deb so‘raydigan bo‘lishdi. Braziliyada butun qishlog‘ini aldab gol urib yurgan boladan Yevropada Peledan me’ros jinga uslubida futbol o‘ynashni so‘rashmayapti, tayanch zonasi va markaziy himoyachilar o‘rtasidagi bo‘shliqdan foydalanishni, raqib hujum qilayotganda uni qanday qilib sun’iy ofsaydda qoldirishni, 4-2-3-1 taktikasida qaysi chiziqlardagina o‘ynashi mumkinligini o‘rgatishmoqda. Pelening me’rosxo‘rlaridan biri Vini Junior ham ana shu taktika domiga tushib futbolchilarni aldamay qo‘ydi. Futbolda Neymarlar chiqmayapti, bu ajoyib o‘yinning jozibasi yo‘qoldi, taktika atalmish qobiq uni borgan sari zerikarli o‘yinga aylantirib qo‘ydi.
To‘g‘rida, taktika natija keltirish ehtimoli yuqori, taktika yordamida o‘sha jinga usulida o‘ynaydigan braziliyalikni oson to‘xtatish mumkin. Natija hamma narsadan muhim, natija bo‘lmasa pul yo‘q, pul bo‘lmasa, kun o‘tmaydi. Chempionatlarda mukofot jamg‘armalari ham natijaga qarab taqsimlanadi – yashasin taktika, yashasin natija!
Kecha PSJ va «Bavariya» xuddi zamonaviy futbol an’analariga isyon qilgandek maydonga tushib, butun dunyoni lol qoldirdi. O‘yinda hamma narsa bo‘ldi: qanotdan yorib kirib urilgan gol kerakmi? Marhamat, Xvicha ikki martalab urdi. Bo‘yi «ikki qarich» Nevesh bosh bilan gol urdi, Xarri Keyn inglizcha sovuqqonlik bilan portlay deb turgan stadion hayqirig‘ini eshitmagandek penaltidan gol urdi, bonusiga maydon markazidan golli uzatma amalga oshirdi. Olise brazilchasiga hammani aldab gol urdi. Hammasi to‘kis bo‘lishi uchun Upamekano standartdan keyin bosh bilan gol ham urib berdi, mayli, Yevropacha goldan ham bo‘lsin degandek. Xullas, Manu Noyyerning seyvlaridan boshqa hamma narsa bo‘ldi kechagi o‘yinda. «Bavariya»ning to‘rtinchi golini hisoblarkan bosh hakam ham beixtiyor kulib qo‘ydi, «Qanday o‘yinnib boshqaryapman-a!», degani edi bu.
Bugun dunyo futbol oilasi shu o‘yinni muhokama qildi, hamma undan zavqlanganini aytdi. Qizig‘i, hech kim PSJ g‘olib bo‘lganiga e’tibor bermadi, chunki Bavariya mag‘lub nomiga munosib emasdi. Kimsan Erling Holand chidolmay o‘z sahifasida «Qanday ajoyib o‘yin», deb yozib yubordi. Kecha ikki katta kuchlanishli tok ulangan simlar tutashib ketdi, portlash ovozini butun dunyo eshitdi. Vensan Kompanining «Bavariya»si «Real»ni bejizga chiqarib yubormaganini isbotladi, PSJ esa Luis Enrike bilan ko‘z o‘ngimizda buyuk jamoaga aylanib borayotganini ko‘rsatdi. Parijliklar nihoyat to‘g‘ri murabbiy topib, futbolchilarni Instagram’dagi o‘quvchilar soniga qarab emas, mahoratiga qarab tanlay boshladi. Natija shunchaki fantastik.
Bu gapni yana takrorlashdan charchamayman, PSJ va «Bavariya» taktika domiga tortib borayotgan zamonaviy futbol sha’ni uchun jang qilib, birgalikda g‘olib bo‘lishdi. Yomoni – o‘yin atigi 90 daqiqada tugab qoldi, lekin yupanch uchun juda zo‘r fakt bor, shubhasiz, dunyoning ayni damdagi eng kuchli ikki jamoasi ekanini isbotlagan PSJ va «Bavariya» keyingi hafta Myunhenda yana bir o‘yinda maydonga tushadi.
