Jamiyat
“Ulardan fanga nima foyda?” – O‘zFA prezidenti darrov ilmiy daraja olayotgan mansabdorlar haqida
“Hozir rahbar kadr bo‘ldimi, ikki yilda PhD bo‘lyapti. Yana ikki-uch yil o‘tmasdan fan doktori bo‘lyapti… Endi ulardan nima foyda fanga?” – deydi Shavkat Ayupov.
Shavkat Ayupov / Jadid.uz videosidan kadr
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti, O‘zbekiston Qahramoni Shavkat Ayupov Jadid.uz’ga bergan intervyusida yuqori lavozimga o‘tirgan mansabdorlar ko‘p o‘tmay ilmiy darajali bo‘lib qolishi va “qaroqchi” ilmiy jurnallardagi maqolalar soni jihatidan O‘zbekiston yuqori o‘rinlarda turishi haqida gapirib o‘tdi.
“Fanga e’tibor berila boshlagandan keyin, [ilm kishilariga] qancha imkoniyat yaratildi: mana, fan nomzodiga 30 foiz, fan doktoriga 60 foiz qo‘shimcha haq to‘lanadi, yana boshqa imtiyozlar bor… Bu bir tomondan yaxshi, olimlar qo‘llab-quvvatlanadi, ikkinchi tomondan, bu ishonchni, prezidentimiz bu berayotgan imkoniyatlarini suiiste’mol qilish avj olib ketdi.
Men o‘zim 1997–2003 yillarda, olti yil davomida Oliy attestatsiya komissiyasi raisi bo‘lganman. O‘shanda bir yilda hamma fanlar bo‘yicha umumiy taxminan 100-100 ta doktorlik himoyasi bo‘lardi, 500–600 ta fan nomzodligi uchun himoyalar bo‘lardi. Lekin keyin, shunaqa bo‘ldiki, o‘n barobar oshib ketdi. Ikki barobar ham emas, o‘n barobar.
Men o‘zim OAK Prezidiumi a’zosi sifatida ko‘rdim: ko‘p [ilmiy] ishlar juda yuzaki. Yuzaki bo‘lgani ham mayli, plagiat ko‘payib ketdi. Rossiyadan olib, tarjima qilib, himoya qilinganlarni ham ko‘rdim-da. Shuni men ko‘rsatdim, qoida bo‘yicha bunaqalarni diplomini bekor qilish kerakligini aytdim. Shuni qilishmadi-da.
Bu masaladan prezidentimiz xabarlari bor. Shu tizimni isloh qilmasa bo‘lmaydi. Hozir rahbar kadr bo‘ldimi, ikki yilda PhD bo‘lyapti. Yana ikki-uch yil o‘tmasdan fan doktori bo‘lyapti… U rahbar odam qachon ilm qiladi? O‘zining ishi [ko‘p bo‘lsa]… Men mana bunaqa mansabga o‘tirib, ko‘ryapman: umuman vaqt yo‘q, kitob o‘qishgayam, boshqagayam. Katta-katta rahbarlar fan nomzodi, fan doktori bo‘lib ketyapti. Endi ulardan nima foyda fanga?
Natijada O‘zbekiston fanining obro‘si tushib ketyapti. Internetlarda ko‘p chiqadi: “qalbaki” jurnallarda chiqqan eng ko‘p maqolalar O‘zbekistondan. Yoki eng ko‘p sifatsiz maqolalar O‘zbekistondan, deb chiqadi. Bu – bizning fanimiz uchun juda katta sharmandagarchilik-ku”, – dedi Shavkat Ayupov.
Olimning qo‘shimcha qilishicha, sifatsiz ilmiy ishlar yoki maqolalarning aksariyati oliy ta’lim tizimiga to‘g‘ri keladi.