Sport

PSJ va «Bavariya» futbol sha’ni uchun jang qilib, birgalikda g‘olib bo‘lishdi

Published

on


Orangizda futbol muxlislari bo‘lsa, 28 aprelni kalendaringizda futbol tantana qilgan kun deb belgilab qo‘yavering, kecha tunda Parijda tarixiy o‘yin bo‘ldi. Dunyoning eng kuchli ikki jamoasi pragmatizm, natija, taktika degan narsalarni bir chekkaga yig‘ishtirib, shunchaki futbol o‘ynashdi.

Maydonda xuddi million-million dollar maosh oladigan, gardanida millionlab muxlislar oldida mas’uliyati bor professional futbolchilar emas, qo‘shni qishloq jamoasiga yutqazib qo‘ysa, qishloqqa qaysi yuz bilan qaytish haqida o‘ylayotgan bo‘zyigitlar o‘ynayotgandek bo‘ldi. Parijda natija asosiga qurilgan zamonaviy futbol 90 daqiqa davomida ikki buyuk jamoaning takrorlanmas o‘yiniga ta’zim qildi. Shunchalik zo‘r o‘yin bo‘ldiki, ikki jamoa murabbiylari bir-birlarini tabriklashdi, chunki maydondagi yigitlar, biri maydon chetida, bir tribunada o‘tirgan ikki daho murabbiy Parijda futbolning sha’ni uchun jang qilib, ikkovi ham g‘olib bo‘ldi.

Hamma narsa bo‘ldi

Men o‘yin xronologiyasiga to‘xtalmoqchi emasman, futbol muxlislari uni allaqachon bir necha martalab ko‘rib olishgandir. So‘zimiz avvalida Parijdagi o‘yinni futbol uchun jang deb atadik. Chunki oxirgi vaqtlarda futbol an’analari buzilib ketdi, natija hamma narsadan ustun bo‘lib qoldi, jamoalar natija bosimi sabab juda pragmatik, hisobni ushlashga asoslangan o‘yinlar qila boshlashdi. Kap-katta jamoalar uyalmay burchak zarbalaridan urilgan gollarni asosiy qiroliga aylantirib oldi. Nega desangiz, «natija!», deb javob berishadi. Axir natija futbolchining hayotini belgilab beradigan omilga aylanib qoldi.

Kiyishga butsasi ham yo‘q oddiy braziliyalik yigit Yevropaga kelib sinov o‘yinida hammani aldab o‘tsa, to‘pni boshida 500 marta janglyor o‘ynatsa ham, murabbiylar undan «Yana nechtasini aldab o‘ta olasan?», deb emas, «Taktikani qanday tushunasan?», deb so‘raydigan bo‘lishdi. Braziliyada butun qishlog‘ini aldab gol urib yurgan boladan Yevropada Peledan me’ros jinga uslubida futbol o‘ynashni so‘rashmayapti, tayanch zonasi va markaziy himoyachilar o‘rtasidagi bo‘shliqdan foydalanishni, raqib hujum qilayotganda uni qanday qilib sun’iy ofsaydda qoldirishni, 4-2-3-1 taktikasida qaysi chiziqlardagina o‘ynashi mumkinligini o‘rgatishmoqda. Pelening me’rosxo‘rlaridan biri Vini Junior ham ana shu taktika domiga tushib futbolchilarni aldamay qo‘ydi. Futbolda Neymarlar chiqmayapti, bu ajoyib o‘yinning jozibasi yo‘qoldi, taktika atalmish qobiq uni borgan sari zerikarli o‘yinga aylantirib qo‘ydi.

To‘g‘rida, taktika natija keltirish ehtimoli yuqori, taktika yordamida o‘sha jinga usulida o‘ynaydigan braziliyalikni oson to‘xtatish mumkin. Natija hamma narsadan muhim, natija bo‘lmasa pul yo‘q, pul bo‘lmasa, kun o‘tmaydi. Chempionatlarda mukofot jamg‘armalari ham natijaga qarab taqsimlanadi – yashasin taktika, yashasin natija!

Kecha PSJ va «Bavariya» xuddi zamonaviy futbol an’analariga isyon qilgandek maydonga tushib, butun dunyoni lol qoldirdi. O‘yinda hamma narsa bo‘ldi: qanotdan yorib kirib urilgan gol kerakmi? Marhamat, Xvicha ikki martalab urdi. Bo‘yi «ikki qarich» Nevesh bosh bilan gol urdi, Xarri Keyn inglizcha sovuqqonlik bilan portlay deb turgan stadion hayqirig‘ini eshitmagandek penaltidan gol urdi, bonusiga maydon markazidan golli uzatma amalga oshirdi. Olise brazilchasiga hammani aldab gol urdi. Hammasi to‘kis bo‘lishi uchun Upamekano standartdan keyin bosh bilan gol ham urib berdi, mayli, Yevropacha goldan ham bo‘lsin degandek. Xullas, Manu Noyyerning seyvlaridan boshqa hamma narsa bo‘ldi kechagi o‘yinda. «Bavariya»ning to‘rtinchi golini hisoblarkan bosh hakam ham beixtiyor kulib qo‘ydi, «Qanday o‘yinnib boshqaryapman-a!», degani edi bu.

Bugun dunyo futbol oilasi shu o‘yinni muhokama qildi, hamma undan zavqlanganini aytdi. Qizig‘i, hech kim PSJ g‘olib bo‘lganiga e’tibor bermadi, chunki Bavariya mag‘lub nomiga munosib emasdi. Kimsan Erling Holand chidolmay o‘z sahifasida «Qanday ajoyib o‘yin», deb yozib yubordi. Kecha ikki katta kuchlanishli tok ulangan simlar tutashib ketdi, portlash ovozini butun dunyo eshitdi. Vensan Kompanining «Bavariya»si «Real»ni bejizga chiqarib yubormaganini isbotladi, PSJ esa Luis Enrike bilan ko‘z o‘ngimizda buyuk jamoaga aylanib borayotganini ko‘rsatdi. Parijliklar nihoyat to‘g‘ri murabbiy topib, futbolchilarni Instagram’dagi o‘quvchilar soniga qarab emas, mahoratiga qarab tanlay boshladi. Natija shunchaki fantastik.

Bu gapni yana takrorlashdan charchamayman, PSJ va «Bavariya» taktika domiga tortib borayotgan zamonaviy futbol sha’ni uchun jang qilib, birgalikda g‘olib bo‘lishdi. Yomoni – o‘yin atigi 90 daqiqada tugab qoldi, lekin yupanch uchun juda zo‘r fakt bor, shubhasiz, dunyoning ayni damdagi eng kuchli ikki jamoasi ekanini isbotlagan PSJ va «Bavariya» keyingi hafta Myunhenda yana bir o‘yinda maydonga tushadi.

Aytgancha, YeChLda hali yarimfinal, bu daholardan biri tushib ketadi. Yarimfinalning narigi juftligida butkul boshqacha jamoalar uchrashadi: biri «burchak zarbalari qiroli», biri maydonni «avtobus parkiga» aylantira olishidan faxrlanadigan janubiy amerikalik «bezorilar jamoasi»…



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version