Aytgancha, YeChLda hali yarimfinal, bu daholardan biri tushib ketadi. Yarimfinalning narigi juftligida butkul boshqacha jamoalar uchrashadi: biri «burchak zarbalari qiroli», biri maydonni «avtobus parkiga» aylantira olishidan faxrlanadigan janubiy amerikalik «bezorilar jamoasi»…
Sport
«Arsenal»da yirik g‘alaba, «Barsa» bugun chempion bo‘lishi mumkin
«Arsenal» turnir jadvalida «Siti» bilan oradagi farqni 6 ochkoga yetkazdi, Ispaniyada esa bugun «Real» Kataloniyaning «Espanyol» jamoasiga qarshi o‘yinda ochko yo‘qotadigan bo‘lsa, bu turda navbatdagi g‘alabaga erishgan «Barselona» muddatidan oldin chempionlikni nishonlashi mumkin.
Angliya: Tiago Holand bilan poygalashmoqda
«Brentford» – «Vest Hem» 3:0
Gollar: Mavropanos, 15 – avtogol (1:0). Tiago, 54 – penalti (2:0). Damsgor, 82 (3:0)
«Brentford»: Kelleher, van der Berg, Kollinz, Lyuis-Potter (Hiki, 90+1), Kayode, Yyensen, Yarmolyuk, Damsgor (Dasilva, 90+1), Shade (Ayyer, 80), Uattara (Furo, 90), Tiago
«Vest Hem»: Hermansen, Disasi, Mavropanos, Diuf (Traore, 74), Uoker-Piters (Van-Bissaka, 65), Fernandesh, Souchek, Sammervill (Skarlz, 88), Bouen (Magassa, 88), Pablo, Kastelyanos (Uilson, 65)
Ogohlantirishlar: Kayode, 73 – Kastelyanos, 59. Sammervill, 62. Skarlz, 90
Bu mavsumda APLda qolish uchun kurash chempionlik tituli uchun kurashdagi kabi qizg‘in kechmayapti. «Vulverhempton» va «Byornli» chempionshipga tushib ketishi allaqachon aniq bo‘lgan, mavsumning uchinchi omadsiz jamoasi esa katta ehtimol bilan «Vest Hem» klubi bo‘ladi. Shanba kuni ushbu jamoa «Brentford» maydonida ilojsiz ahvolda qoldi va hozirda 18-o‘rinda turgan «Tottenhem»da turnir jadvalining quyi qismini tark etish uchun yaxshi imkoniyat hosil bo‘ldi. «Bolg‘achilar» darvozasiga uchta javobsiz gol urgan «asalarilar» yevrokuboklar yo‘llanmasi uchun kurash olib bormoqda, jamoa to‘purari Igor Tiago mavsumdagi sakkizinchi penaltini aniq ijro etib, to‘purarlar poygasida Holandni quyishda ta’qib etmoqda. Hozircha bu poygada norvegiyalik hujumchi ikkita gol oldinda (24:22), ammo braziliyalik hujumchi hozir pik formasida – u gollarining yarmini 2026 yilda urgan va bu borada hech bir hujumchi unga teng kelolmaydi.
«Arsenal» – «Fulhem» 3:0
Gollar: Yokeresh, 9 (1:0). Saka, 40 (2:0). Yokeresh, 45+4 (3:0)
«Arsenal»: Rayya, Saliba, Gabriel Magalyayns, Kalafiori, Uayt (Moskera, 83), Rays (Subimendi, 64), Lyuis-Skelli, Eze (Douman, 78), Trossar, Saka (Madueke, 46), Yokeresh (Gabriel Jyezus, 64)
«Fulhem»: Leno, Bassi, Andersen, Robinson, Kastan, Rid (Kerni, 63), Lukich, Smit-Rou (Kusi-Asare, 78), Chukvueze (King, 64), Uilson (Bobb, 64), Ximenes (Rodrigu Munis, 73)
Ogohlantirish: Lukich, 23
Chempionlik poygasida qatnashayotgan «Arsenal» esa bu oqshom raqibni yirik hisobda mag‘lub etish uchun maydonga tushgandi va buni birinchi bo‘limdayoq uddaladi. Arteta shu kuni boshlang‘ich tarkibdagi tanlovlari bilan ko‘pchilikni ajablantirdi. Birinchidan, so‘nggi vaqtlarda muntazam ravishda ilk daqiqalardan o‘ynab kelgan Inkapiye zaxirada qoldirildi va uning o‘rnini hujumkorligi bilan farq qiladigan Kalafiori egalladi. Ikkinchidan, bu mavsumda top-5 ligalarda eng ko‘p o‘ynagan yarimhimoyachi bo‘lib turgan Martin Subimendiga dam berildi. Uchinchidan, uning o‘rniga tayanch yarimhimoyasiga Rays o‘tkazildi, Deklanning o‘rniga esa chap qanot himoyachisi Lyuis-Skelli tushirildi. Shu bilan birga, hujumning o‘ng qanotida ancha vaqtdan buyon jarohatini davolagan Saka paydo bo‘ldi. Aynan Saka va Skellining harakatlari o‘yin taqdirini hal qildi. Bukayo o‘z qanotida istagan ishini qildi va uning uzatmasidan keyin Yokeresh tezkor gol bilan hisobni ochdi.
