Connect with us

Jamiyat

“Ulardan fanga nima foyda?” – O‘zFA prezidenti darrov ilmiy daraja olayotgan mansabdorlar haqida

Published

on


“Hozir rahbar kadr bo‘ldimi, ikki yilda PhD bo‘lyapti. Yana ikki-uch yil o‘tmasdan fan doktori bo‘lyapti… Endi ulardan nima foyda fanga?” – deydi Shavkat Ayupov.

Shavkat Ayupov / Jadid.uz videosidan kadr

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti, O‘zbekiston Qahramoni Shavkat Ayupov Jadid.uz’ga bergan intervyusida yuqori lavozimga o‘tirgan mansabdorlar ko‘p o‘tmay ilmiy darajali bo‘lib qolishi va “qaroqchi” ilmiy jurnallardagi maqolalar soni jihatidan O‘zbekiston yuqori o‘rinlarda turishi haqida gapirib o‘tdi.

“Fanga e’tibor berila boshlagandan keyin, [ilm kishilariga] qancha imkoniyat yaratildi: mana, fan nomzodiga 30 foiz, fan doktoriga 60 foiz qo‘shimcha haq to‘lanadi, yana boshqa imtiyozlar bor… Bu bir tomondan yaxshi, olimlar qo‘llab-quvvatlanadi, ikkinchi tomondan, bu ishonchni, prezidentimiz bu berayotgan imkoniyatlarini suiiste’mol qilish avj olib ketdi.

Men o‘zim 1997–2003 yillarda, olti yil davomida Oliy attestatsiya komissiyasi raisi bo‘lganman. O‘shanda bir yilda hamma fanlar bo‘yicha umumiy taxminan 100-100 ta doktorlik himoyasi bo‘lardi, 500–600 ta fan nomzodligi uchun himoyalar bo‘lardi. Lekin keyin, shunaqa bo‘ldiki, o‘n barobar oshib ketdi. Ikki barobar ham emas, o‘n barobar.

Men o‘zim OAK Prezidiumi a’zosi sifatida ko‘rdim: ko‘p [ilmiy] ishlar juda yuzaki. Yuzaki bo‘lgani ham mayli, plagiat ko‘payib ketdi. Rossiyadan olib, tarjima qilib, himoya qilinganlarni ham ko‘rdim-da. Shuni men ko‘rsatdim, qoida bo‘yicha bunaqalarni diplomini bekor qilish kerakligini aytdim. Shuni qilishmadi-da.

Bu masaladan prezidentimiz xabarlari bor. Shu tizimni isloh qilmasa bo‘lmaydi. Hozir rahbar kadr bo‘ldimi, ikki yilda PhD bo‘lyapti. Yana ikki-uch yil o‘tmasdan fan doktori bo‘lyapti… U rahbar odam qachon ilm qiladi? O‘zining ishi [ko‘p bo‘lsa]… Men mana bunaqa mansabga o‘tirib, ko‘ryapman: umuman vaqt yo‘q, kitob o‘qishgayam, boshqagayam. Katta-katta rahbarlar fan nomzodi, fan doktori bo‘lib ketyapti. Endi ulardan nima foyda fanga?

Natijada O‘zbekiston fanining obro‘si tushib ketyapti. Internetlarda ko‘p chiqadi: “qalbaki” jurnallarda chiqqan eng ko‘p maqolalar O‘zbekistondan. Yoki eng ko‘p sifatsiz maqolalar O‘zbekistondan, deb chiqadi. Bu – bizning fanimiz uchun juda katta sharmandagarchilik-ku”, – dedi Shavkat Ayupov.

Olimning qo‘shimcha qilishicha, sifatsiz ilmiy ishlar yoki maqolalarning aksariyati oliy ta’lim tizimiga to‘g‘ri keladi.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

16:13 “Qo‘rquv bo‘lishi tabiiy, ammo bu sizni to‘xtatmasin”, – 17 yoshida NASA va SpaceX bilan kosmik loyihani amalga oshirgan Akbar hikoyasi

Published

on



16:13

“Qo‘rquv bo‘lishi tabiiy, ammo bu sizni to‘xtatmasin”, – 17 yoshida NASA va SpaceX bilan kosmik loyihani amalga oshirgan Akbar hikoyasi



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Qashqadaryoda yerfurushlar va firibgarlar qo‘lga olindi

Published

on


Qashqadaryo viloyatida yer maydonlarini noqonuniy sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Jinoyatlar DXX va IJQKD xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda fosh bo‘ldi.

Kadastr agentligining Qarshi tuman bo‘limi yetakchi inspektori fuqaroning noqonuniy egallab olingan 12 sotix yeri uchun belgilangan 82 mln so‘mlik jarimani mansabdor tanishlari orqali bekor qilib berishni va’da qilgan. Shuningdek, u ushbu yer maydoniga kadastr hujjatlarini tayyorlab berish evaziga 2 000 AQSh dollari so‘ragan va pulni olayotgan vaqtida qo‘lga tushgan.

Shahrisabz tumanida esa muqaddam firibgarlik uchun sudlangan 59 yoshli shaxs va Davlat kadastrlari palatasi tuman filiali xodimi ushlandi. Ular o‘zaro kelishib, dehqon xo‘jaligiga tegishli 9 sotix yerni qurilish firmasi rahbari nomiga rasmiylashtirib bermoqchi bo‘lishgan.

Ular ushbu «xizmat» uchun 7 000 AQSh dollari so‘rashgan va kelishilgan puldan 4 000 dollarini olayotgan vaqtda qo‘llariga kishan solingan.

