Iqtisodiyot
Toshkent shahrining 12 ta tumani ma’lum bir sanoat yoki xizmat ko‘rsatish tarmog‘iga ixtisoslashtiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 aprel kuni Toshkent shahri iqtisodiyotida yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash, mavjud zaxiralarni to‘liq ishga solish hamda tadbirkorlik faoliyati uchun yanada qulay sharoitlar yaratish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Yig‘ilishda poytaxt milliy iqtisodiyotda alohida o‘rin tutishi qayd etildi. Bugungi kunda Toshkent shahri mamlakat yalpi ichki mahsulotining 21 foizini ta’minlamoqda. Joriy yil “Poytaxtda jadal rivojlanish va aholi daromadlari o‘sishi yili” deb e’lon qilinib, shahar iqtisodiyotini 12 foizga oshirish, 3,6 milliard dollarlik eksportni ta’minlash, 9 milliard dollar investitsiya jalb qilish va 616 ming aholi bandligini ta’minlash kabi katta marralar belgilangan.
Shu munosabat bilan shahar hokimligi, uning 12 nafar o‘rinbosari va 12 ta tuman hokimi proaktiv ish tashkil qilib, sanoat, eksport, investitsiya va turizm sohalaridagi ehtimoliy pasayishlarning oldini olishi zarurligi ta’kidlandi. Prezident buning uchun poytaxtda mehnat resurslari ham, moliyaviy imkoniyatlar ham yetarli ekanini ta’kidladi.
Yig‘ilishda joriy yil yangicha yondashuv asosida shaharning 12 ta tumani aniq bir sanoat yoki xizmat ko‘rsatish tarmog‘iga ixtisoslashtirilishi qayd etildi.
Jumladan, Bektemir tumani kimyo sanoati va ulgurji savdoga, Mirzo Ulug‘bek tumani kabel sanoati, ilm-fan, ta’lim va axborot texnologiyalariga, Mirobod tumani oziq-ovqat sanoati, turizm va umumiy ovqatlanishga, Uchtepa zargarlik, maishiy xizmat va chakana savdoga, Chilonzor farmatsevtika, savdo, xizmat ko‘rsatish va sportga, Shayxontohur mebelsozlik va gastroturizmga, Yunusobod qog‘oz sanoati va turizmga, Yashnobod elektrotexnika hamda transport-logistikaga, Yakkasaroy yengil sanoat va moliyaviy xizmatlarga, Yangihayot avtomobilsozlik va logistikaga, Olmazor qurilish materiallari sanoati va ta’limga, Sergeli esa metallurgiya, logistika va avtoservis sohalariga yo‘naltiriladi.
Toshkent shahrida nostandart takliflar ishlab chiqish maqsadida oxirgi ikki hafta davomida 23 mingdan ziyod tadbirkor bilan uchrashuvlar o‘tkazilgani, 1 ming 300 dan ortiq muammo aniqlangani, shuningdek, tadbirkorlar tomonidan 162 ta yangi taklif va tashabbus bildirilgani ma’lum qilindi. Bu taklif va muammolarning birortasi ham e’tibordan chetda qolmasligi kerakligi ta’kidlandi.
Shuningdek, poytaxtda maxsus investitsiya va ishbilarmonlik muhitini joriy qilish orqali yangi tajriba yaratilishi belgilandi. Jumladan, biznes uchun ruxsatnoma va litsenziyalar berish vakolatini tegishli vazirlik va idoralardan ularning hududiy bo‘linmalariga tushirish, eksportchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlashning yangi yondashuvlarini joriy etish, tadbirkorlarning logistika bilan bog‘liq muammolarini tezkor hal qilish tizimini yo‘lga qo‘yish, aylanma mablag‘ bilan ta’minlash va biznesni kengaytirish uchun qulay shartlarda yangi moliyalashtirish mexanizmlarini ishlab chiqish nazarda tutilgani qayd etildi.