Keyin esa Sakaning o‘zi shvetsiyalik hujumchining uzatmasini golga aylantirdi. Arteta uni seshanba oqshomida YeChL yarimfinalida «Atletiko»ga qarshi kechadigan javob o‘yini uchun asrashga qaror qilib, tanaffusda zaxiraga oldi. Ammo u unga 45 daqiqa ham uchta yubiley natijaga erishish uchun yetarli bo‘ldi – 80 gol, 70 assist va 150 ball. Uning maydonga tushishi Yokereshning ham o‘yinini ochib yubordi, u bo‘lim oxirlarida Trossarning uzatmasi orqali dubl qayd etdi. Bu uning uchun «Arsenal» safida ilk bor bir o‘yinda 2+1 ko‘rsatkich qayd etishi bo‘ldi. Shuningdek, Viktor Aleksis Sanches davridan buyon «Arsenal»dagi ilk mavsumida yigirmadan ortiq gol urgan (21) ilk futbolchiga aylandi.
Bu o‘yin mezbonlarning to‘liq ustunligida o‘tgani quyidagi suratda yaqqol aks etgan: «Arsenal» himoya chizig‘i shu qadar yuqori joylashganki, darvozabon David Rayya maydonning ikkinchi qismiga kelib podkat amalga oshirmoqda.
Bu o‘yindagi yirik hisobdagi g‘alaba chempionlik poygasida qo‘l kelishi mumkin, agar mavsum yakunida «Arsenal» va «Manchester Siti»ning ochkolari teng kelib qolsa, birinchi navbatda to‘plar nisbatiga qaraladi. Hozirda «kanonirlar» +4 ko‘rsatkichiga ega va keyingi raqiblar ham nisbatan osonroq: «Vest Hem» (18-o‘rin), «Byornli» (19-o‘rin) va «Kristal Pelas» (14-o‘rin). «Siti»ning qolgan 5 raqibidan 3 tasi yevrokuboklar uchun kurashmoqda: «Everton» (11-o‘rin), «Brentford» (6-o‘rin), «Bornmut» (8-o‘rin), «Kristal Pelas» (14-o‘rin) va «Aston Villa» (5-o‘rin).
Ispaniya: Simeonening 1000-o‘yini va YeChLga chiqqan «Vilyarreal»
«Vilyarreal» – «Levante» 2:1
Gol: Mikautadze, 38 (1:0). Espi, 51 (1:1). Moleyro, 62 (2:1). Mikautadze, 68 (3:1). Byukenen, 87 (4:1). Pepe, 90 (5:1)
«Vilyarreal»: Tenas, Veyga, Navarro (Kambvala, 81), Pedrasa (Kardona, 74), Frimen, Parexo (Parti, 74), Komesanya, Moleyro, Pepe, J. Moreno (Byukenen, 84), Mikautadze, Peres
«Levante»: Rayan, M. Moreno, Matturro, Pampin, Tolyan, Arriaga (Ragube, 68), Olasagasti, Pablo Martines (Bruge, 77), Romero (Tunde, 46, Etta Eyong, 68), Alvares (Losada, 30), Espi
Ogohlantirishlar: Parexo, 45. Veyga, 55 – Arriaga, 45
Mavsumning katta qismida uchinchi o‘rinni o‘zida saqlab turgan «Vilyarreal» bu turda «Levante»ni yirik hisobda tor-mor etib, valensiyaliklarning ligada qolish imkoniyatlarini amalda nolga tenglashtirdi. O‘z navbatida, «submarinalar» bu g‘alaba orqali qatorasiga ikkinchi mavsumda Chempionlar ligasi umumiy guruh bosqichida ishtirok etishini kafolatladi. Marselino shogirdlarida yevrokubokning bu mavsumidagi muvaffaqiyatsizlikni to‘g‘rilash imkoni bo‘ladi. Shanba oqshomidagi o‘yinni Mikautadzening dubli hal qildi, u avvaliga raqib himoyasidagi qo‘pol xatodan foydalandi, keyin esa Pepening qanotdan uzatmasini darvoza to‘riga to‘g‘rilab yubordi. O‘tgan yozda «Lion»dan Ispaniyaga ko‘chib o‘tgan ushbu gurjistonlik hujumchi ilk mavsumida barcha turnirlar doirasida 13 gol urishga erishdi.