Har ikki holat bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

«Toshkent to‘y oshi» patentlandi

Published

on


O‘zbekistonda milliy taomlardan biri — «Toshkent to‘y oshi» geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Adliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bu qaror mahsulotning kelib chiqishi va o‘ziga xos xususiyatlarini huquqiy jihatdan mustahkamlaydi.

Qayd etilishicha, «Toshkent to‘y oshi» nomi faqat Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga xos an’anaviy usulda tayyorlangan mahsulotlarga nisbatan qo‘llaniladi.

Adliya vazirligi xabariga ko‘ra, «Toshkent to‘y oshi» oddiy taom emas, balki murakkab texnologik jarayon sifatida baholanadi. U asosan tong saharda, yarimsfera shaklidagi cho‘yan qozonlarda tayyorlanadi.

Ma’lumot o‘rnida, geografik ko‘rsatkich maqomi mahsulot nomini va uning tayyorlash texnologiyasini huquqiy jihatdan himoya qiladi. Bu orqali mahsulot sifati davlat me’yorlariga muvofiqligi kafolatlanadi hamda soxta mahsulotlarning oldi olinadi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Toshkentda odam savdosi bilan bog‘liq holat aniqlandi

Published

on


Toshkent viloyatida yashovchi ayol yosh qizni xorijga olib chiqib, jinsiy ekspluatatsiya qilishga urinishi vaqtida aeroportda qo‘lga olindi.

Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari tomonidan olib borilayotgan tizimli chora-tadbirlar davomida odam savdosi bilan bog‘liq jinoyat fosh etildi.

Xususan, DXX Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi va poytaxt IIBB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahrida yashovchi, 1982 yilda tug‘ilgan ayol Chinoz tumanida istiqomat qiluvchi 2000 yilda tug‘ilgan qizni xorijga olib borib, jinsiy ekspluatatsiya qilishni rejalashtirgani aniqlandi.

Gumonlanuvchi o‘z maqsadiga erishish uchun jabrlanuvchiga aviachipta xarid qilib bergan hamda keyinchalik ishlab topadigan mablag‘ining yarmini doimiy ravishda berishini talab qilgan.

Olib borilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida gumonlanuvchi ayol jabrlanuvchi bilan birga Toshkent xalqaro aeroportidan Istanbul shahriga uchib ketmoqchi bo‘lgan vaqtida to‘xtatib qolindi.

Hozirda ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mutasaddilar odam savdosi inson qadri va erkinligiga qarshi qaratilgan og‘ir jinoyat ekanini eslatib, fuqarolarni hushyor bo‘lishga chaqirmoqda.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

«World Content Market»da ilk bor O‘zbekiston milliy paviloni tashkil etildi

Published

on


«World Content Market»da ilk bor O‘zbekiston milliy paviloni tashkil etildi.

Media va raqamli kontent sohasidagi nufuzli xalqaro tadbir – World Content Market o‘z ishini boshladi. Joriy yilda O‘zbekiston ushbu yirik media bozorida ilk bor milliy pavilon bilan ishtirok etib, mamlakatning milliy kontent salohiyatini global maydonda keng namoyon etmoqda.

«World Content Market» 2008 yildan buyon televideniye va raqamli kontentni yaratish, tarqatish, monetizatsiya qilish hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilib kelayotgan yirik media platformalardan biri hisoblanadi. Mazkur tadbir har yili dunyoning turli mamlakatlaridan media industriya vakillarini bir maydonga jamlab, yangi loyihalar, sheriklik tashabbuslari va kontent savdosi uchun keng imkoniyatlar yaratadi.

Joriy yilgi tadbirda 20 ga yaqin davlatdan 1500 dan ortiq media sohasi mutaxassislari, 500 dan ziyod kompaniyalar qatnashmoqda. Shuningdek, Janubiy Koreya, Turkiya, Hindiston, Rossiya, MDH mamlakatlari, Xitoy, Birlashgan Arab Amirliklari kabi davlatlarning milliy ekspozitsiyalari namoyish etilmoqda.

Ishtirokchilar qatoridan 150 dan ortiq televizion kanallar (barcha platformalar bo‘yicha), 40 dan oshiq OTT platformalari va video-portallar, 200 dan ziyod kontent distribyutorlari, 100 dan ortiq prodyuserlar, 100 dan ziyod studiyalar hamda ishlab chiqarish xizmatlarini ko‘rsatuvchi kompaniyalardan iborat kontent xaridorlari o‘rin olgan.

O‘zbekiston milliy pavilonida 10 dan ortiq xususiy kontent ishlab chiqaruvchilar tomonidan 500 dan ortiq o‘zbek badiiy filmlari va seriallari xalqaro xaridorlar e’tiboriga taqdim etilmoqda.

Kontent markazi tomonidan tashkil etilgan mazkur pavilon doirasida o‘zbek milliy kontentini xalqaro bozorga olib chiqish, uni xorijiy telekanallar va raqamli platformalarda joylashtirish hamda eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

O‘zbekistonning Moskva shahrida o‘tkazilayotgan ushbu xalqaro media maydonda milliy pavilon bilan ilk bor ishtirok etishi mamlakatda milliy kontent sanoatini rivojlantirish, mahalliy ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash va o‘zbek madaniy mahsulotlarini jahon bozoriga olib chiqish yo‘lida muhim strategik qadam bo‘lib xizmat qiladi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.