Tadbirkorlar ko‘targan muammo va takliflarni tezkor hal qilish uchun alohida Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzish taklif qilindi. Uning zimmasiga tumanlarni drayver sohalar asosida rivojlantirish, iqtisodiy va ijtimoiy konyunkturani doimiy monitoring qilish, o‘sish nuqtalari va foydalanilmayotgan zaxiralarni aniqlash, tizimli to‘siqlarni bartaraf etish, g‘oya va tashabbuslarni shakllantirish, ularni moliyalashtirish va ijrosini nazorat qilish vazifalari yuklanadi.
Umuman, barcha imkoniyatlarni safarbar qilib, qo‘shimcha 88 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish, 4,9 milliard dollarlik eksportni ta’minlash va 5 milliard dollar investitsiya jalb qilish, budjetga 2,9 trillion so‘m tushum ta’minlash, 65,5 mingta yuqori daromadli va doimiy ish o‘rinlari tashkil etish bo‘yicha aniqlangan yangi zaxiralarni ishga solish vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, joriy yilda Toshkent shahriga qo‘shimcha 500 million dollar jalb qilish maqsadida poytaxt yevrobondlarini chiqarish taklif qilindi.
Poytaxt tadbirkorlarini Toshkent, Navoiy, Qashqadaryo, Andijon, Buxoro va Farg‘ona viloyatlaridagi yirik sanoat korxonalari bilan bog‘lab, mahalliylashtirish va kooperatsiyani kengaytirish bo‘yicha dastur tasdiqlash topshirildi.
Kelgusida yirik xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb etgan holda Toshkent shahri iqtisodiyotini chuqur tahlil qilish va rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Wabtec» kompaniyasi direktorlar kengashi raisi va bosh ijrochi direktori Rafael Santanani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda mamlakatda temir yo‘l infratuzilmasi va tranzit salohiyati rivojlanayotganini hisobga olib, lokomotivlar parkini yangilash va kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
AQSh moliya institutlari ishtirokida lokomotivlarni uzoq muddatli servis xizmati bilan birga yetkazib berish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekistonda texnik xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, butlovchi qismlar ishlab chiqarish va mutaxassislar tayyorlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Tog‘-kon korxonalari karer texnikasiga xizmat ko‘rsatuvchi servis markazini tashkil etish hamda dizel-generator qurilmalari bo‘yicha hamkorlik qilishga ham e’tibor qaratildi.
«Wabtec» lokomotivlar, temir yo‘l texnikasi, raqamli va servis yechimlarini ishlab chiqarish bo‘yicha jahondagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham loyihalarni amalga oshirmoqda.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston shokolad importining qariyb 70 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelmoqda
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonga 46 davlatdan qariyb 28,5 ming tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan.
Import qilingan mahsulotlarning umumiy qiymati 123,7 mln AQSh dollarini tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 ming tonnaga yoki 6 foizga ko‘p.
Import hajmi bo‘yicha Rossiya keskin ustunlik qilgan. Yilning dastlabki yetti oyida Rossiyadan O‘zbekistonga 19,5 ming tonna shokolad mahsulotlari yetkazib berilgan.
Rossiyadan kelgan shokolad mahsulotlari umumiy importning qariyb 70 foizini tashkil etgan. Keyingi o‘rinda Ukraina bo‘lib, undan 2,2 ming tonna mahsulot import qilingan.
Qozog‘istondan 914 tonna, Belarusdan 805,2 tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan. Litvadan import 746,2 tonnani tashkil etgan.
Turkmaniston 715,2 tonna, Turkiya esa 569,5 tonna ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinlarda qayd etilgan. Qolgan davlatlar hisobiga 3 ming tonna mahsulot to‘g‘ri kelgan.
-
Iqtisodiyot3 days ago
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
-
Jamiyat3 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot10 hours ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Jamiyat6 hours ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat5 hours ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