«Valensiya» – Atletiko» 0:2
Gollar: Luke, 74 (0:1). Kubo, 82 (0:2)
«Valensiya»: Dimitriyevski, Tarrega, Pepelu, Xose Gayya (Vaskes, 73), Saraviya (Raba, 82), Rodriges, Gerra, Ugrinich (Duro, 59), Rioxa (Diyego Lopes, 59), Sodiq, Ramazani (Gruneveld, 73)
«Atletiko»: Musso, Langle, Le Norman, Dias, Bonyar (Purich, 90+7), Mendosa (Koke, 73), Vargas, Morsilio (Luke, 63), Almada (Grizmann, 73), Molina, Belaid (Kubo, 63)
Ogohlantirishlar: Tarrega, 67 – Almada, 29. Mendosa, 52. Vargas, 61
«Atletiko» «Valensiya» uchun noqulay raqib sifatidagi maqomini mustahkamlab, qatorasiga beshinchi o‘zaro o‘yinda g‘alaba qozondi. Qolaversa, «matraschilar» o‘yinning birinchi bo‘limida mezbonlarga darvoza sohasi tomon birorta zarba berishga imkon qoldirmadi, ikkinchi bo‘lim oxirida esa shu kuni la ligada debyut qilgan ikki yosh futbolchi «ko‘rshapalaklar» jamoasini nokautga uchratdi. Diyego Simeone YeChL yarimfinali doirasida Londonga safar oldidan asosiy tarkib futbolchilariga dam bergandi va yosh futbolchilar taqdim etilgan imkoniyatdan foydalanishdi.
Avvaliga 20 yoshli forvard Luke o‘z debyutini gol bilan nishonladi, keyin esa 18 yoshli Migel Kubo bu darajadagi ilk o‘yinini madridliklar afsonasi Grizmanning uzatmasi orqali urgan goli bilan eslab qoladigan bo‘ldi. Fransuz hujumchi klublar darajasidagi 800-o‘yinida navbatdagi golli harakatini amalga oshirdi. Bu o‘yin Simeone uchun ham yubiley edi, argentinalik mutaxassis shu kuni murabbiylik faoliyatidagi 1000-o‘yinini o‘tkazdi. Shunday o‘yinda jamoa tarixida 1984 yildan buyon kuzatilmagan holat qayd etildi: 42 yildan buyon «Atletiko» ikki debyutantning ikki goli bilan g‘alaba qozonmagandi.
«Osasuna» – «Barselona» 1:2
Gollar: Levandovski, 81 (0:1). Torres, 86 (0:2). Raul Garsiya, 88 (1:2)
«Osasuna»: Errera, Boyomo, Katena, Galan, Roze, Torro (Osambela, 85), Monkayola (Barxa, 85), Moyses Gomes (Oros, 70), Moro, R. Garsiya (Bretones, 86), Budimir (Raul Garsiya, 70)
«Barselona»: X. Garsiya, Kubarsi, Martin, Joau Kanselu, E. Garsiya (Arauxo, 82), Gavi (de Yong, 62), Pedri (Bernal, 88), Olmo (Torres, 62), Fermin Lopes, Barji (Reshford, 62), Levandovski
Ogohlantirishlar: Monkayola, 74. Krus, 90 – Gavi, 24. E. Garsiya, 60
«Barselona»ning vaziyati juda oddiy – kataloniyaliklar shu turdayoq maydondan tashqarida turib chempion bo‘lishi mumkin. Buning uchun «Real» yakshanba kuni «Espanyol»ga qarshi o‘yinda ochko yo‘qotishi talab etiladi.
Ammo jamoa birinchi navbatda shanba kuni Pamplonada kechadigan o‘yinda g‘alaba qozonishi talab etilardi va bu har qanday raqib uchun oson ish emas. O‘yinning birinchi bo‘limi «Osasuna» nafaqat peshqadamning hujumlarini qaytarib turdi, balki o‘zi ham xavfli qarshi hujumlar uyushtirdi.
O‘yin kartinasi ikkinchi bo‘limda o‘zgara boshladi va Rafinya va Yamal kabi yetakchilar yo‘q sharoitda Reshford ko‘p ishni o‘z gardaniga oldi. Zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan ingliz hujumchisi avvaliga o‘zi xavfli zarba berdi, keyinroq qanotdan Levandovskining boshiga ajoyib uzatma berdi. O‘tkazib yuborilgan goldan keyin mezbonlar to‘liq kuch bilan oldinga o‘tib ketishdi va ikkinchi golni o‘tkazib yuborishdi – Fermin Lopes chiziqlar orasidan o‘tkazilgan pas bilan Ferran Torresning goliga assistentlik qildi.
Ikki gol ustunligidan keyin «Barsa» futbolchilari biroz bo‘shashdi va 88-daqiqada jarima maydonida yolg‘iz qoldirilgan Raul Garsiya mezbonlarning hisobni qisqartiruvchi golini urdi.
Shunga qaramay, «Barselona» la ligada qatorasiga 10-g‘alabasini nishonladi va endi bugun «Real» va «Osasuna» o‘yini qanday natijada yakunlanishini kutmoqda. Madridliklar bugun safardan g‘alaba bilan qaytadigan bo‘lsa, «Barselona» keyingi haftada bo‘lib o‘tadigan klasikoda chempionlikni rasmiylashtirishi mumkin.
Sport
Sobiq futbolchi Abdusamad Do‘rmonov vafot etdi
U ko‘p yillar Farg‘onaning «Neftchi» klubi safida to‘p surgan, O‘zbekiston milliy jamoasi bilan 1994 yilgi Osiyo o‘yinlarida chempion bo‘lgandi.
O‘zbekiston milliy jamoasi sobiq futbolchisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi va murabbiy, futbol faxriysi Abdusamad Do‘rmonov 60 yoshda vafot etdi.
Abdusamad Do‘rmonov 1965 yil Termiz shahrida tug‘ilgan. Futbolchilik faoliyati davomida «Paxtakor» (1987-1989), «Surxon» (1990-1991) va «Neftchi» (1992-2002) kabi klublarda to‘p surgan, Farg‘ona klubi jamoasi bilan besh marta O‘zbekiston chempioni bo‘lgan.
Shuningdek, 1992-1994 yillarda O‘zbekiston milliy jamoasiga chaqirilgan, 1994 yil Yaponiyada o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlarida g‘olib bo‘lgan.
U futbolchilar oilasi vakili bo‘lib, ukasi Rustam Do‘rmonov ham u bilan birga «Neftchi» klubi sharafini himoya qilgan, yana bir ukasi Ravshan Do‘rmonov esa Termizning «Surxon» klubida o‘ynagan.
Abdusamad Do‘rmonov 2002 yilda futbolchilik faoliyatini yakunlagach, «Neftchi», «Yozyovon lochinlari» va «Istiqlol» kabi klublarda murabbiy sifatida ishlagan, hozirga qadar «Neftchi» klubi murabbiylar shtabida ishlayotgandi.
Sport
«Barselona» hujumchisi «Yuventus»ga o‘tishga yaqin
«Barselona» hujumchisi Robert Levandovski faoliyatini «Yuventus»da davom ettirishi mumkin deb xabar berdi Tuttosport.
Turinliklar va polshalik forvardning agenti muzokara o‘tkazgan.
Xabarga ko‘ra, «Yuventus» kelasi mavsum uchun YChL yo‘llanmasini qo‘lga kiritsa, 37 yoshli futbolchi klubga o‘tish taklifini ko‘rib chiqishga tayyor.
Levandovskining «Barselona» bilan amaldagi shartnomasi 2026-yil yozigacha mo‘ljallangan. Kataloniyaliklar futbolchiga yangi shartnoma taklif qilgan, ammo unda maosh keskin kamaytirilishi ko‘zda tutilgan va bu hujumchiga ma’qul kelmagan.
Sport
Floyd Meyvezer Amerika pasportidan ayrilishi mumkin
AQSh soliq boshqarmasi afsonaviy bokschi Floyd Meyvezer (Kichik)ni ogohlantirdi — agar soliqdan qarzlarini uzmasa fuqarolik pasporti bekor qilinishi mumkin. Bu haqda The Ring nashri xabar tarqatdi.
Manbaga ko‘ra, sportchining zafarli faoliyati ortida ulkan muammo — 7,25 million dollardan ortiq soliq qarzdorligi mavjud.
O‘zining beqiyos janglari bilan mashhur Floyd Meyvezer so‘nggi paytlarda moliyaviy mojarolar girdobida qoldi. Boks va reklama shartnomalaridan kelgan behisob daromadlariga qaramay, sobiq chempion harakatlanish erkinligini cheklashi mumkin bo‘lgan to‘siqqa duch keldi. Davlat soliq idorasi agar Meyvezer majburiyatlarini bajarmasa yoki to‘lovni bo‘lib to‘lash borasida kelishuvga erishmasa, uning xorijga chiqish hujjati amaldan to‘xtatilishini ta’kidladi.
2017-yilda katta sportni tark etgan bokschi o‘z vaqtida: «Pul topish boshqa, uni oqilona sarflash mutlaqo boshqa narsa», degan edi.
Pasporti bekor qilinishining oldini olish uchun sportchida bir nechta yo‘l bor. U qarzini to‘liq yopishi yoki to‘lov muddatini uzaytirish bo‘yicha kelishib olishi zarur. Shuningdek, bankrotlik to‘g‘risida ariza topshirish ham imkoniyatlardan biri sifatida ko‘rilmoqda.
Sport
FIDE reytingi yangilandi: ikki o‘zbekistonlik «top-5»talikda!
FIDEning reyting jadvali may oyiga ko‘ra yangilandi. Unga ko‘ra, Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindorov dunyoning TOP-5 shaxmatchilari qatoridan joy olishdi.
FIDE reytingi. Kuchli beshlik:
1-o‘rin — Magnus Karlsen (2840)
2-o‘rin — Hikaru Nakamura (2792)
3-o‘rin — Fabiano Karuana (2788)
4-o‘rin — Nodirbek Abdusattorov (2780)
5-o‘rin — Javohir Sindorov (2776)
Ma’lumot uchun, Javohir Sindorov Nomzodlar turniridagi chempionlikdan so‘ng kuchli beshtalikdan joy oldi.
-
Siyosat4 days agoOʻzbekistonda yashirin forumda davlat xizmatchilariga oid maʼlumotlarning sizib chiqib ketishini tekshirmoqda
-
Siyosat4 days agoOʻzbekiston Davlat investitsiya jamgʻarmasi Toshkent va Londonda ikki tomonlama IPO oʻtkazdi
-
Mahalliy5 days ago
Gulga shaydo onaxon, kitob “ovchisi” va chemodansiz sayyoh…
-
Jamiyat4 days agoMashina olib berish va’dasida yuzlab odamni chuv tushirgan “Umid avto”chilarga hukm o‘qildi
-
Siyosat3 days agoPrezident Mirziyoyev energiya tejash vositasi sifatida kommunal xizmatlarni oʻchirishni taqiqlovchi farmonni imzoladi
-
Dunyodan4 days ago
Jarrohlar Apple Vision Pro foydasiga monitorlardan voz kechishmoqda
-
Iqtisodiyot5 days agoAQSh logistikasini O‘zbekistonda turib «zabt etgan» Sarvarjon Narimonov hikoyasi
-
Turk dunyosi3 days agoKurd jangari rasmiysining aytishicha, Turkiya islohotlarning yoʻqligi tufayli tinchlik muzokaralarini toʻxtatib qoʻymoqda
